Adib, olim va davlat arbobi, birinchi o‘zbek professori (1926 y.), Turkistondagi maʼrifatparvarlik harakatining (19-a. oxiri – 20-a.ning 1-choragi) rahnamolaridan biri. Buxoro sh.da savdogar oilasida tug‘ilgan. Mirarab madrasasida o‘qigan. 1909 y. Istanbulda tahsil olgan, ayni paytda Voizon madrasasida maʼruzalar o‘qigan. Samarqandda «Hurriyat» gazetasiga muharrirlik qilgan (1917–18-yy.) Buxoroda o‘rnatilgan respublikada (1922 y.) Tashqi ishlar, Maorif noziri (ministri), Mehnat kengashi raisi o‘rinbosari bo‘lgan. Umrining oxirlarida, asosan, ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullangan. Turkiy tildagi qadimiy yodgorlik «Qutadg‘u bilig»ning Namangan nusxasini, Buxoro amirining kutubxonasidan «Muqaddimatul-adab» nomli arabcha-forscha-turkcha-mo‘g‘ulcha lug‘atni topib, tavsifini bergan. Bu muhim va noyob lug‘at 13-a.da Movarounnahrda tuzilgan deb hisoblanadi (N.N.Poppe). Umuman, Fitrat to‘plagan nihoyatda boy qo‘lyozmalar xazinasi 1934 y. O‘zbekiston davlat ommaviy kutubxonasi (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi) fondiga topshirilgan.
U Mijmar, Fitrat taxalluslari bilan sheʼrlar yozgan, dastlabki namunalari «Sayha» (1912 y.), «O‘zbek yosh shoirlari» (1922 y.) to‘plamlarida eʼlon qilingan. «Hindistonda bir farangi bilan buxorolik bir mudarrisning usuli jadida maktablari xususida qilg‘an munozarasi» (1910 y.), «Hind sayyohi bayonoti» (1912 y.) qissalarida taraqqiyparvarlik g‘oyalari targ‘ib qilingan.
1914 y.dan boshlab uning «Rahbari najot» («Najot yo‘li»), «Muxtasar islom tarixi», «Oila», «Mavludi sharif yoxud xayrul-bashar» nomli falsafiy-axloqiy asarlari bosilib chiqqan. «O‘quv» (1917 y.), o‘zbek tili qoidalari haqida «Ona tili» (1918 y.) darsliklari, «Eng eski turkiy adabiyoti namunalari» (1927 y.) majmuasi eʼlon qilingan. Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Muhammad Solih, Turdi, Mashrab, Firdavsiy, Umar Xayyom, Mirzo Bedil haqida yozilgan risola va maqolalari eʼlon qilingan. «O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi», «Sharqda shaxmat», «Amir Olimxonning hukmronlik davri» kabi tarixga oid asarlar yaratgan. «Aruz haqida» (1936 y.) nomli monografiyasida Boburning «Aruz» risolasidagi turkiy aruzga oid kuzatishlariga asoslanib, bu vaznning o‘zbek sheʼriyatidagi o‘rnini ko‘rsatib bergan.
Fitrat o‘zbek tilshunosligi, zamonaviy adabiyotshunosligi, manbashunosligi kabi sohalarga asos solgan, o‘zbek dramaturgiyasining taraqqiyot yo‘nalishini belgilab bergan – uning «Hind ixtilolchilari», «Temur sag‘anasi» (1918 y.), «O‘g‘izxon» (1920 y.), «Abo Muslim» (1921 y.), «Abulfayzxon» (1923 y.), «Shaytonning Tangriga isyoni» (1923 y.) kabi pyesalari jahon dramaturgiyasining yuksak namunalari darajasida yozilgan.
Abdurauf Fitrat josus degan soxta ayblov bilan, aslida fidoyi maʼrifatparvar va millatparvarligi uchun qamoqqa olingan va 1938 y. 4 oktabrda otib tashlangan.
Fitratning o‘ndan ortiq ilmiy asar va qo‘llanmalarida Bobur tilga olingan. Uning «Adabiyot qoidalari. Adabiyot muallimlari ham havaslilari uchun qo‘llanma» (1926 y.) darsligida Bobur va uning ijodi haqida yangi davr o‘zbek adabiyotshunosligida birinchi bo‘lib maʼlumot berilgan. «O‘zbek adabiyoti namunalari» (1-jild, 1928 y.) majmuasida «Boburnoma»ning Hindiston qismini tabdil etib, O‘zbekistonda ilk marta nashr qilgan, «Adabiyot qoidalari» (1926 y.) kitobida eng ko‘p misol Navoiy va Bobur ijodidan keltirgan. «Aruz haqida» (1935 y.) risolasida turkiy aruzning xususiyatlarini tushuntirar ekan, Fitrat Boburga ham aruz nazariyotchisi, ham aruzning go‘zal vaznlarida sheʼr bita olgan hassos shoir ekanini ko‘rsatgan. «O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi» (1927 y.) asarida Navoiyning mohir musannif (bastakor) bo‘lganini Boburning shahodati bilan bayon qilgan.
Fitrat Navoiyning forsiy sheʼriyatdagi o‘rni masalasida Boburning «...forsiy devon ham tartib qilibtur. Forsiy nazmda Foniy taxallus qilibtur, baʼzi abyoti yomon emastur, vale aksar sust va furudtur» degan fikri yuzasidan bahs qilib, Navoiyning fors tilidagi ijodi har tomonlama yuksak ekanligini isbotlagan: «Mavlono Jomiydan boshlab, u zamonning eng katta fors shoirlari o‘z sheʼrlarini (Navoiyga) ko‘rsatgan, tuzatib berishini so‘rag‘anlar. Navoiy ularning sheʼrlarini haqli bir suratda tanqid va tahsis (tahrir) etkan... Navoiy eng ulug‘ fors shoirlarining eng mashhur, eng qiyin asarlarig‘a forsiycha javoblar, naziralar yozg‘an. Mashhur Xusrav Dehlaviyning... bir qasidasi bor: oti «Bahrul-abror»dir. (Navoiyning unga javobi) Jomiy, Davlatshoh kabi tanqidchilarning shahodatlarig‘a ko‘ra, Xusravnikidan qolishmaydi» (Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 2-jild, 5-6-bb.; yana q. Navoiy: Navoiy va Bobur).
Hamidulla Boltaboyev, Abdulla Aʼzamov.
Ac.: Tanlangan asarlar. 1–5-jildlar. T., «Maʼnaviyat», 2000-2011; & Chin sevish: Sheʼrlar, dramalar, maqolalar. T., G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1996; & Aruz haqida. T., «O‘qituvchi», 1997; & Oila yoki oila boshqarish tartiblari. T., «Maʼnaviyat», 1998; & Saylanma. T., «Tamaddun», 2011.
Ad.: 1. B.Qosimov. Maslakdoshlar (Behbudiy, Ajziy, Fitrat). T., «Sharq», 1994; H.Boltaboyev. Qatag‘on qilingan ilm. T., «Ruhafzo», 1996; & H.Boltaboyev. Fitrat – adabiyotshunos. T., «Yozuvchi», 1996; & H.Boltaboyev. Fitratning ilmiy merosi. T., «Xazina», 1996; & 2. H. Boltaboyev. Fitrat va jadidchilik. T., 2007.
BE, II. – B. 13-14. (O‘zbekcha);
Fikr qoldirish#