Sinov yoʻsinida ishlamoqda

«Temurbek bir ulug‘ ko‘shk solibtur»

Mirzo Bobur «Vaqoyiʼ»da buyuk bobosi haqida faxr va ehtirom bilan maʼlumotlar beradi.


Amir Temur haqida o‘sha davrdagi yozma manbalar G‘iyosiddin Ali Yazdiyning «Hindiston ro‘znomasi», uning o‘g‘li xattot Shamsiddin Muhammadning «Amir Temurning Shom (Suriya)ga yurishi» haqidagi asari, Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma» va keyinchalik yaratilgan ko‘plab tarixiy solnomalar hamda zamonaviy tadqiqotlarda maʼlumotlar juda ko‘p. So‘nggi yillarda chop etilgan «Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi», «Bobur va Boburiylar bibliografiyasi», J.Rahimovning «Adolat va jasorat timsoli» nashrlarida Amir Temur to‘g‘risidagi qimmatli fikrlar o‘rin olgan. Ularning aksariyatida buyuk davlat arbobining taʼrifi keltirilgan.

Bunday maʼlumotlar ichida Zahiriddin Muhammad Boburning «Vaqoyiʼ» («Boburnoma») asari Amir Temur haqidagi fikr-mulohazalarning samimiyligi, aniqligi va haqqoniyligi bilan alohida ajralib turadi. U kitobida bobosini asosan Temurbek va bir o‘rinda Amir Temur, ulug‘ podshoh, deb ataydi. Birinchi marta otasi Umarshayx Mirzoning ajdodlari nomini keltirar ekan: «Sulton Abusaʼid Mirzoning to‘rtinchi o‘g‘li edi... Sulton Abusaʼid Mirzo Sulton Muhammad Mirzoning o‘g‘li edi. Sulton Muhammad Mirzo Mironshoh Mirzoning o‘g‘li edi. Mironshoh Mirzo Temurbekning uchinchi o‘g‘li edi. Umarshayx Mirzo bila Jahongir Mirzodin kichik, Shohrux Mirzodin ulug‘ edi.

Sulton Abusaʼid Mirzo ... Umarshayx Mirzog‘a ... ul munosabat bilakim, Temurbek ulug‘ Umarshayx Mirzog‘a Farg‘ona viloyatini bergandur, Andijon viloyatini bergan»ini eslatadi.

Bobur asarida Amir Temur saltanati asosi bo‘lgan Movarounnahr, Farg‘ona, Kobul, Xuroson va Hindiston hududi to‘g‘risida turli xarakterdagi muhim xususiyatlar bayon etilgan.

Samarqanddagi 1495-1498 yillar sisiy voqealarini eslatar ekan, yozadi: «Temurbek solg‘on oliy imoratlardan biri Ko‘ksaroydurkim, Samarqandning arkida voqiʼ bo‘lubtur. Ajab xosiyatliq imorattur. Temurbekning avlodidin har kim bosh ko‘tarib taxtqa o‘ltursa ham munda o‘lturur, har kim taxt doiyasi bila bosh qo‘ysa ham munda qo‘yar, hattokim, kinoyati bo‘lub erdikim, falon podshohzodani Ko‘ksaroyg‘a chiqardilar, yaʼni o‘lturdilar».

So‘ngra 1497-1498 yillari Samarqandni birinchi bor egallagach, uni shunday tavsiflaydi: «Rubʼi maskunda Samarqandcha latif shahar kamroqdur... Shahri Samarqanddur, viloyatini Movarounnahr derlar... Hech yog‘iy qahr va g‘alaba bila munga dast topmag‘on uchun baldayi mahfuza derlar... Samarqandni... Temurbek poytaxt qilib edi. Temurbekdin burun Temurbekdek ulug‘ podshoh Samarqandni poytaxt qilg‘on emastur».

Samarqand shahri tavsifini keltirar ekan, Bobur quyidagilarga alohida eʼtibor beradi: «Temurbekning va Ulug‘bek Mirzoning imoroti va bog‘oti Samarqand mahallotida ko‘ptur. Samarqand arkida Temurbek bir ulug‘ ko‘shk solibtur, to‘rt oshyonliq, Ko‘ksaroyg‘a mavsum va mashhur va bisyor oliy imorattur. Yana Ohanin darvozasig‘a yovuq qalʼaning ichida bir masjidi jumʼa solibtur, sangin, aksar Hindustondin eltgan sangtaroshlar anda ish qilibturlar. Masjidning peshtoqi kitobasida bu oyatni: «Va ʼiz yarfaʼu Ibrohim al-qavoida (ilo oxirihi)» oyatni andoq ulug‘ xat bila bitibturlarkim, bir kuro‘h yovuq yerdin o‘qusa bo‘lur. Bu ham bisyor oliy imorattur.

Samarqandning sharqida ikki bog‘ solibtur, birikim yiroqroqturur, Bog‘i Bo‘ldudur, yovuqrog‘i Bog‘i Dilkushodur. Andin Feruza darvozasig‘acha xiyobon qilib, ikki tarafida terak yig‘ochlari ekturubtur. Dilkushoda ham ulug‘ ko‘shk soldurubtur, ul ko‘shkta (46 a) Temurbekning Hinduston urushini tasvir qilibturlar. Yana Pushtayi Ko‘hakning domanasida Konigilning qora suyining ustidakim, bu suvni Obi Rahmat ham derlar, bir bog‘ solibtur. Naqshi Jahong‘a mavsum. Men ko‘rgan mahalda bu bog‘ buzulub edi, oti besh qolmaydur edi. Yana Samarqandning janubida Bog‘i Chanordur, qalʼag‘a yovuqtur. Yana Samarqandning quyi yonida Bog‘i Shamol va Bog‘i Bihishttur. Temurbekning nabirasi, Jahongir mirzoning o‘g‘li Muhammad Sulton mirzo Samarqandning tosh qo‘rg‘onida – chaqarda bir madrasa solibtur, Temurbekning qabri va avlodidin har kimki Samarqandda podshohlik qilibtur, alarning qabri ul madrasadadur». Amir Temur hayotligida poytaxt shahri hokimi etib, valiahd shahzoda Jahongir mirzoni tayinlaganligini eslatadi: «Temurbek Samarqandning hukumatini Jahongir mirzog‘a berib edi. Jahongir mirzoning vafotidin so‘ng, ulug‘ o‘g‘li Muhammad Sulton Jahongirga berdi».

Movarounnahrdagi ikkinchi muhim shahar sifatida Kesh – Shahrisabzni tavsiflashda Bobur Amir Temurning ona shahri ekani va uni obod etgani, qurilgan imoratlar haqida quyidagi qimmatli maʼlumotlarni keltiradi: «Kesh viloyatidur, Samarqandning janubidadur, to‘qquz yig‘och yo‘ldur. Samarqand bila Kesh orasida bir tog‘ tushubtur, Itmak doboni derlar, sangtaroshliq qilur toshlarni tamom bu tog‘din eltarlar. Bahorlar sahrosi va shahri va bomi va tomi xo‘b sabz bo‘lur uchun Shahrisabz ham derlar. Temurbekning zodu budi Keshdin uchun, shahr va poytaxt qilurig‘a ko‘p saʼy va ehtimomlar qildi, oliy imoratlar Keshta bino qildi. O‘ziga devon o‘lturur uchun bir ulug‘ peshtoq va yana o‘ng yonida va so‘l yonida tavochi beklari bila devon beklari o‘lturub devon surar uchun ikki kichikrak peshtoq qilibtur. Yana savrun eli o‘lturur uchun bu devonxonaning har zilʼida kichik-kichik toqchalar qilibtur, muncha oliy toq olamda kam nishon berurlar. Derlarkim, Kisro toqidin bu biyikraktur. Yana Keshda madrasa va maqbara qilibtur. Jahongir Mirzo va yana baʼzi avlodining maqobiri (49 b) andadur. Chun Keshning qobiliyati shahr bo‘lmoqqa Samarqandcha emas edi, oxir poytaxt uchun Temurbek Samarqandni-o‘q ihtiyo’r qildi».

Bobur «Boburnoma»da yana Amir Temurni Sulton Husayn mirzo bilan bog‘liq voqealar bayonida eslatadi. Sulton Husayn mirzo ajdodlarini quyidagicha keltirgan: «Sulton Husayn mirzo binni Mansur binni Boyqaro binni Umarshayx binni Amir Temur... onasi Feruzabegim edi, Temurbekning nabirasi. Sulton Husayn mirzo Mironshoh mirzoning ham nabirasi bo‘lur edi. Sulton Husayn mirzo karimut-tarafayn edi, asil podshoh edi».

Barcha temuriyzodalar ichida Sulton Husayn mirzoni Bobur alohida hurmat bilan eslab, undan Boburga kelgan maktubda umumiy dushman Muhammad Shayboniyxonga qarshi kurashish o‘rniga har kim o‘zini o‘zi himoya qilsin, degan mazmun borligini aytgan edi. Bobur afsus bilan shunday yozadi: «Sulton Husayn mirzoning bu xatlari mujibi noumidlik bo‘ldi. Ne uchunkim, Temurbekning yurtida bu tarixda andin uluqroq podshoh ham yosh va ham viloyat va ham cherik bila yo‘q edi... Sulton Husayn Mirzodek Temurbek o‘runiqa o‘lturg‘on ulug‘ podshoh g‘animning ustiga yurumakni demay, yer berkitmakni desa, el va ulusqa ne umidvorliq qolg‘ay?»

Keyinroq Sulton Husayn mirzo yig‘ilib, birga Muhammad Shayboniyxonga qarshi kurashish taklifini qiladi. Bundan Bobur ruhlanib ketib yozadi: «Bir bukim, Sulton Husayn Mirzodek Temurbek o‘runiqa o‘lturg‘on ulug‘ podshoh yig‘noq qilib, atrof va javonibdin o‘g‘lonlarini va beklarini tilatib, Shayboniyxondek g‘animning ustiga ozim bo‘lg‘onda, el oyoq bila borg‘onda, biz bosh bila borg‘oybiz, el tayoq bila borg‘onda – biz tosh bila borg‘oybiz».

Ammo Sulton Husayn mirzo dushmani Muhammad Shayboniyxon bilan jang qilishga ulgurmay vafot etadi. Lekin Bobur uning hukmronligi davrida Xuroson, xususan, poytaxt shahar Hirotdagi obodonchilik va madaniy hayotni zavqlanib taʼriflaydi.

Hirot shahrini ham Muhammad Shayboniy egallab olgach, Bobur qiyin ahvolda qoladi. U yozadi: «Bu so‘zlar orag‘a tushtikim, o‘zbak va Shayboqxondek yot el va qari dushman jamiʼ Temurbekning avlodining iligidagi viloyatqa mutasarrif bo‘ldilar». Mana shundan so‘ng, u o‘z eʼtiborini Hindistonga qaratadi.

1508 yili to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyun mirzo tug‘ilishi munosabati bilan Bobur to‘y qiladi va endi uni podshoh, deb atashlarini buyuradi. U yozadi: «Ushbu tarixqacha Temurbekning avlodini bovujudi saltanat mirzo derlar edi, ushbu navbat buyurdumkim meni podshoh degaylar».

Bobur o‘z eʼtiborini Hindiston tomon qaratar ekan, bu mamlakat qachondir ulug‘ bobosi Amir Temur va uning avlodiga tegishli bo‘lganini nazarda tutgan edi: «Temurbek Hindustong‘a kirib chiqqan(din) beri bu necha viloyatkim, Bhira, va Xushob va Chanob va Chinnivat bo‘lg‘ay, Temurbekning avlodining tavobiʼ va lavohiqi tasarrufida edi».

Boshqa bir o‘rinda: «Dehli Sulton Alovuddinning iligida edi. Bu tabaqa sayyidtur. Temurbek Dehlini olg‘onda Dehli hukumatini bularning otalariga berib, borib edi», – deb eslatadi.

Bobur ulug‘ bobosi Amir Temur bilan o‘zini qiyoslamaydi, faqat bir o‘rinda, «Nechukkim, «Zafarnoma»da Temurbekning «masjidi sangin» imoratini qilurda Mullo Sharaf mundoq mubolag‘a bila bitibdurkim, Ozarbayjon va Fors va Hinduston va yana o‘zga mamolik sangtaroshlaridin har kunda ikki yuz kishi masjidda ish qilurlar edi. Bir Agrada Agraning sangtaroshlaridin mening imoratlarimda har kunda olti yuz sekson kishi ish qilurlar edi. Yana Agrada va Sekriyda va Bayanada va Do‘lpurda va Gvaliyarda va Ko‘yilda ming to‘rt yuz to‘qson bir sangtarosh har kunda mening imoratimda ish qilurlar edi», – deb faxrlanib yozgan.

Amir Temur «Boburnoma»da yana ikki o‘rinda eslanadi. Birinchisi, 1501-1502 yillar voqealari bayonida, O‘ratepaning Dahkat, deb atalgan joyida bo‘lishi munosabati bilan ajdodlari Amir Temurga xizmat qilgan bir kampir haqida shunday maʼlumotni keltirgan: «Dahkat O‘ratepaning ko‘hpoya kentlaridindur, ulug‘ tog‘ning tubida tushubtur, bu tog‘din o‘tgach Mascho bo‘lur. Eli agarchi sort va dehnishindur, vale atrokdek gala va ramaliq ellardur. Dahkatning qo‘yini qirq ming chenarlar edi. Bu kentta raoyoning uylariga tushtuk. Men bir kalontarining uyiga tushtim, qari kishi edi, oltmish-etmishda bor edi, vale onasi hanuz bor edi. Xeyli umr topqon xotun edi, yuz o‘n bir yoshta edi. Temurbekning Hindustong‘a kirganda bu xotunning urug‘-qayoshidin biri ul cherikka borib ekandur. Ul xotirida bor edi, hikoyat qilur edi. Bir Dahkatda ushbu xotunning o‘zidin tuqqon va nabira va qiz nabira va nabirayi nabira to‘qson olti kishi hozir edi. O‘lganlari bila ikki yuz hisob qilurlar edi. Nabirasining nabirasi bir yigit yigirma besh-yigirma olti yoshlar, qop-qora saqolliq yigit edi».

Ikkinchi marta Bobur Kobul atrofidagi qul ovchilarni «Temurbekning avlodidin birisi bu qullarni Mo‘lton navohisidin ko‘churub kelgandur», – degan maʼlumotni keltiradi.

Xulosa qilib, shuni aytish kerakki, Amir Temur to‘g‘risida Bobur juda ko‘p yozmasa-da, lekin juda muhim va aniq maʼlumotlarni keltirib, o‘sha davr madaniyati, obodonchiligi haqida tasavvur uyg‘ota olgan.


Abdumajid Madraimov, tarix fanlari doktori, professor;

Askariy Madraimov, TDSHI katta ilmiy xodim-izlanuvchisi.

Bobur va dunyo, № 2, 2018 y. – B. 4-7. (O‘zbekcha);

«Темурбек построил один грамадный павильон».

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0