«Boburnoma»ning o‘ziga xos muhim xususiyatlaridan biri shundaki, memuarda temuriylar Uyg‘onish davriga xos jihatlar butun borligicha, yaʼni hukmdorlari, yirik mulkdorlari, daho so‘z sanʼatkorlari, orif insonlari tasviri, maʼlumotlari, g‘oya hamda asoslari, murabbiy va muqavviylik masalalari, shaharsozlik madaniyatining rostlik bilan yoritilishidir. Shuni alohida taʼkidlash zarurki, bu davr hodisalarini Bobur o‘z ko‘zi bilan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lgan va u temuriylar Renessansi anʼanalarini o‘zida saqlab qolib davom ettirgan hamda farzandlari faoliyatida bardavom qilishni niyat qilgani kabi holatlarni uning memuarida yozgan maʼlumot, lavha, chizgi, tasvirlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Shuning uchun muhtasham memuar Amir Temur va temuriylar Uyg‘onish davriga xos jihatlarni o‘rganishda qimmatli manba hisoblanadi. Bobur «Boburnoma»da temuriylar davlat boshqaruvida bo‘lgan Movarounnahr va Xurosonga nisbatan «Temurbekning yurtida» iborasini mahorat bilan qo‘llaganini hamda biz ham maqolada ilk marta temuriylar davlat boshqaruvida bo‘lgan Movarounnahr va Xurosonga nisbatan «Temurbekning yurtida» iborasini ishlatishga, ilmiy isteʼmolga kiritishga harakat qildik.
Endi birinchi navbatda Renessans yoki Uyg‘onish atamalari haqida biroz maʼlumot bersak. Darhaqiqat, Renessans yoki Uyg‘onish (frans. Renaissance; ital. Renasci) – qayta yuzaga kelmoq, yangidan tug‘ilmoq kabi leksik maʼnolarni bildiradi, ot so‘z turkumiga xos so‘zlar, ko‘chma maʼnoda esa sanʼat, madaniyat, uslubni ham anglatadi. Bu atamani fanda birinchi bo‘lib italiya gumanistlari, xususan, Jordjo Vazari qo‘llagan, keyin esa fransuz tarixchisi Jyulem Mishle ishlatgan, ammo mashhur nemis sharqshunosi A.Mets birinchi bo‘lib bu atamani metaforik maʼnoda, yaʼni madaniy gullab yashnagan davrga, asrga va uslubga nisbatan qo‘llagan (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 7-jild. P-S. – Toshkent: «O‘zbekiston milliy ensiklopediya» Davlat ilmiy nashriyoti, 2004. – B. 305). Renessans yoki Uyg‘onish atamasi dastlab Italiyadagi XIV-XVI asrlar madaniy va maʼnaviy yuksalishiga nisbatan qo‘llangan va buni o‘rta asrchilik turg‘unligidan yangi davrga o‘tish bosqichi deb baholashgan. Ammo Renessans yoki Uyg‘onish faqat Yevropaga hos madaniy ko‘tarilish hodisasi emas, balki dunyo madaniyatini yaxlit o‘rgangan olimlarning fikriga ko‘ra, jumladan, A.Mets va N.I.Konrad, M.Xayrullayev, F.Sulaymonovalarning ilmiy ishlari shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Osiyoda joylashgan Movarounnahr, Xuroson, Eron, Afg‘onistonda Italiyaga qaraganda bir necha asr oldin IX-XII asrlarda ulkan madaniy ko‘tarilish yuz bergan. Dunyo ilm, fanlari doirasida olimlar bu davr, bu tarixiy holni xolis baholab, tan olganlar. A.Mets iborasi bilan «Musulmon Renessansi» yoki N.I.Konrad so‘zlari bilan aytganda esa «Sharq Renessansi» nomi bilan atalib kelingan. Umuman, mamlakatimizda ilk Uyg‘onish davri va temuriylar Uyg‘onish davri bilan bog‘liq qilingan ilmiy tadqiqotlarda, asosan, atoqli nemis sharqshunosi A.Metsning «Musulmanskiy Renessans» (Adam Mets. Musulmanskiy Renessans. Perevod s nemetskogo, predisloviye, bibliografiya i ukazatel D.Ye.Bertelsa. – M.: Nauka, 1966. – S. 456) kitobini birlamchi manba deb qaralgani kuzatiladi. Biz ham bu qimmatli kitobga murojaat qildik. Ammo bu kitobni o‘qib-o‘rganish jarayonida shu narsaga amin bo‘ldikki, A.Mets mazkur kitobini bitishda asosiy manbalardan biri sifatida Beruniydek buyuk vatandoshimizning nihoyatda qimmatli, muhtasham «Hindiston» asaridan unumli foydalanganini ko‘rdik va o‘zimizda faxr tuyg‘usini tuydik.
Mamlakatimiz va xorijda temuriylar Uyg‘onish davri to‘g‘risidagi dastlabki tadqiqotlar tarixchi olimlarimiz tomonidan amalga oshirila boshlangani kuzatiladi, adabiyotshunoslikda esa N.I.Konradning «Srednevostochnoye Vozrojdeniye i Alisher Navoi» (Konrad N.I. Izbranniye trudi. Leteratura i teatr. – M.: Nauka, 1978. – S. 90-104) nomli tadqiqotidan boshqa tadqiqot, yaʼni ilk Uyg‘onish davri ham, temuriylar Uyg‘onish davri ham alohida, yaxlit bir mavzu sifatida olinib hali tadqiqot yaratilmagan. Biroq bir jarayon va holatni mamnuniyat bilan aytish mumkinki, keyingi yillarda adabiyotshunos, xususan navoiyshunos olimlarning maʼruza, maqolalarida (Rajabova B., Ergashev Q. Ayrim mavzu va obrazlar badiiy talqinida Renessans g‘oyalarining inʼkosi. O‘zbek tili va adabiyoti. – 2017. – 1-son. – 28–32-betlar; Motiv va talqin. O‘zbek tili va adabiyoti. – 2019.–1-son. – 38–44-betlar) ilk Uyg‘onish davri ham, temuriylar Uyg‘onish davri ham tilga olina boshlanganini sezish mumkin bo‘lsa-da, ammo «Boburnoma» misolida alohida tadqiqot qilinmagan, shuning uchun biz tomonimizdan yozilayotgan «Temuriylar Uyg‘onish davri va Boburnoma» kitobimiz yangi talqindagi tadqiqot hisoblanadi. Yuqorida tilga olgan atoqli olimlarning ayrim ilmiy, nazariy fikrlari asosida bu atama Amir Temur va temuriylar davriga nisbatan ham qo‘llanib, jahon tarixida «Amir Temur va temuriylar Renessansi», degan nom bilan alohida o‘rin egallaganini taʼkidlash lozim. Akademik M.Xayrullayev, professor F.Sulaymonova, taniqli arxyeolog olim, professor T.Shirinov va boshqa olimlar Sharq Uyg‘onish davrini ikki davrga yaʼni X-XII asrlardagi Markaziy Osiyoda moddiy va madaniy hayotdagi ko‘tarilish, gullab yashnash davrini Ilk Uyg‘onish davri atamasi bilan hamda mo‘g‘ul istilosidan keyin bir yuz ellik yillik turg‘unlikdan so‘ng, yaʼni XIV-XVI asrlardagi Markaziy Osiyoda yuz bergan moddiy va madaniy hayotdagi ko‘tarilish, gullab yashnash davrini esa Amir Temur va temuriylar Uyg‘onish davri atamasi bilan ikki guruhga tasnif qilib o‘rganishgan (Xayrullayev M. O‘rta Osiyoda ilk Uyg‘onish davri madaniyati. – Toshkent: Fan, 1994. – 13b bet.; Sulaymonova F. Sharq va G‘arb. – Toshkent: O‘zbekiston, 1997. – 314–346-betlar; Shirinov T. Tarixdan etyudlar. – Toshkent: Sharq, 2014. – 336 bet). Har ikki atama, yaʼni Ilk Uyg‘onish davri va Temuriylar Uyg‘onish davri atamalari davr imtihonidan o‘tib, ilmiy isteʼmolda mustahkamlanib bordi hamda boshqa yurtimiz va xorij olimlarning fikrlari bilan yana to‘ldirilib, sayqal berilib, qo‘llab quvvatlanish natijasida bugungi kunda mazkur atamalar tarix, badiiy adabiyot, siyosatshunoslik, huquqshunoslik, arxetektura, falsafa va meditsina fanlari doirasida keng ishlatilmoqda va ushbu atamalar ostida bir qator tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Ammo hamon ushbu fanlar doirasida olib borilgan tadqiqotlarning sifati va salmog‘i jihatidan tarixshunoslik fani yetakchilik qiladi. Yaʼni, birinchidan, 1996 yilda Amir Temur tavalludining 660 yil sana munosabati bilan Fransiya poytaxti Parijda «Temuriylar Renessansi» nomli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgan va konferensiyada temuriylar Renessansi jahon tarixida noyob jarayon ekanligi, Sharqning maʼnaviy hamda moddiy madaniyatida «temuriylar uslubi» tushunchasi paydo bo‘lganligi hamda uning jahon sivilizatsiyasi rivojiga ko‘rsatgan ijobiy taʼsiri masalalari keng ochiqlangan. Ikkinchidan esa 2015 va 2016 yillarda Temuriylar davlat muzeyi jamoasi tomonidan «Amir Temur va temuriylar Renessansi xorijiy tadqiqotlarda» (Temuriylar davlat muzeyi. Amir Temur va temuriylar Renessansi xorijiy tadqiqotlarda. – Toshkent: Akademnashr, 2015. – 154 bet; Temuriylar davlat muzeyi. Amir Temur va temuriylar Renessansi xorijiy tadqiqotlarda. – Toshkent: Akademnashr, 2016. – 144 bet) nomli kitoblar tayorlangan va nashr qilingan. Kitoblarning nomidan maʼlumki, ular temuriylar Renessansiga oid chet elda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar natijasi bilan tanishish imkoniyatini beradi. O‘rganishimizga ko‘ra, ilmda bu tarixiy davrni, bu holatni tan olish hamda baholashda kamchiliklar ham ko‘zga tashlanadi. Masalan, O‘zbekiston milliy ensiklopediyasining 9-jildida olimlarimiz tomonidan yozilgan «Uyg‘onish davri» nomli salmoqli maqolada faqat Yevropa Uyg‘onish davri yoritilgan bo‘lib, Amir Temur va temuriylar davri Renessansi haqida esa bir jumla ham bitilmagani kishini o‘ylantiradi (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. IX jild. P–Sh. – Toshkent: «O‘zbekiston milliy ensiklopediya» Davlat ilmiy nashriyoti, 2005 – 57–60-betlar). Qizig‘i shundaki, mazkur maqola yozilgan vaqtda yurtimizda temuriylar Uyg‘onish davriga oid birlamchi manbalar, yaʼni Sharafiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»si, Nizomiddin Shomiy «Zafarnoma»si, Davlatshoh Samarqandiy «Tazkirat ush-shuaro»si, Abdurazzoq Samarqandiy «Matlaʼi saʼdayn»i kabi temuriylar Renessansi klassik tarixchilarining asarlari nashr qilingan va yuqorida aytib o‘tilganidek bu haqda adabiyotshunoslikda ham ilmiy tadqiqotlar, tahlil va xulosalar paydo bo‘lgan edi.
O‘rganishimizga ko‘ra, Bobur memuarida ishlatgan temuriylar Uyg‘onish davriga xos qadriyatlardan biri «murabbiy va muqavviy»lik hamda «tarbiya va taqviyat»lilik, aslida Amir Temur faoliyatidan boshlangan bo‘lib, keyinchalik temuriylar Uyg‘onish davri rahbarlari, yirik mulkdorlari maʼnaviyati, fazilati, ish va ijod uslubiga aylanib ketganini kuzatish mumkin. Chunki «Mo‘g‘ullar bosqinchi harbiy qabilaviy uyushma sifatida Markaziy Osiyoning gullab turgan vohalarini talon-taroj qildi, asriy madaniyatga ega turkiy, forsiy xalqlarni qirib, madaniyat o‘choqlarini yemirib tashladi» (Muqimov Z. O‘zbekistonda davlat va huquq tarixi. – Toshkent: Adolat, 2003. – 141–142-betlar). Amir Temur 1370 yildan boshlab to 1405 yilgacha katta kuch va ixlos bilan mo‘g‘ullar vayron qilgan shaharlar, kentu qishloqlar, sug‘orish tarmoqlarini, madaniy ekinzor, bog‘larni, ko‘p tarmoqli savdo va karvon yo‘llarini tikladi. Samarqandni o‘z saltanatining poytaxtiga aylantirib, poytaxtga dunyoning turli yerlaridan olim, ulamo, shoir, muarrix, usta, hunarmandlarni chorlab homiylik, yaʼni Bobur so‘zlari bilan aytganda, «murabbiy va muqavviy»lik qildi.
Umuman, «Temuriylar Uyg‘onish davri va «Boburnoma» mavzusini tadqiqotimizda quyidagicha belgilashimiz mumkin:
1. Temuriylar Uyg‘onish davri va davlat arboblari. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Sulton Husayn Boyqaro.
2. Temuriylar Uyg‘onish davri va ijodkorlar. Sulton Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Kichik Mirzo, amir Shayxim Suhayliy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Zayniddin Mahmud Vosifiy, Atoulloh Husayniy.
3. Temuriylar Uyg‘onish davri va temuriy malikalardan Gavharshodbegimning bunyodkorlik ishlari, Eson Davlat Begim faoliyati.
4. Temuriylar Uyg‘onish davrida ilm, fan, adabiyot, sanʼat va tarix.
5. Temuriylar Uyg‘onish davrida astronomiyaning o‘rni. Samarqand, Mirzo Ulug‘bek va u qurdirgan rasadxona.
6. Temuriylar Uyg‘onish davrida tibbiyot masalasi. Alisher Navoiy qurdirgan dor ush-shifo va tabiblarning jonli obrazi tasvirlangan lavhalar.
7. Temuriylar Uyg‘onish davrida savdo va pul munosabatlari. Pul, bozorlarning tartibga solishi, nazorati hamda oltin va kumush tangalarning zarb qilinishi va muomalasi bilan bog‘liq tasvirlar. Buyuk ipak Yo‘lining tiklanishi.
Temuriylar Renessansi «Temurbekning yurtida» dastlab Samarqandda tug‘ildi va keyin betakror sivilizatsiya Hirotda ham davom qildi. Demak, Samarqand, Hirot, Kesh, Andijon, Axsikent, Urganch, Toshkent, Xo‘jand, Balx, Astrobod, Turkiston, Buxoro, Marv kabi temuriylar Uyg‘onish davri shaharlar madaniyati, ilmiy, adabiy muhit, ilm-fan, hunarmandchilik, savdo-sotiq, arxitektura, islom maʼrifati, taʼlim va tarbiya, fiqih fanlarining yirik markazlariga hamda ko‘plab monumental bino va inshoatlar hamda bog‘-saroy tarhidagi obod maskanlarga aylandi. Xullas, bir yuz ellik yil to‘xtab qolgan, izdan chiqqan Buyuk Ipak yo‘li faoliyati ham qayta tiklandi.
Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur muhtasham «Boburnoma»da temuriylar davlati tasarrufi va boshqaruvida bo‘lgan ko‘plab shaharlarning nomi, shaharsozlik madaniyati haqida qimmatli maʼlumotlar bitib qoldirgan, jumladan, Turkiston shahri haqida ham maʼlumotlar bor, masalan, memuarda onasi Qutlug‘ Nigorxonimning otasi Yunusxonning onasi turkistonlik qipchoq beklaridan ekanligi yozilgan yoki: «Sayhun daryosikim, Xo‘jand suyig‘a mashhurdur sharqu shimol tarafidin kelib, bu viloyatning ichi bila o‘tub, g‘arb sori oqar, Xo‘jandning shimoli va Fanokatning janubiy tarafidinkim, holo Shohruxiyaga mashhurdur, o‘tub yana shimolg‘a mayl qilib, Turkiston sori borur, Turkistondin xeyli quyiroq bu daryo tamom qumg‘a sing‘ar, hech daryog‘a quyilmas» (34), deb qator lavhalar bitgan, ammo nimagadir u Amir Temurning Turkistonda ilk Uyg‘onish davrining «shayx ul-mashoyix»i Ahmad Yassaviy qabrini ziyorat qilib, unga bo‘lgan cheksiz hurmatining ramzi sifatida turkiy tasavvuf asoschisining qabri ustiga 1396-1397-yillarda qurdirgan mahobatli maqbarasi to‘g‘risida xabar ham bitmagan. Amir Temurning shaxsan tashabbusi va homiyligida, «murabbiy va muqavviy»ligida qurilgan bu mahobatli maqbara hozir ham ulkan ziyoratgoh hisoblanadi, yigirma birinchi asrda ham o‘z mahobati bilan Amir Temur nomi, Temuriylar Renessayensiga xos «temuriylar uslubi»ni eslatib turibdi. Shu o‘rinda Amir Temurning Ahmad Yassaviy bitgan to‘rtlik shaklidagi bir hikmatni yaxshi ko‘rib, jasoratga to‘la qalbining orom, fayz topishi uchun gohida yetmish marta yoddan aytib yurgani, hatto, janglarda ham fath kalitini qo‘lga kiritish uchun shu munojaat xarakteridagi hikmatni ixlos bilan o‘qigani haqida gap-so‘zlar bizgacha yetib kelgan. Hikmat:
Yaldo kechani shamʼu shabiston etgan,
Bir lahzada olamni guliston etgan.
Bir mushkul ishim tushubdur, oson etgil,
Ey, barchaning mushkulin oson etgan.
Umuman, badiiy va memuar asarlarda bayon qilingan shaharlar tasvirining uslubi masalasi ham alohida mavzu va uslub bo‘lib, bu mavzu va uslubga «Boburnoma»dan ancha avval, yaʼni yozilgan yili maʼlum emas, ammo mashhur sayyoh va adib Nosir Xusravning g‘arbiy o‘lkalarga sayohat qilgan yetti yillik (1045-1052 yy.) davrda ko‘rgan-kechirganlarini o‘z ichiga olgan «Safarnoma» (Nosir Xusrav. Safarnoma (Fors tilidan G‘.Karim tarjimasi). – Toshkent: Sharq, 2003. – 112 bet) asarini ham namuna qilib ko‘rsatish mumkin. Muhimi shuki, A.Mets «Musulmanskiy Renessans» (Adam Mets. Musulmanskiy Renessans. Perevod s nemetskogo, predisloviye, bibliografiya i ukazatel D.Ye.Bertelsa. – M.: Nauka, 1966. – S. 456.) kitobida shaharsozlk madaniyati yaxshi yoritilgan Nosir Xusravning mazkur kitobdan ham unumli foydalangani kuzatiladi. Hatto, u bu asar nomini kitobning ilmiy iqtibosida qayta-qayta ko‘rsatgan.
Xulosa shuki, «Boburnoma»da bayon qilingan yana bir muhim, yaʼni bugungi ilm, fan uchun zarur masalani alohida mamnuniyat bilan taʼkidlash joizki, Bobur memuarida nafaqat temuriylar Uyg‘onish davri hukmdorlari, mutafakkirlarining jonli obrazi, tarixiy siymosini hamda bu davrda qilingan aql va qo‘l ixtirolarini, madaniy ko‘tarinkilikni tasvirlagan, balki ilk Uyg‘onish davrining Imom Buxoriy, Imom Burxoniddin Marg‘iloniy, Shayx Saʼdiy, Tusiy… kabi buyuk siymolarining nomi, yaratgan asarlarining xususiyatlari, shohbaytlari va ayrim faoliyatlariga doir chizgilarni ham yozib qoldirgani ham tahsinga loyiq, kelajakda buni ham maxsus tadqiqot doirasida o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Burobiya RAJABOVA
https:ziyouz.uz/ilm-va-fan/tarix/burobiya-rajabova-temuriylar-renessansi-atamasi-haqida-boburnoma-misolida. (O‘zbekcha);
О термине ренессансе тимуридов (на примере «Бабур-нама»)
Fikr qoldirish#