Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Did va bilim samarasi yoki “Vaqoyi’” matni va qo‘lyozma rasmlarida hayvonot, parranda va nabotot tasviri

Sharq xalqlari madaniyati tarixida miniatyura (mo‘jaz rangtasvir asarlari) san’ati alohida o‘rin tutadi. Xususan, qog‘oz ishlatishning keng joriy etilishi bilan ming yillar mobaynida davom etib kelgan devoriy rassomlik an’analari o‘rnini asta-sekin miniatyura san’ati egalladi.

Yaqin va O‘rta Sharq miniatyura san’ati bir necha davr va maktablarga bo‘linadi. Ular orasida Boburiylar davridagi miniatyurasi yaqqol ajralib turadi.

Boburiylar saltanatining bunyod etilishi, ilm ahlining kitobat san’ati – xattotlik, muzahhiblik va rassomlikka qiziqishi hamda mamlakatdagi iqtisodiy, siyosiy shart-sharoit va davrning estetik talabi hind miniatyura san’atining shakllanishiga katta turtki bo‘ldi. O‘sha davrlarda Samarqand, Buxoro, Hirot kabi yirik madaniy markazlarda eng mohir xattot va rassomlar hamkorligida yaratilgan ko‘p nodir qo‘lyozma asarlar mavjud edi. Ularning bir qanchasiniBobur Podshoh o‘zi bilan olib ketgan edi. Keyinchalik Boburiylar miniatyura san’atining rivojlanishiga o‘sha qo‘lyozma asarlar ham katta ta’sir ko‘rsatdi.

Boburiylar davrida tasviriy san’at va adabiyot sohasidagi yuqorida tilga olingan bir qadar ijobiy siljishlar markaziy osiyolik olim va san’atkorlar diqqatini jalb etdi va natijada ular umid bilan Boburiylar saroyiga keta boshlashdi. Shoirlardan G‘azoliy Mashhadiy, Qosim Ko‘hiy Samarqandiy, rassomlardan Mir Said Ali Termiziy, Abdusamad Sheroziy, Farruxbek, xattotlardan: Muhammad Boqir kabi iste’dod sohiblari shular jumlasidan edi. Bu hodisa, shubhasiz, mahalliy san’at taraqqiyotiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Boburiylar davrida Abdurahmon Jomiy, Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy, Sharqning yetuk mutafakkirlarining Hindistonda kitobat qilingan va nafis miniatyura asarlari bilan ziynatlangan asarlari orasida Zahiriddin Muhammad Boburning «Vaqoyi’» asari ham mavjud bo‘lgan. Bu kitob 1530 yili Hindistonning Agra shahrida yozib tugallangan. Uni 1589 yili Bobur Podshohning qiz nabirasi Salima Sultonbegim va turkman shoiri Bayramxonning o‘g‘li Abdurahimxon fors tiliga tarjima qilgan. Keyin bu tarjima qo‘lyozmalari Akbar Podshoh buyrug‘i bilan saroy kutubxonasining mohir xattotlari tomonidan ko‘chirilgan va uni mashhur rassomlar ajoyib miniatyuralar bilan ziynatlaganlar.

«Vaqoyi’»ning rasmli qo‘lyozma nusxalaridan bir nechtasi bizgacha mukammal yetib kelgan bo‘lib, ular hozir turli mamlakatlardagi muzey va kutubxonalarida saqlanmoqda. Britaniya muzeyi (Angliya), Yangi Dehlidagi Milliy muzeyi, Moskvadagi Sharq xalqlari san’ati Davlat muzeyi, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Valter san’at galereyasi (Baltimor, 31 miniatyurali qo‘lyozma, W. 596), Viktoriya va Albert muzeyi (Angliya), Chester Beatti (Irlandiya. Dublin) kutubxonasida saqlanayotgan nusxalar va parokanda rasmli varaqlar shular jumlasidandir.

Ushbu qo‘lyozmalardagi miniatyuralar asar mazmunini yanada ravshanroq ochishga, undagi voqealarni talqin qilishga yordam beradi.

Zahirddin Muhammad Boburning «Vaqoyi’» asarida tarixiy voqealar hamda Farg‘ona, Movarounnahr, Xurosan, Kobul va Hindiston tabiati to‘g‘risida boy ma’lumotlar berilgan. Ayniqsa, Hindiston hayvonot va nabotot olamiga juda keng o‘rin berilgan.

Chet ellik taniqli olimlar V.Erskin, S.Lenpul, A.Beverij, V. Tekston, Eyji Mano hamda o‘zbek olimlari V. Y. Zohidov, H.Sulaymon, S.Azimjonova, H.Hasanov, S. Jalilov, S. Hasanov, A. Ibrohimov, N. Otajonov va boshqalarZahirddin Muhamad Bobur hayoti va ijodini atroflicha o‘rganishgan. Prof. H.Hasanovning yozishicha, «Bobur geobotanik va zoolog bo‘lib, hayvon va daraxtlarni pala-partish emas, ma’lum bir tartib bo‘yicha tavsiflagan». Darhaqiqat, Bobur Podshoh qabul qilgan tartibni asl tizim deyish mumkin.

O‘sha davr Boburiy rassomlari «Vaqoyi’»ning oxirgi qismiga ishlangan miniatyuralarda o‘z mamlakatining go‘zal tabiatini keng aks ettirishgan. Shu sababli «Vaqoyi’» rasmlarining hayvonot va nabototga bag‘ishlangan qismi mamlakat tabiatining baayni rangli ilovasiga o‘xshaydi.

Afsuski, ingliz olimi T.V.Arnold «Vaqoyi’» qo‘lyozmasining Chester Beatti majmuasi nusxasidagi Hindiston tabiatini aks ettiruvchi olti rasmli varag‘ini Qazviniyning «Ajoyib ul-mahluqot» asaridan deb, xato qiladi. Bu yanglish fikrni, hatto, ba’zi Rossiya olimlari ham ilgari suradi.

Jumladan, professor P.Petrov 1960 yilda Moskvada chop etilgan «Boburnoma» miniatyuralari albomi to‘g‘risida fikr yuritib, – «Boburnoma» bu badiiy asar, shuning uchun rasmlardagi hayvonlar va daraxtlarni aniqlash shart emas, – deydi. Vaholanki, shu albom so‘z boshisida taniqli san’atshunos olim S.I.Tyulyayev rasmlardagi jonivor va parranda turlarini mutaxassislar tanib olishi mumkinligini ta’kidlagan. Hozirgacha “Vaqoyi’” va uning rasmlaridagi hayvonot, parranda va nabotot mavzusini o‘rgangan olimlarning ilmiy ishlari nomlari “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar. Bibliografiya” hamda uning mantiqiy davomi “Qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to‘plami” (Toshkent, 2023, 5 jildda) kitobida imkon darajasida to‘liq keltirilgan.

«Vaqoyi’»da Hindiston hayvonoti tavsifi fildan boshlangan. Bobur yozadi: «Hayvonotkim, Hindiston maxsusidur, vuhushdin bir fildurkim, Hindistoniy «hotiy» derkim, Kolpi viloyatining sarhadlarida bo‘lur. Andin yuqori sharq sari boqa borg‘on sari sahroiy fil ko‘prak bo‘lur. Ul oradin fil tutib keltururlar. Karra va Monikpurdin o‘ttuz-qirq mavzi’ning ishi fil tutmoqdur... Fil azimul jussa va ziyrak jonivordur. Har ne desalar bilur va har ne buyursalar qilur...» (Boburnoma, 2002, 198)

Hayvonlar orasida birinchi bo‘lib filning tavsifi berilishi tasodifiy emas, balki, uning bahaybatligi, og‘ir mehnatda odamlarga ko‘makdosh bo‘lishi va o‘sha davr armiyalarida tirik tank rolini o‘ynashi bilan izohlanadi. «Vaqoyi’» qo‘lyozmasi Britaniya muzeyi nusxasining 378- varag‘ida sahroyi fillar tasvirlangan. Rassomi qayd etilmagan bu miniatyurada uch juft filning keng o‘rmon qo‘ynida yayrab yurishi aks ettirilgan. Har juft fil alohida tasvirlangan. Fillar bahaybat bo‘lishiga qaramay, quvnoqva harakatchan qilib ko‘rsatilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ingliz san’atshunosi V.Smit bu miniatyurani fillar tasvirlangan eng yaxshi san’at asarlaridan biri deb, unga yuqori baho bergan edi (Sulaymonov Sulaymonov -96, 55 rasm; Chizgilar, 200 rasm.).

«Vaqoyi’»da hayvonlardan yana kark, sahroyi govmish, nilagov (moviy sigir); kalahara, kichik kiyik, uy (ho‘kiz), maymunlar va olmaxon (Bobur uni sichqon deb yozadi) va boshqa jonivorlarning tavsifini beradi. Fil, kark, kalahara va maymun haqida batafsil bayon etiladi. Bu hayvonlar «Vaqoyi’» qo‘lyozmasi Britaniya muzeyi nusxasining olti yarim sahifasi, Moskva nusxasining uch sahifasi, Volter san’at muzeyidagi to‘rt sahifada tasvirlangan. Tavsifi berilgan hayvonlar ichida maymunlar tasviri alohida Volter san’at muzeyida (27b varaq) mavjud. Ba’zi miniatyuralarda muallif ismi qayd etilgan. Masalan, govmishni – Sarun, kalaharani Shiyam, Frir nusxasidagi kiyiklarni esa Kanha va Mansur ismli rassomlar ishlagan.

Miniatyuralarda hayvonlar alohida ajralgan holda emas, balki tabiat qo‘ynida ko‘rsatilgan. Ular ma’lum darajada qo‘lyozma mazmunini to‘ldirib turadi. Hayvonlar tasvirida shartlilikka yo‘l qo‘yilsa-da, lekin rassomlar asosiy obyektni bo‘yoqlarda aks ettirishda tabiiylikni, hayotiylikni berishga muvaffaq bo‘lganlar.

«Vaqoyi’»da parrandalar tavsifi tovusdan boshlanadi. «Tuyurdin: bir tovusdir. Purrang va purzeb jonivoredur... Nari (erkagi)ning va modasining boshida yigirma-o‘ttiz par bordur, ikki-uch ellik balandlig‘i bo‘lg‘ay. Modasining yana zeb va rangi yo‘qtur. Narining boshida tavqi savsaniydir, bo‘yni xushrang ko‘ktur. Bo‘ynidan quyi orqasi sariq va to‘tagi ko‘k va binafsha ranglar bilan munaqqash voqi’ bo‘lubtur... Ba’zi tovuslarning quyrug‘i birar quloch bo‘lur va gulluk parlarining ostida qisqaroq, o‘zga qushlarning quyrug‘idek, quyrug‘i ham bordur... Bajur va Savodda va andin quyi bo‘lur. Andin yuqori Kunar va Lamg‘onot va hech yerda bo‘lmas. Uchmoqta qirg‘ovuldin ham ojizroqdur. Bir-ikki qatladin ortuq ucha olmas. Uchmoqqa zabun jihatidin yo tog‘da bo‘lur yo jangalda. Bu ajabturkim, tovus bo‘lur jangallardashag‘ol ko‘p bo‘lur. Bir quloch quyrug‘i bila jangaldin jangalg‘a yurur, shag‘oldin nechuk mutazarrir bo‘lmas ekan. Hindustoniy «mo‘r» der. Go‘shti holi az maza emas, durroj go‘shtiga o‘xshar, vale teva etidek karohati tab’ bila yeyiladur...» («Boburnoma”, 2002, 200-bet.)

Britaniya muzeyida saqlanayotgan «Vaqoyi’» qo‘lyozmasi matni hozirgi zamon ilmiy tavsifiga juda yaqin turadi. Matnda keltirilgan tabiatning ayni tavsifini 383-b varaqda noma’lum rassom miniatyura bilan sharhlaydi. Unda Hindistonning bir juft go‘zal tovusi mahorat bilan tasvirlangan. Shuningdek, tovus tasviri boshqa miniatyuralarda ham uchraydi

( Sulaymonov- 96, 57 rasm; Chizgilar, 225-228 rasmlar. Volters, 27b varaq).

“Vaqoyi’”da yana quyidagi qushlar tavsifi mavjud; to‘ti, shorak (mayna turi), lo‘cha (buqalamun, xo‘rozcha) durroj (kaklik turi), kanjal, pulpaykar (tog‘ kakligi), sahroyi tovuq, chilsiy (chil kaklik), bo‘dana (bedana) va hokazo. Bu qushlarni «Vaqoiyi’»ga ishlangan miniatyuralardan tanib olish mushkul emas.

«Vaqoyi’» miniatyuralari orasidagi ustod Mansurga tegishli bo‘lgan uning ilk ijodiga mansub namunalar uchraydi. Keyinchalik ustod Mansur qushlar va jonivorlar suratini chizishda juda mohir san’atkor bo‘lib yetishdi va «Nodirul-asr» unvoniga sazovor bo‘ldi. U yaratgan miniatyuralarni kuzatsangiz, ularning yuksak did bilan ishlanganligi hamda tasvirlanayotgan jonivorning o‘ta hayotiy chiqqanligini guvohi bo‘lasiz.

Bobur Podshoh o‘z asarida qushlarni ikki gypyhga ajratadi. Birinchi guruh – tuyur qushlar nomi bilan qayd etilsa, ikkinchi guruh «yana qushlardurkim, suvda va suv yoqalarida bo‘lur», deb izohlanadi. Bu guruhdagi qushlardan ding (hind laylagi), soras yoki tevaturna, manik, laklak (laylak), ulug‘ bo‘zak (ibis), oq bo‘zak, o‘rdaklar, sor (qizil kalxat), olaqarg‘a, murg‘i jangal, ulug‘ shappara, Hindiston akkasi (hakkasi), sandug‘och, qarcha (qora jarqaldirg‘och), quyil (kakku), shakroq va boshqa bir qancha parrandalarning tavsifi berilgan.

Bobur Podshoh tavsifga olgan qushlar «Vaqoyi’» qo‘lyozmalarining Moskva nusxasida to‘liq emas, ammo Britaniya muzeyi, Volters san’at muzeyi va Chester Beatti majmuasi nusxalari rasmlarida ancha to‘liqdir. Suv va suv bo‘yida yashaydigan qushlarni tasvirlashda rassomlar ularni albatta suv yoqasida turgan holatda ko‘rsatishgan. Bu toifa qushlar rasmini ishlashda Shankar Gujaroti, Padorat, Sur Gujaroti va Dhanu degan san’atkorlar qatnashgan. Shunisi diqqatga sazovor-ki, rasmlar turli san’atkorlar tomonidan yaratilsa-da, ularning uslubi bir-biriga juda yaqin.

Suv hayvonlari ham «Vaqoyi’»da alohida zikr etilgan. Ularning ichida biz sheri obiy (dengiz sheri – timsoh turlaridan), sepsor (qora timsoh) huki obiy (suv to‘ng‘izi), karyol (timsoh turlaridan), kakka balig‘i va baqalar tavsifini uchratamiz. Suv hayvonlari tasvirlangan rasmlardan yettitasi Britaniya muzeyi nusxasida, to‘rttasi Mockva nusxasida, ikkitasi Chester Beatti majmuasi va bittasi Volter muzeyida, mavjud.

Bobur Podshoh tomonidan Hindiston hayvonlari va parrandalarining tavsif etilishi va ularning qo‘lyozma nusxalarida rassomlarning bo‘yoqli tasvirlarida ajoyib etib tasvirlanishi Hindiston tabiati go‘zal va rang-barang ekanligini isbotlashga harakat qilganidan darak beradi.

«Vaqoyi’»da Hindiston o‘simliklariga ham katta o‘rin berilgan. Bu haqda professor H.Hasanov quyidagicha fikr bildiradi: «Bobur Hindiston mevasi va boshqa daraxtlari va gullarini tabiatshunosga xos nazar bilan birma-bir va batafsil tasvirlagan».

«Vaqoyi’»da «Nabotot» sarlavhasi ostida quyidagi o‘simliklar, daraxtlar tavsifi ychraydi: anba (mango), kayla (banan), anbuli (xurmoyi hindiy), mahva (gulchikon), badxal (non daraxti), gular (anjir), irunchiy xurmo, norgil (kokos yong‘og‘i), norunj (apelsin), limu (limon), turunj (sitron), sangtora (apelsin navi), uluq limu (yirik limon) va hokazo.

«Vaqoyi’» qo‘lyozmasining Moskvadagi miniatyuralarida yigirma besh daraxt turi tasvirlangan. Volters muzeyidagi rasmlarning uchtasida alohida darxtlar tasviri mavjud. Ularni ishlagan rassomlar noma’lum. Lekin, Britaniya muzeyi, Dehlidagi Milliy muzeydagi qo‘lyozmalar rasmlarida deyarli barcha daraxtlar tasvirini ko‘rishimiz mumkin. Bu rasmlarni rassomlardan Miskina, Kesu Gujarotiy, Sarun, Shiyam, Shankar Gujarotiy, Iqbol Naqqosh va boshqa rassomlar yaratgani ma’lum bo‘ldi. Ayrim daraxtlar tasvirida ma’lum darajada bezaklikka e’tibor berilgani ham ko‘zga tashlanadi. Rassomlar orasida Kesu, Shankar Gujaroti, Miskina va Ibrohim Kahhorning miniatyuralari o‘zining yuksak badiiy saviyasi bilan alohida ajralib turadi.

Hindiston gullari ham Bobur Podshoh e’tiboridan chetda qolmagan. U jasun, kanir, kiyura va yosuman singari gullarning tavsifini yozib qoldirgan. Bu gullar rasmi faqat Britaniya muzeyi nusxasidagina mavjud bo‘lib, ularni Kesu Gujaroti va Ibrohim Naqqosh singari iste’dodli rassomlar ishlagan. Ibrohim Naqqosh Hindistonning janubidagi Dekan viloyatidan bo‘lib, keyinroq Agraga kelgan.

Bobur Podshohning asari «Vaqoyi’» tabiatshunoslik, jug‘rofiya, botanika, zoologiya sohasida qimmatli yodgorlik bo‘libgina qolmay, balki mo‘tabar qo‘lyozma nusxalariga ishlangan miniatyuralari bilan badiiy, estetik va ilmiy qimmatga ham egadir. Chunki, bundan 400 yil oldin nafis miniatyuralarda tasvirlangan mamlakat hayvonlari va o‘simliklari bugungi kitobxonni ham g‘oyat qiziqtiradi. Qolaversa, «Vaqoyi’»ning Hindiston tavsifi qismidagi suratlar miniatyura san’atidagi hayvonlar tasviri (animalistika) janri taraqqiyotida alohida davrni tashkil etadi.

«Vaqoyi’» miniatyuralarida tasvirlangan hayvonot va nabotot xillarining ko‘pligi bilan xususiyatlanib qolmay, rassomlarning yuksak mahorat saviyasi, rasmlarning nafisligi, ranglarning rang-barangligi va o‘zaro uyg‘unligi bilan ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Tarixchi Abulfazl Allomiy tomonidan ustod Kamoliddin Behzod durdona asarlariga tenglashtirilgan bu miniatyuralar hozirgi zamon kitobxonlarini ham hayratga soladi.

Shu miniatyuralardan O‘zbekiston «Fan» nashriyoti tomonidan chop etilgan «Boburnoma rasmlari» albomi 1971 yilgi Germaniyaning Leypsig shahrida o‘tkazilgan xalqaro kitob ko‘rgazmasida kumush medal bilan mukofotlangan. Bu esa o‘z davrining mohir rassomlari tomonidan yaratilgan va Hindistonning boy tabiatini aks ettiruvchi ajoyib bir yuz o‘ttiz uchta rasmlarning xalqaro miqyosda tan olinishi deb baholash mumkin.

Ushbu ma’lumotlar asosida 1974 yili eng mashhur “Fan va Turmush” jurnalida e’lon qilinib, ularga quyidagi rasmlar: 1. O‘rmon qo‘ynida sayr qilib yurgan yovvoyi fillar. Britaniya muzeyi nusxasidan; 2. Kalahara – qora kiyiklar jangi. Moskva muzeyi nusxasidan; 3. Shorak qushi tasviri. Rassom Mansur. Britaniya muzeyi nusxasidan ilova qilingan edi.

Bu rasmlar turkumi Yaqin va O‘rta Sharq tasviriy san’ati alohida voqelik sifatida baholanishi mumkin. Avvallari faqat ilmiy, xususan dorishunoslikka oid asarlardagina ayrim daraxt va o‘simliklar tasvirlangan bo‘lsa, “Vaqoyi’” asariga ishlangan maxsus turkumdagi hayvonot, parranda va nabotot tasvirining ham badiiy ham ilmiy ahamiyati juda katta. Bu Bobur Podshohning asari Boburiylar miniatyura san’ati mavzu doirasini kengaytirgani, kitobxonlarga mamlakat tabiati hamda rassom ijodkorlarning yuksak mahoratini oshirish maktabi bo‘lgan yaqqol dalildir.


Abdumajid Madraimov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,

tarix fanlari doktori, professor.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0