Kamoliddin Behzod o‘zining bir qator yangiliklari bilan rassomlik sanʼati, jumladan, miniatyura yaratish uslublariga muhim o‘zgarishlar kiritdi. U o‘z davrining madaniyat va sanʼat markazi bo‘lgan Hirot shahrida dunyoga keldi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, temuriylar sulolasi hukmdori Sulton Husayn Boyqaroning rassomi va kutubxonachisi, Mirak Husayniy nomi bilan mashhur bo‘lgan Amir Ruhulloh uning tarbiyasini o‘z zimmasiga oldi. Bunday muhit Kamoliddinda sanʼatga nisbatan qiziqish uyg‘otdi. U dastlab mashq qilishni o‘rgandi, so‘ngra tazhib — qo‘lyozma kitoblarga oltin suvi yugurtirish sanʼatini o‘rganishga kirishdi, ustozi Mirak Hisoriy huzurida esa rassomlik taʼlimini oldi. Aytishlaricha, u Xitoy rassomlik maktabi bilan yaxshi tanish bo‘lgan Pir Sayyid Ahmad Tabriziydan ham dars olgan. Behzodning isteʼdodi Sulton Husayn Boyqaro hamda uning madaniyatparvar vaziri Amir Alisher Navoiyning nazariga tushib, u Sulton Husayn Boyqaro kutubxonasining rahbarligiga tayinlanadi. Behzod keyinchalik Shoh Ismoil Safaviyning Tabrizdagi saroyiga borib, uning kutubxonasi rahbarligini o‘z zimmasiga oladi. Umrining oxiriga qadar Tabrizda qolib, musavvirlik faoliyati hamda taʼlimiga mashg‘ul bo‘ladi va mana shu yerning o‘zida vafot etadi. Behzod o‘tmish ajdodlar merosidan foydalangan hamda o‘zigacha o‘tgan sanʼatkorlarning asarlari va yutuqlaridan xabardor bo‘lgan holda, shuningdek, o‘z davrining intellektual muhiti, o‘zining Amir Alisher Navoiy madaniyijodiy uyushmasiga qarashliligi va ushbu shaxs bilan bo‘lgan munosabatlari natijasi o‘laroq hosil bo‘lgan idealistik va gumanistik dunyoqarashi tufayli madaniy merosni o‘z davrining muammolari va talablari, o‘ziga xos yuksak g‘oyaviy asoslar hamda individual ijodga oid yangi usullar bilan bog‘lash uchun yangi yo‘llarni topishni maqsad qilgan edi.
Uning miniatyura sohasiga kiritgan yangiliklari irfon, haqiqat, adabiyot, tabiat va reallik bilan bog‘liq ravishda shakllandi. Bular yangi usullar bo‘lib, Kamoliddin Behzod ularni ikki yo‘nalishda — ishlov berish va texnikada, mavzular va mazmunlarda qo‘llashga muvaffaq bo‘ldi.
Texnika va ijro usullari sohasida Behzod asarlarining asosiy qismi uning zamondoshlari bo‘lmish tarixchilar asarlari, masalan, Amir Temur hukmronligi davrida yuz bergan tarixiy voqealar, u tomonidan olib borilgan urushlar va amalga oshirilgan qurilishlar to‘g‘risida hikoya qiluvchi “Zafarnoma” asarida keltirilgan maʼlumotlar asosida tarixiy voqealarni qayta tasvirlashga bag‘ishlangan. Rassom asarlarining yana bir qismida real shaxslar va voqealar, boshqa bir qismida esa kitoblar bilan bog‘liq bo‘lgan yoki adabiy matndan alohida bo‘lgan holatlar tasvirlangan. Behzod bu borada o‘zigacha mavjud bo‘lgan miniatyurachilik anʼanasiga muvofiq, real olamni tasvirlash hamda tasvirlimaʼlumotlar berish maqsadida tabiiy xususiyatlarni ishga soladi. Biroq tasvirlangan shaxslardan har birini jonlantirib, o‘ziga xos tasvir obyektlariga aylantirganidan so‘ng ularni harakatga keltiradi. U o‘zining intellektual xususiyatlari hamda insonga va insonning ijtimoiy faoliyatiga bo‘lgan o‘zgacha qarashidan kelib chiqqan holda asarlarida hissiyot, aql va tafakkurni mutanosib va mohirona bir tarzda qo‘llaydi-da, insonning poetik realligini tasvirlab beradi.
Inson portreti butun Eron rassomlik sanʼatida, jumladan, Kamoliddin Behzod ijodidagi eng muhim unsurlardan hisoblanadi. Uning tarhlash, chizish va mutanosiblashtirish usuli Eron estetikasi asoslaridan ildiz olgan bo‘lib, undagi realizmdan dalolat beradi. Tadqiqotchilarning izlanishlari shuni ko‘rsatadiki, Behzod ijodidagi portret janrida yaratilgan asarlarni ularda hokim bo‘lgan xilma-xillikniinobatga olgan holda quyidagi uch guruhga bo‘lish mumkin. Birinchisi, lirik portretlar, ikkinsi darveshona va so‘fiyona portretlar, oddiy xalq ommasi vakillari portreti.
Behzod ijodidagi lirik portretlarning asosiy mazmuni fors adabiyoti va dostonlaridan olingan. Hatto ushbu portretlarning estetik unsurlaridan bir qismi insonning fors adabiyotidagi estetik tavsifiga muvofiq keladi. Darveshona va so‘fiyona portretlar ham so‘fiyona qarashlardan olingan bo‘lib, muayyan darajada Hirot shahrida so‘fiylik doiralarining ravnaqi bilan bog‘liqdir. Gapning indallosi shuki, Kamoliddin Behzodni o‘z davrining novator, tashabbuskor va rostgo‘y dahosi deb hisoblash mumkin. U o‘z davridagi jarayonlarga mutanosib ravishda hamda turli xalqlar sanʼatlari xususiyatlaridan foydalangan holda miniatyura sanʼatida yangi bir uslub yaratdi yoxud adabiyot, irfon, antropologiya va jamiyatshunoslik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan miniatyura sanʼati tomon yangi va muhim bir eshik ochdi.
Kamoliddin Behzod Eron, O‘zbekiston va Afg‘onistonning do‘st va birodar xalqlarini bir-biriga bog‘lab turadigan hamda ushbu uch mamlakat sanʼatkorlari va xalq ommasi tomonidan ulug‘lanadigan ulug‘ shaxslar jumlasiga kiradi. Shundan kelib chiqqan holda ushbu atoqli shaxsning tavallud to‘yi kelgusi yilda mazkur uch mamlakatning madaniyat va sanʼat ahli tomonidan birgalikda o‘tkazilsa, ayni muddao bo‘lar edi.
Hamid Nayyirobodiy. Yangi O‘zbekiston. 2020 -y. № 211
Fikr qoldirish#