Amir Temur tarixini yoritishga bag‘ishlangan manbalarni o‘rganish, qayta-qayta mutolaa qilish ularda Sohibqironga xos ko‘pdan-ko‘p xislatlar o‘z ifodasini topganligi borasida mulohaza yuritish imkoniyatini tug‘diradi.
Buyuk ajdodimizning suvrati va siyrati haqida gap ketganda, biz, avvalambor, uning markazlashgan davlatni barpo etish yo‘lidagi strategiyasi, jahon harb san’atining rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, diniy nuqtai nazardan jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni, el-ulus ravnaqi, xalq farovonligi, yurt tinchligi singari ustuvor yo‘nalishlardagi faoliyatiga ko‘proq diqqat qaratamiz. Bunday yondashishga e’tiroz bo‘lishi mumkin emas. Zero, Sohibqironga butun jahon ko‘lamida shuhrat keltirgan, nomini Mashriqdan Mag‘ribga qadar doston qilgan sifatlar ichida qayd etilgan jihatlar, ya’ni umum manfaatiga xizmat qilish asosiy o‘rinni egallaydi, desak aslo xato qilmagan bo‘lamiz.
Tarixiy yodgorliklarda Amir Temurga xos to‘g‘rilik, saxiylik, rostgo‘ylik, bag‘rikenglik, marhamatlilik, mehribonlik, muruvvatpeshalik, sodiqlik kabi xususiyatlar hayotiy lavhalarda real gavdalantirilgan. Ta’kidlangan jihatlarni chuqur tahlil etish Sohibqiron hayoti, serqirra faoliyatini to‘laroq bilib olishga xizmat qiladi.
1365-yili Toshkent va Chinoz oralig‘ida Jeta hukmdori Ilyosxo‘ja lashkari bilan bo‘lgan jangdan so‘ng Amir Husayn Soli Saroyga (Amudaryo bo‘yidagi shahar; keyinchalik Saroy deb nomlangan), Amir Temur esa, o‘zining yurti Keshga kelib tushadi. Behisob jangu jadallar, hayot tashvishlari va mashaqqatlaridan charchagan sarkarda biroz vaqtini osoyishtalikda o‘tkazish, muborak xotirini shod etish istagida bo‘ladi. Biroq bu baxtiyorlik uzoqqa cho‘zilmaydi. Amir Husaynning takabburligi, noqonuniy xatti-harakati ko‘pchilik dilida unga nisbatan nafrat va g‘azabning uyg‘onishiga sabab bo‘ladi. Ammo, toki Amir Temur amir Husayn bilan ittifoqdosh ekan, biror kimsa unga dushmanligini ochiqdan-ochiq namoyish qila olmasligini hamma yaxshi tushunardi. Shu sababli ikki ittifoqchi o‘rtasiga nizo solish, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish g‘arazida amir Muso, Boyazid Jaloyirning o‘g‘li Ali Darvesh va Farhod ismli shaxs Tarmarshinxonning xotinlaridan bo‘lmish O‘rdu xotun bilan til biriktirib, fitna uyushtiradilar. Ular: “Amir Temur amir Husaynga qarshi dushmanlik yo‘liga kirib, bu ishni amalga oshirish rejasi bilan mashg‘ul. Bizlar buni xayrihohlik bilan ma’lum qilmoqdamiz”, degan mazmunda yolg‘on va bo‘htonga to‘la soxta bir maktub tuzib, amir Husaynga jo‘natishadi. Amir Husayn haqiqatdan yiroq bu maktubdan xabar topgach vahimaga tushadi va u haqda xonga ma’lumot yetkazadi. Xon bir kishini yorliq bilan Sohibqiron tomon yo‘llaydi. Yorlig‘ida Amir Temur hamda maktub egalarining Samarqandga, O‘rdu xotun huzuriga zudlikda yig‘ilishi, u yerda tekshirish o‘tkazilib, da’voning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini aniqlash masalasi qo‘yiladi. Bu so‘z Sohibqironga yetgach, o‘zining haqligini isbotlash, nohaq ayblanganligini va tuhmatga qolganligini oshkor etish uchun darhol Samarqand tomon ot suradi. Amir Temurning kelishidan xabar topgan fitnachilar taftish o‘tkazilsa sharmanda bo‘lib qolish va yasoqqa tortilish xavfidan qo‘rqib, Xo‘jand tomon ravona bo‘ladilar.
Sarbadorlarni hiyla-nayrang bilan mahv etib, Samarqandni egallagan amir Husayn faoliyatida omadsizlik va baxtsizlik belgilari ko‘rina boshlaydi. Hukmdorlar obro‘-e’tibori, sha’niga munosib bo‘lmagan xasislik, ochko‘zlik, vahshiylik kabi illatlar uning vujudida yaqqol zohir bo‘ladi, mol-dunyo to‘plashga mukkasi bilan sho‘ng‘ib ketadi…
Amir Husaynga qarshi yurishlardan birida Sohibqiron beklaridan Duvarraka va Shayx Ali bahodir Qarshi yaqinida surishtirmasdan u yerda to‘xtab turgan savdo karvoni ahlini dushman xayol qilib, ular bilan jangga kiradi. G‘olib kelgan beklar savdogarlardan katta miqdordagi ipak matoni o‘lja sifatida olib, Amir Temur huzuriga keltiradilar. Masalaning asl mohiyatini tezlikda aniqlagan Sohibqiron amirlarini koyib, izza qiladi va matoni kam-ko‘stsiz egalariga qaytaradi.
Amir Temur tashabbusiga muvofiq amir Husayn va Sohibqiron o‘rtasida uzilgan do‘stlik, hamkorlik robitalarini qayta tiklashga har ikki tomondan moyillik paydo bo‘ladi. Husayn amir Muso va O‘ljaytuni o‘n ming kishilik qo‘shin bilan jo‘natib, ularga Sohibqironni rozi qilish, u bilan albatta sulh tuzish borasida topshiriq beradi. Sohibqiron va amir Husayn yuborgan elchilar Ko‘hak suviga yaqin Aliobod mavzeida uchrashadilar. Elchi tomonning yuz kishi bilan kelganligini ko‘rgan ba’zi mulozimlar Sohibqironga: “Amir Husaynning nomdor sarkardalari shulardir, agar ularni qo‘lga olsak, unda bizga qarshi turishga kuch-quvvati yetadigan o‘zga kishisi qolmaydi. Qulay fursatdan foydalanib qolish kerak”, degan mulohazani bildirishadi. Amir Temur aytilgan so‘zlarga quloq solmaydi. Aksincha, ”ahdni buzmoq mardlikdan emas” prinsipiga sodiq qolib, elchilarning hurmatini joyiga qo‘yadi. Oqibatda, ikki tomon do‘stlik va hamjihatlik ahdini yangilab, kudurat va dushmanlikni o‘rtadan ko‘taradilar.
Badaxshonda olib borilgan harbiy harakatlar paytida Sohibqironning Jahon Malik sardorligidagi ilg‘or qismi ko‘p o‘lja bilan ortga qaytayotganida dushmanlar ularning yo‘lini to‘sib, oldirgan o‘ljalarining hammasini qaytarib oladilar, ba’zi askarlarni halok qiladilar. Olti yuz o‘ttiz kishini otdan qulatib, tutqun etadilar. Mazkur noxush xabar Amir Temurga yetgach, u badaxshonliklarning bir necha o‘n baravar lashkariga qarshi jang qiladi, xavf-xatar ostida qolgan kishilarni tutqunlikdan ozod etadi. Tarixiy manbalar Sohibqironning keyinchalik ”Men ko‘pdan-ko‘p jangu jadallar qildim. Ko‘p qiyinchiliklarni boshimdan kechirdim. Ammo ushbu jangdan qattig‘ini ko‘rmadim”, degan so‘zlarini keltirgani ma’lum.
Tarixning guvohlik berishicha, Sohibqiron mamlakat ravnaqi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan, hayoti xavf ostida qolishiga qaramay har qanday shaxsni e’zozlagan, qadrlagan va munosib taqdirlagan. 1370-yili Balxdan Samarqandga qaytgan Amir Temur yaqin safdoshlari, xoslari, mulozimlari va xayrixohlarini turli siylovlar va marhamatlarga sazovor qiladi. Har bir kishining saltanatda tutgan o‘rni va mavqeiga qarab oliy mansablar hamda martabalar bilan sarafroz qiladi. Alalxusus, amir Dovudga Samarqand dorug‘aligi, Choku, Sayfuddin, Abbos, Iskandar, Olamshayx, Ardasher qavchinlarga lashkar amirligi va tavochilikni topshiradi. Sari Bug‘a, Husayn barlos, Oq bug‘a, Elchi Bahodir kabi amiru beklarni devon amiri etib tayinlaydi. Xullas, har bir kishi imkoniyatiga ko‘ra biror-bir ish yoki xizmatga ega bo‘ladi.
1371-1372-yillarda Sohibqironning lutfu marhamatiga muyassar bo‘lib yurgan bir guruh beklar, xususan, amir Muso, Zindachashm, Abu Is’hoq Yasavuriy Amir Temurga suiqasd uyushtirishga ahdlashadilar. Bu guruhga Xonzoda Abul Maoliy Termiziy hamda shayx Abul Lays Samarqandiy ham aralashib qolgan edi. Ularning rejasiga binoan, Amir Temur O‘tror yaqinidagi Qarosmon mavzeida ov bilan mashg‘ul bo‘lgan chog‘da qo‘lga olinishi kerak edi. Mazkur suiqasddan xabar topgan Sohibqiron ularni hibsga olib, so‘roq qilishga farmon beradi. Surishtirish va yuzlashtirish natijasida fitnachi guruhning isyon hamda xiyonat qilmoqchi ekanligi isbotlanadi. Shunga qaramay, Amir Temur qadimiy do‘stligi haqqi, Saroymulkxonimning bo‘lasi bo‘lganligi hamda o‘zaro quda-andalik mavjudligini hisobga olib amir Musoning gunohidan o‘tadi. Nasabi Rasul alayhis-salomning silsilasiga ulangan Xonzodaga viloyatdan chiqib ketish, shayx Abul Laysga esa, haj safariga jo‘nash buyuriladi. Zindachashm kishanlanib, Samarqandga olib ketiladi. Abu Is’hoq Yasavuriy amir Sayfuddinning iltimosiga ko‘ra Sohibqiron tomonidan butunlay afv etiladi.
Ibn Arabshoh tan olganidek, Amir Temur qo‘rqmas, shijoatli, jasoratli kishilarni yoqtirar, dovyurak va mardlarni hurmat qilar edi. Sohibqiron muayyan kishining mavjud aybini oshkora etmaslik, uning izzatini to‘kmaslikka qattiq rioya qilgan. To‘xtamishga qarshi safarlardan birida ko‘p sarkardalar mardonalik va botirlik ko‘rsatib turgan bir chog‘da Burxon o‘g‘lon ixtiyorini qo‘ldan berib, jang maydonini tashlab qochgan edi. Sohibqiron uning bu noloyiq harakatidan voqif bo‘lsa-da, chingiziyzoda yigitning aybini yopadi, sha’nini saqlab qoladi. 1398-yili Kobulning shimoli-sharqidagi tog‘li viloyat tomon Rustam mirzo qatori Burxon o‘g‘lon ham katta qo‘shinga bosh qilib yuboriladi. Sohibqiron Burhon o‘g‘lon yordamida biror ish amalga oshirilar, uning mardonaligi bilan biror muhim g‘alaba qo‘lga kiritilar degan fikrda edi. Ammo, taassuflar bo‘lsinki, Burxon o‘g‘lonning yuraksizligi bu gal ham unga pand beradi, dushmanning qorasini ko‘rmay turib, sovutini tashlab qochishga moyillik ko‘rsatadi. Sohibqiron qo‘rqoq va yuraksiz lashkarboshi o‘rniga keyinchalik shaxsiy tarbiyasi tufayli yetuk sarkarda bo‘lib yetishgan Muhammad Ozodni tayinlashda yanglishmagan edi.
Qahramonlik, javonmardlik va, ayniqsa, shaxsiy matonat yigitlik paytida ma’lum sababga ko‘ra jismonan shikast topgan Amir Temur uchun ham begona xislat emas. Savashlarda jahongir ko‘rsatgan botirlik va jasurlik, sabot va matonat xalqimizning qalb to‘ridan o‘rin olgan, tillarda doston bo‘lgan, turli afsona va rivoyatlarning tug‘ilishiga sabab bo‘lgan edi.
1379-yili Urganchni muhosara qilish chog‘ida Xorazm hukmdori Yusuf So‘fi Amir Temurni yakkama-yakka olishuvga chaqiradi. Sohibqiron raqib da’vatini ikkilanmasdan qabul qiladi. Olishuv uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ bilan orasta bo‘lgan Amir Temur o‘ynoqi tulporida handaq yoqasiga keladi va qal’a burj hamda borulari panohida bo‘lgan Yusuf So‘fini kurash maydoniga chorlaydi. Biroq Amir Temurning shiddat bilan janggohda raxsh surishini ko‘rib, o‘z so‘zidan qaytgan Yusuf So‘fi Sohibqiron bilan yuzma-yuz jang qilishdan qo‘rg‘onda qolishni ma’qul ko‘radi.
Ushbu voqeadan oz fursat o‘tmay, Termizdan keltirilgan, endigina dum berib yetilgan, tilni yoruvchi qovunlarni Amir Temur dasturxoniga tortishadi. Sohibqiron tarvuzlarni o‘z g‘animi bilan baham ko‘rmoqqa qaror qiladi va ularning bir qismini oltin laganlarda Yusuf So‘figa yuboradi. Amir Temurning zohir tantiligini o‘zi uchun haqorat yoki kamsitish deb tushungan Urganch hokimi qovunlarni suvga irg‘itadi, laganlarni esa darvozabonga in’om qiladi…
Hamidulla Dadaboyev.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007- yil 14-soni
Fikr qoldirish#