Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobur qilmagan vasiyat muammosi

This article reflected on the need to write information about Zahir ad-Din Muhammad Babur in a reasoned, source-leaning manner, specifically analyzing Babur's will as well as the reasons why Hawke brought it to Kabul.


Ulug‘ tarixiy shaxslar, xususan, shahanshoh (imperator) Zahiriddin Muhammad Bobur haqida maqola yoki kitob yozilganda olim kishi tarixiy haqiqatdan chekinmasligi, o‘z xayolotiga berilib ketmasligi, to‘g‘rirog‘i, bo‘lmagan narsani bo‘lgan, Bobur aytmagan narsani aytgan deb yozishdan saqlanmog‘i kerak. Taassufki, ilmdaham 10-20% yolg‘onlar, soxta ma’lumotlar muallif xayolotining faktsiz mahsuli uchrabturadi. Jumladan, boburshunoslikda ham. Holbuki, shahanshoh Bobur “Boburnoma” asarini yozishda faqat haqiqatni yozishga ahd qilgani va bu ahdiga sodiq qolgani boburshunos olimlarga dasturulamal bo‘lmog‘i lozim edi.


Ana shunday yolg‘onlardan biri Boburning latif tanini qaysi tuproqqa topshirish haqidagi vasiyatidir. Gap shundaki, Hindistonni egallab, Agrani poytaxt qilib o‘sha shaharda to‘rt yil yashab, 26-dekabr 1530-yilda vafot etgan shahanshoh Bobur hazratlari vasiyat yozmaganlar va bu haqda hech bir manba ma’lumot bermaydi. Jumladan, otasining so‘nggi nafasigacha uning boshida turgan tarixchi qizi Gulbadanbegim ham o‘z “Humoyunnoma” asarida bu haqda so‘z ochmagan. Ammo 1983-yilda nashr etilgan Hamidulla Hasanovning “Olim sayyohlar (“Sayyoh olimlar”) kitobidan boshlab Bobur haqidagi o‘nlab kitoblarda, hatto Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasida (2014, 2017, “Sharq” nashriyoti) ham Bobur o‘zining Kobulda dafn etilishini vasiyat qilgan degan yolg‘on ma’lumot bor. Afsuski, yolg‘on urchishga ham moyil ekan. 2017-yilda Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”siga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda ham (Andijon 2017) botbot bu ma’lumot qayd etilganidek, Kobuldagi Bog‘i Bobur ziyoratgohining mudiri Ahmadshoh Vardak anjuman minbaridan ushbu bog‘ tarixi haqida so‘zida, jumladan shunday dedi:-Kobuldagi eng so‘lim va obod joy Bog‘i Boburdir. Biz shahanshoh Bobur sag‘analari ustiga salobatli maqbara qurdik. Hazratimiz o‘zlari “men osmonni ko‘rib yotay” deb vasiyat qilgan ekanlar. Shuning uchun maqbara tomi yopilmadi”. Biz hammamiz bu ma’lumotni miriqib tingladik. Biror mulohazali olim ushbu anjumanda qo‘l ko‘tarib, – Ey birodari aziz, mehmoni arjumand, siz jahonda usti ochiq biror maqbarani ko‘rganmisiz? Nega Bobur nomidan aytmagan gapini aytgan demoqdasiz?! – deyolmadik. Chunki o‘nlab kitoblardagi “Meni Kobulga eltib ko‘minglar” degan yolg‘onlar Ahmadshoh Vardak tomonidan rivojlantirilganiga ham ko‘ndik. Endi Boburning xoki Kobulga nega keltirildi, degan masalan hal qilishdan avval Bobur vafoti va ko‘milgan joyi haqida ma’lumot beraylik: Manbalardan Bobur jasadi Agradagi o‘zi yashagan uy yaqinidagi marmar yerto‘ladagi maxsus joyda uch oy saqlangani haqida eshitganmiz. Nega? Chunki, shahanshoh Bobur sha’niga loyiq maqbara bunyod etish kerak bo‘lgan. Darhaqiqat, o‘sha uch oyda siz ko‘rib turgan hashamatli, yuksak mahobatli maqbara bunyod etilgan. 1531-yilning mart oyida Zahiriddin Muhammad Bobur bu maqbaraga shohona tantanalar bilan dafn etilgan. Bobur bu oromgohda 1540-yilgacha bo‘lgan. 


1540-yilda aslida Bobur lashkarida navkar sifatida toblangan, tajriba orttirgan Faridxon nomli afg‘on yigiti o‘z atrofiga katta kashkar yig‘ib Humoyun bilan jang qilgan va g‘olib bo‘lgan. U Shershoh yoki Sherxon laqabi bilan Shershoh Suriy sifatida taxtga chiqqan. Humoyun noiloj azob-uqubatlar bilan Eronga-Tabrizga bosh olib ketgan. O‘sha davr odatiga ko‘ra yangi podshoh tarafdorlari oldingi podshoh zodagonlari uylarini talon-taroj qilishgan. Hatto podshoh mozoratini oyoq osti qilish holatlari sodir etilgan. Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarida yozilishicha, yangi podshoh tarafdorlari Kashmirda shayx Iroqiy day azizning jasadini “bu shia” deya qabrdan chiqarib yoqqanlar…


Zahiriddin Muhammad Boburning kenja zavjasi Bibi Muborika (“Humoyunnoma”da Gulbadanbegim bu ayolni afg‘on og‘acha deb keltiradi) Sherxon Sur huzuriga kirib undan Bobur jasadini Kobulga olib ketishga ruxsat so‘ragan. Albatta, sobiq navkar malika Bibi Muborika iltimosini inobatga olgan. Shunday qilib kobullik Yusuf Zayn qavmining boshlig‘i Shoh Mansurning qizi Bobur jasadini Kobulga eltib Qutlug‘ Nigor Xonim dafn etilgan Bog‘i Navruziyga qayta tuproqqa topshirgan. Shu munosabat bilan bu bog‘ keyinchalik Bog‘i Boburiy nomi bilan shuhrat qozongan.


Hozir bu bog‘ Kobul shahridagi eng so‘lim va obodon maskan bo‘lib, xalq va xorijiy mehmonlar ziyoratgohiga aylangan. Vafodor va idrokli Bibi Muborakaning ishi ehtiyotkorlik g‘amxo‘rligi natijasi shu bo‘ldiki, Boburning jasadi ham Kobulga shuhrat keltirdi. Endi mulohaza qilaylik, agar Bobur bordi-yu, vasiyat qilsa, qaysi shaharni aytgan bo‘lardi? Poytaxtdan ikki ming kilometr masofadagi Kobulnimi, yoki poytaxt Agranimi? Axir ota qabrini o‘g‘il-qizlari, nevara-chevaralari asrab-avaylab ziyorat qilishlari kerak-ku! Turgan gapki, Bobur “meni Agraga ko‘minglar” deb aytgan bo‘lardi. Shuning uchun shahanshoh Boburning maqbarasi Agrada bunyod etilgan. Tarix dolg‘alari uning xokini Kobulga eltgan. Bu masalada yolg‘onga hojat yo‘q.


Vahob Rahmonov

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent, Guliston davlat universiteti.

Zahiriddin Muhammad Bobur merosining sharq davlatchiligi va madaniyati

rivojida tutgan o‘rni uluslararo ilmiy-nazariy konferansi materiallari Toshkent ., 2023

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0