Fransiyalik olim, sayyoh va tabib Fransua Berne Konkord shahrida tug‘ilgan. Moniyele Tibbiyot universitetini tamomlagandan so‘ng uzoq vaqt shifokorlik bilan shug‘ullangan. 1654 yildan Falastin, Suriya, Saudiya Arabistoni, Misr va boshqa bir qator arab mamlakatlariga sayohat qilgan.
1654 yildan Hindistonda 12 yil boburiylar saroyida tabib bo‘lib xizmat qilgan. Mana shu davrda boburiylar tarixiga doir qimmatli manba va materiallar to‘plagan. Ular asosida «Boburiylar saltanatining so‘nggi tarixi» nomli ilmiy-ma’rifiy asar yaratgan (1680). Ushbu asar siyosiy doiralarda yuqori baholangan va tarixiy haqiqatga tayangan o‘z davrining noyob manbasi hisoblanadi. Asarda boburiy hukmronlarning tarixiy yurishlaridan ko‘ra fe’l-atvori, sa’y-harakatlari va ruhiy holatlari tasviriga ko‘proq e’tibor qaratgan. Ayrim o‘rinlarda saroy a’yonlariga munosabatda tanqidiy nigoh bilan ularning xatti-harakatlarini kuzatgan, o‘zicha baho bergan.
Asarda tabib va ruhshunos nigohi aniq seziladi. O‘z tasviridagi har bir qahramonning ismlari ma’nosidan tortib, uning shakl-shamoyillariga qadar aniqlik bilan tasvirlangan o‘rinlar talaygina.
Quyida asarning dastlabki boblaridan namunalar berildi.
Boburiylar saltanatining so‘nggi tarixi («Boburiylar saltanatining so‘nggi tarixi». XVII asrda boburiylar saltanatida tabib sifatida xizmat qilgan fransuz adibining bu asarini badiiy lavhalar deb ham atash mumkin, boburiylar tarixidan erkin hikoya qiluvchi qissa, deb ham atash mumkin. Har holda muallif ham, uni turk va o‘zbek tiliga o‘girgan tarjimonlar ham asarning janri haqida lom-mim demaganlar. Tabiiyki, muallif ham asar janri yuzasidan biror eskartma qoldirmagan. Asar boburiylar saroyi voqealari ishtirokchisining kuzatishlari bo‘lgani uchun ham muayyan ilmiy qimmatga ega. Dastlab fransuz, so‘ngra turk va rus tillarida chop etilgan. Mutarjimlar Amir Fayzulla va Fayzi Shoh Ismoil. Ushbu manba asosida nashrga tayyorlandi: Fransua Berne. Boburiylar saltanatining so‘nggi tarixi. Jahon adabiyoti. — 2002. — 8-son. — B. 102-140).
Olamni ko‘rish ishtiyoqi meni Falastin va Misrga ravona bo‘lishimni taqozo etardi. Biroq men bu bilan kifoyalanib qolmas edim. Qizil dengizni u chekkasidan bu chekkasigacha o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, yaqindan tanishish dilimdagi ezgu niyatga aylangandi. Men bir yilcha istiqomat qilganim shahri azim Qohiradan chiqdim-da, karvon yo‘li bilan naqd 32 soat yurib, Suvayshgacha yetib keldim, bu yerda ko‘p eshkakli kemaga o‘tirdim, u meni 17 kun deganda Makkadan yarim kunlik masofada joylashgan Jidda bandargohiga eltib qo‘ydi. Bu yerda o‘zim kutmagan holda qamda Qizil dengiz darg‘asining va’dasiga zid o‘laroq, agar qul bo‘lmasa, nasroniyning oyog‘i tegishi mumkin bo‘lgan ushbu muqaddas Muhammad sarzaminiga qo‘nishimga to‘g‘ri keldi. Jiddada men 34 kun bo‘ldim, shundan so‘ng choqqina kemaga o‘tirdim, u meni Arabiston sohillari bo‘ylab Bob al-Mandab qo‘ltig‘i yaqinidagi Moka (Manbada zikr etilgan "Moka" bandargohi hozirgi kunlarda Yaman Arab Respublikasi hududida bo‘lib, u arabcha مَخَاءُ (maxā ) – Maxā deb, yevropalilar [Mókko – Móka - Mókha] – «Mókko», «Móka», «Móxa» tarzida talaffuz etishadi. Bu bandargoh o‘tgan asrning 80-yillarida «qochoq mollar» uchun maxfiy bandargoh sifatida foydalanib kelinar edi. Alhamdulilloh, o‘sha yillari ushbu satrlar muallifi bu bandargohni birnecha marta borib ko‘rgan va mazkur holatning guvohi bo‘lgan edi. (Sh.R.))ga eltib qo‘ydi. So‘ngra Gobesh mamlakati, yosh habashlar saltanatining poytaxti Gonderga yetib olishim uchun u yerdan Massova oroli va Arkikoga o‘tib ketmoqchi edim. Biroq ona-malika ig‘vosi natijasida u yerdagi barcha portugallar ular Goadan olib kelgan iyezuit-patriarx bilan birgalikda qirib tashlanganligi yoki quvib yuborilganligi boisidan u yer katoliklar uchun xatarli bo‘lib qolganligidan xabar topdim, hatto mamlakatga kirib olmoqchi bo‘lgani uchungina bir sho‘rlik kaputsin Saukenda boshidan judo qilingandi. To‘g‘ri, o‘zimni yunon yoki armani qiyofasiga solib, men bunday xatardan saqlanib qolar edim, bordiyu shoh meni tanib qolgudek bo‘lsa, men unga biron-bir narsada asqotar, agar pulim bo‘lganida sotib olgan qullarimni ishlatish uchun menga yer ham bergan bo‘lardi. Biroq meni (u yerda) uylanishga majbur qilardi, yaqinda u yerga yunon tabibi qiyofasida kirib olgan bir ruhoniyni xuddi shunday qilishga majbur etishgandi, keyin men umrbod mamlakatdan chiqib ketolmas edim.
Bu va bundan keyin hikoya qilib berishim mumkin bo‘lgan ba’zi mulohazalar menga o‘z rejamni o‘zgartirishimga turtki berdi. Hind kemasiga o‘tirdim, qo‘ltiqdan suzib o‘tdim va yigirma kun deganda Buyuk boburiylar saltanati — Hindistonning Surat bandargohiga yetib keldim. Bu paytda u yerda Shoh Jahon hukmronlik qilardi. U Jahongir Mirzoning o‘g‘li, Shoh Akbarning nevarasi edi. Akbarning otasi Humoyun va undan oldingi ajdodlar shajarasi bo‘yicha Shoh Jahon Amir Temurning o‘ninchi avlodi hisoblanadi. U fotihlik g‘alabalari bilan zo‘r shuhrat qozondi va o‘zining yaqin qarindoshlaridan, mo‘g‘ullar shohining yolg‘iz qiziga uylandi. Hindlar mamlakati Hindistonning ayni paytdagi o‘zga yurtlik hukmdorlarini shu nom bilan atashardi; biroq turli mansablar, hatgo qo‘shindagi oliy mansablarni har doim ham mo‘g‘ul irqidagi shaxslar egallayvermas edilar, aksar hollarda turli mamlakatlardan kelgan, asosan, forslar, goho arablar va turklar hamda boshqa elat vakillari shu nom bilan atalar edi. Ayni vaqtda esa mo‘g‘ul bo‘lish uchun oq yuzli ajnabiy va musulmon bo‘lish kifoya qilardi, qora rangli hindlar, majusiylar va Ovro‘padan kelgan «farangi» nasroniylarni ularga qo‘shmas edilar.
Bu yerga kelganimdan so‘ng yetmish yoshni urib qo‘ygan Shoh Jahonning to‘rtta o‘g‘li va ikki qizi borligini bildim. Bir necha yil muqaddam u to‘rttala o‘g‘lini ham to‘rtta eng yirik viloyat yoki qirollikka navobzoda (vitse-qirol yoki gubernator) qilib qo‘ygandi. Mening ketishimdan bir yil avval u qattiq betob bo‘lib qolgan, qolaversa, qaroqchilar bilan to‘qnashuvlar oqibatida bisotimda arzimagan mablag‘ qolishi, Suratdan Agra va Dehligacha bo‘lgan qirq olti kunlik yo‘ldan uzluksiz davom etgan sayohatga ketgan xarajatlar tabib sifatida boburiylar xizmatiga kirishimga majbur etdi, bir oz o‘tgach esa boshqa bir sarguzasht meni Osiyoning allomasi, «baxshi» yoki otliq sarbozlar sarkardasi lavozimini egallab turgan, saroydagi eng qudratli va nufuzli sobiq amirlaridan biri Donishmandxon xizmatiga boshlab keldi.
Shoh Jahongirning to‘rt o‘g‘lidan to‘ng‘ichini Doro der edilar. Ikkinchi o‘g‘lining ismi Sulton Shujo bulib, «shijoatli sulton» ma’nosini anglatardi, uchinchisining ismi Avrangzeb, ya’ni «taxt bezagi», to‘rtinchi — kenjasining ismi Murodbaxsh, ya’ni «yaxshi niyatlarga yetish» edi. Ikki nafar qizidan to‘ng‘ichini Begim Sohib, ya’ni «bosh malika», kichigini Ravshanoro Begam — «yuzidan nur yog‘ilib turadigan malika» der edilar. Mamlakatda shahzoda va malikalarga ana shunday dabdabali ismlar qo‘yish urf edi. Masalan, Shoh Jahonning go‘zallikda misli yo‘q xotini Arjumand Begim Tojmahal, ya’ni «saroy toji» deb atalgan va uning xotirasiga tiklangan, jahonning yetti mo‘jizasidan biri sanalgan, Misrning tosh uyumlaridan iborat ulkan va beso‘naqay ehromlaridan farqli o‘laroq, ajoyib san’at namunasi bo‘lgan qasrga ham aynan shu nom berilgan. Uzoq vaqt taxtda hukmronlik qilgan Jahongir Mirzoning xotini ham avval Nur Mahal, ya’ni «saroy nuri», so‘ngroq esa Nur Jahon Begim — «jahon nuri» deb atalgan. Ovro‘pada bo‘lganidek, shahzoda va malikalarni xonlik yo mulklik nomi bilan emas, yuqoridagadek sifatlar bilan atalishining sababi shunda ediki, davlatning barcha yerlari podshohga qarar edi. Hindistonda nomi zodagonlarga beriladigan xonlik va mulklar bo‘lmagan. Barcha zodagonlar maosh bilan ta’minlanganlar, bu maoshni ular nakd pul sifatida yoki yerlardan keladigan daromad ko‘rinishida olganlar, podshoh esa o‘z xohishiga qarab bu maosh va daromadni belgilagan, oshirgan, qisqartirgan va zarur paytlarda bekor qilgan. Shu bois amirlar ham quyidagidek laqablarga ega bo‘lganlar: deylik, biri Roz Andozxon bo‘lsa, boshqasi Sofe Chakanxon, yana biri Barq Andozxon yoki Diyonatxon, Donishmandxon, Fozilxon va hokazo (bular «chaqmoq chaquvchi», «dushman safarlarini yoruvchi», «sodiq xon», «olim xon», «fazlu karamda tengsiz» degan ma’nolarni anglatgan).
Doroning yaxshi fazilatlari ko‘p edi: u xushmuomala, topqir, bag‘oyat odobli va haddan ortiq saxiy, biroq shu bilan birga o‘ziga ortiq darajada bino qo‘ygan bo‘lib, o‘zini hamma ishda ustasi farang deb bilardi, biron-bir kishining maslahatiga muhtoj bo‘larman, degan narsani xayoliga keltirmasdi. Bundan tashqari u judayam qiziqqon edi, hattoki eng yuqori martabali amirlar yoki xonlarni ayab o‘tirmasdi – ularga do‘q urar, haqorat qilar va qattiq xafa qilib ko‘yardi, biroq qanchalik tez g‘azabga minsa, shunchalik tez shashtidan qaytar edi. Garchand u komil musulmon bo‘lib, diniy rasm-rusumlarni mukammal ado etsa-da, shunga qaramay shaxsiy hayotda majusiylar bilan majusiydek, nasroniylar bilan nasroniydek muomala qilar edi. Uning huzurida mudom panditlar, ya’ni hind ulamolari yoki majusiy olimlarni ko‘rish mumkin edi; ularga xiyla katta miqdorda nafaqa to‘lardi, ular esa, aytishlaricha, mamlakat diniga zid keluvchi o‘z g‘oyalarini uning miyasiga singdirishga harakat qilar edilar; bu hakda men hindlar yoki majusiylar dini to‘g‘risida so‘z ketganda gapirib o‘tarman. Yaqin vaqtlardan buyon u katolik rohiblar peshvosi bo‘lmish ota Byuzening suhbatlarini maroq bilan tinglamoqda ekan, katolik peshvoning nuqtayi nazari unga juda yoqib qolganmish. Biroq ayrim kishilarning gapiga qaraganda, u mutlaqo dinga ishonmas emish va uning bu boradagi barcha xatti-harakatlari shunchaki ermak va o‘yindan iborat emish, yana ba’zilarning aytishicha, uning qo‘shinida ko‘pchilikni tashkil qiluvchi nasroniylarni o‘zi tomon ag‘darib olish va xususan, saltanatga zarur hollarda ularni o‘z tarafdori sifatida saqlab qolish uchun ataylab qilingan yo‘l, siyosat emish. Nima bo‘lganida ham bu uning ishida unchalik qo‘l kelmadi, aksincha, keyinchalik biz shu narsaning guvohi bo‘ldikki, Avrangzeb uni kofirlikda ayblab, sho‘rlik shahzodaning boshini tanasidan judo qildi (Manbada: "uni kofirlikda ayblab, sho‘rlik shahzodaning boshini tanasidan judo qildi" jumlasini shar’iy hukm deb mutlaqo tan olmaslik kerak. Bu yerda o‘sha davrda taxt vorislari o‘rtasida urf bo‘lgan taxt tolashuv jang oqibatida sodir bo‘lgandir. (Sh.R.)).
Sulton Shujo ham fe’l-atvorda deyarli Dorodan farq qilmasdi, lekin u xiyla pishiq va mahkam edi, nozik damlarda o‘zini yaxshi tutar, sir boy bermasdi, fitna uyushtirganda ishni xamirdan qil sug‘urgandek bajarardi, sovg‘a-salomlar vositasida do‘stlarini zimdan o‘zi tomon ag‘darib olishga usta edi. Xususan, Jessomseng va boshqa shu kabi martabali raja va amirlarga nisbatan shunday yo‘l tutgandi. Biroq u aysh-ishratga qattiq ruju qo‘ygandi, uning son-sanoqsiz xotinlari bor edi, ularning muhitiga tushib olib, tun va kunlarni ichkilikbozlik, qo‘shiqbozlik va o‘yinbozliqda o‘tkazardi, u xotinlariga qimmatbaho kiyim-kechaklar olib berar, ularning nafaqalarini o‘z ixtiyori bilan oshirar va qisqartirar edi. Uni bu muhitdan sitib olib chiqishga uringanlarga aslo shafqat qilmasdi. Buning oqibatida uning ko‘plab ishlari hal etilmay, uzoq vaqtlargacha galga solinib kelinar, odamlarning undan ko‘ngli qolib, yuzko‘rmas bo‘lib ketar edilar.
Garchand Shoh Jahon va uning barcha og‘a-inilari turklar diniga mansub bo‘lsalar-da, Sulton Shujo forslar diniga o‘tgan edi. Islom bir qancha mazhablarga bo‘linadi; mashhur «Tuliston»ning muallifi Shayx Sa’diy ham o‘zining bir qit’asida bu hakda eslatib o‘tgan: «Men — darvishman va mayparastman, mening tayinli bir mazhabim yo‘q desa bo‘ladi, meni barcha yetmish ikki mazhab biladi». Lekin bular ichida ikkitasi asosiysi hisoblanardi; ularning tarafdorlari bir-biriga qon dushman sanaladi. Birinchisi – turklar mazhabi (sunniy) bo‘lib, forslar ularni Usmonli deb atashadi. Va ular xalifa Usmon tarafdorlaridir. Chunki turklar uni Muhammad (s.a.v.)ninghaqiqiy va qonuniy vorisi, buyuk xalifa yoki Qur’oni karimni tafsirlash hamda fiqh ilmida uchraydigan qiyin masalalarni hal etish xuquqiga ega bo‘lgan yagona avliyo deb biladilar. Ikkinchisi – forslar mazhabi bo‘lib, turklar ularni «shialar», «rofeiylar», «alimardoniylar» (ixtilofchilar, bid’atchilar, Ali maslakdoshlari) deb aytadilar, zero turklardan farqli o‘laroq, ular men hozirgina eslatib o‘tganim ushbu vorislik va yagona avliyo hokimligini butunlay Muhammad (s.a.v.)ning kuyovlari Aliga nisbat beradilar. Davlat manfaati nuqtayi nazaridan Sulton Shujo aynan shu mazhabga o‘tgan edi. Chunki barcha forslar – shialar payt topildi deguncha, uning tarafiga o‘tishiga umid bog‘lagan edi, zero shia tarafdorlarining o‘zlari yoki ularning farzandlari boburiylar saroyida eng qudratli kishilar hisoblanar va davlatdagi eng muhim lavozimlarni egallab olgan edilar.
Avrangzeb Doro kabi o‘tkir zehn egasi, ajoyib suxandonlik qobiliyati sohibi sifatida ajralib turmasa-da, undan ko‘ra mushohadaliroq edi, odamlarni yaxshi bilardi, kimdan qanday ish chiqishini to‘g‘ri baholardi, kimga va qachon saxovat ko‘rsatish bobida sinchkov edi. U o‘ziga yetganicha quv, ayyor, uzoq vaqtgacha o‘zini tarkidunyo qilgan darvish qiyofasiga solib yurdi. O‘zini taxtu toj bilan sira ishi yo‘kday, birdan bir orzusi – tinch hayotdan, toat-ibodatda bo‘lishdan va savob ishlar qilishdan iboratday qilib ko‘rsatardi. U otasi Shoh Jahon bilan do‘stona munosabat o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgandi. To‘g‘ri, Shoh Jahon Doroni qattiq hurmat qilsa-da, taxt boshqarishga qobiliyatli deb hisoblagan holda Avrangzebga nisbatan xayrixohligini ham yashirmasdi. Otasining Avrangzebga xayrixohligi Doro qalbida kuchli rashk olovini yondirar va u do‘stlari huzurida o‘qtin-o‘qtin shunday so‘zlarni aytib yuborishdan o‘zini tiyolmay qolardi: «barcha aka-ukalarim ichida men bitta mana shu namozchidan qo‘rqaman».
<...> Avrangzeb Dehkanda bo‘lgan vaqtida Golkonda hukmdorining vaziri va uning qo‘shini qo‘mondoni, hozirgina aytganimdek, butun Hindistonda mashhur fors Amir Jumla edi. U oliy nasabli bo‘lmasa-da, katta ish tajribasiga, ajoyib zakovatga va qobiliyatga ega buyuk sarkarda edi, u nafaqat ushbu boy hokimlikdan ulkan boylik to‘plagandi, balki kemalardagi savdo-sotiqlardan keluvchi daromadlardan ham xazinasini to‘ldirib yuborgandi. Kemalarni har tomonga tijorat uchun tarqatib yuborardi, uning ijaraga qo‘ygan odamlari jonini jabborga berib ishlardi va shuning natijasi o‘laroq, behisob olmos xazinasi jamg‘argandi, uning olmoslari qop-qop bo‘lib, hammaning og‘ziga tushgandi. Uning g‘oyat qudratli va boobro‘ bo‘lib ketishiga yana bir sabab: lashkardan tashqari u ajoyib shaxsiy qo‘shinga ham ega edi, ko‘p sonli «farangilar», ya’ni qo‘mondonlari nasroniy bo‘lgan zambarakli bo‘luklari bor edi...
Bu ikki buyuk inson (Avrangzeb va Amir Jumla – tahr.) qisqa vaqt ichida birgalikda katta ishlarni amalga oshirishdi: yo‘l-yo‘lakay ular Bijapurning eng quchli va muhim qal’alaridan biri Biydarni qamal qildilar va qo‘lga kiritdilar. U yerdan Davlatobodga yo‘l olishdi. Davlatobodda shu qadar qil o‘tmas do‘stga aylanishdiki, Avrangzeb ham, Amir ham bir kunda ikki bor ko‘rishmasa tura olmaydigan bo‘lib qoldi. Ularning ittifoqi ishni olg‘a siljitib yubordi va Avrangzeb hukmdorligi uchun poydevor yaratdi.
Bu a’yon shunday ustamonlik bilan ish tutdiki, uni Shoh Jahon huzuriga bir necha bor chaqirishdi, nihoyat u g‘oyat qimatbaho va ulug‘ sovg‘alar bilan Agraga yo‘l oldi va unga o‘z xizmatlarini taklif etdi. Shohni Golkonda sultoni, Bijapur sultoni va portugallar bilan jang boshlashga undadi. Boshlamasi uchun dunyoda tengi yo‘q katta olmos — Ko‘hi nurni in’om etdi. Bu bilan u Golkonda toshlari Qandahor qoyalaridan ko‘ra qimmatliroq ekaniga shama qildi (o‘sha vaqtlarda Shoh Jahon bu shaharga yurish qilishni diliga tugib qo‘ygandi). Hindistonni Komorin burnigacha zabt etish uchun aynan Golkonda tomonga qarab harbiy harakatlar boshlash kerak edi...
Avrangzeb Golkonda sultonining qizini olib bergan to‘ng‘ich o‘g‘li Sulton Mahmudni hamon Kaliani qal’asini qamal qilib turgan Amir Jumla huzuriga yubordi va uning oldiga, Davlatobodga yetib kelishini astoydil iltimos qildi, unga aytadigan haddan tashqari muhim gapi borligini aytdi. Nima gapligidan shubhalangan Amir Davlatobodga borishdan bosh tortdi, Shohi Jahon o‘lmaganini, bu borada ishonchli dalillari borligini ochiq-oshkora ma’lum qildi. Bundan tashqari uning oila ahli Agrada, Doroning qo‘lida turibdi, shu boisdan ham u Avrangzebga yordam ham berolmaydi, o‘zini uning tarafdori deb e’lon ham qila olmaydi. Hech narsaga erisha olmay va Amirdan qattiq xafa bo‘lib, Sulton Mahmud Davlatobodga qaytib ketdi.
Biroq Avrangzeb esankirab qolmadi va Amir huzuriga yana odam yubordi, lekin Sulton Mahmudni emas, ikkinchi o‘g‘li Sulton A’zamni yubordi, u otasining maktubini eltib berdi va o‘zining halimligi, do‘stlik borasidagi ishonarli so‘zlari bilan Amirni shunday avrab tashladiki, Amir tan berishga majbur bo‘ldi. Kaliani qamalini tezlashtirib, imtiyozli shartlar bilan qamaldagilarni taslim bo‘lishga undadi, qo‘shinning sara askarlarini oldi-da, jadal sur’atlar ila Sulton A’zam bilan birga ketdi...
O‘zlarini rajput, ya’ni rajaning zurriyotlari deb atovchi bu qavm avloddan-avlodga o‘tib, faqat harbiy ish bilan shug‘ullanib keladi. Ular bo‘ysunuvchi rajalar rajputlarga yer berishadi, shu shart bilanki, farmon berilgan vaqtda ular har doim jangga kirishga tayyor bo‘lmoqlari lozim. Modomiki, rajalar ularga meros bo‘lib qoluvchi yer berar ekan, ularni majusiy zodagonlar deb atash mumkin. Ular katta afyunxo‘rdirlar, ular yutgan afyun miqdorini ko‘rib o‘zim necha bor hayratga tushganman, to‘g‘ri, ular bunga bolalikdan o‘rganadilar. Jang kunlarida ular ikki baravar ko‘p afyun yutishadi: bu giyohvand moddasi ularni ruhlantirsa kerak yoki, aniqrog‘i, mast qilsa, xavfni sezmaydigan, karaxt qilib qo‘ysa kerak, chunki ular jangda qochish nimaligini bilmay, sherday tashlanadilar va sabot bilan jang qilayotgan rajalari oyog‘i ostida jon beradilar. Ularga faqat tartib-intizom yetishmasdi, jasorat deganlari oshib-oshib yotardi: afyundan boshlari xumday shishgancha o‘lishga qasd qilgan odamlarday jang oldidan bir-birlari bilan quchoqlashishlarini ko‘rish kishiga lazzat bag‘ishlaydi.
Buyuk Boburshoh majusiylar dushmani bo‘lgani holda, xizmatida ko‘plab rajalarni saqlagani sabab ham shunday edi; bordiyu, ular musulmon qavmidan bo‘lganda ham qo‘shinda ular xizmatidan foydalanar ekan, ularni boshqa amirlar bilan bir safga qo‘yardi. Jessomseng yengilib qochgandan keyin uning xotini, Rananing qizi o‘z erini qanchalik sovuq qarshi olganini tasvirlamasdan o‘ta olmayman. Erining yaqinlashib kelayotganini, jang maydonida uning nechog‘lik matonat bilan jang qilganini, bisotida bor-yo‘g‘i to‘rt-besh yuz odam qolgan va ortiq turishga bardoshi yetmay chekinishga majbur bo‘lganini so‘zlab berishganda, xotini uni qarshi olish va ko‘nglini ko‘tarish uchun biror yoqqa yuborish o‘rniga quruqqina qilib qal’a darvozasini yopib qo‘yishni va bu odamni ichkariga qo‘ymaslikni buyurdi. U mening erim emas, men uni ko‘rishni istamayman, buyuk Rananing kuyovi bu qadar tuban bo‘lishi mumkin emasdi, debdi. Bunday aslzodalar xonadoniga kirib kelgach, bu xonadon shavkatidan ibrat olmog‘i lozim edi, xullas, u yo yengishi, yo o‘lishi kerak edi. Zum o‘tmay uning miyasida boshqa o‘ylar charx uradi: u gulxan yoqishga amr etadi, meni aldashyapti, mening erim jangda halok bo‘lgan, bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas, men o‘zimni tiriklay o‘tda kuydirmoqchiman, deydi. Bir oz o‘tgach, u qarorini tag‘in o‘zgartiradi, g‘azabga minadi, erini qarg‘ishlarga ko‘mib yuboradi. Xullas, sakkiz yoki to‘qqiz kunni ana shunday tutaqib o‘tkazadi, to onasi kelmaguncha erini qal’a ichkarisiga kiritmaydi. Onasi kelib, uni bir oz tinchlantiradi va yupantiradi, raja bir pas dam olsin, yangidan qo‘shin to‘plab Avrangzebga qarshi jang qiladi, qanday qilib bo‘lmasin, o‘z sha’nini tiklaydi, deb va’da beradi. Shu munosabat bilan bu mamlakat xotin-qizlarining jasorati haqida fikr yuritish mumkin; bunga men shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, eri o‘lganidan keyin xotinlarning o‘zini tiriklay olovda yoqqanini bir necha bor o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Biroq yana shu narsani ta’kidlaymanki, nomus haqida jamoatchilik fikri, inson e’tiqodi, udumi, umidi va tushunchasidan ko‘ra kuchliroq hech narsa yo‘q...
<...> Bilmadim, balki Sulton Shujo shohni borib ko‘rishni o‘zi uchun ravo ko‘rmagandir yoki uyiga qamab, meni kutib oladi, boyligimni talaydi, o‘zimni Amir Jumlaga topshiradi, deb qo‘rqqandir. Chunki Amir Jumla Avrangzeb nomidan uni tutib bergan odamga katta miqdordagi turli imtiyozlar va’da qilgandi. Nima bo‘lganida ham u shohni ziyorat qilgani bormadi. Uning o‘rniga Sulton Bankni yuborib qo‘ya qolgandi. Sulton Bank shoh saroyiga yaqilashar ekan, saxiyligini namoyish qilmoqchi bo‘lib yo‘l-yo‘lakay yarim rupiyalik, hatto bir rupiyalik oltin, kumush pullarni sochqi qilib boradi. U shohga ko‘plab parcha va noyob zargarlik buyumlarini olib keladi. Otasi Sulton Shujo nomidan kechirim so‘raydi, uning betobligini sabab qilib ko‘rsatadi va shohga kecha bergan va’dasini eslatadi. Biroq bundan hech narsa chiqmaydi, aksincha, besh yo olti kundan keyin shoh uning qizlaridan birini xotinlikka so‘rab, odam yuboradi. Sulton Shujo bunga zinhor rozi bo‘lmas edi va bu bilan shohning qattiq g‘azabini qo‘zg‘aydi. Nima qilmoq kerak? Yilning qulay fasli oxirlab bormoqda. Ularning holi nima kechadi endi? Qanday tadbir ko‘rmoq kerak? Tavakkal qilsinmi yo? Nihoyat, miyasiga shunday bir fikr keladi, buning oxiri pushaymonlikdan boshqa narsa keltirmaydi...
<...> Men bu haqda o‘sha yerda bo‘lgan kishilardan uch yo to‘rt xildagi tafsilotni eshitdim. Ayrimlar uni jasadlar orasidan topib olishdi, der edilar, biroq uni yuzidan yaxshi taniyolmaganlar. Men golland savdo boshqarmasi boshlig‘ining bu gaplarni tasdiqlaydigan xatini ko‘rdim. Biroq unga nima bo‘lganini to‘la aniqlash qiyin edi. Mana shu noma’lumlik Dehlida bizning tez-tez tashvishga tushishimizga sabab bo‘ldi: goh u Golkonda Bijapur shohlari Siyan shohidan olgan qizil yalovli ikki kema bilan Surat yaqinidan o‘tib ketdi, deb uqtirar edilar. Yana birovlar esa, u Forsda yoki Sherozda, undan keyin hatto Kobul xonligiga qarshi jangga hozirlik ko‘rib, Qandahorda yuribdi, degan gaplarni aytar edilar.
Avrangzebning o‘zi esa bir kun hazil qilibmi, yo boshqacha o‘ydami, nihoyat Sulton Shujo hoji bo‘lmoq niyatida Makkaga qaytib kelgan degan gapga ishonadiganlar topiladi, qabilidagi mish-mishni eshitadi. Biroq bu barcha mish-mishlarning asossizligi gollandlarning xatlaridan yaqqol ayon bo‘ladi. Bundan tashqari men bilan birga Bengaliyadan Maslipatamga o‘tgan mahramlaridan biri hamda Golkonda shohi xizmatidagi men ko‘rgan to‘pchiboshchisi meni ishontirib aytishdiki, Sulton Shujo allaqachon o‘lib ketgan, lekin ular menga shundan ortiq bir narsa deyishni istashmadi. Yaqinda, men hali Dehlidalik vaqtimda Eron va Ispaniyadan kelgan fransuz savdogarlarimiz bu joylarda Sulton Shujo haqida hech narsa eshitishmabdi. Bundan tashqari, menga aytishdiki, uning yengilganidan bir muncha vaqt keyin xanjari, qilichi topilgan. Shunday qilib, xulosa chiqarish mumkinki, bordiyu u jangda o‘ldirilmagan bo‘lganda ham, keyinchalik, yo qaroqchilar, yo bu mamlakat o‘rmonlarida to‘lib-toshib yotgan yo‘lbarslarmi, fillarmi, shu kabi yirtqich hayvonlar hamlasidan o‘lib ketgan, nima bo‘lganda ham, mana shu ishdan keyin uning butun oilasini, xotinlari va farzandlarini zindonga tashlaganlar, ularga juda qo‘pol muomalada bo‘lganlar. Darvoqe, birmuncha muddatdan keyin ularni ozod qilishgan va yumshoqroq muomala qila boshlagan. Shoh uning to‘ng‘ich qizini olib kelishni amr etgan va xotinlikka olgan, bu vaqtda Sulton Bankning bir qancha mulozimlari men aytib o‘tgan musulmonlar bilan birgalikda avvalgisiga o‘xshab bir fitna uyushtirish dardiga tushib qolgan. Biroq uni amalga oshirish kuni yetib kelganida fitnachilardan biri shirakayf holda hammadan oldin harakatga tushib ishning pachavasini chiqargan. Bu voqea bo‘yicha menga minglab latifaomuz hikoyalarni aytishdiki, qaysi biriga ishonishni bilmasdim. Shularning barchasidan eng ishonarlisi shuki, azbaroyi Shujoning bu badbaxt oilasidan darg‘azab bo‘lgan shoh undagi hamma jonni qilichdan o‘tkazishga amir etgan, hech kim tirik qolmagan. Hatto u uylangan to‘ng‘ich qiz ham, aytishlaricha, ikkiqat bo‘lishiga qaramay shafqatsizlarcha qatl etilgan. Sulton va ukalarining boshini o‘tmas bolta bilan chopib uzganlar, ayollarni uyga qamab qo‘yishgan va ular ochlikdan o‘sha yerda o‘lib ketishgan. Taxtu tojni egallash maqsadida to‘rt aka-uka o‘rtasida boshlangan urush ana shu tariqa barham topgan. U besh yo olti yil, ya’ni taxminan 1655 yildan 1660 yoki 1661 yilgacha davom etgan. Avrangzeb qudratli saltanat egasiga aylanib tinchgina hukmronlik qila boshlagan.
Fransua Berne.
Xorijda boburshunoslik: Tadqiqot, talqin va maqolalar. Tayyorlovchi, so‘zboshi va izohlar muallifi H. Boltaboyev; tahrir hay’ati A. Qayumov va boshq. ; mas’ul muharrir S. Hasanov. – Tsh.: Mumtoz so‘z, 2008. –224 b. – B. 74-84. (O‘zbekcha);
Бернье, Франсуа: История последних политических потрясений в государстве Великого Могола. В кн.: Бабуроведение за границей: Исследование, версии и статьи.
Fikr qoldirish#