Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari yigirmadan ortiq xorijiy tillarga tarjima qilingan boʻlib, asarning shon-shuhrat topishida uning tarjimonlari astoydil mehnat qilganlar.
Asar XVI asrdayoq fors tiliga oʻgirilgan, uning tarjimoni Bayramxon qoʻlyozmasidan koʻplab nusxalar jahonning turli kutubxonalarida saqlanmoqda. Jumladan, asarning turkiy va forsiy tildagi nusxalari[Bahodirov,2020: 496.] saqlanayotgan kutubxona va tarixiy-ilmiy markazlar, muzeylar bugungi kunda oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda.
«Boburnoma»ning fanga ma'lum boʻlishi va tadqiq etilishi Gʻarb ilm ahli orasida oʻziga xos tarzda kechdi. Gʻarb ilmiy jamoatchiligiga Bobur nomini birinchi boʻlib, fransuz olimi D. Derbelo «Sharq kutubxonasi yoxud Sharq fuqarosining bilimiga doir qomuslar» nomli lugʻatga «Bobur yoki Babar» nomli maqolasini kiritish orqali ma'lum qilgan edi. Biroq Evropada Boburning shuhrati yoyilish davri XIX asrning birinchi yarmidan boshlangan. Ular «Boburnoma»ni tarjima qilish bilan birga Bobur shaxsiyatini ham qizgʻin oʻrganganlar. Ingliz sharqshunoslaridan Leyden va Erskinning tarjimasi orqali «Boburnoma» Londonda 1826 yilda ingliz tilida nashr qilingan. [John Leyden, 1826: 432.]
Ushbu nashrdan soʻng Evropa va boshqa xorij davlatlarida «Boburnoma»ning tarjima qilinishi va uning shaxsiyatiga va qoldirgan ma'naviy adabiy merosiga qaratilgan tadqiqotlar [A.Kayzer, 1828:400.] koʻpayib bordi.
Annetta Susanna Beverij tarjimasidan keyin Amerika Qoʻshma Shtatlari Harvard universiteti professori Viler Tekston «Boburnoma»ni yana bir toʻliq tarjimasini [Wheller M. Thackston,1996: 432.]amalga oshirdi. Ushbu tarjima mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli deb baholangan. Tarjimonning «Boburnoma»ga badiiy asar sifatida yondashgani tufayli hamda asarga 700 ga yaqin izohning berilgani tarjimaning ommalashishini ta'minlagan. «Boburnoma»ning ingliz tiliga takror tarjimalaridan soʻng ushbu asar tadqiqiga oid kuzatishlar bir necha sohalarni qamrab oldi. Ular tarix, siyosat, sosiologiya, harbiy strategiya, lingvistika, tabobot, geografiya, shaharsozlik kabilar bilan bogʻliq edi. Lekin bunday tadqiqotlar orasida Boburning shoirlik iqtidori bilan bogʻliq boʻlgan tadqiqotlar koʻp emas. Amerika Qoʻshma Shtatlari Ohayyo universiteti professori Stefan Deyl oʻzining «Cakkiz jannat bogʻi. Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Hindistonda Bobur va boburiylar saltanatining madaniyati» nomli monografiyasida Boburning imperatorlik salohiyati, tarix sahnasidagi ahamiyati haqida soʻz yuritish barobarida undagi shoirlik iste'dodini alohida oʻrgangan [Dale, S.F,2004: 60.] . Stefan Deyl «Boburnoma» tarkibida muallif tomonidan kiritilgan nazmiy parchalar va uning oʻzi tomonidan yozilgan she'rlarni sinchiklab tahlil qiladi. Boburning ham she'r yoza olish va boshqa shoirlarga nisbatan xolis baho bera olish salohiyatini e'tirof etadi. Uning aruzni toʻgʻri idrok etishi, mumtoz adabiyot an'analari asosida ruboiy, gʻazal namunalarini yozishga boʻlgan qiziqishini asar voqealariga, tarjimai holiga bogʻlagan holda tadqiq etgan. Monografiyada Boburning shoir sifatidagi qiyofasi oʻrganilgan.
Bugungi oʻzbek boburshunosligida yuqorida tilga olingan tarjimalarning sifati va ularning ingliz kitobxonlari tomonidan qabul qilinishiga oid shu bilan birga boshqa tillarga oid tarjimalarning sifatiga qaratilgan bir qator tadqiqotlar [ Xoshimova, 2018.150.] amalga oshirilgan. Lekin bu tarjima nazariyasi masalalarida va undan keyingi “Boburnoma”ning xorijda oʻrganilishiga doir ishlarda tarjimonlarning adabiy muhit masalalariga doir oʻz taxmin va qarashlarini, xolisona baholarini oʻrganishga oid alohida tadqiqot ishi yaratilmagan. Umuman olganda, “Boburnoma”ning tarjima nazariyasiga oid tadqiqotlarda lingvistik aspektda yondashuv etakchilik qilishi jamoatchilikka ma'lum.
«Boburnoma»ning jahon boʻylab shuhratini ta'minlashda yaponiyalik olim Eyji Manoning ham xizmatlari alohida e'tirofga loyiq. Eyji Mano oʻttiz yil mobaynida «Boburnoma»ning jahon muzeylaridagi asosiy ishonchli qoʻlyozmalari (Haydarobod, Qozon, Edenburg, London, Dehli, Parij nusxalari)dan foydalangan holda ushbu moʻ'tabar manbaning ilmiy-tanqidiy matnini [Eiji Mano, 1995.140.] tayyorlashga muvaffaq boʻldi.
«Boburnoma»ning jahon boʻylab koʻp tillarga takror-takror tarjima etilishida, albatta, asardagi turli fan va sohalarga oid bilimlarning serqatlam ekanligi, shu bilan birga muallif shaxsiyatidagi samimiyat va mardonalik kabi sifatlar muhim omil boʻlgan. «Hozirda «Boburnoma» va uning tarjimasiga tegishli boʻlgan tarixiy hujjatlar dunyoning 23 kutubxonasining mulkiga aylangani asar salohiyatining naqadar yuqori ekanligini koʻrsatadi». [ Teshaboeva, 2017: 20]
Xorijda Bobur shaxsi va faoliyatiga boʻlgan qiziqish yoʻnalishlarini adabiyotshunos Hamidulla Boltaboev quyidagicha tasniflaydi: «Xorij olimlarining Boburga munosabati, asosan, toʻrt yoʻnalishda namoyon boʻlgani kuzatiladi:
1) Boburning davlat arbobi sifatidagi siyosiy faoliyati;
2) «Boburnoma»ni qomusiy ma'lumotlar toʻplami sifatida istifoda etib, uning muallifiga tarixchi sifatida qarash;
3) Boburni buyuk shoir va adib sifatida e'tirof etish;
4) Boburga oʻziga xos buyuk tarixiy shaxs sifatida qarash.
Soʻnggi yoʻnalish, asosan, Bobur siymosi va hayratomuz taqdiridan ta'sirlanib yozilgan badiiy va publisistik asarlarda aks etgan». Darhaqiqat, xorijlik tadqiqotchilar tomonidan Boburning faoliyatini oʻrganishda «Boburnoma» asarining oʻzi asosiy tayanch manba vazifasini bajargan.
Bugungi kunda ham «Boburnoma» asari yuzasidan internet manbalari, ilmiy tadqiqot sahifalarida hamda xalqaro elektron ilmiy bazalarda ham bir qator ilmiy maqola va tadqiqotlar [Fatih Bayram, 2004:169-191] e'lon qilinib kelinmoqda.
«Boburnoma»ning Leyden va Erskin tomonidan chop etilgan nashrida tarjimonlar shu paytgacha fors adabiyoti ta'sirida boʻlgan turkiy adabiyotning (Chigʻatoy) belgilari haqida gapirar ekan, «Boburnoma»ning uslub jihatdan bironta fors asarlarining belgisini takrorlamasligiga ahamiyat qaratadilar. Ushbu ingliz tarjimonlarining fikriga koʻra, asar hashamdorlikdan xoli. Bu jihatdan Boburning asarda mubolagʻa va metaforalarning qoʻllamasligi hamda turkiy tilda tarixiy asar yozish imkoniyatlari fransuz, ingliz tarixshunosligiga oʻxshashligini qayd etadilar. «Boburnoma» asarining tili boshqa Osiyo tillariga nisbatan Evropa tillariga yaqinligi, aniq va soddaligi uning asosiy uslubi ekanini ta'kidlaydilar.[Leyden John.1826: 32.] Darhaqiqat, ingliz sharqshunoslari Boburning odil shoh sifatidagi qiyofasi va saltanatda oʻrnatgan adolatli tuzumi, insoniy fitratini suyub qabul qilishlarida asarning ana shunday omillari muhim oʻrin tutgan edi.
Harvard universiteti professori Viller Tekston «Boburnoma»ning 1996 yilgi nashriga yozgan soʻzboshisida asarning uslubi va tilini tahlil qilar ekan, oʻsha davr Hirot adabiy muhitini oʻrganish asosida Husayn Boyqaro va Navoiy tomonidan turkiy tilda ijod qilishga boʻlgan ragʻbat ortidan qisqa muddat bu tildagi adabiyot gullab-yashnaganiga e'tibor qaratadi. Viller Tekston oʻsha davr muhitida turkiy nasriy asarlar salmogʻining kamligini oʻz davrida fors tilidagi adabiyotning mavqei balandligini tahlil etadi. Tarjimon «Boburnoma»ni turkiy prozadagi eng yirik matn, deya baholaydi. Viller Tekstonning qiyoslashicha, Navoiy va Boburning turkiy tilni hayotiy adabiy vositaga aylantirishga boʻlgan urinishi xuddi tovada bir zum alanganlangan olov kabidir, boisi ularning bu harakatlariga Markaziy Osiyo va Eron tomondan kirib kelgan urush voqealarining sababchilari (Safaviy va Shayboniylar) tabiiy holatda toʻsiq boʻlganlar. [W.M. Thachston, 1996.407.]
Biror yirik asarning boshqa tilga tarjima qilinishida, albatta, tarjimonlar asliyatning qay tarzda xorij kitobxoniga etkazish borasida bosh qotiradilar. Buning uchun oʻzlaridan avvalgi tarjimonlar tajribasiga suyangan holda oʻz faoliyatlarini amalga oshiradilar.
Kuzatgan tarjimonlarimiz orasida “Boburnoma” tarjimasiga chuqur kirishish barobarida undagi ma'lumotlarni sinchiklab tahlil qilgan, bu haqda yigirmaga yaqin tadqiqot maqolalarini [Annette S. Beveridge,1910:110-128] e'lon qilgan Anneta Beverij xonimning faoliyati diqqatimizni tortdi.
“Boburnoma”ning ingliz kitobxonlariga manzur boʻlishida ulkan xizmatlarni amalga oshirgan Annetta Beverij xonim tarjima jarayonida Haydarobod qoʻlyozma nusxasiga [Beveridge,1921:xxviii-lxi] tayanadi. Asarni ingliz tilida e'lon qilish asnosida unga tarjimon izohlarini qoʻshib chop ettiradi. Olima “Boburnoma”ning tarjimasiga Bobur bosib oʻtgan yoʻllar – tiklashga harakat qilib, Xuroson, Movarounnahr, Hindiston kabi mamlakatlarning hududiy, regional chegaralarini oʻrganadi hamda xaritalar ishlab chiqib, nashr ilovalariga qoʻshgan edi.
Annet Beverej xonim “Boburnoma”ni aynan turkiy tilni chuqur oʻrgangan holda tadqiq etadi hamda uning matn leksikasiga ehtiyotkorona munosabatda boʻladi. Olima asarni oʻrganar ekan, Movarounnahr va Xurosonda kechgan adabiy manzaralar, tarixiy asarlarning yozilish uslubi, shuningdek, “Boburnoma” matnining yaralish sabablari haqida oʻz ilmiy taxminlarini ilgari suradi.
A.Beverij “Boburnoma”ni ingliz tiliga oʻgirishda boshqa tarjimonlardan farqli ravishda quyidagi masalalarga chuqur kirib borgan va oʻz soʻzboshisini quyidagi katta boʻlimlarga ajratib chiqqan:
Kirish.
Birinchi boʻlim: Tinchlikparvar Bobur oʻrnak olgan zamin timsollari.
a) muammoli savollar
b) kitob tarkibidagi muammolar
s) uzilishlarning sabablari
Ikkinchi boʻlim: Qayta tiklash haqida .
Uchinchi boʻlim: Turkiy qoʻlyozmalar va ularni taqqoslab ishlash haqida .
a) asl qoʻlyozmalar
b) Hindiston qoʻlyozmasi bilan ishlash. Boburning asl qoʻlyozmasi.
s). “Buxoro Boburnomasi”
d) Buxoro toʻplamining muallifi
e) Toʻplam muallifi
Toʻrtinchi boʻlim: Leyden va Erskin tarjimasidagi “Boburnoma” memuari.
Koʻrinadiki, Beverej asarning matnini shunchaki tarjima qilish bilan emas, “Boburnoma” qoʻlyozmalarini tavsiflash, ularning ishonchlilarini saralash, oʻzigacha nashr etilgan “Boburnoma” nashrlariga fikr bildirish hamda tarjimonlarning mahoratini ularning asliyatni saqlashdagi xizmatlarini xolisona oʻrgangan. “Boburnoma”ni bu qadar puxtalik bilan izlanishlar orqali chuqur oʻrganish hamda uning qoʻlyozmalaridagi tafovutlarni aniqlash kabi masalalarga Beverijdan oldingi va keyingi ingliz tarjimonlari bu qadar aniqlik bilan kirib borishmagan edi. Beverij oʻzining “Boburnoma”ga oid izlanish va tadqiqotlarini 1900 yildan 1921 yilgacha boʻlgan mudddatlar oraligʻida“ Journal of the Royal Asiatic Society” (Qirollik Osiyo jamiyati jurnali)da e'lon qilib bordi hamda Haydarobod qoʻlyozmasining faksimelisiga tayangan holda asarni ingliz tiliga tarjima qilishga erishdi [Beveridge,1921:xxviii-lxi] .
Annet Beverij oʻzining soʻzboshisida “Boburnoma”ni tarjima qilish bilan birga Boburni kamolga etkazgan temuriylar xonadoni va ularning an'analariga e'tibor qaratadi. Asarning yoʻqolgan sahifalari va ularda yozilishi mumkin boʻlgan tafsilotlar haqida ham oʻzining farazlarini ilgari suradi: “Boburning daholik qobiliyati xoh shoir, xoh nosir, xoh bogʻ yaratuvchi, xoh musavvir, xoh hunarmand, xoh sportchi boʻlsin, uning fayzli oilaviy an'ana va namuna zaminidan oziqlangan edi. Boburning ta'lim va tarbiyasi haqida, hozirda uning uzilishlar bilan etib kelgan kitobida halokatdan qutulib qolgan yillari haqida ma'lumotlar mavjud boʻlib, uning ilk tugʻilgan yillari haqida esa juda oz tafsilotlar bor” [Beveridge,1921:xxviii-lxi] .
Olima “Boburnoma” matni orqali Boburning bolaligi va hayotining boshqa muhim voqeliklari aks etgan sanalarni oʻsha davrda yaratilgan boshqa tarixiy asarlarga murojaat qilgan holda tiklashga harakat qiladi: “Lekin taskin beradigani shuki, temuriylar xonadoni kutubxonalari orqali bizga etib kelgan anchagina mukammal shaklga ega boʻlgan Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asari boʻlib, unda “Boburnoma”ning koʻplab epizodlari tarjima qilingan (Annet Beverej xonim “Tarixi Rashidiy” asarining muallifi toʻliq nusxadagi “Boburnoma”ni oʻqiganiga ishora qilmoqda). boʻlib, ular asardagi shu boʻshliqlarni toʻldirishga yordam beradi, jumladan, Boburning ilk bolalik davrlari haqida ma'lumotlar beradi” [Beveridge,1921:xxviii-lxi] .
Beverij Bobur voyaga etgan, kamol topgan xonadonning shu paytgacha boburshunoslik e'tibor qilmagan jihatlarini ta'kidlab oʻtgani bilan ham boshqa boburshunoslardan farq qilib turadi. Koʻplab tarixchilar Eson Davlatbegimning Bobur hukmronligining dastlabki yillarida qoʻllab quvvatlovchisi boʻlganini e'tibor bilan aytishsa-da, lekin uning ota tomondan buvisi Shoh Sultonbegimning ta'siri masalasiga toʻxtalib oʻtishmagan: “Boburning hayotiy hikoyalari kishini qattiq hayajonga soladi, lekin bu holni batafsil tushuntirish uchun u juda uzunlik qiladi; Umarshayx onasi Shoh Sulton begim Eson Davlatbegimnikidan tubdan farq qiladigan xizmat turini olib keldi; Begim – Samarqandning badavlat xonadonida turmush sharoitiga koʻnikib qolgan shaharlik, tarxon urugʻidan boʻlgan ayol sifatida ikki karra etuk va madaniyatli ayol edi” [Beveridge,1921:xxviii-lxi] .
Boburning ta'lim-tarbiyasida muhim rol oʻynagan bobosi Yunusxon va tasavvufiy valiy zot Xoja Ahror haqida Anneta Beverij alohida toʻxtalib oʻtadi: “Umarshayx saroyi muhitida uzoq yillar davomida ikki ulugʻ zot shahar hayotini yaxshi koʻradigan donishmand Yunusxon va avliyo Xoja Ahror hukmronlik qilgan. Xoja Ahror Valiy Bobur tugʻilganida unga nom qoʻyishda yordam bergan. Xoja Ahror Valiy (935)1491 yillarda bola – Bobur etti yoshga toʻlganida vafot etgan, lekin uning ta'sir doirasi umrbod davom etgan; (935)1529 yilda qattiq isitma qilgan Bobur undan ruhiy madad soʻragan holda, uning vositachiligida shifo topganini yozadi” . Beverejning Yunusxonga xos boʻlgan ta'rif – “shahar hayotini yaxshi koʻrishi ” haqidagi sifati haqiqatdan ham manbalarda oʻz tasdigʻini topgan. Jumladan, Muhammad Haydar mirzo “Tarixi Rashidiy” asarida Yunusxonning shahar madaniyatiga intilishi, koʻp karra Toshkentga kelib istiqomat qilishga urinishi, lekin bu tanloviga uning atrofidagi amaldorlari qarshi chiqqani haqida[Beveridge,1921:xxviii-lxi] yozib qoldirgan.
Olima Yunusxonning fazilatlari Bobur kamol topgan muhitga qay darajada ta'sir etganligini oʻrganar ekan, haqli ravishda uning Sharafiddin Ali Yazdiyning qaramogʻida oʻsganligini, qoʻlidan “Zafarnoma” asari tushmaganligini, shu bilan birga islom ta'limotidagi muqaddas kitob “Qur'on”ni chuqur oʻrganligini ta'kidlaydi: “Yunusxoning faoliyati serqirra ta'sirga ega edi – qalamkash, rassom, qoʻshiqchi, cholgʻuchi va oʻtmishdagi hunarmandchilik ustasi. U xushmuomala va odob-axloqli, zukko zehn va notiqlik jozibasiga ega boʻlgan yaxshi doʻst edi. Uning aql-zakovatda ajralib turishining sababi oʻn ikki yil davomida baland martabali olim Sharafiddin Ali Yazdiy (“Zafarnoma”asarining muallifi) qaramogʻida tarbiyalangani bilan bogʻliq edi”
“U taxminan 74 yil umr koʻrdi, bu Temurning oʻlimi (807 -1404) va Boburning tugʻilishi (888-1483) davri oʻrtasidagi koʻprik edi” [Beveridge,1921:xxviii-lxi] Anneta Beverijning Amir Temurning oʻlimi (807-1404) va Boburning tugʻilishi (888-1483) sanalarini muhim davr sifatida belgilashi va bu muhim davrning koʻprigi sifatida Yunusxonning umrining qiyoslashi hali shu paytgacha biron sharqshunos olim izlanishlarida kuzatilmagan.
Anneta Beverij xonim Boburning bolalik chogʻlarida uning etuk shaxs boʻlib etishiga eng muhim omil boʻlgan davralarni ham oʻz qaydlarida eslatib oʻtgan: “Bola – Boburning uch doʻst (Yunusxon, Umarshayx mirzo, Xoja Ahror valiy) suhbati mobaynida hozir boʻlishi unga fayz beradi, deb oʻylashgan; ularning roʻparasida sukut saqlash orqali donolik va fazilatlariga nisbatan hurmat urugʻi sepilar edi, masalan, Abdurahmon Jomiyga nisbatan chuqur ehtirom his qilingani kabi. Bu oʻrinda hech boʻlmaganda Yunusxoning san'atkorona yutuqlari haqida gapirib oʻtilsa arziydi, chunki Bobur keltirgan tarjimai hol, Yunusxoning rafiqasi Eson Davlat begim ma'lumotlariga tayanib yozilgan boʻlishi mumkin va bu uning namunali faoliyati keng boʻlganidan dalolat beradi” [Beveridge,1921:xxviii-lxi] . Darhaqiqat, olimaning bu ta'kidi orqali Yunusxonning hayot yoʻli haqidagi ma'lumotlar Eson Davlatbegim tomonidan soʻzlab berilgan ishonchli ogʻzaki hikoyalarga tayanilgan holda yozilgan boʻlish ehtimoli katta.
Olima tomonidan e'tirof etilgan yana bir jihat shundan iboratki, u Bobur ta'lim olgan Fargʻonada hududida Yunusxon va Umarshayx oʻrtasidagi munosabatlar ota-bola oʻrtasidagi munosabatlarga qiyoslanadi, bu holat ham boʻlajak hukmdorning sogʻlom fikrli, ogʻir mulohazali boʻlib etishishiga ta'sir qilgani aniq: “Aytishlaricha, uning (Chigʻatoy) naslidan birorta ham xon 40 yoshdan oshmagan; Yunusxoning ulugʻvor yoshi unga nisbatan ehtiromni uygʻotdi va xotirjam yurmaydigan yosh kuyovi Umarshayxga oʻz ta'sirini kuchaytirdi. Aftidan, Yunusxon Umarshayxning 20 yoshlaridan (taxminan) to oʻzining vafotiga qadar davom etgan doʻstlik aloqasini boshlagan boʻlsa kerak, bu doʻstlik har xil davrlar odatiga koʻra ota-onaning doʻstligi, gʻamxoʻrligi edi, ya'ni Umarshayx teng sheriklikdan koʻra, munosabatlarni teng saqlagan oʻgʻil maqomida edi.” [Beveridge,1921:xxviii-lxi]
Bobur ulgʻaygan oilada kitobxonlikning ham qay darajada taraqqiy etgani hamda bu kitobxonlikka sababchi boʻlgan uch yirik shaxsning beqiyos hissasi va bola Boburning bu kitoblarga qanday qiziqish bildirgani haqida ham olima oʻzining haqli fikrlarini aytib oʻtadi: “Umarshayxning ikki yuksak obroʻli va salohiyatli hamrohlari – Xoja Ahror valiy va Yunusxonning uzoq vaqtlar mobaynida unga doʻstona yoʻl-yoʻriq koʻrsatganliklari, bu zotni salatanat imtihonlarida toblantirishi unga nisbatan ezgulikning muattar boʻyini yogʻdirmay qoʻymas edi, shuning uchun u buyuk kitoblarni mutolaa qilar edi. Uning sevimli kitoblari – Qur'on va Masnaviy edi. Bu tanlov sabab Abulfazl uni xiradmand darvesh deb atagan boʻlishi mumkin. Bobur otasi Umarshayx vafotidan oldin uning bunday kitoblarni mutolaa qilishdan zaqlanayotganini koʻrib, manfaaat olishi uchun ulgʻayib qolgan edi. Boshqa ota-onalar va boshqa bolalar singari bu erda ham osoyishta kayfiyat, kitob sahifasida nima borligiga oʻz-oʻzidan qiziqish uygʻonishi, ehtimol, Boburning aqlli savollari hamda mohir qiroatli bolakayning adabiy ijodga yoʻl koʻrsatuvchi koʻrsatma boʻlishi mumkin boʻlgan koʻp yillik moʻ'jizadan hayratga tushardi” [Beveridge,1921:xxviii-lxi] .
Anneta Beverij xonim Boburning kamolotida ma'rifatparvar oilasining oʻrni qay darajada boʻlganini tahlil qilar ekan, uning yozuvchilik, muarrixlik qobiliyatiga aynan qaysi muhit ta'sir qilganligiga ham toʻxtalib oʻtadi. “Ammo boburshunoslikda Amir Temurni nafaqat askar, balki yilnomachi sifatida ham Bobur uchun buyuk namuna boʻlgani haqidagi farazlarni qabul qiladiganlar kam. Temur oʻzi va uning fuqarolik ishlari toʻgʻrisida bunchalik ma'lumotga ega boʻlgan odamlar guruhidan yiroqda yurgan boʻlib tuyulishi mumkin emas edi...”.
Olima “Boburnoma”dek yirik memuarning yaratilishiga toʻgʻridan toʻgʻri qaysi muhit ta'sir qilgani yoki muallifning yuksak ehtirom namunasi sifatida tilga olgani Temurbekdan oʻtgan bevosita qobiliyat namunasi boʻlganmi degan masalaning qoʻyishida ham oʻsha davrdagi temuriylar adabiy muhitiga xos boʻlgan an'analarni oʻrganib chiqqanidan dalolat beradi. Ya'ni olima bu muarrixlik qobiliyati bevosita Temurbekdan emas, uning keyingi nabiralari davrida keng rivojlangan madaniy muhit ta'sirida boʻlganini ishonch bilan gapirib oʻtadi: “Samarqandda Shohruxiy nabiralari uning mualliflik an'analarini davom ettirgan boʻlsa-da, Temur ibrat namunasi sifatida Boburga oʻz nabirasi Ulugʻbek orqali etib keldi”. [Beveridge,1921:xxviii-lxi]
Shu bilan birga Anneta Beverij xonim “Boburning hayoti, faoliyatiga Sulton Husayn mirzo hukmronligi davridagi Hirot madaniy muhiti mazmunan eng kuchli va keng ta'sir qilgan”ini boshqa sharqshunoslar qatorida haqli ravishda, ta'kidlaydi. Bu ta'sirning darajasi qanchalik yuqori boʻlganini “Boburnoma”ning Hirot manzaralari tavsifiga bagʻishlangan lavhalaridan uqib olish qiyin emas.
Anneta Beverij xonim bu muhitdagi an'analarni, taraqqiyot belgilarini soʻzlab oʻtar ekan, oʻz-oʻzidan Alisher Navoiyning xizmatlariga ham e'tibor qaratadi: “Husayn Boyqaro temuriylarning oqsoqol hukmdori edi, shuningdek, ya'ni aslzoda Chigʻatoylar oilasidan boʻlgan andijoniy Alisher Navoiy turkiy mumtoz she'riyatda va nasrda namuna vazifasini oʻtagan ustoz boʻlgan edi. Hirot shahrida sa'y-harakat va mashgʻullikning darajasi oʻta yuqori darajada boʻlganini Boburning guvohligidan koʻrinib turibdiki, bu erda inson qaysi ish bilan mashgʻul boʻlmasin, uni kamolga etkazishga intilgan” [Beveridge,1921:xxviii-lxi] .
Mazkur jumlada Anneta Beverij xonim Alisher Navoiyni andijoniy deb ataganida “Boburnoma”dagi quyidagi ma'lumotga tayangan koʻrinadi: “Eli turkidur. Shahri va bozorisida turkiy bilmas kishi yoʻqtur. Elining lafzi qalam bila rosttur. Ani uchunkim, Mir Alisher Navoiyning musannafoti, bovujudkim Hirida nash'u namo topibtur, bu til biladur” . Lekin Alisher Navoiyning ijod qilgan tili bilan Andijon elining tilidagi muvofiqlik masalasi va bu daho ijodkorning tugʻilgan joyi bilan bogʻliq ekanligi boʻyicha ayrim bahsli qarashlar bor. [Abduqodirov, 2022: 12] (Muallif A.Navoiyni Eronning Sova shahrida dunyoga kelgan gipotezani ilgari suradi. Shuningdek, bu fikrni birinchi boʻlib S.Ayniy ham oʻz izlanishlarida yozgan edi.)
Shuningdek, Anneta Beverij xonim Boburning ibratli hayot yoʻli yoritilgan “Boburnoma” asari orqali uning ikki muhim fazilatini tavsiflaydi: “Boburning ibratli umri haqidagi arzimas izlanishlarimda uning yuksak san'atining ikki umrboqiy hamrohi, tabiatga muhabbati va buyuk me'moriy ijodkorligiga qoyil qolish haqida soʻz yuritmasam, taassurotlarim toʻliq boʻlmaydi. Birinchisi, kitobning boshidan oxirigacha quvonch bilan hamrohlik qiladi. Ikkinchi hamrohi esa Temurning barpo etgan Samarqandini ehtirom qilishi orqali alohida koʻrsatilgan” . Olima oʻz fikrini davom ettirar ekan, Boburning imkoniyatlari bilan Temurning imkoniyatlarini qiyoslaydi va Boburning Kobulda yashagan paytidagi iqtisodiy holatiga ham e'tibor qaratadi: “Temur muhtasham qasrlar va ulugʻvor bogʻlar barpo etgan; Bobur koʻp inshootlarni zavqlanib qurdi, qurgʻoqchil joylarni obod qildi, lekin uning me'morlik qobiliyatini sinab koʻrish uchun imkoniyati kam edi, chunki Bobur hech qachon badavlat, ma'mur boʻlmagan, Kobulda oʻz vataniga qaraganda bir necha bor qashshoq tarzda yashagan. Ammo uning gʻolib qilichi hind sulolasiga boylik baxsh etgan omad qushini qoʻlga kiritdi va unga me'morchilikning foydalanilmagan mehri-muhabbatini topshirdi, natijada u hukmronlik qilgan davrda Hindiston Samarqanddan oʻzib ketdi...”
Bundan tashqari Annet Beverej “Boburnoma”ning mavjud qoʻlyozmalarini taqqoslash orqali maxsus jadvallar yaratib, ularning bugungi kundagi saqlanish manzili, qaysi kotibdan koʻchirilgani, fanga kim ma'lum qilgani haqida soʻzlaydi. Annet Beverej oʻzining mulohazalarida Buxoro qoʻlyozmasi, Ilminskiy tayyorlagan Kazan nashri haqidagi qarashlarini bayon qiladi. Olimaning asl matnni tiklash, yoʻqolgan sahifalarda qay voqealarni aks etishi bilan bogʻliq boʻlgan farazlari boburshunoslik ilmi uchun bugungi kunga qadar oʻta ahamiyatli mulohazalardir. Shu fikrlaridan birida quyidagicha yozadi: “Yoʻqolgan yillarni qayd etishda hech boʻlmaganda quyidagilar boʻlishi kerak: tugʻilgan kuni va joyi nomlari va ota onalarining maqomlari – farzandlariga Muhammad deb ism qoʻyishlari va boshqa marosimlar Toshkent shahridagi qarindosh-urugʻlarga tashriflar va Samarqandning qaerida unashtirilgani – uning maktab fanlariga, sportga kirishishi, oʻqituvchilarining qurol-yarogʻ ismlarini qoʻllashi, oʻz e'tiqodi qoidalari boʻyicha ta'lim olishi, Andijon qoʻmondonligiga tayinlanishi va hakozolar ...” Bu oʻrinda Anneta Beverij Boburning adabiy uslubi haqida ham oʻz qarashlarini ilgari surishida boshqa tadqiqotchilarnikidan butkul farq qiladigan tomonlari bor. Jumladan, yuqorida keltirilgan fikrda asarning boshidagi sahifadan oldin ham uzilish boʻlganiga oʻzining taxminini bildirib oʻtmoqda. Bu farazni ham koʻrib chiqish kelajak tadqiqotchilari oldiga koʻplab vazifalarni koʻndalang qoʻyadi.
Birgina maqolada Anneta Beverijning yigirma yil davomida amalga oshirgan tadqiqotlari natijasi boʻlgan ingliz tilidagi “Boburnoma” ning soʻzboshisida koʻtarilgan fundamental masalalarni tahlil qilish imkon boʻlmaydi albatta.
Muxtasar kuzatishlarimiz asosida quyidagi xulosalarga kelindi:
- Anneta Beverij “Boburnoma”ni ingliz tiliga tarjima qilish asnosida turkiy til saboqlarini oʻzlashtirdi hamda tarjima jarayonida matn bilan ishlashda bundan unumli foydalandi.
- Olimaning boshqa tarjimonlardan farqli tomoni shundaki, u asarni tarjima qilishdan tashqari aynan boburshunoslikka oid yirik tadqiqotlarni amalga oshirdi.
- Anneta Beverij Bobur shaxsiyatini shunchaki e'tirof etmasdan, uning kamolotiga sabab boʻlgan omillar haqida fikr yuritib, temuriylar davri madaniy muhitini alohida e'tirof etdi. Bobur ulgʻaygan xonadon kitobxonligi va ota va ona tomondagi bobo-buvilarning ma'rifatli zotlar ekaniga oid qaydlari oʻziga xos tarzda original misollar bilan isbotlangan.
- Olima tomonidan Boburning bobosi Yunusxon umrining Temur vafoti va Bobur tugʻilish sanalari oʻrtasidagi koʻprik vazifani bajarganlikka ishora qilishi soha vakillari oʻrtasida shu paytgacha kuzatilmagan noyob qiyoslanishdir.
- “Boburnoma” qoʻlyozmalarining jadvallar asosida tahlil qilinishi va kelajakdagi tadqiqotchilarning bu ishni yanada mukammalashtirish haqidagi fikrlari ham sohaning shu kungacha echilmay kelayotgan vazifalari sirasiga kiradi.
Elmira Hazratqulova
OʻzFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi,
filologiya fanlari boʻyicha (PhD) falsafa doktori
Fikr qoldirish#