Zahiriddin Muhammad Boburning Kobul viloyati va ayniqsa Xuroson davlati poytaxti Hirot shahrida bo‘lishi mumtoz adabiyot buyuk vakili Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Sulton Husayn Mirzo merosi hamda tirik bo‘lgan ijodkor, sanʼatkor va olimlar bilan yaqindan tanishishi, keyincha ular bilan hamkorlik qilishga yo‘l ochti. Buyuk shoir va adabiyotshunos bo‘lib yetishida muhim rol o‘ynadi.
Hijriy 909, melodiy 1503-1504 yili muharram oyida Xuroson tomon yo‘lga chiqib, Bobur Mirzo yigirma uch yoshida ikki yuzdan ko‘proq, uch yuzdan kamroq ulug‘-kichik, ikki chodir bilan yurganda, Qabodiyonga yetganda, Xusravshohning ukasi Boqiy Chag‘oniyoniy o‘z elchisi Xatib Qarshiyni yuborib, davlatxohlik izhori qilib, unga kelib qo‘shilmoqchi bo‘lgan. Amudaryoning Uyoch degan joyida kelib mulozamat qildi. Bu muhim voqea siyosiy voqea rasmlardan bir nechtasida tasvirlanib, Bobur Mirzo ishining yaxshilanishiga asos bo‘ldi.
Lekin tajribalik bu bek, Bobur Mirzo va uning ukalari Jahongir Mirzo, Nosir Mirzo orasida janjal chiqishidan xavotirdaman deb, ular orasida nizo chiqarishga ham uringan edi (Boburnoma, 103 ).
Kobulga kelish yo‘lida, Xoja Zayd degan joydan o‘tib, Hubyon ko‘taliga “chiqqach-o‘q janub tarafi past yorug‘ yulduz ko‘rundi, dedimkim, Suhayl bo‘lmag‘ay. Dedilarkim, Suhayldur. Boqiy Chag‘aniyoniy bu baytni o‘qudikim:
Tu Suhayli to kujo tobiyu kujo toliʼ shavi,
Chashmi tu bar har ki meaftad nishoni davlat ast.
(Mazmuni: Sen Suhayl yulduzsen, qayerga toblanib, qayerdan chiqsang va ko‘zing kimga tushsa, davlat nishonasi bo‘lur)” (Boburnoma, 105 ).
Shu voqeadan so‘ng Mirzo Boburning ishlari yurishib ketdi, lekin oldinda yana uni qiyin sinovlar kutib turar edi. Tez orada u Kobul viloyatini egallab, bu yerdagi shahar, qalʼa va joylarni taʼriflar ekan, o‘rni kelganda quyidagicha sheʼriy lavhalar ham keltirgan: “Kobul muxtasar viloyatdur, tuloniy voqiʼ bo‘lubtur. Atrof va javonibi tamom tog‘dur. Qalʼasi tog‘qa payvastdur. ... Bu tog‘ning girdo girdi tamom bog‘otdur. ..Poyoni Gulkina otliq mahalladur, xilvat go‘shonadur... Gohi mutoyaba yo‘sunluq Xoja Hofizning bu baytini tag‘yir bila o‘qulur erdikim:
Ey xush on vaqt ki be povu sar ayyome chand,
Sokini Gulkina budem ba badnomiye chand.
(Mazmuni: Qanday yaxshi vaqtlarediki, necha kunlarbosh-oyoqsiz bir qancha yomon otliqlar bilan barcha Gulkinada turar edik” (Boburnoma, 107 ) .
Yana Kobul arkini Bobur Mirzo taʼriflar ekan, “Mullo Muhammad Tolib muammoyi Kobul arkining taʼrifida bir baytni Badiuzzamon Mirzo otig‘a bog‘lab o‘qur edi. Bayt budurkim:
Bixo‘r dar arki Kobul may, bigardon kosa paydarpay,
Ki ham ko‘h astu ham daryovu ham shahr astu ham sahro”
(Kobul arkida may ich, kosani ketma-ket aylantirki, bu yerda ham tog‘, ham daryo, ham shahar va ham sahrodir) , –deb eslatadi.
Taʼkidlash zarurki, Bobur Mirzo ijodining Kobul davri 1504-1525 yillar eng samarali bo‘lgan edi. Hijriy 909, melodiy 1503-1504 yillari Boburiy xati ixtiro qilingan.
Shu yili yid namozi Navro‘zga yaqin bo‘lib, farq bir-ikki kun bo‘lgan. Shu munosabat yozgan g‘azalning ikki matlaʼ va maqtaʼ baytlarini keltirgan:
“Yangi oy yor yuzi birla ko‘rub el shod bayramlar,
Manga yuzu qoshingdin ayru bayram oyida g‘amlar...
Yuzi navro‘zi vasli iydini Bobur g‘animat tut,
Kim mundin yaxshi bo‘lmas bo‘lsa yuz navro‘zu bayramlar”
(Boburnoma, 120 ).
Kobulga kelish arafasida Bobur Mirzoga qo‘shilgan yirik bek Boqiy Chag‘aniyoniy maʼlum muddat o‘tib, haddidan oshib ketadi. Xafa bo‘lgan Bobur Mirzo unga hech yomonlik qilmay, bor davlati bilan ketishiga ruxsat beradi. “Vale o‘z yomonlig‘i oliga kelib, o‘z amaliga giriftor bo‘ldi.
Bayt:
Tu badkunandayi xudro ba ro‘zgor sipor,
Ki ro‘zgor turo chokarest kiynaguzor.
(Mazmuni: Sen o‘zinggga yomonlik qiluvchini turmush hukmiga havola qil,Turmush senga o‘ch olib beruvchi xizmatkordir” (Boburnoma, 125 ). –degan ibratli sheʼrni keltirgan.
Hijriy 911, melodiy 1505-1506yili Xuroson podshoh Sulton Husayn Mirzo vafot etadi. Shu munosabat bilan Bobur Mirzo bu buyuk podshoh va uning davridagi madaniy yuksalish, davlat amaldorlari, shoirlari, sanʼatkorlarini sanab o‘tadi, ularning yaxshi xususiyatlarini qayd etadi, o‘rni kelsa kamchilik va nuqsonlarini ham zikr etadi.
Bobur Mirzo Xuroson podshohi Sulton Husayn Mirzo to‘g‘risida quyidagilarni yozadi: “Temurbek naslidin hech kim maʼlum emaskim, Sulton Husayn Mirzocha qilich chopmish bo‘lg‘oy. Tabʼi nazmi bor edi. “Devon” ham tartib qilib edi. Turkiy aytur edi. Taxallusi “Husayniy” edi. Baʼzi baytlari yomon emastur, vale Mirzoning “Devon”i tamom bir vazndadur” (Boburnoma, 128).
Sulton Husayn Mirzoning “valodat va nasabi” –tug‘ilishi va kelib chiqishi to‘g‘risida maʼlumotlarni keltirar ekan, “Uning Amir Temur avlodidan ota tomonidan ham ikkinchi o‘g‘li Umarshayx Mirzo(1356-1394) va onasi Firuzabegim Mironshoh Mirzoning (1366-1408) ham nabirasi bo‘lur edi. Sulton Husayn Mirzo karimat-tarafayn edi, asl podshoh edi”,-deb taʼriflaydi. Qarindoshlaridan opasi Badakabegim bo‘lib, uni “Mironshoh Mirzoning nabirasi Sulton Ahmad Mirzo olib edi. Bir o‘g‘li bor edi, Kichik Mirzo otlig‘. Burunlari tag‘oyiga xizmat qilur edi, so‘ngra sipohiylikni tark qilib, mutaolag‘a mashg‘ul bo‘ldi. Derlarkim, donishmand bo‘lub ekandur. Tabʼi nazmi bor ekandur. Bu ruboiy aningdur:
Umre basaloh mesutudam xudro,
Dar shevayi zuhd menamudam xudro.
Chun ishq omad kadom zuhdu, chi saloh,
Al-minnatu lilloh ozmudam xudro” ((Boburnoma, 128 ).
Ushbu ruboiyni keltirar ekan, uning Mullo (Abdurahmon Jomiy)ning ruboiysi bilan tavorud - bir xil bo‘lib qolganini eslatib o‘tgan .
Sulton Husayn Mirzoning farzandlari xususida maʼlumotlarni keltirar ekan, birining nomi Shoh G‘arib Mirzo ekanligini eslatib, “Kalomi marg‘ub edi. “G‘aribiy” taxallus qilur edi, “Devon” ham tartib qilib edi, turkiy va forsiy aytur edi. Bu bayt aningdurkim:
Dar guzar didam pariro‘ye shudam devonaash,
Chist nomi o‘, kujo boshad nadonam xonaash” (Boburnoma, 129).
Sulton Husayn farzandlaridan yana biri Muhammad Husayn Mirzo to‘g‘risida maʼlumot keltirar ekan, uning “tabʼi nazmi bor ekandur. Bu bayt aningdurkim:
Oludai gardi zi payi sayd ki gashtai,
G‘arqi araqi dar dili garm ki guzashti
Sulton Husayn Mirzoning “Xavotin va sarori” to‘g‘risida maʼlumot keltirar ekan, birinchi bo‘lib, Beka Sultonbegimni eslatadi, uning Sanjar Mirzo Marviyning qizi ekanligi, shahzoda Badiuzzamon Mirzo onasi ekanligi yozib, so‘ngra “Ko‘p kajxulq edi. Sulton Husayn Mirzoni ko‘p og‘ritur edi. Kajxulqlig‘idin Mirzo batang keldi, oxir qo‘ydi va xalos bo‘ldi, ne qilsun, haq Mirzo jonibida edi.” Shu o‘rinda Bobur Mirzo quyidagi sheʼriy lavha bilan izohberadi:
“Zani bad dar saroyi mardi nako‘,
Ham dar in olam ast do‘zaxi o‘”
(Mazmuni: Yaxshi kishining uyidagi yomon xotun, shu dunyoning o‘zidagi uning do‘zaxidur”).
Oxirida Bobur Mirzo shunday xulosa qiladi: “Tengri hech musulmong‘a bu baloni solmag‘ay. Yomon xo‘yluq, kajxulq xotun, iloho, olamda qolmag‘ay”.
Bobur Mirzo Sulton Husayn Mirzoning umaro-amirlari to‘g‘risida maʼlumotlarni bayon etar ekan, Alisher Navoiyga alohida to‘xtaladi: “Yana Alisherbek Navoiy edi, begi emas edi, balki musohibi edi, kichikligida hammaktab ekandur. Xususiyat bisyor ekandur... Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to sheʼr aytibturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas. Olti masnaviy kitob nazm qilibtur, beshi “Xamsa” javobida, yana bir “Mantiq ut-tayr” vaznida”Lison ut-tayr” otliq. To‘rt g‘azaliyot “Devon”i tartib qilibtur: “G‘aroyib us-sig‘ar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoyiʼ ul-vasat”, “Favoyid ul-kibar” otliq.Yaxshi ruboiyoti ham bor. Yana baʼzi musannifoti bor..., ul jumladin insholarini Mavlono Abdurahmon Jomiyg‘a taqlid qilib jamʼ qilibtur. Hosili kalom, har kimga har ish uchun har xatkim bitibtur, yig‘ishtiribtur. Yana “Mezon ul-avzon” otliq aruz bitibtur, ...Forsiy “Devon” ham tartib qilibtur. Forsiy nazmda “Foniy” taxallus qilibtur, baʼzi abyoti yomon emastur. ..Yana musiqada yaxshi nimalar bog‘labtur. Yaxshi naqshlari va yaxshi peshravlari bordur. Ahli fazl va hunarg‘a Alisherbekcha, murabbiy va muqavviy maʼlum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay...Muncha binoyi xayrkim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvaffaq bo‘lmish bo‘lg‘ay.
Buyuk shoir vafoti tafsilotini bayon etar ekan, uning “Bir baytihasbi hol voqiʼ bo‘lubtur:
Bu dard ilaki o‘larmen, maraz chu zohir emas,
Tabiblar bu balog‘a ne chora qilg‘oylar”, -deb yozgan edi.
Ushbu kitobda Bobur Mirzoning Alisher Navoiy to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari bilan ular o‘rtasidagi munosabat cheklanmaydi, balki sheʼriy asarlari buyuk shoir taʼsiridan tashqari “Turkiy aruz” –“Aruz risolasi”dagi keltirilgan sheʼrlar va asarlari nomlari, boshqa mulohazalari ular o‘rtasidagi juda katta yaqinlik va estetik qarashlari hamohangligi yaqqol seziladi.
Bobur Mirzo o‘z asari “Vaqoyiʼ”da Sulton Husayn Mirzoning o‘zi, bolaligidagi do‘sti Alisherbekdan tashqari mulozimlaridan boshqa ijodkorlar bo‘lganligi to‘g‘risidagi qimmatli maʼlumotlarni ham keltirgan: “Yana Shayximbek edi. “Suhayliy” taxallus qilur uchun Shayxim Suhayliy derlar edi. Bir tavr sheʼr aytur edi. Qo‘rqqudek alfoz va maoniy darj qilur edi. Aning abyotidan bir budur:
Shabi g‘am girdobi oham az jo burd gardunro,
Furo‘ burd ajdahoyi seli ashkam rubʼi maskunro.
(Mazmuni: G‘amli kechalarda ohimning quyuni osmonni o‘rnidan qo‘zg‘atti, ko‘z yoshim selining ajdahosi yer yuzini yutub yubordi.
Mashhurdurkim, bir qatla bu baytni Mavlono Abdurahmon Jomiy xizmatida o‘qubtur. Mavlono aytibturkim: “Mirzo, sheʼr aytasiz yo odam qo‘rqutasiz?” Devon tartib qilib edi. Masnaviyoti ham bor”.
“Yana Hasan Ali jaloyir edi, asli oti Husayn Alidur, ...Sulton Husayn Mirzo qoshida qushbegi, shoir edi. “Tufayliy” taxallus qilur edi, qasidani bisyor yaxshi aytur edi. O‘z zamonida qasidada saromad edi. Tarix to‘qquz yuz o‘n yettidakim, Samarqandni oldim, mening qoshimg‘a keldi. Besh-olti yil mening qoshimda bo‘ldi. Mening otimg‘a ham yaxshi qasidalar aytdi”.
Sulton Husayn Mirzo xizmatida davlat amaldorlari ichida isteʼdodli shaxslar ko‘p bo‘lib, ularning maʼlum bir qismi shoir ham edi. Shunday shaxslardan biri to‘g‘risida Bobur Mirzo yozadi: “Yana Xoja Abdulloh Marvoriy (Marvarid) bek bo‘lub edi. Purfazoyil kishi edi, qonunni oncha kishi chalmaydur, qonunda girift qilmoq muning ixtiroidur. Xututni xo‘b bitir, taʼliqni xo‘broq bitir edi, inshoni xo‘b qilur edi, xushsuhbat kishi edi, sheʼr aytur edi. “Bayoniy” taxallus qilur edi. Sheʼri o‘zga haysiyatg‘a boqa furudtar edi, vale sheʼrni xo‘b tanir edi” (Boburnoma,136).
“Yana Sayyid Hasano‘g‘loqchi edi,.. va Mirzo Farrux oltiq haysiyatliq va qobiliyatliq o‘g‘li bor edi. Tarix to‘qquz yuz o‘n yettida men Samarqandni olg‘onda mening qoshimga kelib edi. Sheʼrni agarchi kam aytib edi, vale tavre aytur edi. Usturlob va nujumni yaxshi bilur edi. Suhbati va ixtiloti ham yaxshi edi”.
Sadrlarni bayon etganda, “Biri Mir Sarbarahna edi...G‘olibo mutasayyiddur, bisyor xushsuhbat va xushtabʼ va shirinkalom kishi edi. Xuroson fuzalosi va shuarosi qoshida aning daxli va so‘zi muʼtabar va sanad edi. Amir Hamza qissasining muqobalasida umri zoyiʼ qilib, uzun-uzoq yolg‘on qissa bog‘labtur; bu amr muxolifi tabʼ va aqldur.
Yana Kamoliddin Husayn Guzurgohiy edi... Bir tasnifi bor: “Majolis ul-ushshoq” otliq, Sulton Husayn Mirzoning otig‘a bog‘lab bitibtur, bisyor sust va aksar yolg‘on va bemaza beadobona harflar bitibtur. Andoqkim, baʼzidin tavvahhumi kufrdur...Yana bu ajab go‘lona amridurkim, debochada Sulton Husayn Mirzo, o‘zumning tahrir va tasnifimdur, deb bitibdur”(Boburnoma,136).
Xuroson va xususan Temuriylar madaniyati Sulton Husayn Mirzo davrida shunchalik taraqqiy etgan ediki, turli sohalarda yirik namoyondalar yashab ijod qilgan. Ayniqsa, sheʼriyat, musiqa, xattotlik, rassomlik sohalarida. Bobur Mirzo bu davr shoirlarini “Shuarodin” –“shoirlardan” sarlavhasi ostida Mavlono .Abdurahmon Jomiydan boshlab, ikki bek Shayxim Suhayli va Husayn Ali jaloyirni shoirligini yozgan edi. Ulardan Abdurahmon Jomiyni “bu jamʼning saromad va sardaftari” deb atab, uning juda ko‘p sheʼrlari va yirik asarlari nomini “Turkiy aruz” –“Aruz risolasi”da keltirgan.
“Yana Osafiy edi, -deb davom etadi Bobur Mirzo, - vazirzoda bo‘lgani uchun “Osafiy” taxallus qilibtur (Osafiy Sulaymon payg‘ambarning adolatli vaziri bo‘lgan deyiladi). Sheʼri rang va maʼʼnidin xoli emastur. Agarchi ishq va holdin bebahradur. O‘zining daʼvosi bu edikim, men hargiz hech g‘azalimni yig‘ishturmoq vodiysida bo‘lmadim. G‘olibo takalluf bo‘lg‘ay. Bu g‘azaliyotini inisi yo qarobati jamʼ qilibtur. G‘azaldin o‘zga navʼ sheʼr kam aytibdur. Men Xuroson borg‘onda mulozamat qilib edi”.
Samarqandda uchrashgan Kamoliddin Binoiyni Bobur Mirzo Huroson poytaxtidagi shoirlardan biri sifatida eslatib yozadi: “Yana Binoiy edi, hiriliktur, otasi Ustod Muhammad Sabz banno uchun mundoq taxallus qilibtur. G‘azalida rang va hol bordur, “Devon” tartib qilibtur, masnaviylari ham bor. Bir masnaviysi bor, mevalar bobida, mutaqorib bahrida. Yana bir ulug‘roq masnaviysi bor, xafif bahrida. Yana bir ulug‘roq masnaviysi bor, ul ham xafif bahrida, bu masnaviyni so‘ngralar tugatib edi. Burunlar musiqiydin bexabar ekandur, bu jihatdin Alisherbek taʼn qilur ekandur. Bir yil Mirzo Marvg‘a qishlay borg‘onda, Alisherbek ham borur. Binoiy Hirida qolur. Ul qish musiqiy mashq qilur, yozgacha oncha bo‘lurkim, ishlar bog‘lar. Yoz MirzoHiriy kelganda savt va naqsh o‘tkarur. Alisherbek taajjub qilib tahsinqilur. Musiqiyda tavr ishlar bog‘labtur, ul jumladin bir naqshi bor, “Nuhrang”ga mavsum. Bu to‘qquz rangning tuganishi va naqshning yallosi “Rost”tadur”.
“Yana Sayfiy Buxoriy edi, filjumla mullolig‘i bor edi. O‘qug‘on kitoblarining mufassalini elga ko‘rsatib, mullolig‘ini isbot qilur edi. “Devon” tartib qilibtur, yana bir devoni ham borki, jamiʼ hirfagarlar uchun aytibtur, masalni ko‘p aytibtur. Masnaviysi yo‘qtur. Nechukkim, bu qitʼa angadoldur:
Masnaviy garchi sunnati sheʼrast,
Man g‘azal farzi ayn medonam.
Panj bayteki dilpazir buvad,
Behtar az xamsatayn medonam.
(Mazmuni: Masnaviy sheʼrning sunnati bo‘lsa ham, men g‘azalni farzi ayn deb bilaman. Dilga yoqqan besh baytni“Xamsatayn” – ikki “Xamsa”dan afzal bilaman.).
Bir forsiy aruzi bor. Bisyor kamsuhandur, bir hisob bilakim, keraklik nimalarni bitimaydur. Pursuhan bu maʼniy bilakim, ravshan va zohir kalimalarni nuqta va iʼrobig‘acha bitibtur” (Boburnoma, 138-139).
“Yana Abdulloyi masnaviygo‘y edi, Mullo (Abdurahmon Jomiy)ning xoharzodasi bo‘lur, taxallusi “Hotifiy” edi. “Xamsa” muqobalasida masnaviylar aytibtur, “Haft paykar” muqobalasida aytqon masnaviysig‘a “Haft manzar” ot qo‘yubtur. “Iskandarnoma” muqobalasida”Temurnoma” aytibtur. Bu masnaviylardin “Layli va Majnun” mashhurroqtur. Agarchi latofati shuhraticha yo‘qtur”.
“Yana Mir Husayn Muammoiy edi. G‘olibo muammoni oncha hech kim aytqon emas. Hamisha avqoti muammo fikrig‘a masruf ekandur”.
“Yana Mullo Muhammad Badaxshiy edi. Ishkamishtindur. Ishkamish Badaxshon doxili emastur. Ajabturkim, “Badaxshiy” taxallus qilibtur. Sheʼri bu mazkur bo‘lg‘on shoirlarning sheʼricha yo‘qtur. Muammoda risola bitibtur, muammosi ham xeyli yaxshi yaxshi emas, xushsuhbat kishi edi. Samarqandta manga mulozimatqilib edi”.
“Yana Yusuf Badiiy edi, Farg‘ona viloyatidindur, qasidani yomon aytmas ekandur.
Yana Ohiyedi, g‘azalni tavre aytur edi, so‘ngralar Ibn Husayn Mirzo qoshida bo‘lur edi, sohibdevondur.
Yana Muhammad Solih edi, choshniliq g‘azallari bor, agarchi hamvorlig‘i choshnisicha yo‘qtur, turkiy sheʼri ham bor, yomon aytmaydur...Shayboniyxon otig‘a bir turkiy masnaviy bitibtur...Bisyor sust va furudtur, ani o‘qig‘on kishi Muhammad Solihning sheʼridin beeʼtiqod bo‘lur. Bir yaxshi bayti budur:
Bo‘ldi Tanbalga vatan Farg‘ona,
Qildi Farg‘onani tanbalxona.
...Ul masnaviyda muncha bayt maʼlum emaskim, bo‘lg‘ay”.
“Yana Shoh Husayn Komiy edi, muning sheʼrlari yomon emas, g‘azalgo‘ydur, g‘olibo devoni ham bordur.
Yana Hiloliy edi. Bu tarixda ham bordur. G‘azallari hamvor va rangin va kam xadshadur. Devoni ham bor, “xafif” bahrida “Shoh va Darvesh”qa mavsum, agarchi baytlari tavre voqiʼ bo‘lubtur, vale bu masnaviyning mazmun va ustuxonbandlig‘i bisyor kovok va xarobtur. Shuaroyi muqaddam ishq va oshiqliq uchun masnaviylarkim aytibturlar, oshiqliqni erga va maʼshuqliqni xotunga nisbat qilibturlar. Hiloliy darveshni oshiq va shohni maʼshuq. Abyotekim, shohning afʼol va aqvolida debtur, hosilkim shohni jalbiy va fohisha qilibtur. O‘z masnaviysining maslahatig‘a bir yigit va yana shoh yigitini bisyor besuratturkim, jalblar va fog‘ishalardek taʼrif qilg‘ay.
Bisyor qaviy hofizasi bor emish, o‘ttuz-qirq ming bayt yodida bor emish. Derlarkim, “Xamsatayn”ning aksar abyoti yodida bor. Aruz va qofiya va sheʼr ilmig‘a xeyli mustahzardur,
Yana Ahliydur, omiydur. Sheʼrlari yomon emas, devoni ham bordur”.
Ushbu keltirilgan lavhalar Hirotdagi shoirlar to‘g‘risidagi muhim maʼlumotlar bo‘lib, ularda Bobur Mirzoning sheʼr va masnaviylarga qarashi ham o‘z aksini topgan. Bu ijodkorlar, umuman Hirot va yaqin atroflaridagi ijodkorlar to‘g‘risida to‘liq maʼlumot Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasidan topish mumkin.
Bobur Mirzo hirotlik yirik musavvir Shoh Muzaffar to‘g‘risida maʼlumot keltirar ekan, uning “tasvirni ko‘p nozuk qilur edi. Tashʼirni xud guzaro nozuk qilur edi. Xeyli umr topmadi. Yana bir tasnifi bor, ul tasnifi tasavvuftadur, yomon emas, g‘olibo agar so‘z aning emas” .
“Yana benazir eldin bir Pahlavon Muhammad Busaʼid edi. Kushtigirliqta xud saromad edi, sheʼr ham aytur edi”.
Hirotda Sulton Husayn Mirzo vafotidan so‘ng “mirzolar bila bo‘lg‘on beklar yig‘ilib, ittifoq qilib, Badiuzzamon Mirzo bila Muzaffar Mirzoni Hiriy taxtida bashirkat podshoh qildilar”. Bu holatni izohlab, “Shayx Saʼdiy so‘zining mazmunining xilofi voqiʼ bo‘ldi: Nechukkim, “Guliston”da kelturubtur: “Dah darvesh dar yak gilame bixusband va du podshoh dar iqlime nagunjand” (Mazmuni: O‘n darvesh bir gilamga sig‘ib yotarlar, ikki podshoh bir iqlimga sig‘maydi), - deb yozgan Bobur Mirzo.
“Vaqoiʼi sanayi isno ashara va tisʼa miya -to‘qquz yuz o‘n ikkinchi (1506-1507) yil voqealari bayonida Bobur Mirzoning Hirot shahrida bo‘lishi, tabarruk maskanlarni ziyorat qilishi va katta qiyinchilik bilan Kobulga qaytishi, unga qarshi uyushtirilgan fitnani bostirilishi kabi muhim voqealar bayoni o‘rin olgan. Ular muallif va uning davlati hayotida muhim o‘rin egallaydi. Kobulga qaytish yo‘lida Bobur Mirzo va uning safdoshlari tog‘liq qisqa yo‘lni tanlaydilar, ammo ko‘p qor yog‘ishi va qattiq sovuq bo‘lishi munosabati bilan juda qiynalishadi. U yozadi: “ul necha kun bisyor tashvishlar va mashshaqqatlar tortildi, andoqkim, muddat ul-umr muncha mashaqqat kamroq tortilib edi. Bu matlaʼni o‘shal fursatta aytildi:
Charhning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu,
Xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimu?”.
Bobur Mirzo va uning safdoshlari yaqin, ammo qiyin yo‘lni tanlab, qiynalishgan bo‘lsa-da, ammo tik qoyalari bor joylardan qorning haddan tashqari ko‘pligi uchun manzilga tez yetishganini shunday yozadi va sheʼriy lavha bilan xulosalaydi: “Agarchi ulug‘ qordin necha kun xeyli tashvish ko‘rduk, vale oxir ushbu ulug‘ qor sababidin o‘zimizni manzilga yetkurduk. Nechukkim agar ulug‘ qor bo‘lmasa, andoq berah uchma va sekirtmadin kim o‘ta olg‘ay edi, balki agar ulug‘ qor bo‘lmasa avvalg‘a uchmada-o‘q elining ot va tevasi tamom qolg‘ay edi.
Har neku badeki dar shumorast,
To dar nigari salohi korast.
(Mazmuni: Har bir yuzaga kelgan yaxshi-yomonni tekshirib qarasang, turmush uchun hayrlidir”).
Bobur Mirzo va safdoshlari yo‘lda ularga dushman bo‘lgan hazoralarga to‘qnash kelib jang qiladi va bu voqeani o‘n sakkiz baytli masnaviyda bayon etgan. Uning birinchi matlaʼsi quyidagichadur:
“Sheʼr:
Qarosin yog‘iyning ko‘rubturlar,
Dangu hayron boqib turubturlar”.
Lavha uzun bo‘lgani uchun mukammal ketirilmadi, uni “Vaqoyiʼ” matnidan topish oson. Bu voqea qator miniatyuralarda ham tasvirlangan.
Jang natijasida o‘n to‘rt-o‘n besh asir olingan bo‘lib, ularni Qosimbekning rahmi kelgani uchun ozod etilganiga quyidagi sheʼriy lavhani keltirgan:
Zamini sho‘ra sunbul bar nayorad,
Dar o‘ tuxmi amal zoyeʼ magardon.
Nako‘i bo badon kardan chunon ast,
Ki bad kardan ba joi nekmardon,
(Mazmuni: Sho‘r tuproq yerda sunbul bitmaydi, unday yerda umid urug‘ini nobud qilish va yaxshilarga yomonlik qilish ham o‘rnida bo‘lmaydi.)”.
Kobuldagi fitnani bostirish jarayonida, Do‘st Saripuliy piyoda Bobur Mirzona tanmay, unga qilich bilan zarba beradi, ammo “Tengri inoyati edi, sari mo‘yi kor qilmadi.
Agar tig‘i olam bijunbad zi joy,
Naburrad rage to naxohad Xudoy”
(Mazmuni: agar olam tig‘i o‘z joyidan qo‘zg‘olsa, Xudo xohlamasa bir tomirni ham qirqolmaydi).
Men bir duoni o‘qub edim, aning xosiyatidin edikim, Tengri taolo bu mazarratni dafʼ qildi va mutavajjih bo‘lg‘on baloni rafʼ qildi”.
Bobur Mirzo Kobuldagi fitnani bostirgach, o‘zining yaqin qarindoshlari unda ishtirok etganidan juda xafa bo‘lib, ulardan noroziligini izhor etgach, baʼzilarini shaxsan o‘zi jazolamay, qo‘yib yuboradi hamda yuqorida ikki marta eslatgan baytni yana bir bor keltiradi:
Tu bad kunandai xudro ba ro‘go‘r sipor,
Ki ro‘zgor turo chokaremt kinaguzor”
(Mazmuni: Sen o‘zingga yomonliq qilganini turmushga topshir, turmush sening o‘ch oluvchi xizmatkoringdir”) .
Bobur Mirzo fitnachilarni viloyatidan haydab, Kobul shahri yaqinidagi Boron va Gulbahor va Choshtuba dashtiga borib, “turluk-turluk lolalar ochilur, bir qatla lola onvoini buyurdimkim, sanadilar, o‘ttuz to‘rt navʼ lola chiqti, nechukkim bu yerlarning taʼrifida bir bayte aytilib edi:
Sabzavu gullar bil jannat bo‘lur Kobul bahor,
Xossa bu mavsumda Boron yozisiyu Gulbahor.
Ushbu sayr kelganda bu g‘azalni tugattim:
“Mening ko‘nglimki gulning g‘unchasidek tah-batah qondur,
Agar yuz ming bahor o‘lsa ochilmog‘i ne imkondur”.
To‘qquz yuz o‘n uchinchi –vaqoyiʼ sanayi salosa ashara va tisʼa miya (1507-1508) yilda Kobul atrofilariga yurish qilishdi. O‘tgan yilioxirida Shayboniyxon Samarqanddan Xurosonni egallash maqsadida yo‘lga chiqqanida Shoh Mansur Baxshi, Andxud hokimi unga kishi yuborib, yurishini tezlatishga daʼvat qilgan. Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Mirzolar nima qilishini bilmasdan hayron edilar. Muzaffar Mirzoning bir ish bilar amiri Muhammad Burunduqbek Muzaffar Mirzoga shaharni himoya qilishni, Badiuzzamon va lashkariHirot atrofidagi tog‘larda bo‘lib, Seyiston, Qandahor, Zamin Dovardan qo‘shinlarni yig‘ishni taklif qilgan. Ammo, Badiuzzamon begi Zunnun Arg‘un bunga qarshi bo‘lgan. Natijada Shayboniyxon Murg‘obdan o‘tib, Qora Rabotga keladi. Yo‘lda Zunnun Arg‘un va uning odamlarini yengadi. Mirzolar harami, xazinasi va yaqinlarini Ixtiyoriddin qalʼasiga qamab, o‘zlari qochib ketadilar.
Shayboniyxon Hirot shahrini egallagach, avaalgi podshoh oilasi bilan yomon munosabatda bo‘lgan, shoirlar ahli tabʼni Mullo Banoiy ixtiyoriga topshirgan. “Xuroson zurafosidin bu moddada bir qitʼa mashhur bo‘ldi:
Bajuz Abdullohi keri xar imro‘z,
Nadida hech shoir ro‘yi zarro.
Binoiy zar tamaʼ dorad zi shoir,
Magar xohad giriftan keri xarro.
(Mazmuni: Bu kun eshak olati Abdullohdan boshqa shoir oltin betini ko‘rsagan. Binoiy shoirdan oltin tamaʼ qiladi, biroq ulardan eshak olatini oladi, xolos) ...
“Yana Mullo Sulton Ali Mashhadiy bila Behzod musavvirning tasvir va xatig‘a qalam kiyurub isloh qildi. Yana har necha kunda bir bemaza bayt aytur edi va minbarda o‘qutub, Chorsuda ostirib, shahr elidin sila olur edi. Agarchi saharxez edi va besh vaqt namozni tarq qilmas edi, qiroat ilmini tavre bilur edi, vale mundoq go‘lano va ablahona va kofirona aqvol va afʼlo andin bisyor sodir bo‘lur edi” .
Bobur Mirzo o‘zining siyosiy raqibi Muhammad Shayboniyxonning nomunosib ishlarini tanqid qiladi, lekin tarixchi Muhammad Solih, tazkiranavis Xoja Hasan Nisoriylar uni “Imomi aʼzam xalifai zamon” deb ulug‘laganlar.
Bobur Mirzo Hirot shahrida bo‘lganda, katta amakisi xotini Habiba Sulton Begim va uning qizi Maʼsuma Sultonbegim bilan uchrashgan, Maʼsuma Sultonbegim Bobur Mirzoga ko‘ngli borligini aytgach, ularni Kobulga taklif qilgan edi. Uchrashuv G‘azni shahrida bo‘lgan. Bobur Mirzo Maʼsuma Sulton begimga uylanadi va undan bir qiz ko‘radi. Tug‘ish paytida onasi vafot etgani uchun uning nomini qiziga qo‘yadilar.
Bobur Mirzo o‘z lashkari bilan “Qalotga yetganda qalin Hinduston savdogarlarikim, Qalotga savdo qilg‘ali kelgan ekandurlar, qocha olmadilar, cherik eli alar ustaga-o‘q yetib bordi. Aksari barin bo‘ldilarkim, mundoq yog‘iyliq mahalda yog‘iy viloyatig‘a keladurg‘onni talamoq kerak, men rizo bo‘lmadim. Dedimkim, savdogarning ne gunohi bor, mundoq juzʼiy-juzʼiy foydadin Tengri rizosini aroda ko‘rub kechsak, muning muqobalasida kulliy-kulliy favoid Tengri taolo ro‘zi qilg‘usidur. Nechukkim, ushbu necha kundaG‘iljini chopa otlang‘onda Mahmand afg‘oniy qo‘y va mol va ahlu ayoli bilan cherikning bir yig‘ochida ekanda aksar ani chopmoqqa barin bo‘ldungiz, ushbuni mulohaza qilib men rizo bo‘lmadim. Tonglasig‘a-o‘q Tengri taolo yog‘iykim, G‘ilji bo‘lg‘ay, oncha cherik eliga ro‘zi qildikim, hech chopqunda muncha qo‘y tushmabdur edi. Qalottin o‘tub tushub, bu savdogarlardin peshkash rasmi bila biror nima olildi”.
Mirzoxon Xurosonga ketgan edi, yana Abdurazzoq Mirzo Qandahordin qochib kelibBobur Mirzoga Qalotta qo‘shildilar. Yana bir necha Mirzo, ularning onasi mulozimat qildilar.
“Shohbek va Muqimg‘a kishilar va xatlar yiborildikim, sizlarning so‘zingiz bila munda kelduk, o‘zbek(Shayboniyxon)dek yot yog‘iy Xurosonni oldi, keling! Ne tavrkim, salohi davlat bo‘lsa sizlarning ittifoq va savobdiydingiz bila qaror berali”. Xat bitimoqdin va bizni tilamoqdin munkir bo‘lib rustiyona va durusht javoblar yibordilar. Ul rustoiliklardin biri bu edikim, Shohbek manga bitilgan xatining orqasida beklar beklarga, balki ulug‘roq martabaliq beklar kichikrak chargalik beklarga muhrbosar yerda qog‘azning o‘rtasida muhr bosib yuboribtur. Agar mundoq rustoiyona harakotlar qilmasa edi va bu navʼ durusht javoblar yibormasa edi, ish munga yetmas edi. Nechukkim:
Siteza ba joye rasonad suxan,
Ki vayron kunad xonadoni ko‘han” –deb sheʼriy lavha keltirgan.
Qandahorga hujumdan avval Bobur Mirzo o‘ziga qarashli ikki mingtacha odam bo‘lib,jangdan avval mingtacha bor ekan. Ularni “tamom o‘n-o‘n va elllik-ellik bitilib, o‘n ulug‘i va ellik ulug‘i taʼyin etib edim. Har o‘n va har ellik o‘ng qo‘lda va so‘l qo‘ldaturar yerlarini bilib, urush chog‘i qilur ishlarini maʼlum qilib, hozir va nozir edilar. Borong‘or, javong‘or va o‘ng qo‘l va so‘l qo‘l, o‘ng yon va so‘l yon, o‘ng va so‘l chopa otlang‘och bekulfat yasamoq va beminnat tavochi cherik eli yerlik yeri bila-o‘q mutavajjih bo‘ldilar”.
Shu o‘rinda harbiy atamalarga Bobur Mirzo izoh berib, maʼlum yangilik kiritgan. Bobur Mirzo odamlari soni oz bo‘lishiga qaramay, Qandahorda dushmanga qarshi kurashga kirishganini shunday yozadi: “Muqim hanuz turub urushadur edi. Kishilarimizning oziga boqmay, Tengriga tavakkul qilib, naqoralarni qoqib, g‘anim ustiga yuruduk.
Ko‘pu ozg‘a Tengridur berguchi,
Bu darg‘ohda yo‘qturur kishining kuchi”,
-degan sheʼriy lavhani keltiradi. Bobur Mirzo Qandahorni egallagani tafsilotini yozadi. Raqiblari Shohbek va Muqim jang joyidan qochadilar. Shahardagi Bobur Mirzoga “ixlos va aqidalari maʼlum” beklarni kechirib, Qo‘rg‘onni egallagan. Muqim va Shohbek xazinalariga masʼul yigitlarni tayinlagan. Qosimbek Qandahorda turishni “saloh ko‘rmay, ayta-ayta muxassilliklar bilan ko‘churdi”. Qandahorni Nosir Mirzog‘a inoyat qilib, Kobul azimati qilidi... Qalin o‘lja va mol, ulug‘ obro‘ va nomus bila Kobulga kelildi.
Sulton Ahmad Mirzoning qizi Maʼsuma Sultonbegimningkim, Xurosondin tilab kelturub edim, ushbu kelganimda aqd qildim”.
Muhammad Shayboniyxon Qandahordagi Muqim va Shohbekning “ig‘vo va angizidan” Hirotning tog‘ yo‘li orqali Bobur Mirzoning o‘sha joyda deb shaharga yurish qiladi. “Qosimbek tajribaliq kishi muhassilliqlar bila Qandahordin bizni ko‘churdi.
Harchi dar oina javon binad,
Pir dar xishti puxta on binad.
(Yosh kishi oynaga qarab nima ko‘rsa, keksa odam xishtga qarab undan yaxshiroq ko‘radi.)”.
Muhammad Shayboniyxondan xavfsirab Bobur Mirzo Hindiston tomon yo‘lga chiqadi va maʼlum muddatni Ningnahor, Alishang tomonlarda o‘tkazadi. “Bir necha kundin so‘ng, bovujudkim, qish o‘rtasi edi, Bodipech yo‘li bilan Kobulga kelduk. Bodipechning ustida bir toshda buyurdimkim, bu kelur va borurning tarixini qozg‘oylar. Hofiz Mirak bitidi, ustod Shoh Muhammad sangtaroshliq qildi. Shitob uchun obodon qozilmadi...Ushbu tarixqacha Temurbekning avlodini bovujudi saltanat mirzo der edi, ushbu navbat buyurdimkim, meni podshoh degaylar.
Ushbu yilning oxirida seshanba kechasizulqaʼda oyining to‘rtida oftob hut burjida edi, Kobulning arkida Humoyun mutavallid bo‘ldi. Tarixi valodatini Mavlono Sayyidiy shoir “Sulton Humoyunxon”topib edi. Kobul shoirchalaridan birov, “Shohi Firuz qadr” topib, uch-to‘rt kundan so‘ng Humoyun ismi bila mavsum bo‘ldi. Humoyunning valodatidin besh-olti kundin so‘ng Chorboqqa chiqib, Humoyunning valodatining to‘yi bo‘ldi. Bek va bekot ulug‘-kichik sochiq kelturdilar, qalin oq tanga to‘kuldi, ondin burun oncha qalin oq yormoqni bir joyda ko‘rulmaydur edi, yaxshi to‘y bo‘ldi” . Bu to‘y marosimi Britaniya muzeyi va Dehli milliymuzeyi qo‘lyozmalaridagi ikki rasmda tasvirlangan.
Kitobning shu qismidagi “Vaqoiʼi sanayi arbaa ashara va tasʼa mia” -to‘qquz yuz o‘n to‘rtinchi (1508-1509) yilvoqealarining qisqa bayoni keskin uzulib, yana 10-11 yilik voqelar barcha qo‘lyozma va tarjimalarda yo‘q. Ular Hindistondagi yomg‘ir va shamolda yo‘qolgan ko‘rinadi. “Vaqoyiʼ”ning Haydarobod qo‘lyozmasi 215b-216b varaqlarida o‘rin olib matn to‘saddin uzilib qolgan. 2002 yilgi nashrda “asarning bu bobi barcha mavjud qo‘lyozma nusxalarda shu yerda yerganda uzilib, tamomlanmay qolgan. Shundan keyingi 10-11 yillik voqealar ham yo‘q”, -deb izoh berilgan, ammo kitob oxirida 1- ilova sifatida “Boburnoma”dagi uzilishlar” sarlavhasi ostida A. Ibrohimovning hindiycha tarjimasi (Dehli, 1974; Leyden-Erskin tarjimasiga asoslangan nashrdan o‘girilgan)dagi mazkur uzilishlarga oid voqealar bayoni biroz qisqartirilgan holda keltiriladi”, deb, 322-330 betlarda keltirilgan.
Keyingi “vaqoyiʼi sanai xamsa va ishrina va tisʼa mia”-to‘qquz yuz o‘n beshinchi (1509-1510) yil voqealari Chandovul julgasidagi qattiq zilzila bayoni bilan boshlanadi. Keyin u joydan Bajavr qo‘rg‘oniga yurish va boshqa voqealar tafsiloti bor. Voqealar davomida ushbu qo‘rg‘on olingani, “Yakshanba kuni muharram oyining o‘n to‘rtida Xoja Kalong‘a tug‘ inoyat qilib, Bajavr qo‘rg‘oniga ruxsat berildi...ruxsat bergondin bir-ikki kun so‘ng bug‘ina qitʼa xotirg‘a keldi. Xoja Kalong‘a bitilib yuborildi.
Qaroru ahd ba yor inchunin nabud maro,
Gazid hajru maro kard beqaror oxir.
Ba ishvahoi zamona chi chora sozad kas,
Bajavr kard judo yorro zi yor oxir.
(Mazmuni: Mening yor bilan ahdu qarorim bunday emas edi-ku? Oxirda hajri chiqib, beqaror qildi meni. Zamona ishvalariga kishi nima chora qiladi? Oxir Bajavr yorni yordin judo qildi).
Ushbu yurish jarayonida Nilob va Hatiy eli Bobur Mirzoga yaxshi munosabatda bo‘ldilar. “Raiyatliqqa bo‘yun qo‘yg‘on raiyatliq qilg‘ay. Har yeru har viloyat bo‘yun qo‘ymasa:
Har kimki bo‘yunni qo‘ymasa, oni tiyg‘ay,
Chopqoy, talag‘oy, mutiʼu munqod etgay”.
Shu yurish davomida Bobur Mirzo Bigrom va undagi Gurakatriy degan joyni ziyorat qiladi. Bu ziyorat mavzusida bir necha rasmlar ishlanib, ularda Mirzo Boburning Hindiston madaniyatiga qiziqishini namoyish etishgan.
“Seshanba kuni Shoh Hasan Shohbek chog‘ir suhbatiga ruxsat tilab, Xoja Muhammad Aliboshliq baʼzi beklar bila ichkilarni uyiga eltti...Men hanuz chog‘irdin parhez qiladur edim. Dedimkim, hech andoq bo‘lmaydurkim, men hushyor o‘lturub, jamiʼ chog‘ir irtikob qilg‘aylar va men sop-sog‘ turub, bir bo‘lak o‘zini masti sharob qilg‘aylar. Keling, mening qoshimda ichinglar, men zamone tafarruj qilay, hushyorlar bila mastlarning ixtilot va omizishi nechuk bo‘lurun bilay. Chanor bog‘ining eshigidasolg‘on suratxonaning sharqi janub sari yonida kichikrak oqqina uy tikilib, gohi anda o‘lturur edim, anda majlis bo‘ldi. So‘ngra G‘iyos masxara keldi, necha qatla majlisdin mutoyaba tariqi bila buyurildikim, ixroj qildilar. Oxir shaloyin bo‘lub, masxaraliq bila majlisda yo‘l topti. Turdi Muhammad qipchoq bila Mullo Kitobdorni ham majlisqa tiladuk. Shoh Hasang‘a va uyidag‘i majlis ahlig‘a bu ruboiyni badihatanaytib yuborildi:
Ahbobki, bazmida guliston hastur,
Yo‘q lek alar bazmida bizga dastur.
Ul jamʼda gar huzuri jamʼiyat bor,
Yuz shukr, bu jamʼ behuzur emastur”.
Shu yili “mamzuj chog‘ir ichilib edi, yana foyda qilmaganidan ichilmaydur edi. Naqoxat ayyomining oxirida Tolor chamaniningg‘arbi-janub tarafida, olma tubidamajlis tartib qilib, mamzuj chog‘ir ichtim...Panjshanba kuni, oyning yigirma beshida Mullo Mahmud qoshida fiqh sabaqi o‘qumoq taʼyin bo‘ldi...
Hofiz Jubayr kotibning og‘a-inisi Samarqandtin kelib edi, bu fursatta Samarqandg‘a ruxsat berib, Fo‘lod Sultong‘a “Devon”imni yibordim. “Devon”ning orqasida bugina qitʼani bitidim:
Ul sarvning harimig‘a gar yetsang, ey sabo,
Bergil bu hajr xastadin yod ko‘ngliga.
Rahm aylabon sog‘inmadi Boburni bor umid,
Solg‘ay Xudoy rahmni Fo‘lod ko‘nglig‘a”.
Bu vaqtda Bobur Podshoh oldiga ko‘plab elchi va vakillar kelgani hikoya qilinadi. Ular ichida Mirzoxon, Muhammad Zamon Mirzo va Samarqand elchilari eslatiladi.
“Abdurahmoniy afg‘on Gardiz sarhadida o‘ltururlar edi, mol va muomalada royij emas edilar, borur-kelur korvoniylar ham bulardin mutazarrir edilar...bu afg‘onlarni chopa otlanildi...”.
Bu yil voqealari bayonida bir voqea va uning tahlili hamda javobgarlarning jazoga tortilgani ham o‘rin olgan. “Bir Qutluqqadm Husayn betaqrib va behisob yolg‘uz ot solibtur. Afg‘onlar ichiga kirib, qilich solur mahalda otini o‘qlab yiqarlar. Qo‘pg‘och, oyog‘ig‘a chopib yiqiturlar. To‘sh-to‘shidin pichoqlab, chopqular, pora-pora ayladilar. Bu yigitlar boqib turub, ko‘makka yetishmaslar... Yo‘lda keladurgonda Husayn bila bo‘lg‘on beklar keldilar. Siyosat va g‘azab bila dedimkim, muncha kishi boqib turub, bir necha ayoqafg‘ong‘a tup-tuz yerda mundoq yigitlarni oldurubsizlar. Sizlarni to‘ra-muchadin huratib, pargana va viloyatingizdin ayrib, soqollaringizni qirqib, shahrlarda tashhir qilmoq kerak, to har kimmundoq tup-tuz ilik tebratmay boqib tursa, sazosi bo‘lg‘ay...Seshanba kuni, shaʼbon oyning beshida Darvesh Muhammad Fazliy va Xisravning navkarin tilab, Husayn olilg‘onda qisqaliq qilg‘onlarning kayfiyatin so‘rub, to‘ra-muchalaridin hurattik”.
“Namozi peshinda Xoja Muhammad Alining o‘tog‘ida shurb majlisi bo‘ldi. Ushbu majlisda-o‘q Sulton Tarhiydin bu sorig‘a kelgan kayfiyatni mashruh bitib, Bajavrg‘a Xoja Kalong‘a yiborildi. Farmon hoshiyasida bu baytni bitidim:
Sabo ba lutf bigo‘ on g‘azoli raʼnoro,
Ki sar ba ko‘hu biyobon tu dodai moro”.
Shu voqelar ichida Bobur Mirzo qo‘li chiqqani to‘g‘risida maʼlumot berib yozadi: “iligim chiqqoni (sabab) hech nima bitiymaydur edim, ushbu yurtta yakshanba kuni, oyning o‘n to‘rtida ozroq nima bitidim”.
Shu vaqt davomida “panjshanba kuni, oyning o‘n sekkizida ko‘chub, Bihar(?) va Masxgiromgatushub, tonglasi “Bog‘i Vafo”ga keldim. “Bog‘i Vafo”ning xo‘bluq mahallari edi, sahnlari tamom sebargzor, anor daraxtlari sap-sariq xushrang xazon bo‘lubtur. Anorlari daraxtlarda qip-qizil, norunjlar daraxtlari sabz va xurram, norunjlar daraxtlarda benihoyat, vale norunjlar xotirxoh sarg‘armaydur edi, anorlari yaxshi, anorlari garchi viloyatlarning yaxshi anorlaricha emas edi. “Bog‘i Vafo”din bir yaxshi mahzuzkim bo‘lduk, bu navbat edi. Bu uch-to‘rt kunkim bu bog‘da eduk, bori o‘rdu eli ifrot bila anor yedilar”.
Shu voqealar davomida Kobulda Bobur Mirzo o‘zi qurgan “eshik ustidagi kichkina suratxona”ni eslatib, “Bovujudikim, torg‘ina hujra edi, ahli majlis o‘n olti kishi edilar”, deb eslatadi.
Behzodiy nomli joyda Mullo Mahmud Xalifa, Abdullo ishtirokidagi suhbatda Bobur Podshohning yozishicha, “Abdulla xeyli mast edi. Xalifa tarafidin bir so‘z chiqti. Mullo Mahmudtin g‘ofil bu misraʼni o‘qidikim:
Bar har ki bingari, ba hamin dog‘ mubtalost.
(Mazmuni: Kimga qarasang, shu dardga mubtalodur!).
Mullo Mahmud hushyor edi, Abdullog‘a hazl tariqi bila bu misraʼni o‘qug‘on jihatidin taarruzlar qildi. Abdullo voqif bo‘lib, iztiroblar qilib, xeyli shirin guftugo‘lar qildi”.
Bu yil voqealari asosan majlislar bilan ajralib turadi. Xatto majlislar birida Hulhul anika nomli ayol Bobur Podshoh bilan chog‘ir ichishni orzu qilgani eslatilib, Bobur Podshoh yozadi: “Men ham xotun kishining ichganinni ko‘rmaydurmen, suhbatqa tilang. ..Hulhul anika kelib, menga bisyor shaloyinliqlar qildi. Oxir o‘zumni mastliqqa solib xalos bo‘ldim”.
Xazon sayllari davomida Istarg‘ach nomli joyda Podshohiy nomli bog‘ni sayr qilib, “Bir olma niholi yaxshi xazon bo‘lub edi, har qaysi shohida besh-olti bar siyoq bila qolib edi, andoqkim, agar naqqoshlar takalluf bila tortsalar, oncha torta olmag‘ay edilar”, -deb zavqlanib yozgan.
Shu yil voqelari bayoni ichida: “Odina kuni, oyning yigirma uchida Alisherbekning to‘rt devonidin buhur, avzoni tartibi bila g‘azallar va abyotkim, intixob qililadur edi, itmomig‘a yetti”, deb izoh yozgan Bobur Podshoh.
“Vaqoyiʼ sanayi sitta va ishrina va tisʼa mia” -to‘qquz yuz yigirma oltinchi (1519-1520) yil voqealaribayoni qisqa, lekin ular ichida muhim maʼlumotlar bor. Shulardan biri Bobur Podshoh qirq yoshida mast qiluvchi ichimlik ichishdan tavba qilmoqchi bo‘lgan. U yozadi: “Chun bu dag‘dag‘a bor edikim, qirq yoqa toib (tavba qiluvchi) bo‘lg‘aymen, qirq yoshqa ozroq qolib edi, ifrot bila ichilur edi”.
Bu davrda Bobur Podshoh musiqa ilmi bilan ham jiddiy shug‘ullangan ko‘rinadi. U yozgan edi: “Yakshanba kuni, oyning o‘n oltisida sabuhiy qilib, hushyor bo‘lub, maʼjun ixtiyor qolg‘onda Mullo Yorak panjgohda muxammas davrida bog‘lag‘on naqshini o‘tkardi. Yaxshi naqsh bog‘labtur. Necha mahal edi, mundoq nimalarg‘a mashg‘ulluq qilmaydur edim. Manga ham dag‘dag‘a bo‘ldikim, bir nima bog‘lag‘aymen. Bu taqrib bila “Chorgoh” savtini bog‘ladim. Nechukkim, mahallida mazkur bo‘lg‘usidur”.
Bobur Podshoh va uning do‘stlari Kobuldalik vaqtida o‘zbek va fors-sort tilida gaplashar edilar: “Chahorshanba kuni, sabuhiy qilg‘onda mutoyaba jihatidin deyildikim, har kimi sortcha aytsa bir ayog‘ ichsun, bu jihattin ko‘p kishi ayog‘ ichti. Sunnat vaqtida chiqib chaman o‘rtasida tollar ostida o‘lturuldi. Deyildikim, har kishi turkicha aytsa bir ayog‘ ichsun. Bunda ham g‘alaba kishi ayog‘ ichti”.
Shu yilda bayon qilingan voqealar ichida do‘stlar bilan jola-solda suzish va unda majlis o‘tkazilish eslatilib, “yarim yo‘lda bir yomon yerda jola dakka urdi, xeyli tavaxxum bo‘ldi. Agarchi jola g‘arq bo‘lmadi, Mir Muhammad jolabon suvg‘a yiqildi”.
Bobur Podshoh va uning do‘stlari bilan daryoda jolada sayr qilish bir necha o‘rinda bayon qilingan, ikki marta jolaning dakka yoki qoziq va daraxt ildiziga urilishi natijasida yuz bergan voqealar miniatyuralarda bir necha marta tasvirlangan.
Bu yilgi voqealar bayoni Mirzo Boburning Kobulga qaytishi bilan tugaydi. Umuman, Kobuldalik vaqtida Bobur Mirzo imkon darajasida “Vaqoyiʼ” asarini davom ettirgan, ammo bizgacha faqat sakkiz yil voqealari bayoni yetib kelgan, xolos. Ulardan bu davrdagi muallif hayoti va qizg‘in ijodiy faoliyatini tasavvur qilish mumkin.
Kobulda 1504-1525 yillar davomida Bobur Mirzo bir marta Samarqandni orzu qilib, muvaffaqiyatsiz safar qildi. Ikki marta qarindoshlari tomonidan uyushtirilgan fitnani bartaraf etdi. Ana shundan keyin o‘zining yoshlikdagi orzusi buyuk saltanat qurishga kirishdi. Buning uchun eng avvalo Hindiston bilan chegara hududlar aholisi bilan yaxshi muomala qildi, qo‘shni mamlakat tarixi, uning kuchli va zaif tomonlari, eng muhimi zamonaviy harbiy o‘q qurollari to‘fang-miltiq va to‘plarni quyushni yo‘lga qo‘ydi, xabargirlar orqali Panjob va Dehli Sultonligi siyosiy ahvoli, qo‘shnilari bilan bo‘lgan munosabatini zimdan o‘rgandi. Bularning barchasi navbatdagi beshinchi harbiy yurishga siyosiy va maʼnaviy asos bo‘lib xizmat qildi.
Abdumajid Madraimov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi tarix fanlari doktori, professor
Temuriy va Boburiylar davri madaniyati, kitobat va rang tasvir sanʼati tarixiga chizgilar,-
Toshkent: “San’at” jurnali nashriyoti, 2015
Fikr qoldirish#