O‘rta Osiyoda feodal mulkchilikning juda keng tarqalgan formalaridan biri vaqf edi. Vaqf deb diniy yoki xayriya muassasalari foydasiga biror mulkdor shaxs tomonidan ma’lum ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarni ko‘zlab iona qilingan mol-mulkka aytiladi. Vaqf arab xalifaligi endi barpo bo‘layotgan davrdayoq yuzaga keldi va keyinchalik barcha musulmon davlatlarida keng ko‘lamda tarqaldi. U, ayniqsa, o‘rta asrlarning oxirida juda chuqur ildiz otdi. O‘zbekiston hududida vaqf bu yerda sovet hokimiyati o‘rnatilgunga qadar o‘z kuchini saqladi. Shuni ta’kidlash lozimki, keyingi davrlarda uncha katta bo‘lmagan hajm va miqdordagi iona va tortiqlarni vaqf qilish odatdagi hol bo‘lib qoldi.
Hozirgi davrda ham vaqf instituti xorijiy Sharqning Afg‘oniston, Eron kabi ayrim davlatlarida saqlanib kelmoqda. Bu yerlarda vaqfiya ishlarini boshqaruvchi maxsus vazirliklar mavjud (Bizga ma’lum bo‘lishicha, Saudiya Arabistoni qirolligida:
1) Diniy Ishlar vazirligi,
2) Haj vazirligi va
3) األوقاف وزارة (vizāratu-l-`avqāfi) – Vaqf Ishlari vazirligi mavjud bo‘lib, unda vazir va uning o‘rinbosarlari hamda yana o‘nlab mas’ul kishilar maosh olib ishlaydilar. Alloh-u taologa hamd-u sanolar bo‘lsinkim, ushbu satrlar muallifi meros masalalari bo‘yicha mazkur Qirollikda birnecha yil mobaynida istiqomat qilgan va ana shu vazirliklarga murojaat qilib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishish sharafiga muyassar bo‘lgan edi. To‘laroq ma’lumot uchun qarang: Shokirxon Shodmonxo‘ja. Shokirnoma yoxud tarjimon hayotidan lavhalar. So‘zboshi muallifi: A.Abdullayev, muharrir: M.Mamadaliyev. – Toshkent: “Ochun” nashriyoti, 2022. – 160 b. – B. 111-158. (Sh.R.)).
Odatda, vaqf yuqori martabali nufuzli shaxslar tomonidan ta’sis etilar edi. Bular qatoriga xon va uning oila a’zolari, yirik yer egalari, xonga yaqin amaldorlar, amirlar, ruhoniylar va hokazolar kirar edi. Nazariy jihatdan esa musulmon xuquqiga ko‘ra, u yoki bu mol-mulkni vaqfga aylantirish har bir «aql-xushi joyida bo‘lgan» shaxsning ixtiyorida edi.
Vaqflar diniy muassasalar, masalan, masjid, madrasa, xonaqoh, mozor va ziyoratgohlarga, shuningdek, xayriya muassasalari – shifoxona, rabot, ko‘priklar, yetimxona, qariyalar, bevalar, faqirlar uchun boshpanalarga iona qilinishi yoki vasiyat qilib qoldirilishi mumkin edi.
Ikkita vaqf turi mavjud bo‘lib, biri asosiy, ikkinchisi oddiy. Vaqfning asosiy turida uni ta’sislovchi shaxs vaqfga aylantirilgan mol-mulkiga bo‘lgan har qanday haq-huquqdan batamom mahrum bo‘lar edi (“Vaqf” so‘zining mazmuniga kelsak, vaqf qilingan mol-mulk o‘sha soatdan boshlab “mol-mulklik” amaliyotidan chiqarilib, “vaqf mulki”ga aylanadi. Aniqrog‘i, “mol-mulk”lik vazifasidan to‘xtatiladi, zero “vaqf” – “to‘xtatish; vaqf mulki, xudo yo‘liga bag‘ishlangan, sotish, hadya qilish, meros qoldirigsh mumkin bo‘lmagan daxlsiz mol-mulk” degan ma’noga ega. (Sh.R.)), ya’ni vaqf bu o‘rinda butunlay xayr-ehson mazmunini kasb etardi (Vaqf qilingan mol-mulkning asosiy hujjati bo‘lgan – “vaqfnoma” arabcha ُّك الص (as-sakku)da “vaqf shartlari” ochiq bayon etiladi. Bu haqda, Insho Alloh, alohida to‘xtalib o‘tamiz. (Sh.R.)). Vaqfning «vaqfi avlod» deb atalishi ikkinchi – oddiy turi esa vaqf egasi, ya’ni voqifga, uning vafotidai so‘ng esa vorislariga keladigan daromadning ma’lum, ko‘p o‘rinlarda kattagina qismidan foydalanishga imkon berar edi, boshqacha aytganda, vaqfga aylantirilgan mulk faqat rasmiy jihatdangina ta’sis etuvchining ixtiyoridan chiqar edi. Shunday qilib, vaqfning bu turi voqifga o‘z mol-mulkinn uzoq yillar davomida daxlsiz holda saqlashga hamda undan keladigan daromadning ma’lum qismidan foyda ko‘rishga imkon yaratar edi. Oddiy vaqf ta’sis etilganda vaqfga aylantirilgan mulkning mutavallisi (Mazkur Qirollikda vaqf qilingan mol-mulkka mutavalli emas, balki “vaqf noziri” deb ataluvchi shaxs diniy mahkama tomonidan ta’yin etiladi. Vaqf noziri o‘sha vaqfdan tushgan daromadning 10/1 miqdorida maosh oladi. (Sh.R.)) qilib voqifning o‘zi yoki uniig avlodlaridan biri tayinlanar edi.
Vaqfga turli-tuman ko‘rinishdagi xayr-exsonlar berilishi mumkin edi. Ular umumiy tarzda «mavqufot» (arabcha «vaqf sifatida vasiyat qilingan har qanday narsa») nomi bilan yuritilgan. Unga avvalo ko‘chmas mulk, ya’ni yer (ba’zida juda katta hududni o‘z ichiga olgan), butun-butun qishloqlar, bog‘lar, ekinzorlar, ariqlar, savdo va hunarmandchilik tarmoqlari (chahorsuq timlar, toqilar, do‘konlar...), karvonsaroy, rabot, hammomlar va h.k. kiritilgan. Bundan tashqari, vaqfga mol-mulkning boshqa har qanday turi: qullar (Ma’lumki, ilk Islom davridan boshlaboq, Islom diyorlarida qullar ozod qilinib, qullik bekor qilingan edi. (Sh.R.)), chorva, pul, kitoblar, zeb-ziynat. qishloq xo‘jaligi uskunalari, uy-ro‘zg‘or buyumlarn o‘tkazilishi mumkin edi.
Voqif vaqfga ajratayotgan mol-mulkini biron diniy yoki xayriya muassasasiga uni sotib yubormaslik, sovg‘a sifatida tortiq qilmaslik, meros qilib qoldirmaslik va biron-bir yo‘l bilan o‘zlashtirib olmaslik sharti bilan o‘tkazgan. Yuridik jihatdan mavqufot grajdan huquq muomalasidan tamomila ajratib olingan va undan keladigan daromad voqif vaqf yorliqlarida qayd qilingan maqsadlargagina qaratilgan. Vaqflar musodara qilinishi (Ma’lumki, yosh Sovet hukumatining eng avvalgi dekretlaridan birinchisi sifatida “Din xalq uchun afyun hisoblanib, barcha diniy tashkilotlar – cherkov, sinagoga va masjidlar, shuningdek, ularga qarashli vaqf mol–mulklari musodara” qilingan edi. (Sh.R.)), vaqf mulklarining esa bir shaxsning o‘ziga uch yildan ortiq muddatga ijaraga berilishi mumkin emas edi (Ma’lumki, Makkai Mukarramadagi Harami Sharif yaqinida joylashgan, “Buxoriylar” orasida “Anjan takya” deb ataluvchi “Rahimberdiboy O‘rtaboyhoji o‘g‘li Andijoniy”ning o‘ndan ziyod vaqf mulklaridan biri 2000- yillarning boshlarida bir amir ixtiyoriga 16-yil muddatga ijoraga berilgan edi. O‘z navbatida ijorachilar avvalgi vaqf imorati o‘rniga ko‘pqavatli mehmonxona qurishgan va hozirda undan unumli foydalanmoqda ekanliklari ayondir. (Sh.R.)). Biroq, bu shartlarga amalda hamma vaqt ham rioya qilinmagan. Vaqf yerlariga turli hukmdorlar va badavlat amaldorlar tomonidan xujum qilingani yoki ularni bosib olingani haqidagi ma’lumotlar oz emas. Vaqflar soliqdan ozod bo‘lishi uchun ularga shu xuquqni beruvchi xonning maxsus farmoni kerak edi. Vaqf o‘zining ikki asosiy belgisi – daxlsizligi va ta’sischining qo‘ygan shartlari tufayli hamda vaqf deganda ko‘proq ko‘chmas mulk haqida gap borganligi uchun u feodal yer mulkchiligining shartli formasi sifatida olib qaraladi. Mavqufot vaqf belgilangan muassasaning shaxsiy mulki hisoblanar va u bu mulkdan kelgan barcha daromadning ham egasi bo‘lar edi. Daromadning katta qismi mutavalli foydasiga ajratilar, qolgan qismi esa muassasaning ta’miri va ravnaqi, maosh belgilangan shaxslarning haqini to‘lash, muhtojlarga xayr-ehson qilish uchun sarf qilinar edi.
Vaqfiya, ya’ni mulkning vaqfga aylanganligi haqidagi hujjat maxsus qozixonada qozi, voqif va guvohlar huzurida rasmiylashtirilar edi. Agar vaqfga juda katta miqdordagi mulk baxsh etilayotgai bo‘lsa, vaqfnoma faqat oliy hukmdorning ruxsati bilan tuzilgan. Bunday hollarda uning nomidan maxsus farmon-muboraknoma chiqarilgan.
Vaqfnomalar vaqti-vaqti bilan yangilanib turilgan (Vaqfnomalar hech qachon yangilanib, qayta rasmiylashtirilmaydi, zero, vaqf haqidagi eng birlamchi hujjat eng e’tiborli asl hujjat hisoblanadi; ko‘p hollarda keyinchalik rasmiylashtirilgan hujjat (agar kerakli tashkilot tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lsa) asl hujjat bo‘lib hisoblanmaydi va e’tiborga olinmasligi ham mumkin. (Sh.R.)) va ularni bizga qadar yetib kelganligining asosiy sabablaridan biri ham shudir. Qozi va kotiblar vaqfnomalarni rasmiylashtirish yoki qayta rasmiylashtirishda ishtirok etganlari uchun ma’lum haq olar edi. Vaqf muassasalarining ishini taftish qiluvchi maxsus idora (Biz Qirollikda ana shunday idora bor ekanidan bexabarmiz. Aniqrog‘i, boshqa turdagi taftish idoralari ham mavjud ekani bizga qorong‘udir. (Sh.R.)) ham bo‘lib, uning vazifalari sirasiga arxiv hujjatlarini olib borish va vaqfnomalarni to‘g‘ri rasmiylashtirish ustidan nazorat qilish kirar edi.
Mazmuniga ko‘ra, vaqfnomalar odatda bir-biriga o‘xshash va ularni shartli ravishda bir necha qismga bo‘lish mumkin. Hujjatning kirish qismida hamd-u sano hamda vaqfni ta’sislovchi shaxs (agarda u baland martabali bo‘lsa) nomiga madhiyadan so‘ng bu ishning sabablarini asoslovchi dalillar keltiriladi, uning yuridik mohiyati tushuntiriladi. Ikkinchi qismida barcha ko‘chmas amlok (Ko‘chmas amlok – arabcha “ko‘chmas mol-mulklar” degan mazmunga ega. (Sh.R.))ning batafsil ro‘yxati berilib, ular har birining joylashish yeri va chegaralari aniq ko‘rsatiladi. Shu yerning o‘zida ko‘chmas mulkdan boshqa narsalar – uy-ro‘zg‘or buyumlari, asbob-uskunalar, vaqfga berilayotgan yerlarda ishlovchi qullar vaqfga o‘tkazilayotgan bo‘lsa, ular ham sanab o‘tiladi.
Vaqfnomaning uchinchi qismida vaqf shartlari bayon etilgan, mavqufotdan keladigan daromadni taqsimlash tartibi batafsil ko‘rsatib berilgan, vaqf xo‘jaligini boshqaruvchi shaxs tayinlangan, shuningdek, xizmatchilarning maoshlari, bayram ziyofatlari, kambag‘al va darveshlarni ovqatlantirish uchun mo‘ljallangan chiqimlar sanab o‘tilgan. Shu yerning o‘zida yana vaqf mulki va buyumlaridan istifoda qilish shartlari hamda ularni qonunga xilof tarzda bosib olinishi va o‘zlashtirilishiga qarshi chora-tadbirlar ko‘rsatib o‘tilgan (Mazkur sanab o‘tilgan shartlar har bir mamlakatning qozixonalar boshqarmasi (Oliy mahkama) yoki Vaqf vazirligi tomonidan belgilangan bo‘lishi kerak. (Sh.R.)). Hujjat tuzilgan vaqti va bu ishda qatnashgan shaxslarning nomlarini sanab o‘tish bilan tugaydi.
Asosiy qismga odatda ikkita qozilik qapopi vaqf ta’sis etilishining qonuniyligi va ta’sirchi shartlarining to‘g‘riligi haqidagi qarorlar ilova qilinadi. Asosiy qism va uning ostidagi qozilik qarorlari qozilar muhri bilan tasdiqlanadi.
Vaqfnoma o‘rog‘lik qog‘oz yoki kitob shaklida tuzilgan. Bizgacha vaqfnomalar asl nusxa va ko‘chirma nusxa holida yetib kelgan. Asl nusxalar bu vaqf ta’sis etilayotgan naytda tuzilgan va o‘sha davr hukmroni va qozilari muhrlari bilan tasdiqlangan hujjatlardir. Ular sud janjallari, turli imtiyozlarni aniqlashda va boshqa narsalarga asos bo‘lib xizmat qilgan.
Ko‘chirma nusxalar ikki ko‘rinishda bo‘ladi: tasdiqlangan va tasdiqlanmagan (muhrlangan va muhrlanmagan) (Ko‘chirma nusxalarning o‘z kuchiga ega bo‘lishi uchun rasmiy notariuslarda tasdiqlanishi zarur. Arab diyorlarida “notarius” – العدل كاتب (kātibu-l-‘adli) – adolatli kotib, deb ataladi. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun qarang: Qur’oni Kariym, “Baqara” surasi (2:282) oyati kariyma. (Sh.R.)). Bizgacha turli hujjatlar, shu jumladan, vaqfnomalarni tuzish namunalari keltirilgan qo‘lyozma risolalar yetib kelgan.
O‘zbekiston SSR Markaziy Davlat arxivi (O‘zSSR MDA) inqilobdan ilgari davrdagi hujjatlar jamlangan eng yirik markaz hisoblanadi. Uning tarixiy hujjatlar fondida (II-323) vaqfnomalarnnng eng yirik kolleksiyasi bor. O‘zbekiston jumhuriyati Fanlar akademiyasn Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida ham vaqf hujjatlarining bir qanchasi saqlanadi. Bundan tashqari, vaqfnomalar Samarqand, Buxoro, Xiva muzeylari hamda Tojikiston jumhuriyati FA Tarix instituta fondlarida ham mavjud. Bular qatoriga mamlakatning boshqa fondlarida saqlanuvchi vaqf va boshka hujjatlar kolleksiyasini qo‘shish lozim (masalan, SSSR FA Sharqshunoslik institutining Leningrad bo‘limi, Tojikiston Davlat kutubxonasi, kadimiy hujjatlarning Markaziy Davlat arxivi va boshqa qator muassasalar).
Vaqfnoma hujjatlarga oid yozma yodgorliklarning juda ko‘p tarqalgan va qiziqarli ko‘rinishlaridan biridir. U hujjatlarni yozma yodgorliklarning alohida turi sifatida o‘rganuvchi maxsus tarixiy fan bo‘lishi diplomatikaning o‘ziga xos yodgorligi sifatida katta ahamiyat kasb etadi. Bu hujjatlarning batafsil paleografik tadqiqi o‘z davri ijtimoiy hayotining ko‘pgina jihatlarini bilib olishga imkon beradi. Bu o‘rinda hamma narsa muhim: vaqfnoma ko‘chirilgan qog‘oz, uning tuzilgan vaqti va joyi, xati, siyohining rangi, badiiy bezaklari, charm jildlarining naqshi va h.k. Mazmun jihatidai esa vaqfnomalar O‘rta Osiyo va boshqa mamlakatlarning hayot tarzini u yoki bu darajada aks ettiruvchi favqulodda qimmat kasb etadi. Vaqfnomalardagi ma’lumotlar o‘rta asr feodal jamiyatining ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayoti haqida juda aniq tasavvur hosil qiladi.
Vaqf hujjatlari tarixiy manba sifatida ko‘pgina tadqiqotchilar diqqatini o‘ziga jalb etdi. Shular jumlasidan M.N. Rostislavov, V.V. Bartold, P.M. Melioranskiy, L.N. Sobolev, V.L. Vyatkin, P.P. Petrushevskiy, M. Sayidjonov, R.R. Fitrat (Manbada “R.R. Fitrat” tarzida noto‘g‘ri yozilgan; to‘g‘risi – “Abdurauf Abdurahim o‘g‘li Fitrat”. Ul zot birinchi o‘zbek professori bo‘lgan. Qatag‘on yillari xudosizlar tomonidan otib tashlangan.(Sh.R.)), M.A. Abduraimov ismlarini keltirish mumkii. O.D. Chexovich, R.G. Muqminova, A.B. Vildanova, A.D. Davidov, A.H. Hamroyev kabi olimlarimiz o‘zlarining qator asarlarini O‘rta Osiyo vaqf hujjatlarining tadqiqiga baxsh etdilar.
Bizgacha yetib kelgan vaqfnomalarning eng qadimiysi Buxorodan topilgan va nashr etilgan ikki hujjat bo‘lib, O‘zSSR MDA fondida saqlanadi. Ular mo‘g‘ul istilosi davriga oiddir.
Bu hujjatlarnpng biri «XIII asr Buxoro vaqfi» (Buxarskiy vaqf XIII v. Faksimile. Izdaniye teksta, perevod s arabskogo i persidskogo, vvedeniye i kommentariy A.K. Arendsa, A.B. Xalidova, O.D. Chexovich, M., 1979. (Ushbu asar muallifining izohi)) deb atalib, u XIII asr oxirlarida Muhammad o‘g‘li Abdurrahim ismli kishi tomonidan o‘z avlodlari, shuningdek, Buxoro viloyatining Samjon tumanidagi Hamina qishlog‘ida joylashgan ikki machit va Xoja Hamina mozori foydasiga ta’sis etilgan yorliqdir. Bu hujjat mo‘g‘ullar hukmronligi davri O‘rta Osiyo xo‘jalik hayotining tadqiqi uchun nihoyatda qimmatli ma’lumotlar beradi. Bu yerda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning nihoyatda konkret faktlariga duch kelamiz.
Bular yirik feodal tomonidan Buxoro shahrining shimoliy qismida joylashgan butun boshli qishloqni sug‘oruv yerlari bilan sotib olganligi, uning yonida yangi qishloq qurilganligi va unda to‘quv ustaxonalari, tegirmon, turar joylar, machitlar va h.k. barpo etilganligi, nihoyat, bu barcha ko‘chmas mulkning shu yer egasining vorislari foydasi yo‘lida hamda diniy va xayr-ehson maqsadlarida vaqfga aylantirilganligi haqidagi ma’lumotlardir. Bu hujjat A.K. Arends, A.B. Xolidov, O.D. Chexovichlar tomonidan rus tiliga tarjima qilinib, kirish va izohlar bilan nashr etilgan.
«XIV asr Buxoro hujjatlari» (Chexovich O.D. Buxarskiye dokumentы XIV v., Tashkent, 1965) deb atalmish ikkinchi vaqfnoma XIV asr boshlarida shayx Abulmuhafir Yahyo tomonidan tezilgan bo‘lib, unda voqifning Buxoro yaqinidagi Fathobod qishlog‘ida joylashgan buvasi shayx Sayfiddin Boharziy maqbarasi, maqbara qoshidagi xonaqoh va hammom foydasiga o‘tkazilgan mavqufot haqida gap boradi. Bu tarixiy hujjat O‘rta Osiyoda vaqf yerlariga qullarni birkitib qo‘yish shaklida namoyon bo‘lgan krepostnoylik qoidalari mavjud ekanligidan guvohlik berishi bilan qimmatlidir. So‘z yuritilayotgan yorliq O.D. Chexovich tomonidan nashrga tayyorlangan. Har ikkala yorliqda ham Buxoro viloyatining tarixiy topografiyasi, geografiyasi, kadimiy terminologiya va toponimikasiga oid qimmatli ma’lumotlar mavjud.
«XV-XVI asr Samarqand hujjatlari» (Samarkandskiye dokumentы XV-XVI vv. (O vladeniyax Xodja Axrara v Sredney Azii i Afganistane). Faksimile, kriticheskiy tekst, perevod, vvedeniye, primechaniya i ukazateli O. D. Chexovich, M., 1974) nomi bilan O.D. Chexovich tomonidan nashrga tayyorlangan vaqf hujjatlari Xo‘ja Ahrorning Temuriylar saroyidagi baland martabasi, uning O‘rta Osiyo va Afg‘onistondagi ulkan boyliklari va son-sanoqsiz mulklari haqi- da guvohlik beradi. Hujjatlar bu yerlarda XV-XVI asrda hukm surgan agrar munosabatlar. ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy tuzumining o‘ziga xos belgilari, qishloq va shahar hayotini o‘zida aks ettiradi. Shuningdek, ular tarixiy geografiya, terminologiya, paleografiya va diplomatikaga oid talay materialni ham o‘z ichiga oladi.
Vaqf hujjatlarida ayollar ahvoli haqida ayrim ma’lumotlarni uchratish mumkin. Musulmon dini ayollar huquqini har qanday faoliyat bo‘yicha cheklab qo‘ygan edi. Buni, masalan, 934/1527-yil vaqfnomasidan olingan ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Hujjatda sanab o‘tilgan shartlarda qayd etilishicha, voqif avlodining har bir erkak a’zosi vaqfdan kelgan daromaddan ayol a’zolarining ikkitasiga tegishli qismiga ega bo‘ladi(O‘zbekiston MDA. I-323 fondi, op. 1, inv. № 16; Kur’on. 4:11, sura). Bu hujjatlarda ayollarning hatto hukmron (yoki boy) doiralardan chiqqan ayollarning, umuman, huquqsizligiga qaramay, ular vaqfiy va mutavalli sifatida namoyon bo‘lgan XVI-XIX asrlarga oid ko‘plab vaqfnomalar tuzilganidan dalolat beradi. Ayrim hollarda vaqf erkak kishi tomonidan ta’sis etilgan, mutavalli qilib esa ayol kishi tayinlangan (O‘zbekiston MDA. I-323 fondi, op. 1, inv. № 733. 1292/20, 1295/16). / Bir hujjatda esa (1104/1692-1693-yilga oid hujjat, inv. №1292/11) bir yo‘la ikkita vaqfiy – ayol va erkak nomi tilga olinadi. Vaqfnoma shartlariga ko‘ra, mutavalli qilib boshida ayol kishi tayinlanadi, uning vafotidan so‘ng esa bu o‘ringa erkak tayinlanishi lozim edi (Vaqf qiluvchi voqif o‘z ixtiyori bilan o‘zi ta’sis etayotgan vaqf mulkiga har kimni nozir etib ta’yin etish huquqiga egadir. Demak, agar vaqf qilingan mulkni boshqarishni ayol kishiga topshirishni lozim ko‘rsa, albatta, u ayolni ta’yin etadi va u ayolni qozi vaqf shartida ko‘rsatib o‘tgandan keyin, u o‘z kuchiga kiradi. Mazkur ayolning nozirlik faoliyatida o‘zining mahramlaridan kimni xohlasa, u kishini vaqf yumushlarida hamkor qilib olishi ham mumkin bo‘lur. (Sh.R.)).
Shayboniylar hukmronligi davriga oid «Vaqfnoma-i Shayboniyxon» O‘zbekiston jumhuriyati FA Sharqshunoslik institutining «Vaqfnomalar» fondida saqlanadi. Hujjat XVI asrda Movarounnahr hukmdori Muhammad Shayboniyxon (905/1500-916/1510) o‘g‘li Muhammad Temur sulton (920/1514y.v. e) ning xotini, Mehr Sulton xonim buyrug‘iga ko‘ra tuzilgan. Vaqfnomada Shayboniyxon buyrug‘i bilan Samarqandda qurila boshlagan va Mehr Sulton xonim tomonidan tugallangan ikki Madrasa haqida gap boradi. Bu hujjat R.G. Muqminova tomonidan «XVI asrda O‘zbekistonda agrar munosabatlarning tarixiga oid «Vaqfnoma» materiallari asosida» (Muqminova R.G. K istorii agrarnыx otnosheniy v O‘zbekistane XVI v. Po materialam «Vaqf-name», Tashkent, 1966) nashrga tayyorlangan.
Mazkur vaqfnomaning tadqiqotchisi undan hozirgi O‘zbekistoi hududida XVI asrda rasm bo‘lgan yer mulkligi munosabatlari, aholini ekspluatatsiya qilish usullari, turmush tarzi va tarixiy topografiyaga oid yangi materiallarni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.
Hujjatda ta’sis etilgan vaqfning mutavallisi etib voqifning o‘zi, ya’ni Mehr Sulton xonim tayinlangan. O‘z davrining yirik mulkdori bo‘lgan, vaqfga katta miqdordagi yer-suvlar va boyliklar vasiyat qilib qoldirgan bu xonim o‘z mansabini butun umri davomida egallashi lozim edi. 868 h. (1463/64) yilga oid vaqfnomaning ta’sischisi ham saroy doirasiga mansub ayollardan - amir Jaloliddin Suhrobning qizi Habiba Sulton begim edi. Bu vaqf temuriylardan Sulton Ab-u Sayid (1451-1469) ning qizi Xovand Sulton begim maqbarasi foydasiga ta’sis etilgan edi. Bu hujjat V.L. Vyatkin tomonidan tadqiq etilgan va «Ishratxona vaqfnomasi» (Vyatkin V.L. Vakufnыy dokument Ishratxana. «Mavzoley Ishratxaia». Pod red. M.Ye. Massona. Tashkent, 1958. S, 109-136) nomi bilan nashr qilingan.
XV-XIX asrga oid ko‘plab vaqfnomalar va boshqa xil hujjatlarnpng tadqiqiga bag‘ishlangan va hozirda ham o‘z ilmiy qimmatini saqlab kelayotgan «Samarqand viloyatining tarixiy geografiyasiga oid materiallar» (Vyatkin V.L. Materialы k istoricheskoy geografii Samarkandskogo vilayeta //Spravochnaya knijka Samarkandskoy oblasti, Vыp. VII. Samarkand, 1902, S. 1-83) nomli yirik tarixiy-geografik asar ham shu olim qalamiga mansub.
Xo‘ja Ahror avlodlari tomonidan tuzilgan 1546-yilga oid vaqfnomaning tadqiqi jarayonida V.L. Vyatkin o‘zining mislsiz arxeologik kashfiyotini yaratdi. Bu Ulug‘bek rasadxonasining joylashish yerini aniqlash edi.
Vaqflar ma’lum ideologik va iqtisodiy masalalar bilan bog‘liq bo‘lib, bu masalalarning turli tomonlarini hujjatlarning tadqiqi jarayonida aniqlash mumkin bo‘ladi.
Buxoroning vaqf siyosati hamda ijtimoiy-iqtisodiy tarixini o‘rganishda Mir Arab madrasasi foydasiga tuzilgan vaqfnoma ma’lum ahamiyat kasb etadi. U 1527-yili Mir Arab laqabli shayx Amir Sayyid Shamsiddin Abdulloh al-Arabiy al-Yamaniy al-Xadramautiy nomidan tuzilgan. O‘z davrining eng yirik feodallaridai bo‘lgan bu shaxs Shayboniylar dalatining ichki va tashqi siyosatiga katta ta’sir ko‘rsatar edi. Shayxning hayoti va faoliyatiga oid ko‘pgina yangi faktlarni biz xuddi shu vaqfnoma tufayli bilish imkoniga egamiz.
Mir Arab vaqfnomasining materiallari o‘sha davr yer egaligi, pul muomalasi, tarixiy topografiya, o‘rta asr terminologiyasi borasidagi adabiyotda mavjud ma’lumotlarni ancha kengaytiradi. Hujjatda shayxning vaqfi avlod sifatida rasmiylashtirilgan kattagina mavqufotining batafsil tavsifi beriladi. Bu usul unga ulkan yer xo‘jaligi va boshqa ko‘chmas mollardan kelgan daromadning bir qismini o‘z foydasiga saqlab qolish imkonini berar edi. Shayxning vaqfga o‘tkazilgan mulklari ro‘yxatiga yigirmadan ortiq joy, qishloq, yerlar, ko‘l nomlari, shuningdek karvon-saroy, timcha va do‘konlar kiritilgan. Shayxning vaqfga berilgan ulkan boyliklari haqidagi bu ma’lumotlar XVI asr va undan ancha keyingi davrlarga oid boshqa vaqf xujjatlarining ma’lumotlari bilan to‘ldiriladi. Keltirilgan faktik materialdan ko‘rinib turganidek, oliy ruhoniylarning xalq ommasiga ko‘rsatgan siyosiy hamda mafkuraviy ta’sirining asosiy omilini ularning iqtisodiy qudrati tashkil etgan.
XVI asrdan boshlab Buxoro Shayboniylar davlatining ma’muriy-siyosiy markaziga aylandi va shu vaqtdan e’tiboran (to 1920-yil inqilobiga qadar) barcha qonun chiqarishiga oid ishlar shu yerda sodir bo‘lar edi.
Shayboniylar davrida ham boshqa davrlarda bo‘lganidek, Buxoro xonligining siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida bosh o‘rinni yirik feodal va oliy ruhoniy vakillari egallab kelgan.
Toshkentning qator arxivlari va qo‘lyozma fondlarida xonlar, yirik amaldor va mashhur din arboblari nomlaridan tuzilgan hali nashr etilmagan ko‘plab Buxoro vaqf hujjatlari saqlanadi. Abdullaxon II, Abdulazizxon, Qulbobo Ko‘kaltosh, shayx Mir Arab, Jo‘yboriy shayxlari va boshqalar nomlaridan ta’sis etilgan qator hujjatlar shular jumlasidandir.
Abdulazizxon (1645-1680) nomidan tuzilgan vaqfnomada Buxoro xonligidagi yer mulkchiligi, uning tarixiy geografiyasi, toponimikasiga oid g‘oyat qiziqarli ma’lumotlar mavjud (O‘zbekiston FASHI. «Vaqfnoma» fondi, inv. № 507a).
1002/1593- 1594-yil Abdullaxon II ning eng yirik mulozimlaridan Qulbobo Ko‘kaltosh nomidan chiqarilgan vaqfnoma ham Buxoro shahri va uning atrof joylari hayotining turli jihatlarini yorituvchi qimmatli faktlarni o‘z ichiga oladi (O‘zbekiston MDA. I-323 fondi, op. 1. Inv. № 1). Buxoro madrasalaridan G‘oziyon (942/1535-36 y. va Fathullah Qo‘shbegi (1004/1595-96 y.) foydasiga tuzilgan vaqfnomalar ham shular jumlasidandir (O‘zbekiston MDA. I-323 fondi. op. 1, inv. № 12 va 13). Abdullaxon II nomidan XVI asr ohirida Qo‘shmadrasalar foydasiga tuzilgan uchta katta hajmli vaqfnoma bu mulkchilik formasi tarixini o‘rganishda, ayniqsa, ahamiyatli (O‘zbekiston MDA. I-323, fondi, op. 3, inv. № 2, 24/1, 24/2).
Mazkur hujjat ma’lumotlarini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, Abdullaxon II o‘zi qurdirgan bu madrasalar foydasiga Buxoro atrofidagi ulkan ekinzor yerlardan tashqari shaharning o‘zida ko‘plari o‘zining buyrug‘i bilan qurdirilgan yana 300 dan ortiq turli moliyaviy muassasalar (chahorsuqlar, timlar, toqi, hammom va b.)ni vaqf sifatida o‘tkazgan. Bularning hammasi faqat diniy yoki xayr-ehson maqsadlarida emas, balki ma’lum iqtisodiy vazifalarni ham ko‘zlab amalga oshirilgan: bu ishlar savdoni muntazamlashtirishga, savdo va hunarmandchilik tarmoqlarini shaharning ma’lum joylarida jamlashga, ayrim mahsulotlar savdosini aynan shu maqsadlarda qurilgan katta savdo markazlarida samarali rivojlantirishga imkon yaratar edi. Vaqf moliya muassasalarining ijarasiga ularning xususiy mulkchilik formasidan ko‘ra arzonroqqa tushgan degan taxmin haqiqatdan xoli emas. Bundan tashqari, mazkur vaqf hujjatlarida shu davrda Buxoroda hunarmandchilik va savdo qay darajada bo‘lganligi haqida ham qiziqarli ma’lumotlar mavjud. Ularda ko‘plab bozorlar, timlar va boshqa savdo hunarmandchilik muassasalari haqida ma’lumotlar bor. Shuningdek, mazkur hujjatlarda XVI asrning ulkan savdo inshootlaridan bo‘lgan Chahorsuqi Axoniy, Chahorsuki Darun, Chahorsuqi Anorfurushon, Chahorsuqi Dunbafurushon, Timi Kalon, Chahorsuqi «Taxi Shur» va boshqalar hakida noyob ma’lumotlar uchraydi.
Abdullaxon II nomidan chiqarilgan vaqfnomalardan shu vaqtga qadar boshqa ilmiy adabiyotlarda ma’lum bo‘lmagan metalni qayta ishlash bilan bog‘liq hunarlar, ixtisoslashgan bozorlar (xom ipak, chigitli paxta, ip gazlamalar, ro‘mollar, kozon quyish va sotish, ketmonlar ishlab chikarish, sadoqsozlik, ignafurushlik va h.k.)ni va shu kabi ko‘plab savdo- hunarmandchilik muassasalarini aniqlashga muvaffaq bo‘lindi. Shu hujjatlarning o‘zidan biz yana qishloq jamoalari, ijtimoiy-iqtisodiy terminologiyaga oid g‘oyat qiziqarli qo‘shimcha materialga ega bo‘lamiz. Vaqf hujjatlari ayrim oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlarga bo‘lgan narx-navo darajasi haqida ham umumiy tasavvur olishga imkon beradi. Ulardan o‘rta asrlarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak narxlarini bilib olish mumkin. Masalan, 1540-yili Balx vaqfnomasida (O‘zbekiston MDA. 11-323 fondi. op. 1. № 1216) non va go‘sht narxlari keltirilgan. Hujjat ma’lumotlariga ko‘ra, Balxda bir tangaga (o‘rta asrda bir misqolli kumush tanga 20-22 mis dinorga teng edi) 200 ta non sotib olish mumkin ekan. Shu o‘rinda yana quyidagi aniqlik kiritilgan: nonlarning to‘rttasi balx vazn o‘lchoviga ko‘ra bir sir (ya’ni 1/40 man) ga teng bo‘lgan. Bitta bo‘rdoqi molning go‘shti balx o‘lchoviga ko‘ra 100 tangaga sotilgan. Vaqfnoma shartlarida o‘rta asrlarda keng rasm bo‘lgan qabo va faraj kabi kiyimlarning narxi haqida ham kiziqarli ma’lumotlar bor. Ularning har biri 12 tangaga berilgan.
Shunday qilib, bu ma’lumotlar XVI asrda qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilikning eng zaruriy iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan narx-navo darajasi haqida tasavvur beradi. XV-XVI asr vaqf hujjatlarining muazzinlar, farroshlar, oshpazlar, talabalar, ya’ni vaqf muassasalarining eng kam haq oluvchi xizmatchilarining ish xaqi miqdorlari borasidagi ma’lumotlari ham g‘oyat qimmatli. Ularning kundalik ish haqi bir yoki bir necha dinorga teng edi. Aftidan, XV-XVI asrda bir necha mis tanga kam haq oluvchi kasb-hunar egalarining kundalik ish haqi, ya’ni kundalik zaruriy sarflar miqdorini belgilar va aynan shu mis tangalar bu davrda chakana savdo sohasida asosiy muoamala vositasi vazifasini o‘tar edi. / Vaqf hujjatlarining ancha keyingi Ashtarxoniylar va Mang‘itlar hukmronligi davriga oid namunalari ham saqlanib qolgan. Bu maqolada biz ko‘proq o‘rta asrlarga oid Buxoro vaqfnomalari ustida so‘z yuritdik. Mamlakatimizning turli arxivlari va fondlarida turli tarixiy davrlarga va O‘rta Osiyoning Xorazm, Farg‘ona, Qo‘qon, Samarqand, Toshkent kabi boshqa rayonlariga oid yana ko‘plab vaqf hujjatlari mavjud.
Jo‘rayeva, G‘. Sharqshunoslik № 2, 1991. -183 b. B. 37-47. (O‘zbekcha);
Что такое “Вакф”?
Fikr qoldirish#