Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobur Mirzoning “Mubayyin” asari

Tarixiy kitoblarda Zahiriddin Muhammad Boburning shohlik, sarkardalik va olimlik iste’dodidan tashqari fiqh ilmini mukammal bilgani ham keltiriladi. Jumladan, Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” (Sevimli zotlar yodnomasi) asarida Bobur haqida bunday so‘zlar bor: “Fiqh masalalarini yana bir risolada mubayyan qilganki, yozuvchisi donishmandligidan nishonadir. Turkiy va forsiyda yaxshi she’rlari bordir. O‘shal fiqh risolasining nomi ”Mubayyin“dir”.

Bobur Mirzo “Mubayyin”da eng muhim islomiy ilmlarni saralab, o‘zining din olimi, faqih ekanini ham ko‘rsatgan.

Sovetlar davrida “Mubayyin” asari xalqdan yashirildi, faqat istiqlol yillari izohlar bilan nashr etildi.

“Mubayyin” Hindiston yurishlari davrida, hijriy 928 (mil. 1521) yili she’riy yo‘lda tasnif etilgan. Asarda ahli sunnat val jamoat aqoidi ravshan bayon qilingan. Bobur bu asarni farzandlariga bag‘ishlagan va butun kitobxonlarga yetkazishni orzu qilgan.

“Mubayyin” asari “Hamd” – Alloh taologa hamdu sano, “Na’t” – Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) ta’riflari, “Kitob nazmining sababi” kabi kirish qismlaridan va “E’tiqodiya”, “Kitobus salot” (Namoz kitobi), “Kitobuz zakot”, “Kitobus savm” (Ro‘za kitobi), “Kitobul haj” kabi besh ruknga doir boblar hamda “Kitob xotimasi” bo‘limidan iborat. Bobur hamdda davom etib: “Insonning jismida necha tuk bo‘lsa, ular sening va boshqa barcha insonlarning tanida til bo‘lib, hammasi Allohning hamdini aytib, Uni zikr qilsa, oylaru yillar Unga hamdu sano aytsa, barchalarining so‘zi bir bo‘ladi: hammalari o‘z ojizligiga iqror bo‘ladi, xolos”, deydi. Ya’ni, yagona va qudratli Zotning nazdida hamma o‘z ajziga iqrordir. Bu ta’riflar Bobur ma’rifatining mumtoz namunalaridir.

Bobur Mirzo nazm tili bilan: “Yo‘lchisiz, yo‘lboshchisiz kim yo‘lda bora olar edi? Borsa ham, birinchi qadamdayoq qolib ketadi. Lekin kimning hazrat Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) kabi yo‘lboshchisi, kuzatuvchi nigohboni bo‘lsa, yo‘lda yuz xavf uchrasa, ne parvoyi bor – u zotning yo‘lidan yurib, sunnatiga amal qildimi, bas, albatta, yaxshilikka erishadi”, deydi.

“E’tiqodiya” bo‘limida Bobur ahli sunnat val jamoat aqidasining muhim qoidalarini bayon etadi. Jumladan, imom yoki boshliqqa bo‘ysunish haqida bunday yoziladi:

Xalq aro kimki podshohdurur,

Toatin qilmasang gunohdurur.

“Ishorat to‘rt imomg‘akim, muqtadoyi dinu peshvoyi ahli ta’yinlar” degan bobda Bobur ahli sunnat val jamoat fiqhining to‘rt imomi barhaq, ergashiladigan zotlar ekanini ta’kidlaydi:

Bilki, bu to‘rt imom barhaqdurur,

Kim alardin bu dinga ravnaqdurur.

Bu imomeki, shar’ adosidurur,

Din ila shar’ muqtadosidurur.

So‘ng imomlar nomini sanab: “Birisi Abu Hanifai No‘’mon (ibn Sobit)dur, yana biri Shofi’iyyi purdondur, yana biri (Imom) Moliku yana (Imom) Ahmad (ibn Hanbal), qildilar jahd shar’ aro behad”, deb ularning fazilatini bildiradi. Bularning har biriga ergashib, izidan borgan kishi yaxshi darajalar va najot topishini ta’kidlaydi:

Tengridin bizga latifadurur,

Muqtadomiz Abu Hanifadurur.

Tengriga shukrlar deying yakson,

Qildi bizlarga ishni ul oson.

Bu so‘zlar Sohibqiron Amir Temurdan boshlab barcha temuriylarning sof e’tiqodi ifodasi. Ayni vaqtda, Bobur Mirzo sha’niga aytilgan ba’zi tuhmatlarga ham raddiyadir.

Bobur Mirzo “Mubayyin” xotimasida: “Ey Bobur, bu kitob tasnifida agarchi ranj chekkan bo‘lsam-da, qo‘limga shunday bir ganj-xazina kirdi, har qanday ganjni xarj etish bilan kamayadi, ammo bu ma’naviy ganj – bu ilm xazinasi xarj etgan sari tobora ortib boradi”, deydi:

Bobur, emdi, agarchi chekdim ranj,

Keldi ilgimga ushbuyanglig‘ ganj.

Ganj nuqsong‘a xarjdin tortar,

Xarj qilg‘on soyi bu ganj ortar.

Bobur Mirzo kitobni yakunlar ekan, bu ilmlarga amal qilishga o‘zi va kitobxon uchun ham Allohdan tavfiq – yordam so‘raydi. So‘ng kitob nomi haqida so‘zlab: “G‘ayrat, shijoat ko‘rsatib, jiddu jahd qilib tamomlagan bu kitobimda shariat masalalarini ochiq bayon etganim uchun, uni ”Mubayyin“ (Ochiq bayon etuvchi) deb nomlagan bo‘lsam, ne ajab!” deydi.

Qiyoslab ko‘rilsa, “Mubayyin” hukmlari asosan hanafiy fiqhining mo‘’tabar kitoblari – “Hidoya”i sharif va “Muxtasari viqoya”ga muvofiq ekani ma’lum bo‘ladi.

Nihoyat, Bobur Mirzo asar so‘ngida aytadi:

Ulamodin budur mening tilagim,

Qo‘ldag‘aylar bu ish aro bilagim.

To bu ishtin savobtopqaylar,

Afv zaylini mangayopqaylar.

Bu ifodadan ulug‘ shoh va sarkarda, qomusiy alloma Bobur Mirzoning naqadar kamtarin, go‘zal xulqli orif va halim zot bo‘lgani ham anglashiladi.


Mirzo Kenjabek.

Manba: www.hidoyat.uz

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0