Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Temuriyzodalar huzurida ehtirom topgan olim

O‘zbekiston va Hindiston xalqlarining madaniy aloqalari tarixi qadim zamonlarga borib taqaladi. Bundan ming yillar muqaddam xorazmlik buyuk o‘zbek olimi Abu Rayhon Beruniy qadim Hindistonda bo‘ldi, sanskrit tilini o‘rgandi va hozirgi kunda ham katta ilmiy qiymatga ega bo‘lgan hind tarixiga oid maxsus asar yozdi.


Bu aloqalar keyingi asarlarda ham davom ztdi. Chingiz istilosi natijasida juda ko‘plab olimlar, shoirlar, tarixnavislar o‘z yurtlarini tashlab Hindiston sari yuzlanganlar. Masalan, Sharq klassik adabiyotining yirik namoyandasi, ajoyib shoir, tarixshunos va musiqashunos olim Amir Xusrav Dehlaviynnng otasi Amir Mahmud mehtar (vazir) ana shunday Hindistonga kelganlardan biri edi.


O‘z davriiing ko‘zga ko‘ringan tazkiranavisi Davlatshoh Samarqandiy bu haqda quyidagi maʼlumotlarni keltiradi: «Xojaniig kelib chiqishi turkiy xalqlardan bo‘lib, Kesh shahrining Lochin urug‘idan bo‘lganlar va Qarshi shahri atrofida yashaganlar. Chingizxon davrida Movarounnahrdan kochib Hindistonga borib qolganlar. Amir Xusravning otasi Amir Mahmud mehtar, Lochin urug‘innng mehtarzodalaridandir. Muhammad Tug‘luqshohning sultonlik davrida Mahmud lochin turli iltifot va inoyatlar ko‘radi va oliy darajaga erishadi. U shahid bo‘lganidan keyin o‘g‘li Amir Xusrav otasi o‘rniga o‘tiradi va amirlik unvonini oladi» (Davlatshoh b. Baxtshoh Samarqandiy. «Tazkirat ush-shuaro». O‘zFASHI qo‘lyozma fondi, inv. M 4352, v.78a.).


Shunday ahvolda Toshkentdan haj safari bahonasida chiqib ketgan o‘z davrining atoqli shoiri Badriddin Chochiy edi, U haj safaridan so‘ng Hindistonga keladi va shu yerda panoh topadi. Badriddin Chochiy umrining oxirigacha shu yerda yashagan (Shamsuddin Somiy. Qomus al-aʼlom. Istanbul, 1899. T. II, 1256-bet). U o‘z asarlarini Chochiy va Shoshiy taxalluslarnda ham yozgan. Badriddin Chochiy ajoyib g‘azallar va qasidalar muallifidir.


Hindistonlik tazkiranavis olim Mirhusayn Do‘st o‘zining «Tazkiran Husayniy» asarida bunday deb yozadi: «Mavlono Badriddin Chochiy o‘z vatanidagi .Muhammadshohning o‘g‘li Tug‘luqshoh davrida Dehliga keladi. U o‘ziniig shoirlik mahorati bilan ajralib turgan va uning devoni taxminan olti ming baytdan iborat bo‘lgan». Davrining buyuk shoiri bo‘lganligi uchun u «zamon fahri» laqabini olgan. Bu uning o‘zi tomonidan qilingan baʼzi ishoralarda aniq ko‘rinadi.


«Maroke faxri zamon xonda shohi islomam,

Laqab mago‘y bajuz bulbuli shakar guftor» (Badriddin Chochiy. Qasoid. O‘zFASHI kulyozma, inv. № 151, varaq 43a).

(«Islom shohi meni «Zamon faxri» hisoblasada,

Menga «shirinsuxan bulbul»dan boshqa laqab qo‘ymangalar»).


Amin Ahmad Roziy, Badriddin Chochiy ijodiga juda chiroyli baho bergan. «Badr Shoshiy latofat va fazilat osmonida to‘lin oy va fatonat osmonida charaqlagan yulduz bo‘lgan» (Amin Ahmad Roziy. Haft iqlik. Mazkur fond qo‘lyozmasi, inv. № 617, varak; 519b-520y).


Badriddin Chochiy Hindistonga kelganda, Amir Xusrav Dehlaviy endigina vafot etgan edi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. O‘rta Osiyo va Hindiston o‘rtasida madaniy munosabatlar, Hindistonda Zahiruddin Muhammad Bobur, tarixida: «Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi» nomini olgan imperiyani tuzgandan keyin ham yanada kengroq miqyosda davom etgan.


Ularning hammasi haqida tuxtalib o‘tishning imkoni yo‘q. Ammo biz bu yerda Temuriyzodalardan Hindistonda hokimlik qilgan Bobur va Akbar huzurida bo‘lgan toshkentlik buyuk olim Hofiz Ko‘hakiy haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz.


O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Hofizi Ko‘hakiy kim bo‘lgan? Nima uchun u Toshkentdan Hindistonga Bobur va Akbar huzuriga borgan? Toshkentda yashab va ijod etgan Hofiz Ko‘hakiy o‘z zamonasining iqtidorli olimi va tarixchisi bo‘lgan. U mashhur o‘zbek olimi va davlat arbobi Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchining nabirasidir (Kotib Chalabiy. Kashf az-zunun. Istanbul, 1892-1893. 217-bet).


Hofiz Ko‘hakiy tarix, arab tili va grammatikasi, mantiq, huquqщunoslik va diniy ilmlar bilan shug‘ullangan va bu borada qator asarlar tasnif etgan. U «Toshkent tarixi»,


«Chingiz avlodi tarixi», «Tafsir, fiqh asoslari va tarmoqlari, mantiq va kalom ilmi haqida risola», «Favoidi ziyoiyya» nomli arab tili grammatikasiga oid sharhga xoshiya» («Munozara qoidasi») sharhining sharhi, «Bilim mezoni» asariga «Mezon sharhining tezkor bayoni nomli sharh» kabi qator asarlarning muallifidir (Munirov Q., Irisov A., Nosirov A. Toshkent tarixida baʼzi siymolar. T., «Fan», 1983, 31-bet).


Hofiz Ko‘hakiy o‘z zamonasining ilmli va obro‘li kishisi bo‘lganligi uchun bo‘lsa kerak, 935/1528 yili Toshkentdan to‘y munosabati bilan Hindistonga Zahiruddin Muhammad Bobur xuzuriga boshqa vakillar bilan birgalikda yuborilgan edi. Hofiz Ko‘hakiyning bu to‘yda katnashganligini Bobur «Boburioma» asarida keltiradi. «Shanba kuni oyning oltisida to‘y bo‘ldi... o‘zbek elchilari... bu to‘yda bor edilar... So‘l ko‘lda ham ushbu dastur bila o‘zbek elchilari o‘lturub, beklardan Abdullohga farmon bo‘ldikim, bular bila o‘lturg‘ay...


Ulug‘ osh tortilg‘ondin keyin... Xoja Mir sultonga va o‘g‘lonlarig‘a va Hofiz Toshkandiy va mulla Farrux boshliq Xojaning mulozimlariga va o‘zga elchilarga ham oltundin, kumushdin tarkash (Tarkash – o‘qdon) bila inʼomlar bo‘ldi» (Zaxiriddin Muxammad Bobur. Boburnoma. T., 1960, 424 bet; «Yulduzcha». T., 1989, 323 bet). Shuningdek, hind tarixchisi Abdulqodir Mulukshoh Balovoniy o‘zining «Muntahab ut-tavorix» nomli tarixiy asarida keltirishicha, Hofiz Ko‘hakiy Akbarshoh davrida 977/1569 yili ikkinchi marta Hindistonga boradi. Akbarshoh tomonidan qabul qilinadi va olimlik mahorati uchun katta tuhfalar va inʼomlar olishga muyassar bo‘ladi. Badovoniy yozadi: «Hofiz Toshkandiy nomi bilan tanilgan Hofiz Ko‘hakiy zo‘r donishmand bo‘lib, ayniqsa arab tili va adabiyotini yaxshi bilgan. Mavlono Asomiddinning shogirdi bo‘lib, o‘z davrining hamma ilmlaridan yaxshi bahramand bo‘lgan olimdir. O‘z davrida Movarounnahrda yashagan olimlar uning buzurgligini tan olgan edilar. U Hindistondin Makkaga boradi va u yerdan Turkiyaga keladi. Turk sultoni bilan uchrashadi. Hind diyorida topgan izzat va obro‘ni u yerda ham topadi. Vazirlikka kilingan taklifni rad etib, o‘z diyori Movarounnahrga (Toshkentga) daytib keladi va u yerda vafot etadi. U o‘z hayotida ikki katta olimdan taʼlim olishga musharraf bo‘lgan: «Birinchisi Qozixon laqabli Qozi Nizom Badaxshiy bo‘lib, ikkinchisi Mavlono Asomiddin Ibrohimdur. Ahli maʼni orasida yaxshi eʼtibori ham bor… Fasih zabon, xush taqrir olim bo‘lib, muʼtabar tasniflari ham bordir... 992/1584 yili vafot etgan» (Abdulqodir Mulukshoh Badavoniy. Muntahab ut-tavorix. O‘zFASHI qo‘lyozma, inv. № 25, varaq 386a).


Hofizi Ko‘hakiy hind va turk sultoni huzurida katta obru ko‘rsada, vazoratda ishlash taklif qilinsada, o‘z vatanini har qanday molu-dunyodan va mansabdan yuqori qo‘ya olgan olimdir. Toshkent tarixiga oid qimmatli manbaʼlardan biri toshkentlik tarixchi olim Muhammad Solih Qoraxo‘ja o‘g‘lining «Tarixi jadidai Toshkand» asaridir. Muhammad Solih o‘z asarida Hofiz Ko‘hakiy haqida bunday deb yozadi: «Toshkand diyoridagi Hofiz Ko‘hakiy mahallasidan Mavlono Ko‘hakiy aqliy va nakliy ilmlarda zo‘r olim bo‘lgan. Jomiy Hirotiyning arab tili grammatikasiga oid «Sharhi mulla» asariga hoshiya yozgan. Bahs va jadal ilmining qoidalarini aʼlo darajaga yetkazgandir. Hofiz Ko‘hakiy Toshkand aholisi va olimlarining iftixori bo‘lib, Dashti Qipchoq, Farg‘ona, Movarounnahr, Buxoro, Eron va Xurosonda keng shuhrat qozongan olimdir (Muhammad Solih Qoraxo‘ja o‘g‘li. Tarixi jadidai Toshkand. Mazkur fond, qo‘lyozma, inv. № 11073-II, varaq 12).


Temuriyzodalar Zahiruddin Muhammad Bobur va Akbarshoh buyuk davlat arboblari bo‘lishi bilam bir qatorda maʼrifatli inson va maʼrifatparvar hukmdorlar edilar, ilm ahliga katta hurmat bilan qarar edilar. Hofiz Ko‘hakiy zamonasining ajoyib olnmi bo‘lganligi uchun ana shunday maʼrifatli shohlar bilan uchrashishga, ular saroyida bo‘lib, ko‘p ajoyib marhamatlar ko‘rishga va inʼomlar olishga, ayniqsa katta ehtirom ko‘rishga sazovor bo‘lgan.

Hozirda ham Toshkentning eski shahar qismida Hofiz Ko‘hakiy yashagan va ijod etgan mahalla, xalq orasida Hofiz Ko‘hakiy nomi bilan mashhurdir1284.


Munirov, Q.

Sharqshunoslik. № 7, 1996. - 208 b. B. 174-177. (O‘zbekcha);

Ученый, достигшего уважения у Тимуридов.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0