Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Forsiyzabon boburiy ijodkorlar: adabiy anʼanalar

ر سى زبا ن با برى ايجا د كا ر لار اد بى عنعنه لار فا

Eronlik olima Maryam Notiq Sharif buyuk shoir va adib Amir Alisher Navoiyning asarlari “xurosoniy”, “iroqiy” va “hirotiy” deb nomlangan “sabk” (uslub)larning bir-biriga qorishib, uyg‘unlashib ketishi kuchli yangi bir sheʼriy uslub –“sabk-e hendi”ning vujudga kelishi uchun qulay sharoit yaratib berganligiga dalolat qiluvchi hujjatdir, deb fikr bildiradi. (“Amir Alisher Navoiy va forsiy adabiyot” maqolasi, “Sino” jurnali, Toshkent-Tehron: 2003 yil, yoz, 10-son, 46-bet)

Hindshunos Ansoriddin Ibrohimov esa shunday yozadi: “”Boburning fors tilidagi merosi uncha katta bo‘lmasa-da uni o‘rganish ulug‘ vatandoshimiz ijodining, shaxsiyatining yangi qirralarini ochishga imkon beradi. Shu o‘rganish jarayonida Bobur Hindistonda ulkan saltanatgina yaratib qolmay, balki Hindistondagi forsiy adabiyotga ham samarali taʼsir ko‘rsatganining guvohi bo‘lamiz”. (“Bobur asarlaridagi forscha leksika” maqolasi, “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali, 1/2010, 57-bet). Bu taʼrifni boburiy ijodkorlarga nisbatan ham qo‘llash o‘rinli deb o‘ylaymiz.Ular Boburning adabiy anʼanalariga sodiq isteʼdod egalari edilar.

Alisher Navoiyning shogirdi Faxriy Hiraviy qalamiga mansub “Ravzat us-salotin” (Sultonlar bog‘i) nomli tazkirada temuriy ijodkorlar sheʼrlaridan namunalar keltirilgan. Shu jumladan, uchinchi bobda shoh va shoir Bobur, uning o‘g‘illari Muhammad Humoyun, Komron Mirzo, Askariy Mirzo va Hindol Mirzolar uchun alohida fiqralar bitilgan. Muhammad Humoyunning ikki ruboiysi, Komron Mirzoning Mavlono Abdurahmon Jomiy g‘azaliga yozgan tatabbusi matlaʼi va “ast” radifli besh baytdan iborat g‘azali, Muhammad Askariy Mirzo ruboiysi va g‘azal matlaʼi, Muhammad Hindol Mirzo ijodidan bir matlaʼ berilgan. (Faxriy Hiraviy. Ravzat us-salotin: (Forschadan Jaloliddin Jo‘rayev tarjimasi), Toshkent: Mumtoz so‘z, 2014, 68-bet. Burobiya Rajabova. “Ravzat us-salotin” da Bobur podshoh zikri” // “Bobur va dunyo” jurnali, 2019 yil, 2 (11)-son, 21-23-betlar).

Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” nomli tazkirasida Muhammad Humoyun, Muhammad Komron, Mirzo Askariy va Muhammad Hindol, Mirzo Abulqosim bin Komron podshohlar zikri uchun alohida fiqralar ajratilgan. Jumladan, Muhammad Humoyun ijodidan 3 forsiy bayt, Muhammad Komrondan bir bayt va “ast” radifli g‘azalining uch bayti, Mirzo Askariyning besh baytli g‘azali, Muhammad Hindolning bir ruboiysi, Mirzo Abulqosim bin Komronning “dorad” va “kunad” radifli g‘azallarining ikki matlaʼi ilova qilingan. (Hasanxoja Nisoriy. Muzakkiri ahbob. (Fors tilidan Ismoil Bekjon tarjimasi), Toshkent: 1993, 56-68-betlar)

Humoyun podshoh 1540 yili Eron (Ozarboyjon va Iroq) hukmdori Tahmasp ibn Ismoil Safaviy huzuriga panoh istab borgan. U o‘shanda quyidagi go‘zal baytni shohga o‘qib beradi:


Shohoni hama soyai Humo bixohand,

Bingar, ki Humo omada dar soyai tu.

Tarjimasi:

Butun shohlar xohlar Humo soyasin, qara,

Humo sening soyangga keldi, anga yara.

Qayta tarjima:

Humo soya solsin desa boshimga hamma shoh,

Humo keldi sening soyangga, ey olampanoh.

Bu bayt Navoiyning “Dur bo‘lur bahr ichra pinhon, nazmidin shah madhida, Bahr yoshurmish Navoiy har duri maknun aro” bayti (yaʼni dur aslida dengiz ichida yashiringan bo‘ladi, Navoiy esa shohni nazm bilan maqtar ekan, bu borada har bir dur qatiga butun bir dengizni, dengizcha maʼnolarni yashirib qo‘ygan), Boburning “Ashʼoringkim, sheʼr oti to bo‘lg‘ay, Tabʼ ahli anga volau shaydo bo‘lg‘ay. Har lafzu duru bahri maʼoni anda, Kim ko‘rdi dureki, anda daryo bo‘lg‘ay” ruboiysi ( yaʼni dunyoda sheʼriyat nomi va maqomi baland bo‘lib turaverar ekan, sening sheʼrlaringga noziktabʼ kishilar hayronu shaydo bo‘lib qolaveradilar. Ulardagi har bir so‘z gavhar bo‘lib, o‘sha dur ichiga maʼnolar dengizi jo bo‘lgan. O‘ziga ulkan dengizni sig‘dira olgan durni kim ham ko‘ribdi?) va Mavlono Shihobuddin Muammoiyga bag‘ishlab yozgan forsiy ruboiysi uslubida yozilgan. Boburning ruboiysi shunday edi:



Nomi tu miyoni Ajamu ham Arab ast,

V-az nomai tu dar dili mahzun tarab ast.

Har kas zi muammo ba dar orad nome,

Nom az tu barovarad muammo, ajab ast.

Tarjimasi:

Noming taralib ketdi Ajam birla Arab,

Nomangni olib yetdi hazin dilga tarab.

Bir nom topar el solib muammoga saraf,

Nom topsa ajab muammo nomingga qarab.


(Tolib Nosir. “Boburnoma”dagi forsiy sheʼrlar tarjimasi”(Tarjumai ashʼori forsii “Boburnoma”) Farg‘ona: Farg‘ona, 2018. 104-bet).

Humoyunning forsiy ruboiysi:

Har dam zi firoqi tu malolest maro,

Har ro‘z zi hijroni tu solest maro.

Holest ba g‘urbatamki nanvon guftan,

Subhonolloh, g‘arib holest maro.

Tarjimasi:

Ayrilib, qayg‘ungda har dam malolim bor,

Kunim yildek o‘tar sensiz -- xayolim bor.

G‘urbatda holim aytarga majolim yo‘q,

Subhonolloh, ajibu g‘arib holim bor.

Fard (matlaʼ)

Ey manzili Mohi alamat avji Surayyo,

Ro‘i zafar az oinai tig‘i tu paydo.

Tarjimasi:

Oy – tug‘ing, uning joyi huv Hulkarga barobar,

Zafar yuzi qiliching oynasinda musavvar.

Komron Mirzoning fors tilida yozgan 25 g‘azal, 8 ruboiy, 23 fard, 2 qitʼa va 1 masnaviysi maʼlum. Patna shahridagi “Xudobaxsh” kutubxonasida saqlanayotgan Komron Mirzo devonida Nuriddin Muhammad Jahongir (1605-1627 yillarda hukmronlik qilgan) ning quyidagi dastxati bor: “Devoni Mirzo Komronki, ammi padari buzurgivori man ast ba xatti Mahmud Isʼhoq Shahobiy. Harrarahu Nuriddin Muhammad Jahongirshoh sanai 20 julus, muvofiqi sanai 1035 hijry”. Tarjimasi:

“Mahmud Isʼhoq Shahobiy qo‘li bilan ko‘chirilgan ulug‘vor otamning amakisi bo‘lmish Mirzo Komronning devoni. Ushbuni men Nuriddin Muhammad Jahongirshoh o‘z saltanatining 20-yilida, yaʼni 1035 hijriyda yozdim. (Komron Mirzo. Devon. “Yozuvchi”. T.: 1993, 4-5-betlar).

Komron Mirzo fardlaridan misollar keltiramiz.

1.Gul zi dasti tu giribon zada chok,

Be tu andoxt xudro bar xok.

Tarjimasi:

Gul sening yuzingdin yoqasin kerib,

Sensiz yotur ko‘ksin zax yerga berib.

2.Tah-ba tah g‘uncha az tu g‘arqai xun,

Az darun otash dil doda berun.

Tarjimasi:

G‘uncha qo‘yni qonga to‘ldi seni deb,

O‘t purkab ko‘ngil qaʼridin yoydi sep.

3.So‘i sabza nigahat aftoda ast,

Sabza bar xoki rahat o‘ftoda ast.

Tarjimasi:

Maysa yuziga nigohing tushdiyu,

Yo‘lingga to‘shaldi tuproq bo‘lib u.

4.Bulbul az shavqi tu nolon dar bog‘,

Mardum andoxta afg‘on dar bog‘.

Tarjimasi:

Bulbul bo‘zlar bog‘da seni sog‘inib,

Seni deb el yig‘lar Haqqa topinib.

5.Shukri Xudo, ki on chi talab kardam az Xudo,

Bar muntahoi himmati xud Komron shudam.

Tarjimasi:

Yetdim shukur zafarga, tilab himmat-la doim,

Etdi nasib Haramni, Komron qilib Xudoyim.

Komron Mirzo 948/1541 yili otasi Bobur Kobulda yaratgan “O‘rta bog‘”ida bir xos hujra qurdiradi. Shu bino haqida turkiy qitʼa yozib, unda “Hujrai xosi mo” (Mening xos hujram) degan forsiy taʼrix ijod qilgan. Taʼrix moddasidan hujra qurilgan hijriy 948 yil kelib chiqadi. (Yuqoridagi asar. 24-bet).

Komron Mirzoning o‘g‘li Mirzo Abulqosim ham sheʼrlar yozgan. Uning bir fardi quyidagicha:

Andak istig‘noi o‘ ushshoqro dilxun kunad,

Gar ba qadri husn istig‘no kunad kas, chun kunad.

Tarjimasi:

Yorning oz-moz nozi oshiq toqatin toq aylagay,

El husn qadri uchun noz etsa, andoq aylagay.

Mirzo Askariy ijodidan xayyomona ruboiy:

Ey Askariy, ar masti mudomi, xush bosh,

V-ar mo‘taqidi bodavu jomi, xush bosh.

Gufty: ba xarobot nabosham be o‘,

Bo yor agar dar in maqomi, xush bosh.

Tarjimasi:

Ey Askariy, har kuni mast esang, quvon,

May, jomga eʼtiqodim bor desang, quvon.

Deding: xarobot aro yorsiz nima bor?

Anda yor-la may ichib, et yesang, quvon.

Fard (matlaʼ)

Chunun ki xo‘y giriftam ba oshinoi tu,

Halok mekunadam mehnati judoi tu.

Tarjimasi:

Sevib qoldim shundoq oshiq, oshinongga aylanib,

Chidash og‘ir ayriliqqa, o‘lsam kerak qiynalib.

Afg‘on adibi Xalilullo Xaliliyning “Oromgohi Bobur” (Bobur maqbarasi) nomli risolasida Mirzo Hindol ham shoir ekanligi, uning bir ruboiysi “Majmaʼ ul-g‘aroyib” tazkirasida keltirilgani bildirilgan. (Nuryog‘di Toshev. Shohjahon. (Kitobga Xalilullo Xaliliyning “Bobur maqbarasi” risolasi ham ilova qilingan) Toshkent: 2002. 41-bet)

Mirzo Hindoldan ruboiy:

Z-on qatrai shabnamki, nasimi sahary,

Az abr judo kard ba sad hiylagary.

To bar ruxi gul chakond on rashki pary,

Haqqoki,hazor bor pokizatary.

Tarjimasi:

Yuz hiyla ila avrab tongda esgan shamol,

Uzib bulut bo‘ynidan sochsa marjon zilol,

Gul o‘pgan pok shudringdin ming yo‘l toza, halol,

Haq rost, pokizaroqsen, ey visolixayol.

Endi Bobur podshohning gul ismi sharifli ikki qizi va bir nabirasi ijodidan namunalar keltiraylik. Misollar adabiyotshunos olim Otabek Jo‘raboyevning “Boburshohning gullari” (“Bobur va dunyo” jurnali, 1/2019. 21-bet) maqolasidan olindi)

“Humoyunnoma” muallifi Gulbadanbegimdan fard (matlaʼ):

Har pariro‘yeki, o‘ bo oshiqi xud yor nest,

Tu yaqin medonki, hech az umr barxurdor nest.

Tarjimasi:

Qay go‘zal oshiqqa shaydo, yoriga manzur emas,

Topmay iqbol umridin, er ham, u ham masrur emas.

Qayta tarjima:

Qay go‘zal oshiqqa maʼshuq, yor sevib jonon emas,

Umridin topmay farah, mahbubayi xandon emas.

Gulchehrabegim fardi:

Hech goh on sho‘xi gulruxsor beag‘yor nest,

Rost budast on ki, dar olam gule bexor nest.

Tarjimasi:

Qay mahal yovsiz yuruvdi o‘shal sho‘x, gulyuz go‘zal,

Gul tikonsiz bo‘lmag‘ay deb to‘g‘ri aytilmish masal.

Sharqshunos olim Turg‘un Fayziyevning yozishicha, “Subhi gulshan” (Gulshan tongi) nomli asarda Gulchehrabegimning qizi, Boburning nabirasi bo‘lmish Salima Sulton Begim Maxfiy taxallusi bilan ijod qilgani aytiladi. O‘sha yerda uning quyidagi bayti keltirilgan:

Kokulatro man zi masti rishtai jon guftaam,

Mast budam zi in sabab harfi pareshon guftaam.

Tarjimasi:

Sumbul kokulingni men mast jon ipi deb so‘yladim,

Parishon so‘zlab adashdim, o‘ylamay zeb so‘yladim.

(Turg‘un Fayziyev. Zebunniso. T., 1991, 24-bet).

Endi Boburning nomi ham, o‘zi ham buyuk nabirasi Akbarshohdan eshitaylik. Mutribiy Samarqandiyning “Nusxayi zeboyi Jahongiriy” nomli asarida Akbarshohning bir ruboiy va uch bayti keltirilgan. 1602 yilda rassom Manuhar Das chizgan “Akbarshohning o‘z do‘sti Mirzo Aziz Ko‘kani qabul qilishi” miniatyurasi hoshiyasida Akbarshohning bir bayti yozilgan.

Ki umr raftu nagashtam zi baxt barxurdor,

Hazor hayfki, navmed gashtam oxiri kor.

Tarjimasi:

Kelmay turib iqbol, esiz umr ketdi,

Ketgach umid, umidsizlik kelib yetdi.

(Tolib Nosir. Yuqoridagi asar. 34-bet).

از با ر كنه خميد بشتم جكنم

نه راه به مسجد نه كنشتم جكنم

Az bori gunah xamid pushtam, chi kunam,

Na rohi ba masjid, na kunishtam, chi kunam?

(Diwan-i-Babur. Rampur: 2014. Page 41)

Tarjimasi:

Gunoh tog‘in ko‘tarolmay belim bukik, netay,

Masjidu butxonaga yo‘l yo‘qsa, qayon ketay?

***

Girya kardam zi g‘amat, mujibi xushholi shud,

Rextam xuni dil az dida dilam xoli shud.

Tarjimasi:

Dod aylagach g‘amingda, his etdim shodlik damin,

Ko‘zdin to‘kib o‘kush qon, bo‘shatdim qalbim g‘amin.

(Mutribiy Samarqandiy. Nusxayi zeboyi Jahongiriy. T., “Mumtoz so‘z”, 2010. Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi. T., 2017, 26-bet)

Boburning chevarasi Nuriddin Muhammad Jahongir (asl ismi Salim) oqila malika Mehrinisoni behad sevar ekan. U yorining ismi maʼnosi “xotinlar quyoshi” ekanini nazarda tutib, avval Nuri Mahal, yaʼni saroy nuri, keyinchalik Nuri jahon, yaʼni jahon nuri deb nomlar berib ardoqlagan. Nima ham bo‘libdiyu, ikki yor bir necha kun bir-birlarini ko‘ra olishmay qiynalishibdi. Nihoyat ayriliq ayyomi tugab visol onlari yetib kelibdi. Mehriniso eri bilan ko‘risha turib sevinganidan yig‘lab yuboribdi. Shunda Jahongirshoh quyidagi misrani o‘qibdi:

Gavhar zi ashki chashmi tu g‘altida miravad.

Tarjimasi:

Voh, ko‘z yoshing bulog‘idin gavhar to‘lib toshur.

Zukko malika ham badiha bilan javob qaytaribdi:

Obiki, be tu xo‘rdaam, az dida miravad.

Tarjimasi:

Oh, sensiz ichgan suvlarim qirg‘og‘idin oshur.

Mehriniso (Nurjahon) Umar Xayyomning “Ona sutidek halol sen-la ichsam may, Sensiz tomoqdin o‘tgan tomchi suv harom” maʼnosidagi sheʼrlarini yoddan bilarkan-da. “Muntaxab ut-tavorix” asari muallifi Muhammad Hakimxon Nurjahon begim o‘z zamonasining yetuk shoirasi bo‘lib, Maxfiy taxallusi bilan ijod qilganini yozar ekan, uning “meso‘xt” radifli g‘azalini keltirib o‘tgan.

“Tazkirai Husayniy” nomli asarda yozilishicha, “Ro‘ze podshoh mayli suhbat mekard va Begim uzr dosht, in matlaʼi badih bixond:

Ba qatli man, agar shoho, dilat xushnud megardad,

Ba jon minnat, vale tig‘i tu xun olud megardad”.

Tarjimasi: Kunlardan bir kun Jahongirshoh Nurjahon bilan ishqiy suhbat qilishni xohlab qoladi, ammo Begim uzrlik ekan, bu matlaʼni badiha tarzida o‘qib javob beradi:

Olib jonimni ko‘ngling yuz huzur topsa, beray, ey shoh,

Uzr, jonga qilich solsang, bo‘yalgay qonga ul nogoh.

(Turg‘un Fayziyev. Zebunniso. Toshkent: 1991, 24-bet).

Jahongirshoh 1016 hijriy /1607 milodiy yilda ulug‘ bobosi Bobur podshohning Kobul shahridagi maqbarasini ziyorat qilib, marmar sag‘ana ustiga sheʼriy lavha o‘rnattirgan.

LAVHA MATNI

Yo Subhon, yo Malik, yo Fattoh, yo Adl, yo Quddus

Allohu akbar

Lo iloha illallohu Muhammad ur-Rasululloh.

Podshohi k-az jabinash tofti nuri Iloh,

On Zahiruddin Muhammad bud Bobur podshoh.

Bo shukuhu davlatu iqbolu adlu dodu din,

Dosht az tavfiqu fayzu fathu feruzi sipoh.

Olami ajsomro bigriftu shud ravshan ravon,

Bahri fathi olami arvoh chun nuri nigoh.

Shud chu firdavsash makon, rizvon zi man taʼrix just,

Guftamash: “Firdavs doim joyi Bobur podshoh”.

(Abdulhayy Habibiy. Zahiruddin Muhammad Boburshoh. Kobul: 1351 shamsy/1972 milodiy. “Bayhaqiy” nashriyoti, 106-bet).

Sheʼr tarjimasi:

Qaysi shoh peshonasidin nurini sochgay Iloh,

Ul Zahiruddin Muhammad erdi Bobur podshoh.

Davlatin yoydi shukuh, iqbol, adl, iymon ila,

Tavfiqu fayzu futuh bo‘lgach anga g‘olib sipoh.

Moddiy olamni egallab bo‘ldi shahboz g‘ozimiz,

Olami arvohni olg‘ay solsa nuroniy nigoh.

Taʼrix izlab chopdi rizvon, firdavs bergach makon,

Top, dedim: “Firdavs doim joyi Bobur podshoh”.

“Firdavs doim joyi Bobur podshoh” so‘zlari taʼrix moddasi bo‘lib, abjad hisobida Bobur vafot etgan 937 hijriy/1530 milodiy yil topiladi.

Jahongirshoh yana Hindol bin Bobur, Muhammad Hakim bin Humoyun bin Bobur, Ruqiya Sultonbegim qabrlariga ham lavha qo‘ydirgan.

Jahongirning o‘g‘li Shohjahon (asl ismi Xurram, 1592-1666) ulug‘ ajdodi Bobur asarlarini behad qadrlagan. U Boburning Hind (Rompur) devoni qo‘lyozmasi oxirgi sahifasi (kolofoni) ga bitilgan “Har vaqtki ko‘rgasen mening so‘zumni...” deb boshlanuvchi ruboiysidan keyin kitob hoshiyasiga o‘z qo‘li bilan shunday izoh yozgan:

“In ruboʼii turky va nomi muborak batahqiq xatti aʼlohazrat firdavsmakoni Bobur podshohi g‘oziy anorallohu burhonahu ast. Harrarahu Shohjahon bin Jahongir podshoh bin Akbar podshoh bin Humoyun podshoh bin Bobur podshoh” .


Tarjimasi:

“Bu turkiy ruboiy va muborak ism haqiqatan aʼlohazrat firdavsmakon Bobur podshoh g‘oziy dastxatlaridir, Olloh uning makonini munavvar aylasin. Buni men Shohjahon bin Jahongir podshoh bin Akbar podshoh bin Humoyun podshoh bin Bobur podshoh, bitdim”.

(Diwan-i-Babur. Rampur 2014. Pages 39-44).

Shohjahon qurdirgan “Devoni xos” binosi peshtoqiga quyidagi bayt yozilgan:

Agar jannat dar ro‘yi zamin ast,

Hamin astu hamin astu hamin ast.

Tarjimasi:

Yer yuzindaagar bor bo‘lsa jannat,

Shu albatta go‘zal jannat, shu albat.

(Ansoriddin Ibrohimov. Boburiylar merosi. Toshkent: Mehnat. 1993, 57-bet).

Shohjahonning qizi Jahonorobegim ham isteʼdodli shoira edi. U otasi vafotiga bag‘ishlab marsiya yozgan. Marsiyadan parcha:

Ey oftobi manki, shudy g‘oib zi nazar,

Oyo shabi firoqi turo kay buvad sahar.

Ey podshohi olamu, ey qiblai jahon,

Bikushoy chashmi rahmatu bar holi man nigar.

Nolam chu nay zi g‘ussavu bodam buvad badast,

So‘zam chu shamʼ dar g‘amu dudam ravad az sar.

Tarjimasi:

Ey bosh-ko‘zim quyoshi, g‘oyib bo‘lding nazardin,

Firoq tuning cho‘zildi, etsam umid sahardin.

Ey olam podshohi, jahon qibla, panohi,

Rahm aylab, och ko‘zingni, xabar ol bexabardin.

Qayg‘urib naydek, ichsam alam mayin, o‘t o‘chmas,

Boshdin chiqar tutun, g‘am, shamdek kuyib jigardin.

“Yorim ham kitob, baxtim ham kitob, jannatim ham kitob”. Bu eʼtirof Abu Zafar Muhyiddin Muhammad Avrangzeb (1618-1707) ning maʼrifatli qizi Zebunniso qalamiga mansub. U shoira, hofiza, mufassir, olima, sozanda, xattot bo‘lgan, bu fazilatlar sanog‘ini yana davom ettirish mumkin. Zebunnisoning ishq va oshiqlik talabi haqida ajoyib ruboiysi bor.

Man az dahani mor shakar metalabam,

Az xonai ankabut par metalabam.

Az sinai narra sher shir metalabam,

Az mardi barahnapoy zar metalabam.

Tarjimasi:

Men kim, ilonning og‘zidan shakkar so‘ray,

O‘rgimchak katagidan pat, ukpar so‘ray.

Nar arslon ko‘ksidin sut so‘rab ko‘ray,

Juldurvoqi erdan oltin, gavhar so‘ray.

“Hunar va mardum” (Sanʼat va xalq) oynomasida Zebunniso begimning shoh Avrangzeb Olamgir bilan qilgan mushoirasidan bir lavha yozilgan. Kunlardan bir kun Zebunniso begim otasi Avrangzeb huzurida o‘tirardi. Ular o‘tirgan uyning mehrobiga qimmatbaho katta ko‘zgu o‘rnatilgan edi. Shu asnoda mazkur ko‘zgu g‘ayritabiiy ravishda yerga ag‘darilib sinadi. Shu zahoti shoh Avrangzeb Olamgir beixtiyor quyidagi misrani aytib yuboradi:

Az qazo oinayi Chiny shikast.

Tarjimasi:

To‘satdan sindi chil Chin oyinasi.

Zebunniso begim darhol ikkinchi misrani tuzadi:

Xo‘b shud, asbobi xudbiny shikast.

Tarjimasi:

O‘chdi bas xudbinlik asbobin sasi.

(”Hunar va mardum” jurnali, Tehron: 129-130-son, 1333 shamsiy yil, 56-57-betlar. Turg‘un Fayziyev. “Zebunniso”, Toshkent: “Fan” nashriyoti, 1991. 18-19-betlar)

Zebunniso sheʼrlarini o‘zbek tiliga Muinzoda, Vasfiy, D.Muhammadqulov. To‘xtasin Jalolov va ushbu maqola muallifi tarjima qilganlar.

Boburiylar sulolasidan bo‘lmish Mirzo Alibaxt Azfariy (1760-1819) shoir, olim va tarjimon bo‘lib yetishgan. Turkiy, forsiy, urdu va arab tillarida ijod qilgan. Azfariyning uchta (turkiy, forsiy va urdu tillarida) devoni, “Voqeoti Azfariy”, “Farhangi Azfariy”( yaʼni turkiy-forsiy izohli lug‘at), “Mezoni turkiy”, “Nasobi turkiyi chig‘atoyi”(turkiy til qoidalari) kabi asarlari maʼlum. U turkiy chig‘atoy tilini o‘rganishga chaqirgan. Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asari va Boburning “Aruz risolasi”ni fors tiliga nazm va nasrda tarjima qilgan.

(Saidbek Hasanov. Azfariyning ilmiy-adabiy merosi. “Sino” jurnali, 2002, bahor, 5-son, 44-45-betlar).

So‘nggi boburiy hukmdor Abulmuzaffar Sirojuddin Muhammad Bahodurshoh Ikkinchi (1775 yil 24 oktabr, Dehli-1862 yil 7 noyabr, Rangun) ham Zafar taxallusi bilan fors va urdu tillarida sheʼrlar yozgan.

Buti sarkashi kofiri kaj kulohy,

Ba rux oftobi, ba ruxsori mohy.

Muattar kuni mag‘zi joni du olam,

Ba anbarfishonii zulfi siyohy.

Na dar xoksori chu man benavoy,

Na dar nozu tamkin chu o‘ podshohy.

Figand az sari zulfi on mahi xo‘bon...

Tarjimasi:

Sho‘x sanamim boshga qo‘yib egri kuloh,

Ko‘zni olur kun yuz ila yonog‘i moh.

Har ikki olam to‘ladi anbar ila,

Sumbulini tarar ekan pari saboh.

Men kabi yo‘q kamtaru benavo quli,

Nozu firoqda yo‘q ul kabi podshoh.

Husn oyi ochib zulf, solib nigoh,

Lahzada bul Zafar qulin ayladi shoh.

Afg‘onistonlik olim Abdulhakim Sharʼiy Juzjoniyning “Boburiylar sulolasining so‘nggi hukmdori” maqolasi( “Bobur va dunyo” jurnali, 6/2018. 56-57-betlar)da yozilishicha, Bahodurshoh Zafar quyidagi qitʼani o‘z qo‘li bilan ko‘chirib, mustamlakachi Angliya hukumatiga yuborgan:

Do‘st on boshad ki, girad dasti do‘st,

Dar pareshonholivu darmondagy.

Do‘st mashmor onki dar neʼmat zanad,

Lofi yorivu barodarxondagy.

Tarjimasi:

Qaro kunda yarar chin do‘st-yor degan,

Yori g‘ordek yordamga tayyor turar.

To‘yda tayyor ziyofat, neʼmat yegan,

Yor emas, tilda yorlik lofin urar.

Forsiy tilda ijod qilgan boburiylar merosini o‘rganish dolzarb vazifa sanaladi. Biz yuqorida ularning ayrim sheʼrlaridan parchalar keltirib, o‘zbekchaga tarjima qildik. Shularning o‘zi ham boburiylar sulolasi vakillari Hindistondagi forsiyzabon va urduzabon adabiyotlarga katta taʼsir ko‘rsatganidan dalolat beradi.


Nosirov Tolibjon Xolmamatovich,

Farg‘ona davlat universiteti

Adabiyotshunoslik kafedrasi tadqiqotchisi, tarjimon.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0