Professor, ko‘proq mashhur shaxslar biografiyasini yozishga ishqiboz adib (ilova qilingan pastdagi suratlarga qarang) Fransiya Akademiyasi a’zosi Marsel Brion (1895-1984) Amir Temur shaxsi va temuriylar davri bo‘yicha Amerika va Yevropaning ilmiy doiralari tadqiqotlari ma’lumotlari asosida “Tamerlan” asarining birinchi tahririni 1942-yili, Zabuillohxon Mansuriyning fors tiliga o‘girgan “Temur tuzuklari” asosida qisman to‘ldirilgan va qayta ishlangan “Menkim, Sohibqiron — jahongir Temur” romanini fors tilida 1959-yili, fransuzchada 1963-yili chop etgan.
Zabuilloh Mansuriy bilan hamkorlikda yozilgan ushbu asarda (Eronda «Manem Taymur Jahonkisho» کتاب منم تیمور جهانگشا اثر مارسل برایون nomi bilan nashr etilgan) Brion, eng avvalo, Amir Temur tuzuklaridan va Sohibqironga zamondosh bo‘lgan Ibn Arabshoh, Ibn Xaldun, Sharafiddin Ali Yazdiy, Sultoniya shahri yepiskopi Ioann de Galonifontibus , Kastiliya qiroli elchisi Rui Gonzales de Klavixo, fransuz marshali Jan II le Mengr (Busiko ) asarlaridan keng foydalangan. Kitobni o‘zbek tiliga ilk tarjima qilgan saudiyalik vatandoshimiz Abdurahim Uchqun bo‘lsa, keyinchalik ruscha nashrdan Farhod Ro‘ziev va Fozil Tilovatov va nihoyat (2010-yili) surxondaryolik Zokirjon G‘oyipov tarjima qilishgan.
Men kitob o‘zbek tilida nashr etilgan yili, o‘n yilcha burun yozilgan bir maqolamda asar haqidagi fikrimni ochiqlab shunday yozgan edim: «Uni Salohiddin Toshkandiyning «Temurnoma»si (1908-y. yozilgan) kabi cho‘pchaknamo badiiy asar sifatida qabul qilishimiz kerak».
Va nihoyat, tan olib aytamanki, bugungi kunda ushbu roman Amir Temur haqidagi asarlar ichida eng ko‘p o‘qilayotgan va audiosi tinglanayotgan asar bo‘lib qolmoqda. Eng keyingi bergan intervyudayam bu xususda to‘xtalib, shunday degan ekanman: Amir Temur haqida yozyapmiz. Avval ham yozilgan, bundan keyin ham yoziladi. Ammo,achchiq bo‘lsada, tan olish kerak, yoshlar bugun eng ko‘p Marsel Brionning kichkinagina risolasini boshqa tarixiy manbalar asosida bir necha barobar boyitgan bir eronlik qalamkash yuzaga chiqargan «Men-kim, Sohibqiron Jahongir Temur» asarini o‘qiyapti. Nega ular besh jild qilib yozilgan pentalogiyalarni o‘qishmaydi. Hamma gap shundaki, bu asarlar «Yozishim shart» degan ishtiyoq bilan emas, «Amir Temur haqida yozsam, mukofot olaman» degan iddao bilan yozilgan.
Xurshid Davron.
Manba: Xurshid Davron kutubxonasi sayti.
2021-yil. 8-aprel.
Fikr qoldirish#