Hozirgacha bizga ma’lum tarix va adabiyotshunoslikka oid manba va zamondosh olimlarimiz tadqiqotlarida Nosiriddin Muhammad Humoyun podshohning (1508-yil 6-mart – 1556- yil yanvar) nujum, fiqh va adabiyot, musiqa sohalaridagi faoliyati xususida ma’lumot berilar ekan, bulardan uning faqat adabiy merosi – forsiy turkiyda bitgan she’rlar devoni haqida xabar qilinadi, xolos.
Shoir va adabiyotshunos Mutribiy Samarqandiy(1556 – 1630y.) ning yagona qo‘lyozma nusxasi Angliyada saqlanuvchi va haligacha deyarli tadqiq etilmagan, biroq yaqinda sharqshunos olim Ismoil Bekjonov tomonidan Eronda ko‘p nusxada chop etilgan “Nusxayi zeboyi Jahongir” tazkirasi (1625 – 1628 y.)da esa nodir bir ma’lumot keltirilgan bo‘lib, unda aytilishicha, Humoyun podshoh yuqorida eslatilgan sohalarda ham ilmiy asarlar yaratgan va ularni jamlab “Nusxayi Humoyuniy” nomi ostida kitob tartib bergan. 1580-yil oxiri – 1590-yillar boshida Mutribiy mazkur kitobning Humoyun podshoh o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan nusxasini Buxoroda Abdullohxon Ikkinchi (v. 1598 y.) saroyi kutubxonasida “ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lgan”. Asarning asl nusxasi Hindistonda Akbar bin Humoyun (v.1605 y.) saroyida saqlangan bo‘lib, Akbar ltasining bu kitobidan nusxa ko‘chirtirib, Eron shohiga ham yuborgan ekan. Mutribiyning mazkur xabarlari “Nusxayi zeboyi Jahongir”ning Akbar podshoh fazilatlari ulug‘langan qismida quyidagicha tavsif etiladi: “Agar bu podshoh (Akbar)ning adolatligiga doir voqealarni yillab yozilsa ham sanab, oxiriga yetib bo‘lmaydi.
Ul oliy sha’nli podshohning xalq haqida ko‘rsatgan saxovat va xayru ehsonlari ham haddan tashqari bo‘lib, shulardan bir necha voqealarni bu o‘rinda bayon etsak, ishimizga xalal yetmas deb o‘ylaymiz…Birinchi voqea. Eron shohlaridan biri ul olampanoh podshohning buzurgvor otasi Humoyun podshoh ta’lif etgan “Nusxayi Humoyuniy” kitobini so‘rattirgan ekan va bu g‘oyatda nazokatli va sharofatli kitob bir nechta risolani o‘z ichiga oladi: birinchisi, islom qonunlari va iymon sharoitlari va uning buyruq va ustunlari bayoni; mo‘min va yaxshi mo‘minni tanimoq; ikkinchi risola, ilmi nujum, kavkab (sayyora) va falaklar sayri, Oy va Quyosh manzillarini aniqlash, burjlar aylanishi, to‘rt faslning ta’siri, yer kurrasini tabaqalari bilan birga bilish, yetti iqlim suvrat-ko‘rinishlari va uning xususiyatlari, rasad bog‘lamoq va mazkur fanga taalluqli boshqa narsalar; uchinchi risola, musiqa ilmi va bu fanning kelib chiqishi, o‘n ikki maqlm, 24 sho‘ba, 6 ovoz, 17 usul o‘lchovi va musiqa sohasiga oid boshqa narsalarni bilish; to‘rtinchi risola, she’r ilmi, aruz va qofiya ilmi, she’rda tabiiy va masnu’ usuli, mezon va qiyin usullar qoidalari va she’r ilmiga oid boshqa narsalar.
Bu faqiringiz ushbu sharif kitobni Abdullohxonning kitobxonasida muallif (Humoyun podshoh)ning muborak xati bilan bitilgan nusxasidan mutoala qilgan edim. G‘oyatdda benazir va ajoyib, dilga yoqar asar bo‘lib, o‘qigan odamning aqli shoshar va hayrati oshar edi.
Podshoh g‘ozi (Akbar podshoh) Eron shohining iltimosini bajo keltirib, kitobni xushnavis kotibga ko‘chirtirib, yoniga 721 dona ashrafiy tilla tangani ham qo‘shib yuboribdi va unga bir tushuntirish maktubi ham ilova qilibdi…”
Hindiston, Eron va O‘rta Osiyoda qo‘lyozma nusxalari tarqalgan “Nusxayi Humoyuniy”ning XVII asrdan keyingi qismati ne kechdi? O‘rta Osiyoda-ku, islomiy madaniyatga qarshi o‘tkazilgan qirg‘in oqibatlari bizga yaxshi ma’lum. Biroq Hindiston va Erondagi qo‘lyozma nusxalar ham nahotki izsiz yo‘qolib ketgan bo‘lsa? Bizning-cha, u qo‘lyozma nusxalar yo‘qolmagan, ko‘plab o‘rganilmay kelayotgan qo‘lyozma asarlar qatori hozirgi zamon olimlari nazaridan panaroqda yotgan bo‘lsa ajab emas. “Nusxayi Humoyun”ning mazkur qo‘lyozma nusxalari topilsa, Mutribiy ma’lumotlariga yana ham oydinlik kiritishi, eng muhimi, Humoyun podshohning aqliy salohiyati va ilmiy qobiliyati yana bir karra namoyish etilgan bo‘lardi.
Ismoil Bekjonov.
“Milliy tiklanish”gazetasi.
1999-yil. 2- mart
Fikr qoldirish#