Sinov yoʻsinida ishlamoqda

G‘aflat uyqusidin uyg‘on, gar tilar bo‘lsang murod...

O‘zbek adabiyotining buyuk siymolaridan biri Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini qayta-qayta o‘rganish, mutolaa qilish ummon tubidagi yangi gavharlarni izlab topish bilan barobar. Buyuk shoirning sheʼr va g‘azallarini, ruboiy va masnaviylarini o‘qir ekansiz, ko‘ngilning betakror va beozor jilolariga, mehr sarchashmasining zilol mavjlariga guvoh bo‘lasiz. Shoir o‘zining bir sheʼrida yorning qaynoq muhabbatidan jon olib, jon berguvchi ekanligini tasvir etsa, yana bir sheʼrida olamga yaxshilik ko‘zi bilan qarashni, vafo va sadoqat yo‘lida murodga yetmoqlikni ixtiyor etadi.Mehr va vafo haqidagi bitiklarning gultojiga aylangan “Yaxshilik” g‘azalini kim ham sevib o‘qimaydi, deysiz. O‘sha sarson-sargardonlik yillarida ko‘plab yoru do‘stlaridan, navkarlaridan judo bo‘lgan Bobur Mirzo hijriy to‘qqiz yuz oltinchi, milodiy 1500-1501 yillarda Samarqand yaqinida ushbu baytni bitdi:

Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilik, Kimki ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilik,

Bu zamonni nafʼy qilsam ayb qilma, ey rafiq, Ko‘rmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshilik.

Bobur Hindiston safariga hozirlik chog‘ida ham, eng avvalo, sadoqatli aʼyonlariga, vafodor do‘stlariga ishonar edi. Bu ishonch va sadoqat tuyg‘ulari bir on, bir soniya so‘nmas, yorni, diyorni, yaqin do‘stlarni asrash, avaylash tuyg‘usi sira ko‘ngildan nari ketmasdi. Balki ana o‘sha yuksak tuyg‘ular Boburshohni Hind sori yuzlatgan bo‘lsa, ajab emas. Shoirning ko‘plab g‘azallarida vafo va sadoqatni, yor vasliga mushtoqlikni shundoq anglab yetish mumkin.

So‘rma holimniki bo‘ldum burnog‘idin zorroq, Jism jondin zoru jonim jismdin afgorroq.

G‘aflat uyqusidin uyg‘on, gar tilar bo‘lsang murod, Kim yetar maqsadg‘a har kim, bo‘lsa ul bedorroq.

Buyuk shoir o‘z Vatanidan olisda bo‘lsa-da, butun umri davomida yor va diyor sog‘inchi bilan yashadi. Ko‘nglidagi armon va istaklarini, hijron azoblarini go‘zal, betakror bitiklarida ifodaladi. Birgina “Boburnoma”ning o‘zida shoir ichki dunyosining turfa qirralari, ilmiy, jo‘g‘rofiy, maʼrifiy-axloqiy jihatlari ko‘zgudek aks etib turibdi. Bugungi avlod bu asarni qayta-qayta mutolaa qilib borsa, yangicha mazmun va maʼlumotlarni kashf qila olishi, shubhasiz. Ayniqsa, asar so‘ngida butun Hindistonni zabt etib, davlat boshqaruvini isloh qilish jarayonidagi o‘ziga xos ibratli fazilatlari beixtiyor eʼtiborni tortadi. Bobur deydi: “Bashar nafsi yomonlikka mayl etishdan uzoq emas. Nafsimni poklay olmadim, chunki nafs yomonlikka amr etguvchidir. Undan qaytish bag‘ishlovchi malikning lutf-marhamatidan boshqa mumkin emas”. “Bu Allohning ehsonidir. Kimga xohlasa baxsh etadi. Alloh katta ehson egasidir ” (“Boburnoma” asari).Insonlarni olijanob fazilatlarga, ahil va inoqlikka daʼvat etish, davlat ishlarini yurgizishda aqlan komillikka intilish tuyg‘ulari shoirning ko‘ngil nolalarini ham tebratib turgan.

Ahbob, yig‘ilmoqni farog‘at tutungiz, Jamʼiyatingiz borini davlat tutungiz, Chun gardishi charx budurur tangri uchun, Bir-birni necha kune g‘animat tutungiz.

Do‘st-u yorlarni avaylash, inson qadrini ulug‘lash tuyg‘usi, ayniqsa, Bobur hayotining so‘nggi yillarida avj pardaga chiqdi. Shoir o‘z oilasini, jigargo‘shalarini, farzandlari birla opa-singillarini behad sevar edi. Ana o‘sha mehr, yaqinlik tuyg‘usi Boburni albatta xalqqa, ijodga yanada yaqinlashtirar, ko‘proq jo‘shqin mehnat qilishga daʼvat etardi. Zero, shoir odamlarga yaxshilik qilishni, har qanday vaziyatda ham vafodor do‘st bo‘lishni darig‘ tutmagan.

Yotlarni kerakki, oshno kam qilsang, Har kimki vafo qilsa, jafo kam qilsang, Navmid bo‘lur barcha vafodorlaring, Gar shah nazaring birla vafo kam qilsang.

So‘zdin iborat ajoyib bir lashkar tuzgan shoir ha-misha tafakkur jangida g‘olib bo‘lishni ixtiyor etadi. Hatto tafakkur bahsidagi bundayin muzaffariyat Boburning davlat ishlarida ham juda qo‘l kelgan. Uning huzuriga tashrif buyurgan turli mamlakat elchilari, podshohlik vakillari ham juda ehtiyotkorlik bilan muloqotda bo‘lgan. Zero, ulug‘ shoirning lutfu karamlari har qanday diplomatik munosabatlarga o‘zgacha bir shavq bag‘ishlagan.

Ey yel, borib ahbobqa nomimni degil, Har kim meni bilsa, bu kalomimni degil, Mendin demagil gar unutulg‘an bo‘lsam, Har kimki meni so‘rsa, salomimni degil.

Bobur hazratlari ko‘p hollarda tevarak-atrofidagi odamlarning, ahli aʼyonlarining xulq-atvorini, asl ko‘ngil holatini so‘ziga qarab bilib olar edi. “So‘zum tinglab anglagaysan o‘zumni...” degan satrlar ham bejiz bitilmagan.

Mening tilagim budurki, navozanda bo‘lay, Har qanda esang men dag‘i anda bo‘lay, Ne xulq edi, yano ko‘nglum olding so‘z ila, Shirin so‘zu yaxshi xulqingga banda bo‘lay.

Bobur hayotida el qayg‘usi, ulus tashvishi hamisha bosh maqsadlardan biri bo‘lgan. Buni “Boburnoma” asarida ham ko‘p bora kuzatish mumkin. Ayrim lavhalarni o‘qiganimizda, Boburning mardona, jasur qiyofasi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Odamlarning peshona teri evaziga haqini to‘lash, ularni qadrlash, yaxshilikka yaxshilik ila javob qaytarish Bobur shaxsiyatida muhim o‘rin tutgan. Har qanday davlat ishi bilan band bo‘lgan taqdirda ham oddiy xalq turmushidan hamisha boxabar bo‘lganligi odamiylik shevasining yuksak namunalaridan biri edi.

Davlatga yetib mehnat elin unutma, Bu besh kun uchun o‘zungni asru tutma, Borganni, kel emdi, yod qilmay, ey do‘st, Borish-kelishingni lutf etib o‘ksutma.

Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, buyuk davlat arboblaridan biri eʼtirof etganidek, Bobur haqiqatan, dilbar shaxs. O‘zini shoh va shoir sifatida emas, inson sifatida namoyon etishni afzal bilgan.

Sen gulsenu men haqir bulbuldurmen, Sen shuʼlasanu ul shuʼlaga quldurmen, Nisbat yo‘qdur deb ijtinob aylamakim, Shahmen elga, vale sanga quldurmen.

Shoh saroyida ilm-u toliblarga, tarixchi, solnomachi va muarrixlarga alohida eʼtibor bilan qaralgan. Andijonu Samarqanddan, Toshkandu Buxorodan ilmli, ziyoli kishilar ko‘proq jalb qilinar, Hindiston zaminida zafarli yurish ortidan saodatli, maʼrifatli davlat barpo etish istagi jo‘sh urar edi. G‘alabalardan shukronalik hissini tuyish barobarida maʼrifat va ziyoga intilish harakati ustuvor bo‘lgan. Mamlakatning harbiy salohiyati yuksak bo‘lishida ham, eng avvalo, ilmning, maʼrifatning ahamiyati katta ekanligi qayta-qayta uqtirilgan.

Kim, yor anga ilm tolibi, ilm kerak, O‘rgangali ilm tolibi ilm kerak, Men tolibi ilmu tolibi ilme yo‘q, Men bormen ilm tolibi, ilm kerak.

Bobur yashagan davrda xattotlik, rassomlik, naqqoshlik va meʼmorlik sanʼatiga alohida eʼtibor bilan qaralar edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, shu sohada iqtidori bo‘lgan insonlar Balxdan, Xurosonu Movarounnahrdan ko‘proq chaqirtirilgan. Hunarpesha, fozil kishilar behad qadrlangan. Boburshohning yurtni obod qilish yo‘lidagi mehr va sadoqat tuyg‘usi jo‘sh urib turgan.Shoirning o‘z yaqinlariga mehru muhabbati nechog‘liq baland ekanligini u haqda yozilgan tarixiy asarlar ham tasdiqlaydi. “Yo, parvardigor! — deb iltijo qildi u. — Menki Boburmen, agar jon berish mumkin bo‘lsa, umru jonimni Humoyunga qurbon qildim! Azroil mening jonimni olsinu Xudo Humoyunga shifo bersin!”.Yigirma uch yoshli Humoyunning yigit yuragi otasi ko‘rsatgan ruhiy madaddan kuch olib, og‘ir kasallikni axiyri yengdi. Bobur o‘g‘lini orombog‘ning to‘ridagi xonayi xosda qabul qildi. Humoyun uning qarshisida tiz cho‘kib, ko‘ziga yosh olib gapirdi: “Hazratim, men sizning iltijoingiz bilan shifo topmishmen. O‘zimga kelganimdan beri Xudodan tilaymanki, sizning umringiz uzoq bo‘lsin! Bu ulug‘ davlatni siz barpo etdingiz. Hammamizning pushti panohimiz o‘zingizsiz. Parvardigor bizga rahm qilsin! (Pirimqul Qodirov, “Yulduzli tunlar”. 532-bet)”.

Humoyunning otasiga qilgan iltijolarida ham farzandlik mehri, padari buzrukvoriga sadoqat va hurmat tuyg‘ularini yaqqol his etish mumkin. Boburiylar sulolasining davomchilari keyinchalik ham bobolarining anʼanalarini munosib davom ettirganliklari tarixdan yaxshi maʼlum. Insonni qadrlash, o‘z yaqinlariga baxt-u saodat bag‘ishlash, mehribon ota va shoh bo‘la olishdek ulug‘ bir sharaf Bobur vafotidan keyin ham Hindistonda uch asr muttasil davom etdi. Bobur Hindistonda katta bir mamlakatni, ulug‘ saltanatni barpo etdi. Ilmni, madaniyat va maʼrifatni targ‘ib qildi. Fozil insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi. Bu haqda ulug‘ shoir shunday yozgan edi:

Yuz shukr de, Boburki, karimi g‘affor, Berdi senga Sindu Hindu mulki bisyor, Issiqligiga gar sanga yo‘qtur toqat, Sovuq yuzini ko‘ray desang, G‘azni bor.

Ulug‘ bobomizning Hind diyoriga o‘zgacha bir mehr ila nigoh tashlagani shundoq bilinib turadi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Boburiylar Hindistonga ulkan bir madaniyatni olib kirdiki, buni so‘z bilan taʼriflash qiyin. 2016-yilning boshlarida sayyohlik bilan Hindiston safarida bo‘ldim. Dehli va Agradagi diqqatga sazovor joylarni tomosha qildik. Ayniqsa, Agraga safarimiz bir umr yoddan chiqmaydigan bo‘ldi. Dunyoning yetti mo‘jizasidan biri, deya tan olingan Tojmahal qad rostlab turibdi. Unga kelib-ketuvchi sayyohlarning safi uzilmaydi. Ushbu majmuaning Shohjahon tomonidan 22 yil davomida qurib bitkazilgani va mazkur bunyodkorlik ishiga 20 mingdan ziyod quruvchi va meʼmorlar jalb etilgani meni lol qoldirdi. Nima bo‘lganda ham Boburiylar sulolasi yuksak maʼnaviyat sohibi ekani shundoq bilinib turibdi. Bobur va uning avlodlari o‘z aql-zakovati bilan hind madaniyatiga katta taʼsir o‘tkazgan. Ziyoratgohning har bir binosiga diqqat bilan nazar tashlasangiz, go‘yo moziydan sado taralayotgandek tuyuladi. Majmuaning bosh binosiga eltuvchi yo‘llar rango-rang gullar, go‘zal daraxtlar bilan bezangan. Hamrohlarimiz bilan birgalikda ulkan ziyoratgoh hududini aylanar ekanmiz, ulug‘ bobolarimiz merosining jahon ahli tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilayotganidan iftixor tuydik.Tojmahalni ziyorat qilish chog‘ida ko‘ngildagi tuyg‘ular beixtiyor sheʼrga ko‘chadi:

O, Hindiston dunyoning mo‘jizasi bag‘ringda, Peshonangda buyuklar muhrin bosgan bir zarhal, Maftun bo‘lib qolgandim mehmon bo‘lib shahringda,

Yuragimda qaytadan yaraldi bir Tojmahal!

Bobur Mirzo to‘g‘risida juda ko‘p badiiy va tarixiy asarlar yaratilgan. Men bular qatorida Rumer Godenning “Gulbadan” asari, Pirimqul Qodirovning “Bobur” va “Avlodlar dovoni” tarixiy romanlari, Xayriddin Sultonning “Boburiynoma” maʼrifiy romanini alohida taʼkidlab o‘tishni istardim. Ularning barchasida Bobur shaxsiyati, uning vatanparvarligi, mehr va sadoqat egasi ekani o‘zgacha muhabbat bilan tasvirlangan.

Yangi O‘zbekistonning ulug‘vor g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda, uchinchi Uyg‘onish davrining mustahkam poydevorini bunyod etishda buyuk Boburning boy maʼnaviy merosini qayta-qayta o‘rganishimiz, qalb ummonining inju gavharlaridan bahramand bo‘lishimiz zarur. Bu ulkan maʼnaviy meros, sheʼriyatning betakror va go‘zal gulshani bizni saodat sari, maʼnaviy yuksaklik sari yetaklashi shubhasiz.


Ashurali Boymurod.

Yangi O‘zbekiston gazetasi. 2022 y. №32

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0