Xazon sayri tasviri yoxud Boburona uslub Benihoyat to‘lqinlanib, o‘zlari olgan ilhom, zavq-shavq va hayratni yashirmay, yuksak badiiy pardalarda tarannum qilgan. Hozirgi adabiyotshunoslik atamalari bilan izohlaganda, peyzajning betakror ko‘rinishlarini ijod etgan. Alisher Navoiyning “Munshaot” asarida jamlangan 107 ta maktubdan to‘rttasi to‘rt faslga atab yozilgan. Uchinchisi aynan kuz fasliga bag‘ishlangan. Ulug‘ shoir mazkur maktubida kuzni vasf qilib, bir ruboiy, uch masnaviy bitgan. Oltin kuzni nazmda:
Ne xazonida barg ayshini soch,
Yuz uza zaʼfaron do‘konin och,
- deb, nasrda esa: “Mundoq faslki, hech fasl nishotg‘a mundin loyiqroq emas va mundoq vaqtki, hech vaqt ayshqa mundin muvofiqroq kishi nishon bermas”, deya taʼriflaydi.
So‘z ustasi, shoh va shoir Boburning “Boburnoma” asarini mutolaa qilar ekanmiz, mazkur to‘rt fasl haqidagi haqqoniy, taʼsirli manzaralarga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, “Boburnoma”da keltirilgan xazon sayri — kuz sayri haqidagi manzara va voqealar bayoni g‘oyat qiziqarli.
Hamisha tabiatning oshig‘i bo‘lgan Bobur “Boburnoma”da kuz fasliga xos bo‘lgan ayrim noyob manzaralarni mahorat bilan tasvirlagan. Qizig‘i shundaki, manzarani Yoqubjon Isʼhoqov va Malikushshuaro Bahor kabi atoqli olimlarning uslub haqidagi ilmiy-nazariy fikrlari bilan baholasak, turkona hamda klassik uslubni qo‘shgan holda, yaʼni boburona uslubda tasvirlagan ham, taʼbiga loyiq ulfatlari bilan ushbu xazon sayriga chiqishni uyushtirgan ham, sarfu xarajat qilgan ham, taʼsirlangan ham, tasvirlagan ham shoh va shoir Boburning o‘zidir. Shu sababli bo‘lsa kerak, xazon sayri voqealari va manzaralarining bayoni, falsafiy talqini asarda chuqur samimiyat bilan bitilgan. Ularni asardagi eng tabiiy voqea, manzara, peyzaj tasvirlaridan biri, desak ham aslo xato bo‘lmaydi. Masalan, Bobur Istarg‘achdagi bog‘ni kezar ekan, bir olma daraxti tagidagi xazonga ko‘zi tushadi. Shoh va shoirning ko‘zlari quvnab, aqli lol qolib, “...bir olma niholi yaxshi xazon bo‘lub edi, har qaysi shoxida besh-olti barg siyoh bila qolib edi, andoqkim agar naqqoshlar takalluf bila tortsalar, oncha torta olmag‘ay edilar”, deb lutf etadi. Eʼtiborli jihati shundaki, ushbu manzaraga Bobur yuksak sanʼatkorona nigoh bilan boqib, shu lahzadayoq qiyos uchun musavvir ishini ham eslab (balki naqqosh deb temuriylar Uyg‘onish davrida yetishgan yetuk musavvir Kamoliddin Behzod ishini xotirlab, qiyosga tortgandir — B.R.), Alloh yaratgan bunday hayratomuz tabiiy manzarani engmohir, usta musavvir ham chizishi amrimahol ekaniga nozik ishora qilgan. Shu bilan birga, kitobxonga qarata gohida hayotdan, tabiatdan, kuzdan zavqlanish kerakligini ham eslatgan va yon-atrofni kuzatishni o‘rgatgandek bo‘ladi.
“Boburnoma”ning 1518-1519-yil voqealari bayonida Boburning atrofi xushmanzara, bahavo, sharqirab oqqan soylari va mevazor bog‘lari bilan mashhur, bugungi lafz bilan aytsak, ekoturizmga boy Istalif, Behzodiy, Istarg‘ach (Kobul viloyatidagi kentlar)ga xazon sayri — kuz sayri haqidagi hayotiy voqeani o‘qiymiz. Maʼlum bo‘lishicha, shoh bir muddat kishilardan ajralib, davlat ishlaridan chekinib, xazon sayriga otlanadi. Fikrimizcha, tarixda o‘tgan boshqa hukmdorlar hamkuz sayriga chiqqandir, ammo xazon sayridan olgan taassurotlarini, topgan oromu fayzini sheʼrda yoki nasrda bayon qilishga so‘zi, qalami ojizlik qilgan bo‘lsa, ne ajab! Boburning yozishicha, xazon sayri dushanbadan shanbagacha, yaʼni dastlab Kobul viloyati atrofidagi Istalif, Behzodiy kentlarida, keyin esa Istarg‘achda bo‘lib o‘tgan.
Kitobdagi ushbu voqealar bayoniga diqqat qilsak, xazon sayriga chiqishdan avval, yaʼni dushanba kuni chog‘roqqina bir hujrada suhbat bo‘lib o‘tadi. Suhbatda Boburning yaqinlaridan o‘n olti kishi qatnashadi. Shohning xazon sayriga chiqish rejasi avvaldan aniq bo‘lsa-da, ushbu majlisda u bir qarorga keladi va ertasi kuniyoq sayrga otlanadi: “Dushanba kuni xazonsayriga Istalif (Kobul viloyatidagi kent)g‘a borildi. Bu kecha yomg‘ur bisyor yog‘di. Mening bila kelgan beklar va ichkilar aksar mening chodirimg‘akim, Bog‘i Kalonning ichida tikilib edi, kirdilar. Tonglasi ushbu bog‘da chog‘ir majlisi bo‘ldi... namozi peshin Istalifdin otlanib... Namozi digar bo‘la Behzodiyg‘a kelduk. Xazonlar asru ko‘b bo‘lub edi. Xazon sayri asnosida chog‘irg‘a moyil hariflar chog‘ir angizi qila boshladilar... Chun xazonlar asru xo‘b bo‘lub edi, xazon bo‘lg‘on daraxtlarning tubida o‘lturub, chog‘ir ichildi”. Hayot va tabiatdagi go‘zalliklarning tajassumi sifatida gavdalangan bu singari tasvirlar, birtomondan, “Boburnoma”ning chuqur hayotiy mazmunidan, undagi o‘ta haqqoniy tasvirdan xabar bersa, ikkinchi tomondan, inson o‘n sakkiz ming olam bilan mustahkam bog‘liq ekanini ko‘rsatib, eslatib turadi.
Asarda ifodalangan manzara va holat “Boburnoma”ning eng yaxshi, sara tasvirlari jumlasidan bo‘lib, mazkur tasvirlar qaysidir maʼnoda Bobur shaxsini ochishga ham xizmat qiladi. Odamlar yig‘ilgan davrada baland-past gap-so‘zlar kechishi tabiiy holat bo‘lganidek, xazon bo‘lgan daraxt ostida kechgan gurungda ham shunday gap bo‘lib o‘tadi. Yaʼni xazon sayriga kelganlardan biri — Abdulla kitobdor mast holda Mulla Mahmud xalifaga noo‘rin gapiradi. Til balosidan andisha va iztirobga tushgan Abdulla kitobdor noo‘rin gapi uchun undan uzr so‘raydi. Bobur chorboqqa qaytadi: “Namozi xuftang‘acha o‘shul yerda o‘q suhbat edi. Mullo Mahmud xalifa (Boburga fiqhdan dars bergan ustozi — B.R.) keldi. Ani ham suhbatg‘a chorladuk. Abdullo xeyli mast edi. Xalifa tarafidin bir so‘z chiqti. Mullo Mahmudtin g‘ofil bu misraʼni o‘qudikim: Bar har ki bingari, ba hamin dog‘ mubtalost. (Tarjimasi: Kimga qarasang, shu dardga mubtalodir). Mullo Mahmud hushyor edi. Abdullog‘a hazl tariqi bila bu misraʼni o‘qug‘on jihatidin taarruzlar qildi. Abdullo voqif bo‘lub, iztiroblar qilib, xeyli shirin guftgo‘lar qildi” (179). Agar xazon bo‘lgan daraxt ostida bo‘lgan voqea bayoniga diqqat qilsak, Abdulla kitobdor, Mulla Mahmud xalifa o‘rtasida kechgan voqea, gap-so‘zlar tasvirida muallifning xazon sayri haqidagi tasvir, taassurotlari go‘yo ikkinchi o‘ringa tushib, Abdulla kitobdor va Mulla Mahmud xalifa munosabatini kuzatish birinchi darajaga chiqqandek tuyuladi. Chunki bu lavhada adib sifatida atrofidagi odamlar bilan bog‘liq mayda detallarni kuzatishdan sira charchamagan Bobur shaxsi yana bir karra ochiladi. Xazon sayri bo‘lgani uchunmi, u ikki mulozimining munosabati xususida ochiq fikr bildirmaydi, yaʼni birini oqlab, ikkinchisini qoralamaydi. Ammo kitobda bu kabi holat va munosabatlarni yozganda, muallif o‘z qarashini ochiq aytgan yoki keskin fikr bildirgan o‘rinlar ham talaygina.
Bobur yana xazon sayriga chiqadi, hammasi reja asosida. O‘zi bilan yuz shohruxiy (pul birligi) oladi. Sababi, u to‘xtamoqchi bo‘lgan xonadon egasi Turdibek kambag‘al yashardi; uni tashvishga yoki xijolatga qo‘ymoqchi emas. Mazkur lavhada ham shoh va shoir Boburning mardona, shohona shaxsi ochiladi. Birinchidan, yodimizga memuarning boshqa voqealar bayonida mulk egalari yoki vorislarini rozi qilib, haqini to‘lab sotib oldim, deb bitilgan izoh, xabarlar kelsa, ikkinchidan esa bandaning haqini bilish, rozi qilish, peshona teri qurimasdan mehnat haqini to‘lash ham odamlarni qadrlashning, sevishning, yaxshilik qilishning eng go‘zal, yuksak namunasi ekanini uqtiradi. Chunonchi: “Panjshanba kuni xazonlar sayri qilib, kech namozi shom Chorbog‘qa kelib tushtum. Shanba kuni, oyning o‘n sakkizida Chorbog‘din tun yarimida otlandim, tunqator va axtachini yondurdum. Mullo Boboning ko‘prugidin o‘tub, Devarin tangisi bila chiqib, Qush Nodir va bozorlarning korizi bila Xirsxona orqasidin evrulub, erta sunnat vaqtida Turdibek Xoksorning korizig‘a keldim. Turdibek xabar topib, iztirob bila yugurubchiqti. Turdibekning qalloshlig‘i maʼlum edi. O‘zum bila yuz shohruxiy olib borib edim. Turdibekka berdim, dedimkim, chog‘ir va asbob tayyor qilg‘ilkim, xilvat va lavandona (forscha: bo‘sh; yalqov, dangasa; bekorchi) suhbat tutar xayolim bor. Turdibek chog‘ir uchun Behzodiy (Kobul viloyatidagi kent, otda bir kunlik yo‘l) sari bordi. Otimni Turdibekning qo‘lidin bir qo‘lga yibordim. O‘zum korizaning orqasida bir pushta (forscha: tepa, balandlik)da o‘lturdum. Bir pos (soqchi, qorovul) bor edi kim, Turdibek bir ko‘za chog‘ir kelturdi. Ikkovdin-ikkov ichmakka mashg‘ul bo‘lduk. Turdibek chog‘irni keltururda Muhammad Qosim barlos va Shohzoda voqif bo‘lubturlar. Mendin xoli endi Turdibek so‘ngicha yayoq keldilar, suhbatg‘a chorladuk... Xayolimda bu edikim, elni g‘ofil qilib, yolg‘uz otlanib, Istarg‘ach (Kobul viloyatidagi kent)g‘a borg‘ayman. El voqif edi, muassar bo‘lmadi. Oxir naqora vaqtida otlandim. Turdibek bila Shohzodag‘a xabar qilib, uchovlon otlanib,Istarg‘ach sari mutavajjih bo‘lduk. Farz vaqtida Istalifning oyog‘i Xoja Hasang‘a yettuk. Bir zamon tushub… xazon sayri qilduk. Oftob chiqa Istalif bog‘ig‘a tushub, uzum yeb, otlanib, Istarg‘ach tavobindin Xoja Shihobg‘a tushub uyquladuk. Ota Miroxo‘rning uyi ul orada ekandur. Uyg‘ong‘uncha osh pishirub, bir ko‘za chog‘ir hozir qilibtur. Xeyli yaxshi xazon edi. Bir necha piyola ichib, otlanduk. Namozi peshin Istarg‘achda bir yaxshi xazonlik bog‘da tushub, suhbat tutuldi. Bir lahzadin so‘ng Xoja Muhammad Amin keldi. Ul kuni va oqshomi Kobuldin Abdullo, Asas, Nurbek, Yusuf Ali keldilar. Sabohi osh yeb otlanib, Istarg‘achning oyog‘idagi podshohiy bog‘ini sayr qilildi... Istarg‘achdin otlanib, Xoja Hasanda osh yeb, namozi shom Behzodiy kelib, ...Tonglasi, seshanba kuni Kobul chorbog‘ig‘a kelildi”.
Shoh va shoir Boburning xazon sayriga chiqishi hamda taassurotlari uning “Xazon yaprog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sarg‘ardim, Ko‘rub rahm aylagil, ey lola ruh, bu chehrai zardim” matlasi bilan boshlanuvchi, olti baytli, hasbi hol xarakteridagi, oshiqona ruhdagi, o‘qishli g‘azalining va boshqa shu mavzudagi sheʼrlarining yozilishiga sabab bo‘lgan. Ko‘plab taniqli ijodkorlarning ijodini kuzatganimizda, donishmand kuz fasli haqidagi sheʼrlar talaygina ekanini ko‘ramiz, ammo biz kuzatgan ijodkorlar ijodida xazon sayri — kuz sayri haqidagi tasvirga deyarli ko‘zimiz tushmadi. Demak, Bobur yaratgan xazon sayri tasviri yagona va betakror poetik tasvir sifatida tahsinga loyiq hamda mazkur xazon sayri tasvirini alohida yangi mavzu deyish ham mumkin.
Burobiya Rajabova. Yangi O‘zbekiston. 2020 y. №198.
Fikr qoldirish#