Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Murabbiylik va muqavviylik bizga bobomeros

Qahraton qishda qalin qor bosgan tog‘ yo‘lida qo‘shini uchun mardlarcha qor kurab yo‘l ochgan shoh va shoir Bobur, o‘z talqini bilan aytganda, murabbiy va muqavviylikni o‘ziga kasb qilgan buyuk siymo edi. Uning muhtasham asari — “Boburnoma”da nomi zikr etilgan buyuklar tavsifida mazkur talqinga duch kelamiz.Murabbiylik va muqavviylik tushunchasi zamonaviy istilohda qo‘llanmasada, davlatimiz olib borayotgan oqilona siyosat, xususan, ilm-fan, sanʼat, sport va boshqa sohalardagi isteʼdod egalari kamolotiga qaratilgan eʼtibor misolida doim ko‘z o‘ngimizda. Chunki bu so‘zlarning tub maʼnosi aynan noyob iqtidor sohiblarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, moddiy-maʼnaviy rag‘batlantirish, salohiyatini munosib baholash singari mezonlarni o‘zida mujassam etgan.

Bu iboralar misolida bugunimizni o‘tmishimiz bilan qiyoslasak, maʼrifatparvarlik, ziyolilarga homiylik anʼanasi ko‘p asrlardan buyon qon-qonimizga singib ketganini tasavvur qilamiz. “Boburnoma”da zavq, maroq hamda shohona iltifot bilan qo‘llangan ibora, yaʼni zamonaviy tilshunoslik fani nuqtai nazari bilan aytsak, teng bog‘lanishli so‘z birikmasi bo‘lgan murabbiy va muqavviylik xususida o‘z talqinimiz mavjud. Birinchidan, bu birikma memuar matnida nihoyatda boy ijobiy bo‘yoqdorlikni ifodalagan. Maʼlum maʼnoda innovatsion g‘oyalarning ijtimoiy-siyosiy, moddiy va maʼnaviy, falsafiy, huquqiy, taʼlimiy-tarbiyaviy yo‘nalish va didaktik maʼnolarni, umuman, temuriylar Renessansining umumbashariy g‘oya va qadriyatlarini ham bildirgan. Ikkinchidan, muallif bu birikmani memuarda temuriylar Uyg‘onish davrining hukmdorlari, malikalari va shu davrning yetakchi davlat hamda din arboblari, daho so‘z sanʼatkorlari, yirik mulkdorlariga nisbatan sifatlash tarzida qo‘llagan. Bu birikma o‘sha davrda ularning moddiy-maʼnaviy sohada olib borgan keng miqyosli bunyodkorlik faoliyati, uslubi, yuksak maʼnaviyati va noyob fazilatini, jumladansaxovat va himmatini, muruvvat va matonatini, maʼlum maʼnoda siyosiy irodasini ham ifoda etgan.

Ayni paytda ramziy maʼnoda bayon qilsak, qadimda saxiylik, bag‘rikenglik, muruvvat va futuvvat g‘oyalarini ham targ‘ib qilgan, ham amalda tengsiz darajada ko‘rsatib bergan va oqibatda shunday ezgu odat, taomilga asos solgan Hotam Toyi, barmakiylar hamda islom maʼrifati anʼanalarini o‘zida ifodalaydi. Bobur murabbiy va muqavviy bi-rikmasini ilk marta memuarda temuriylar Uyg‘onish davrining yirik mutasavvufi Xoja Ahror valiy faoliyatining bir jihatini yoritishda sanʼatkorona qo‘llagan. “Boburnoma”ning boshqa tarixiy shaxslar tasviri bilan bog‘liq voqealar bayonida esa Sulton Husayn Boyqaro, Xoja Yahyo, Ahmad Hojibek, Alisher Navoiyga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llagan. Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Gavharshodbegim, Abdurahmon Jomiy, ustozi Xoja Mavlono Qozi va o‘ziga nisbatan ishora bilan bu haqdagi ijtimoiy fikr va muddaolarini batafsil ifodalashga harakat qilgan. Endi murabbiy va muqavviy birikmasini tashkil qilgan so‘zlarning lug‘aviy maʼnolari bilan qiziqib ko‘rsak. Lug‘atlarda yozilishicha, mazkur so‘zlar arabcha bo‘lib, murabbiy so‘zi o‘zida “tarbiyachi, ustoz, muallim”, muqavviy so‘zi esa “kuch beruvchi, quvvat beruvchi; madad beruvchi” singari maʼnolarni bildirar ekan. Bobur o‘z memuarida qo‘llagan davrdan hozirgi kungacha anglatib kelgan lug‘aviy maʼnosida ham deyarli o‘zgarish bo‘lmagan. Ammo muqavviy shaxs otiga esa bunday izoh berib bo‘lmaydi. Sababi, muqavviy shaxs oti bugungi kunda arxaik so‘zga aylangan va leksikologiyada eskirgan so‘zlar sifatida o‘rganiladi.

Adabiy tilimizning og‘zaki va yozma shaklida deyarli ishlatilmaydi hamda so‘zlashuv, rasmiy, badiiy, ilmiy uslublarda ham qo‘llanmaydi. Mazkur so‘z “Boburnoma” matnida, yaʼni muallifbitgan temuriy Uyg‘onish davrining faol faoliyat olib borgan tarixiy, ijtimoiy shaxslarning tasvirida, ularning yuksak fazilatlarini yoritib, insoniy qiyofalarini ko‘rsatib berishda hamda umumbashariy va xalqchil innovatsion g‘oyalarni aniq ifodalash, tarannum etishda muallifning o‘ziga xos tasvir bayonida ishlatilgan. Yana shuni taʼkidlash zarurki, muqavviy so‘zi asarda saxovat, muruvvat, baxshish, insoniyat so‘zlari bilan ekvivalent sifatida qo‘llangan o‘rinlar bor. Memuar matnida murabbiy va muqavviy shaklida qo‘llansa-da, murabbiy so‘zining maʼno darajasi berilgan maʼlumotda muqavviy so‘ziga nisbatan ustunroq bo‘lishi mumkin yoki maʼlumotda muqavviy so‘zining maʼno darajasi esa murabbiy so‘ziga nisbatan kengroq bo‘lishi ham mumkin.

“Boburnoma”da bu farqli holatga misol tariqasida temuriylar Uyg‘onish davrining yirik diniy arbobi, Movarounnahr va Xurosondagi ko‘plab yirik mulklar egasi, temuriy hukmdorlarning davlat boshqaruvi, xazinasining kirim-chiqimi, mulku millat ishlariga diniy rahnamolik qilgan, o‘ziga xos kuchli taʼsirga ega shayx Xoja Ahror valiyning temuriy hukmdor Sulton Ahmad mirzoning saltanatni adolatli boshqarishi, eʼtiqod va hidoyat, tariqat va shariat yo‘llarida adashmasligi, chekinmasligi hamda ruhiy kamoloti uchun murabbiylik, yaʼni tarbiyachilik, rahnamolik qilgani to‘g‘risidagi maʼlumotni keltirish mumkin. Bobur mazkur maʼlumotida har ikkala shaxs otlarini birdek, yaʼni teng bog‘lanishli birikma shaklida qo‘llagan, biroq tarixiy lavhada esa asosiy maʼno urg‘usi ko‘proq murabbiy so‘ziga tushgan. Xullas, fikrlarimizning isboti uchun “Boburnoma”dagi Sulton Ahmad mirzoga bag‘ishlab bitilgan fiqraning “Axloq va atvori” fasliga murojaat qilsak: “Hanafiy mazhabliq, pokiza eʼtiqod kishi edi, besh vaqt namozi tark bo‘lmas edi. Hazrati Xoja Ubaydullog‘a irodati bor edi. Hazrati Xoja murabbiy va muqavviy edilar. Bisyor muaddab bor edi, alalxusus, Xoja majlisida tizi bir-bir tiziga yovutqagan emastur. Bir navbat Hazrati Xoja suhbatida bir xilofi odati oyog‘ini yovutkab o‘lturubtur. Mirzo qo‘pqondin so‘ng Hazrati Xoja buyurtururlarkim, Mirzo o‘lturg‘on yerni boqqaylar, bir so‘ngak bor ekandur”. Agar mazkur lavhaga diqqat qilsak, Bobur Hazrati Xojaga nisbatan muqavviy so‘zini qo‘llashida ham o‘ziga yarasha sabab bor bo‘lib, Hazrati Xojaning gohida hukmdorga, gohida davlat xazinasiga quvvat beruvchi yirik sarmoyador ekaniga ham ishora qilgan. Umuman, bu kabi jihatlar “Boburnoma”da yaxshi yoritilgan. Masalan, memuarda ulug‘ amir Alisher Navoiy ham Sulton Husayn Boyqaro xazinasidan ulush olmay, xazinaga madad beruvchi muqavviy ekani ishonarli bitilgan. Chunki Bobur hukmdorlarning “hall va aqdi”ini his qilgan podsho sifatida davlat xazinasiga oid holat, odat, rusumni yaxshi bilgan yoki favqulodda ro‘y bergan vaziyatlar tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy tanglikning yechimini topishda yirik mulkdorlarning muqavviyligi zarur bo‘lib qolishini ham tushungan. Uning o‘zi ham hayotda bu kabi voqealarni boshidan o‘tkazgan. Memuarda murabbiy va muqavviy birikmasi Samarqand hokimi Ahmad Hojibekka nisbatan qo‘llangan maʼlumotda “Ahmad Hojibek murabbiy va muqavviy edi”, deb fozil hokim o‘zining murabbiy va muqavviyligini faqat Samarqandda Alisher Navoiyga ko‘rsatgani aytilgan, ammo asarda muallif uni temuriylar Uyg‘onish davrining murabbiy va muqavviy hokimi sifatida ham tanishtirganini yaqqol sezish mumkin. “Boburnoma”da temuriylar Uyg‘onish davrida Xuroson hukumati, mamlakat devonida va moliyaviy ishlar hamda kadrlar boshqaruvida Alisher Navoiyning ijobiy taʼsiri, uning murabbiy va muqavviyligi, tarbiya va taqviyati kabilarni shoh va shoir Bobur hayrat hamda shohona iltifot bilan bayon qilgan. Bunda har ikki so‘zning maʼnosida ham o‘zaro lug‘aviy maʼno tengligi saqlanganini bilish mumkin. Biz tahlil va talqinga tortgan lavha bayonida Bobur Alisher Navoiy zikri sabab boshqa birlamchi manbalarda ham tilga olingan.

Shu davrning musiqa sanʼati xazinasiga katta hissa qo‘shgan Ustoz Qulmuhammad, Shayxiy Noiy, Husayn Udiy kabi sanʼat ahli hamda temuriylar Uyg‘onish davrining rangtasvir sanʼatini yuqori ko‘targan, XV asr oxiri — XVI asr boshlarida rassomlikda bir necha maktablarning shakllanishi va bu davr madaniy hayotida miniatyura sohasida yaxshi tanilgan Kamoliddin Behzod, Shoh Muzaffarning nomi, ularning yangi ijodiy miniatyura yo‘nalishiga asos solishi, bebaho sanʼati borasida ham maʼlumotlar mavjud: “Ahli fazl va ahli hunarg‘a Alisherbekcha murabbiy va muqavviy maʼlum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay. Ustoz Qulmuhammad va Shayxiy Noiy va Husayn Udiykim, sozda saromad edilar, bekning tarbiyati va taqviyati bila muncha taraqqiy va shuhrat qildilar. Ustoz Behzod va Shoh Muzaffar tasvirda bekning saʼy va ehtimomi bila mundoq mashhur va maʼruf bo‘ldilar. Muncha binoyi xayrkim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvafaq bo‘lmish bo‘lg‘ay”.Muallifning bu maʼlumotlaridan ayon bo‘ladiki, tasvir sanʼati, xususan, miniatyura temuriylar Renessansi davrida Alisher Navoiy rahbarlik qilgan ilmiy va madaniy muhit hamda uning murabbiy va muqavviyligi sabab ravnaq topgan.

Bobur Xoja Ahror valiy hamda Ahmad Hojibekka nisbatan qo‘llagan murabbiy va muqavviy birikmasini endi ulug‘ amir Alisher Navoiyga nisbatan ham ishlatgan. Ulug‘ amirning ham vaqt o‘tib murabbiy va muqavviylikka tengsiz darajada ko‘tarilganini “Ahli fazl va ahli hunarg‘a Alisherbekcha, murabbiy va muqavviy maʼlum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay” yoki “Muncha binoyi xayrkim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvafaq bo‘lmish bo‘lg‘ay”, deb cheksiz hurmat, eʼtirof, hayrat bilan qayd etgan. Bu qimmatli maʼlumotning baʼzi isboti va izohlarini muallif “Boburnoma”ning Hirot bo‘ylab sayru sayohati va ziyorati aks etgan qiziqarli lavhada yanada batafsil bayon qilgan. Xullas, Bobur murabbiy va muqavviy, tarbiyat va taqviyat birikmalarini faqat o‘z asarida tilga olgan temuriylar Uyg‘onish davri vakillariga nisbatan qo‘llagan. Bu holat ularning yaratuvchanlik qobiliyatiga hamda moddiy-maʼnaviy sohalarda amalga oshirgan bunyodkorlik, saxovat, futuvvat, baxshish xarakteridagi ishlariga ishoradir. Yana shuni alohida qayd etish kerakki, Bobur bu birikmani asarda ilk marta Xoja Ahror valiyga, keyin Ahmad Hojibekka va Alisher Navoiyga nisbatan qo‘llagan. Qizig‘i shundaki, vaqt o‘tib Boburning o‘zi ham atrofiga turli ilm, fan namoyandalarini, shoir, adib, muarrixlarni, umuman, “ahli fazl va ahli hunar”ni to‘plab, ularning ilmiy, ijodiy ishlariga murabbiy va muqavviylik qildi. Uning moddiy va maʼnaviy sohadagi bunyodkorlik faoliyati, murabbiy va muqavviylik ishlari mamlakatimiz va xorijlik boburshunos olimlar tomonidan alohida eʼtirof etilgan hamda o‘rganilgan. Masalan, britaniyalik taniqli sharqshunos, tarixchi Vilyam Rashbruk Boburni “O‘n oltinchi asrning bunyodkori”, deb yuksak baholagan va olim Bobur haqida aynan shu nom bilan “O‘n oltinchi asr bunyodkori” nomli qimmatli asar yozgan. Bu asar Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining murabbiy va muqavviyligida ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr qilingan va ilmiy muomalaga kiritilgan. Bobur shoh va adib sifatida ham murabbiy va muqavviylikning maʼrifatini juda yaxshi tushungan, ammo ularning taʼsiriga tushib qolishlarini ko‘p ham yoqlamagan. Hatto memuarda hukmdorlarning murabbiy va muqavviylar qo‘lida “qo‘g‘irchoq hukmdor” bo‘lib qolishi mumkinligidan ham ogohlantirgan. Xulosa shuki, “Boburnoma” matnida muallif tomonidan mahorat bilan qo‘llangan har bir so‘z, birikma, ibora, gap kabi til birliklarida ham o‘sha davr o‘zbek adabiy tili qoidalari, xususiyatlari aks etgan. Shu bilan birga, ular vositasida muallif xalq ruhi, milliy kolorit, madaniy muhit, davr taraqqiyoti, Renessansning ulug‘vor g‘oyalarini, ezgulik tushunchalarini ham talqin qilgan. Bu fikr u mahorat bilan qo‘llagan murabbiy va muqavviy birikmalariga ham tegishli. Bu birikma muhtasham memuarda temuriylar Uyg‘onish davrining genial shoiri, ulug‘ amiri, yirik mulkdori Alisher Navoiyga nisbatan bir necha marta qo‘llangan bo‘lib, har bir holatda uning shaxsiyatidagi yuksak nurli nuqtalarni ko‘rsatib, anglatib turuvchi lisoniy ifoda, deb baholash mumkin.


Burobiya Rajabova.

Yangi O‘zbekiston. 2021- y. №30.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0