Zahiriddin Muhammad Boburning Sharq adabiyoti tarixida muhim o‘rin tutuvchi «Vaqoyi’” “Boburnoma” asari ensiklopedik xarakterga ega bo‘lib, unda Farg‘ona, Movarounnahr, Xuroson, Afg‘oniston va Hindistonda bo‘lib o‘tgan yirik tarixiy voqealar xronologik tartibda bayon qilingan. Shu sababli ham, «Boburnoma»ga Sharq va G‘ap6 olimlari katta qiziqish bilan qaraganlar. Asar yirik badiiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga molikligi tufayli rus (ikki nashr), lotin, ingliz (ikki tarjima, sakkiz nashr), nemis, fransuz (ikki tarjima), urdu (ikki tarjima, uch nashr), hind, turk, azarbayjon, qozoq, arab va italyan tillariga tarjima qilingan (So‘nggi tarjima va nashrlar to‘g‘risida ma’lumotlar Bobur ensiklopediyasi 180-bet)
«Boburnoma» o‘rta asrlarda to‘rt marta fors tiliga tarjima qilingan, bulardan uchtasi Hindistonda amalga oshirilgan.
Zahiriddin Muhammad Boburning zamondoshi, safdoshi Shayx Zayn Havofi Vafoyi (vaf. 1533, Agra) asarni fors-tojik tiliga ag‘dargan ilk tarjimon hisoblanadi. Vafoyi hirotlik olimlar bilan birga Hindistonga, Bobur Podshoh saroyida xizmat qilish uchun kelgan va 1533-1534 yillari Agra shahrida vafot etgan. Zamonasining o‘qimishli ziyolilaridan bo‘lgan Vafoyi «Futuhoti Hind» («Hindiston fathi») yoki “Tabaqoti Boburiy” nomli tarixiyasarmuallifi hamda Bobur Podshohning «Mubayyin» asariga sharhlar ham yozgan. Vafoyi «Boburnoma»ning atigi bir parchasini, ya’ni hijriy 932 – 933 yil voqealarini fors-tojik tiliga tarjima qilgan, xolos (Yu.E.Bregel «Boburnoma»ning Alvar kutubxonasidagi forscha to‘la nusxasini Shayx Zayn tarjimasi deb ko‘rsatsa ham, o‘z fikrini asoslamaydi ). Tadqiqotchilarning yozishicha, tarjimada asl nusxadagi «men» formasi uchinchi shaxs ko‘plik olmoshi bilan almashtirilgan hamda asarning til uslubi ancha o‘zgartirilgan.
«Boburnoma»ning Shayx Zayn tomonidan qilingan fors-tojik tilidagi tarjimasining fanga ma’lum qo‘lyozma nusxalari quyidagilar:
1. Britaniya muzeyida saqlanayotgan OR. 1999 raqamli qo‘lyozma. Varaqlar soni – 102. Xati – nasta’liq. Yozuv jadval (xat cheti chiziqlar)ga olingan. Xattoti mashhur tarixchi Xondamirning nabirasi Abdulloh ibn Muhammad ibn G‘iyosiddin Xondamir. Qo‘lyozma hijriy 998 (milodiy 1590) yili kitobat qilingan. Bu nusxa ingliz tarixchisi H. M. Elliot tomonidan sotib olingan.
2. Shu muzeydagi Add. 26202 raqamli qo‘lyozma. Varaqlar soni – 83. Xati – nasta’liq. Bu nusxa XVII asrga taalluqli.
3. Parij milliy kutubxonasi qo‘lyozmasi. Bloshe katalogidagi raqami – 2154. Varaqlar soni – 188. Xati–nasta’liq.XVII asr boshlarida kitobat qilingan.
Britaniya muzeyidagi OR.2049 raqamli qo‘lyozma. Varaqlap soni – 86. Xati–nasta’liq. Nusxa alohida uch parchadan iborat bo‘lib, XIX asrning birinchi yarmiga taalluqli ( Bulardan tashqari, «Boburnoma»ning Shayx Zayn tarjimasi qo‘lyozmalari Hindistonning Udaypur shahrida ikkita, Alvar shahri muzeyi, Rampur shahridagi Rizo kutubxonasi va Britaniya muzeyida bittadan nusxasi mavjud).
4. «Boburnoma»ning ikkinchi tarjimasi tashabbuskori Boburning chevarasi Sulton Salim Mirzoning ma’naviy ustozi Qutbiddin Muhammadxon Bahodirxon Beklarbegi o‘g‘li Behruzxon Navrangxondir. Ma’lumotlarga qaraganda, Behruzxon «Boburnoma»ni o‘zbek tilida o‘qib chiqib juda ta’sirlangan va Mirzo Poyanda Hasan G‘aznaviydan uni fors tilga tarjima qilishni iltimos qilgan. Mirzo Poyanda «Boburnoma»ning bir qismini (taxminan olti yilgi voqealar bayonini) tarjima qilib ulgurgan, xolos. Muhammad Quli Hisoriy degan ikkinchi tarjimon 1586 yili Mirzo Poyanda ishini nihoyasiga yetkazgan.
Mirzo Poyanda va Muhammad Quli tarjimasi tadqiqotchilar tomonidan yuqori baholangan bo‘lmasa-da, u Bobur Podshoh asariga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tibor dalilidir. Asl nusxalarning biridan amalga oshirilgan mazkur tarjima qo‘lyozmalari ham «Boburnoma» matnini tiklashda, garchi asosiy manba hisoblanmasa ham yordamchi vosita bo‘lishi shubhasizdir. Hozircha bizga ma’lum bo‘lgan Mirzo Poyanda va Muhammad Quli Hisoriy tarjimasining qo‘lyozma nusxalari quyidagilar:
1. Britaniya muzeyi nusxasi. Raqami –Add. 6588. Varaqlar soni – 139 ta. Xati – nasta’liq. Qo‘lyozma XVIII asrda kitobat qilingan. Uni Angliyaga Jeyms Grand degan odam olib kelgan.
2. Bodli (Angliya) kutubxonasi. Ete katalogidagi raqami – 179. Varaqlar soni – 232. Xati – nasta’liq. Qo‘lyozmaning birinchi va ikkinchi qismi yanglish kitobat qilingan. Uni Jon Fauler kutubxonaga taqdim qilgan.
3. Hindiston mahkamasi (Angliya)nusxasi. Raqami – 913. Varaqlar soni – 236. Xati – nasta’liq. Bu nusxa «Tuzuki Boburiy» deb atalib, V. Kirkpetrik tomonidan 1804 yili mahkamaga tuhfa qilingan (Qutbiddin Muhammadxon Bahodirxon Beklarbegi o‘g‘li Behruzxon Navrangxonlarning biri G‘azni hukmdori bo‘lgan degan ma’lumot mavjud).
O‘rta asr olimlarining «Boburnoma»ga qiziqishlari asarning fors tiliga to‘la va asl nusxaga yaqin tarjima qilish zaruriyatini yuzaga keltirdi. Jaloluddin Muhammad Akbar Podshoh tashabbusi bilan yangi tarjima dunyoga keldi. Bu mas’uliyatli ish bir necha til bilimdoni, shoir, olim va sarkarda, Bobur Podshohning qizining qizi Salimasulton Begimning o‘g‘li Abdurahimxon tomonidan 1589 yili amalga oshirildi. Abdurahimxon tarjimasi asl nusxaga juda yaqin bo‘lgani bois, “Voqi’oti Boburiy” deb atalib, keyinchalik, «Boburnoma»ning dunyo bo‘ylab tarqalishida, ingliz, nemis, urdu, hind tillariga tarjima qilinishida muhim rol o‘ynadi.
«Boburnoma»ning forscha nusxalari orasida Abdurahimxon tarjimasi qo‘lyozmalari eng ko‘p tarqalgan va ular nafis mo‘jaz rasmlar bilan ziynatlangan, o‘z davri kitobat san’atining yung yuksak namunalaridir. Quyida shu qo‘lyozmalar bilan qisqa tanishib o‘tamiz:
Britaniya muzeyi nusxasi. Raqami –OR.3714. Varaqlar soni – 528. Qo‘lyozma, qo‘sh zarvaraqdan tashqari, 116 sahifa rasm bilan (46 musavvir tomonidan) ziynatlangan. 93 sahifadagi miniatyuralar professor Hamid Sulaymon tomonidan nashr qilingan (Sulaymonov , 96).
1. .Xati yirik nasta’liqda. Xattoti Muhammad Husayn Kashmiriy. Yozuv jadvalga olingan. Qo‘lyozma XVI asrning oxirgi choragiga mansub. U Akbar kutubxonasi uchun maxsus kitobat qilingan. Xattoti Muhammad Husayn Kashmiriy.
2. Dehli Milliy muzeyi nusxasi. Raqami 5088 Vyu Varaqlar soni – 382. Qo‘lyozmaning 145 sahifasi 48 rassom tomonidan chizilgan 183 miniatyura bilanbezatilgan. Xati–nasta’liq. Qo‘lyozmadagi rasmlarning birida «Akbar hukmronligining 41 yili» (1597-98) degan yozuv bor. Bu nusxa avval Agra shahridagi Jon kollejining mulki bo‘lgan. Uni Yu. E. Bregel ham Agra, ham Dehli nusxasi deb ikki marta qayd etadi. Ushbu qo‘lyozma rasmlari 1983 yili M.S.Randhava tomonidan ingliz va hindiy tilida chop etildi (Randhawa M.S. Paintings of Baburnama. New Dehli:National Museu ).
3. Britaniya muzeyidagi V. Erskin nusxasi. Raqami –Add. 26200. Varaqlar soni – 380 ta. Xati – nasta’liq. Qo‘lyozmada unvon va to‘rt rasm mavjud. Ayrim sahifalar rasmlar uchun bo‘sh qoldirilgan. Nusxa XVI asr oxirida kitobat qilingan bo‘lib, undan V. Erskin «Boburnoma»ni ingliz tiliga tarjima qilishda foydalangan.
4. Bodli kutubxonasi nusxasi. Ete katalogidagi raqami – 180. Varaqlar soni – 209. Xati – nasta’liq. Qo‘lyozmada zarvaraq va 28 rasm bor. XVI asr oxirida kitobat qilingan mazkur qo‘lyozmaning ayrim varaqlari yirtib olingan.
5. Parij Milliy kutubxonasi nusxasi. Qo‘lyozma E.Bloshe katalogida qayd etilmagan. Smit-Lesof fondida saqlanadi. Qo‘lyozmadan olingan ikkita miniatyura fransuz olimi F. Grenandning «Bobur» nomli monografiya (Parij, 1930)sida chop etilgan.
6. Moskvadagi Sharq xalqlari san’ati Davlat muzeyi nusxasi. Bu noma’lum qo‘lyozmadan yirtib olingan 57 alohida varaq bo‘lib, ularda 72 rasm mavjud. Xati yirik nasta’liqda. Bu nusxaning 48 varag‘i ilgari Eron shohi kutubxonasining mulki bo‘lgan. Ularni Shoh Nasriddinning onasi Rossiya davlati vakili knyaz Dolgorukovga hadya etgan. Qolgan to‘qqiz rasmli varaqni A.V.Morozov 1906 yili Nijniy Novgorodga Erondan kelgan savdogarlardan sotib olgan. Matn XVI asr oxirida va XVII asr boshlarida bitilgan. Mazkur varaqlardagi miniatyuralar 1960 yili professor S. I. Tyulyayev tomonidan albom holida nashr qilingan (Miniatyuri rukopisi Babur-name. Avtor-sostavitel S. I. Tyulyayev, M.: Gos. Izd-vo izobrazitelnogo iskusstva).
7. Viktoriya va Albert muzeyi (Angliya) nusxasi. Muzeyda noma’lum qo‘lyozmadan yirtib olingan 17 rasmli varaq mavjud. Xati yirik nasta’liqda. Bu varaqlar 1913 yili sotib olingan. Ingliz olimi B. Greyning yozishicha, mazkur nusxaga tegishli bir varaq Britaniya muzeyining Manak bo‘limida saqlanmoqda.
8. Chester Beatti kutubxonasi(Irlandiya, Dublin) nusxasi. Mazkur kutubxonada noma’lum qo‘lyozmaning 6 varag‘i mavjud bo‘lib, ularda sakkizta rassom tomonidan chizilgan 16 ta miniatyura asarlari bor. Xati yirik nasta’liqda. Varaqlar 1927 yili Parijda Shefner degan shaxsdan sotib olingan. Hind miniatyuralari tavsifi bilan shug‘ullangan ingliz olimi T. V. Arnold ularni Qazviniyning «Ajoyib ul-maxluqot» asarining Akbar uchun qayta tahrir qilingan nusxasiga taalluqli, deb yozadi, bizningcha bu xato.
9. Luvr muzeyi(Fransiya) nusxasi. Raqami – 7151; 7152. Muzeyda qo‘lyozmaning ikkita miniatyurali varag‘i mavjud. Xati yirik nasta’liqda. Ular Viktoriya va Albert muzeyi nusxasiga tegishli bo‘lishi mumkin.
10. Volter san’at muzeyi nusxasi. Baltimor, AQSH. Raqami Ms.W. 596. Muzeyda 35 varaq bor, shulardan 27 varaqda matn mavjud. Ularning 30 sahifasida 41 rasm bor. O‘lchami 21x32 sm. Matn o‘lchami 9x17 sm. Sahifada 12 qator matn mavjud. Asosiy matn va rasmlar qog‘ozi qadimiy, ularga XIX asr oxiri XX asr boshlarida hoshiya qog‘ozi yupishtirilib, turli ranglarga bo‘lgan. 1931 yili muzeyga qabul qilingan. Bu rasmlar Yelen Smart tomonidan tadqiq etilib (1977), maxsus maqolasi e’lon etilgan edi (TheWaltersArtMuseum. A digital facsimile of the Walter Ms. W.596, Memoirs of Babur. http://www.thewalters.org/ ).
11. Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi nusxa. To‘rtta rassomuchta miniatyura ishlashgan. Xati yirik nasta’liqda (Keyingi tadqiqotlar natijasiga ko‘ra AQSHning muzey, kutubxona va shaxsiy majmualarda aniqlangan “Boburnoma” miniatyuralari quyidagilardan iborat: 1. Frir san’at galereyasi, Vashington, 2 rasmli varaq; 2. Fogg san’at muzeyi, Boston, rasmli varaq; 3. Edvin Binney majmuasi, Bruklin shahri, Massachusets shtati, rasmli varaqlar; 4. Alis va Nasli Haramanek majmuasi, Los Anjelos, rassom Sarun ishlagan “O‘rda hayoti” rasmi; 5. Ker majmuasi, Pontresina, rassom Romdas ishlagan rasmli varaq, raqami 43; 6. Valter san’at muzeyi, Baltimor (30 sahifada miniatyurasi bor qo‘lyozmaning 35 varaqlari mavjud, W. 596); 7.Artur Sakler galereyasi, Vashington, 3 miniatyura; 8. San’at muzeyi, Rod Aylend dizayn maktabi, muzey raqami 17. 463. “Istalif yaqinidagi Xoja Seyoron chashmasi bahor chog‘ida”, Basovan tarhi, amali ).
12. Britaniya muzeyidagi Musavi Ali Akbar nusxasi. Raqami –Add. 24416. Varaqlar soni – 358. Xati –nasta’liq. Qo‘lyozma avvalJahongirning sadri Musavixon Ali Akbarning mulki bo‘lgan.
13. Parij Milliy kutubxonasi nusxasi. Bloshe katalogidagi raqami 559. Varaqlar soni – 385. Xati – nasta’liq. Qo‘lyozma XVI asrda bitilgan.
14. Alvar Davlat muzeyi (Hindiston)nusxasi. Raqami 2. Varaqlar soni 457. Qo‘lyozmada 18 miniatyura mavjud. Xati –yirik nasta’liq. Hoshiyalari abri bahor naqshi bilan bezatilgan. Xattoti buxorolik Ali al-Kotib (Ibrohimov A. Boburnoma-buyuk asar. Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 2002, 39 bet.). A.S.Beverij xonimning yozishicha, bu qo‘lyozma asosida asarni Mirza Muhammad Sherozi toshbosmada chop ettirgan. Qo‘lyozmaning birinchi varag‘idagi shams naqshi atrofida Humoyun Podshoh va boshqa Boburiylar muhrlari mavjud. Shuning uchun ushbu tarjima qo‘lyozmasini ba’zilar Humoyun Podshoh davrida yaratilgan deb xato gumon qiladilar. U XVII asr birinchi yarmiga taalluqli bu nusxa avval Alvar rojasining mulki bo‘lgan.
15. Britaniya muzeyidagi Doud Kotib nusxasi. Raqami –Add. 16623. Varaqlar soni – 295. Xati–nasta’liq. Qo‘lyozmada unvon va 26 miniatyura mavjud. Doud Kotib qo‘lyozmani 1638 yili Lohur shahrida yozib tugatgan.
16. Bodli kutubxonasi nusxasi. Ete katalogidagi raqami 181. Varaqlari soni – 378. Xati – yirik nasta’liq. Qo‘lyozmaning zarvarag‘idan tashqari yana ikki sahifasi zarhallangan.
17. Hindiston mahkamasi nusxasi. Raqami – 29. Varaqlar soni – 331. Xati – nasta’liq. Nusxa ikkita xattot tomonidan ko‘chirilgan va hijriy 1054 (1644 milodiy) yildan avvalroq kitobat qilingan.
18. Britaniya muzeyidagi Andar Said Nomak Shohi nusxasi. Raqami –Add. 16691. Varaqlar soni – 194. Xati–nasta’liq. Qo‘lyozma xattot Andar Said Nomak Shohi tomonidan 1735 yili Shohijahonobodda yozib tugallangan. Uni muzeyga V. Uole taqdim qilgan.
19. Britaniya muzeyi nusxasi. Raqami – Add. 16690. Varaqlar soni – 274. Xati – nasta’liq. Qo‘yozmada unvon mavjud va yozuv jadvalga olingan. V. Uole mazkur nusxani 1800 yili Lakhnauda sotib olgan.
20. Britaniya muzeyi nusxasi. Raqami – Add. 16201. Varaqlar soni – 169. Xati – nasta’liq. Zarvaraqda bitta miniatyura bor, boshqalari uchun mo‘ljallangan joylar bo‘sh qolgan. «Qo‘lyozmada Dehlidagi nusxadan V. Erskin uchun tayyorlangan» degan yozuv bor. U XIX asrning birinchi choragida bitilgan.
21. Britaniya muzeyi nusxasi. Raqami –OR. 167. Varaqlar soni – 475. Xati yirik nasta’liqda. XIX asrda yaratilgan.
22. Hindiston mahkamasi nusxasi. Raqami – 3450. Varaqlar soni – 321. Xati – nasta’liq.
23. Hindiston mahkamasi nusxasi. Raqami – 30. Varaqlar soni – 263. Xati – nasta’liq.
24. Parij Milliy kutubxonasi nusxasi. Bloshe katalogidagi raqam– 560.Varaqlar soni – 251. Xati–nasta’liq. XVIIasrning birinchi yarmiga taalluqlidir.
25. Parij Milliy kutubxonasi nusxasi. Bloshe katalogidagi raqami – 561. Varaqlar soni – 245. Xati nasta’liq va shikastada. Hijriy 1215 (1800) yili ko‘chirilgan.
26. Parij Milliy kutubxonasi nusxasi. Bloshe katalogidagi raqami – 562. Varaqlar soni – 252. Xati – shikasta. 1870 yil kitobat qilingan.
27. Mumbay (Bombey) universiteti kutubxonasi nusxasi. Xati – nasta’liq. Qo‘lyozma Yevropa qog‘oziga ko‘chirilgan.
28. Bodli kutubxonasi nusxasi. Ete katalogidagi raqami – 182. Varaqlar soni – 133. Xati–nasta’liq.
29. Bodli kutubxonasi nusxasi. Ete katalogidagi raqami – 183. Varaqlar soni – 245. Xati – nasta’liq. Qo‘lyozma uchta xattot tomonidan ko‘chirilgan.
30. Hindiston mahkamasi nusxasi. Raqami – 2654. Varaqlar soni – 184. Xati – nasta’liq.
31. Britaniya muzeyi nusxasi. Raqami –OR. 1827. Varaqlar soni – 143. Xati – nasta’liq. Qo‘lyozmada unvon ishlangan hamda yozuv jadvalga olingan. Bu nusxa Alvar davlat muzeyi qo‘lyozmasidan ko‘chirilgan. U 1850 yillarda kitobat qilingan.
32. Britaniya muzeyi nusxasi. Raqami –Add. 6590 (II). Qo‘lyozma to‘liq emas. Varaqlar soni – 139. Xati–nasta’liq. Hijriy 1203 yili ko‘chirilgan.
33. Xudo Baxsh kutubxonasi nusxasi. Patna, Hindiston. Raqami HL 101. Varaqlar soni 366. Xati nasta’liq. Xattotlar nomlari Ibrohimbek va Ashur. Tarixi G‘azna, hijriy 1082 y. Avrangzeb hukmronligining 14 yili. Qo‘lyozma aslzoda uchun ko‘chirilgan, biroq uning nomi o‘chirilgan. (https://kblibrary.bih.nic.in/Vol07/Bp036.htm;)
34. Prinston universiteti kutubxonasi nusxasi. AQSH. Raqami Islamic Manuscrips, Garret no. 2381Y. Qo‘lyozma 1887 yil 17 martda ko‘chirilgan (Habibullayev A. Ajdodlar merosi)
35. Britaniya muzeyi nusxasi. Raqami–Add. 26317. Qo‘lyozmato‘liqemas. Varaqlarsoni – 88. Xati–nasta’liq. Bombey nusxasidan «Vaqoyi’»ni ingliz tiliga tarjima qilgan J.Leyden uchun 1808 yiliko‘chirilgan.
36. Xudo Baxsh kutubxonasi nusxasi (parcha). Patna, Hindiston. Raqami 1763. 95 varoq. Matn zar jadvalga olingan. Taxminan 17 asr. Uringan lavha naqshi bor. Boshlang‘ich varoqda Shohi jahon saroyi ayonlarining bir qancha muhrlari va arz didah bitigi saqlangan. (https://kblibrary.bih.nic.in/Vol07/Bp036.htm) .
37. Madras shahri muzeyidagi forsiy qo‘lyozma. Hindiston. «Tuzuki Boburiy» deb nomlangan. Raqami 906. Kitobda «Farg‘ona va Samarqand voqealari bayoni qisqartirilgan» (Ibrohimov A).
38. Dehli Milliy muzeyidagi ikkinchi nusxa. Raqami 906. Qo‘lyozma «Tuzuki Boburiy» deb nomlangan. Varaqlar soni 233yu Ko‘chirilgan sana hijriy 1257, ya’ni 1848 yil. Unda ham Farg‘ona va Samarqand voqealari qisqartirilgani yozilgan.
39. Dehli Milliy muzeyida uchinchi nusxa.Raqami 907. U «Tarixi Tuzuki Boburiy» deb nomlangan. Hijriy 1218, ya’ni melodiy 1803 yil Hindistonda ko‘chirilgan. Kotibi Abdusamad. Uning boshi va o‘rtalarida Qur’oni karim oyatlari qo‘shilgan. Bunday hol boshqa qo‘lyozmalarda uchramaydi.
40. Aligarh universiteti kutubxonasidagi birinchi nusxa. Raqami 25. «Voqioti Boburiy» deb nomlangan. Matni to‘liq. H. Sulaymonov uni 17 asrda yaratilgan deb taxmin qilgan.
41. Aligarh universiteti kutubxonasidagi ikkinchi nusxasi. Raqami 32/12. Varaqlar soni 281. Matn to‘liq emas. Hijriy 1305, melodiy 1887 yilda kitobat qilingan. Xattot Muhammad Viloyat Ali (Ibrohimov A.).
Ushbu ma’lumotlar asosan 1974 yili to‘plangan edi. Lekin 2019 yili Moskvada nashr etilgan «Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidi» nomli kitobda bu maqoladagi ma’lumotlar N. Otajonov va D. Hoshimovaning «Boburnoma» -Sharq elchisi» kitobi (Toshkent, 2010) asosida keltirilgan edi. Shu ma’lumotlar shu kitobning Toshkent nashri «Zahiruddin Muhammad Bobur. Boburiylar” birinchi jildi 681-689 betlarida aynan qaytarildi .
A. Ibrohimovning «Boburnoma-buyuk asar» yirik risolasida yana fors tildagi qo‘lyozmalar to‘g‘risida ancha-muncha yangi fikrlarni bildirgan bo‘lib, eng muhimlari keltirildi (Qisqacha tavsifi keltirilgan yuqoridagi qo‘lyozmalardan tashqari Tbilisi, Bodli kutubxonasi (raqami – 2454), London Sharqshunoslik instituti (raqami – 46627), Kembrij universiteti (nusxa to‘liq emas), Lindesianada bir nusxadan bor. Shuningdek, Edinburgda to‘rtta (bittasi to‘liq emas), Kopengagen, L.King shaxsiy kutubxonasi, Eton Kollinzda bittadan (faqat Farg‘ona qismi), Pokistondagi Lohur Panjob universitetida ikki nusxa (biri hijriy 1021, ikkinchisi 1215 yili ko‘chirilgan), Hindistonda, Haydarobodda uchta, Kalkuttada (XVIII asr) bir nusxa mavjud.).
Kamol Ayniy Alvar shahridagi tarjima qo‘lyozmasini 1530 yilda yaratilgan deb ma’lumot bergan. A. Ibrohimov to‘g‘ri ta’kidlashicha, bu vaqtda tarjimon Abdurahimxon va uni buyurgan Akbar Podshoh hali tug‘ilmagan edilar. Olimni chalg‘itgan asos bu shams naqshi yonidagi Humoyun Podshoh va boshqalar muhri mavjudligi. Birinchi varaq «Vaqoyi’» asliyatiga tegishli bo‘lishi mumkin. Buni maxsus o‘rganish zarur (Ibrohimov A).
«Vaqoyi’» to‘rtinchi marta Buxoroda 1912 yili Tog‘ay Myrod Karluq Xatloni al-Baljuani Oxund tomonidan fors-tojik tiliga tarjima qilingan bo‘lib, 270 varaqdan iborat. Bu qo‘lyozma Abu Rayhon Beruniy nomli sharqshunoslik instituti fondida saqlanmoqda.
Shuningdek, Yu.E.Bregelning yozishicha, Tehrondagi «Guliston» kutubxonasida «Vaqoyi’»ning noma’lum o‘zbekcha nusxasi va forscha tarjimasi bor.
Xullas, biz olib borgan tekshirishlar jahon qo‘lyozma fondlarida «Vaqoyi’»ning fors tilidagi tarjimasi yetmishta mo‘tabar qo‘lyozma nusxalari mavjudligini ko‘rsatdi. Ular (Tog‘ay Murod tarjimasidan tashqari) Hindistonning turli shaharlarida 400 yil davomida yaratilgan bo‘lib, Boburiylar davri xattotlik va kitobat san’atining nodir yodgorligi hisoblanadi. Ushbu qo‘lyozmalar, bir tomondan, Bobur Podshoh merosini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega bo‘lsa, ikkinchi tomondan ulardagi besh yuzga yaqin miniatyuralar XVI – XVII asrdagi Boburiylar rasm san’ati va kitobat tarixini o‘rganishda bebaho obidalardir.
Abdumajid Madraimov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
tarix fanlari doktori, professor.
Fikr qoldirish#