Qachonki,Andijon nomini tilga olar ekanmiz, beixtiyor “Bobur” so‘zi ham yodga keladi. Zero ulug’ bobomizning o‘zi bu haqda:
"Ne yerda bo‘lsang,ey gul,andadur chun joni Boburning,
G’aribingga tarhhum aylagilkim,Andijoniydur”,- degan haroratli baytni bejiz bitmagan.
Zahiriddin Muhammad Bobur tariximizning eng murakkab, eng dramatic siymolaridan biridir. U nisbatan qisqa umr ko‘rdi-bor-yo‘g’i qirq yeti yil hayot kechirdi.Lekin shu qisqa umrimobaynida u jahon tarixidan munosib o‘rin olishga ulgurdi.
Hali murg’ak go‘dak ekan, ota-bobolari uni suyub-erkalab,yaxshi niyatlar bilan”Bobur-yo‘lbars”deya atadilar. Va ezgu duoi hayrning nafasi ketib, temuriylar saltanatining navqiron hukmdori ismi jismiga monand yo‘sinda voyaga yetdi va umrining so‘nggiga qadar yo‘lbars shiddati,yo‘lbars shijoati unit ark etmadi. U fazilat bobida kamligi yo‘q inson bo‘lib kamol topdi. Uo‘zining olos iste’dodini sinab ko‘rmagan insoniy faoliyat sohasi juda kam topiladi. Aslida, uning umr yo‘li boshdan-oyoq taqdir imtihonlaridan iborat edi,desak yanglish bo‘lmas.
Hayotlik chog’ida charxning jabru jafosini hadsiz darajada tortgan bu zoti buzurg vaofotidan keyin ham uzoq yillar taqdirning mashaqqatli sinovlariga duch kelaverdi. Bu zot favqulodda nodir salohiyatli, beqiyos insoniy zakovati bilan haqli ravishda jahon ahlining hayrat va ehtiromiga musharraf bo‘ldi.Ayni fazilatlari bilan u millatimizni, xalqimizni butun olamga tanitdi. Va shu tariqa u millatimizning, xalqimizning iftixoriga aylandi.
Shu bois ham o‘lkamizni qaramlik changaliga solgan mustamlakachilar,eng avvalo, bizni ana shunday ma’naviy tayanchlarimizdan judo qilishga urindilar. Shuning uchun ham sho‘ro shoxlari mudom Bobur Mirzoga qarshi urush olib bordilar.Ularning makkor siyosati tufayli ma’rifatli dunyoda e’zoz topga shox – shoirning tabaruk nomi uning ona vatanida turli xil tazyiqlarga, ta’qib va tahqirlarga duchor etildi. Bu qismat sotsialistik mafkura iskanjasida turib Bobur xuxusida haq gapni aytishga intilgan boburshunis olim va adiblarni ham chetlab o‘tmadi.
1983- yili YUNESKO qaroriga binoan jahon sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ulug’ alloma va shoir Boburning 500 yillik yubileyi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. 1984-yili bo‘lib o‘tgan O‘zbekiton Kommunistik plenumida esa buyuk Bobur Mirzo sha’niga bo‘xton chaplanib,badnom qilindi... Ammo mustabid tuzum hukumdorlari bir narsada yanglishdilar: xalqning yuragidan joy olgan tushuncha va siymolarni zo‘rlik bilan yulib tashlab bo‘lmas ekan,Binobarin, mustamlaka sardorlari Bobur Mirzoni el-ulus yodidan o‘chirmoq uchun qanchalik tirishsalar , u xalq qalbiga shuchalar chuqurroq o‘rnashaveradi. Tarixning hukmiga taraf yo‘q : istiqlol sharofati bilan Bobur Mirzo ona diyoriga butunlay qaytib keldi, chin ma’noda o‘z sha’n shavkati, qudratiga monand izzat -ikrom va ardoq topdi.
1993-yili mamlakatimizda bu benazir zotning 510 yillik tavallud to‘yi zo‘r tantana bilan nishinlandi. O‘zbekiston hukumatining maxsus qarori bilan o‘tkazilgan bu ulkan bayram yurtimizda Bobur shaxsiga nisbatan tarixiy adolatning qaror topganiga yaqqol dalil bo‘ldi.
Muhtaram shoirimiz Abdulla Orif lutf etganiday, Amir Temur,Mirzo Bobur singari zoti shariflarning qadr- qimmatiga yetish, ularning izzat-ikromini joyiga qo‘yish- ayni shu shaxslar kabi azmu qarorli, yuksak ma’rifat va shijoat egasi bo‘lgan davlat arbobinigina qo‘lidan kelar edi. Bugun bu haqiqatga jumlai jahon shohid bo‘lib turibdi. Bugun sargashta jahogirning ota yurti – qadim Andijion ulug’ farzandi Zahiriddin Muhammad Boburning muborak nomi bilan yanada sharaflanib, yanada yasharib bormoqda Agar shu kunlarda yo‘lingiz tushib Andijon tomonlarga borib qolsangiz,mezbonlar sizni albatta shaharning shundoq biqinidagi Bog’ishamol mavzeiga – Bobur nomi bilan ataluvchi so‘lim boqqa iftixor bilan boshlab boradilar. Sahni uch yuz gektardan ziyod maydonni egallagan bu madaniayt va istirohat bog’i ,avvalo, Bobur Mirzoning o‘lmas dahosiga g’oyat munosib va mutanosibligi bilan e’tiborga molikdur.
Ma’lumki ,Bobur nafaqat shoh va shoir, ayni vaqtda buyuk bog’bon ham edi.Temuriylar saltanatining shonli namoyondasi sifatida Bobur Mirzoning o‘z sulolasi ning ibratli ishlarini har sohada izchillik bilan davom ettirdi. Uning qalamravida bo‘lgan hududlarda shuhrati yetti iqlimni tutgan go‘zal va muazzam bog’u rog’lar ko‘plab bunyod qilingan. Va bu an’ana boburiylar sulolasi vakillari tomonidan muntazam rav sihda rivoj va ravnaq topa brogan.Andijondan Agraga qadar , Balxdan Bangolaga qadar erinmay kezib chiqsangiz , har qadamda shavkatli boburiy ajdodlarimiz tomonidan barpo etilgan ulug’vor obidalar , betakror bog’u bo‘stonlarni ko‘rib, cheksiz havas va hayrat og’ushida qolasiz.Ularning yuksak tafakkuriga , nozik did va nafosatlariga tasannolar aytasiz. Chindan ham yaxshidan bog’ qolishiga ishonch hosil qilasiz. Eng muhimi, ana shunday ezgu ishlar bugun ham bog’parast xalqimiz tomonidan davom ettirilmoqda .Fayzu baraka bilan to‘lib , salobatli bir shukuh bilan shovullab yotgan Bobur bog’idan bir zum bo‘lsin ziyoratchilarning qadami uzilmaydi . Bog’ bundan iki yil muqaddam - shoir tavalludining 510 yilligi tantanalari kunida ochilgan edi.uni bino etishda butun O‘zbekiston ahli ishtirok etdi. Yurtimizning qo‘li gul ustalari , moniysifat rassomu haykaltaroshlari, sohibkor bog’bonlari , mohir me’morlari sidqidildan, savob istab mehnat qildilar. Bugun bu yerdagi har bir daraxt , har bir imorat boburiylar tarixi va madaniyatidan unsiz hikoyatlar so‘ylab turadi.Ark darvozasidan kiraverishda joylashgan , nozik me’moriy uslubi bilan ko;zni quvontirguvchi mo‘jazgina koshonalardan birning nomi “Humoyun” bo‘lsa, ikkinchisiga “Ko‘hinur” deb nom berilg Muhtasham bog’ning to‘rida esa Bobur Mirzoning ulug’vor va o‘ychan haykali qad rostlagan. Bu yuksak adir bag’ridan butun Andijon kaftdagidek ko‘rinib turadi.Go‘yoki, armonli shoir ona yurtiga sog’inch va mehr ila boqib turgandek.. Marmar pillapoyalardan yanada yuqoriroq ko‘tarilsangiz , hazrati Sulaymon tog’idan ufurib turgan hayotbaxsh shabada vujudingizga quvvat va orom bag’ishlaydi.Bog’ markazidagi bu ulug’vor inshootlarda “Bobur va jahon madaniyati” deb atalgan muzey joylashgan. Muzeyda hali jihozlar nisbatan ozroq bo‘lsa-da ,ular o‘zining nodirligi bilan diqaqatga sazovor. Andijonda uch yildan buyon Bobur nomidagi Xalqaro jamg’arma va uning ilmiy ekspeditsiyasi izchil faoliyat ko‘rsatib kelmoqda .Jamg’arma raisi, tabiatshunos olim Zokirjon Mashrabov boshchiligida ekspeditsiya a’zolari dunyoning juda ko‘p mamlakatlaridan boburiylar sulolasining tarixiy merosini izlab toppish , uni har tomonlama o‘rganish bilan shug’ullanmoqda Muzeyda o‘rin olgan aksariyat eksponatlat ekspeditsiyaning say- harakati bilan Pokiston, Hindiston, Afg’niston, Buyuk Britaniya, Eron,Turkiya singari mamlakatlardan keltirilgan noyob kitoblar, albom va rasmlar , qadimiy qo‘lyozmalarning nusxalaridan iborat bo‘lib ,katta ilmiy qimmatga egadir.Muzey devorlariga ishlangan sathiy suvratlar Bobur Mirzoning suronlarda kechgan hayoti haqida hikoya qiladi. Muzeyning yuqori tominida esa ulug’ yurtdoshimizning ramziy qabr-maqbarasi tiklangan.Qabr-maqbara Boburning Kobuldagi mangu oromgohidan andoza olib barpo qilingan.Kobuldagi o‘sha muborak marqad poyidan keltirlmish bir kaft tuproq ramziy qabrga qo‘yilgan. Bu yerda Ollohning zahmatkash bandasi Zahirddin Muhammad haqqiga Qur’on tilovati yangrab turadi. Bobur bog’i faqa tgina ziyoratgoh bo‘lib qolmasdan, fayziyob istirohatgoh hamdir.Sabzavor bahor faslida ,qaynoq yozu salqin kuz kunlarida bu joylarda minglab Andijonliklar va ularning mehmonlari hordiq chiqaradilar. Ayniqsa,shirin – shakar bolajonlar “Bobur boboning bog’i”ni sevib qoldilar.Bundagi turli ot o‘yinlar, charxpalagu tomoshabog’lar, rohatijon muzqaymoqlar, osma simdordagi vagonchalarda sayr qilishlar ularni ohangrabodek o‘ziga tortadi.
Dunyoning to‘rt tomonidan bu manzilga Bobur Mirzo ixlosmandlari kelib turadilar.”Boburnoma”da ta’rif etilgan bog’lar kabi jannatiy makonga aylanib borayotgan bu sokin go‘shada, navqiron daraxtlar soyasida o‘ltirib, ular hayot va abadiyat haqida teran mushohadalarga g’arq bo‘ladilar. Bog’ mutasaddilari aiza mehminlar uchun “Xotira kitobini” tartib berganlar,Yurtimiz va xorijiy ellardan hazrati Bobur ziyoratiga kelib ketgan atoqli davlat va jamoat arboblari ,ilmu fan, madaniyat va hunar ahllarining izhozri dil so‘zlari , taassurotlari daftardan joy olgan. 1994-yil kuzida davlatimiz boshlig’i Bobur Mirzo ziyoratiga keldi va xotira daftarining ilk sahifasiga quyidagi so‘zlarni yozib qoldirdi: “Bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan har qancha faxrlansak arzidi. O‘zbek xalqining dovrug’ini dunyoga taratgan ulug’ ajdodlarimizdan biri o‘laroq, ul zot bizni tariximizni qadrlashga , kelajakka buyuk ishonch bilan qarashga o‘rgatadi. Bobur Mirzo nomi bilan atalmish Milliy bog’ning,shoir ramziy maqbarasi hamda “Bobur va jahon madaniyati” muzeyning barpo etilishi – xalqimiz tarixida yangi, ozodlik zamoniga qadam qo‘yilganidan yaxshi bir mujdadir. Zahiriddin Muhammad Bobur kabi mumtoz insonlarni dunyoga bergan xalq hech qachon xor bo‘lmaydi, muqarrar tarzda saodatga erishadi. Qadimiy Andijon ahlining bu kabi savobli ishlari ko‘paysin va boshqa vatandoshlarimizga ibrat bo‘lsin. Bobur Mirzo bobomizning suymosini abadiylashtirishga qo‘l urgan insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1994-yil 4-oktyabr
Mavridi kelib qoldi, shu o‘rinda O‘zbekiston rahbarining Bobur Mirzo uning avlod-ajdodlariga munosabati haqida ikki og’iz so‘zlab o‘tsak. Ma’lumki Prezident Boburning 510 yillik yubileyini yurtimizda katta tantana sifatida nishinlash g’oyasini tashabbuskori va tashkilotchisi bo‘ldi. Yubiley arfasida Hindistonning Haydarobod shahrida istiqomat qilayotgan boburiylarning bugungi vakillari – muhtarama Laylo Ummaxoni va uning o‘g’li Ziyoviddin Tusiy Prezident nomiga maktub yo‘llagan edilar.Prezident Boburiylar xonadoniga yuksak ehtirom bildirib , maxsus vakil bilam Hindistonga javob xati yubordi.O‘z maktubida yurtboshimiz ulug’ vatandoshimizni shunday deb ta’rifladi: “Biz Bobur Mirzoni ulkan davlat arbobi sifatidagina emas , qomusiy alloma , mumtoz shoir sifatida ham cheksiz qadrlaymiz.Bobur o‘zbek xalqining buyuk farzandi, milli g’ururidir”. Bu izzat , bu hurmatdan boburiyzodalarning boshlari osmonga yetdi, Oradan ko‘p o‘tmay ,Islom Karimovning taklifiga ko‘ra . boburiyzoda aka-uakalar-Ziyoviddin va Masihiddin Tusiy yurtimizga tashrif buyurib, Prezidentning mehmoni sifatida ulug’ bobkalonlarining tavallud to‘yida ishtirok etadilar. Bu oddiy ; kamtar va kasuqum insonlar bilan – Bobur Mirzoning bugungi ziyoratlari bilan Prezidentimizning mazmunli yozma muloqotlari to hanuz davom etib keladi. Shu o‘rinda yana bir faktni eslab o‘tmoqlik o‘rinlidir. Xalqimizning , yurtimizning duogo‘yi bo‘lmish muhtarama onaxon Laylo Ummaxoni shu yil boshida og’ir bir dardga yo‘liqib betob bo‘lib qoldi.Islom Karimovning nomiga Haydaroboddan kelgan navbatdagi maktublarning birida Laylo Ummaxoning farzandlari so‘z orasida bu to‘g’rida ham tashvishlanib yozgan edilar. Prezidentimiz maktub bilan tanishgach onaxonga muruvvat yordami ko‘rsatish haqida tegishli ko‘rsatma berdilar. Tezda katta miqdordagi mablag’ boburiyzodalar xonadoniga jo‘natildi.Iqtisodiy jihatdan hiyla mushkul vaziyatni boshidan kechirayotagn bu oilaning cheksiz quvonchi va minnatdorchiligini ta’riflab ado qilmoq mushkul…
“Muruvvat va mardlikni Haq ham ,xalq ham hush ko‘radi”, deb marhamat qilgan ekanlar risolatpanoh payg’ambarimiz. Sokin kuz oqshomlarining birida Bobur bog’iga bordik.Muazzam bog’ horg’in botib borayotgan quyoshning qirmizi nurlarida ajib bir tarovat kasb etga edi.Xazonli yo‘lkalarni ohista kezib, Zahiriddin Muhammad bobomizni yod etdik. Bu zoti sharisning yaxshi sifatlarini aytib ado qilolmasak edik. Shu asno o‘z xotirasaga nisbatan ko‘rsatilayotgan bu muruvvat va mardlikdan shod bo‘lgan hazrati Boburning pok ruhi boshimiz uzra , butun vodiy , butun O‘zbekiston uzra kezib yurgandek tuyular edi. Qadim Andijon elining bugungi shahdu shiddatida bu qudratli ruh g’oyibona ilohiy madad berib, cheksiz kuch-quvvat bag’ishlab turgani shubhasizdir. Atrof -javonibda esa yurtimizning bo‘lg’usi temurlari,alisherlari,boburlari ulug’ bobolariga yodgor bo‘lmish istiqlol bog’ini shodumon ohanglarda to‘ldirib , zavqu shavq bilan o‘ynab-kulib yurar edilar.
Xayriddin Sultonov. “Xalq soʻzi” gazetasi 1993-yil.
Fikr qoldirish#