Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistondagi hayoti 1525-1530 yillar. Voqealar bayoni shunday davom etadi: “Chahorshanba (22 kuni) kechasi og‘iz ochib, nima yeb, Sekriyga bormoq azimati bila otlanildi...Qulog‘img‘a bilmon, sovuqning taʼsiri bo‘ldi o‘xshar, bu oxshom asru ko‘p og‘ridi, uyqulay olmadim. Tong boshida bu yerdin tebrab, bir paharda Sekriyda solg‘on boqqa yetib tushuldi.Bog‘ tomi va chohning imoratlari xotirxoh bo‘lmag‘on jihatidin ish ustidagilarni tahdid va siyosat qilildi”.
Bobur Podshoh voqelar bayonini shunday davom ettiradi: “Sekriydin namozi digar bila namozi shom orasida otlanib, Madhakurdin o‘tub, bir yerda tushub uyquladuk. Andin otlanib, bir pahar bo‘la Agraga kelib, qalʼada Xadicha Sultonbegimnikim, Faxri Jahonbegim borib, bular baʼzi ish-kuchuchun qolibturlar, ko‘rub, Jundin o‘tub, “Hasht behisht” bog‘iga keldim.Shanba kuni safaroyining uchida (19.10 1528) uluq amma begimlardin uch begim: Gavharshodbegim, Badiul Jamolbegim, Oqbegim; kichik begimlardin Xonzodabegim, Sulton Masʼud Mirzoning qizi, yana Sulton Baxtbegimning qizi, yana yanga chechamningkim, Zaynab Sultonbegim bo‘lg‘ay, nabirasi kelib, Tuʼtadin o‘tub, mahallot yoqasida daryo qirg‘og‘ida tushub edilar, borib, namozi digar bila namozi shomning orasida ko‘rdum.Dushanba, safar oyining beshida Bikramijitning burung‘i elchisi va so‘ngg‘i elchisiga bayri Bhiralik hindulardin Devaning o‘g‘li Xamusiyni qo‘shub yuborildikim, Rantanpurni topshurmoq uchun, xizmatkorliqni qabul qilmoq uchun o‘z roh va rasmi bila ahd va shart qilg‘ay. Bizning bu borg‘on kishi ko‘rub, bilib, inonib kelgay. Ul bu aytg‘onlarning ustiga tursa, men ham vaʼda qildimkim, Tengri rost keltursa, otasining o‘rnig‘a rana qilib, Chito‘rda o‘lturg‘izay”.
Ushbu lavhada keltirilgan mahalliy rasm-rusumlarga rioya etilishi yaʼni “o‘z roh va rasmi bila ahd va shart qilishi” – bu Bobur Podshoh siyosati va diplomatiyasining eng kuchli tomonlaridan biri deb baho berish mumkin.
Keyingi kungi voqealar ham odatdagidek qayd etib borilgan: “Shanba kuni, oyning o‘nida (26.10.1528) Sulton Muhammad Baxshining Shoh Qosim otliq piyodasinkim, bir qatla Xuroson ahlig‘a istimolatfarmonlari eltib edi, yana Hiriyg‘a yiborildi. Bu mazmun bila farmonlar elttikim, Hindustonning sharq va g‘arb yog‘iylaridin va kofirlaridin Tngri inoyati bila xotirlar jamʼ bo‘ldi. Ushbu yoz Tengri rost keltursa, albatta o‘zimizni har navʼ qilib yetkuzgumizdur. Ahmad Afshorg‘a ham farmon yiborildi. Farmonning hoshiyasida o‘z xatim bila bitib, Faridun Qo‘buziyni tiladim. Ushbu kun peshin simob yemakni bunyod qildim”.
“Chahorshanba kuni, oyning yigirma birida (04.11.1528) bir hindustoniy pochi Komronning va Xoja Do‘st Xovandning arzadoshtlarini kelturdi. Xoja do‘st Xovand zulhijja oyining o‘nida Kobulg‘a borib, Humoyun qoshig‘a tebrab ekandur. Xubyonda Komronning kishisi Xojag‘a borurkim, Xoja kelsunlar, har nekim farmon bo‘lubtur, yetkursunlar, so‘z-unni so‘zlashib borsunlar. Komron zilhijja oyining o‘n yettisida
Kobulg‘a kelgandur. Xoja bila so‘zlashib, Xoja ushbu zilhijja oyining yigirma sakkizida Qalʼayi Zafarg‘a uzotur”.“Bu kelgan arzadoshtlarda yaxshi xabarlar edi...Bu xabarni ham ushbu pochi (elchi) kelturdikim, Humoyunning o‘g‘li bo‘lmish. Yodgor tog‘oyining qizidin. Komron ham Kobulda kadxudo bo‘ladur emish, tag‘oyisi Sulton Ali Mirzoning qizini oladur emish. Ushbu kun Sayyid Dakniy Sheroziy jibagarg‘a xilʼat kiydurub, inʼom qilib, favvoralik chohni buyurdukkim, biluricha itmomg‘a tegurdi. Odina kuni, oyning yigirma uchida (1528, 6 sentabr) harorate badanimda zohir bo‘ldi. Andoqkim, jumʼa namozini masjidta tashvish bila o‘tadim, namozi peshin ehtiyotini qilib, kitobxonada bir zamondin so‘ng mashaqqat bila o‘tadim. Indini, yakshaba kuni isitib, ozroq titradim”.
O‘z kasalligi ilojini topa olmagach, Bobur Podshoh maʼnaviy piri Xoja Ubaydulohning “Volidiya” asarini o‘zbek tiliga sheʼriy tarjima qilib, sog‘ayishga umidvor bo‘ldi: “Seshanba kechasi, safar oyining yigirma yettisida (1528, 10 noyabr) hazrat Xoja Ubaydullohning “Volidiya” risolasini nazm qilmoq xotirimga kechti... Ushbu niyat bila ...risola nazmig‘a shuruʼ qildim, ham o‘shul kecha o‘n uch bayt aytildi. Iltizom yo‘sunluq, kunda o‘n bayttin kamrak aytilmas edi, g‘olibo bir kun tark bo‘ldi... O‘tgan yil va balki har mahal mundoq orazakim bo‘ldi, aqalli bir oy-qirq kunga tortti. Tengri inoyati bila, hazratning himmatidin, panjshanba kuni, oyning yigirma to‘qqizida andake afsurda bo‘ldi, o‘zga bu orizadin xalos bo‘ldum. Shanba kuni, rabi ul-avval oyining sakkizida (1528, 20 noyabr) risola so‘zlarini nazm qilmoq itmomiga yetdi. Bir kun ellik ikki bayt aytildi”.
Keyingi kunlari shunday voqealar sodir bo‘lgan edi: “Chahorshanba kuni, oyning yigirma sakkizida atrof va javonibqa cheriklarga farmonlar yiborildikim, yaqin fursatta, Tengri yetkursa, cherik otlang‘umizdur. Cherik yarog‘i bila bot kelsunlar. “Yakshanba kuni, rabi ul-avval oyining to‘qquzida Bek Muhammad taʼliqchi keldi. O‘tgan yil muharram oyining oxirida Humoyung‘a xilʼat va ot eltib edi”. “Dushanba kuni, oyning o‘nida (1528, 22 noyabr) Bekkina Vays Log‘ariy bila Bayonshayx otliq Humoyunning bir navkari Humoyunning qoshidin keldilar. Bekkina Humoyunning o‘g‘lining sevinchisiga kelibtur. Otini Alamon qo‘yubtur, Shayx Abulvajd valodatig‘a taʼrix: “Shahi saodatmand” topibtur. Bayonshayx Bekinadin xeyli so‘ngra chiqibtur”.
Odina kuni, safar oyining to‘qquzidaKishimning oyog‘ida Dushanba degan yerdin Humoyundin ayrilibtur. Dushanba kuni, rabiul avval oyining o‘nida (1528, 22 noyabr) Agraga keldi, jald keldi...”Shahzodaning kelganining va Shayboniylar (o‘zbek)ning shikast topqonining (yolg‘on) xabarini bu Bayonshoh kelturdi”.
Kitobda hayotiy haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan Shoh Tahmosib va Shayboniylar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabar Bobur Podshohga yetkazilgan. Bobur Podshoh bunoto‘g‘ri maʼlumotni tafsiloti bilan yozgan.
Bu soxta xabarni olgach “O‘shul Bayonshayxdin-o‘q Humoyunga, Komronga xatlar bitib, tez-o‘q yonduruldi.Odina kuni, oyning o‘n to‘rtida (1528, 26 noyabr) xat va kitobatlar tayyor bo‘lub, Bayonshayxg‘a topshurub, ruxsat berildi”. Shanba kuni ertasiga u Agradan ketgan.
Bobur Podshohning “Humoyunga bitilgan xatning savodi” o‘sha davr maktub sanʼati noyob namunasi hisoblanadi.Shu bilan birga undagi noaniq maʼlumotlar tufayli o‘z farzandlarini ona yurti Movarounnahr tomon qaytishga tayyor bo‘lishini orzu qiladi, deb tushunish mumkin.
“Komrong‘a va Xoja Kalong‘a dag‘i ushbu mazmun bila o‘z ilgim bila xatlar bitib yibordim.Chahorshanba kuni, oyning o‘n to‘qqizida(1528, 1 dekabr) mirzolar va sultonlar, turk va hind umarosini chorlab, mashvarat qilib, so‘zni munga qo‘yuldikim, bu yil xud, albatta, bir sori cherik yurumak kerak...Bu kayfiyatlarni bitib, shanba kuni, oyning yigirma ikkisida (...) o‘n olti kunlik buljor bila G‘iyosiddin Qo‘rchini Sulton Junayd barlos boshliq Purob umarosig‘a chopturuldi. Og‘iz so‘zlari bu bo‘ldikim, zarbzan va aroba va tufak urush asbob va olotidur, bular tayyor bo‘lg‘uncha, o‘zimizdan ilgarrak Askariyni yiboruldi. Gangning nari yuzidagi jamiʼ salotin va umarog‘a farmon bo‘ldikim, Askariy qoshig‘a yig‘ilib, har sorig‘a salohi davlat bo‘lsa, Tengri inoyati bila mutavajjih bo‘lg‘ay”.
“Panjshanba kuni, rabiul oxir oyining to‘rtida (1528, 16 dekabr) mundoq muqarrar bo‘ldiki, Agradin Kobulgacha Chaqmoqbek Shohiy tamg‘ochining navisandalig‘i bila tanob urg‘ay. Har to‘qquz kuruh minor qo‘porg‘oylarkim, manorning balandlig‘i o‘n ikki qari bo‘lg‘ay. Ustida bir chordara qo‘porg‘oylar. Har o‘n sakkzi kuruhda otli yom oti bog‘lag‘aylar. Yomchi va sayisg‘a ulufa va otlarg‘a aliq taʼyin bo‘lg‘ay”.
“Shanba kuni, oyning oltisida (1528, 18 dekabr) to‘y bo‘ldi. Qizilbosh (safaviy) va o‘zbek(Shayboniy) va hindularning elchilari to‘yda bo‘ldi...Mast tevalarni va fillarni o‘trudag‘i orolda urushqa soldilar. Bir necha qo‘chqor ham urushturdilar. Bulardin so‘ng kushtigirlar kushti tushtilar... Osh...din so‘ng, Hinduston bozigarlar...lo‘lilari baʼzi ishlare ko‘rsatdilarkim, ul viloyatlar lo‘lilaridin ko‘rulmaydur edi... Biri budurkim, yetti halqani peshonasig‘a va ikki tizig‘ataʼbiya qilib, yana to‘rt halqani ikkini ikki ilik barmog‘i bila tez va bedaragn evuradur... biri bukim, raftori tovus yo‘sunluq bir iligini yerga qo‘yub, bir iligi va ikki oyog‘i bila uch halqani tez va bedarang evuradur...”
Bobur keltirgan keltirgan ushbu tafsilot o‘sha davr tamosha sanʼati Hindistonda ancha taraqqiy etgani hamda turli o‘yinlar to‘g‘risidagi noyob etnografik maʼlumot sifatida qimmatlidir.
“Tonglasi ikki paharda kemaga o‘lturub, “Hasht bihisht”g‘a kelildi”. “Seshanba kuni Do‘lpurda buyurg‘on havz va choh imoratlarini ko‘ra bordim... Panjshanba kuni, oyning o‘n birida (1528, 23 dekabrda) sangin choh va yigirma olti tosh tarnov va tosh sutun va yakpora qiyodin qozilg‘on arig‘lar tayyor bo‘lib, ushbu kunning uch paharidin chohdin suv tortmoq bunyod etildi. Do‘lpurda ish qilodurg‘on sangtarosh va durudgar vajamiʼ muzdurlarg‘a Agradagi ustodkorlar, muzdurlar dasturi bilan inʼomlar bo‘ldi. Choh suyi idi uchunehtiyotqa buyuruldikim, o‘n besh kecha-kunduz tinmay charxin evurub, suv tortqaylar”.
“Seshanba kuni oyning o‘n oltisida (1528, 28 dekabr) qizilbosh(safaviy) va o‘zbek(Shayboniylar) o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang xabari keldi. Bu xabar tafsiloti keltirilgan, ammo unda hayotiy haqiqat ancha-muncha o‘zgartirilgan ko‘rinadi.
(Rox.)“Oyning 19 (1528, 31 dekabr)da “Xilvatxona”da o‘lturub edim, Mullo Muhammad muzahhibnikim, Bangolag‘a elchilikka yiborilib edi, oxshomig‘a kim, shanba kechasi bo‘lg‘ay, kelib mulozimat qildi. U tarafdag‘i kayfiyatni bir-bir so‘rub, maʼlum qildukkim, Bangaliy itoat va yakjihatliq maqominda emish”. “Yakshanba kuni turk va hind umarosini “Xilvatxona”da chorlab kengashtuk”.
Bundan keyingi voqealar bayonidan Bobir Podshohning eʼtibori mamlakatni birlashtirish, tinchligini saqlash va yurt obodonchiligiga eʼtibor berishdan iborat bo‘ldi, deb umumiy xulosaga kelish mumkin.
“Yakshanba kechasi, oyning yigirma sakkizida (1529, 9 yanvar)...Do‘lpurda “Nilufar” bog‘iga mutavajjih bo‘lduk. Bog‘ning atrof va javonibida beklarga va ichkilarga yerlar, yurtlar taʼyin bo‘ldikim, o‘zlari uchun imoratlar va bog‘lar solg‘aylar”.
“Panjshanba kuni, jumodil avval oyining uchida (1529, 13 yanvar) bog‘ning sharqi-janubiy tarafida hammomg‘a yer taʼyin qilib, hammom yerini tuzattilar. Buyurdumkim, bu tuzalgan yerda hammomning kursisini qo‘porg‘ondin so‘ng hammom tarhini solg‘aylar. Bu hammomning bir uyida dah-dardah havz buyurdim”.
Shu davrda Bobur Podshoh saltanat rahbari sifati ham Kobuldan Humoyundan xabardor hamda Bangola, Safaviy va Shayboniylar elchilari bilan munosabatda bo‘lib turgani maʼlum bo‘ladi.
“Panjshanba kuni, jumodil avval oyining uchida (1529, 13 yanvar) Biharni Sekandarning o‘g‘li Mahmud olgani to‘g‘risida xabar kelgan...Tonglasi, shanba kuni kengash beklarini tilab, panjshanba kuni oyning o‘nida (1529, 20 yanvar) Purab sari otlanmoqqa so‘zni qaror berildi.”.
Panjshanba kuni, jumodil avval oyining o‘nida kema bila Jundin kechib, “Zarafshon bog‘”iga keldim. Andoq farmon bo‘ldikim, tug‘ va naqora va tavila va jamiʼ cherik eli bog‘ning o‘trusida suvning ul yuziga tushgay.”
Shanba kuni (1529, 22 yanvar) Bangola elchisi Ismoil Mitani qabul qilinishi tavsifga olingan.
“Dushanba kuni Xoja Abdulhaq keldilar....
Seshanba uni (Safaviylar elchisi) Hasan Chalabiy kelib, mulozimat qildi.”Yakshanba kuni Shayboniylar elchilariga ruxsat berildi
Xoja Kalon Xoja Yahyoning nababirasikim, o‘zbek (Shayboniy) xonva sultonlaridin risolat tariqi bila kelib edilar, Samarqand bormoqqa ruxsat bo‘ldi. Mullo Behishtiydin Hindolg‘a murassaʼ kamar va xanjar va murassaʼ davot va sadafkorliq sandali va kiygan nimcha va tagband va “Boburiyxati” bila bitilgan qitʼalar yiboruldi.” “Humoyung‘a tarjimanikim, Hindustong‘a kelgali aytqon ashʼorni yiborildi”.
“Hindolg‘a va Xoja Kalong‘a ham tarjima va ashʼor yiborildi. Mirzobek tag‘oyidin ham Komrong‘a tarjima va Hindqa kelib aytqon ashʼor va “Boburiy xati” bila bitilgan sarxatlar yiborildi”. “Chahorshanba kuni, jumodil avval oyining salxi (oxirgi kuni – 1529, 9-10 fevral) Muriy va Adusag‘a tushub, Kobulg‘a borurbaʼzi qolg‘on xatlarni bu yurtta bitildi... “Xoja Kalong‘a salom degach, so‘z ulkim, ...bizning ehtimomimiz ul sarilar bormoqqa behad va beg‘oyattur. Hinduston ishlari ham bir navʼ somon topib keladur. Tengri taolodin umidandoqdurkim, bu oraning ishi Tengri taolo inoyati bila bot saranjom topg‘ay. Bu ish zabtidin so‘ng betavaqquf, Tengri yetkursa, mutavajjuh bo‘lg‘umdur. Ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutqay. Alalxusus mundoq toyib va toriq bo‘lg‘onda qovun va uzumdek mashruʼ hazni kishi ne tavr xotirdin chiqorg‘ay. Bu fursatta bir qovun kelturub edilar, kesib yegach, g‘arib taʼsir qildi.Tamom yig‘lab edim”.
Ushbu muhim maktubda Bobur Podshoh shunday qatʼiy qaror qiladi: “Mundin so‘ng agar qo‘rg‘on nomazbut, yo raiyat nomaʼmur bo‘lsa, yo zahira bo‘lmasa, yo xazina to‘lmasa, ul umdatul-mulukning bemuhasillig‘ig‘a haml bo‘lur” (Payshanba, Jumodul oxir, 1 -1529, 10 fevral)da yozilgan.
“Odina kuni elchi Kamoliddin Qiyoqqa ruxsat berib, sarhad beklariga farmon bo‘ldikim, qaroq va o‘g‘rini manʼ qilib, yaxshi maosh va ixtilot qilg‘aylar. Bu farmonlarni Ketin Qaro Sultondin kelgan kishiga topshurub, ushbu kenttin ijozat berildi.Shohquli degan Hasan Chalabiydin kelib, urush kayfiyatlarini arz qilib edi, bu Shohqulidin Shoh (Tahmosib)ga xat bitib, Hasan Chalabiyning kech qolg‘onining uzrini butub, odina uni, oyning ikkisida ruxsat berildi”.
“Seshanba kuni, oyning oltisida (1529, 15 fevral) Qarochaning hindustoniy chokari, Mohimning Qarochag‘a bitilgan farmonini olib keldi-keladur emish, mening burna o‘z iligim bila bitigan parvona yo‘suni bila Loho‘r va Bhira va ul navohiydag‘ilarni badraqa tilabtur. Jumodul avval oyining yettisida Kobuldin bu farmone bitigandur.Chahorshanba kuni Odampurdagi orolda dam olishib, Sodiq bila Bilol pahlavonlarning kurashini tamosha qilishgan. Dushanba kuni, oyning o‘n ikkisida (1529, 21 fevral) Kuraraga tushuldi. Bugun taxtiravon bila keldim...namozi xuftan Sulton Jaloliddin kelib, mulozimat qildi.Yakshanba kuni oyning (18-1529, 27 fevral) Muhammad Sulton mirzo va Qosim Husayn Sulton va Beho‘b Sulton va Turdika ushbu yurtta keldilar”.
“Dushanba kuni (1529,28 fevral) Askariy ushbu yurtta kelib, mulozamat qildi.” Bu kelganlar bori Gangning sharqiy tarafidin kelib edilar. Andoq farmon bo‘ldikim, Askariy bila cheriklar tamom Gangning ul yuzi bila-o‘q yurugaylar. Har yerda bu o‘rdu tushsa, alar dag‘i ro‘baro‘da ul yuzda tushgaylar. Ushbu navohida ekanda, ...xabarlar keladur edikim, Sulton Maxmudg‘a bir lak afg‘on yig‘ibdur. Shayx Boyazid bila Bibanni qalin cherik bilaSarvar yiborib, o‘zi va Fathxon Servaniy Gang yoqalab, Chunar ustiga keladur. Sherxon surkim, o‘tgan yil rioyat qilib, qalin pargana berib, bu navohida qo‘yulub edi, bu afg‘onlarga kiribtur. Sherxon va yana bir necha umaroni suvdin o‘tkaribturlar. Sulton Jaloluddinning kishisi Banorasni saxlay olmay, qochib chiqibtur. So‘zlari bu emishkim, Banoras qo‘rg‘onida basʼhiylarni qo‘yub, Gang yoqasig‘a kelib urushqaylar.
Odina kuni Kurara qalʼasining ichida Sulton Jaloluddinning uylariga tushuldi. Bir kuruhcha yo‘l yurub, Gang yoqasiga tushuldi. Shahrak bekkim, Mohim qoshidin Gangga avval kelgan yurtta kelib edi, ushbu kun xat bitib, ushbu yurttin ruxsat berildi. Xoja Kalon Xoja Yahyoning nabirasi mendin bitiyturgan “Vaqoiʼ”ni tilaydur edi, istiktob qildurub edim, Shahrakdin yiborildi”.
“Seshanba kuni ... o‘rdu to‘g‘risida sabzaliq uluq orol bor ekandur, kema bila o‘tub, ul orolni sayr...qilurda daryo yoqasida g‘ofil borilg‘on jarning usti bila o‘ttum. Ot darz qilg‘on jarning ustig‘a chiqqach, jar usti, men filhol sekrab, o‘zumni yoqag‘a soldum, ot ham uchmadi. Agar men otning ustida bo‘lsam edi, g‘olibo bu edikim, ot bila-o‘q uchqay edim.
Ushbu kun Gang daryosini qo‘l solib (suzib) o‘tdim. Bir qo‘lni sanadim, o‘ttuz uch qo‘l bila o‘ttum, yana tinmay o‘zub (suzib) bu yuzga ham o‘ttum. Bori daryolarni o‘zub (suzib), kechib edim. Gang daryosi qolib edi...”
“Namozi shom Gang syi Jun suyining qotilishiga yetib, Payag tarafi bila kemani tortturub, bir pahar to‘rt gariyda o‘rdug‘a keldim. Chorshanba kuni ikki pahardin cherik Jun daryosidin o‘ta kirishti. To‘rt yuz yigirma kema edi.Odina kuni rajab oyining g‘urrasida (birinchi kuni)(529, 1 mart) suv (Gang)din o‘ttim. Dushanba kuni, oyning to‘rtida (1529, 4 mart) Jun yoqasidin Bihar azimati bila ko‘chuldi. Besh kuruh yurub Lavaying‘a tushtuk...Tushgan yurtta kushtigirlarni kushtiga solduk (kurashga tushirdik). Pahlavon Lohuriy kishtibon bila Do‘st Yasin xayr kushti tushti.Qalin talashti, tashvish bila Do‘st yiqitti. Ikkalasiga sarupo inʼom bo‘ldi”....
Yo‘l-yo‘lakay To‘s suyiga kema bilan keldi. “Shanba kuni, o‘n ikki kuruh yo‘l yurub, Nilobg‘a yana Gang daryosi yoqosiga kelildi. Andin ko‘chub, oltikuruh yurub, kentning yuqori yonig‘a tushtuk. Andin yetti kuruh kelib, Nanu purg‘a tushtuk. Ushbu yurtta Chunardin Tojixon o‘g‘lonlari bila kelib, mulozimat qildi. Bu ayyomda Muhammad baxshining arzadoshti keldikim, Kobuldin ko‘ch va urug‘ tahqiq keladur emish.Chahorshanba kuni (1529, 23 mart) ul yurttin ko‘chub, Chunar qo‘rg‘onini sayr qilib, Chunardin bir kuruhcha o‘tub tushuldi. Payagdin ko‘chgan ayyomda vujudimda obila jarohati paydo bo‘lub edi. Bu yurtta bir rumiy Rumda endi paydo bo‘lg‘on muolajani qildi. Murchni safol qazonda qaynatti, jarohatni aning issiq buxoriga tuttum. Buxori kamroq bo‘la issiq suvi bila yudum, ikki soati nujumiyg‘acha darang bo‘ldi”.
Ushbu sayr davomida Bobur Podshohning ovga qiziqishi ham bor edi:
“Ushbu yurtta bir kishi ayttikim, o‘rduning yonidag‘a orolda sher va kark ko‘rubturlar. Sabohi ul orolni chargaladuk. Fillarni ham kelturub edi. Sher va kark chiqmadi. Charga uchidin bir sahroyi govmish chiqibtur”.
“Bukun tund yel qo‘pti. Gard va g‘ubor ko‘p tashvish berdi. Kemaga yetib, kemaga kirib, o‘rdug‘a keldim. O‘rdu Banorasdin ikki kuruh yuqoriroq tushub edi. Chunarning navohisidag‘i jangallarda fil qalin bo‘lur emish. Bu yurttin borib fil ovlar xayolim bor edi. Tojixon xabar kelturdikim, Mahmudxon So‘n suvining qoshidadur. Beklarni charlab, g‘anim ustig‘a ilg‘amoqni mashvarat qilildi. Oxir munga qaror toptikim, uzun-uzog‘ ko‘chub, bedarang-o‘q yurulgay. Andin ko‘chub to‘qquz kuruh yurub, Bilva guzarig‘a tushuldi”.
Dushanba oqshomi oyning o‘n sakkizida (1529, 28 mart) Bobur Podshoh Guyi (Gumti) daryosi bo‘ylab kemada sayr qilgan. Chorshanba kuni (30 mart) Mahmudxon Nuhoniy kelib mulozimat qildi...Odina kuni (1 aprel) Bobur Podshoh Chavsa atrofida sayr qilgan: “Yigitlar bir pora sho‘xluq qildilar.Soqi Muhsin daʼvo qildikim, to‘rt-besh kishini miyorgirlik qilurmen. Bir kishi bila tushti, yiqilayozdi. Ikkinchisi Shodmon edi, Muhsinni yiqti. Xijil va munfail bo‘ldi. Kushtigirlar kelib, kushti tuttilar.Shanba kun (1529, 2 aprel) yana murch dorusini qildim. Bir nima issiqroq ekandur, vujudim qabardi. Xeyli tashvish torttim.Dushanba sabohi kema bila keldim. Baksara to‘g‘risidagi yurtning ro‘baro‘yiga yetib, suvdin o‘tib, ul yurtni sayr qilildi...Namozi xuftan o‘rdag‘a kelildi. Tonglasi seshanba kuni ushbu yurttin Bongola elchisiga farmon bo‘ldi, bu uch fasl so‘zni arzadosht qilsun.Chorshanba kuni ...Biharni tashlab chiqqanlarini xabarini kelturub edi. Panjshanba kuni Bihar eliga farmonlar bitib, ruxsat berildi.Tonglasi Muhammad Zamon mirzo Bihar bormoqni qabul qilib, ...ko‘mak tilabdur....Men bukun otlanib, Bo‘jpur va Bihiyani sayr qilib, kelib, o‘rdug‘a tushtim.Seshanba kuni oyning to‘rtida (14 aprel 1529)da Muhammad Zamon mirzo ...Bihar viloyatig‘a yukunturuldi.Yurtqa yetganda kemalarga ot qo‘yuldi. Burung‘i bayri ulug‘ kemagakim,..”Osoyish” ot qo‘yuldi. Oroyishxon bir kema yasatib peshkash qildi... Bu kemaga “Oroyish” ot qo‘yuldi. Sulton Jaloliddin tortqon kemaga “Gunjoyish” nom qo‘yuldi. Yana bir kichik javkandaliq zavraqkim, har ish-kuch uchun ani yiborulur edi, bu zavraqqa “Farmoyish” ot qo‘yuldi. Tonglasi, odina kuni ko‘chulmadi. Muhammad Zamonning bori ish-kuchi saranjom bo‘lub, Bihar azimati bila bir-ikki kuruh o‘rdudin ayrilib tushib edi, ushbu kun kelib, mendin ruxsat oldi.Ikki josus Banga cherikidin kelib dedikim, banlagiylar Maxdumi Olam boshliq Gandak suyining yoqasini yigirma to‘rt yerda qismat qilib, fasil qo‘poradurlar. Sulton Mahmud boshliq afg‘onlarkim, ko‘ch va uruqlarini o‘tkaradurlar ekandur, o‘tkali qo‘ymay, o‘zlariga qo‘shubturlar. Bu xabar kelgach, chun urush ehtimoli bo‘ldi. Muhammad Zamon mirzoni manʼ qilduk. Shoh Iskandardag‘i uch-to‘rt yuz kishi bila Biharg‘a yiborildi”.
“Shanba kuni Duduning va o‘g‘li Jamolxon Biharxonning kishisi keldi. Bangaliy bularni ko‘z qabog‘i yo‘sunluq saxlar ekandur. Meni deb, Bangaliydin, zarbrost urushub, ayrilib, suvdin o‘tub, Bihar navohisig‘a yetib, mulozimatqa mutavajjih emish. Ushbu kun Bangala elchisi Ismoil Mitaga farmon bo‘ldikim, burun bitib yiborgan uch faslning javobi kech bitiladur: xat bitib yiborsunkim, agar ixlos va yakjihatlq maqomidadurlar, xud botroq javob kelsa kerak”. “Yakshanba oqshomi Turdi Muhammad va Jang-jangning kishisi keldi.Chahorshanba sabohi, shaʼbon oyining beshida (1529, 15 aprel) bu taradin bularning qaravuli yetar, narig‘i darvozadin Bihar shiqdori qochib ketar”.
“Yakshanba kuni (19 aprel)bu yurttin ko‘chub, ariy parganasig‘a tushuldi. Bu yurtta xabar keldikim, lashkari Xariyd yuz-yuz ellik kema bila Saru bila Gangning qotilishida Saru suvining nari yuzida o‘lturg‘on emish. Chun Bangaliy bila sulhguna bor edi, hamisha mundoq ishlarda tayammun jihatidin sulh ishi ilgari tutulubtur. Agarchi beadabliq qilib, kelib yo‘limiz ustida o‘lturubtur, vale doyimg‘i qoidani marʼiy tutub, Bangala elchisi Ismail Mitag‘a yana Mullo Muhammad muzahhibni qo‘shub, o‘shul burung‘i uch so‘zni aytib, muqarrar bo‘ldikim, ruxsat berilgay.Dushanba kuni (20 aprel)Bangala elchisi mulozamatqa kelib edi, ruxsatni anga aytturuldi. Bu ham mazkur bo‘ldikim, g‘ani dafʼig‘a ul sari-bu sari mutavajjih bo‘lg‘umizdur. Sizlarg‘a talluq yer va suvg‘a zarar va osibe yetmagusidur. Nechukkim, ul uch fasl so‘zning biri bu emish edi: lashkari Xariydqa aytkim, yo‘l ustini qo‘yub, Xariydqa kelsun. Turkdin bir necha kishi anga qo‘shaling, Xariyd eliga istimolat berib, yeriga keltursunlar. Agar guzar boshidin ketmasa va bu nodir muqobala so‘zlarni tark etmasa, har yomonliq boshig‘a yetsa, o‘zidin va har noshoyist qoshig‘a kelsa, so‘zidin ko‘rsun. Chahorshanba kuni (23 aprel)Bangala elchisi Ismoil Mitag‘a muʼtodiy xilʼat kiydurub, inʼom qilib, ruxsat berildi”.Panjshanba (24 aprel) kuni Shayx Jamol Dudu bila o‘g‘li Jalolxong‘a istimolat farmonlar va inoyat so‘zlari bila yiborildi. Ushbu kun Mohimning navkari keldi. Bohi Safodin nari Voliydin ayrilg‘on ekandur. Xatlar kelturdi”.
“Shanba kuni (25 aprel) Iroq elchisi Murod Qo‘rchi qajarni ko‘ruldi. Yakshanba kuni (27aprel) Mullo Muhammad muzahhibg‘a muʼtodiy yodgoriylarni topshurub, ruxsat berildi.Chorshanba kuni (29 aprel) Janub tarafi ariy parganasining yovug‘idag‘i nilufarzor sayr qila otlandim. Nilufarzorni sayr qilurda ShayxGuran nilufarning yangi tuxm bog‘lag‘onini kelturdi. Bu pistag‘a filjumla shabohati bor. Yaxshig‘ina nima gulikim, nilufar bo‘lg‘ay, hindustoniy “kaval kakriy” der, tuxmini –“dudu”. Andin So‘nni yovuq dedilar. Borib So‘nni tafarruj qilduk. So‘n suyi qalin daraxtlar ko‘rundi, dedilarkim, Manerdur. Shayx Sharafuddin Maneriyning otasi Shayx Yahyoning qabri andadur. Chun muncha yovuq yetilib edi. So‘ndin o‘tub, So‘n quyi ikki-uch kuruh kelib Manerni sayr qilib, bog‘oti bila o‘tub, mazorni tavof qilib, So‘n yoqasig‘a kelib, g‘usl qilib, namozi peshinni erta ado qilib, o‘rdu sori mutavajjih bo‘ldum”. Tonglasi, panjshanba kuni (30 aprel) Jo‘npurdin Sulton Junayd barlos va yigitlar keldilar. Kech qolg‘onlari jihatidin itob va xitob qilib, ko‘rishmadim. Qozi Jiyani charlab ko‘rushtim. Ushbu kun turk va hind umarosini mashvaratqa charlab, suv o‘tar bobida jange qilildi. So‘z munga qaror toptikim, Gang bila Saru suvining oralig‘a baland ko‘rarda ustod Aliquli qazon va farangi zarbzanni qurub, qalin tufakandozlar bila bu yerdin urush angizi qilg‘ay. Ikki suv qotilishidin juzviy quyiroq jaziradakim, Bangaliyning bir fil va qalin kemasi turubtur, ro‘baro‘yida Gang suvining Bihar tarafidin Mustafo Rumiy olot va adovatini mukammal va muhayyo qilib, urushqa mashg‘ul bo‘lg‘ay. Qalin tufakandozlar dag‘i muning bila bo‘lg‘ay. Muhammad Zamon mirzo va bu bitilganlar Mustafoning orqasig‘a tushub, ko‘mak bo‘lg‘aylar. Ustod Aliquli va Mustafog‘a zarbzan otmoqqa va qazon qurmoqqa, mo‘ljor qo‘porib, yer yasamoq uchun qalin beldor va kaharg‘a muhassillartaʼyin qilildi...”
Jangga tayyorgarlik tafsiloti orasida, - “Bu oqshom..(1529, 4 may) kemada-o‘q takya qildim. G‘arib voqea dastberdi. Kechaning uch posig‘a yovuq kemada suron va g‘avg‘o chiqti. Chuhralar – har kim kemaning bir yig‘ochini olib, ur-ur deb qichqirishadurlar. ..Bir tunqator anda edi, uyqudin ko‘z ochib ko‘rarkim, bir kishi “Osoyish” kemasiga ilik qo‘yib chiqar xayolidadur. Ustiga tashlar; suvga cho‘mub, chiqarida tunqatorning boshig‘a chopar; ozroqcha zaxm qilib edi, suv sari-o‘q qochar. G‘avg‘o bu jihattin ekandur. Tengri taolo saxladi.
Agar tig‘i olam bijunbad zi joy,
Naburrad rage to nahohad Xudoy.
(Mazmuni: Agar olam tig‘i o‘z qinidin qo‘zg‘alsa, Xudo xohlamasa biror tomirni ham qirqmaydi.)–degan baytni keltirib, o‘zini ko‘nglini ko‘targan edi.
“Ertasiga tonglasi, chahorshanba kuni... har kimni bir ishga taʼyin qildim. O‘g‘onberdi mo‘g‘ul boshliq ming chog‘liq yigitni yiborilib edikim, bir-ikki-uch kuruh yuqoriroqtin har tavr qilib suv kechgaylar. Bular brurda Askariyning o‘rdusi to‘g‘risidin yigirma –o‘ttuzcha kema bila bangaliylar o‘tub, qalin ayoq chiqib, dastburdi ko‘rsatur xayolida ekandurlarkim, bular ot solib qochurub, ir nechasini olib, ...qalin kishini o‘qlab, yetti-sakkiz kema olurlar...Bir kemani iliklab, mening qoshimga kelturdilar”
Keyingi bir necha kun davomida daryo qirg‘og‘ida bo‘lib o‘tgan janglar tafsiloti bayon qilingan..
“Yakshanba kuni (1529, 15 may) Sanbalda Ali Yusuf va tabibi bir kunda vafot etgan edi. Abdullohbek Sanbal hokimi etib tayinlandi. Dushanba kuni, oyning sakkizida (1529, 16 may) Jalolxon Daryoxonning nabirasikim, Shayx Jamoliy borib edi, bo‘lg‘on mo‘tabar umarosi bila kelib mulozimat qildi... Yahyo Nuhoniykim, burunroq inisini yiborib, qulluq izhori qilib, siyosat farmoni borib edi, kelib mulozimat qildi... Muhammad Zamon Mirzog‘a Jo‘npur viloyatini berildi. Panjshanba kuni oxshomi (1529, 19 may) Xalifaning G‘ulom otliq navkari, Shohzoda Mungerning Abulfath otliq navkari bila ul uch fasl so‘zni eltib edi, ...bitilgan xatlarni keltirdi. Ul uch shartni qabul qilib, Nusratshoh tarafini o‘ziga olib, isloh so‘zini orag‘a solibtur.
Chun bu yurush bog‘iy afg‘onlarning davʼi uchun edi, bu yog‘iylarni baʼzilarini boshini olib elttilar, baʼzisi kelib, chokarlik va qulluqni qabul ettila; oz-og‘loqkim, qolib edi, Bangaliylarning dastgiri edi. Ani Bangaliy o‘ziga oldi. Pashkal (yomg‘ir) ham yovuqlashib edi. Biz dag‘i aning muqobalasida mazkur bo‘lg‘on sharoit bila isloh so‘zini bitib yiborduk”.
“Shanba kuni (1529, 21 may) Ismoli Jilvaniy, Alovulxon Nuhoniy, Avliyoxon Ishroqiy, besh-olti umaro bila kelib mulozimat qildilar. Ham ushbu kun Esan Temur Sulton bila To‘xta Bo‘g‘a Sultong‘a juldu kamar shamshir va kamar xanjar, jibalar va xilʼatlar va tupchoq otlarva Esan Temur Sultong‘a Narpul parganasidin o‘ttuz olti lak va To‘xta Bo‘g‘a Sultong‘a Shamsobod parganasidin o‘ttuz lak inoyat qilib, yukunduruldi. “Dushanba kuni, oyning o‘n beshida (1529, 23 may) Bihar va Bangala tarafidin xotirni jamʼ qilib, Saru daryosi yoqasidagi va Kundaba navohidag‘i yurttin Biban va Shayx Boyazid haromxo‘rlarning dafʼi sharrig‘a azm-jazm qilib ko‘chtuk”.
“Ushbu oxshom (1529, 25 may) tarovihdin so‘ngra bir pos va besh gariy bo‘lub edikim, pashkal bulutlari qaynab, bir zamonning ichida andoq to‘fon bo‘lub qattiq yel qo‘ptikim, yiqilmag‘on chodir kam qoldi. Men hirgoh ichida kitobat qiladur edim, kog‘az va ajzoni yig‘ishtig‘uncha fursat bo‘lmadi, hirgohni peshxona bila-o‘q mening boshimg‘a yiqti. Hirgoh tunglug reza-reza bo‘ldi. Tengri saxladi,osebe yetmadi. Kitob va ajzo g‘arq o‘l bo‘ldi. Tashvish bila yig‘ishturuldi. Saqarlot kat zayluchasig‘a chirmab, kat ostig‘a qo‘yub, ustiga gilemlarni yoptuk. Ikki gariydin so‘ngra taskin topti. To‘shakxona chodirin tikturub, shamʼ yoqturdi.Mashaqqat bila o‘t yondurub, tong otquncha uxlamay, avroq va ajzoning qurutmog‘ig‘a mashg‘ul eduk. Panjshanba kuni men suvdin kechtim. Odina kun otlanib, Xariyd va Sekandarpurni sayr qilildi. Ushbu kun Abdullo bila Boqi Laknauning olilg‘onini bitib edilar. Shanba kuni Ko‘kuyni jamoati bila ilgarrak yiborildikim, Boqiga qo‘shulg‘ay. Yakshanba kuni Sulton Junayd barlosni va Hasan Xalifani va Mullo Opoqning jamoatini va Mo‘min atkaning og‘a-inisini ruxsat berildikim, borib Boqiga qushulub, men yetguncha ilikdin kelurlarini taqsir qilmag‘aylar”.
Ushbu maʼlumotlardan eng muhimi Lakhnau shahrini qo‘lga kiritilishidir. Yakshanba kuni “ushbu namozi digar Shoh Muhammad Maʼrufqa xossa xilʼat va tupchoq inoyat qilib ruxsat berildi. Bilturg‘i dastur bila Saranni vajhig‘a va Kundlani tarkash band saxlamog‘ig‘a inoyat qilildi. Ham ushbu kun Ismoil Jilvaniyg‘a Sarvardin yetmish ikki lak vajh inoyat qilib, ruxsat berildi. Aloulxon Nuhon boshliq aning bila kelganlarga ham Sarvardin vajh taʼyin qilib, ruxsat berildi. Muqarrar andoq bo‘ldikim, har qaysining birorini o‘g‘li Agrada hamisha mulozamatda bo‘lg‘ay. “Gunjoyish” va “Oroyish” kemasini yana ikki bangaliy kemasi bilakim, bu navbat tushgan kema bangala kemalaridin intixob qililib edi, bangaliylarga uhda qilildikim, Tirmuhaniy bila G‘ozipurg‘a eltgaylar. “Osoyish” bila “Farmoyish” kemasiga farmon bo‘ldikim, Saru yuqori o‘rdu bila hamroh eltgaylar. Bihar va Sarudin xotirni jamʼ qilib, dushanba kuni Chaturmukning Cho‘para guzridin Avad tarafi Saru yoqalay ko‘childi.O‘n kuruhcha yo‘l kelib, Fatehpurning tavobidin Kaliyra degan kentning yonida Saru yoqasida tushuldi. Erta ko‘chganlar oziqib, Fathpurning ulug‘ ko‘liga boribturlar. Bir necha kishini chopturuldikim, yaqindag‘i elni yondurg‘aylar. Kichik Xojani yiborildikim, ko‘l yoqasida qo‘nub, anda tushgan cherikni tonglasi kelturub o‘rdug‘a qo‘shg‘ay”.
“Erta andin ko‘chub, yarim yo‘lda “Osoyish” kemasiga kirdim. Yuqori yurtg‘acha tortturub keldim. Yo‘lda Shoh Muhammad devonaning o‘g‘likim, Boqi qoshidin kelib edi, Xalifa kelturdi- Lakhnau xabari tahqiq bo‘ldi”.“Shanba kuni, ramazon oyining o‘n uchida (1529,21 may) urush solurlar. Urush bila hech ish qila olmaslar. Urush asnosida yig‘ishturg‘on xas va kapa va jarig‘a yakbora o‘t tutashur, andoqkim, qo‘rg‘on ichi tanurdek tafson bo‘lur, fasila ustida yura olmaslar. Qo‘rg‘onni olurlar. Ikki–uch kundin so‘ng bizning qaytg‘on xabarimizni topib, Dalmud sari ko‘charlar. Bu kun ham o‘n kuruhcha yo‘l kelib, Sekriy parganasining Jalesar otliq kentining yonida Saru yoqasig‘a tushuldi”.
“Chahorshanba, otning osoyishi uchun, ul yurtta maqom bo‘ldi. Shayx Boyazid va Bibanni baʼzilar dedilar edikim, Gangdin o‘tub, Chunar va Jun navohisi bila o‘zlarini sipohiylarig‘a tortar xayoli bor emish. Beklarni chorlab, mashvarat qilib, andoq so‘z bo‘ldikim, Muhammad Zamon mirzo va ..., Chunarda muxoliflar yo‘lini to‘sqaylar.Tonglasi panjshanba kuni erta ko‘chub, Saru yoqasidin ayrilib o‘n bir kuruh yo‘l kelib, Parsarudin o‘tub, Parsaruning yoqasida tushuldi. Beklarni charlab, mashvarat qilib, Esan Temur Sulton, ...boshliqlarni taʼyin qilildikim, Boyazid va Bibanning keyincha Dalmut tarafi cherikdin ayrilib, ildam borg‘aylar. Ushbu Parsaruda kecha tahorat qiladur edim, shamʼ yorug‘ig‘a qalin baliqlar yig‘ilib, suv yuzig‘a chiqtilar. Men va yana yovug‘imdag‘ilar ilik bila qiln baliq tuttuk”.
“Odina kuni Parsaruning bir shoh obining boshig‘a tushuldi. Xeyli ingichka suv edi. Cherik elining ubur va muriridin tag‘ayyur topmag‘ay, debyuqorisini bo‘g‘durub, bir dahi-dardah bo‘lg‘on yerini tahorat uchun yasattim. Bistu haftum (yigirma yettinchi) kechasi ushbu yurtta bo‘ldi. Dushanba kuni, oyning yigirma to‘qquzida (1529, 7 iyun) To‘s suvining yoqasida manzil edi. Bu oxshom, buvujudikim, havo yaxshi sof emas edi, bir necha kishi oy ko‘rdilar. Qozi qoshida guvohlik berdilar, oy boshi sobit bo‘ldi... Seshanba sabohi iyd namozini o‘tab otlanildi. O‘n kuruh yo‘l kelib, Tayikning bir kuruhida Go‘yi suvining yoqasida tushtuk... Shayx Zayn va Mullo Shihob va Xondamirg‘a bug‘ina baytni yiborub tiladuk:
Shayxu Mullo Shihobu Xondamir,
Keling uch-uch, ikki-ikki, bir-bir.
Namozi digar kushtigirlar kushti tuttilar. (1529, 9 iyun) Pahlavon Avadiykim, burun kelib edi, bu fursatta kelgan hindustoniy kushtigir bila kurashib yiqti. Yahyo Nuhoniyg‘a o‘n besh laklik yer Sarvardin vajhig‘a berib, sarupo kiydurub, ruxsat berildi”.
“Tonglasi o‘n bir kuruh yo‘l kelib, Go‘yi suvidin o‘tub, ushbu suv yoqasida tushuldi...Ushbu suvdin ora ikki qo‘nub, Dalmud kelildi...Boqi Toshkandiy Avad cheriki bila o‘shul kun kelib, mulozimat qildi (1529, 14 iyun).Gang suvidin ora qo‘nub, Kuraraning yonida arind suyining yoqasig‘a tushuldi. Dalmuddin Kurara yigirma ikki kuruh yo‘ldur...Tonglasi jumʼa namozi digar Boqibekning navkari keldi. Shayx Boyazid va Bibanning qarovulini bosib, Muborakxon Jilvaniy otliq o‘bdon kishisini va yana bir necha kishisini o‘lturub, bir necha bosh va bir tirik yuborilibtur.Sabohi, Shoh Husayn baxshikim, Boqi bila borib edi, keldi. Qarovulni bosganini va andag‘i xabarlarni mashruh arz qildi” (1529, 18 iyun).
“Ushbu oxshom kim, yakshanba kechasi va oyning o‘n uchi (1529, 20 iyun) Jun daryosiga kirdi, andoqkim, sabohi bu orolni durust suv bosti. Bir o‘q otimiquyuroq yana bir orolg‘a borib, chodir tikib o‘turdim. Dushanba kuni (1529, 21 iyun) ilg‘or borg‘on sultonlar va beklar qoshidin Jalol Toshkandiy keldi, ilg‘or xabarini topib, Shayx Boyazid va Biban Maho‘ba paranasidin qochibturlar”.
“Ushbu namozi digar...Muso Maʼruf Farmuliykim, cherikdin yonib, Saru daryosidin o‘tganda kelib mulozimat qilib edi, o‘ttuz laklik pargana Amruhardin vajhig‘a taʼyin qilib, xossa boshtin oyoq va egarlik ot inoyat qilib, Amruharg‘a ruxsat berildi (1529, 21 iyun).Bu taraflardin xotirjam qilub, seshanba kechasi ilg‘or tariqi bila Agraga mutavajjih bo‘lduk...Kalpiy parganalaridan So‘gandpurg‘a Bahodirxon Servoniyning go‘rxonasig‘a tushub, uyuxlab, andin tebraduk...Kun tushta Itaʼvag‘a yettuk....Rapriyning Fathpurig‘a tushuldi. Fathpurdin otlanib, Agraning “Hasht behisht” bog‘iga tushuldi. (1529, 24 iyun).Tonglasi odina kuni Muhammad Baxshi va baʼzilar kelib, mulozamat qildilar. Namozi peshinga yovuq Jundin o‘tub, Xoja Abdulhaqqa mulozamat qilib, qalʼa borib, amma begimlarni ko‘rdum” (1529, 27 iyun).
“Balxiy polizkorni qovun ekkali qo‘yulub edi. Bir necha qovun saxlag‘on ekandur, kelturdi. Xeyli yaxshig‘ina qovunlar edi. Bir-ikki buta tok “Hasht behisht” bog‘ida ekturub edim, aning ham yaxshig‘ina uzumlari bo‘lub edi. Shayx Guran ham bir sabad uzum yiborib edi, yomon emas edi. Hindustonda qovun, uzumning muncha bo‘luridin filjumla xursandlig‘ bo‘ldi. Yakshanba kechasi ikki pos bor edikim, Mohim keldi. Biz cherikka jumodulavval oyining o‘nida o‘tlanib eduk, g‘arib umuri ittifoqiy voqiʼ bo‘lubturkim, bular ham Kobuldin o‘sha kunda chiqqan ekandurlar. Panjshanba kuni zilqaʼda oyining g‘urrasida ulug‘ devonxonada devon o‘lturg‘onda Humoyunning va Mohimning peshkashlarin torttilar.(1529, 7 iyul). Ushbu kun Mag‘fur devonning bir navkarini yuz ellik kaharg‘a muzd berib, qovun va uzum va meva uchun Kobulg‘a yiborildi”.
Hijriy yil to‘qquz yuz beshinchi (1528-1529)ning oxirgi zulqaʼda oyida shanba, yakshanba kunlari Kobuldan kelgan Hindubekni va Hisomiddin Ali Xalifa Alvardan kelib mulozimat qilishgan.
Kobuldan kelganlar Shayx Sharif Qorabog‘iy Abdulaziz to‘g‘risida turli harakatlar sodir etgani uchun yakshanba kuni, “oyning o‘n birida (1529, 16 iyul) Qanbar Ali Arg‘unni yiborildikim, Shayx Sharif va Log‘ur aimmasini va savdariylarni va Abdulazizni dargohig‘a olib kelturgay. Panjshanba kuni, oyning o‘n beshida (1529, 21 iyul) Bobur Mirzo Chin Temur Sultonni qabul qildi, pahlavon Sodiq bila Ulug‘ Avadiy kushtigir kushti tuttilar. Sodiq qora yiqti. Xeyli tashvish tortti”.
“Dushanba kuni oyning o‘n to‘qqizida (1529, 25 iyul) qizilbosh (safaviy) elchisi Murod qo‘rchig‘a murassaʼ kamar xanjar va munosib xilʼat kiydurub, ikki lak tanga inoyat qilib, ruxsat berildi. Bu kunlarda Sayyid Mashhadiy Gvaliordin kelib, Rahimdodning yog‘iyliq angizini arz qildi”.
O‘zaro munosabatlarni tiklash uchun harakatlar amalga oshirilgan edi.
“Panjshanba kuni mazkur oyning yettisida (1529, 12 avgustida) Itaʼvadan Mahdiy Xoja keldi. Iyd kuni Hindubekka xossa bosh-oyoq, murassaʼ kamar shamir va tupchoq inoyatbo‘ldi, Hasan Alig‘akim, turkman orasidaChiatoyg‘a mashhurdur, bosh-oyoq va murassaʼ kamar xanjar va yetti laklik pargan inoyat bo‘ldi”.
“Vaqoyiʼi sanayi sitta va salosina va tasʼa mia”–to‘qquz yuz o‘ttiz oltinchi (1529) yil voqealari bayoni ham avvalnikilari kabi yuksak mahorat namunasi deyish mumkin. Ularda sodir bo‘lgan voqealarning eng muhimlari bayon qilingan: “Seshanba kuni, muharram oyining o‘n uchida (1529, 17 sentabr) Gvaliordin Shihobudin Xisrav bila Shayx Muhammad G‘avs Rahimdodning shafoati uchun keldi. Chun darvesh va aziz kishi edi, Rahimdodning gunohlarini alarg‘a bag‘ishlab, Shayx Guran bila Nurbekni Gvaliorg‘a yiborildikim, Gvaliorni bularga topshurub”...(Haydarobod qo‘lyozmasi oxiri).
Bundan keyin kelgan voqealar bayoni “Vaqoyiʼ” asari matnining “Qozon bosmasi”dan olingan: “Bularning ko‘magiga yiborduk. So‘ngra Muhammad Ali jang-jangni yiborildi. Ilgari taʼyin bo‘lg‘on Mullo Muhib Alilar yetguncha, Abdulaziz alarni tebratib, tug‘ini olib, Mullo Neʼmat va Mullo Dovud va Mullo Opoqning inisi va yana bir nechani olib, shahid qilgan ekandurlar. Bular yetgach, Zohir Tabariy Muhib Alining tag‘oyisi chopar ko‘mak yetmas, Zohirni o‘shanda-o‘q olurlar, Muhib Ali ham urush asnosida yiqilur. Boltu ko‘ndalondin kirib, Muhamb alini chiqarur. Bir kuruhgacha bularning keyinicha kelurlar. Muhammad Ali jang-jangni qarosi paydo bo‘lg‘ach, turarlar. Bizga payopay xabar keldikim, g‘anim kishisi yovuq keldi. Jiba kiyib, otlarg‘a kejim solib, yarog‘lanibchopa otlanduk. Buyurdumkim, arobalarni tortib ketirgaylar. Bir kuruh kelduk. G‘anim kishisi yong‘an ekandur”.
Zahiriddin Muhammad Boburning Temuriylar saltanati hududlaridan biri Farg‘ona viloyati poytaxti Andijon shahrida podshoh oilasida tug‘ilib, qizg‘in siyosiy kurashlar, jangu jadallarga qaramasdan qanday qilib buyuk shoir bo‘lib shakllanishini “Vaqoyiʼ” matni asosida kuzatish juda maroqlidir. Bu asar matni bilan kishi qayta-qayta tanishgach, aksar hollarda bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalarni muallif kabi ixcham va lo‘nda bayon etish juda mushkilligini his qiladi. Bunday o‘rinlarda voqealar bayonini qayta bayon qilgandan ko‘ra, Bobur Podshoh yozganiday qoldirishdan boshqa iloj yo‘q!
Yirik rus olimi, akademik Vladimir Kvint Amir Temurning “Tuzuklar” asari asosida Sohibqironning strategik yetakchiligini ochib berish uchun, asl matnni qoldirgan holda unga izohlar yozish bilan cheklandi, xolos.
Ushbu tadqiqot jarayonida avval bayon etilgan voqea-hodisalarni alohida o‘rganib, ularni tadqiq va tahlil qilishga intildik. Lekin asar matni va mazmuni ichiga kirib borish jarayonida ko‘p hollarda asar matnini muallif Zahiriddin Muhammad Bobur yozganidek qoldirish muhim ko‘rindi.
Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘lini, shoir bo‘lib shakllanish jarayonini kuzatish uchun “Vaqoyiʼ” asarida mavjud maʼlumotlar yetarli degan xulosaga keldim. Agar bu maʼlumotlarga muallifning “Devon”laridagi sheʼriy asarlar hamda “Aruz risolasi”dagi boshqa buyuk shoirlar sheʼrlaridan keltirilgan lavhalar Bobur Mirzo sheʼriy dahosini to‘liq ochib berishga xizmat qiladi.
“Vaqoyiʼ”dagi maʼlumotlarda mavjud sheʼriy lavhalar, ularga muallifning munosabatini o‘rganib, XVI va XVII asrlardagi Mirzo Muhammad Haydar, “Musavvadi avroq” – “Vaqoyiʼ”ning Qozon bosma matni oqqa ko‘chiruvchi hamda Hasanxoja Nisoriyning “Aruz risolasi” yohud “Turkiy aruz” mazmuni to‘g‘risidagi fikrlarini umumlashtirib, Zahiriddin Muhammad Boburning buyuk shoir va adabiyotshunos ekanligini yana bir bor tasdiqlash mumkin. Uning bu asarlari Alisher Navoiyning sheʼriy asarlari anʼanalarini davom ettirib mumtoz turkiy-o‘zbek sheʼriyatini yuksak taraqqiyot darajasiga ko‘tardi.
Alisher Navoiy mumtoz turkiy sheʼriyatni anʼanalar asosida, yaʼni “Devon”larda “Hamd”, “Naʼt” g‘azallarni hamda arab alifbosidagi harflar bilan tugaydigan g‘azallar yaratib, ona tili qudratini namoyish eta olgan edi. Buyuk shoir uchun sheʼriyatning tarbiyaviy ahamiyati ham muhim bo‘lgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur mumtoz turkiy -o‘zbek sheʼriyatida Alisher Navoiy maʼnaviy jasoratini aynan qaytarishga intilmadi, balki “o‘z taʼbi va holatiga” munosib sheʼrlar yaratib, ularda zamon ruhini kuchaytirib ifoda eta oldi. Faxriyasida yozganidek, Bobur Mirzo sheʼrlari ham buyuk mumtoz fors sheʼriyati klassiklar Salmon Sovajiy va Hofiz Sheroziy ijodi namunalari qatorida yonma-yon turishga haqlidir.
Abdumajid Madraimov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
tarix fanlari doktori, professor
Fikr qoldirish#