Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Vatanga bo‘lgan buyuk muhabbati, ezgu fazilatlari biz uchun ibrat maktabi

Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va sarkardalik faoliyatini, harbiy jasorati, bebaho adabiy, ilmiy-nazariy merosini bugungi avlodga yetkazish o‘tmishdagi qadriyatlarimizni tiklash, undan bahramand bo‘lish, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kabi dolzarb masalalarda alohida o‘rin tutadi. Boburning jang sanʼatini o‘rganish orqali biz ajdodlarimiz o‘z zamonasining ilg‘or qurollari bilan taʼminlanganligini, harbiy taktikani rivojlantirish, qo‘shin tarkibini takomillashtirish borasidagi tajribasini o‘rganish, yoshlarda kuchli irodani tarbiyalash, maqsad sari intiluvchanlik tuyg‘usidan og‘ishmaslik, harbiylarimizda esa qo‘shin ichida adolatli muhit tashkil etib, o‘zaro hamjihatlikda bir maqsad sari birdamlikda intilish, epchillik, chidamlilik kabi fazilatlarni tarbiyalashga ko‘maklashadi.


Yoshlarimiz sarkarda Bobur timsolida vatanparvar, bunyodkor, ijodkor, ixtirochilikka homiylik qiluvchi, yangiliklar tashabbuskori bo‘lgan shijoatli shaxsni ko‘ra olishlari, ajdodlarning ijobiy sifatlarini, yurt mustaqilligi uchun masʼullik hissini o‘z maʼnaviy tarbiyasida aks ettirishlari lozim. Zahiriddin Muhammad Bobur isteʼdodli sarkarda va lashkarboshi, harbiy tashkilotchi sifatida o‘ta intizomli armiya tuzishga, jang taqdiri hal bo‘ladigan joylarga harbiy kuchlarni o‘z vaqtida ustalik bilan yo‘llashga, har qanday to‘siq va g‘ovlarni tadbirkorlik bilan bosib o‘tishga, armiyadagi jangovar ruhni kerakli darajada ushlab turishga muyassar bo‘lgan. Uning sarkardalik salohiyati, bir necha bor kam sonli lashkar bilan qo‘rquv bilmasdan ko‘p sonli g‘anim lashkariga qarshi jang olib borgan chog‘larida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Boburning qo‘shinlari tog‘li hududlarda ham muvaffaqiyat bilan jang harakatlari olib borish, mustahkam qalʼa va hisorlarda o‘rnashib olgan dushmanni mag‘lub etish qobiliyatiga ega bo‘lgan. Harbiy bilimining ravnaquning tarixda 332 yil hukmronlik qilgan buyuk saltanat barpo etishiga asos soldi. Boburning harbiy yurishlari, g‘alaba va mag‘lubiyatlari hamda sarkardalik isteʼdodi haqida dunyo tarixchilari tomonidan ko‘plab tadqiqotlar olib borilgan. Vatanimiz va xorijlik olimlar tomonidan bir qator fundamental asarlar yaratilganligi, uning sarkardalik mahorati va jang sanʼati jahon harbiy taʼlim muassasalarida fan sifatida o‘rganilmoqda. Shunga qaramasdan, buyuk isteʼdodning yangi-yangi qirralari olimlarni hamon hayratga solib kelmoqda.


Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, ajdodlarimiz hamisha o‘z jasorati, shijoati va Vatan himoyasi uchun fidoyiligi bilan ajralib turgan, ularning harbiy mahorati va matonati esa o‘nlab mamlakatlarni zabt etib, yirik saltanatlar barpo etgan. Shuningdek, tarixiy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, vatanimiz hududida davlatchilik rivojlanib, jadal taraqqiyot sodir bo‘lgan davrlarda harbiy sanʼat ham rivojlanib, yuksalgan. Bobur razvedka sanʼatidan mohirona foydalanganligi samarasi o‘laroq, bir qator harbiy yurishlarda muvaffaqiyatlarga erishilganligining guvohi bo‘lamiz. Masalan, 1507-1508 yillar Bobur siyosiy qarashlarining eng masʼuliyatli davri bo‘lgan. Qobulda o‘z siyosiy hukmronligini mustahkamlagan Bobur Hindistonga yuzlanadi. Bobur razvedka xizmati, uning ishonchli xabarini olmaguncha boshqa yerlarni o‘z tasarrufiga kiritishga shoshilmagan. Uning bu taktikasi, harbiy isteʼdodi keyinroq Hindiston muhorabalarida juda qo‘l kelgan. Bobur Qobuldan Hindiston tomon borar ekan, juda ko‘p afg‘on to‘dalariga duch keladi, ular bilan muhorabalar olib bordi. Bu jarayonda ham Bobur razvedka xizmatiga murojaat etadi. Bobur Ningnahor tumanidagi Odinapur qo‘rg‘oniga yaqinlashganida yegulik, ayniqsa, sholi tanqisligiga duch keladi. Kech kuz paytidaesa sholi dehqonlar tomonidan yig‘ishtirib olingan, dalalarda aytarli hosil qolmagan. Bu holatda razvedka xizmati ko‘zlangan natijani bergan: “Ningnahor jilg‘asidan otlanib, ildam kelib, Soygildin o‘tib, Puroyin darasig‘acha borildi, qalin sholi cherik eli oldilar”. Mana bu misol ham Boburning harbiy-strategik rejalari bilan bog‘liq. Voqea Afg‘oniston yerlarida sodir bo‘lgan. 1509-1510 yilning qishi ancha kech kelib, Boburga cherikning oziq-ovqati tashvishi orom bermayotgan payt. Bobur o‘zining lashkarlari bilan juda mashaqqatli dovon, adirlarni kezib oxiri Pankyaliy degan joyga tushadi. Mahalliy sharoitni bilish, ke yingina bir qarorga kelish uchun u razvedkani ishga soladi. Boburning bu joydagi boshqa razvedka maʼlumotini olishi u bilan kurash olib borayotgan afg‘on sarkardalarining umumiy holati haqida bo‘lib, uning endi, qaysi yo‘lni tanlashi uchun muhim edi. Aslini olganda, xuddi shu fursatlarda, afg‘on yerlarini uncha yaxshi tasavvur etmagan Bobur uchun bunday xabarlar zarur va razvedka xizmatining asosiy vazifalaridan bo‘lgan. Bu maʼlumotlar yuzaki qaraganda jo‘nroq ko‘rinsa-da, aslida Bobur va uning lashkarlarini o‘limdan saqlagan, oziq-ovqatli mavzelarga yetaklagan, kimga qarshi kurashishni oldindan belgilab bergan. Bobur o‘zi uchun umr mazmunining asosi bo‘lgan qaror — Hindiston yurishiga, ayni shu maʼlumotlarga ega bo‘lganidan keyingina jazm qilgan. Ushbu jihatlar Boburga bevosita urush maydonida, uning hal etuvchi pallasida razvedka nechog‘li qo‘l kelganini ko‘rsatadi. Bemalol aytish mumkinki, Hindistonni egallashdagi bu yakuniy urush muvaffaqiyati, imkon qadar Bobur lashkarlari uchun kam talafot bilan yakunlanganligi ana shu razvedka maʼlumotlarining natijasi bilan ham bog‘liq. Chunki biz “Boburnoma”ning biron sahifasida Boburning bunchalik ko‘p, ustma-ust xabarchilarini maʼlumot yig‘ish uchun yuborganini, razvedka maʼlumoti muhoraba yutug‘ining bosh omili ekanligiga bu qadar aniq baho berilganini ko‘rmadik.


Bir so‘z bilan aytganda, ajdodlarimizning harbiy salohiyati tarixini o‘rganish yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otib, ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega. Boburning birgina harbiy mahorati ko‘plab tadqiqotlarga yetarli asos bo‘la oladi. Bu masalalarni Boburning mohir adib, shoir, olim, ensiklopedik bilim sohibi hamda buyuk sarkarda sifatlari bilan hamohang o‘rganish, yanada katta samara beradi.


Shuhrat Hotamov.

Yangi O‘zbekiston gazetasi. 2021-yil. №19.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0