So‘nggi yillarda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi, ayniqsa, uning «Boburnoma» asari tadqiqotchilar diqqatini teranroq o‘ziga jalb etmoqda. Shu sabab Bobur mavzusi turli adabiy turlar: roman, qissa, doston hamda boshqa janrdagi asarlarning yaratilishiga asos bo‘lmoqda. Xususan, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning «Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur» nomli «firoq va sog‘inch dostoni»ni ham ushbu mavzuda yozilgan asarlar sirasiga kiritish mumkin.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, muallif bu janrga qo‘l urishdan oldin Bobur hayoti, ijodiy faoliyati, yashagan davr, haqida batafsil maʼlumotga ega bo‘lgani, maxsus tajriba to‘plagani ko‘rinib turibdi. Shoir Sirojiddin Sayyid o‘zbek adabiyotida doston yaratishning yangicha yo‘nalishida «Firoq va sog‘inch dostoni»ni bunyod etar ekan, Bobur ijodining qaysi tomonlariga eʼtibor qaratishi haqida o‘quvchini ogohlantirgandek bo‘ladi. Zamonaviy adabiyotimizda yangilik tarzida yuzaga kelgan mazkur dostonni yaratishda «Boburnoma» matnidan eng diqqatga molik satrlarni tanlab oladi, ularning baʼzilarini epigraf tarzida keltiradi, keltirilgan matnlardan davr ijtimoiy, iqtisodiy, tarixiy faktlarga oid dalillarni XXI asr shoiri dunyoqarashi bilan Bobur dunyoqarashini solishtirgan holda tasvirlaydi, voqealarni rivojlantiradi hamda Bobur yashagan davr ishtirokchisi, Bobur dunyoqarashining hamdami, hamdardi bo‘ladi. Bunda kishini hayratlantirgan jihat shundaki, muallif o‘zi yaratgan sheʼrlari bilan ham yetuk boburshunos olim, ham shoir sifatida namoyon bo‘ladi. U Bobur yashagan davrning eng muammoli nuqtalari, tarixiy shaxslarning nozik ruhiy holatlari, g‘olib va mag‘lub shaxslar psixologiyasi Bobur tasvirlagan nozik lahzalarini topib, o‘z fikrlarini bayon etadi. Bu o‘z navbatida, tarixiy fakt va dalillardan foydalangan holda badiiy obrazlar yaratib, ularning xarakter-xususiyatlarida Bobur yaratishni istaganu, ammo ifoda etolmagan o‘rinlarni mahorat bilan tasvirlaydi, shu bois u XXI asr shoiri maʼnaviyati va tafakkurini, mustaqillik mafkurasini bayon qilgan shoir sifatida gavdalanadi.
S.Sayyid «Boburnoma»ning butun jahonda shuhrat qozonganligi, insoniyat tarixi haqqoniylik bilan ifoda etilgan asar ekani xususida fikr bildirar ekan, bu asar Boburning umr daftari ekanligi, katta mehnat va mashaqqat evaziga yaratilganligini taʼkidlab, uning ahamiyatini izohlab beradi. Shoir o‘z fikrini «Boburnoma»dan olingan parchani keltirish bilan boshlaydi va butun dostonida shu uslub hukmronlik qiladi: «Bu bitilganlardin g‘araz (g‘araz [arab. } غرض (g’araď)] – maqsad, niyat.) shikoyat emas, rost hikoyatturktim, bitibturmen. Bu mastur bo‘lg‘onlardin maqsud o‘zining taʼrifi emas, bayoni voqiin bu edikim, tahrir etibturmen. Chun bu tarixda andoq iltizom qilibturkim, har so‘zning rostini bitilgay va har ishning bayoni voqiini tahrir etilgay...» (1506-1507 yil voqealari).
«Bu olam aro ajab alamlar ko‘rdum,
Olam elidin turfa sitamlar ko‘rdum.
Har kim bu «Vaqoyeʼ »ni o‘qur, bilgaykim,
Ne ranju ne mehnatu ne g‘amlar ko‘rdum».
«Boburnoma»dan keltirilgan ushbu epigraf – ruboiy orqali doston muallifi Boburning fikrini rivojlantirib «Boburnoma»ning jahon adabiyotidagi o‘rnini badiiy tarzda ifodalab beradi. Bunda badiiy obraz sifatida Bobur yaratgan shoh asarning o‘zi Sirojiddin Sayyid qalami bilan taʼriflanib, shoir sifatlari bilan ifodalanadi:
«Boburnoma»,
«Boburnoma» – Shoh shoirdan avlodlarga
Mangu o‘lmas,
Qadrnoma.
Bunda ko‘ngil nolasidir,
Bunda umr nolasidir.
Dardu g‘am maqolasidir,
Har bir noma, –
Taqdirnoma.
Shu tarzda sheʼr bandining oxirgi misrasi, misli «Jabrnoma», «Harbiynoma», «Kabir noma», «Botirnoma», «Xotirnoma», «Sabrnoma» – «Boburnoma» kabi «Boburnoma»ning mazmuni, mohiyatini anglatib keluvchi shartli sinonim nomlar sifatida talqin etiladi.
S.Sayyid «Boburnoma»dan iqtibos tanlar ekan, juda ehtiyotkorlik bilan yo‘l tutadi. Bu parchalar tub mohiyati jihatidan Boburning hayoti, dunyoqarashi, asarda ko‘zda tutilgan har bir g‘oyasi va aytilmay qolgan fikrlaridek taassurot uyg‘otadiki, o‘quvchi gohida bu misralarni Bobur aytgandek qabul qiladi, uning mag‘lublik holati tasvirida Bobur bilan birgalikda aziyat chekadi, uning atrofidagi beklari, davr aʼyonlari tomonidan ko‘rsatilgan behisob xiyonatlarga achinish hissi paydo bo‘lib, Boburga hamdard bo‘ladi.
Dostonda muallif «El tavri» nomli sheʼrida «Boburnoma»dan olingan quyidagi parchani tarixiy asos sifatida keltirib, unga Bobur nazmidan bir necha baytni ham birinchi manba sifatida ilova qilib o‘z qarashlarini bayon etadi: «O‘zlarining beklariga ne vafo qildilarkim, bizga vafo qilgaylar?.. Bataxsis bizning ko‘zimizning o‘trusida bizning otimizni minib, bizning to‘numizni kiyib, bizning qo‘yumizni yeb yurugaylar, munga kim xud tahammul qilgay?... («Boburnoma», 1498-1499 yil voqealari).
Shoir bu davr tarixiy voqealarini yana oydinlashtirish, shu mavzuni yoritish uchun Bobur lirikasidan namunalar keltirib, tarixiy haqiqatni badiiy talqinda berish uchun ko‘mak sifatida foydalanadi:
Ulfatim el birla ozdur, ko‘pdir el javri manga,
Ne mening tavrim yoqar elga, ne el tavrim manga.
Yoki:
Go‘shaye tutsam, jahonning elidin g‘am ko‘rmasam,
Istaram el ko‘rmasa meniyu men ham ko‘rmasam.
Ushbu satrlar Boburning eng tushkinlik payti, mag‘lublik kayfiyatidagi davriga to‘g‘ri keladi. S.Sayyid bunga javoban keltirgan sheʼrida Boburning ushbu tushkun holatni, uning ruhiyatidagi abgor kayfiyatini badiiy tasvirlaydi. Bunda shoir «Boburnoma» muallifining ruhiy holati, mag‘lublik paytidagi murakkab kayfiyatini yanada keng, rang-barang tasvirlarda ifodalaydi va bu sohalarni Bobur obrazi tilidan keltiradiki, o‘quvchi uni Bobur qalb qo‘ridan chiqqan nido sifatida qabul qiladi:
Doim dil va dinim muvofiq keldi:
Dinim ne buyursa – dil voqif keldi.
Mastu bexudlig‘da kechdi goh umrim,
Arzir nola qilsam: umrim, voh umrim!
Holim bilgaydirsiz, o‘qib satrimdan,
El voqif bo‘ldimi biror dardimdan?..
Xojami, rojami, sohibmisan, el?
O‘zing o‘z holingdan voqifmisan, el?
Meni nifoqingdan toldirgan ham sen,
Boshimga balolar yog‘dirgan ham sen.
Fisqu fasodingda qilmaydursan farq,
Goh g‘iybatga g‘arqsan, goh chog‘irga g‘arq.
S.Sayyidning «O‘zga savdo»nomli sheʼri Boburni juda hayratga solgan Afg‘onistonning turfa, Bobur uchun yangilik bo‘lgan tabiiy sharoiti – Ningnahor (hozirgi Jalolobod viloyati – I.S.) tabiati, nobotot va hayvonot olami xususida: «Shaʼbon oyida oftob dalv burjida edikim, Kobuldin Hinduston azimati bila otlanildi... Ningnahorga yetgach, o‘zga olame nazarg‘a keldi: giyohlar o‘zgacha va yig‘ochlar o‘zgacha va vuhush o‘zgacha va tuyur o‘zgacha, el va ulusning roh va rasmi o‘zgacha, hayrate bo‘ldi, filvoqeʼ joyi hayrattur».
S.Sayyid «Boburnoma»dagi ushbu parchaga tarixiy fakt va Bobur nazari bilan yondashar ekan, tabiatning bu sinoatiga qarshi ruhiyatida hayrat ustiga hayrat uyg‘otgan muʼjizasiga o‘zining badiiy tasvirini ilova qilib Boburni hayratga solgan bu tasvirni yuksak badiiy tarzda ifodalab beradi. Bu tasvirda Bobur asarida sezilmagan ruhiy holat, ajablanish, Bobur tasavvurida paydo bo‘lgan nogahoniy o‘zgacha tabiat manzarasini S.Sayyid rivojlantirib, uni badiiy tasvirlash orqali o‘quvchiga Ningnahor viloyati tabiati, jonli va jonsiz borlig‘i tasvirini beradiki, o‘quvchi «Boburnoma»ning maftunkor tasviridan dostonning badiiy tasviriga ko‘chganini sezmay qoladi. Shu bilan birga, dostonda Bobur badiiy obrazining ichki kechinmalari, ruhiy holati, ko‘p sonli «o‘zgacha»lar girdobida qolgan tasavvurining tasviri dostonga ko‘chib yuksak badiiy tasvirni tashkil etishi kishi hayratini oshiradi:
Bunda davru charxi davvor o‘zgacha,
Kun bilan tun, shomu nahor o‘zgacha.
Giyohlar bir g‘arib, og‘ochlar hazin,
Bunda rangu bo‘yu ifor o‘zgacha.
Meni keltirmishdir g‘urbat to‘zoni,
Bunda yuzimdagi g‘ubor o‘zgacha.
Bunda Sirojiddin Sayyid Bobur badiiy obrazini yaratib uning ichki olamini, «Boburnoma»dagi yuqorida keltirilgan parchaga ilova tarzida obrazning badiiyligini taʼminlovchi misralarni qo‘shadiki, bu misralar Boburning ichki olami, davr nohaqligidan hayqirig‘i sifatida jaranglaydi. Shuningdek, Bobur atrofida bo‘lgan beqaror kishilarning xarakteri, g‘ayri insoniy tomonlarini yorituvchi badiiy to‘qimalardan iborat misralarki, unda ranj-alamga to‘la taqdir ustidan fig‘on kabi yangraydi. Shoir «Boburnoma»dagi tarixiy fakt va dalillar asosida voqealarni umumlashtirib, Bobur obrazini yarata olgani bois o‘quvchi buni go‘yo Boburning o‘zi aytgan fikrlar sifatida qabul qiladi:
Barchaga ranju g‘am bermishsan, falak,
Menga buyurmishsan ozor o‘zgacha.
Men o‘zga savdoni xohlagan erdim,
Berganing menga bu bozor o‘zgacha.
O‘zing yor bo‘l endi, yo qodir Olloh,
Bo‘lmish menga yoru diyor o‘zgacha.
«Boburnoma»dan keltiriladigan quyidagi parchada Boburning ruhan tushkun holati, mag‘lubnamo kayfiyati tasvirlangan. Eng yaqin kishilari, qarindosh urug‘lari tomonidan qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘lgan bir paytda ular tomonidan dushmanona harakat bo‘lgani, uning taqdiridagi bu mag‘lublik va tushkunlik tasvirini shoir tarixiy haqiqatni badiiy libosda juda hayotiy qilib ifodalaydi. Jumladan, «Boburnoma»dagi: «Necha qatla hamkim zamona nohamvorlig‘idin va davron nosozkorlig‘idin va taxt va mulk va navkar va savdardin ayrilib, alarg‘a iltijo etdi, onam ham bordi, hech navʼ rioyate va shafqate ko‘rmaduk. Mening inim Mirzoxonning va onasi Sultonnigor Xonimning ayn va maʼmur viloyatlari bor edi, men va onam viloyat xud tursun, bir kent va bir necha qush egasi bo‘la olmaduk. Mening onam Yunusxon qizi va men nabirasi emasmu edim?! Ul tabaqadin har kimki mening sarvaqtimg‘a tushti, iligimdin kelgancha tuqqonliqni va yaxshilikni bajo kelturdim... yana har navʼ farzandliq va xizmatkorliqta taqsire qilmadim... Bu tarixgacha ul tabaqadin har kimki keldi, o‘z tuqqonlarimdin o‘zga ko‘rmadim. ...barchani o‘z tuqqonlarimdin yaxshiroq ko‘rub, rioyat va shafqatlar qilibturman», bu tarixiy faktlarga tayanib S.Sayyid dostonida Bobur badiiy obrazi nomidan quyidagicha fikr bildiradi:
Ey umr, o‘rtar meni oqqonlaring,
Dardu hasrat bo‘ldi bor yiqqonlaring.
Sen meni hijronga tandir aylabon,
So‘ng o‘zumni o‘t qilib yoqqonlaring.
Ne deyin, ey charx nokaslarga rost,
Menga umrim bo‘yi ters boqqonlaring.
Bori olam g‘urbatin solding manga,
Men edimmu yo sening qolqonlaring?
Odam, avlodingmidir shul barchasi?!
Ezgulikka chohlaring, o‘pqonlaring.
Qayga borgung, kimga bosh urgung kuyib,
Yaxshilikni bilmasa tuqqonlaring?
Hayf, yuz ming hayf, ey jon, sengakim,
El uchun tandin necha chiqqonlaring.
Shoir dostonida Bobur asarlarida ko‘p uchraydigan sariq rang – sariq gul, xazon sayli va xazonning xazinlik holatini muallif umrining poyoni, hayotiy inʼikos sifatida ifodalasa, ikkinchi tomondan shu xazinlik timsollari orqali Boburning hayotdan bir shodlik daragini topa olmagani, aksincha xazon sayliga oshiqqani va undan kayfiyatini ko‘taruvchi lahzalarni topib, quvongani holatini ko‘rish mumkin. Bu manzaralar Boburning ichki olamini ochishda, ruhiy holatini ko‘rsatishda ne chog‘lik ijobiy taʼsir o‘tkazganligini sariq gul badiiy timsoli orqali yoritib bergan. Shoir Boburning bog‘dagi gulzorni tafarruj (tomosha) qilish lahzasidan faqat «bir dafʼa sariq» gulga eʼtibor berib, uning badiiy obrazi – timsolida umri sariq gulsimon dardli, tashvishli, xiyonatga to‘la hayotini badiiy libosda tasvirlab beradi.
«Boburnoma»dan epigraf qilib olingan: «Panjshanba kuni oftob chiqqanda suv yoqasidin ko‘chuldi... Sariq arg‘uvoniy parcha-parcha yerlarda yakdast sariq gullar ochilibtur. Yana baʼzi yerlarda afshon qilg‘ondek darham ochilibtur. O‘rdu yovug‘ida bir balandi ustida o‘lturub, gulzor tafarruj qilduk. Tarrohlik qilg‘ondek bu tepaning olti tarafida bir dafʼa arg‘uvoniy gul xat-xat musaddas shaklda ochilibtur... Ko‘z kor qilg‘uncha ushmundoq gulzor edi».
Manzara, tarixiy faktdan ruhlangan Sirojiddin Sayyid Bobur badiiy obrazini mukammallashtirib tasvirlaydi va uning ruhiyatidagi orzu armonlarini ochishga harakat qiladi:
Umr – dardim, sariq guldir, sariq gul,
Mening sabrim sariq guldir, sariq gul.
Agar olam bahoru navbahordur,
Mening qalbim sariq guldir, sariq gul.
G‘azallar aytgan erdim arg‘uvoniy,
Bukun tabʼim sariq guldir, sariq gul.
Sariq pulcha zamon qadringni bilmas,
Mening qadrim sariq guldir, sariq gul.
Qizil gul bitmagay hijron uyida,
Hazin hajrim sariq guldir, sariq gul...
Mening dunyoda chekkan bor jafoyim,
Hama jabrim sariq guldir, sariq gul...
«Badiiy matn inson, tabiat va jamiyat sarhadlariga tarqalib ketgan uyg‘unlikni kashf etadi. Ichki mohiyat va tashqi shamoyil orasida badiiy yaxlitlikni kafolati, unda subyekt va obyektning ohangdoshligi, shakl va mazmun vobastaligi, tasavvur va g‘oya mushtarakligi, talqini va tahlil ziddiyati o‘z ifodasini topadi». (A.Nosirov). Jumladan, «Boburnoma»dan epigraf sifatida olingan quyidagi ruboiyda ham bu holatni ko‘rishimiz mumkin:
Tolyeʼ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki, ayladim – xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.
«Boburnoma»dan keltirilgan: «Balxiy polizkorni qovun ekkali qo‘yulub edi. Bir necha qovun saqlog‘on ekandur, kelturdi. Xili yaxshigina qovunlar edi. bir-ikki buta tok «Hasht behisht» bog‘ida ekturub edim, aning ham yaxshigina uzumlari bo‘lub edi. Shayx Go‘ran ham bir sabad uzum yiborib edi, yomon emas edi. Hindustonda qovun, uzumning muncha bo‘luridin filjumla xursandlig‘e bo‘ldi» matnidagi tasvirlar ham shoir ilhomini jo‘sh urishiga sabab bo‘ladi. Ikkala tarixiy fakt ham dostonda Bobur badiiy obrazini mushtaraklikka erishishga, shoir mahoratini ko‘rsatishga xizmat qiladi:
Yurtdan ketib, qaro mening yuzim bo‘ldi,
G‘urbat mening kecham ham kunduzum bo‘ldi.
Menga tuzding dardu hasrat tuzumini,
Yo Rab, aytgil, bu qandayin tuzum bo‘ldi?
Hijron ekan bir umrlik rizqu ro‘zim,
Tolyeʼsizlik mening nonu tuzum bo‘ldi.
Bir savdolar beribsanki, poyoni yo‘q,
Umid yo‘li, oh, bunchalar uzun bo‘ldi...
Hasratlarim qovun bo‘lib yetilmishlar,
Ko‘z yoshlarim yot ellarda uzum bo‘ldi.
S.Sayyid «Boburnoma»da keltirilgan quyidagi tabiatning ajib hodisasi bo‘lmish hayotiy tasvir orqali Bobur yashagan davrning siyosiy, axloqiy ahvoli, jamiyat kishilarining jirkanch xarakter, xususiyatlarini ochib bergan, ularni jamiyatning zararli maxluqi sifatidagi badiiy obrazini, qiyofasini yaratadi. Bu muallifning topqirligidan, birgina tabiat hodisasi ifodalangan tarixiy faktdan kishilik borlig‘ini badiiy tarzda ochib bera oladigan isteʼdodidan darak beradi: «... Sanjid darasining orasi bila o‘tub, Xoja Seyoronning yaqinig‘a yetganda, bir ulug‘ yilonkim, yo‘g‘onlig‘i bilakcha va uzunlig‘i bir quloch bo‘lg‘ay edi, o‘lturuldi. Bu ulug‘ yilonning ichidan bir inichkarak yilon chiqti, g‘olibo o‘shal yaqinda yutub ekandur, bori aʼzosi butun edi. Bu inichka yilonning ichidan bir katta sichqon chiqti, ul ham butun edi».
Ushbu tarixiy faktdan doston muallifi quyidagi badiiy tasvirni yaratadiki, uning yuksak badiiy mahoratidan darak beradi:
Duch kelmishdir bizga ajab sir ilon,
Ul ilon ichida ham bir ilon...
Insonlar bor – ko‘ngli to‘la kir, ilon,
Har birining ichida ham bir ilon.
Hayrondirman odamzodning ishidan:
Ichidagi ilonning ham ichidan
Chiqib kelaverar yana bir ilon...
Rostin aytsam, sen bir go‘l ekansan,
Ilonliging bilan bir pul ekansan.
Bashar ichra bordir shunday insonlar,
Ichi to‘la g‘ij-g‘ij chayon, ilonlar,
Og‘iz, burun, quloqlar tirqishidan,
Hasad ilonlari chiqar ichidan.
Qonin ichar bir-birini birikmay,
Bir-birining go‘shtin yeydi tirklay.
Bu ishlarni o‘zing o‘ylab ko‘r, ilon,
Aytgil endi: qaysi biring zo‘r ilon?..
Xulosa qilib aytganda S.Sayyid Bobur badiiy obrazini dostonda takomillashtirib boraveradi. «Boburnoma»dan keltirilgan parchalar, nazmiy asarlaridan misol sifatida tanlangan ruboiylardagi mavzu, tarixiy faktlar, yangidan-yangi g‘oyalar paydo bo‘lishiga, Bobur badiiy obrazidagi g‘oliblik va mag‘lublik lahzalarini to‘ldirishga, Bobur ruhiyatiga kirib borishga imkon beradi, badiiy obraz mukammalligi oshib boraveradi, kitobxon nazdida sirli va jumboqli bo‘lgan tarixiy shaxs Bobur timsoli, irodasi, sabri, matonati yangicha rakursda namoyon bo‘laveradi.
I. SULAYMONOV, Samarqand davlat Universiteti, filol. fan. nomzodi.
Bobur abadiyati [Matn]. «Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni» mavzusidagi xalqaro anjuman materiallari.
26-27 oktabr 2017 y. / Masʼul muharrir V.Rahmonov. – Toshkent: BAYOZ, 2018. –384 b. Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi. – B. 339-348. (O‘zbekcha);
O poveste Sirojiddina Sayyida «Yuz ox, Zaxiriddin Muxammad Bobur».
Fikr qoldirish#