Zahiriddin Muhammad Bobur adabiyot, sanʼat, tarix va ilmu fanning turli jabhalarida bebaho asarlar yaratdi. Uning eng yirik va yuksak did bilan yozilgan asari «Boburnoma» kitobidir. Yevropalik sharqshunos olimlar P.Dye Kurteyl, H.Vamberi, Elfinston bu asarni qadimgi rim imperatori Yuliy Sezarning «Xotiralar» (asar «Galliya urushi tarixi» va «Grajdanlar urushi tarixi» nomli ikki qismdan iborat – M.X.) kitobi bilan bir qatorga qo‘yib baholagan edilar.
Yevropa ilm ahliga Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ilk bor maʼlumot bergan fransuz sharqshunosi Bartoleme d’Erbelo (1621-1695) hisoblanadi. D’Erbelo o‘zining «Sharq kutubxonasi» (La Bibliotèque orientale. – Paris, 1697) qomusidagi «Bobur yoki Bobar» nomli maqolasida Boburning hayoti, uning davlati va sarkardalik mahorati, adabiyot va sanʼatga qiziquvchi ilg‘or fikrli kishi bo‘lgani haqida maʼlumot berib o‘tadi. Boburning «Boburnoma» asarini Yevropaga birinchi bo‘lib tanitgan gollandiyalik olim Vitsen bo‘ldi. Vitsen «Boburnoma»dan olingan parchalarni tarjima qilib, 1705 yilda nashr ettiradi.
Fransuz sharqshunosligida Bobur ijodini o‘rganish, u haqida tadqiqotlar yozish XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlandi. 1773 yilda sharqshunos A.Dye Longperye o‘zining «Asarlar» («Oeuvres») to‘plamida «Xatt-i Bobur haqida» maqolasini eʼlon qildi. Muallif «Xatt-i Boburiy» xususida fikr yuritarkan, Bobur alifbosi murakkab arab alifbosidan o‘zining soddaligi va yozuvga qulayligi bilan farq qilishini taʼkidlab o‘tadi.
XIX asrga kelib Yevropa, xususan fransuz sharqshunosligida Bobur merosini o‘rganish, uning asarlarini tarjima qilish borasida yangi davr boshlanadi. Bu yillarda «Boburnoma»ni fransuz tiliga tarjima qilish, uning matn xususiyatlarini o‘rganish, siyosiy-tarixiy ahamiyatini baholashda fransuz olimlari eʼtiborga molik tadqiqotlar yaratishdi.
«Boburnoma»ni fransuz tiliga tarjima va tadqiq qilishga sharqshunos Anri Jyul Klaprot (1783-1835) birinchilardan bo‘lib kirishadi. 1824 yil Klaprotning «Sulton Bobur yoxud «Boburnoma» tarixiga oid kuzatishlar» nomli maqolasi bosilib chiqadi. Markaziy Osiyo va Sibirda yashagan xalqlar tarixi, madaniyati va adabiyotini yaxshi bilgan Klaprot Yevropa sharqshunosligida «Boburnoma» xususida ilk bor to‘laqonli fikr yuritgan edi. Muallif «Boburnoma»ning ayrim boblarini fransuz tiliga o‘girib, o‘z tarjimalarini asl nusxa bilan qiyosiy tahlil qiladi va asar matnining lisoniy jihatlari haqida tegishli xulosalar chiqaradi.
1854 yilda Parijda «Hozirda va qadimda yashagan tarixiy shaxslar hayoti» nomli kattagina kitob chop qilinadi. Mazkur kitobdan sharqshunos M.Langle (1763-1824)ning «Zahiriddin Bobur hayoti va ijodi» nomli maqolasi ham o‘rin olgan edi. Maqolada Bobur haqidagi avvalgi manbalarga nisbatan ancha boy material berilgan bo‘lib, o‘quvchi undan adib hayoti va ijodi to‘g‘risida chuqurroq bilim olishga muvaffaq bo‘ladi.
XIX asrning oltmishinchi yillari mashhur fransuz leksiografi Pyer Larussning «XIX asr katta fransuz qomusiy lug‘ati» («Grand Larousse universel du XIX siecle»)ning ko‘p jildligi nashr etiladi. Lug‘atning ikkinchi jildidan o‘rin olgan «Zahiriddin Muhammad Bobur» maqolasi diqqatga sazovordir. «Zahiriddin Bobur Amir Temurning nabirasi bo‘lib, 1483 yilda tug‘ilgan, - deb boshlanadi maqola, - 1494 yilda tatarlar (bu yerda o‘zbeklar maʼnosida – M.X.) yurtining g‘arbida, keyinroq Xurosonda taxtga o‘tiradi. 1525 yilda o‘n ming otliq suvoriylari bilan Hindistonni egallab, Qandahor, Kobul, Dehli, Agra shaharlarini o‘ziga bo‘ysundiradi. So‘ngra Hindistonda Buyuk imperiyaga asos soldi. XVIII asrning oxiriga qadar Hindistonda boburiylar dinastiyasi hukmronlik qildi. Bobur 1530 yilda vafot etdi».
Ushbu satrlardan so‘ng maqolada «Boburnoma» kitobi xususida fikr yuritiladi. Maqola muallifi kitobning yozilishi va boshqa tillarga tarjima qilinishi tarixiga to‘xtalib, «bu asar, darhaqiqat, juda qiziqarli bo‘lib, hali Fransiyada qariyb maʼlum emas. Turkiy-chig‘atoy tilida yozilgan bu kitob dastlab forsiyga tarjima qilindi va Hindiston musulmonlari orasida shuhrat topdi», - deb yozadi.
Pyer Larus qomusidagi maqola muallifi «Boburnoma» matnining badiiyligi xususida mu-lohaza yuritarkan, real xulosalar chiqarishga harakat qiladi. «Uslubi jihatidan, - yozadi muallif, - asarning birinchi va ikkinchi qismining boshlanishi juda qiziqarli yozilgan, voqealar detallarga boy, xronologik izchil, ifoda soddaligi va ravonligiga katta eʼtibor berilgan». Shuningdek, maqolada «Boburnoma»ga chizilgan miniatyuralar xususida ham ijobiy fikrlar bildiriladi, Boburning Afg‘oniston va Hindistonga qilgan yurishlari rang-tasvirlarda juda jonli ifoda etilganligi ham qayd qilingan.
Darvoqe, venger sharqshunosi Herman Vamberi 1873 yil Sankt-Peterburgda nashr qilingan «Buxoro va Transsaksoniya tarixi» asarida «Boburnoma»ni «Sharq Sezarining xotiralari» deya baholaydi. Diqqatga molik tomoni shundaki, Pyer Laruss qomusidagi maqolada esa bu haqda Vamberidan oldinroq quyidagicha taʼrif berilgan: «O‘quvchida «Boburnoma» xuddi Rim imperatori Yuliy Sezarning «Xotiralar» kitobini eslatadi. Ha, Sezar «Xotiralar»i bilan bu asar o‘rtasida ko‘p o‘xshash jihatlarni kuzatish mumkin. Ikkala muallif ham voqealar bayoniga, haqqoniyligiga bir xil tasvirda yondashadilar, ikkalasida ham urush taktikasi bir xil aniqlikda, talabchanlikda yoritilgan, geografik joylar tasvirini berishda ayrim yaqinliklar ham mavjud. Biroq, turk hukmroni (Bobur – M.X.) qalamida qahramonlar kayfiyatini, ichki va tashqi va dunyosini chizishdagi mahorat Rim imperatorinikiga qaraganda badiiy jihatdan ustunroq. Yaʼni, birinchisi o‘z kitobida turli xil maroqli va jozibali sarguzashtlarni rivoyat va latifalar, xalq yumori, maqol va matallar ishtirokida badiiy mahorat bilan tasvirlaydi». Maqola so‘ngida «Boburnoma»ning fors va ingliz tiliga qilingan tarjimalari, bu tarjimalardagi ayrim kamchiliklar xususida ham fikr bildirilgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur merosini o‘rganish, «Boburnoma»ni tarjima va lisoniy tahlil qilishda fransuz turkologi Anri Pave de Kurteyl (1821-1889)ning xizmatlarini taʼkidlab o‘tmoq joizdir. Fransuz kolleji (Colle’ge de France) turkiy tillar kafedrasi mudiri, Fransuz akademiyasi muxbir aʼzosi bo‘lgan Pave de Kurteyl vatani Fransiyada turkologiya ilmining rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shdi. Professir A.Pave de Kurteylning olimlik faoliyatida u tuzgan «Sharqiy turkiy tillar lug‘ati» yoxud «Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va Abulg‘ozi Bahodirxon asarlarini o‘qish uchun izohli lug‘at» alohida ahamiyatga molikdir.
Olim o‘z lug‘atini tuzishda Alisher Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy» devoni, «Xamsa»si, Zahiriddin Boburning «Boburnoma»si, Abulg‘ozi Bahodirxonning «Shajarai turk» asarlari matnidan manba tarzida foydalanadi. Lug‘atda keltirilgan olti mingdan ziyod qadimgi o‘zbek tiliga oid so‘zlarni fransuz tiliga o‘girishda olim ijodiy yondashib, har bir so‘zning maʼnosini aniq, atroflicha izohlashga harakat qiladi. Akademik A.N.Kononov taʼkidlaganidek, mazkur lug‘at eski o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishda to hozirga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas.
Professor A.Pave de Kurteyldagi bu katta tayyorgarlik, eski o‘zbek tili va adabiyotidan egallagan puxta bilimi uni «Boburnoma»ni tarjima qilishga undagan edi. 1871 yilda «Boburnoma»ning Pave de Kurteyl tarjimasi ikki jildda nashrdan chiqadi. Birinchi jildda tarjimonning o‘n olti sahifalik so‘z boshisi berilgan. So‘z boshida «Boburnoma»ning yozilishi tarixi, unda tasvir etilgan davrlar, Boburshohning Afg‘oniston va Hindistonda barpo etgan qudratli imperiyasi xususida maʼlumotlar berilgan. «Men tarjima qilgan bu asar faqat sharqshunoslar uchungina emas, - yozadi professor Pave de Kurteyl, - balki tarix va geografiya ilmi bilan shug‘ullanuvchi kishilar uchun ham foydalidir. Unda XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida yashab o‘tgan arboblar va hukmdorlar hayoti, sharqiy turk adabiyotining oltin davri taʼrifi, shahzodalar, beklar hamda fuqaroning turmushi o‘z tavsifini olgandir». Shuningdek, so‘zboshida Boburning taxtga o‘tirish davridan to Hindistonni zabt etguniga qadar bosib o‘tgan hayotiy yo‘li hikoya qilingan, ayniqsa «Boburnoma» taʼrifiga keng o‘rin berilgan.
Maʼlumki, «Boburnoma»ning tili xalq tiliga, qolaversa o‘sha davrda ijod qilgan yirik shoirlar va adiblar tiliga yaqindir. Bu xususda professor A.Pave de Kurteyl shunday yozadi: «Bobur tili usmonli turk tili emas, balki sof turkiy til (o‘zbek tili – M.X.) bo‘lib, har qanday arab va forsiy iboralardan xolidir (Manbada: «sof turkiy til har qanday arab va forsiy iboralardan xolidir» jumlasi bahs va munozaralidir; zero, baʼzi tilshunos olimlarning taʼkidlashlariga ko‘ra, O‘rta asr turkiy tili tarkibida, 30 % dan ziyod arab va forsiy ibora va kalimalar mavjudligi eʼtirof etiladi. (Sh.R.)). Bu til shoir Lutfiy va Navoiy, Sulton Husayn va Mir Haydar tili bo‘lib, juda sodda, boy hamda ifodalidir».
G‘arblik bir qator olimlar «Boburnoma»ning yaratilishini Bobur Hindistonda hukmron bo‘lgan davr bilan bog‘laydilar. Fransuz tarjimoni bu borada quyidagi fikrni aytadi: «Agar mendan «Boburnoma» qaysi davrda yozilgan, deb so‘rasalar, men kitob Bobur Hindistonni zabt etgandan so‘ng, yaʼni 1526 yildan boshlab yozilgan va Boburshoh hayotining oxirigacha davom etgan, deb javob qilardim». Professor Pave de Kurteyl bunday xulosaga kelishda, asarning dastlabki boblarida ham Hindiston davri voqealarining uchrab turishini ko‘zda tutgan edi.
Shuningdek, so‘zboshida professor Pave de Kurteyl o‘ziga qadar amalga oshirilgan «Boburnoma»ning ikki mashhur tarjimasi xususida ham mulohaza yuritadi. Bular Akbarshoh zamonida uning topshirig‘i bilan qilingan Mirza Abdurahimxon ibn Bayramxonning forsiy tarjimasi hamda sharqshunos olimlar Jon Leyden va Vilyam Erskinning inglizchaga tarjimasidir. «Parijdagi Milliy kutubxonada, - yozadi Pave de Kurteyl, - Mirzaxon, yaʼni Abdurahimxon tarjimasidan iborat qo‘lyozmaning ikki nusxasi saqlanadi. Olim taʼkidlaganidek, Abdurahimxonning forsiy tarjimasi «Boburnoma»ning Sharqda keng tarqalishiga yo‘l ochib berdi va Yevropa sharqshunoslarining ham diqqatini o‘ziga jalb etdi. Mazkur tarjimaning miniatyuralar bilan bezatilgan nusxalari hozir London, Parij, Kalkutta kutubxonalarida saqlanib kelinadi. Professor Pave de Kurteyl J.Leyden va V.Erskin bajargan inglizcha, A.Kayzer o‘girgan nemischa tarjimalarga yuqori baho berish bilan birga, ulardagi nuqsonlarga ham to‘xtalib o‘tadi.
«Mening oldingi tarjimonlarga birdan-bir eʼtirozim, ular asl nusxa matni ustida fors tiliga qilingan tarjimachalik (Mirza Abdurahimxon tarjimasi ko‘zda tutilmoqda – M.X.) qunt bilan ishlashmagan... Inglizcha va nemischa tarjimalar aslidan bir qadar uzoqlashgandir, ko‘pchilik hollarda geografik nomlar forsiyda qanday berilgan bo‘lsa, shu holda takrorlangan. Ayniqsa, Shimoliy Hindistondan keladigan daromad xususida gap ketganda bu nuqsonlar yaqqol ko‘zga tashlanadi».
Pave de Kurteylning bu tanqidi o‘rinli edi. Darhaqiqat, Boburning qo‘l ostida bo‘lgan joylardan keladigan daromad hisobi to‘g‘risida gap borganda inglizcha tarjimada anchagina chalkashliklarning mavjudligi shu tarjimani tahlil qilgan munaqqidlar tomonidan ham taʼkidlanib o‘tilgan.
1888 yil «Osiyo jurnali» (Journal asiatique)ning ikkinchi jildida sharqshunos Jyul Darmstatye o‘zining «Kobul yozuvlari. Boburshoh va boshqa mo‘g‘ul shahzodalarining qabrtoshdagi bitiklari» nomli maqolasini eʼlon qiladi. Ushbu maqolada olim Bobur va boburiylar maqbarasidagi bitiklar haqida atroflicha maʼlumot berish bilan birga, ularni fransuz tiliga tarjimasi va talqinini ham keltirib o‘tadi.
Boburning «Aruz risolasi» asari qo‘lyozmasining bir nusxasi Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanayotgani haqida 1923 yil turk olimi M.F.Kupruluzoda ilk bor maʼlumot bergan edi. Fransuz sharqshunosi Edgar Bloshe o‘zining Parijdagi «Milliy kutubxonada saqlanayotgan turkiy qo‘lyozmalar katalogi» kitobida «Aruz risolasi» asarining ushbu qo‘lyozmasiga ham to‘xtalib, keng tavsif berib o‘tadi. Taniqli olim, professor Hamid Sulaymonov 1968 yil Parijda bo‘lganida E.Bloshe katalogida zikr etilgan «Aruz risolasi» qo‘lyozmasining mikrofilmini olishga muvaffaq bo‘lgan edi. Shuningdek, E.Bloshe katalogida Bobur «Devoni» qo‘lyozmasi ham kutubxona fondining 1230 inventar raqami ostida saqlanayotgani tavsif qilinadi. Bloshe taʼrificha 1515 yilda Kobulda ko‘chirilgan ushbu «Devon»ga Bobur g‘azallari va ruboiylari kiritilgan bo‘lib, nihoyat chiroyli miniatyuralar bilan bezatilgan ekan.
XX asrda fransuz sharqshunoslari tarafidan Zahiriddin Muhammad Bobur merosini o‘rganish, «Boburnoma»ni tarjima qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Fransuz qomuslarida Bobur hayoti, ijodi va «Boburnoma» kitobi haqida umumiy maʼlumot beruvchi maqolalar o‘rin oldi.
1930 yil fransuz olimi Fernand Grenardning «Bobur. Hind imperiyasining asoschisi» («Baber. Fondateur de l’Empire des Indes. – Paris: 1930, 179 p.) nomli risolasi nashr etiladi. Kitob o‘n bobdan iborat bo‘lib, unda Boburning bolalik vaqtidan to umrining so‘nggi davriga qadar boshidan kechirgan voqealar tarixiy-badiiy asnoda hikoya qilingan. Grenardning ushbu risolasi «Boburnoma»ga hamohang yozilgan bo‘lib, undagi voqealarga monand keluvchi ilmiy-ommabop ocherklardan iboratdir. Masalan, risolaning «Yurtsiz hukmdor» deb nomlangan bobida Boburning Samarqandni tashlab chiqqan, Andijonni qo‘ldan chiqargan paytdagi holatini quyidagicha tasvirlaydi: «Orzu-umidlari chilparchin bo‘lgan Bobur orqaga qaytadi. Bahor fasli edi, u tog‘asi yurti (Toshkent – M.X.) tomon yo‘l oladi. U ezilgan ko‘ngliga taskin berish niyatida o‘zining quyidagi misra bilan boshlanuvchi g‘azalini bitadi:
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim.
Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim».
Xullas, F.Grenard kitobida «Boburnoma» o‘z muallifi hayoti va faoliyatini o‘zida aks ettiruvchi qomusiy manba tarzida talqin qilingan va yuqori baholangan. Shoh Bobur esa «o‘ziga xos ritmga ega bo‘lgan hassos shoir, o‘z»Esdaliklar»i bilan mohir yozuvchi» qiyofasida gavdalanadi. Shuningdek, risolada berilgan maʼlumotlar ham o‘quvchi diqqatini o‘ziga jalb qiladi. Unda Bobur faoliyatining turli davrlarini o‘zida aks ettirgan, hamda Samarqand, Kobul, Hirot shaharlarining o‘sha davrdagi qiyofasini tasvirlovchi sakkizta miniatyura mavjud. Risolaning oxirida Markaziy Osiyo va Hindistonning o‘sha vaqtdagi chegarasini ifodalovchi geografik xarita ham berilgan. F.Grenardning bu kitobi 1971 yil ingliz tiliga tarjima qilindi.
1983 yil YUNESKO qarori bilan Bobur tavalludining 500 yilligi keng nishonlandi. Bu qutlug‘ sanaga fransuz olimlari ham ajoyib tuhfa tayyorladilar. Parijdagi «Pyublikasion oriyentalist de Frans» (ROF) nashriyoti «Boburnoma»ning yangi fransuzcha tarjimasini «Bobur kitobi» (Le livre de Babour) nomi bilan chop etdi. Mazkur tarjima yirik turkshunos olim, doktor Jan Lui Bakye-Grammon qalamiga mansub bo‘lib, u 478 sahifaan iboratdir. Tarjimaga taniqli fransuz sharqshunosi, professor Lui Bazen so‘zboshi yozgan edi. So‘zboshida Boburning Buyuk Mo‘g‘ul imperiyasini barpo qilish yo‘lidagi kurashi, «Boburnoma»ning yozilish tarixi, bu asarning jahon adabiyotida tutgan o‘rni xususida atroflicha maʼlumot berib o‘tiladi. 1981 yil «Boburnoma»ning doktor Bakye-Grammon tarjimasi FIT (Xalqaro tarjimonlar federatsiyasi)ning bosh sovrinini oldi.
Doktor Bakye-Grammon tarjimasi «Bobur Movarounnahrda», «Bobur Afg‘onistonda», «Bobur Hindistonda» deb nomlangan uch qismga bo‘lingan. «Bobur Movarounnahrda» qismiga O‘zbekistonlik olima Sabohat Azimjonova so‘zboshi yozgan. Olima «Boburnoma»ni tarixiy manba tarzida tahlil qilarkan, dastavval, Boburning Farg‘ona viloyatida taxtga o‘tirishidan boshlab, uning Samarqandni egallashi, Shaybonixon bilan toju taxt uchun olib borgan jangi va Afg‘oniston tomon yo‘l olishi tafsilotlarini qiziqarli yoritib beradi. Shuningdek, olima «Boburnoma»ni o‘sha davrda yozilgan boshqa manbalar bilan solishtirib, o‘z davri siyosiy, iqtisodiy voqealarini tushunishda, madaniy hayotini yoritishda asardagi maʼlumotlarning ahamiyatini alohida taʼkidlab o‘tadi. So‘zboshining so‘nggida «Boburnoma»ning mavjud qo‘lyozmalari, forsiy, ingliz va fransuz tillariga qilingan tarjimalari haqida, G‘arb va Sharq olimlarining asar ustida olib borgan tadqiqotlari xususida ham qisman to‘xtalib o‘tgan.
Tarjimaning «Bobur Afg‘onistonda» qismiga kirish so‘zining muallifi afg‘onistonlik olim, professor Abdulhay Habibiy bo‘lib, u Bobur faoliyati va ijodini o‘rganish borasida bir qator tadqiqotlar yaratgan. Boburning Afg‘onsitonda o‘z davlatini mustahkamlashi, bir necha bor Movarounnahrni qayta olish uchun qilgan yurishlari haqida hikoya qilarkan, olim Kobuldagi Bobur va uning avlodlari dafn qilingan maqbaralardagi sag‘analarga bitilgan xatlar haqida ham maʼlumot beradi, bu yozuvlarni forsiydan fransuz tiliga tarjima qilib keltiradi.
«Bobur Hindistonda» sarlavhali o‘n olti sahifadan iborat kirish so‘zini hind olimi, Kashmir universiteti professori Muhibbul Hasan yozgan. Kirish so‘zida Boburning Hindistonga yurishlari, bu yerda uning davlatni mustahkamlash sohasida olib borgan tadbirlari, hind xalqi bilan do‘stona munosabati, maʼrifat va adabiyotni rivojlantirishdagi xizmatlari eʼtirof etilgan.
Muhibbul Hasan «Boburnoma» xususida to‘xtarkan, bu asarning faqat Boburshoh shaxsiyati va davlat tuzumini o‘rganishdagina emas, balki Hindiston tarixi, geografiyasi va madaniyati o‘tmishini o‘rganishda ham qimmatbaho manba ekanini, Hindistonni, uning xalqi hayotini tasvirlashda muallif idrokining naqadar o‘tkirligini alohida taʼkidlab o‘tadi. «Boburga qadar bironta musulmon tarixchisi yoki geografi (al-Beruniy bundan mustasno) Hindistonni bu qadar jonli va to‘g‘ri tasvirlagan emas», - yozadi muallif. Shoh Boburning o‘z fuqarosi – hind xalqi bilan do‘stona muomalada bo‘lganini, hindlar ham shoh tuzumidan mamnun yashaganliklarini qayta-qayta taʼriflab o‘tadi.
«Boburnoma»ning doktor Bakye-Grammon tarjimasi fransuz o‘quvchisining didiga har tomonlama javob berarli darajada amalga oshirilgan. Unda Bobur hukmronligi davri Movarounnahr, Afg‘oniston va Hindiston yerlarining xaritalari berilgan. Bu esa o‘quvchini yuqoridagi o‘lkalarning o‘tmish geografik o‘rni bilan tanishtiradi.
Kitob oxirida qirq sahifadan ortiq joy nomlari, milliy atamalar va kishi ismlariga sharhlar ham berilgan.
1985 yil «Boburnoma»ning fransuzcha tarjimasi qayta nashr qilindi. Ikkinchi nashr birinchisidan o‘zining hajmi, qog‘ozi va sifatining afzalligi bilangina emas, balki unga kiritilgan yangi ilmiy manbalar, baʼzi tuzatishlar, ko‘p sonli miniatyura bezaklari bilan ham ajralib turadi. Bu nashrga professor Anri Mikel qisqacha kirish so‘zi yozgan. Professor Anri Mikel unda quyidagi fikrni bildiradi: «Janglar, g‘alaba va mag‘lubiyatlar, kelishuvlar... bular shubhadan xoli albatta. Shuningdek, xotiralar, fikrlar, zaifliklar, yurak dardlari haqida nihoyatda soddalik bilan, hech bir mubolag‘asiz hikoya qilinadi. Bularning hammasi yuksak darajada tuzilganki, go‘yo kitob emas, jozibali bir lahza deysiz».
1985 yilgi fransuzcha nashrga Dehli muzeyida saqlanayotgan «Boburnoma» qo‘lyozmasi uchun ishlangan ellikdan ortiq miniatyuralar va o‘ttizdan ziyod zamonaviy fotosuratlar ham kiritilgan bo‘lib, ular asar mazmunida ifodalangan yoki o‘sha davr miniatyuralarida tasvirlangan voqealar, manzaralar, ko‘rinishlarning naqadar hayotiyligini tasdiqlab turadi. Shuningdek, yangi nashrga bir qator ilovalar ham kiritilgandir. Masalan, Bobur ajdodining shajarasi, S.Azimjonova tarafidan yozilgan «Xatti Boburiy» haqidagi maqola, shu asarning qo‘lyozmasi fotofaksimilesi ham o‘rin olgan.
Ko‘rinadiki, «Boburnoma»ning A.J.Klaprot, A.Longperye, M.Langle, A.Pave de Kurteyl, F.Grenard, Bakye-Grammon kabi tadqiqotchi va tarjimonlari Bobur merosini tarixiy-geografik, bibliografik hamda lingvistik jihatdan tavsif qilish bilan Yevropada boburshunoslikning rivojiga munosib hissa qo‘shdilar.
Muhammadjon Xolbekov,
Filologiya fanlari doktori, professor
Bobur abadiyati [Matn]. «Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni» mavzusidagi xalqaro anjuman materiallari.
26-27 oktabr 2017 y. Masʼul muharrir V.Rahmonov. – Toshkent: BAYOZ, 2018. –384 b. / Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi. – B. 108-118. (O‘zbekcha);
Наш великий литератор на страницах французского востоковедения.
Fikr qoldirish#