Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Temuriy malikalarning jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasi

Jahon madaniyati tarixiga nazar tashlansa, Amir Temur, Temuriylar va Boburiylar saltanatlarida ayollarga ko‘rsatilgan xurmat va eʼtibor boshqa Sharq sulolalarida kuzatilmaydi.

Masalan, Saljuqiylar va G‘aznaviylar davrida ilm-fan va madaniyat nisbatan rivojlangan bo‘lsa-da, bunyodkorlik, ilm, sanʼat va adabiyot sohalarida ayollarning hissasi deyarli ko‘rinmaydi va shu sababdan, ayollarning o‘rni o‘sha davrda yozilgan tazkiralar va tarixlarda ham qayd etilmagan.

Xorazmshohlar davrida Turkon xotun siyosiy jihatdan katta shuhratga ega bo‘lsa-da, afsuski bu shuhratning salbiy tomonlari ko‘prok ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, Hindistondagi turkiy sulolaga mansub Shamsiddin Eltmish (yoki Eltutmish)ning dono qizi Roziyasultona tarixda mangu iz qoldirgan bo‘lsa-da, biroq bu o‘sha davrning istisno voqeligidir. Holbuki, Temuriylar va Boburiylar davrida, ko‘p sohada ayollar va erkaklarni yonma-yon ko‘ramiz. Yozma maʼlumotlar ham bor.

Ajablanarlisi shuki, Temuriylardan oldingi davrlarda biror ayol nomini uchratish uchun ko‘p kitoblarni varaqlashga to‘g‘ri kelsa, birgina «Boburnoma»da 74 ayolning ismi (jami 230 marta) ehtirom bilan turli xodisa-voqealarga bog‘liq holda tilga olinadi.

Boburdan keyingi tarixchilar ham Boburiylar davlatida ayollarning hurmat qilinganligini, o‘z tazkira va tarix kitoblarida bayon qiladilar va bu borada Gulbadanbegimning «Xumoyunnoma» asarini ko‘rsatish mumkin.

Temuriylar va Boburiylar davrida ayollarga katta eʼtibor, bizningcha, Amir Temur va avlodlarining yuksak madaniyati va keng dunyoqarashi bilan bog‘liq bo‘lgan. Amir Temur o‘z vaqtida olimlar bilan ilmiy majlislar ko‘rib, o‘zi ham bahs va munozaralarda ishtirok etgan. Yurishlar chog‘ida ham farzandlarining taʼlim va tarbiyasidan g‘ofil bo‘lmagan. Davrining eng mashhur olimlarini farzandlari taʼlimi uchun tanlagan va har yerdan ilmiy va adabiy kitoblarni to‘plab, ularni farzandlari foydalanishiga qo‘ygan. Natijada, uning o‘g‘il va qiz farzandlari dunyoqarashlari kengayib, ayollarga va hayotga nisbatan qarashlari ham ijobiy tomonga o‘zgarib borgan.

Amir Temur safarda bo‘lganida, uning ayollari, ayniqsa Saroymalik xonim farzandlar tarbiyasi va bunyodkorlik ishlariga bosh-qosh bo‘lib turar edi. Ibn Arabshoh: «Amir Temurning xotinlari va kanizlari ko‘p edi, ammo to‘rt xotini hammadan ko‘proq etibor va huramatga sazovor edilar, ulardan biri, malikai kubro, hammadan va mo‘tabar; boshqasi malikai sug‘ro, hammadan go‘zalroq edi. Ikkisi ham Xitoy podshohlarining qizlari edilar. Yana biri »Tumon» (og‘o), Naxshab hukmdori Amir Musoning qizi edi. Yana biri «Jalbon», yaltiroq baliqdek go‘zal va chiroyli edi. Malikai kubroning oti Shodmalik edi» (Ajoyib ul-maqdur fi axbori Temur. 307-308 betlar), – deb yozadi o‘z asarida.

Amir Temur zavjalari Saroymalik xonim va Tumon og‘o; Shohruxmirzoning zavjasi Gavharshod begim; Xalil Sultonning zavjasi Shodmalik xonim; Sulton Xusayn mirzoning onasi Feruza begim va zavjasi Xadicha begim; Jahongir mirzo va Mironshoh mirzolarning zavjasi Sevin Beka (Xonzoda begim), Boburning buvisi Esandavlat begim, onasi Qutluqnigor xonim, egachisi Xonzoda begim, suyukli zavjasi Mohim begim, qizi Gulbadan begim; Humoyun mirzoning zavjasi Hamidabonu begim; Komron mirzoning qizi Gulrux begim; Jahongir «Salimshoh»ning zavjasi Nurjahon begim va boshqa zavjalari Hayotunniso begim, Fanounniso begim va Dilorom begim, Shohjahonning zavjasi Arjmandbonu begim (Mumtozmahal) va qizi Jahonoro begim, Avrangzebning qizi Zebuniso begim va shunga uxshash yana qanchadan-qancha aql-zakovatli, davlat, ilm va madaniyatga o‘z hissasini qo‘shgan ayollar nomini tilga olish mumkin. Biz quyida davlatu siyosat hamda, ilmu adabiyot ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shgan Temuriy malikalardan bir nechtasi haqida qiskacha tuxtalib o‘tamiz.

Malika Saroymalik xonim va uning siyosat va madaniyatda tutgan o‘rni, qurdirgan juda ulkan masjid va madrasasi, xorijiy mamlakatlar namoyandalari oldida qanday shukuhu jalol bilan chiqishi haqida Ispaniya elchisi Klavixo yozganlaridan va boshqa tarixiy manbalardan maʼlumotga egamiz. Bu temuriy malika haqida O‘zbekistonda ham ancha maqolalar yozilgan va bu haqda to‘xtalmokchi emasmiz.

Malika Shodmalik xonim avval Amir Sayfiddinning zavjasi edi, uning vafotidan keyin Mironshodning o‘g‘li Xalil Sultonning nikohiga kirdi. U shuncha go‘zal va dilrabo ediki, Xalil Sulton undan boshqani ko‘rmas va o‘ylamas, hatto davlat va siyosat ishlarini ham uning raʼy va ixtiyoriga qo‘ygandi. Ibn Arabshohning yozishicha, mamlakat ishlari Shodmalik xonim va uning sodiq xizmatkori Boboturmush qo‘liga topshirilgan ekan va ular barcha ishlar hatto vazirlar va hokimlarni tayinlash yoki ishdan olish, mukofotlash yoki jazo berishga haqli bo‘lganlar.

Malika Shodmalikning muhabbati ayniqsa tahsinga arzigulikdir. U va Xalil Sulton shunchalik bir-birlarini sevganlarki, ayriliqqa chidolmay, o‘limni undan afzal bilganlar. Xalil Sulton kasal bo‘lib, vafot etgandan keyin, malika Shodmalik xonim bu ayriliqqa chidolmay, xanjarni shunday ko‘ksiga sanchadiki, orqasidan chiqadi. Ularni bir qabrda dafn etadilar.

Amir Temurning yana bir kelini malika Gavharshod begim tarixda ilm-fan va madaniyat rivojiga juda katta hissa qo‘shgan ayol sifatida tanilgan, mamlakat idorasida juda masʼul o‘rinni egallagan edi. Shohrux mirzo ko‘pincha uning raʼyiga qarardi.

Bu malikaning siyosat va davlatdorlik ishlari, tarixchilar nazdida ijobiy emas va bir kancha nizolar, urushlarga sabab bo‘lgan, hokimiyat va sulola davomini xatarga qo‘ygan, deb qaraladi. Lekin u ilm-fan, madaniyat, sanʼat va boshqa turli bunyodkorlik sohalarida qilgan xizmatlari juda yuksak. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, bu madaniyatli ayol Hirot musallosining asoschisi bo‘lib, ulkan va chiroyli Madrasa va masjidlarni Hirot va Mashhad shaharlarida bunyod etgan. Mashhad madrasasi 14 yil davomida va Hirot musallosi majmuasi 20 yilda qurib bitkazilgan.

Musallo majmuasi Gavharshod madrasasi va jomeʼ masjid, Shohrux mirzoning, o‘zi va oilasi uchun qurdirgan makbara – Gunbadisabz, Dorulhifoz, kitobxona, Ixlosiya madrasasi va xonaqohi, Shifoiya va boshqa binolarni o‘z ichiga oladi. Malika Gavharshod begimning Mashhad shahrida qurgan Madrasa va jomeʼ masjidi, vaqflari hozirgacha mavjud. Vilsen Kristn «Eron sanʼat tarixi» kitobida bu tengsiz oliy bino hakida so‘zlab, uni dunyoning 12 eng oliy va go‘zal binolaridan biri deb, baholaydi. Gavharshod begim madrasasi va musallo majmuasining ishlarida bosh muhandis ustod Qavomiddin Sheroziy bo‘lgan; katibalar va lavhalar xatini Jaʼfar Jalol Hiraviy va suls xatining benazir xushnavisi Boysung‘urmirzo ibn Shohrux mirzo, ziynatlash va tillakori ishlarini ustod Mirak Hiraviy kabi mashhur ustodlar bajargan edilar.

Bu temuriy malika ilm-fan va sanʼatni ham rivojlantirdi, ulkan kitobxona qurdi, minglab kitoblarni turli yurtlardan yig‘ib, ulardan nusxalar ko‘chirtirdi; olimlar, tarixchilar, shoirlar, adiblar, xattotlar muzahhib va muhandislarga maosh tayinladi, ularni yangi asarlar yaratishga undadi.

Gavharshod begim madrasalarida, o‘sha davrning taniqli olimlari va mudarrislari tolibi ilmlarga dars berar edilar; tolibi ilmlarga yotoqxona, kiyim-kechak va yemak-ichmak muhayyo edi. Gavharshod begim o‘zi ularning ahvolidan xabar olib, yordam ko‘rsatardi.

Hirot shahridagi Musallo 1876 yili inglizlar ko‘rsatmasi va Afg‘onistonning mustabid podshosi Amir Abdurahmon buyrug‘i bilan to‘pga tutildi va moziy yodgorligi, go‘zal va tarixiy binolar yer bilan yakson qilindi.

Gavharshod begimning vafotidan (1379/1455) qariyb 600 yil o‘tgan bo‘lsa-da, uning nomi xotiralardan unutilmadi. Chunonchi, 2004 yili 22-23 avgustda Kobul shahrida xalqaro ilmiy seminar («Seminori baynalmilaliyi malika Gavharshod») o‘tkazildi. Unda Afg‘oniston prezidenti Homid Karzay, madaniyat vaziri doktor Sayid Maxdum Rahin, Kobul universiteti raisi Muhammad Akbar Po‘pal, Afg‘oniston Fanlar Akademiyasi raisi Abdulboriy Roshid, YUNISEF va YUNESKO tabriklari keldi, Afg‘oniston va turli mamlakatlardan kelgan olimlar ilmiy maʼruzalar qildilar. Seminar protokolida muhim vazifalar, jumladan Kobul va Hirot shaharlarida madaniy markazlar, asosiy yo‘llardan biri va Hidrot1261 universiteti Gavharshod nomiga atalishi qayd etildi. Seminar materiallari «Farhang» faslnomasining 1383 hijriy (2004 milodiy) yili 1-2 sonida nashr etildi. «Farxang» jurnalida qayd etilishicha, «Musallo kompleksi» ni taʼmirlash ishlari Afg‘oniston davlati tomonidan, YUNESKO homiyligiga topshirildi. Bu quvonarli hol, albatta.

Tarixda yaxshi ot qoldirgan ayollardan biri Boburning buvisi Esandavlat begimdir. Bu tadbirli ayol kichik yoshda podshoh bo‘lib, ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirgan nabirasi Boburshohga qiyin vaziyatlarda dalda bo‘lgan, maslahatlar bergan va Bobur uning haqida shunday iliq so‘zlar yozgan:

«Xotunlar arosida ray va tadbirda mening ulug‘ onom Esandavlat begimcha kam bo‘lg‘ay edi. Bisyor oqila va mudabbira edi. Ko‘proq ish-kuch alarning mashvarati bila bo‘lur edi.»

Boburning zavjasi Mohim begim bir nechta boburiy farzandlar – Xumoyun mirzo, Hindol mirzo va Gulbadan begimni tarbiyalab, kamolga yetkazdi. «Xumoyunnoma» asarining muallifi Gulbadan begim faqat tarixchi emas, balki yaxshigina shoir ham edi va baʼzi manbalarda uning sheʼrlaridan namunalar ham berilgan. Masalan «Marzan ul-g‘aroyib» asarida Gulbadan begimning quyidagi baytta keltirilgan:

Har pariro‘ye ki u bo oshiqi xud yor nest,

Tu yaqin medon ki hech az umr barxurdor nest (Hoshimiy Sindilaviy, Shayx Ahmadalixon «Maxzan ul-g‘aroyib». Nashrga takyorlovchi Dr. Bokir. 4-jild, Islomobod, 1371 hijriy-shamsiy yil, 750 bet).

Mazmuni:

Har pari ruxsor kim o‘z seviklisiga yetishmas ekan,

Aniq bilgilki o‘z umridan hech mamnun emas.


Komron mirzoning qizi Gulrux begim ham otasi va bobosidek nazmiy qalam sohibi edi va bir qancha sheʼrlar ham yozib qoldirgan. Quyidagi bayt unga tegishli:

Hechgah on sarvi gulruxsor be ag‘yor nest.

Rost budast inki dar olam guli be xor nest.

Tarjimasi:

Hech qachon ul sarvi gulruxsor emas ag‘yorsiz,

Chin ekankim bo‘lmagay olamda bir gul xorsiz.


Nurjahon begim (Mehrunniso begim) Jahongir (Salimshoh)ni o‘z fahmu farosati, badihago‘ylik, majlisorolik va turli hunarlaru mahorati bilan shunday rom qilgan ediki, Jahongir uning fikrini so‘ramasdan biror ishga qo‘l urmas edi. Uning nomi tangada zarb qilingan va hatto ki oliy farmonlarda bosiladigan muhrda ham Jahongir nomi yonida yozilgandi. Mamlakat ishlariga aralashib, bir qancha nizolarga ham sabab bo‘lgan. Bu haqda Mullo Komiy Sabzavoriy «Fathnomai Nurjahon begim» nomli asarida qayd etgan (Safo, Dr. Zabihullo, Tarixi adabiyot dar Eron, 5-tom, 1-qism, Firdavs nashri, Tehron. 1378 hijriy-shamsiy yil, 381,382,459 betlar).

Nurjahon begim sheʼrlaridan bir namuna:

Gushodi g‘uncha agar az nasimi gulzor ast,

Kalidi qufli dili mo tabassumi yor ast.

Na gul shinosadu na rangu buvu orazu zulf,

Dili kase ki ba xusnu ado geriftor ast.

Tarjimasi:

Gar nasim essa chamanda g‘uncha gullar ochilur

Qalbimiz kulfi, tabassum qilsa dilbar, ochilur

Kimki nozu husn asiridur, ochilmas ko‘ngli

Na gulni taniydi, na rang, hid, oraz va zulfni biladi.


U sheʼrlarini Maxfiy taxallusi bilan yozardi va Jahongir mirzo bilan mushoiralar o‘tkazardi. Jahongir ramazon oyi tugab, yangi oyni osmonda ko‘rganda, bu misrani aytadi:

Hiloli iyd bar avji falak xuvaydo shud

(Hayit hiloli falak avjida namoyon bo‘ldi)

Nurjahon darhol ikkinchi misrani bunday deydi:

Kilidi maykada gum gashta bud, paydo shud

(Mayxona kaliti yo‘qolgan edi, topildi)

Jahongirning boshqa xotinlari ham adabiyotni sevib, gohida sheʼr yozib turar ekanlar. Bu haqda shunday rivoyatlar ham bor.

Bir kun Jahongir bir qalandar bilan shatranj o‘ynaydi. O‘ziga ishongan podshoh qalandarning «podshoh yutqazganda ayollariga tegishli Jahonoro, Hayotoro, Diloro va Fanooro bog‘laridan birini qalandarga berishi» shartiga ko‘nadi va xatgo oq donalar yaʼni, dastlabki harakatni ham qalandarga beradi. Ko‘p o‘tmay, Jahongir vazirini qo‘ldan chiqaradi va bir harakatdan keyin mot bo‘lishi aniq ammo harakat Jahongirdan edi. Shunda har to‘rt malika ham parda ortidan bu uyinni nazorat qilib turgan, chunki podshoh, yutqazsa, ularning bog‘laridan biri qalandarga berilishi mumkin edi.

Nurjahon begim bog‘i Jahonoroni saqlab qolish uchun bunday deydi:

Tu podshohi jahoni jahon zi dast madeh

Ki podshohi jahonro jahon ba kor oyad

Mazmuni:

Sen jahon sultonisan, jahonni qo‘ldan chiqarma,

Chunki jahon sultoniga jahon kerak bo‘ladi.

Malika Hayotunniso ham nozlanib, tazarru qiladi:

Jahon xush ast valekin hayot meboyad

Agar hayot naboshad jahon chi kor oyad?

Tarjima:

Jahon yaxshidur, lekin hayot kerak,

Chunki hayot bo‘lmasa, jahonning keragi bo‘lmaydi.

Malika Fanounniso ham ulardan orqada qolmay, deydi:

Jahonu hayot chun hama bevafost

Fanoro talab kunki oxir fanost

Tarjima:

Jahonu hayot barchasi bevafodur,

Fanoni talab qil, zero hamma narsa oxiri fano bo‘lajak.

Ammo, malika Dilorom quyidagi bayt bilan dam bog‘larni, dam shodni mot bo‘lishdan asraydi:

Shoho du rux bidedu Diloromro madeh

Filu piyoda pesh kuni, kishti aspu mot (Jalil, Hazratqul, «Shoho du rux bidehu Diloromro madeh»» Chovush (jurnal), 4-5-son, 1379-hijriy-shamsiy yil, 81-82 betlar)

Mazmuni:

Ey shoh, ikki ruxni ber, biroq Diloromni berma.

Fil bilan piyodani sur, ot bilan shoh bersang mot bo‘ladi.

Shohjahonning zavjasi Arjumand bonu (Mumtozmahal) ham davlat va siyosatda tutgan o‘rni va vafotidan keyin unga atab qurilgan dunyodagi yagona inqu-vafo timsoli – tengsiz arxitektura yodgorligi bo‘lmish Tojmahal maqbarasi orqali jahon ayollari orasida eng yuksak ehtiromga egadir.

Shohjahon Mumtozmahaldan 14 farzand ko‘rdi, ammo bular orasida Doroshukuh, Avrangzeb va Jahonoro begim ilmu madaniyatga, tasavvufu irfonga qo‘shgan hissalari bilan ajralib turadilar. Jahonoro begim avvallari chishtiya tariqatida edi, ammo keyinroq ukasi Doroshukuh bilan fikrlashib, qodiriya tariqatini ixtiyor etdi va hazrat Mulloshohga murid bo‘ldi. Albatta Mulloshoh osonlikcha uni muridlikka qabul etmagan. Jahonoro begim o‘zining qodiriya tariqatiga bag‘ishlab yozgan «Sohibiya» risolasida bu haqda quyidagilarni yozadi:

Men ixlosu aqidam haqida maktublar yozib, unga (Mulloshohga) yibordim, hatto bir bor o‘z qo‘lim bilan nonu sabzi pishirib yubordim, ammo u bir oygacha parvo qilmay, dunyodorlaru podshohlar bilan ishim yo‘q deb, rad javobini berdi. Jasorat qilib, bu sheʼrni yozib yubordim:

Gar muyassar shavad on ro‘i chu xurshid maro

Podshohiy chi ki daʼvoi xudoiy bikunam

Mazmuni:

Agar o‘sha quyoshdek ruxsor menga muyassar bo‘lsa,

Podshohlik nima, xudolik daʼvosini ham qilaman.

Temuriylar tarixi osmonida porloq yulduz bo‘lib turgan yana bir ayol Avrangzebning olimayu shoira qizi Zebuniso begimdir. Bu shoiraning juda go‘zal sheʼrlari, yozgan falsafiy-irfoniy asarlari, aql-tadbiri, pokiza hayot yo‘li har qanday ayolga ibrat bo‘lishga arziydi.

Bu shoira va uning asarlari haqida Afg‘oniston, Eron, O‘zbekiston, Hindiston va boshqa joylarda ancha tadqiqotlar qilingan. Shuning uchun biz maqolamizni ana shu shoira hakida mazkur yozilganlar bilan tugatamiz. Maʼlum bo‘ladiki, temuriylar, shu jumladan, «Boburiy»lar ham, xoh, u erkak bo‘lsin yo ayol, ilm, sanʼat va madaniyat rivojiga arzigulik hissa qo‘shganlar va ularning asarlari insoniyatning madaniyat tarixi kitobidan munosib o‘rin olgan. / * * * / In this article the main purpose is to narrate interesting details relying on historical sources about Saroimalikhonim, Tumon ogho, Gavharshodbegim, Shodmalik khonim, Khonzodabegim who had been relatively influenced princesses on governing the country during Temurids period.


Shafiqa Yorqin

Temuriylar tarixiga oid manbalar. «Temuriylar tarixiga oid manbalar» mavzuida o‘tkazilgan Respublika ilmiy anjuman materiallari.

Masʼul muharrir: t.f.n. Nozim Habibullayev;

ilmiy muharrir: t.f.n. Omonullo Bo‘riyev

O‘zR FA Temuriylar tarixi Davlat muzeyi

23 mart 2006 yil. 3-KITOB. – Toshkent, 2008. – B.46-53. (O‘zbekcha); Вклад принцесс-тимуридов в мировую культуру.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0