This article examines Sufism's pivotal role in Babur's life and worldview, drawing from "Baburname" and contemporaneous writings. It elucidates Babur's unique stance toward Sufi figures and establishes the significance of Nakshbandi sheikhs in his life. This scholarly inquiry enriches our understanding of Babur's complex relationship with Sufism.
Kirish
O‘rta asrlar o‘zbek adabiyoti, qolaversa, milliy ma’naviyati tarixini tasavvufdan ayri holda aslo o‘rganib bo‘lmaydi. Bobur hayoti, e’tiqodi va ijodini ham bu ta’limot, xususan, uning naqshbandiya tariqatisiz tasavvur qilish qiyin. Bobur fenomeni – tasavvufning o‘ziga xos hosilasi, naqshbandiya tariqatining ikki asrlik taraqqiyoti mahsuli edi.
Temuriy shoh-u shahzodalarning tasavvuf pirlariga murid tushishi aynan Amir Temurning o‘zidan boshlangan. Temuriylar hamisha tasavvuf pir-u murshidlari ruhidan madad olib, o‘zlarini shayxlar sharofati bilan shunday yuksak martabalarga erishgan hisoblab kelgan. Tasavvuf temuriylar uchun ma’naviy panoh bo‘lgan. Navoiy asarlari, xususan, “Nasoyim ul-muhabbat va shamoyim ul-futuvvat” tazkirasida Temur va temuriyzodalarning tasavvufga, bevosita uning vakillari bo‘lgan shayxlarga munosabati, ularga murid tushgani haqida yetarlicha ma’lumotlar mavjud. Manbalardan Sohibqironning Xoja Ahmad Yassaviy qabriga hashamatli maqbara qurdirgani, yashil marmar qabr toshini Hindistondan oldirtirgani, Zangi Ota dahmasiga maqbara bunyod etishga ham kirishgani, chala qolgan bu imoratni keyinchalik nevarasi Mirzo Ulug‘bek oxiriga yetkazganini bilamiz [Исломий 2005, 24] “Nasoyim ul-muhabbat...”da Temurning Farg‘onada yassaviya pirlaridan Xoja Boyazid(uning qabri Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi Mazor qishlog‘ida), Xurosonning Andxud qasabasida Bobo Sungu degan shayx bilan uchrashgani, bu ko‘rishuvlarda yuz bergan karomatlar haqida ham bayon etiladi [Навоий 2001]. Hammasidan ham Amir Temurning o‘zini bevosita so‘fiy hisoblashini Shahrisabzda qurdirgan Oqsaroy imorati peshtoqiga: “Kimki bizning valoyatimiz (valiyligimiz, ya’ni avliyoligimiz – S. O.) va karomatlarimizga shubha qilsa, qurdirgan imoratlarimizga boqsin!” – degan so‘zlarni yozdirganidan ham aniq bilsa, bo‘ladi(Зоҳидов, 2006, 536]. Yoki Sohibqironning suyukli nabirasi Mirzo Ulug‘bek azbaroyi tasavvufga e’tiqodi kuchi bilan G‘ijduvonda aynan xojagon-naqshbandiya tariqatining asoschisi Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy maqbarasi yonida madrasa bunyod ettirdi. Boburni temuriyzodalarning Xoja Ahrorga munosabati ko‘p qiziqtirgan. Otasi – Umarshayx mirzo Xoja Ahror Ubaydulloh Valiyning muridi, hamsuhbati edi, uni shayx “farzand” der edi [Бобур 1960, 64]. Otasining akasi – Sulton Ahmad mirzo ham Xoja Ubaydullohning muridi bo‘lgan [Qarang: Бобур 1960, 74 –75].Uning Samarqanddagi qariyb chorak asrlik hukmronligi zamonida Xoja Ahrorga taalluqli ko‘p faqir-u kambag‘al kishilar zulm-u zo‘ravonlikdan xalos bo‘lar edi. Boburning yana bir amakisi Sulton Mahmud mirzo Samarqand taxtini olganidan keyin, ana shu ezgu an’anani davom ettirish o‘rniga, aksincha, shunday kishilarga zulm o‘tkaza boshladi. Hatto, bevosita hazrat Xoja Ahrorning avlodiga ham shunday tajovuzkorona munosabatda bo‘lindi [: Бобур 1960, 79]. Uning Xoja Ubaydullohga nisbatan bepisand munosabatini “Boburnoma”ning keyingi – 1494/1495-yil voqealari bayonida ham o‘qiymiz: “Bad e’tiqod kishi edi. Hazrati Xoja Ubaydullohg‘a istixfof (bepisandlik. – S. O.) qilur edi” [Бобур 1960, 82]. Odamlar: “Bu nav’ zulm va fisqdin bajonu dil ozurda va ranjida bo‘ldilar. Vazi’ va sharif, faqir va miskin nafrin va duoyi badig‘a og‘iz ochib, qo‘l ko‘tardilar” [Бобур 1960, 79]. Ko‘pning duoyi badi – yomon: Sulton Mahmud mirzoning Samarqandga podsholigi besh-olti oydan oshmadi. Boburning zamoni shunday murakkab bir davr ediki, hokimiyat uchun kurash yo‘lida ota o‘g‘ilni, aka ukani ayamasdi. Temuriylarning aksari Xoja Ahror va uning avlodlariga murid bo‘lgani uchun ham tasavvuf vakillarining bu jangu jadallardan chetda turishi qiyin edi. “Boburnoma”da Xoja Ahror avlodlari temuriylarning taxt uchun kurashayotgan bir-biriga zid tomonlarga tarafkash bo‘lib qolgani haqida ham yoziladi [Бобур 1960, 95]. “Mullo Binoiyni va Muhammad Solihni anda Xoja xizmatida ko‘rdum. Muhammad Solihni o‘shul bir qatla-o‘q ko‘rdum” [Бобур 1960, 96], – degan qayd esa o‘zbek va tojik adabiyotining bu ikki vakili shu alg‘ov-dalg‘ov zamonda aynan naqshbandiya piri panohida jon saqlaganidan dalolat beradi. Odatda otaning piri o‘g‘ilga ham murshidlik qilar edi. Agar otasining piri o‘tib ketgan bo‘lsa, o‘g‘il o‘sha pirning muridlaridan bo‘lgan ulug‘ zotning etagini tutar edi. Boburning otasiga pirlik qilgan Xoja Ahrorga bog‘liqligi bundan ham kuchliroq edi.Umarshayx Mirzo to‘ng‘ich o‘g‘li tug‘ilgach, piri Xoja Ahror huzuriga borib, chaqaloqqa ism qo‘yib berishni so‘raydi. Ul zoti sharif yangi tug‘ilgan bolaga “Zahiriddin Muhammad” deb ot qo‘yadi. Lekin oddiy odamlar uchun talaffuzi og‘irlik qilishini hisobga olib:“Mirzo Bobur bo‘la qolsin”, – deydi. Shunga qaramay, xutbada xatiblar “Zahiriddin Muhammad Bobur” deb o‘qishadi [Истиқлол садоси 2006]. Boburning “ustodi va piri” [Бобур 1960, 112] Xoja Mavlonoyi qozi Abdulloh edi. “Boburnoma”da uning ota tarafdan Shayx Burhoniddin Qilichga, ona tomonidan esa Sulton Ilik Moziyga borib bog‘lanishi aytiladi. Bu ikki nasab Farg‘onada avvaldan baobro‘ bo‘lib kelgan edi: “Farg‘ona viloyatida bu tabaqa muqtado (diniy yo‘lboshchi – S. O.) va qozi bo‘la kelgandurlar” [Бобур 1960, 112]. Boburning piri Umarshayx Mirzo bilan hampira, ya’ni u ham Xoja Ahrorning muridi, ul zoti sharif qo‘lida tarbiya topgan edi. Shayxlar orasida valiy darajasiga yetganlar kam bo‘ladi. Bobur esa pirini shunday maqom egasi hisoblaydi, bu zoti sharifga yomonlik qilganlarning juda oz fursatlarda olamdan o‘tganini bunga eng ishonchli dalil qilib keltiradi: “Xoja qozining valiylig‘ida mening hech shakkim yo‘qtur. Qaysi ish valoyatqa mundin yaxshiroq dalildurkim, alarg‘a qasd qilg‘anlardin oz fursatta osor va alomat qolmadi” [Бобур 1960, 112]. Ikkinchi isbot ham – bor: “Xoja qozi qo‘rqmas kishi edi. Qo‘rqmoq anda aslo yo‘q edi. Oncha daler kishi ko‘rilgan emas. Bu sifat ham valoyat dalilidur. Soyir el har necha bahodur bo‘lsa, andak dag‘dag‘asi (qo‘rquvi – S. O.) va tavahhumi (vahimasi – S. O.) bo‘lur. Xojada aslo dag‘dag‘a va tavahhum yo‘q edi” [Бобур 1960, 112]. Xuddi shu salohiyati bilan ham pir hamisha davlat ishlarida Boburga yelkadoshlik qilgan. 1497/1498-yili Bobur yetti oy urushib, Samarqand taxtini Boysung‘ur mirzodan oladi va bu yerda 100 kun podshohlik qiladi [Бобур 1960, 112]. Ammo ahvol juda og‘ir edi, askarlar ta’minotida katta tanqislik bor edi. Shundan ayrim navkarlar qochdi [Бобур 1960, 110]. Shunday murakkab vaziyatda Bobur birinchi navbatda yonida bo‘lgan piriga suyangan. Maxsus vazifa bilan, ya’ni qochganlarga jazo berish, ba’zisini Samarqandga qaytarish uchun pirini Axsiga jo‘natadi [Qarang: Бобур 1960, 110].Bu voqealar Xoja qozining, xuddi piri Xoja Ahror kabi, siyosat ishlariga bevosita va faol ishtirok etganini ko‘rsatadi. Samarqandni egallab turgan mahalda Xoja qozi 18 ming qo‘yni Boburning yigitlarga ulashadi [Бобур 1960, 111]. Bu ham Xoja qozining, Xoja Ahror singari, ko‘p mol-mulkka ega bo‘lganini ko‘rsatadi. “Boburnoma”da pirining siyosiy mazmundagi maslahatlar ifodalangan maktublar yozgani qayd etiladi [Бобур 1960, 111, 112]. Andijonni olgan dushman, Boburning Samarqanddan chiqib, Xo‘jandga yetib kelganini eshitib, Xoja qozini “ark darvozasida beizzatona osib, shahid qildi” [Бобур 1960, 112]. Bu Xoja qozining fikran sotqin Ali Do‘st tag‘oyi bilan birlashmaganini, Boburga oxirigacha sodiq qolganini ko‘rsatadi. Bobur piri uchun o‘ch oldi, ikki yilcha qo‘ldan chiqqan ota viloyatini qayta qo‘lga kiritgach, yaqinlarini talagan, pirini o‘ldirgan, tuzini yeb, tuzdoniga tupurgan Uzun Hasan boshliq qavmni o‘zining sadoqatli navkarlariga talatdi. Ammo Bobur xato qilganini o‘sha zahoti tushundi: aynan ana shu xatosining kasriga qolib, u Andijonni ikkinchi marta tashlab chiqishga majbur bo‘ldi [Бобур 1960, 122]. Tasavvuf ahlining qat’iy aqidasiga ko‘ra, agar Xoja qozi chinakam valiy bo‘lsa, uning ruhi o‘lganidan keyin ham dushmanlarini, ayniqsa, qotillarini tinch qo‘ymasligi kerak. Shunday bo‘ldi. Axir Bobur ruboiysida aytilganidek: Har kimki, yomon bo‘lsa, jazo topqusidur.
Ikki yildan keyin Ali Do‘stning qo‘liga yara chiqib, shu dard bilan o‘ldi. O‘g‘li – Muhammad Do‘st Shayboniyxon xizmatiga kirdi, biroq o‘z podshohiga vafo qilmagan o‘zga podshohga sadoqat ko‘rsatarmidi? Shayboniylar o‘zlariga ko‘rsatgan bevafoligi uchun tutib, ko‘zlarini ko‘r qildi: “Ko‘zlarini tuz tutti”ning bu ma’nisi bor emish” [Бобур 1960, 135]. Temuriylar davri jamiyatda tasavvuf pirlarining mavqei baland zamonlar bo‘lgan. Hamma davrda ham siyosat xalqni g‘oya-e’tiqodining kuchi orqali boshqara oladigan ziyoli bilan hisoblashishga majbur bo‘lgani kabi, Shayboniyxon Xoja Ahrorning o‘g‘li – Xoja Yahyodan qo‘rqar edi. Shuning uchun ham uning ikki o‘g‘li (Muhammad Zakariyo, Xoja Boqiy) bilan Xuroson ketishiga ruxsat berdi. Ammo keyin ortidan odam yuborib, uchalasini ham o‘ldirtirdi. Bahona qilib: “Xojaning ishi mendin emas edi, Qanbar biy va Ko‘pak biy qildilar” [Бобур 1960, 137], - dedi. Bobur bu masalada Shayboniyxonga ikkita jiddiy ayb qo‘yadi, birinchisi – ularni o‘zi o‘ldirishga buyurib, nomardlarcha gunohni beklariga to‘nkayapti; ikkinchisi – agar beklar xondan so‘ramay, o‘zboshimchalik bilan ish ko‘ra boshlagan bo‘lsa, uning xonligi qayerda qoldi:
“Bu andin yamonroq, masal (maqol – S. O.) – borkim: “Uzrash badtar az gunoh” (“Uzri gunohidan yomonroq” – S. O.). Mundoq ishlarni beklar o‘z boshicha qila boshlasa, bas, xonlig‘ig‘a va podshohlig‘ig‘a ne e’tibor?” [Бобур 1960, 137]. Naqshbandiya shayxlari ko‘pincha hukmdorlar o‘rtasida diplomatik munosabatlarni ado etib kelgan. Bir gal Bobur Xojago Xojani ham shu maqsadda ishga soldi: “Farkatqa borib, Xojani ko‘rdum. Umidvor edimki, xon dodam rioyat va inoyat maqomida bo‘lub, viloyat va pargana (qism, bo‘lak hudud – S. O.) bergaylar. O‘ratepani va’da qildilar. Muhammad Husayn mirzo bermadi. Bilmon (bilmayman – S. O.), o‘zlukidin bermadimu yo yuqqoridin ishorat bo‘ldimu?” [Бобур 1960, 152] “Boburnoma”da “Xoja” nomi bilan 15 yerda u yoki bu shaxs tilga olinadi. Bundan tashqari, ismi oldiga “Xoja” so‘zi qo‘shilgan holda yana 60 kishi qayd etiladi. Albatta, bularning bir qismi xojagon-naqshbandiya tariqati vakillari edi. Tadqiqotchilar oldida bularning har biriga Boburning munosabatini alohida-alohida o‘rganib chiqishdek masala turibdi.
Shohlik va darveshlik – bir-biri bilan kelishmaydigan ikki qutb. Ammo Navoiy butun ijodida shoh va darveshni bir shaxsda mujassam ko‘rish orzusini kuyladi. Husayn Mirzoni shunday shaxs sifatida ta’rifladi. Davr dunyoga Boburni berdi. U ixtiyoriy suratda shohlikka darveshlikni qo‘shdi. Bu uning umumfaoliyatida mavjud yetakchi xususiyat edi.
Bobur “kichik xon dodasi”, ya’ni tog‘asi Sulton Ahmadxonni kutib olish uchun barcha qarindoshlar Toshkent bilan Sayram o‘rtasidagi Yag‘o (bir nusxada Yag‘mon) qishlog‘iga peshvoz chiqqanlarini yozar ekan: “Ibrohim ota va Is’hoq otaning qabri andadur” [Бобур 1960, 159 – 160], deya qistirib o‘tishni esdan chiqarmaydi. Bu ham – uning tasavvufga alohida e’tiboridan bir dalolat. Bobur bir gal naqd o‘limdan qolgan. “Boburnoma”da Xudoning bu inoyatini u bevosita tasavvufga, aniqrog‘i, Xoja Ahror ruhi madadiga bog‘laydi. Bobur Chustning G‘ovasidagi Karnon qishlog‘ida dushmandan qochib, yolg‘iz o‘zi qolgan payti aldanib, qopqonga tushganini obdon anglab yetdi. Uning yoniga dushman tarafdan vakil bo‘lib kelgan Yusuf dorug‘adan bu “gadoytopmas” yerdan chiqib ketolmas bir holatda ekanini bilganidan xabar topib, butkul tamom bo‘ldi.
Voqeaning bu yog‘ini hech kim Boburning o‘zidan oshirib ayta olmasa kerak: “Kishi agar yuz, agar ming yashasa, oxir o‘lmak kerak... O‘zumni o‘lumga qaror berdim (ya’ni “o‘limimni bo‘ynimga oldim” deyilmoqchi. – S. O.). O‘shal bog‘da bir suv oqib keladur edi, vuzu qildim, ikki rak’at namoz o‘qudum, boshimni munojotqa qo‘yub, tilak tilaydur edimkim, ko‘zum uyqug‘a boribtur” (Бобур 1960, 174 – 175). Uyquga ketganicha Bobur tush ko‘radi: Xoja Ahrorning nevarasi bir ola ot minib, bir to‘da otliq bilan Boburning ro‘parasiga keladi-da: “G‘am yemangiz, Xoja Ahror meni sizga yubordilar. Dedilarkim: “...Har yerda mushkil ish tushsa, bizni nazarig‘a kelturub, yod etsun, biz anda hozir bo‘lurbiz”. Holo (hozir. – S. O.) ushbu soat fath (g‘alaba. – S. O.) va nusrat (zafar. – S. O.) sizning soridur. Bosh ko‘taring, uyg‘oning!” [Бобур 1960, 175]. Shu zahoti uyg‘onib, qarasaki, g‘oliblik – qayoqda, tamoman teskari bir holat: Yusuf dorug‘a va uning sheriklari o‘zaro Boburni tutib, bog‘lamoq maslahatini qilib o‘tirishibdi. Shunda Bobur ularga: “Sizlar bu yo‘sunluq so‘zlarsiz, ammo, ko‘rayinkim, qaysingiz mening qoshimg‘a kela olursiz?” [Бобур 1960, 175] – dedi. Shu so‘zning ustida bog‘ning devoridin tashqarida bir to‘da otliqning ovozi keldi. Yusuf dorug‘a buni, Tanbal yuborgan kishilar, deb o‘ylab: “Biz agar sizni olib, Tanbal qoshig‘a borsak edi, bizning ishimiz ilgari borur edi. Holo yana ko‘p kishi yiboribdur sizni tutg‘ali”[Бобур 1960,175]. Shu o‘ta dramatik, hatto, fojeiy holatda Xoja Ahror ruhi karomat ko‘rsatdi: kelgan otliqlar Tanbal yuborgan kishilar emas, Boburning o‘n besh-yigirma“jon tortqon navkari” ekan: “O‘shal holda manga andoq holat bo‘ldikim, go‘yo manga yangi boshtin Xudoy jon berdi!” [Бобур 1960, 175].
Boburning talqinicha, bu Xoja Ahror ruhi karomati ekaniga yana bir dalil – bor. Xo‘sh, bu yigitlar Boburning aynan shu yerda qamalda qolganini qayerdan bilishibdi ekan? Kelgan navkar yigitlardan biri bo‘lmish Qutluq Muhammad barlosning tushiga Xoja Ahror kirib: “Bobur podshoh Karnon degan kenttadur. Borib, ani olib kelingkim, podshohliq masnadi anga taalluq bo‘lubtur” [Бобур 1960, 175], – debdi. U bu tushini Boburga yordam uchun kelgan ulug‘ xon, kichik xonga aytadi: “Mening besh-olti inio‘g‘lum bor, yana bir necha yigit qo‘shungiz, Karnon tarafidin borib xabar olayin” [Бобур 1960, 175]. Xonlar o‘n yigit beradi. Boboyi Parg‘ariy ikki ukasi bilan bularga qo‘shilib, yo‘lga tushishadi, uch kun deganda shu og‘ir holatida Boburni topishadi. Bobur shu tariqa naqd o‘limdan qoladi.
Endi Bobur hayotining tasavvuf bilan bog‘liq boshqa bir nuqtasiga diqqat qilaylik. Arab adabiyoti tarixida “Qasidayi Burda” degan mashhur asar bor. Uning muallifi falaj bo‘lib yotar edi. Allohga ma’qul tushsa-yu, zora, tuzalsam, degan niyat bilan shu qasidasini bitadi. Tez fursatda u oyoqqa turadi. Buni Bobur yaxshi bilar edi. U tez-tez takrorlanib turadigan bir dardga – bezgak kasaliga mubtalo edi. Bir gal kasalining beshinchi kuniga kelib, ko‘nglidan Xoja Ahrorning “Volidiya” risolasini nazm yo‘li bilan tarjima qilish niyati tug‘ildi: zora, tarjima Xoja Ahror ruhiga manzur bo‘lib, Bobur ham shu darddan xalos bo‘lsa! Shunday bo‘ldi ham [Бобур 1960, 418]. Bobur naqshbandiyaning XVI asrdagi eng yirik vakili Maxdumi A’zamni hurmat qilgan va unga ruboiylar bag‘ishlagan. Adabiyotshunos Sherxon Qorayevning Hasanxo‘ja Nisoriy “Muzakkari ahbob” tazkirasiga suyanib yozishicha, Bobur Hazrat Maxdumiy mullo Xojagiy Kosoniyga bir bo‘lak oltin quymasini yuborgan [Қораев 2016]. Bu shayx ham shoir haqida “Boburiya” risolasini yozib, Hindistonga jo‘natgan [Ислом энциклопедия 2004, 154].
Bobur qalban so‘fiy edi. Vafoti ham so‘fiyona kechdi. U dunyodagi eng katta boyligi – jonini og‘ir kasal yotgan Humoyun o‘g‘liga nisor ayladi. Ya’ni jonini olib, buning badaliga o‘g‘lini darddan xalos etishini Yaratgandan yalinib so‘radi. Humoyun Sanbalda edi. O‘sha yerlar unga berilgan edi. Lekin Sanbalning yer¬suvi uningmijoziga yoqmadi, tez-tez isitmasi ko‘tariladigan kasalga chalindi, tuzalishi juda uzoqqa cho‘ziladigan bo‘lib qoldi. Tabiblar ko‘rib, yaxshiroq davo qilsin uchun Bobur uni kema bilan Dehliga keltirishlari to‘g‘risida farmon berdi. Dori-darmon mutlaqo foyda bermadi.
Xalq orasida juda og‘ir yotgan, dori-darmon kor qilmay qolgan bemorning nihoyat darajada yaxshi ko‘radigan biror narsasi Xudo yo‘liga sadaqa qilinsa, o‘rniga joni omon topadi, degan qarash bor edi. Mir Abulqosim shu xulosaga kelib, Boburga shuni maslahat bergan edi. Xo‘sh, Humoyunning eng yaxshi ko‘rgani nima edi? Otasi edi, albatta. Bobur, hech ikkilanmay, o‘z jonini o‘g‘liga sadqa qiladi. Buni eshitgan Xoja Xalifa uni bu fikrdan qaytarishga, boshqa biror narsani sadaqa qilishga undaydi.Lekin Bobur o‘g‘lining bunday dard chekishiga chidolmaganidan qat’iy shu fikrga keladi.Bu yog‘ini Boburning o‘z tilidan eshitgan – ma’qulroq: “Mir Abulqosimkim, ulug‘ kishi erdi, arzg‘a yetkurdikim: “Ushmundoq dardlarg‘a darmon budurkim, yaxshi nimarsalardin tasadduq qilmoq – kerak, to inki, Tengri taolo sihhat bergay”. Mening ko‘nglumga keldikim, Muhammad Humoyun(ning) mendin o‘zga yaxshiroq nimarsasi yo‘q, men o‘zum tasadduq bo‘loyin, Xudoy qabul qilsun. Xoja Xalifa o‘zga muqarrablardin (yaqinlardan) arzg‘a tegurdilarkim: “Muhammad Humoyun sihhat topar, siz bu so‘zni nechun tilingizga kelturasiz? G‘araz budurkim, dunyo molidin yaxshisini tasadduq qilmoq kerak”. Tilga keldikim: “Dunyo moli aning evazig‘a nechuk bo‘lg‘ay, men aning fidosi qilurmenkim, hol anga mushkil bo‘lubtur va andin o‘tubturkim, men aning betoqatlig‘ini toqat kelturgaymen” [Бобур 1960, 459]. Bobur shu niyatini maqsadini amalga oshiradi: kasal yotgan o‘g‘lining boshiga borib, atrofidan uch marta aylanadi, shu tariqa ixlos bilan uning dardini o‘ziga oladi. “Ixlos – xalos”, – deganlaridek, karomatni qarangki, o‘g‘li tuzala boshlaydi, o‘zi esa... yotib qoladi: “O‘shal holatga kirib, uch qatla boshidin o‘rgulub, dedimkim: “Men ko‘tardim harne darding bor”. O‘shal zamon men og‘ir bo‘ldum, ul engil bo‘ldi. Ul sihhat bo‘lub, qo‘pti, men noxush bo‘lub, yiqildim. A’yoni davlat va arkoni mamlakatni charlab, bay’at qo‘llarini Humoyunning qo‘lig‘a berib, joynishinlig‘ig‘a va valiahdlig‘ig‘a nasb qildim va taxtni anga topshurdum” [Бобур 1960, 459]. Xalq tilidagi “aylanay”, “o‘rgulay”, “dardingni olay”, “girgittoning bo‘lay”, “sadqang ketay” degan duolar bekordan-bekorga paydo bo‘lgani yo‘q. Bu aynan shunday odatdan, birovning dardini o‘ziga so‘rab, unga shifo tilash an’anasidan kelib chiqqan. Shoh va shoir shu yotganicha vafot etdi. Chunki u o‘zini o‘g‘liga qurbon qildi, so‘fiyona ko‘ngil va sidq bilan Allohdan shuni tiladi. Tilakning bunday ijobat topishi chinakam tasavvuf vakillarigagina nasib etadi. Sherxon Qorayevning “Humoyunnoma”ga suyanib yozishicha, Bobur umri oxirlab qolgan kezda a’yonlarini yig‘ib, jumladan, shunday deydi: “Ko‘p yillardan beri o‘g‘limga podshohlikni topshirib, o‘zim “Zarafshon” bog‘ining bir burchagida tursam, degan fikrim bor edi. Xudoning karami bilan hamma narsa muyassar bo‘ldi. Lekin mana shu maqsadimni sog‘ paytimda qilsam, degan edim, bo‘lmadi. Kasal meni ezib qo‘ydi. Sizlarga vasiyatim shuki, hammangiz Humoyunni mening o‘rnimga deb bilinglar va uning hukmronligini kamsitmanglar. Uning atrofida hamjihat bo‘lib, birlashinglar” [Қораев 2016] Sherxon Qorayev yana shunday deb yozadi: “Aslini olganda, Boburshoh ahli a’yonlari bilan uchrashuvida qayd etganidek, saltanatni Humoyunga topshirib, o‘zi esa darvesh bo‘lishni ko‘ngliga tukkan, Agradagi Zarafshon bog‘ining bir burchagida yashamoqni niyat qilgan edi: “Ko‘nglim saltanat va podshohlikdan olindi. Shu Zarafshon bog‘ida bir burchakda o‘tirsam. Mening xizmatim uchun Tohir oftobachi ham yetib ortadi, – degan ekan olampanoh. Biroq bu orzusi hayotligida amalga oshmadi”[Қораев 2016].
Boburning o‘limi bilan bog‘liq yana bir qiziq fakt – bor. Bobur 1530-yilning 26- dekabrida vafot etadi. Ammo bu birdaniga oshkor qilinmaydi: “Oroyishxon” ismli hind amiri podshohning vafotini oshkor etish yaxshilikka olib bormasligini, bu diyorda bunday noxush xabardan so‘ng odamlar bozorlarni talashi mumkinligi, boshboshdoqlik avj olishini Humoyunshohga so‘zlab beradi. ...Shundan so‘ng bir jarchi kishiga qizil mato o‘rab, fil ustiga o‘tqazib: “Bobur hazratlari darvesh bo‘ldilar, davlatni Humoyunga topshirdilar”, – degan xabar tarqatilib, baribir, Boburshohning o‘limi sir tutiladi”[Қораев 2016].
Shohlik – siyosat, tasavvuf – ma’naviyat. Bir qarashda, bular o‘zaro hech qachon qovushmaydigan sohalardek tuyuladi. Ammo, ko‘rinib turibdiki, Bobur ham shoh, ham darvesh edi. Mana bu uning forscha-tojikcha ruboiysida bu gap aniq-tiniq aytilgan, undan Boburda shohlik va darveshlik birlashib ketganini bilib olamiz:
Darveshonro agar na az xeshonem, Lek az dilu ҷon mu’taqidi eshonem. Dur ast magӯy shohӣ az darveshӣ, Shohem, vale bandai darveshonem.
(“Agar darveshlarga qarindosh bo‘lmasak ham, lekin dil-u jonimiz bilan ularga e’tiqod qilamiz. Shohlikni, darveshlikdan uzoq, deb o‘ylama, shohmiz, biroq darveshlarga bandamiz, ya’ni qulmiz”).
Tasavvuf falsafasi g‘oyalari Bobur lirikasining ham mag‘zi-mag‘ziga singib ketgan. Chunki u yashagan davrda, xususan, Alisher Navoiydan keyin o‘zbek she’riyatini bundan boshqacha tasavvur qilish mumkin emas edi. Mana bu turkiy ruboiysi ham fikrimizga isbot bo‘la oladi:
Sen gulsen-u, men haqir bulbuldurmen, Sen shu’lasen, ul shu’lag‘a men kuldurmen. “Nisbat yo‘qdur”, – deb, ijtinob aylamakim, Shahmen elga, vale senga quldurmen.
Bu yerda shoir “sen” deganda yorni, yor zamirida esa Allohni ko‘zda tutayotgani sir emas. Yaratganga qullik esa – darveshning bosh maqsadi. Elga shohligi bu darveshona maqsadiga monelik qila olmaydi. Shuning uchun lirik qahramon yorga: “Shohlik va darveshlik orasida nisbat, ya’ni bog‘liqlik – yo‘q, deb o‘ylama”, – deyayotibdi. Izlanish izlanishga rag‘bat beradi, tadqiqot tadqiqotga undayveradi. Ilm esa hayotning o‘zi kabi cheksiz. Demoqchimizki, Bobur lirikasida tasavvuf g‘oyalari talqini – alohida tadqiq talab qiladigan mavzu. Biz bu masalaga ma’ruza doirasidagina munosabat bildirdik va shu bilan cheklanamiz. Tarixdan yaxshi bilamizki,ayrim hukmdorlar taxtdan voz kechib, darveshlikni qabul qilgan. Masalan, IbrohimAdham hayoti bunga yorqin misol bo‘la oladi. Suvratda shoh, siyratda darvesh bo‘lish Zahiriddin Muhammad Boburning hayotdagi falsafiy maslagi edi va u bunga erishdi ham. Keltirilgan fakt va dalillar shunday xulosa chiqarishga asos bo‘la oladi. Demak, shoh va shoir shaxsiy hayoti, e’tiqodi va ijodini tasavvufdan ayri tasavvur qilish, tushunish va tushuntirishning aslo iloji yo‘q.
Sultonmurod Olim Filologiya fanlari doktori, professor,
Toshkent Amaliy fanlar universiteti
Zahiriddin Muhammad Bobur merosining sharq davlatchiligi
va madaniyati rivojida tutgan o‘rni uluslararo ilmiy-nazariy konferansi materiallari
Toshkent ., 2023
Fikr qoldirish#