XVI – XVIII asrlarda Shimoliy Hindistonning poytaxt shaharlari bo‘lgan Agra, Dehli va Lohurda rivoj topgan Boburiylar davri miniatyura maktabi o‘ziga xosligi va yuksak badiiy xususiyatlari bilan Sharq miniatyurasi tarixida muhim o‘rin tutadi. Bu miniatyura maktabining shakllanishi va taraqqiyotida qadimgi mahalliy tasviriy sanʼatining boy anʼanalari bilan bir qatorda qo‘shni va chet mamlakatlar, shuningdek, Hindistonning faol va keng madaniy munosabatlari natijasida Movarounnahr (Samarqand, Buxoro), Xuroson (Hirot), Janubiy Ozarbayjon (Tabriz), Eron (Sheroz) va G‘arbiy Yevropa rangtasvir maktablari sezilarli ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Jumladan, qo‘shni mamlakatlardan kyelgan olim, shoir, mohir rassom, xattot va boshqa madaniyat vakillari buyurtga kelib, yashaganlar va umumiy madaniyat taraqqiyotiga o‘ziga xos hissa qo‘shganlar. Mana shunday shaxslardan yirik tarixchi G‘iyosiddin Xondamir, tabib Yusuf Yusufiy, shoir Qosim Ko‘hiy Samarqandiy, rassomlardan Mir Said Ali, Abdusamad Sheroziy, Farruxbek, xattot Mir ali Heraviyning o‘g‘li Muhammad Boqir kabi aql-zakovat egalarini sanab o‘tish mumkin.
Boburiylar miniatyura sanʼati XVI asrning ikkinchi yarmida shakllangan bo‘lsa-da, mamlakat tasviriy sanʼati, xususan, rangtasvir juda ko‘p asrlik boy anʼanalarga ega edi. Hindiston hududida joylashgan buddaviylarning qadimgi Ajanta (er. avv. II asr – eramizning VII asrlari), tog‘ ichidagi Bagxa (VI–VII asrlar) ibodatxonasi devoriy suratlari bizgacha yetib kelgan. Bu qadimgi devoriy suratlarning aksariyati buddizm adabiyoti yodgorligi «Jatak»larga, yaʼni buddizm asoschisi shahzoda Goutamaning afsonaviy hayotidan olingan lavhalar va naqllar asosida yaratilgan. Bu yuksak sanʼat namunalar dunyoga mashhur Pompeya freskalari bilan raqobatlasha oladi.
XI – XV asrlar davomida yaratilgan palma barglariga bitilgan qator diniy kitoblarni ham suratlar bilan ziynatlash odat bo‘lgan. Qadimgi Hindiston adabiyoti yodgorliklarida ham rassomlar, ularning ishlari to‘g‘risida ayrim maʼlumotlar mavjud. Hatto, Boburiylar saltanati bunyod etilgunga qadar, Dehli, Gujorat va Bengaliyada yaratilgan turli suratli qo‘lyozmalarning bir nechtasi yaratilgan maʼlum. Ammo miniatyuralar, asosan, kichik madaniy markazlarda yaratilgan bo‘lib, o‘zining soddaligi, kompozitsiyasining shartliligi, muayyan ranglardan foydalanilganligi va chiziqlarning tabiiyligi xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Boburiylar tomonidan XVI asrning ikkinchi yarmida saroy qoshida maxsus rassomlik ustaxonasining ochilishi, chetdan kelgan rassomlar bilan bir qatorda mahalliy markazlarda yashab, ijod etgan sanʼatkorlarning qobiliyatini keng namoyish etishga sharoit yaratdi.
Boburiylar miniatyura rassomligi XVI asrning ikkinchi yarmida Jaloliddin Muhammad Akbar (1556–1605) davrida sanʼat voqeligi sifatida maʼlum bo‘lib, gullab-yashnagan edi. Ammo, asosiy miniatyura maktablariga Zahiriddin Muhammad Bobur va Humoyun Podshoh asos solishgan.
XVI asrdagi yangi sulola asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur (1525–1530) shoir, xattot, olim bo‘lishi bilan bir qatorda, rassomlikka juda qiziqqan. Uning shoh asari «Boburnoma» (asli nomi «Vaqoyiʼ»)dan maʼlumki, u tabiat manzaralarini, odamlarning qiyofalarini mahorat bilan shunday tasvirlaydiki, ular kitobxon ko‘z oldida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Mana shu xususiyat uchun bo‘lsa kerak, Akbar Podshoh saroyi rassomlari bu kitobning forscha tarjimasi qo‘lyozma nusxalarini bir necha marta nafis miniatyuralar bilan ziynatlaganlar (Sulaymonov , 96).
Bundan tashqari, «Boburnoma» kitobida hirotlik va samarqandlik rassomlar, ustod Kamoliddin Behzod, Shoh Muzaffar, Boysunqur (Sulton Mahmud mirzo o‘g‘li), Haydar Mirzolarning nomlari tilga olingan (Boburnoma, 1960;, 26, 68, 244 b)
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining Movarounnahrdagi sarguzashtlarga boy va tahlikali hayoti davomida ancha yosh bo‘lishiga qaramasdan, ota-bobolari Temuriylar kutubxonalaridan qolgan har bir nodir qo‘lyozmani, hatto uning varoqlarini yig‘ib, jamlab, hammasini keyinchalik o‘z bilan birga Hindistonga olib ketgan.
Bobur Podshohning vatanidan olib kelingan qo‘lyozmalar mahalliy miniatyura maktabi uslubining shakllanishida juda muhim ahamiyat kasb etganini alohida taʼkidlash lozim. Chunki, rassomlar o‘z mahoratini oshirish maqsadida saroy kutubxonasida saqlanayotgan ushbu nodir qo‘lyozmalardagi noyob miniatyuralardan nusxa ko‘chirishgan, ular bilan ijodiy raqobatga kirishgan. O‘rni kelsa, o‘z ustozlaridan o‘tishga harakat qilganlar va ulardan mohirlari bunga maʼlum darajada erishganlar.
Bobur Podshohning o‘g‘li Nasiriddin Muhammad Humoyun (1530–1542, 1555–1556) Boburiylar tasviriy sanʼati tarixida saroy qoshidagi rassomlik korxonasiga asos solgan maʼrifatli hukmdor sifatida nom qoldirgan. Tarixchi Abulfazl Allomiyning guvohlik berishicha, u mo‘jaz tasvirlar ilova qilingan qo‘lyozmalarni shu qadar qadrlaganki, hatto, harbiy yurishlar vaqtida ham ularni o‘zi bilan birga olib yurgan. Lekin, ayrim tadqiqotchilar Humoyun Podshohning hokimiyatdan chetlatilgan paytida shoh Tahmosib huzurida maʼlum vaqt (olti oy, 1543–1544 yillari) bo‘lganligini nazarda tutib, uning rassomlik sanʼatiga bo‘lgan qiziqishiga Safaviylar sababchi bo‘lgan, deb noto‘g‘ri fikr yuritadilar. Humoyun Podshohning shoh Tahmosib mehmoni bo‘lgunga qadar ham rassomlikka qiziqqanini tarixiy manbalar tasdiqlaydi. Chunonchi, Gulbadan begimning «Humoyunnoma» asarida uning kitobot sanʼatiga qiziqishi qayd etilgan.
Humoyun Podshoh Shoh Tahmosib mamlakatida bo‘lgan vaqtda asli ter¬mizlik rassom Mir Mansur Musavvir bilan tanishadi. Uning ishlarini ko‘rib Humoyun juda zavqlanadi va, - «Agar menga shu rassom berilsa, uning uchun Hindistondan ming tuman pul jo‘natishga roziman», – deydi. Shu voqeadan so‘ng, Humoyun Podshoh Mir Mansur Musavvir, uning o‘g‘li Mir Said Ali, Abdusamad Sheroziy bilan, agar u Kobul taxtini egallasa o‘z xizmatiga olishini ahd qilgan bo‘lsa kerak. Humoyun Podshoh Kobul taxtini egallaganidan so‘ng, saroy qoshida rassomlik korxonasini tashkil qilib, unga yuqoridagi sanʼatkorlardan tashqari yana Mavlono Do‘st Muhammad, Mavlono Darvish Muhammad, Mavlono Yusuf kabi ustod Kamoliddin Behzodning shogirdlari va safdoshlarini ham o‘z xizmatiga olganligini tarixchi Boyazid Bayot yozib qoldirgan. Nomaʼlum muallif tomonidan bitilgan, hozirgi kunda Hindistonning Patna shahridagi Xudo Baxsh nomli Sharq qo‘lyozmalari kutubxonasida saqlanayotgan fors tilidagi «Tarixi xonadoni Timuriya» nodir asar qo‘lyozmasida qayd etilishicha, Humoyun va uning o‘g‘li Akbar rassom Abdusamad Sheroziydan rassomlikni o‘rganganlar.
Xattotlar va rassomlar haqidagi qimmatli manba risola «Guliston-i hunar» asarining muallifi Qozi Ahmad Qumiyning yozishicha, ustod Kamoliddin Behzodning mahoratda tengsiz shogirdlaridan bo‘lmish Do‘st Devona ham Hindistonga kelib, shuhrat orttirgan ekan (Kazi-Axmed. Traktat o kalligrafax i xudojnikax). Uning mashhur musavvir Mahmud Muzahhib bilan birgalik ishlab, miniatyuralar bilan ziynatlashgan mo‘tabar qo‘lyozmalar hozirgi kunda Hindistonning Haydarobod shahridagi Salor Jang muzeyida saqlanmoqda. Bu nodir rasmlarning yuksak badiiy saviyasi haqiqatan ham ularning muallifi Do‘st Devonaning yorqin talant egasi ekanligidan dalolat beradi.
Boburiylar saroyi qoshidagi maxsus rassomlik ustaxonasiga Humoyun Podshoh asos solgan bo‘lsa-da, yuqorida zikr etilganidek, Boburiylar miniatyura maktabining taraqqiy etishi hamda yangicha uslubning shakllanishida Bobur Podshohning nabirasi Jaloluddin Muhammad Akbarning saʼy-harakatlari beqiyosdir. U yoshligidanoq xattotlik va rassomlikka katta qiziqish va muhabbat bilan qaragan, keyinchalik esa saroy ustaxonasiga rassomlarni jalb etishga shaxsan ishtirok etgan. Haftaning maʼlum kunida musavvirlar ishlarini o‘zi nazoratdan o‘tkazib, muvaffaqiyatga erishgan sanʼatkorlarga inʼomlar tuhfa etgan yoki ularning oylik maoshini ko‘paytirishga amr bergan. Akbar bilim doirasini kengaytirishda va kishiga zavq-shavq berishda rassomlik va xattotlikning vazifasi muhimligini anglab yetgan, musavvirlarni mutaassib ruhoniylardan himoya qilgan.
«Nafois ul-muasir» tazkirasining muallifi Mir Alauddovla Qazviniyning yozishicha, XVI asrning yetmishinchi yillariga kelib, saroy qoshidagi rassomlik korxonasida turli madaniyat markazlaridan jalb qilingan, musavvirlikda ustod Kamoliddin Behzoddek mohir, isteʼdodda afsonaviy Moniy bilan bellashadigan sanʼatkorlar «Nodirul mulki Humoyun» unvoniga sazovor bo‘lgan Mir Said Ali rahbarligida «Qissai Amir Hamza» dostoniga yirik hajmdagi (52x68sm) matoga miniatyura asarlari ishlash bilan mashg‘ul bo‘lganlar. 1570 yilgacha, yaʼni Mir Said Alining haj safariga ketguniga qadar, uning bevosita rahbarligida «Qissai Amir Hamza»ning har birida 100 ta miniatyura mavjud bo‘lgan, 4 ta jildi tayyor holatga keltirilgan edi. Bu rasmlarning yuksak badiiy xususiyatini tan olib tazkiranavis: «Bunday ajoyib suratlarni tabiatu osmon yaratilib, u yulduzlarga to‘lgandan buyon hech qachon hech kim ko‘rgan emas», - deb o‘z hayratini izhor etadi.
«Qissa-i Amir Hamza» rivoyatlariga miniatyuralar ishlash, keyinchalik, «Shirin qalam» unvoniga sazovor bo‘lgan Abdusamad Sheroziy rahbarligida davom ettirilgan. Mutaxassislarning yozishicha, miniatyuralarning umumiy soni 2800 taga yetkazilgan ekan. Ammo haqiqatdan, kamida yigirma yil davomida ko‘plab Boburiy rassomlar hamkorligida yaratilgan bu noyob sanʼat namunalaridan bor-yo‘g‘i yuzdan ortig‘i bizgacha yetib kelgan, xalos. Ularning ko‘pchiligi Avstriya Poytaxti Vena shahri muzeyida. Qolganlari esa dunyoning turli fondlariga tarqab ketgan. «Qissai Amir Hamza» miniatyuralari Boburiylar miniatyura sanʼati tarixida alohida yangi badiiy uslub yaratishga intilish bo‘lgan davrni tashkil qiladi.
Akbar Podshohning vaziri va tarixchisi Abulfazl Allomiy «Oyini Akbari» asarida rassomlik to‘g‘risida to‘xtalib, to‘rtta ustod musavvirlar Mir Said Ali, Abdusamad Sheroziy, Dasvanth va Basovanning nomlarini katta ehtirom bilan qayd etadi. «Bu sanʼat sohasida, – deb davom etadi tarixchi, – yana Kesu, Laʼl, Mukund, Miskina, Farrux Qalmoq, Madhu, Jagon, Mahesh, Khemkaran, Haribans, Sonvala, Tara va Ram ham katta muvaffaqiyatga erishib mashhur bo‘lgan edilar» (Madraimov A.A. Abulfazl Allami o kalligrafax i miniatyuristax).
Boburiylar miniatyura sanʼatining taraqqiyotiga chetdan kelib, Hindistonda yashab, ijod etgan sanʼatkorlarning xizmatini haqli ravishda tan olgan Abulfazl Allomiy mahalliy musavvirlar isteʼdodini aslo inkor etmaydi. Yuqorida nomlari alohida qayd etilgan o‘n yetti rassomning faqatgina uchtasi chetdan kelgan, xolos. Ularning ichidan o‘n uchtasi esa mahalliy rassomlardir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Abulfazl Boburiy musavvirlari mahoratini yuqori baholab: «Ularga bu sohada teng keladiganlar dunyoda juda kam topiladi. Boburiy rassomlarining ishlari inson mushohadasini lol qoldiradigan darajada ajoyibdur», – deb yuqori baholaydi.
Shuni alohida qayd etish zarurki, bu davrda Hindiston rassomlari faqatgina Boburiylar saroy rassomlik korxonasidagina yig‘ilgan bo‘lmay, ayrim olijanob kishilar huzurida ham yashab, ijod etganlar. Tarixchilar atoqli sarkarda, shoir, tarjimon va homiy Abdurahimxon Xoni xonon, shoir Bayramxon o‘g‘li («Boburnoma»ni forschaga tarjima qilgan)ning shaxsiy kutubxonasida ham bir guruh rassomlar va xattotlar ijod etganini yozib qoldirganlar.
Umuman, XVI asrning ikkinchi yarmi Boburiylar miniatyura sanʼati tarixiga, asosan, mo‘tabar qo‘lyozmalarga miniatyuralar ishlash davri bo‘lib kirdi. Akbar Podshoh hukmdorligi davrining oxirida uning kutubxonasini ko‘zdan kechirgan yevropalik sayyoh, u yerda 24 000 jild qo‘lyozma kitob jamlanganligini yozib qoldirgan. Albatta, bu kitoblarning ko‘pchiligi saroy rassomlari tomonidan ziynatlangan edi. Hozir bu noyob sanʼat durdonalari dunyoning turli qo‘lyozma fondlariga tarqalib ketgan.
Akbar Podshoh davridan keyin ham qo‘lyozmalarni miniatyuralar bilan ziynatlash davom etgan bo‘lsa-da, keyincha bu davrdagidek ko‘p va yuqori saviyada ziynatlangan mo‘tabar qo‘lyozmalar yaratilgani maʼlum emas.
Akbar Podshohning o‘g‘li Nuriddin Muhammad Jahongir (1605–1627) podshoh davrida alohida qog‘oz-lavhalarga mustaqil mavzuga bag‘ishlangan miniatyuralar ishlash keng odat tusiga kirdi. Jahongir Podshohning yozishicha, u shu darajada rassomlikni yaxshi tushungan-ki, hamkorlikda ishlangan miniatyuralarda qaysi rassom, nimani ishlaganligini adashmay aytib bera olgan. Darhaqiqat, u rassomlikka juda qiziqib, shahzodalik paytidayoq Hirotdan kelib, ijod qilayotgan Oqo Rizo va uning o‘g‘li Abulhasanni o‘z xomiyligiga olganligi maʼlum. Jahongir Podshoh miniatyura ishlangan asarlarni to‘plashga shunchalik qiziqqan-ki, maxsus odamlarni Movarounnahr, Xuroson va Erondan jo‘natib, qimmat narxda bo‘lsa ham, sotib olishni tayinlagan. U saroyda maxsus nigorxona tashkil qilib, eng mo‘tabar mehmonlarga rassomlar asarlari bilan shaxsan o‘zi tanishtirgan. Shuningdek, Jahongir Podshoh G‘arbiy Yevropadan keltirilgan rangtasvir ishlarini juda qadrlab, saroy rassomlarga ulardan nusxa ko‘chirishni buyurganini Angliyaning Boburiylar saroyiga yuborgan elchisi Tomas Roy yozib qoldirgan.
Rassomlar orasida ustod Mansur hayvonot va nabotot tasvirida benazir bo‘lib, «Nodir ul-asr» faxriy nisbasiga sazovor bo‘lgan. Bu davrda ijod etgan rassomlardan Manohar, Vishnudas ham yuksak kamolotga erishishgan. Vishnudasning portretdagi mahoratini yuqori baholagan Jahongir Podshoh uni elchilar bilan Eronga Shoh Abbosning portretini ishlab kelishga jo‘natgan. Ingliz portretchisi Joshua Reynolds Britaniya muzeyidagi portretlar jamlangan muraqqaʼni ko‘rib, Boburiylar rassomlarining portret sohasidagi muvaffaqiyatidan hayratlangan edi. Jahongir Podshoh davridagi rasmlar alohida muraqqaʼlarga jamlangan bo‘lib, ular hozirgi kunda Angliya, Eron, Hindiston, Sankt-Peterburg, Moskvadagi maxsus fond va muzeylarda saqlanmoqda.
Jahongir Podshohning o‘g‘li Shahobiddin Muhammad Shohijahon (1628–1658) Podshoh sanʼat sohasidagi asosiy eʼtiborini meʼmorchilik taraqqiyotiga qaratsa-da, bo‘sh vaqtlarini saroy kutubxonasidagi mo‘tabar qo‘lyozmalarni mutolaa qilish bilan o‘tkazgan. Boburiylar kutubxonasi faxri hisoblangan hozirgi kunda dunyoning turli mamlakatlari fondlariga tarqalib ketgan mo‘tabar qo‘lyozmalarda Shohijahon Podshohning dastxati va muhri saqlanib qolgan.
Shohijahon Podshoh hukmronlik davrida ham alohida miniatyuralar ishlash davom etdi. Bu davrga kelib, podshoh va uning ayonlarini boylik va dabdababozlikka mukkasidan ketganliklari miniatyura sanʼati asarlarida ham o‘zining badiiy ifodasini topgan. Govardhan, Bichitr, Chitarman singari mahalliy rassomlar, shuningdek, Muhammad Nodir va Muhammad Murod ismli samarqandlik rassomlar yuksak saviyadagi miniatyura asarlari yaratganlar. Rassomlar asarlarida Sharq miniatyurasi anʼanalari Fapbiy Yevropa rangtasviri uslublari bilan uyg‘unlashib, fazoviylik, nur va soya o‘yinlari ko‘p uchraydi.
Muhiyiddin Avrangzeb Olamgir (1658–1707) Podshoh davrida saroy rassomlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan deyiladi. Ammo o‘sha davrdan yetib kelgan rasmlar, ayniqsa podshohning portretlari va boshqa rasmlar juda yuksak mahorat bilan yaratilganini ko‘rish mumkin. Bu davrda mamlakatda bo‘lgan fransuz sayyohi va vrachi Fransua Bernyening yozishicha, saroy rassomlarining mahorati juda yuksak bo‘lib, moddiy ahvoli ham yaxshi bo‘lgan. Ammo, oddiy rassomlarning ahvoli juda ayanchli bo‘lgan ekan. Zodagonlar rassomlarni yollab, ish bitgandan so‘ng istagancha haq to‘lab, gohida haq to‘lamay quvib yuborganlar.
XVIII asr davomida yuz bergan Boburiylar saltanatidagi tushkunlik miniatyura sanʼati ham tanazzulga yuz tutishiga sabablaridan biri bo‘ldi. Bu davrdagi miniatyura asarlarda avvalgi musavvirlarga taqlid kuchayadi. Hukmdorlar homiyligi susayganligi bois, rassomlar oddiy xalq hayotini ko‘proq aks ettirishdi. Boburiylar miniatyura sanʼati erkin rivojlanib, alohida mahalliy miniatyura maktablarining shakllanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi (Indiyskiye miniatyurы XVI-XVIII vv).
Ushbu fikr-mulohazalar eng avvalo “Sovet O‘zbekistoni sanʼati” jurnalida nashr etilgan va unga quyidagi muhim rasmlar ilova qilingan edi: 1. Kangra maktabi. Ayol rasmi. XVII asr. «Mahalliy hind miniatyura maktablari» nomli kitobdan (rangli muqova ichi); 2. Ayollar. Devoriy suratlardan namuna. Ajanta. G‘or № 1. V asr oxiri; 3. Rojadan muravvat tilayotgan raqqosa. Ajanta. G‘or № 2. VI asr; 4. Mabir Dev. Shahzoda Doro Shukuh fil ustida. Boburiylar maktabi. 1630 y.; 5. Pratap Sen. Bahor. Hozirgi zamon hind sanʼati; 6. Mahalliy hind miniatyura maktablaridan namunalar. Mevar maktabi. Gunakari Ragini. Hind musiqasi uslublariga bag‘ishlangan rasmlar turkumidan. XVII asr oxiri. Pragada shaxsiy majmuada saqlanadi (rangli muqova ichida); 7. Kashmir maktabi. Virahini Naika. Hind musiqasi uslublariga bag‘ishlangan rasmlar turkumidan. Gulra shahrida yaratilgan. 1790 y. Shimladagi Panjob davlat muzeyida saqlanadi (rangli muqova ichida).
Abdumajid Madraimov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
tarix fanlari doktori, professor
Fikr qoldirish#