“Alisherbek… o‘g‘il va qiz va ahlu ayoli yo‘q,
olamni tavre fard va jariyda (yakka va yolg‘izlik bilan) o‘tkardi”.
“Boburnoma”dan.
Alisher Navoiyning nima uchun uylanmaganligi zamondoshlari uchun sir bo‘lib qolgani kabi, bizning kunlarimizda ham ajib bir hodisa bo‘lib ko‘rinadi. Ammo bu hodisa — Navoiyda bor biror ayb va kamchilik natijasi emasligi zamondoshlari uchun ayon edi.
“Badoe’ ul-vaqoe’”dan (Vosifiy hikoya qiladi): “Alisher uylanmagan edi. Buning sabablari zamonaning hamma kishilarini qiziqtirar edi. Sulton Husayn mirzo Alisherning uylanmasligiga sabab uning «etagi pokligi” va nafsoniy shahvatga mayli yo‘qligi, ya’ni axloqiy jihatdan juda yuksakligi, ilm-fan va she’riyatga berilganligi, deb hisoblar edi.Sultonning sevikli xotini Xadichabegim esa buning sabablarini boshqacha, deb tushunar edi. Haqiqatni aniqlash uchun Xadichabegim o‘zining juda ham go‘zal kanizaklaridan Davlatbaxtni Alisherning uyiga yubordi. Davlatbaxt turli bahonalar bilan Alisherning uyida tunab qoldi. Natijada Sulton Husayn mirzoning fikri tasdiq bo‘ldi va Xadichabegimning ham Alisherga hurmati avvalgidan yuz martaba ortdi» (172—173). Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy” asaridan: “Mir Alisherning noziklikdan va tez ranjishlikdan boshqa hech aybi yo‘q edi” (121).
Navoiyning uylanmaganligi uning sevmaganiga dalolat emas. Aksincha, Navoiy o‘zining otashin oshiq bo‘lganligini so‘zlaydi. “Farhod va Shirin” dostonini nima uchun yozganini asoslab, Navoiy birovni juda qattiq yaxshi ko‘rganini, shu sevgisi tufayli sevgilisining ta’rifiga tili lol (ojiz) ekanligini va “Farhod va Shirin” dostoni orqali o‘z ahvolidan hikoya qilmokchi bo‘lganligini aytadi.
“Farhod va Shirin” yozilganidan o‘n besh yilcha keyin Navoiy yana o‘z muhabbatini bir asarida yodga oladi: “Lison ut-tayr” dostonida afsonaviy Shayx San’onning (musulmon ruhoniysining) xristian qiziga muhabbatini tasvir etib kelib, Navoiy o‘zining kimgadir muhabbati Shayxning muhabbatidan ham otashin ekanini gapiradi va hikoyani agar bir necha kun umrdin amon topsa (salomat bo‘lsa) o‘z otashin ishqi tarixi haqida doston yozajagini ifodalovchi satrlar bilan tamomlaydi.
“Lison ut-tayr”dan:
«Shayxni andoqki shaydo etti ishq,
Olam ahdi ichra rasvo etti ishq.
So‘ngra mendek solmadi g‘avg‘osini,
Kimsa ko‘ngli mulkiga yag‘mosini,
Holim andin kimsa gar ortiq demas,
Ortuq ermas bo‘lsa ham, o‘ksuk emas.
Kel, Navoiy, so‘zni holo xatm qil,
Ishq aro izhori da’vo qilmag‘il.
Bir necha kun umrdin topsam amon,
Sharhi ishqim nazm etay bir doston.
Anda bilgay kimgakim insofdur-
Kim, so‘zum chinmu durur yo lofdur» (11, 102).
Navoiy bu dostonni yozishga ulgurmay, vafot etgan.
«Yana bois bukim, ishqi balo sho‘r,
Bir o‘tdin aylab erdi jonima zo‘r.
Tilim xud bor aning ta’rifida lol,
Qilay xomam tilidin sharhi ahvol.
Hazin jonimda bor erdi baloyi,
Balolig‘ ishq ila har yon havoyi.
Birov ishqi solib jonimg‘a anduh,
Mashaqqat toshi yuklab ko‘h to ko‘h.
Bo‘lub zulmi o‘tidin xasta jonim,
Qarorib dudi birla xonumonim.
Birov yo‘q, kofiri qotil nihodi
Parivash dev zulmi hur zodi…
Meni mahzunni ishqi barqi raftor
Ul ofat o‘tig‘a aylab giriftor» (11, 14—15).
Navoiyning so‘zlariga qaraganda, uning ma’shuqasi (sevgani) beparvo va bevafo edi. (Bu gaplar — she’riy mubolig‘ami yoki Navoiy o‘z sevgilisining haqiqatan bevafoligini gapirayotirmi, — aniqlash qiyin.) Shoirning ma’shuqasi “vafosiz, tab’siz (qobiliyatsiz) va noahl (yaramas, yot) kishilarni yoqtiradi, ammo vafodorlar unga yoqmaydi. Ma’shuqasi shoirni g‘am-g‘ussaga qoldirib, o‘zi yotlarning uylarida «sham’i majlis” (o‘tirishlarni bezatuvchi) bo‘lib yuradi:
«Junun ko‘nglumni dashti g‘amg‘a solib,
Ne g‘am, har lahza bir olamg‘a solib.
Ne mahzun xotirimg‘a vasli mumkin,
Ne hajrida o‘tum bir lahza sokin.
Bor erdi dard qotil, ishq bebok,
Bulardin tundroq ma’shuqi cholok
Vafosiz, tab’siz noahl anga xush,
Vafo ahli bila bittab’ noxush…
Netay, ming zebu ziynat birla tovus
Ki, bo‘lg‘ay hamnishini bumi manhus…
Manga aylab g‘amu mehnatni munis,
O‘zi har uyda bo‘lg‘ay sham’i majlis» (11, 15-16).
Navoiyning muhabbati haqida o‘zbek va turkman folklorida ancha asarlar bor. Ularda Navoiyning sevgilisi sifatida Gul degan qiz tilga olinadi. Bu asarlarda buyuk shoir tarjimai holining ba’zi faktlari, o‘zgartilgan holda, o‘z aksini topgan bo‘lsa kerak. Shunday asarlardan birini keltiramiz:
“Amalyoftani Alisher” (“Alisherning amaldor bo‘lishi”) asaridan (mazmuni):
“Chorvador Alisher bozorga mol olib keldi va molini nasiyaga sotmoqchi ekanini e’lon etdi. Bozor ahli: «Biz molingizni olsak, qarzimizni qachon to‘lashimiz kerak?” deb so‘radi. Alisher: “Qarzingizni podshoh Husayn Boyqaro o‘lgan kuni to‘laysiz”, dedi. Bozor ahli Alisher olib kelgan ot, mol va qo‘ylarni darrov nasiyaga olib ketishadi: Husayn Boyqaro hali yosh, qachon o‘lishi noma’lum edi.
Bu gap Husayn Boyqaro qulog‘iga yetdi. Podshoh darg‘azab bo‘lib, chorvadorni darrov tutib olib kelishni buyurdi. Alisherni bog‘lab, podshoh oldiga olib keldilar. Podshoh so‘radi: “Ey, nodon va yomon niyatli kishi, men senga nima yomonlik qildimki, sen mening o‘limimni tilaysan? Odamlarga molingni nasiyaga sotib, qarzingni Husayn Boyqaro o‘lganda to‘laysan, der emishsan? Javob ber!” dedi.
Alisher dedi: “Ey, odil podshoh, men sizning o‘limingizni tilamayman, balki, aksincha, umringiz uzoq bo‘lishini istayman”.
Husayn Boyqaro so‘radi: “Nechuk? Qarzni men o‘lgan kuni undirar emishsan-ku?”
Alisher dedi: “Podshohim! Mendan nasiyaga mol olgan har bir kishi endi har kuni besh mahal namoz chog‘ida: «Ey, xudo, podshoh Husayn Boyqaroni o‘ldirma, men qarzimni to‘lamay”, deb toat-ibodat qiladi. Zora shunday toat-ibodat ijobat topib, xudo sizning umringizga umr qo‘shsa. Molimni nasiyaga sotishdan niyatim shu».
Alisherning bu gapi Husayn Boyqaroga yoqdi va u: “Sen aqlli odam ekansan, yonimda qol, saroyimda xizmat qil”, deb Alisherni o‘z maslahatgo‘ylari qatoriga oldi.
Kunlar o‘tgan sari Alisher o‘z dono maslahatlari bilan podshoh saroyida aziz bo‘la berdi va axiyri Husayn Boyqaro uni vazirlik vazifasiga tayin etdi.
Kunlardan bir kuni Alisher Hirot ko‘chalarida otliq o‘tib ketayotib, tomda kir yoyayotgan bir qizga ko‘zi tushdi. Qiz juda go‘zal edi. Alisher uni yaxshi ko‘rib qoldi. Qizning uyiga sovchi yubordi. Qiz ham Alisherni g‘oyibdan yaxshi ko‘rib yurar ekan. Ismi Gul ekan. To‘yga tayyorgarlik boshlandi.
Bir kuni ovdan qaytayotib, Husayn Boyqaroning ham o‘sha tomda yurgan qiz — Gulga ko‘zi tushdi va uni sevib qoldi. Sovchi yuborishga qaror berib, sovchilikni do‘sti va vaziri Alisherga topshirdi. Alisher sovchilikka bordi va o‘z do‘stligiga sodiq qolib, Gulni podshohga tegishga ko‘ndirdi. Ammo Gul bir shart qo‘ydi: “Podshoh to‘ydan keyin qirq kungacha mening oldimga kirmay turishi kerak”, dedi. Alisher bu shartga podshohni ko‘ndirajagini aytdi. Shunda Gul ikkita kichik maktub yozib, Alisherdan bu maktublarni tabibga olib borib berishni va tabib bergan narsalarni olib, qaytib kelishni iltimos qildi. Alisher tabib oldiga borganida tabib maktubning birini o‘qib, kulib yubordi va ikkin-chisini o‘qib, yig‘ladi. Ikkita dori berdi. Alisher dorilarni Gul oldiga olib keldi. Gul dorining birini o‘ziga olib qoldi va ikkinchisini Alisherga berib: “Iching!” dedi. Alisher ichdi. Gul Alisherga podshoh oldiga ravona bo‘lishga va to‘y tayyorgarligini boshlashga ruxsat berdi.
Podshoh Gulning shartini qabul etdi, katta to‘y qildi, ammo kelinchak oldiga qirq kungacha kirmadi. Bu orada Gul qattiq kasal bo‘lib qoldi.
To‘ydan qirq kun o‘tganda Gul Alisherni oldiga chaqirdi. Gul o‘lim to‘shagida yotar edi. U Alisherga dedi: «Ikki dori esingizdami? Uning birini men sizga ichirgan edim, u dori sizni sira ham uylanmaydigan qilib qo‘yadigan dori edi. Ikkinchi dorini men o‘zim ichganman, u dori meni qirq kun ichida o‘ldiradigan, sekin ta’sir qiladigan zahar edi. Mana, dori o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, men kasal bo‘ldim. Bugun o‘laman.
Muhabbatimizga sodiq qolish uchun men shunday qildim, Alisher! Endi podshoh mening yonimga kirabersa ham bo‘ladi».
O‘sha kuni Guli dunyodan o‘tdi. Alisher va podshoh uning tobutini ikki yoqdan ko‘tarib bordilar. Ikki oshiq va ikki do‘st qon-qon yig‘lar edilar.
Ularning biri so‘rar edi:
“Sarvlarning soyasinda so‘ldi gul, netmoq kerak?”
Ikkinchisi javob berar edi:
“Sarvdin tobut yasab, guldin kafan etmoq kerak”.
* * *
Navoiyning oilasi yo‘qligi uning uyi “huvillab qol-ganligini” ko‘rsatmaydi. Aksincha, Navoiyning uyi doimo quvnoqlik, she’riyat va ma’rifat makoni edi.
Davlatshoh “Tazkira”sidan: “U buyuk zotning intizomli majlislari fazl ahlining maqsadi edi. Uning baland ostonasi — beva va bechoralar boradigan joy edi. Va uning taomlar to‘ldirilmish dastur-xonlari sargardon va sarsonlar uchun doim tayyor va uning ehsonining eshigi muhtojlar uchun har vaqt ochiq edi. Va u bilan o‘lturuvchilar yaxshi tab’tik va fazilatli kishilardan o‘zga emas edi. Va uning xotirining do‘st va ulfatlari ko‘n-gullarni zabt etuvchilardan boshqa emas edi. Va xalqning nazarida zo‘r va og‘ir ko‘ringan narsalar uning himmati oldida yengil va andak ko‘runur edi, ammo noahl kishilar uning nafis majlisiga kirolmas edilar”.
Zayniddin Mahmud Vosifiyning “Badoe’ ul-vaqoe’” (“Ajoyib voqealar”) kitobidan: “Alisher Navoiyning eng ajoyib do‘stlaridan va aziz suhbatdoshlaridan biri bo‘lgan Mavlono Sohib Doro menga ota tomondan juda yaqin qarindosh edi. Bir kuni men otam bilan uning uyida mehmonda o‘tirganimda u otamga dedi: «Ko‘pdan beri eshitamanki, sizning o‘g‘lingiz a’lo tolibul-ilm (student), she’rni yaxshi o‘quvchi va durust she’rlar yozuvchidir. Uning muammolarini yechib berishdagi shuhrati cheksizdir”. Shu so‘zlardan keyin Mavlono Sohib Doro bir muammo ayttirdi. Men uni andak o‘ylab, yechib berdim. Hamma hayron qoldi.
Biz o‘z uyimizga qaytganimizdan so‘ng, Mavlono Sohib Dorodan bir kishi kelib: “Sizni mening xojam chaqirmoqdalar”, dedi. Men Sohib Doro qoshiga kelganimda, u dedi: “Men Alisher oldida bo‘ldim. Uning odati bor: har kuni u meni o‘z qoshiga chaqiradi va: «Bu shaharda bugun sen qanday ajoyib va g‘aroyib narsalarni ko‘rding, gapir”, deydi. Bu gal men unga aytdim: “Men o‘n olti yoshli bir yigitni ko‘rdim, u eng qiyin muammolarni ham darrov yechib beradi. Bundan tashqari, u o‘zining ilmiy mashg‘ulotlari bilan, she’r o‘qish va she’r yozishdagi hunari bilan ham mashhurdir”. Alisher juda hayron qoldi va so‘radi: “Sen uni sinab ko‘rdingmi?” Men javob berdim: “Ha, men juda chigal muammoni o‘qidim va u bu muammoni darrov yechib berdi”. U hazrat oliy o‘pka bilan menga dedi: “Nega u yigitni bizning oldimizga olib kelmading?” Shunda men sening to‘g‘ringda Alisherga og‘iz ochganimga afsus qildim, chunki bilamanki, Alisher bilan yangi tanishganda odamlar kallalarini yo‘qotib qo‘yadilar va “Oting nima?” degan savolga ham javob berolmay qolgan mahallari ko‘p bo‘ladi. Sen borganingda bir kishi muammo o‘qib qolsa-yu, sen yechib berolmasang, men uyatga qolsam, nima bo‘ladi?.. Nima bo‘lsa ham endi bo‘ldi, tayyorlanib tur».
Ertasiga ertalab men yana Sohib Doro oldiga bordim. U yerda mendan tashqari yana uch tolibul-ilm o‘tirib edi. Mavlono aytdi: “Sen vaqtida kelding. Mana bu ikki kishi haqida ham men Alisherga gapirganman. Bularning biri — muammoda shuhrati Mavlono Amir Husayn Nishopuriyning shuhratiga tengdir. Mana bu ikkinchisi — qasidalar yozish bilan nom chiqargan… Uchinchisi — masnaviy yozishda mashhur”.
Biz u azizlar majlisiga kirib bordik. Navoiyning hamma nadimlari (o‘rtoqlari) va hamsuhbatlari hozir edilar. Bizga nazari tushgan u hazrat Sohib Dorodan so‘radi: “Muammoni tez yechib beradigan yigiting shumi?” Mavlono Sohib Doro dedi: “Ha, shu yigit”. Alisherning do‘sti va ajoyib hazilkashi Mavlono Muhammad Badaxshiy dedi: “Janob oliy hazratlari, achchiq so‘zim uchun kechirasiz, ammo haqiqatni aytganda, sizning muammolarni hal etish borasidagi hunaringiz bu yigitning mahorati oldida hech narsa emas” Alisher aytdi: “Men buni uning ko‘zlaridan darrov payqab oldim, chunki bu ko‘zlarda tafakkur alomatlari bor”. Shundan keyin Alisher bir muammoni o‘qidi. Men unda yashirilgan so‘zni topishim kerak edi. Ammo ma’lum bo‘ldiki, bu muammoda yashirilgan so‘zni men avvaldan bilaman. Men gumonsirab qoldim: u yashirilgan so‘zni bilmaganlikka solib, majlis ahlini aldaymi yoki haqiqatni aytib beraymi? Men Alisherga dedim: “Taqsir, bu muammoda yashirilgan so‘z menga avvaldan ma’lumdir”. U hazrat boshini quyi soldi va anchagacha jim qoldi. So‘ngra u dedi: “Do‘stlar, bu yigitnint so‘zlarida nima ma’no borligini payqadingizmi? U o‘z quvvatini namoyish qilib: «Bu muammongiz o‘tmaydi, boshqasini ayting”, deyapti… Shundan keyin Alisher bu majlisda muammo o‘qimadi, menga izzatu hurmat ko‘rsatdi va Mavlono Sohib Doroga dedi: “Men bu yigitga qoyilman” (143-144).
“Makorim ul-axloq”dan: «Hazrati sultonning do‘sti, davlat egasi oliy hazrat (Navoiy) ba’zan shirin tilni mazax va mutoibaga (qiziqchilik va hazilkashlikka) ochardi va munosib o‘rinlarda latifasimon so‘zlarni bayon ipiga tortardi. Bunday so‘zlar oliy hazratning nozik zehni va muborak fikrining yuqori darajada o‘tkir ekanligiga dalolat qilganligidan ulardan bir xillarini yozishga jur’at qilinadi:
Musiqiy fanida davrning yagonasi Mavlono Alishoh bir kuni davlati oliy hazratga arz qilib: “Sizning oliy iltifotingizdan va marhamatingizdan umid shuki, vaqf boshqaruvchilari olti oylik maoshimni birdaniga bersalar, toki men har oyda xizmatchilarga bosh og‘rig‘i bo‘lib yurmasam”, dedi. Oliy hazrat javob berib: “Mavlono, — dedi, — umringizdan olti kun qolganmi, yo‘qmi — bizga ma’lum emas. Siz nima uchun amonat hayotga munchalik ko‘ngil qo‘yib, kelajak olti oylik maoshni talab qilasiz?” Mavlaviy javob berdi: “Siz farmon bering, u pullarni beraversinlar. Bordi-yu, o‘lib qolsam, go‘r-kafanimga yarab ketar”, dedi. Oliy hazrat: “O‘ligi ham bir balo, tirigi ham bir balo” deganlari siz ekansiz-da», dedi.
“Badoe’ ul-vaqoe’”dan: “Bir kuni Alisher Binoiyni o‘z uyiga chaqirgan edi. Binoiy eshik oldida paydo bo‘lganida, Alisher go‘yo tanimagandek unga qattiq tikildi. Binoiy yaqin kelganidan keyin Alisher dedi: «Ha, Binoiymisan? Uzoqdan menga eshak kelayotganga o‘xshadi”. Binoiy javob berdi: “Taqsir, menga ham uzoqdan bu yerda odam o‘tirganga o‘xshagan edi…” Alisher Binoiyni o‘tirishga taklif etdi. U ayog‘ini uzatgan edi, Binoiyning orqasiga tegdi. Navoiy dedi: “Ajab ishki, Hirotda ayog‘ini uzatsang, albatta bitta shoirning orqasiga tegadi”. Binoiy javob berdi: “Taqsir ayog‘ingizni yig‘ishtirsangiz ham, albatta, bitta shoirning orqasiga tegadi”.
“Makorim ul-axloq”dan: “Bir kun sof ko‘ngilli Amir fasohat va zarofat bobida zamon shoirlarining peshqadami Xoja Osafiyga nasihat qilib, aytdi: «Men senga hayron bo‘lamanki, o‘tkir zehning va baland tab’ing (iste’doding) bo‘laturib, she’r aytish bilan kam shug‘ullanasan, hamma vaqtingni foydasiz ishlarga sarf qilasan”. Osafiy: “Taqsir, hozirgi fursatda borgan sari ko‘proq she’r aytishga mashg‘ul bo‘layotirman. Masalan, o‘tgan kecha ikki pullik sham’ yonib bitgunicha ikki yuz bayt yozdim”, dedi. Oliy hazrat: “Demak, u tizmalaringning yuz bayti bir pul ekan-da”, dedi».
“Badoe’ ul-vaqoe’”dan: “Sulton Husayn hamma rassomlar orasida ustod Behzodga ko‘p e’tibor berar edi. Behzodga «Ikkinchi Moniy” degan faxrli unvon berilgan edi. Shohning kayfiyati g‘am-g‘ussa bilan buzulganida, Behzod doimo biror narsaning yoki biror odamning suratini solar, sulton bu suratni ko‘rganida ko‘ngli ochilar, g‘am-g‘ussadan xalos bo‘lar edi. Behzod doimo har xil ajoyib suratlarni olib yurar, ayniqsa juda hurmatli Bobo Mahmudning xilma-xil suratlarini chizishni va namoyish etishni yoqtirar edi. Bobo Mahmud esa ajoyib sifatlarni o‘zida mujassamlantirar — u semiz, qo‘pol bo‘lish bilan birga juda chaqqon va gapga usta edi…
Behzod bir kuni Alisher majlisiga bir suratni keltirdi: suratda — gulzor, xilma-xil daraxtlar; ularning shoxlarida sayrab turgan rango-rang, go‘zal qushlar; chor atrofda — sharillab oqib turgan ariqlar, ochilib turgan gullar — dildor bir manzara tasvirlangan edi. Navoiy o‘zi esa bu suratda hassaga suyanib turgan holda tasvirlangan, uning oldidagi tabaqlar oltin va kumush sochiq bilan to‘la edi. Alisher bu suratni ko‘rib quvondi va tahsin o‘qidi. Keyin u mehmonlariga murojaat qilib so‘radi: “Bu ajib suratga baho va maqtov borasida sizlarning xayolingizga nimalar kelayotir?” Alisherning ustodi va Xurosonning eng mashhur kishilaridan biri Mavlono Fasihiddin dedi: “Bu ochilgan gullarni ko‘rganimda, qo‘limni uzatib, ulardan birini uzib olib, sallamga taqqim keldi”. Alisherning doimiy suhbatdoshi va nadimi Mavlono Sohib Doro dedi: “Menda ham shunday tilak tug‘ildi, ammo men, agar gullarga qo‘l uzatsam, bu qushlar cho‘chib, uchib kstmasmikinlar, deb qo‘rqib turibman”. Alisherning doimiy hazilkashi, Xuroson latifago‘ylarining peshqadami Mavlono Burhon aytdi: “Men ham suratga qarab, jim va qimirlamay turishim lozimligini tushundim, chunki Amir Alisher hazratlari g‘azabga kelib, qovoqlarini solib olmasinlar”. Xurosonning zariflaridan (qiziq so‘z ustalaridan biri), Alishsr tomonidan “latifatarosh” deb nom olgan Mavlono Muhammad Badaxshiy aytdi: “O, Mavlono Burhon, agar odobsizlik bo‘lmasa edi, men Alisherning qo‘lidagi hassani olar edimu, shu so‘zlaring uchun boshingga bir solar edim”. Alisher hazratlari dedilar: “Aziz suhbatdoshlar, yaxshi so‘zlar aytdingiz va so‘z durdonalarini sochdingiz. Minnatdorman. Agar Mavlono Burhon shudag‘allik va odobsizligini qilmasa edi, men shu tabaqlardagi oltin va kumushlarni sizlarning boshlaringizga sochmoqchi bo‘lib turib edim”. Majlis axdi zavqlanib kuldi. Shundan keyin Alisher Behzodga egar-jabduqlari bilan bir ot hadya qildi, majlis ahlining har biriga esa qimmatbaho to‘nlar kiygizdi» (194-195).
“Makorim ul-axloq”dan: “Bir kuni saxovat maydonining egasi (Alisher) burungi zarif kimsalardan o‘zining qiziq ko‘rinishi va ajoyib so‘zlari bilan mumtoz va mustasno bo‘lgan Mavlono Shahobiddin Mudavvinga, marhamat yuzasidan, egar-jabdukdi bir ot in’om qildi. Bu iltifot munosabati bilan Mavlono o‘zini Oliy hazratning (Alisherning) xos (eng yaqin) kishilari qatorida hisoblab xizmat va mulozimatni haddin oshirib yubordi. Masalan, har qachon otga minib biror joyga borilsa u kishi ham borib, xizmatda bo‘lar, qaytib uyga kelganda, uy eshigidan bir nafas nariga siljimas edi. Shu sababli lutf va karam manbai (Alisher) undan juda tanglikka keldi. Biroqo‘zining oliy xulqi u kishining dilini og‘ritishga va ochiqdan-ochiq o‘z mulozimatidan qaytarishga yo‘l qo‘ymas edi. Shu sababli xizmatchilardan biri, Alisherning buyrug‘i bilan, o‘g‘rilik tariqasida Mudavvinning uyiga yo‘llandi va otini olib, tezlik bilan bozorga keltirib sotdi. Mavlono u odamni haqiqatan o‘g‘ri hisoblab, uning orqasidan qidirib, ikki tosh yo‘lni piyoda bosdi. Otdan hech asar topmagach, bu voqeadan hayron bo‘lib yana izzatdengizi Amirning (Navoiyning) mulozimatiga yugurdi va o‘zining sargardonlik kayfiyatig‘gi arz qildi. Oliy hazrat: «Biz otingning bahosini beramiz, shu shart bilanki, bundan so‘ng ot saqlamaysan va otga mingan (safarga otlangan) chog‘imizda bizga ham bosh og‘rig‘i bo‘lmaysan”, dsdi. U rozi bo‘ldi. Shu choqda Amir ma’lum miqsor aqchani Mavlonoga beringiz, deb buyurdi. Hiylakorlik qilgan kishi Mavlonoga to‘qson to‘rt tanga sanab berdi. Mavlono taajjublanib: “In’om qilingan aqcha yuz tanga bo‘lishi kerak, nima uchun olti tanga kam?” dedi. Suhbatda hozir bo‘lganlardan biri: “Mavlono, afsuski, otingizni shundan ortiqqa olmadilar”, dedi» (64). “Majolis un-nafois”dan:
Navoiy guvohlik beradi: “Mavloio Hasanshoh— Xuroson-ning qadimiy shuarosidindur. Shohrux Mirzo zamonidin bu farhunda davrong‘acha (Sulton Husaynning podshohlik davrigacha) ko‘proq salotin va akobir va mutaayyin elga (mashhur kishilarga) madhi va marsiyasi bor…” (75).
“Badoe’ ul-vaqoe’”da Vosifiy hikoya qiladi: “Mavlono Hasanshoh juda og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan edi. U o‘z o‘g‘liga dedi: «Boshingga ko‘k o‘ra, to‘n kiy va amir Alisher oldiga bor. Seni bu ahvolda ko‘rgan amir: «Nima uchun motam libosidasan?” deb so‘raydi, albatta. Sen: “Otam bechora dunyodan o‘tdilar” degin. Alisher albatta meni dafn etish uchun senga biror mablag‘ beradi. Pulni olib, bozorga bor va ovqot olib kel»… Mavlononing o‘g‘li otasi aytgan ahvolda Alisher oldida paydo bo‘ldi. Amir Alisher undan: “Nima bo‘ldi, motam kiyimidasan?” deb so‘radi. “Otam vafot ettilar, amonatni xudoga topshirdilar”, dedi o‘g‘il. Amir Alisher ko‘ziga yosh oldi va: “Ey, afsus, mavlono Hasanshoh davrimizning nodir kishilaridan edi”, dedi va o‘g‘ilga uch yuz xoniy pul in’om etdi. Mavlononing o‘g‘li quvonchidan o‘zida yo‘q bozorga chopdi va aytilgan ovqotni sotib olib, uyiga keltirdi. Ertasi kuni Mavlono Hasanshoho‘zi Navoiy oldiga kirib keldi. Uni tirik ko‘rgan Alisher kulib yubordi, o‘zini kulgudan tutolmay devorga suyanib qoldi va dedi: “Mullo, siz o‘lgan edingiz-ku? Nima bo‘ldi?” Mavlono Hasanshoh dedi: “Ey, ulug‘ amir, agar siz kecha bizga pul in’om qilmagan bo‘lsangiz edi, men bugun o‘lgan bo‘lur edim”. Hasanshohga Alisher yana yaxshi sarupo va ming dinor pul in’om qildi».
***
(“Navoiyning qalb daftari” kitobiga yozilgan taqrizida prof. A.Hayitmetov Navoiyning muhabbati haqida quyidagicha fikr aytgan: «Keyingi tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, u (ya’ni Navoiy) kimligi biz uchun noma’lum bo‘lib kelayotgan bir qizni sevgan. Qiz ham unga yomon munosabatda bo‘lmagan, iltifotlar ko‘rsatgan. Afsuski, qiz erta vafot etgan. Qiziing vafoti Navoiydan olisda ro‘y bergan. Shu ko‘ngilsiz fojiadan keyingina Navoiy o‘zining unga bo‘lgan muhabbati cheksiz va beqiyos ekanini bilib qolgan. Bu muhabbat o‘ti uning qalbida umrining oxirigacha so‘nmagan. Shu sababli shoir o‘zining birinchi muhabbatiga sodiq qolgan — uylanmay o‘tgan. Uning:
Bor edi, ul hamki, bir chog‘ bizga yore bor edi,
Kulli ar yor o‘lmasa, filjumla bore yor edi…
matlai bilan boshlangan g‘azali fikrimizni ma’lum darajada tasdiqlay oladi. G‘azalning oxirrog‘ida:
Go‘yiyo shukr etmadimkim onsiz o‘lmishmen bu dam,
Ul quyoshimni yoshurg‘on charxi kajraftor edi…
degan bayti ham bor. Navoiyning, aftidan, o‘sha qiz vafoti haqida xabar kelishi munosabati bilan yozilgan quyidagi ruboiysi ham… bu jihatdan juda xarakterlidir:
Yoshung‘on emish qaro bulugqa mohim,
Gardunni sovurmoqlig‘ erur dilxohim.
Kirmish qaro tuproqqa quyoshdek mohim,)
Izzat Sulton
“Sharq yulduzi”, 1970.12-son
Fikr qoldirish#