Amir Temur va uning avlodlaridan Shohrux Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Boysungur Mirzo, Abulqosim Bobur, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi hukmdorlar adabiyot, sanʼat ahliga chuqur hurmat- -ehtirom bilan qaraganlar, ular ijodining yuksalishiga homiylik qilganlar. Bu bilan o‘z davrida adabiyot, sanʼat va madaniyatning rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar. Husayn Boyqaro ham ana shunday sifatlarga ega bo‘lgan hukmdorlardan biri edi. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining mashhur «Boburnoma» asarida Husayn Boyqaro zamonasi haqida shunday yozgan edi: «Sulton Husayn Mirzoning zamoni ajab zamone erdi, ahli fazl va benazir eldin Xuroson, bataxsis Hiriy shahri mamau edi. Har kishiningkim, bir ishga mashg‘ulligi bor edi, himmati va garazi ul erdikim, ul ishni kamolga tegurgay». Darhaqiqat, XV asrning 1 yarmida Hirot o‘z davrining yirik adabiy va madaniy markaziga aylandi. Bunda Alisher Navoiy va bevosita uning taʼsiri ostida Husayn Boyqaroning saʼy-harakatlari va faoliyatining ahamiyati nihoyatda ulkan bo‘ldi. Xusayn Boyqaro risolasida o‘z zamonasida adabiyot va madaniyatning taraqqiy etishiga keng imkoniyat yaratilganligini taʼkidlar ekan, mingga yakin shoirlarning «maoniy durlarin nazm silkiga tortmoq» bilan mashg‘ul ekanliklarini alohida eʼtirof etadi: «... shoyad mingga yaqin kishikim, alarning ishi maoniy durlariya nazm silkiga tortmoq bo‘lgay va diqqat gavharlariga vazi libosi zebu ziynatin bermak bo‘lg‘aykim, hech davrda bulardek elning mingidin o‘ni va hechda yuzidin biri yo‘q erkandurur». Xurosondagi mingga yaqin shoirlarning (garchi ularning darajasi turlicha bo‘lsa-da) badiiy ijod bilan mashgul bo‘lishi Husayn Boyqaro davrida adabiy hayotning naqadar taraqqiy etganligini ko‘rsatadi.
Maʼlumki, XV asrning ІІ yarmida Hirotda ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayot yuksak darajada rivoj topdi. Mamlakatda nisbatan tinch va osoyishta hayotning hukm surishi va buning zaminida madaniy hayotning yuksalishi Xuroson poytaxti Hirotda juda ko‘plab badiiy ijod sohiblarining to‘planishiga sabab bo‘ldi. Bu davrda Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Amir Shayxim Suhayliy, Mavlono Sayfiy, Osafiy, Binoiy, Hiloliy kabi o‘nlab mashhur shoirlar Hirotdagi adabiy hayotning gullab-yashnashiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Qisqasi, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy boshchilik qilgan Hirot adabiy muhiti ko‘plab qalam ahllarini tarbiyalab yetishtirdi. Bu o‘rinda Alisher Navoiyning Xuroson va Movarounnahrdagi adabiy hayot vakillarining ijodi haqida maʼlumot beruvchi «Majolis un- nafois» asarini eslash joizdir. Alisher Navoiy «Badoyeʼ ul-bidoya» devoni debochasida ham o‘sha davr adabiy hayoti va uning ayrim vakillari ijodiga xos xususiyatlar borasidagi mulohazalarini bayon etadi, ularning adabiy hayot rivojidagi o‘rnini belgilashga intiladi.
Har bir shoir ijodi maʼlum bir nuqtaga yetgach, sheʼrlarini to‘plab, devon tartib berishi tabiiydir. Devon tuzishni taklif qilganlarga kamtarona javob berib yurgan Navoiy ham 70-yillarning oxirlarida bu ishni amalga oshirishga kirishadi. Shu munosabat bilan shoir debochada sohibdevon ustozlari sifatida Amir Xusrav Dehlaviy, Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Sakkokiy, Lutfiylarni tilga oladi. Shuningdek, shoir Suhayliyning forsiy va turkiy sheʼrlari ham «devon takmiliga moyil» ekanligini taʼkidlaydi. Bundan tashqari, «g‘azal uslubiga mashg‘ul va aytilg‘on g‘azallaridan ko‘pragi matbuʼ va maqbul» bo‘lganlar ham anchagina. Shuning uchun ham Navoiy debochada shunday yozadi: «Maʼno daryosida muncha g‘avvos arosida bir biyobong‘a xo‘y qilg‘an devonakim, shino fanidin dog‘i begona bo‘lg‘ay, o‘zin ne navʼ bu daryoga solg‘ay va solsa ham, ne v gavhar topa olg‘ay?
Bu qofila ahliga Haram shavqi tamom,
Jammozalari po‘ya bila abrxirom.
Men xastaki, yerdin ola olmon bir gom,
Hamrahliq alar birla xayoledur xom.
Yuqorida tilga olingan Navoiy salaflari Abdurahmon Jomiy va Suhayliylar XV asrning ІІ muhitining yirik vakillari edilar. Maʼlumki, Alisher Navoiy bilan Abdurahmon Jomiy o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, ustoz va shogirdlik munosabatlari 1470 yillardan to 1492 yilgacha – shoir vafotigacha davom etgan. Navoiy fors sheʼriyatidagi buyuk salaflaridan biri sifatida Jomiy va uning ijodiga katta hurmat bilan qaraydi. Shoir birinchi marta «Badoyeʼ ul-bidoya» debochasida Jomiyga yuksak taʼrif beradi va ijodining eng xarakterli tomonlarini qayd etadi: «Va so‘nggi firqadin quds shabistonining shamʼi anvari va uns gulistonining andalibi suxanvari, balog‘at shakkaristonining to‘tiyi shirinkalomi janobi maxdumiy Mavlono Abdurahmon Jomiy maddallohu taolo ziloli irshodihi alo maforikit-tolibin devonlari orada bo‘lg‘ay». Bu o‘rinda shoir Jomiyni poklik kechasining eng nurli shami, chin do‘stlik gulistonining so‘zamol bulbuli, yetuklik shakkaristonining (shirin suhbatlarining) shirinso‘z to‘tisi, deb taʼriflaydi va ustozi ijodidagi o‘ziga yoqqan jihatlarni, yaʼni ruhiy poklik va maʼnaviy yetuklikni eʼtirof etadi. Alisher Navoiy 1470 yillarda o‘z ustoziga bergan bu bahosini 1490 yillarga qadar «Xamsa» dostonlarida, «Majolis un-nafois». asarida, gazal va qitʼalarida takrorlab, ularni rivojlantirib boradi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki Navoiyning Navoiy bo‘lib yetishuvida aziz ustoz, mexribon do‘st, samimiy maslahatgo‘y Jomiyning roli ulkan edi. Shoir vafotidan so‘ng esa ustozga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromning yorqin namunasi sifatida "Xamsat ul-mutahayyirin" asari dunyoga keldi. Shuningdek, debochada «yori azia» Suhayliy va uning ijodiga bo‘lgan munosabati ham o‘z aksini topgan. Navoiyning eng yaqin va gamxo‘r do‘sti bo‘lgan Suhayliy o‘z davrining fors-tojik va turkiy tilda ijod qiluvchi yetuk shoirlaridan biri edi. Navoiy «Layli va Majnun» dostoni va «Majolis un-nafois» asarida xabar berishicha, Suhayliy Nizomiy uslubida «Layli va Majnun» dostonini yaratgan va shoir unga keksak baho beradi. Suhayliy avval Abusaid Mirzo saroyida mulozimlik qilgan, so‘ng Navoiy bilan Sulton Husayn saroyida xizmat kilgan. Ko‘p o‘rinlarda, jumladan, "Badoyeʼ ul-bidoya" debochasida Navoiy uni "yori aziz" deb ataydiki, bu uning Suhayliy bilan juda yaqin do‘stona munosabatda bo‘lganligini ko‘rsatadi. Nizomiy "Xamsa siga javob yozishga qo‘l urgan shoir Suhayliy bilan Navoiy o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ijodiy hamkorlik darajasiga ko‘tarilganligi shubhasizdir. Adabiyotshunos olim B.Valixo‘jayev Alisher Navoiy va Shayxim Suhayliy o‘rtasidagi munosabatlarni tahlil qilar ekan, muallif Navoiyning "Xamsa", "Munshaot", "Majolis un-nafois", "Xamsat ul-mutahayyirin", "Soqiynoma" asarlari, Suhayliyning sheʼriyati va "Layli va Majnun" dostoni, shuningdek, boshqa tarixiy manbalarga tayangan holda to‘gri xulosaga keladi: "... Alisher Navoiy va Suhayliy o‘rtasida faqat do‘stona va eng yaqin kishiga bo‘lgan shaxsiy munosabatlargina bo‘lmagan, balki ijodiy hamkorlik doirasida ham muzaffaqiyat bilan davom etgan"". "Badoyeʼ ul-bidoya" debochasida Navoiy "yori azizini o‘z salaflari qatorida tilga oladiki, bu uning Suhayliyga bo‘lgan cheksiz hurmatini ifoda etadi. Shoir "ajib maʼnolarni qo‘lga kiritish uchun nodirlik iqlimlarida tabʼ sayyohini gurbatga solgan" "forsiydisor va turkiyshior yigitlar sarxayli" Suhayliyning fors va o‘zbek tillarida yozgan sheʼrlari haqida obrazli fikr yuritib, ularning teran mazmuni va go‘zal badiiyatiga yuksak baho beradi: "Va garibroq bukim, g‘aroyib maoniy iqtibosi uchun garobat iqlimlarida tabʼ sayyohini gurbatg‘a solg‘on forsiydisor va turkiyshior yigitlar sarxayli yori aziz Suhayliy doma tavfiqahukim, forsiy ashʼor bahorida fayz sahobidin yoqqan maoniy yomgurining har qatrasi rishtasiga sho‘xtabʼ abkori barmog‘lari uchi bila yuz girih gugar va turkiy abyot maydonida azimat bodpoyin po‘yaga solsa, yuz yilgi o‘lgan daqoyiq parivashlarining silsilayn zulfidin chobukauq zaman shahsuvori sinoni no‘gi bila yuz zirih ko‘tarur. Holiyo ikkalasi alfoz nazmig‘a qoyil, balki devon takmiliga moyil bo‘lgay. Yuqoridagi parchaning so‘nggi jumlasida Navoiy Suhayliyning forsiy va turkiy sheʼrlaridan har ikki tilda devon tuzish mumkinligini taʼkidlaydi. Davlatshoh Samarqandiy "Tazkirat ush-shuaro” asarida 1485 yildayoq Suhayliyning forscha va o‘zbekcha devonlari mavjudligi haqida xabar beradi", lekin Navoiy nimagadir 1491-1492 yillarda yaratgan "Majolis un-nafois"da uning sohibdevon ekanligini tilga olmaydi, hatto "turkcha sheʼrga mashgulluq oz qilur erdi...", deydi. Umuman, debochada Navoiy o‘z "yeri aziz"ini forsiy va turkiy salaflari qatorida hurmat bilan tilga olib, uning sheʼriyati haqida kengroq to‘xtaladiki, buning o‘ziyoq Suhayliyning Hirot adabiy hayotida o‘z o‘rniga ega ekanligini tasdiqlaydi. Umuman, Hirotdagi adabiy hayot shoh va shoir Husayn Boyqaro davrida nihoyatda gullab-yashnagan edi. Xuddi shu muhit Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi buyuk ijodkorlarni, Husayniy, Suhayliy kabi isteʼdodli shoirlarni tarbiyalab yetishtiradi. Navoiyning debochalarida ham shu gurkiragan adabiy hayotning qaynoq nafasi sezilib turadi.
Farida KARIMOVA
O‘zbek tili va adabiyoti jurnali.
Fikr qoldirish#