Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Yulduzlar ilmidan osmon qadar yuksalgan alloma

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining qadimiy va mo‘tabar maskani —Xastimom dahasida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi binosi bilan tanishib, uning asosiy peshtoqini qurishda Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasidan andoza olish kerakligi haqida g‘oyat muhim taklifni ilgari surdi. Ushbu taklifning tarixiy ahamiyatini anglash uchun sulton Ulug‘bek hayoti va ilmiy merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. “(Ulug‘bek ko‘ragon) Samarqandda bir oliy madrasa bino qildikim, bezagi, afzalligi va ulug‘vorligi jihatidan unga o‘xshashi yetti iqlimda ham yo‘qdir”, — deb yozadi tarixchi Davlatshoh Samarqandiy. Zahiriddin Muhammad Bobur esa bu muhtasham inshoot haqida: “Bu imoratning latofatini yozuv qalami va bayon raqami bilan tasvirlash mumkin emas”, — deydi.Biz odatda madrasa deganda, diniy taʼlim muassasasini tushunamiz. Biroq 1417-1420-yillarda Ulug‘bek tashabbusi va doimiy eʼtiborida qad rostlagan ushbu taʼlim muassasasi bugungi kundagi haqiqiy akademiya maqomidagi taʼlim va ilmiy tadqiqot o‘chog‘i edi. Mirzo Ulug‘bek ushbu madrasani shunchaki qurdirmagan, balki bu maskan uning hayotida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan. Tarixchi Zayniddin Vosifiyga ko‘ra, Ulug‘bek madrasa qurilishining har bir bosqichini shaxsan nazorat qilib borgan, hatto madrasa binosi bitgach, unga kim mudirlik qilishi, kimlar dars berishi, mudarrislar qanday bilim va malaka talablariga ega bo‘lishi lozimligigacha aniq belgilab bergan. Ahamiyatlisi, Ulug‘bekdan keyingi davrlarda ham bu madrasani kim boshqarishini Samarqand hukmdorlari shaxsan hal qilganlar. Ushbu vazifa Bobur Samarqandni egallaganida uning zimmasiga tushgan. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarining yettinchi majlisida shunday yozadi: “Ulug‘bek Mirzo — donishmand podshoh erdi. Kamolati bag‘oyat ko‘p erdi. Yetti qiroat bila Qurʼoni majid yodida erdi. Hayʼat va riyoziyni xo‘b bilur erdi. Andoqkim, zij bitdi va rasad bog‘ladi va holo aning ziji oroda shoyeʼdur. Bovujudi bu kamolot gohi nazmg‘a mayl qilur”.


Tarixchi va shoir Davlatshoh Samarqandiy o‘zining “Tazkirat ush-shuaro” (“Shoirlar bo‘stoni”) asarida Ulug‘bek haqida quyidagilarni yozadi: “Ammo olim, odil, g‘olib va himmatli podshoh Ulug‘bek ko‘ragon yulduzlar ilmida osmon qadar yuksalib bordi, maoniy ilmida qilni qirq yordi. Uning davrida olim va fozillar martabasi nihoyat baland cho‘qqiga ko‘tarildi”.G‘iyosiddin Jamshid Koshiyning o‘z otasiga yo‘llagan xati Ulug‘bek davrida Samarqandda hukm surgan ilmiy-maʼnaviy muhit haqida ishonchli va batafsil maʼlumot beruvchi tarixiy manba hisoblanadi.Muhammad Boqiriyning fikricha, ushbu qo‘lyozma Ulug‘bek bilan doimiy muloqotda bo‘lgan, uning ilmiy majlislarida ishtirok etgan shaxs tomonidan yozilgan birlamchi manba ekani bilan ham qadrlidir.Koshiyning birinchi xati Tehronning Sipohsolor masjidi kutubxonasidan topilgan bo‘lib, 1940-yilda eronlik olim M.Tabataboiy tomonidan nashr etilgan. Keyinchalik ingliz, arab, turk, rus va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilinib, olimlar eʼtiborini o‘ziga jalb qilgan. Maktub akademik D.Yusupova tomonidan 1979 yilda rus tilida, 1996 yilda o‘zbek tilida, 2009 yilda lotin alifbosida chop etilgan.Eronlik olim M.Boqiriy kutilmaganda Tehronning Majlis kutubxonasida maktubning ikkinchi nusxasi saqlanayotganini aniqladi va uni ilmiy muomalaga kiritdi. Jamshid Koshiyga tegishli mazkur ikkinchi nusxasini o‘zbek ilmiy jamoatchiligiga nisbatan nomaʼlum bo‘lgan manbalar qatoriga kiritish mumkin. Asarning o‘zbek tiliga tarjimasi mavjud emas. Biz Jamshid Koshiyning o‘z otasiga yo‘llagan maktubini Tehron nusxasi asosida tarjima qildik.Maktubda Ulug‘bekning beqiyos ilmiy salohiyati, ilm-fanga eʼtibori va homiyligi, Samarqandda shakllangan matematika va astronomiya ilmiy maktablari, Ulug‘bek rasadxonasining qurilishiga oid tarixiy manbalarda uchramaydigan qimmatli maʼlumotlarni o‘qish mumkin. Taʼkidlash kerak, ushbu maktubdagi baʼzi maʼlumotlar uning birinchi nusxasida ham uchraydi. “(Quyidagi) maktub xati hakimlar va muhandislarning buyuk iftixori mavlono G‘iyosul-milla vad-din Jamshid Koshoniy tomonidan Koshon shahriga, o‘z otasiga saltanat poytaxti Samarqanddan u yerda rasad ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib turgan vaqtida yozilgandur”, — deyiladi maktub avvalida. Alloma otasiga bergan vaʼdasiga muvofiq Samarqandda faqat astronomiya ilmi bilan mashg‘ul bo‘lgani, bor diqqat-eʼtiborini ushbu fanga qaratayotganini taʼkidlaydi. Samarqandga ilk marta kelganida mahalliy olimlar uni diqqat bilan kuzatgani, turli savollar so‘rash orqali uning matematika va astronomiyaga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazganlarini yozadi. “Bundan maqsad”, — deydi G‘iyosiddin Koshiy, — Ulug‘bek huzurida obro‘ va maqomga ega bo‘lgan olimlar saltanat poytaxtiga taklif etilgan yangi mehmon o‘zlaridan bilim va tajriba jihatidan ustun bo‘lish yoki bo‘lmasligini aniqlash edi”. Mirzo Ulug‘bek olimlar huzurida ushbu fanlarga oid turli muammolar bo‘yicha bahslar tashkil etishni odat qilgan va baʼzi masalalarning ilmiy muhokamasi bir-ikki oylab ham davom etgan. Bundan maʼlum bo‘ladiki, Ulug‘bek davrida olim va tadqiqotchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, Samarqandda ilmiy muhit o‘zining yuksak bosqichiga ko‘tarilgan.Ulug‘bek Samarqandda faoliyat ko‘rsatayotgan olim va mudarrislar, madrasa talabalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun 30 ming dinor kepakiy mablag‘ ajratgan. Shundan 10 ming dinor talabalarga yo‘natirilgan. Ushbu moliyaviy yordamni oluvchi talabalar soni 10 ming nafardan oshiqni tashkil qilgan va ularning nomlari maxsus qayd etib borilgan. Mazkur mablag‘ hozirgi kun hisobida o‘rtacha 32 milliard so‘mni tashkil etadi. 10 ming talabaga 10,6 milliard so‘m ajratilganini eʼtiborga olsak, har bir talaba o‘rtacha 1 million so‘mdan moddiy yordam olganini anglash mumkin. O‘rta asrlar hisob-kitobida bu katta xarajatni tashkil qilgan.Samarqandda 500 nafar talaba matematika fani bilan chuqur shug‘ullangan. Jamshid Koshiy o‘z xatida allomaning so‘nggi 12 yil davomida matematika bilan doimiy mashg‘ul ekanini qayd etadi. Uning davrida matematika fani Samarqandning 12 joyida maxsus o‘qitilgan. Samarqanddagi matematika fanining saviyasi va darajasi Fors hamda Iroq yerlaridagidan misli ko‘rilmagan darajada yuqori bo‘lgan. Shuningdek, bu yerda hisob ilmi bilan shug‘ullanuvchi 24 nafar mustaxrij bo‘lib, ularning ayrimlari astronomiyadan taʼlim olgan. Xususan, ularga Yevklidning “Elements” asari o‘qitilgan.Jamshid Koshiyga Ulug‘bek saroyining nomaʼlum azimutli devoriga miqyos o‘rnatish vazifasi topshiriladi. Maqsad — quyosh soatini o‘rnatish orqali vaqtni aniq darajada bilish bo‘lgan. Ushbu vazifa amalga oshirilganidan so‘ng Qozizoda Rumiy boshchiligidagi saroyning nufuzli olimlari to‘planib, Jamshid Koshiyning yechimini turli geometrik usullar orqali tekshirgan.Koshiyning yozishicha, Ulug‘bek unga alohida topshiriq bergan. Topshiriqqa ko‘ra, masjid mehrobidan dumaloq shaklga ega shunday teshik teshish kerak bo‘lganki, qish va yozda quyosh nuri uning orqali bir muddat masjid xonaqosiga tushib, asr namozi bo‘lganini aniq bildirishi kerak edi.Ulug‘bek olimlar hamrohligida haftada bir necha marta Samarqand madrasasiga tashrif buyurib, dars mashg‘ulotlarini kuzatishni odat qilgan. U bo‘sh vaqt topildi deguncha ilmiy asarlar mutolaa qilishni xush ko‘rgan. Kitobda ko‘tarilgan masalalarni olimlar bilan muhokama qilgan. Koshiyning qaydiga ko‘ra, bir kuni Ulug‘bek o‘zi o‘qigan kitobda Abu Rayhon Beruniyning “Qonuni Masʼudiy” kitobiga havola keltirilgan bo‘lib, masala yechimi mavhum bo‘lgan va uni olimlar muhokamasiga tashlagan.Mirzo Ulug‘bek matematikani shu darajada chuqur bilganki, ilmiy muhokamalarda hech kimning uning so‘zini bo‘lishga haddi sig‘magan. Alloma madrasasi o‘qituvchilari dars mashg‘ulotlariga tunlari bilan tayyorgarlik ko‘rganlar hamda minglab usul va vositalar yordamida darsni olib borganlar.Jamshid Koshiy o‘z maktubida Ulug‘bek madrasasining eng yirik uch nafar ustozlari qatorida Qozizoda Rumiy, Mavlono Muhammad Xoniy, Mavlono Abulfathning nomlarini keltiradi. Mavlono Mhhammad Xoniy matematika, astronomiya va boshqa fanlarning bilimdoni, kuchli xotira egasi bo‘lgan. Koshiyning qaydiga ko‘ra, Mavlono Muhammad Xoniy Qozizoda Rumiyga qadar Samarqandda eng yuqori ilmiy maqomga ega bo‘lgan va ilmiy bahslarda hech kim uning oldiga tusholmagan. Mavlono Abulfathni esa Ulug‘bek Hirotdan Samarqandga olib kelgan. U islom huquqi va astronomiya fanlarini chuqur bilgan. Jamshid Koshiyning maktubida quyidagi qiziq iborani uchratish mumkin: “Sizga (ota) shu narsani maʼlum qilmoqchimanki, men bu sohaga kirganimda hamkasblarim ushbu fanning Ibn Sinolari hisoblanishardi”. Mazkur jumla shundan dalolat qiladiki, Ulug‘bek zamonida biror fanni mukammal darajada o‘zlashtirgan odamni o‘sha sohaning Ibn Sinosi deb atash urf bo‘lgan.Maktubda Jamshid Koshiy o‘ziga Ulug‘bek nomidan shunday yuqori baho beradiki, bir qarashda bunday baho o‘quvchiga nokamtarlikdek tuyuladi. “Hazrat (Ulug‘bek), Alloh taolo uning mulki va hukmronligini qiyomatga qadar abadiy qilsin, majlislar va tadbirlarda shuni takror aytadilar: “Mavlono G‘iyosiddinning iqtidori ushbu fanda Qozizodaning iqtidoridan ulug‘dir. (Shuningdek) Uning bilimi va salohiyati Qozizodanikidan yuqoridir. Qozizoda bir necha kunlab yechadigan, baʼzan yechimini xato topadigan qiyin masalalarni Mavlono G‘iyosiddin zudlik bilan yechur”.Ushbu holat Ulug‘bekka yaqin ilmiy doiralarda kuchli raqobat kechganidan dalolat beradi. Olimlar doim sultondan maqtov eshitish, uning marhamatiga sazovor bo‘lishga ishtiyoqmand bo‘lgan. Koshiyning yozishicha, Ulug‘bek observatoriyasining dastlabki chizmalari Ptolomey metodiga asoslangan bo‘lib, keyinchalik olimlar bilan o‘tkazilgan maslahatlardan so‘ng Ulug‘bek Marog‘a observatoriyasi chizmalariga asoslangan yangi rasadxona qurish bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelgan. Ushbu observatoriyaning perimetri Koshon o‘lchov birligida 200 gaz edi. Dastlabki chizmalar bo‘yicha rasadxona juda baland bino bo‘lishi rejalashtirilgan. Biroq Samarqand g‘ishtlari haddan ziyod yuqori binoni ko‘tarolmasligi ehtimolidan uning chizmalariga o‘zgartirish kiritilgan. Bino tomi tekis holatda bo‘lib, unga kuzatish ishlarini olib borish uchun astronomik asbob-uskunalar joylashtirish rejalashtirilgan.Ulug‘bekning ilmiy salohiyati haqida to‘xtalib, Koshiy quyidagilarni yozadi: “U (Ulug‘bek) arab tili grammatikasini mukammal biladi va (bu tilda) go‘zal uslubda yozadi. U arabiy, forsiy, turkiy, mo‘g‘uliy va biroz xitoy tilini ham biladi. U Musʼhafi majid (Qurʼoni karim)ni to‘liq yod biladi. Qurʼoni karim tafsirlari va hikoyatlaridan yaxshi xabardor. Shu darajada yaxshi biladiki, so‘zlaganida Qurʼoni karimdan yaxshigina iqtibos keltira oladi. O‘tgan hodisalarni xotirasida kuchli saqlab qoladi. Aruz va qofiya ilmini bag‘oyat yaxshi biladi.Anvariyning devonini to‘liq yod biladi. Zohir Faryobiyning sheʼrlarini ham biladi. Baʼzida o‘zi ham Anvariy uslubida chiroyli sheʼr yozib turadi”.


Koshiyning qayd etishicha, Ulug‘bek favqulodda kuchli xotira egasi bo‘lgan: “U (Ulug‘bek)ning xotirasi dunyo mo‘jizalaridan biridir”.Mirzo Ulug‘bek Sultoniya shahridagi yoshlik davridan boshlab qayerda, qaysijoylarda yashaganini haftasi, kunigacha aniq aytib berar, peshin namozini o‘qish uchun qayerda to‘xtab o‘tgani, tunlari qaysi yo‘l bilan yurganigacha aniq yodida saqlagan. Ulug‘bekning mulozimlari uning tarixi yozilgan qaydnomalarni olib kelib, olimlar huzurida o‘qib berganlarida barcha voqea-hodisalar Ulug‘bek aytib bergani bilan aynan o‘xshash bo‘lgan. Olimlar Ulug‘bek xotiralari asosida qachon-qayerda bo‘lganlarini bilib olganlar va o‘z kundaliklariga qayd qilib olgan. Koshiyning yozishicha, Ulug‘bek matematikada yuksak mahoratga ega bo‘lgan. Bir kuni ovga chiqqanida ot ustida 819-hijriy yilning (1416 y.) dushanba kuni Rajab oyining 10 va 15-sanalari orasida bir voqeaning qachon bo‘lganini aniqlamoqchi bo‘lgan. U otda keta turib, o‘sha kuni quyosh qaysi gradusda, qaysi soniyada, qanday burj ostida bo‘lganini hisoblab chiqadi. Ulug‘bek ushbu hisob-kitobni amalga oshirishni Jamshid Koshiyga ham aytadi. Biroq Koshiy bunday sharoitda xotirada ushbu murakkab hisobni aniqlash imkonsiz ekanini taʼkidlaydi: “Hech shubhasiz, men uchratgan birorta munajjim bu hisobni zijsiz amalga oshirolmaydi”.Bir kuni Ulug‘bek “Tuhfa” kitobidagi muammoli masalani yechadi va kitob muallifiga asosli eʼtirozlarini bildiradi. Jamshid Koshiy ushbu eʼtirozlarni diqqat bilan o‘rganib chiqib, Ulug‘bek aniqlagan har bir holat bo‘yicha o‘z dalillarini olimlar huzurida isbotlab beradi. Ulug‘bek o‘zi muhokama qilgan ilmiy masalalarni 5-6 oy, hatto yillar o‘tsa ham nozik jihatlarigacha yodda saqlay olgan.Alloma astronomiya va matematikaga oid ilmiy yangiliklar haqida eshitishni xush ko‘rgan. Jahonning qaysi mamlakatida ushbu fanlarga oid kashfiyotlar bo‘lsa, ularni o‘rganib, faoliyatiga tatbiq etishga ishtiyoqmand bo‘lgan. Yusuf Halloj ismli shaxsning o‘g‘li Misr, Shom o‘lkalarida bo‘lib, astronomiya bo‘yicha yangi uskunalarni Samarqandga keltiradi.


Jumladan, u “zarqala” nomli astronomik jihozni Ulug‘bekka taqdim etadi. O‘z navbatida, sulton o‘z olimlariga “zarqala”ni diqqat bilan o‘rganish bo‘yicha topshiriq beradi. Mirzo Ulug‘bek hayoti, ilmiy faoliyati va saltanat boshqaruvini o‘rganishda G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Fasih Havofiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Davlatshoh Samarqandiy, Alisher Navoiy, Xondamir, Bobur, Zayniddin Vosifiy va Abu Tohirxo‘ja kabi tarixchilarning asarlari qimmatli manbalar vazifasini bajaradi. Shuningdek, keyingi davrda ulug‘bekshunoslikda V.V.Bartold, Qori Niyoziy, B.Ahmedov, D.Yusupova, A.Ahmedovlarning ilmiy tadqiqotlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.Alloma hayoti va ijodi tarixini o‘rganish yana shu jihati bilan muhimki, ul zot zamonamiz yoshlariga ibrat va namuna bo‘lishga butkul munosibdir. Bugun yoshlar tomonidan ko‘p mutolaa qilinayotgan motivatsiya beruvchi bestseller kitoblar — Amerika va Yevropada katta muvaffaqiyatlarga erishgan shaxslar hayoti haqidagi nashrlar qatorida butun dunyoni ilmi, tafakkuri, ibratli hayoti bilan lol qoldirgan, dunyoviy va diniy ilmlarda tengsiz bo‘lgan sulton Ulug‘bek singari ajdodlarimiz to‘g‘risidagi kitoblar ham o‘rin olishi, qo‘lma-qo‘l bo‘lishi adolatdan bo‘lar edi. Buning uchun esa ulug‘ bobomiz haqidagi tarixiy manbalarni xalqchil shaklda nashrga tayyorlash va ommalashtirish tarixchi olimlar oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi.


Shahzod Islomov. Yangi O‘zbekiston gazetasi.

2021- yil.№ 55.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0