Bugungi voqelik o‘zbek davlatchiligining tarixiy ildizlari, takomil bosqichlarini o‘rganishni taqozo etmoqda. Shu ma’noda Temur va temuriylar davrida bitilgan davlat-idora ishlariga doir hujjatlarning tahlili XIV-XV asrlar o‘zbek tili mavqeni belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Temur va temuriylar devonida ish yuritish qog‘ozlari, rasmiy bitiklar, diplomatik yozishmalar arab xati bilan yonma-yon turkiy-uyg‘ur yozuvida ham olib borildi. Ana shu yozuvda bitilgan rasmiy hujjatlardan biri Boburning otasi Umarshayxning marg‘ilonlik Mir Sayid Ahmadga imtiyoz huquqini beruvchi suyurg‘ol nishonidir. Hujjat 1469 yil 11 mayda Andijonda bitilgan. Mazkur guvohnoma eski o‘zbek tilida bo‘lib, bo‘yi va eni 18 sm.li yaltiroq qog‘ozdadir. Matn 13 satrli. Ikkinchi va uchinchi satrlari oldida doira shaklidagi muhr bor. Muhrlar ostida ikki jumla yozib qo‘yilgan.
Guvohnomani V.V. Bartold 1902 yil O‘rta Osiyoga ilmiy safari chog‘ida Marg‘ilonning qozi kaloni Xo‘jajon Rojiydan olgan [Bartold V, 1904. 274].
Ushbu nishonni P. Melioranskiy faksimili, transkripsiyasi, rus tiliga tarjimasi va so‘zligi bilan 1904 yilda nashr qildirdi [Meleoranskiy P, 1906, 12]. Biroq bu nashrda matnning xato o‘qilgan va ba’zi atamalar noto‘g‘ri talqin qilingan o‘rinlari mavjud. Buni P. Melioranskiyning o‘zi ham tan olib, shunday yozgan edi: "так что слова три и тепер остаются, по моему убеждению, сомнителными" [Мелеоранский П, 1906, 3].
Chunonchi, 9 satrning so‘nggi so‘zini P. Melioranskiy “салтық” deb o‘qigan. Aslida bu so‘z “салық” (soliq) bo‘lib, “i” unlisi “t” harfiga o‘xshatib yozilgan. "Qutadg‘u bilig"ning turkiy-uyg‘ur yozuvli nusxasida ham ko‘p o‘rinlarda “i” ni bildiruvchi belgi “t” ga o‘xshatib bitilganligini kuzatamiz. Yoki turkshunos 4 satrdagi “sohib jam” atamasini "началник почтовых стансий" deb o‘giradi. Bu atama Alisher Navoiy asarlarida "vaqf, yer-mulk, hosil va daromadlarni to‘plovchi" ma’nosida qo‘llanilgan [Navoiy, 1972, 574]. Bizningcha, ushbu matnda ham ana shu ma’nodadir. Ruscha nashrda shu kabi noto‘g‘ri talqin qilingan o‘rinlar mavjud. Yuqoridagi mulohazalarni e’tiborga olgan holda nishon matnini tubandagicha talqin qilish mumkin:
Matn transkripsiyasi
Султан Умар Шайх Баҳадур сӧзум.
Дыванларға, барча Марғынан урчыннынг тушумал амалдар, саҳиб жамларыға. Марғынан бозурглȁридȁн Мир Саид Ахмадға. Марғынан қасабасыдан бурун бир милк бағы билȁ ики қошлуқ экинининг хар не дыванға чықар ҳар турлуг малыны суюрғал берилип эрди. Эмди уй йылыда рығаят қылып қасабадан отуз алтун тавачы тартусыны тағы суюрғал берилди. Эмди бу тарыхта берилгȁнни уй йыл shav(v)al айынынг йигирми етисидин башлап бурунғы суюрғалыны тағы берилгȁн нишаны ёсуны билȁ мусаллам тутуп йылда янгы нишан tilȁ бу нишан била йыл саю ҳеч турлуг салық салмайын дафтарларгȁ сурусун, ӧзи алыб есун, ҳеч киши мал тару тилȁмȁсун, куч уға тугурмȁсун tep муҳурлуғ нишан уй yыl shav(v)al ayы йигирми секизи Andigandȁ бутулди.
Mazmuni
Sulton Umarshayx Bahodir so‘zim!
Devonlarga. Barcha Marg‘ilon viloyatining vakolatli shaxs, amaldor, sohib jamlariga. Marg‘ilon ulug‘laridan Mir Sayid Ahmadga. Marg‘ilon kasabasidan avvaldan, bir mulk bog‘i bilan ikki qushlik (ya’ni, 12 gektar) ekini har qanday devonga keladigan (to‘lovlardan ozod qilib), har turli molini suyurg‘ol berilgan edi. Endi sigir yilida lutf aylab, kasabadan o‘ttiz oltin (miqdoridagi) tavochi tortig‘i ham inyom qilib berildi. Endi bu tarixda (inyom etib) berilganni, sigir yil, shavvol oyining yigirma yettisidan boshlab, avvalgi suyurg‘olini ham (mazkur) berilgan nishoni yo‘sini bilan xotirjam tutib, har yili yangi guvohnoma so‘ramasdan, bu guvohnoma bilan yil davomida har turli soliq to‘lamasdan, (kirim-chiqim) daftarlarga qayd etilsin! (yeri va bog‘idan keladigan foydani) O‘zi olib yesin! Hech kishi mol, don so‘ramasin! Zulm unga yetkazmasin deb, muhrli nishon sigir yil, shavvol oyining yigirma sakkizi Andijonda yozildi.
Qudratulla Omonov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Filologiya yangi yuz yillikda: fanning tugun va yechimlari. Toshkent, 2003. 137–140 b.
Fikr qoldirish#