Davlatni idora qilishda harbiy yurishlarda Temur o‘z yurtining aholisiga tayanib ish tutgan. Uning asosiy tayanchi ikki daryo oralig‘ida (Movarounnahrda) yashovchi aholi bo‘lgan. Bu xududda u tug‘ilib voyaga yetgan, yirik davlat arbobi va harbiy sarkarda darajasiga ko‘tarilgan.
Temur Movarounnahrning eng ko‘rkam vohasida – Shahrisabz (qadimgi Kesh) shahri yaqinida, Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tavallud topgan. Uning armiyasining asosiy qismi Movarounnahr aholisidan tashkil topgan edi. Voha aholisi uning qo‘shinlarini jangovar otlar bilan, hamda yarog‘ aslahalar bilan taʼminlab turgan. O‘z navbatida Temur ham yurt aholisining moddiy hayotini yaxshilash borasida kuch-quvvatini ayamagan. Uning davrida mamlakat juda yuqori iqtisodiy va madaniy taraqqiyotga erishgan bo‘lgan.
Temur va uning vorislari davrida Movarounnahr aholisi etnik jihatdan bir xilda bo‘lmagan, albatta. Bu hududda qadim davrlardan buyon ikki xalq vakillari o‘zbek va tojiklar yonma-yon yashab doimo iqtisodiy va madaniy hamkorlikda bo‘lib kelganlar. Bu aloqalar natijasida o‘zbek va tojiklar ko‘p jihatdan o‘xshash moddiy va maʼnaviy madaniyat, urf-odat, marosimlar yaratganlar. Asrlar davomida bir-birlari bilan yaqinlashib, aralashib borishlari jarayonida tojiklarning bir qismi turkiylashgan, o‘z navbatida turkiy aholisining ham maʼlum qismi tojiklashib ketgan. Lekin, umumiy o‘xshashliklar bo‘lishidan qatiy nazar, o‘zbek va tojiklarning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lgan. Bu xususiyatlar Movarounnahr va unga tutash mintaqalarda ikki mustaqil xalqning – o‘zbek va tojik xalqnining tashkil topishini oldindan belgilagan.
Temur va temuriylar davrida Movarounnahrda yashovchi aholining bir qismi turg‘un yashasa, ikkinchi qismi yarim o‘troqlikda kun kechirar edi. Turg‘un o‘zbek aholisi ko‘p asrlar davomida eron va boshqa til turkumidagi etnik guruhlar bilan aralashib, qorishib borishi jarayonida shakllangan.
Bu jarayon qadim davrlardan boshlanib, keyingi asrlarda ham davom etgan. Turg‘un o‘zbeklar shahar va qishloqlarda yashovchi turkiy aholining asosiy qismini tashkil qilgan. Bular dehqonchilik, xunarmandchilik savdo-sotiq va qisman chorvachilik bilan shug‘ullanib kelganlar. Farg‘ona, Toshkent aholisining katta qismi va Xorazm aholisining bir qismi o‘zini sart atagan.
Yarim o‘troq o‘zbeklar kadimgi turkiy kabilalarning keyingi avlodlari bo‘lib, bular Movarounnahr va unga tutash viloyatlarda ilk o‘rta asrlarda kelib yashaganlar. Qangli, az, uz, argu, tuxsi, qarluq, xalach, chigil, turkesh etnik guruhlari shular jumlasidandir. Bularning aksariy qismi o‘troqlashib ketgan bo‘lsalar hamki o‘z etnik nomlarini bir necha asrlar davomida unutmasdan keladilar. Bir vaqtning o‘zida (etnik nomlari bo‘la turib) yarim o‘troq o‘zbeklar, turg‘un o‘zbeklardan farqli o‘laroq, o‘zlarini umumiy yig‘indi nom bilan turk deb ataganlar. Yig‘indi nom bilan atalgan etnik guruhlarning talay qismi XIV-XV asrlarda va undan keyin ham yarim o‘troqlikda yashab, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan edilar.
Movarounnahrda turk xoqon liklaridanoq turk etnik nomi (etnonimi) bilan atalgan yirik etnik guruh ham yashagan. Bular Temur va temuriylar davrida, Farg‘onada, Zarafshon tizma tog‘ oldi rayonlarida, Xorazmda, hozirgi O‘zbekiston va Tojikistonning janubiy viloyatlarida joylashgan edilar.
Yuqorida tilga olingan atamalardan Temur va temuriylar davrida eng yirik etnik guruhlardai qang‘li, qarluq, argu (argin) xabilalari bo‘lgan.
Qangli – qadimgi qang‘ar elatining keyingi avlodlari. Bularning ajdodlari (qang‘arlar) antik davrlarda Markaziy Osiyoda yirik Qang‘ (xitoycha – Kangyuy) davlatini tuzganlar. Qang‘arlarning qoldiqlari (qang‘lilar) etnik tarkibi juda o‘zgargan holda, o‘rta asrlar davomida saqlangan bo‘lib, Orol dengizi va Sirdaryoga tutash yerlarda (Dashtiqipchokda) ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchilikda hayot kechirar edilar. Qang‘li – Qang‘lilar, Dashtiqipchoqda tashkil topgan siyosiy va etnik uyushmalarda faol ishtirok etib kelganlar. Bular Markaziy Osiyo xalqlarining, jumladan o‘zbek, qozok, qoraqalpok, turkman, qirg‘iz xalqlarining etnogenetik jarayonida muhim rol o‘ynaganlar. O‘zbekiston xududida qang‘lilar Zarafshon vohasida, Xorazmda yashab, XIV-XV asrlarda, balki undan ham oldinroq, mamlakatning siyosiy hayotida muhim rol o‘ynaganlar.
Qarluqlar va ularga qardosh qabilalar – chigil, xalach – o‘zbek xalqining etnogenezida muhim o‘rin egallaganlar. Qarluqlar juda qadimgi va boy tarixga ega. Ilk o‘rta asrlarda bular siyosiy maydonga chiqadilar. IX asrda Yettisuvda tashkil topgan yirik davlat qarluqlar nomi bilan bog‘liq, X asrda bu davlat Qoraxoniylar davlati nomi bilan tarixda maʼlum bo‘ladi. Qarluq davlati doirasida, keyinchalik o‘zbek, nomini olgan xalqning (elatning) asosiy o‘zagi shakllanadi. Movarounnahr hududiga qarluqlar VI-VIII asrlar davomida kelib, hozirgi Toshkent, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlariga joylashadilar. Bularning avlodlari shu xududlarda hozir ham yashaydilar. Qarluqlarning asosiy qismi allaqachon o‘troqlashib ketgan. Ularning ayrim guruhlari yarim o‘troqlikda yashashni davom ettirib, chorvachilik bilan bir vaqtda dehqonchilk bilan ham shug‘ullanib kelganlar. Qarluqlar Temur va uning vorislari davrida Movarounnahrning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotida muhim rol o‘ynaganlar.
Arg‘un (arg‘in) – qadimgi turk qabilalaridan bo‘lib, G‘arbiy Turk xoqonligida (VI-VIII asrlarda) yirik ztnik guruhni tashkil etgan. Bularning ayrim qismlari ilk o‘rta asrlardayoq Toshkent vohasiga, Zarafshon vodiysi hamda Farg‘onaning tog‘li rayonlariga kelib joylashgan edilar.
XIV-XV asrlar davomida arg‘unlar Movarounnahrning siyosiy hayotida faol qatnashib, imtiyozli qabilalar qatorida bo‘lib keladilar. Yuqori feodal tabaqalardan chiqqan baʼzi arg‘un zodagonlari amirlik darajasiga ko‘tarilib, Temur va uning vorislariga tegishli ayrim viloyatlarni boshqarganlar. Nomdor arg‘un urug‘larining ayrimlari Temur xonadoni bilan qavm-qarindoshlik aloqada bo‘lib kelgan.
Nurato turkmanlari – alohida etnik guruh bo‘lib Hypato tog‘li rayonlarda shakllangan; VIII-IX asrlarda tashkil topgan o‘g‘uz – turkman qabila uyushmasining avlodlaridandir. IX-X asrlarda o‘g‘uzlar Sirdaryo sohillarida yirik davlat barpo etib, xukmronlari yabg‘u unvoni bilan davlatni boshqarganlar.
XI-XII asrlarda o‘g‘uzlarniig qatta bir qismi Amudaryoni kechib o‘tib, g‘arbga siljib ketgai. Ularning Nurato tog‘larida qolganlari esa o‘zbek qabilalari bilan yonma-yon yashar edilar. O‘zbeklar bilan yaqin aloqada bo‘lib kelganliklari tufayli, Nurato turkmanlari o‘z tarkibiga bir qancha o‘zbek etnik elementlarini qo‘shib olganlar. Shuning uchun ham ular tarixiy adabiyotlarda Nurato turkmanlari yoki O‘zbek turkmanlari nomi bilan qayd etilgan. Bular ham Temur va temuriylarning harbiy qismlarida bo‘lib, janglarda faol katnashganlar.
Qipchoqlar – qadimgi turkiy xalq. Bularning asosiy qismi ilk o‘rta asrlarda Irtish daryosining o‘rta oqimlarida; O‘rol tog‘i etaklarida yashab, Kimak davlati tarkibida bo‘lgan edilar. Qipchoqlarning bir guruhi kimaklardan ajralib janubga siljib, XI asr boshlarida Sirdaryo sohillariga, O‘g‘uz qabilalarining yeriga ko‘chib keladilar. Qipchoqlarning katta qismi, XI asrning ikkinchi yarmida Qora dengizga tutash cho‘llarni egallab, shu yerlarda yashab qoladilar.
XI asrning birinchi choragida o‘g‘uzlar egallab turgan Orol dengiziga, Sirdaryoning o‘rta oqimlariga tutash. xududlarga qipchoqlar qatʼiy o‘rnashib oladilar. Bularning ko‘pchiligi asta-sekin O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘iga (Movarounnahrga) ko‘chib o‘tadilar. Temur va temuriylar davrida qipchoqlar Movarounnahr aholisining talay qismini tashkil qilgan. Temur qo‘shinlarining eng tanlangan, jangovor qismlaridan biri qipchoqlardan tashkil bo‘lgan edi.
XIV asr oxirlarida Sirdaryoga tutash cho‘llarda ko‘chib yurgan qipchoqlarning katta bir guruhini Temur Movarounnahrga ko‘chirib keladi. Bular hozirgi O‘zbekiston va Tojikiston xududining janubiy viloyatlarida, hamda Afg‘onistonning shimoliy rayonlarida joylashgan edilar. Manbalarning guvohlik berishicha, bularning avlodlari shu hududlarda hozir ham yashaydilar.
Andijon viloyatining janubida, tog‘li rayonlarda Chagroq deb atalgan etnik guruh yashagan. Bular haqida Bobur yozgan edi: «Andijon viloyatining sahronishinlaridan biri chagroq elidir. Qalin eldur. Besh-olti ming uyluk el bordur. Farg‘ona bilan Qashg‘ar orasidagi tog‘larda bo‘lurlar. Otlari ko‘p va qo‘ylari qalindir». Chagroqlarning baʼzn guruhlari qipchoqlar bilan birga XI asrning birinchi yarimidayoq Xorazm o‘lkasining siyosiy hayotida faol qatnashganlar. Taxmin qilinishicha, chagroqlar qipchoq qabilalaridan biri bo‘lib, XI-XII asrlarda bular Farg‘ona vodiysining tog‘li rayonlariga kelib o‘rnashib qolgan.
Temur va temuriylar davrida XIII-XV asrlar davomida Movarounnahrga ko‘chib kelgan, til jihatdan turklashgan mo‘g‘ul qabilalarining bir necha guruhlari yashar edilar.
Chingizxon boshliq mo‘g‘ullar Movarounnahrga bostirib kelmasdan oldin, bu hududda qorakidan (qopa xitoy) nomi bilan atalgan ayrim qabilalar yashagan. Bularning ajdodlari Mo‘g‘ulistonning janubi-sharqiy qismida joylashgan. Mazkur hududda ular X asrda Lyao (Kidan) davlatini tashkil qilgan. Bu davlat inqirozga uchragach (1125 y.), Qorakidanlarning katta bir qismi Tyan-Shan tog‘ oldi rayonlariga ko‘chib kelib, Qoraxoniylar davlatini tobe etganlar.
XIII-XIV asrlar davomida qopa xitoylarning ayrim guruhlari O‘rta Osiyodagi ikki daryo oraliriga (asosan Zarafshon daryo havzasiga) o‘rnashib, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanar edilar. Temur va temuriylar hukmronligida qopa xitoylar mamlakatning siyosiy hayotida muhim rol uynaydilar.
Temur va temuriylar hukmronlik qilgan yillari Movarounnahrda, til jihatdan, turklashgai mo‘g‘ullarning (chig‘atoylariing) bir necha yirik etnik guruhlari yashar edi. Bular mazkur g‘ududda XIII-XV asrlar davomida, asosan, Chig‘atoy ulusining sharqiy qismida (Yettisuv va Sharqiy Turkistonga) ko‘chib kelib o‘rnashgan edilar. Chig‘atoy ulusining sharqiy qismi Mo‘g‘uliston, aholisi esa mo‘g‘ul deb nomlangan.
Maʼlumki, XIII asrning 60-yillari Mo‘ng‘ul imperiyasi yemirilgach, mustaqil Chig‘atoy davlati vujudga kelgan edi. Bu davlat Ila daryosining janubi va g‘arbiy mintaqalarini o‘z ichiga olgan, juda katta hududga egalik qilgan. Ammo Chig‘atoy davlati barqarorlashgan mustahkam davlat emas edi. Chig‘atoy vorislari hokimiyat uchun olib borgan muntazam kurashlari natijasida mazkur davlat XIII asrning 40-yillari ikkiga: sharqiy va g‘arbiy qismga bo‘linib ketadi. Shu davrdan boshlab Movarounnahr hududiga mo‘g‘ul qabilalarining baʼzi guruhlari kela boshlaydilar.
Ammo yirik mo‘g‘ul qabilalari bu hududga XIII asrning 60-yillari ko‘chib o‘tadilar.
XIII asrning 60-yillari Ila daryosining yuqori oqimlaridan hamda Issiqqo‘l atroflaridan Movarounnahrga jaloyir, barlos, qavchin va orlat qabilalari ko‘chib keladi. Jaloyirlar Angren daryo havzasigacha va Xo‘jand shahri atroflariga; barloslar – Shahrisabz vohasiga; qavchinlar – Farg‘ona va Qashqadaryoning quyi oqimlariga, orlatlar – O‘zbekistonning janubiy viloyatlariga va Afg‘onistonning shimoliy mintaqalariga o‘rnashgan edilar. Temur va temuriylar davrida mo‘g‘ul qabilalarining Movarounnahrga kelishi birmuncha ko‘payadi (Chiigizxonning o‘g‘li Chig‘atoy akalari qatori (Tuludan tashqari) otasidan faqat mug‘ullardan tashkil topgan 4000 kishilik harbiy qismini meros olgan edi. Chigatoyga berilgan ko‘shin jaloyir, barlos, kauchin va arlat kabilalaridan tashkil topgan edi. Tilga olingan qabilalarning har biri mingtadan va harbiy boshliqlari (ming boshisi bilan) Chig‘atoy qo‘shinlarini taʼminlab turganlar. Harbiy boshliqlar (bular odatda qabila yoki yirik urug‘ boshliqlari bo‘lgan) qabilalarning maʼlum bir qismi Movarounnahrga va unga tutash viloyatlarga kelib o‘rnashganlar). Ammo, ular son jihatdan mahalliy aholiga nisbatan kamchil bo‘lgan.
XIV-XV asrlar davomida Movarounnahrga, mo‘g‘ul qabilalari va turklashgan mo‘g‘ullardan sulduz, orlat, mo‘g‘ul, totor, uyrot, nayman, kuralas, bahrin, merkit va boshqa qabilalar ko‘chib kelgan edilar. Bu qabilalar ko‘chmanchilikda kun kechirgan. Turg‘un yashovchi voha aholisining taʼsirida, ularning aksariy ko‘pchiligi shu asrlarda yarim o‘troqlikka o‘tib, chorvachilik bilan bir vaqtda dehqonchilik ham qilganlar.
Movarounnahrga ko‘chib kelgan murul qabilalarn shu darajada turklashgan edilarki, ular XIV asrning o‘rtalarida o‘z tillarini batamom unutib turkiy tilda so‘zlashar edilar.
XIV asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyoga kelgan arab sayyohi Ibn Battuta axborotidan maʼlum bo‘lishicha, Chig‘atoy ulusining (Yirik qabilalar egallab turgan hudud ulus deyilgan. Ulus mo‘g‘ul so‘zi bo‘lib, turk tilidagi el (elat) iborasiga mos keladi) g‘arbiy qismining sultoni Kebek (1318-1326) va Alavuddin Tarmashirin turk tilida erkin so‘zlashganlar.
Chig‘atoy ulusining sharqiy qismida (Yettisuvda va Sharqiy Turkistonda) yashovchi mo‘g‘ul qabilalari turklashgan bo‘lishlariga qaramasdan, qadimgi murul anʼanalarini hanuzgacha saqlab, ularga amal qilib kelganlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bular Chig‘atoy ulusining G‘arbiy qismida (Movarounnahrda) yashovchi qardosh qabilalarni mensimasdan karaunas, yaʼni aralashgan xalq (metis) deb ataganlar. Keyingilar ham o‘z navbatida Yettisuvda va Sharqiy Turkistonda yashovchi ko‘chmanchi mo‘g‘ul kabilalarni pisand qilmay jete (jata), yaʼni bosqinchilar deganlar.
Movarounnahrda yashovchi turklashgan mo‘g‘ullar asta-sekin «mo‘g‘ul» nomini (mo‘g‘ul atamasini ham) esidan chiqarib, o‘zlarni «chig‘atoy» deb nomlaydigan bo‘lganlar. Keyinchalik bu nom Movarounnahr aholisi o‘rtasida keng tarqalgan. Temuriylar sulolasiniig keyingi vakillari hukmronlik qilayotgan kezlarda hududda, son jihatdan ko‘pchilikni tashkil qilgan, o‘zbek va tojiklar o‘zlarini chig‘atoy deb ataganlar. / Movarounnahrning yarim turg‘un aholisi mamlakatni idora qilishda, hamda harbiy yurishlarda Temurning va uning vorislarining tayanchi bo‘lgan. Temur tuzuklarida qayd etilishicha, Temurning qaramog‘ida qirq aymoq bo‘lib, shulardan o‘n ikkitasidan, chunonchi: barlos, tarxon, arg‘un, jaloyir, tulkichi, duldoy, mo‘g‘ul, suldus, tug‘oy, qipchoq, orlot, totorlardan xon navkarlari tashkil qilingan va bular Sohibqironning eng ishonchli harbiy (gvardiyachi) qismlari hisoblangan. Tilga olingan qabilalarning har biri alohida hududga egalik qilgan. Movarounnahr va unga tutash mintaqalarda bu qabilalar asosan yarim ko‘chmanchilikda va yarim o‘troqlikda yashab, asosan chorvachilik bilan shug‘ullanganlar; ular harbiy yurishlarda zarur bo‘lgan zotli otlar yetishtirar edilar.
Armiyani jangovar otlar bilan taʼminlash uchun juda ko‘p ot kerak bo‘lgan. Temurning ko‘rsatmasiga binoan harbiy yurish kezlari har bir jangchi minib yurgan jangovar otdan tashqari, o‘zi bilan yana bir-ikki bosh ot bilan, bahodirlar va o‘nboshilarning har biri beshtadan, yuz boshilari o‘ntadan, amirlar (yirik harbiy qism komandirlari) mansab va unvonlariga qarab 110-140 tagacha, sarkardarlar (amir ul umaro) uch yuztadan (shundan kam bo‘lmaslik kerak) ot bilan safarga chiqqan. Keltirilgan raqamlardan Temur qo‘shinlariga qancha ko‘p ot kerakligini tushunib olish qiyin bo‘lmasa kerak. Bu qadar zotli otlarni faqat yilqisi ko‘p chorvador qabilalar beraolar edilar. Armiyaning asosiy qismi ham shu qabilalardan tuzilgan bo‘lgan. Qo‘shinlarni oziq-ovqat bilan, yaroq-aslahalar, chodirlar va bir qancha boshqa buyumlar bilan taʼminlash ham shu qabilalar zimmasiga yuklatilgan.
Yuqorida eslatilgan eng eʼtiborli 12 ta etnik guruhning ichidan Temur isteʼdodli kishilarni tanlab, ularni yuqori lavozimlarga (ming boshi, amirlik) tayinlangan. Yirik harbiy sarkardalar ko‘pincha barloslardan tayinlangan. Ko‘rinib turibdiki, davlatni idora qilishda va harbiy yurishlarda Amir Temur asosan o‘z qabilasi – barloslarga tayanib ish tutgan. Sohibqiron jaloyir, tarxon, arg‘un, qipchoq va boshqa qabilalarga ham ishonch hosil qilib, ularni ichidan salohiyatlilarini tanlab, yuqori lavozimlarga tayinlagan, ayrimlarini yirik amirlik darajasiga ham ko‘targan.
Movarounnahrda yashovchi yuqorida nomlari eslatilgan qabilalar Temur hukmronligida juda katta imtiyozlarga ega bo‘lganlar; ular o‘zlarini haddan tashqari erkin tutgan. Samarqandda Temur saroyida XV asr boshida bo‘lgan Ispan elchisi Ryui Gonzales de Klavixo qabilalar haqida gap ketganda, bular «harbiy xizmatga chaqirilganda, janglarda qatnashishlarini pesh qilib, «podshoga» soliq ham to‘lamaganlar», deb yozgan edi.
XIV-XV asrlarda Movarounnahrda ilk o‘rta asrlardayoq kelib joylashib qolgan arablar ham yashar edilar. Son jihatidan ular uncha ko‘p bo‘lmaganlar. Arablar asosan Buxoro vohasida, Buxoro shahrida, Samarqand atroflarida (masalan Bedir rayonida), hozirgi O‘zbekistonning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yashagan. Arablar yarim o‘troqlikda kun kechirib chorvachilik bilan bir vaqtda dehqonchilik bilan ham shug‘ullanib kelganlar. Ular asosan zotli qoraqo‘l qo‘ylarni boqar edilar.
Temur istilo etgan mamlakatlardan, asosan, Old Osiyo mamlakatlaridan, bir guruh aholini Movarounnahrga ko‘chirib keladi. Klavixoning so‘rab olgan maʼlumotlariga ko‘ra, ko‘chirib kelinganlar soni yuz mingdan oshiqroq bo‘lgan (Klavixonnig Movarounnahrga ko‘chirib kelinganlar haqidagi maʼlumotida ziddiyatlik mavjud: bir yerda ko‘chirib kelinganlar soni yuz mingdan oshiq deyilsa, ikkinchi yerda ularning soni ikki yuz mingdan oshiq deb ko‘rsatilgan). Ko‘chirib kelinganlar qatorida Klavixo arablarni, turklarni, armanlarni tilga oladi; eronliklar ham oz bo‘lmagan, albatta.
Ko‘chirib kelinganlar asosan hunarmand – kosiblar, olim – fuzalolar va boshqalar bo‘lgan. Masalan, Damashqdan Temur har xil ipakli matolarni to‘qiydigan hunarmandlarni, zardo‘zlarni, quruvchi – muhandislarni, tosh yo‘nuvchilarni, otish qurollarini yasaydigan ustalarni va shularga o‘xshash toifadagi hunarmandlarni ko‘chirib kelgan edi. XV asrda o‘tgan tarixchi Fasih Xavofiyning qayd qilishicha, Xorazmdagi quruvchilar va hunarmand ustalar qatorida yurt oqsoqollari va bu yurtning nomdor kishilari ham ko‘chirilgai. Shahrisabzda qad ko‘targan Oq Saroy Xorazmdan ko‘chirib kelingan ustalar ko‘li bilan qurilgan.
Ko‘chirib keltirilganlar asosan Samarqandga, uning atroflariga, hamda Zarafshon vohasining bir qancha boshqa rayonlariga joylashtirilgan edi.
Movarounnahr hududining etnik tarkibi har xil bo‘lgan bo‘lsa hamki, Temur ularni birlashtirdi, barcha aholini jalb qilib mamlakatning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotini rivojlantirdi, davlatning siyosiy mavqeini jahon darajasiga ko‘tarishga erishdi.
Temur mamlakatda (asosan Movarounnahrda) millatlar va qabilalararo nizolarga yo‘l qo‘ymas edi. Kimki sadoqat bilan sidqidildan davlatga, hukmronga xizmat qilsa sohibqironning iazar-eʼtiboridan chetda qolmas edi. Sotqinlarni, o‘g‘ri va bekorchi daydilarni qattiq taʼqib ostiga olib, ularni, qaysi tabaqadan bo‘lishidan qatʼi nazar, jazoga tortar edi.
Yuqorida aytganlarimizdan xulosa qilib aytish mumkinki, Temur va temuriylar davrida Movarounnahrda o‘zbek ajdodlarining asosini turg‘un yashovchi turk tilli aholi tashkil qilgan. Mazkur hududda yashovchi turk tilli aholining eron tilli aholi bilan asrlar davomida aralashib, qorishib kelishi jarayonida IX-X asrlarda, keyinchalik o‘zbek nomini olgan, alohida xalq (elat) shakllanadi. O‘zbek elatining tarkibiga ilk o‘rta asrlardagi turk tilli qabilalar ham qirgan. Bular, Temur va uning vorislari davrida ham qabila nomlarini va urug‘-aymoqlarga bo‘linish tartibini saqlab qolish bilan birga, xo‘jaliklardagi va moddiy madaniyatlaridagi ayrim xususnyatlarini ham saqlab qolgan edilar.
O‘zbek xalqining tarkibiga mo‘g‘ul tilli aholining ayrim guruhlari kirgan. Bular asosan chig‘atoy ulusining sharqiy qismidan (Yettisuv va Sharqiy Turkistondan) kelgan bo‘lib, tarixda «mo‘g‘ul» nomi bilan maʼlum edilar.
Mo‘g‘ul guruhlari anʼanaviy chorvachilikni davom ettirar edilar. Ammo qadimdan dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan aholining taʼsirida mo‘g‘ul guruhlarining madaniyatida, turmush tarzida va ruhiyatida keskin o‘zgarishlar yuz beradi. XIV-XV asrlarga kelib ular, Movarounnahrning barcha turkiy aholisi qatori, o‘zlarini turk yoki turk-chig‘atoy deb nomlaydigan bo‘lishlari ularning hayotida keskin o‘zgarishlar yuz berganligidan dalolat beradi.
Foydalangan adabiyotlar
Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar Narshahiy. Buxoro tarixi. Toshkent, 1966. Fors-tojik tilidan tarjima A. Rasulovniki.
Bartold V.V. Istoriya Turkestana. Soch. T. II. Ch. 1. Moskva. 1963.
Bartold V.V. Ulugbek i yego vremya. Soch. T. II. Ch. 2. Moskva. 1964.
Bartold V.V. Istoriya orosheniya Turkestana. Soch. T. III. Moskva. 1965.
Grekov B.D., Yakubovskiy A.Yu. Zolotaya Orda i yeyo padeniye. Moskva – Leningrad. 1950.
Gubayeva S.S. Naseleniye Ferganskoy dolinы v konse XIX – nachale XX veka. Tashkent. 1958.
Zahiriddin Muhammad Bobur. Bobirnoma. Toshkent. 1960. Rus tilidagi nashri. Toshkent. 1958.
Ibragimov N. Ibn Batuta1341 i yego puteshestviye po Sredney Azii. Moskva. 1988.
Ibn Arabshoh. Amir Temur tarixi. Arab tilidan tarjima Ubaydulla Uvatovniki. Toshkent. 1992.
Abulfazl Bayxaki. Istoriya Ma’suda, 1030-1041. Perevod s persidskogo A.K.Arendsa. Tashkent. 1962.
Karmыsheva B.X. Ocherki etnicheskoy istorii yujnыx rayonov Tadjikistana i Uzbekistana. Moskva, 1976.
Maxmud ibn Vali. More tayn otnositelno doblestey blagorodnыx (geografiya). Perevod s persidskogo B.A. Axmedova. Tashkent. 1977.
Ryui Gonzales de Klavixo. Dnevnik puteshestviya ko dvoru Timura v Samarkande v 1403-1406 gg. Sankt-Peterburg. 1991.
Temur tuzuklari (Ulojeniye Timura). Toshkent. 1991.
Fasix Xavafi. Mudjmal-i fasixi (Fasixov svod). Perevod s persidskogo D.Yu. Yusupovoy. Tashkent. 1964.
Shaniyazov K.Sh. Uzbeki-karluki. Tashkent. 1964.
Shaniyazov K.Sh. K etnicheskoy istorii uzbekskogo naroda. Tashkent. 1974.
Shoniyazov K.Sh. Kang‘ davlati va qang‘lilar. Toshkent, 1990.
Karim Shoniyozov
Sharqshunoslik. № 7, 1996. - 208 b. B. 143-152. (O‘zbekcha);
Этнический состав населения Мавераннахра в эпохе Тимура и Тимуридов.
Fikr qoldirish#