Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Omonimiya – turkiy tillarga xos semantik imkoniyat sifatida

As an ancient language, Turkic languages have wide semantic capabilities. Proof of this is the homonymy in the Uzbek and Turkish languages. In the development of the thinking of great encyclopedist scientists and thinkers, their command of language and level of understanding of the capabilities of language will occupy a special place. In the deep thoughts of the great thinker, king and poet Zahr ad-Din Muhammad Babur, the ability to master language plays an important role in its understanding and knowledge of existence, with the skill of reflecting it.

Homonymy, in addition to being a linguistic phenomenon, is considered as a factor in the development of thinking. The article semantically analyzes homonyms found in the text of “Baburnama”, shows the author’s skill in using words and the level of use of language capabilities.


Turkiy tillar xalq tarixi qadar qadimiydir. Turkiy tillar, xususan, o‘zbek va turk tillari tarixiy taraqqiyoti davomida aloqa-munosabat vositasi sifatida axborot almashishning turli ko‘rinishlarini ifodalashga xizmat qildi va ijtimoiy-tarixiy voqelikning muhim tarkibiy qismi sifatida rivojlanib kelmoqda. Ichki va tashqi taraqqiyot omillari negizida turkey tillarning hissiy ta’sir, to‘plash funksiyalari shakllandi. Shuning barobarida tilning undan foydalanuvchilar idroki bilan bog‘liq funksiyalari ham rivojlandi. Bu – tafakkurni rivojlantirish, fikrni teranlashtirish funksiyasidir.

Tilning tafakkurni rivojlantirish funksiyasini ta’minlaydigan omillardan biri omonimiya hodisasi bo‘lib, lisoniy hodisa sifatida mavjud bo‘lishdan tashqari, turkiy xalqlarda fikr rivojiga xizmat qilib kelgan. Omonimlar bir xil shaklga, ammo turli mazmun planiga ega bo‘lgan birliklardir. Grekcha omonim terminining lug‘aviy ma’nosi “bir xil nom” demakdir [Hojiyev 2002, 71].

Omonimiya turkiy adabiyotda til imkoniyatlari asosidagi badiiy san’atlarning yaratilishiga asos bo‘lgan. Shunday janrlardan bo‘lgan tuyuq, askiya hamda tajnis va iyhom san’atlari turkiy xalqlarda so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi muloqotning ajralmas qismi sifatidagi ko‘nikmaga aylangan. Omonimiyaga asoslangan she’riy janr va badiiy san’atlarning asosi nutq so‘zlovchi salohiyatini, teran idrokini talab qilganidek, tinglovchi hushyorligini, aqliy kamolotini taqozo etadi.

Omonimiya hodisasining nazariy asoslarini yaratgan, uning tafakkurni o‘stirish, fikrni rivojlantirish omili sifatidagi qiymatiga birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgan Alisher Navoiy turkiylarning badiiy so‘z san’ati, tajnis va iyhomni ko‘p qo‘llashlari haqida yozadi. So‘z o‘yinlarining turkiy tillarda sart tilidan ko‘proq ekanligini qayd etgan. Tajnisga asoslangan tuyuq janrining faqat turkiy xalqlarda uchrashini ta’kidlagan:

“Yana she’rda barcha tab’ ahli qoshida ravshan va majmu’ fusaho ollida mubarhandurki, tajnis va iyhombag‘oyat kulliydur. Va bu farxunda iborat va xujasta alfoz va ishoratda forsidin ko‘proq tajnisomiz lafz va iyhom angez nukta borki, nazmg‘a mujibi zeb va ziynat va boisi takalluf va san’atdur... ham turk shuarosi xos sasidurki, sartda yo‘qtur va muni tuyuq derlar” [Muhokamat –ul -lug‘atayn, 2011]. Turkiy xalqlarning xos she’r shakli bo‘lgan tuyuq, askiya, omonimlar asosidagi badiiy san’atlar yuksak darajadagi tafakkur rivojidan darak beradi [Xolmanova, 2022: 35].


Turkiy xalqlarning buyuk qomusiy olimlari, mutafakkirlari hozirgi kun uchun ham dolzarb bo‘lgan muhim ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy muammolarni ko‘ra olganlar. Bugungi kunda mushohada-mulohazalari hikmatga aylangan shaxsiyatlarning tafakkur rivoji ham, ma’lum ma’noda, turkiy til imkoniyatlari, so‘z o‘zlashtirish qobiliyati va idroki bilan bevosita bog‘liq.

Buyuk shoir, shoh va sarkarda, mohir so‘z ustasi Zahiriddin Muhammad Boburning tafakkuri rivojida, olamni teran idrok etish va olamning lisoniy manzarasini mahorat bilan tasvirlash san’atida egallagan til ko‘nikmalari muhim o‘rin tutadi. Bobur omonimlardan mantiqiy so‘z o‘yinlari, iyhom va tajnisga asoslangan ta’sirchan misralarni shakllantirishda foydalangan. O‘z navbatida, “Boburnoma”da qo‘llangan omonimlar bir shaklda turfa mazmundagi voqelikni ifodalashga xizmat qilgan.

“Boburnoma”da qo‘llangan omonimlar leksemalarning shakl va ma’no munosabatini anglashda, leksema semantikasidagi aloqadorlikka asoslangan ko‘chimlarni tahlil qilishda muhim dalil sifatida xizmat qiladi. “Boburnoma” leksikasining o‘ziga xosligini ta’minlovchi lingvistik omillardan biri omonimlar, sinonimik paradigma, antonimlarning maqsadga muvofiq qo‘llanishidir” [Xolmanova, 2021:197-199].

“Boburnoma” matnida qo‘llangan omonimlarni ikki guruhga ajratish mumkin:

1. Har xil mazmundagi birdan ortiq so‘zning shakliy bir xilligiga asoslangan omonimlar.

2. Ko‘p semali bir so‘zdan semantik aloqadorlik asosida yuzaga kelgan omonimlar.

Har xil mazmundagi birdan ortiq so‘zning shakliy bir xilligi omonimiya hodisasining yuzaga kelishidagi faol usul hisoblanadi.


“Boburnoma”da turli so‘zlarning shakliy mosligi turkiy tilga mansub so‘zlarda kuzatiladi: tosh I “to‘p, zarbzan o‘qi, quroli” ...tosh tayyor bo‘lubtur, ne farmon bo‘lur?

Farmon bo‘ldikim, bu toshni otsun, yana men borg‘uncha yana bir toshni tayyor qilsun [BN,442]; tosh II “jism”: Imorat kursisini tamom toshdin farsh qilibturlar [BN,106].

To‘ra I “qoida, qonun, intizom, odat” [ANATIL, III, 270]: hazm va ehtiyotni mar'iy tutub, to‘ra va siyoqkim, tartib qililib edi; to‘ra II odam bo‘yi baravar keladigan qalqon [ANATIL, III,269]: Tufakandozlar bu aroba va to‘ralarning keynida turub, tufak otqaylar [BN, 334]; to‘ra III “qism, a’zo”: ...Husayn olilg‘onda qisqaliq qilg‘anlarning kayfiyatin ko‘rub, to‘ra-muchalaridin hurattuk [BN,306].


Qalin I “yonlama hajm”; qalin II “nikoh to‘yida qiz uchun kuyov tomonidan beriladigan mol, pul” ma’nosini ifodalaydi. Qalin II dan yasalgan qalinliq “Boburnoma”da “unashilgan qiz” tushunchasini ifodalagan: Sulton Ahmad mirzoning Oysha Sultonbegim otliq qizinikim, ota, obag‘a tirik ekanda manga qalinliq qilib edilar [BN,131]. Qalınlıq // qalındık fonetik o‘zgarish natijasida qalliq ko‘rinishiga kelib qolgan: qalыn-qalыq-qalınlıqqallıq-qalliq [O‘TEL,517]; “nikohlamoq” ma’nosidagi qo‘l- so‘zining asosi ham qalınga bog‘lanadi [Xolmanova,2021] ...burun Jahongir mirzog‘a mirzolar tirigida qo‘lub edilar [BN,178].

Yon=/ Jan= I. “qaytmoq” [ДТС, 231]: Biz yong‘andin so‘ng xon kishisi O‘ratepa ustiga yurudi [BN,32]. Yondur- “qaytarmoq”: barchasini egalariga yondura berdilar [BN,39]. Bu ma’nodagi yon- fe’li hozirda ishlatilmaydi. “O‘t olmoq; o‘tda kuymoq” ma’nosidagi yonmoq II hozirda qo‘llanadi [O‘TIL,I,259]. “Boburnoma”da forscha-tojikcha va hindcha so‘z omonimligi kuzatiladi: pul I – (forscha-tojikcha) “ko‘prik” [BAL,112]: Qo‘rg‘ong‘a yetib, shotu qo‘yub chiqib darvozani olib, puli ravon solilib,..[BN,167]; “bir to‘da, bir talay, allaqancha” ma’nosidagi pul II so‘zi ham forcha-tojikchadir: ...pul tir yig‘ilib turubtur, o‘bdon-o‘bdon yigitlardek…[BN,259].

Bobur asarning Hindiston voqealari qismida hayvonot olami, o‘simlik dunyosi, aholining so‘zlashuv tili, madaniyati, kiyinishi, urf-odat, an’analari haqida so‘z yuritadi. Hind tilidagi “vaqt” tushunchasi, uning ko‘rinishlari, tushunchani ifodalovchi leksemalar haqida mulohazalarini ifodalagan. “Vaqt” tushunchasi tavsifida hindcha pul so‘zini keltirgan: pul III “vaqt birligi”: Yana har girini oltmish bo‘lubturlar, har birini pul debturlarkim, bir kechakunduz uch ming olti yuz pul bo‘lg‘ay [BN,448].

“Boburnoma”da arabcha va hindcha so‘z omonimligi uchraydi: roy I (arabcha) “fikr, qarash”: Mirzo royi bila amal qilmas edi (232). Bu so‘z hozirda ra'y ko‘rinishida ishlatiladi:

Ra’y “fikr, nuqtayi nazar, qarash, mulohaza; aql, idrok; xohish, mayl; rag‘bat” ma’nolarini bildiradi [O‘TIL,III,359]; roy II “hind podshohlari unvoni” [BAL,119]: Agarchi kichik-kirim roy va roja tog‘ va jangalda xeli bor edilar, vale mu’tabar va mustaqil bular edilar [340]. Bu so‘zlar arab grafikasida bir xil ifodalash natijasida omonim shakllarga aylangan.

“Boburnoma”da arabcha so‘zlar o‘zaro omonimik munosabatni hosil qilgan: burj I – “qadimgi astronomiyada quyoshning yillik harakat doirasidagi o‘n ikki nuqtaning har biri” [BAL,24]: ... oftob qavs burjida edi [321]; Quyosh sistemasidagi o‘n ikkita yulduz turkumini ifoda etadi. Turkiy xalqlarda oylarning nomi ham burj nomidan olingan [O‘TIL,I,383]. Burj va burj ko‘rinishlari gipo-giperonimik munosabatni ifoda etadi: Hut, Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jady, Dalv;

burj II – minora; qal’a; qal’a devoriga tutashtirib, unga tirgak sifatida tashqi tomonidan minora shaklida qurilgan qo‘shimcha bino [O‘TIL,I,383]. Burj II “qal’a devorining tirgaklari, qal’aning cho‘qqisi”: Namoz xufton burj uchti [BN,93]. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da burj so‘zi ko‘p ma’noli so‘z sifatida keltirilgan. Burj so‘zining o‘zbek tilida “burchak” ma’nosida ham qo‘llanishi qayd etilgan [O‘TIL,I,383]. Burj yuqorida qayd etilgan ma’nolar nuqtayi nazaridan bir xil shaklga ega bo‘lgan omonim sanaladi.

Burj so‘zining “burchak” ma’nosida burch so‘zi o‘rnida qo‘llanishi paronimiya hodisasi va paronimlarning o‘rnini almashtirib qo‘llash bilan bog‘liq.

Arab tilidan o‘zlashgan naqsh birliklari ham omonimik munosabat hosil qilgan: I naqsh I “kuy, ashula [NAL,457]: ..ul jumladin bir naqshi bor, nuhranga mavsum [BN, 242]; naqsh II “buyum va binolardagi naqsh” [BAL, 99]. Ko‘p semali bir so‘z ma’nolari o‘rtasida bog‘lanishning yo‘qolishi natijasida yuzaga kelgan omonimlar turkiy tillarga xos bo‘lgan turkum sinkretizmi bilan bog‘liq.

“Boburnoma”da omonimlarning semantik usul bilan hosil bo‘lishiga oid xarakterli misollar aks etgan. Semantik usul bilan omonim yasashda turkum sinkretizmi va metonimiya hodisasi asos bo‘ladi. Omonimiyani yuzaga keltiruvchi hodisa – turkiy tillarga xos turkum sinkretizmi E.V.Sevortyan tomonidan “fe’l-ot asoslar” (“глагольно-именныe основы”) deb nomlangan [Sevortyan,1974:32-40] va bir bo‘g‘inli fe’l asosdan ism yoki ot so‘zlarning yuzaga kelishini ifoda etadi. Bunday ma’no taraqqiyoti ot va fe’l o‘rtasida kuzatilgani bois shu nom bilan yuritilgan. E.V.Sevortyan bu hodisaning leksik-morfologik tabiatga ega eganligini ham ko‘rsatib o‘tgan.

Omonimiyani yuzaga keltiruvchi ikkinchi hodisa metonimiya bo‘lib, turkiy tillar lug‘at sathida leksemalar semantik tizimida ko‘p kuzatiladi. Bu ko‘rinishdagi ma’no taraqqiyoti muayyan davrni hamda tildan foydalanuvchining anglash, tafakkur qilish qobiliyatini namoyon etadi. “Boburnoma”da metonimiya asosida yuzaga kelgan omonimlar ko‘p qo‘llangan. Quyidagi misolda belgi bildiruvchi so‘zning metonimiya asosida shaxs otiga ko‘chganligi kuzatiladi: ichki I “yaqin, ishonarli”: G‘ulda ulug‘ beklardin kishi yo‘q edi, tamom ichki beklar edi [BN,207]; ichki II “podshoh saroyiga xos amaldor” [BNL,73]: Ichkilardin uch-to‘rti mash’al bila har axshom navbat bilan evrulur edilar

[BN,207].

Ko‘hpoya I so‘zi geografik hudud, “предгоре; подножие, подошва горы” ma’nolarini bildirgan [TРС,201]: Yana bir Isfaradur, ko‘hpoyada voqi’ bo‘lubtur [BN,61]. So‘zning shu ma’nosidan metonimiya asosida shakldosh so‘z hosil bo‘lgan: ko‘hpoya II “ma’muriy - hududiy birlik”: Isfara viloyati to‘rt bo‘luk ko‘hpoyadur [BN,61]. Asarda shaxs oti, mansab-martabani bildiruvchi ko‘hpoya III so‘zi ham qo‘llangan:...ikki ko‘hpoyadur, Sayid Yusuf majam aning ulug‘i edi... [BN,130].

Boshliq I “bosh kiyimi” [BAL,23]; boshliq II “guruh yetakchisi” omonimlari qo‘llangan. Bu so‘zlar bosh so‘zining o‘z va ko‘chma ma’nolaridan yuzaga kelgan. Boshliq “bosh kiyimi” leksemaning o‘z ma’nosidan shakllangan bo‘lsa, “guruh yetakchisi” ma’nosini anglatuvchi boshliq II vazifadoshlik asosidagi semantik ko‘chishdan hosil bo‘lgan. Bir so‘zning turli ma’nolari sifatida kelgan tort= so‘zi keyingi davrlarda omonimga aylangan: tort= I “chizmoq“: ...agar naqqoshlar takalluf bila tortsalar, oncha torta olmag‘ay erdilar [BN,314]; tort=II “bormoq”, “qo‘shilmoq”: ...yigit yalangi va yayoq yalingi bila Qunduzg‘a Xisravshohg‘a tortti [BN,100].

Bu so‘zlar hozirgi o‘zbek tilidaishlatilmaydi, ammo ayrim shevalarda saqlanib qolgan; tort= III “sovg‘a qilmoq, bermoq”: Bir egarlik ot ham tortti (302). Hozirgi o‘zbek tilida “sovg‘a” ma’nosida tortiq, “sovg‘a qilmoq” ma’nosida tortiq qilmoq lug‘aviy birliklari ishlatiladi; tort- IV “to‘xtatmoq“: Otini tortti [169]. Bu ma’nodagi tort- hozirda ishlatiladi.


Ish I “shaxsning muayyan faoliyati”ni ifodalaydi: Ish ham qila olmadi [BN 87]; ish II “kuy” ma’nosidagi so‘z: Bir navbat Badiiuzzamon mirzoning suhbatida bir ishni naydin xo‘b chiqarur, Qul Muhammad g‘ijjakta ul ishni chiqara olmas [BN 245]. “Mashg‘ulot” ma’nosidagi ish va “kuy” ma’nosidagi ish polisemantik so‘zlar o‘rtasidagi semantic bog‘liqlikning yo‘qolishi natijasida shakllangan omonimlar hisoblanadi [Xolmanova,2021].

Semantik ko‘chish asosida omonimiyaning yuzaga kelishi turkiy tillarga mansub leksemalar doirasida kuzatiladi. Ba’zan o‘zlashma leksemalar doirasida ham uchraydi: vofir I “ko‘p, mo‘l”: Oshlig‘i vofir, mevasi farovon (60); vofir II “aruz vaznlaridan biri” [BAL,28]. Bu holatni turkiy tillarga xos aloqadorlik asosidagi semantik ko‘chishning o‘zlashma so‘zlar ma’nosida ham namoyon bolishi sifatida baholash mumkin. “Boburnoma”dagi omonimlar tahlili asar matnining mazmun-mohiyatini anglashda, omonimiya hodisasining yuzaga kelish yo‘llarini aniqlashda, turkiy tillarning semantic imkoniyatlarini va tafakkurni rivojlantirish xususiyatlarini yoritishda ahamiyatlidir.


Abdurahmonova Muqaddas Tursunaliyevna

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat ozbek tili va adabiyoti universiteti doktoranti, filologiya fanlari nomzodi

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0