O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi [ Qaror: 1-band] qaroriga muvofiq respublika bo‘ylab bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, Bobur merosini targ‘ib qilish va uning nomini abadiylashtirish maqsadida Xalqaro Bobur nomli jamoat fondi va Temuriylar tarixi davlat muzeyi jamoasi hamkorligida xalqaro boburshunoslik ilmiy-elektron platformasi ishga tushirildi. Ayni paytlarda platformani takomillashtirish borasida qizg‘in ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qaror ijrosi bo‘yicha 2023 yil 6 may kuni PQ-20 son qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan majlisning bayonida 9-bandida Turizm va madaniyat vazirligi mas’ulligida “Bobur merosi” xalqaro sayyohlik targ‘ibot dasturini 2023 yil mobaynida amalga oshirish borasida vazifa belgilangan edi. [qaror: 9-band]
Mazkur chora-tadbirlar dasturidan kelib chiqqan holda Zahiriddin Muhammad Bobur nomini abadiylashtirish uchun shu kabi sayyohlik targ‘ibotlarini jadal amalga oshirish hamda hududlarda bir qator tubdan o‘zgarishlarni amalga oshirish lozim.
Ma’lumki, Bobur temuriylar sulolasining vakili sifatida o‘sha paytdlardagi Farg‘ona hududida Umarshayx mirzo oilasida tavallud topgan edi. U suronli umri davomida bir dam tin olmadi va hayoti davomida Amir Temurdan qolgan saltanatni qayta tiklash, boshqarish, bobosining boshqaruv uslublarini tatbiq qilish uchun kurash olib bordi. Afsuski, Boburga taqdir shonli saltanat barpo etishdek orzusi Movarounnahrda emas Kobul va Hindistonda amalga oshirdi. Boburning qisqa umri davomida o‘z Vataniga qaytib, ma’muriy farovon yurt yaratish kabi istaklari ro‘yobga chiqmagan bo‘lsa-da, u Amir Temur mamlakatining vorisi sifatida bu ezgu tilaklarini Hindistonda yuzaga chiqarishga erishdi.
Bugun dunyo olimlaridan tortib, boburiylar madaniyatiga qiziqish bildiruvchi ixlosmandlarning barchalari Boburning Markaziy Osiyoning mashhur bir siymolaridan biri ekanligini yaxshi anglaydilar. Bu alloma, davlat arbobi tug‘ilib o‘sgan diyorni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga intiladilar.
Biroq bugungi vodiy – o‘tmishdagi tarixiy nom bilan aytilganida Farg‘ona viloyati hududlari (Andijon, Namangan, Farg‘ona) xorijdan keluvchi, boburiylarga merosiga qiziquvchi ixlosmand-turistlarni kutib olishga qanchalik tayyor? PQ-20 da ko‘rsatilgan taklif va vazifalar ijrosiga oid qanday ishlarni amalga oshirish mumkin?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 16-fevraldagi Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida “Bobur va uning ajdodlari xotirasiga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatish maqsadida Andijon shahrida Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida juda keng ko‘lamli qurilish ishlari rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Bo‘lajak majmua har jihatdan muhtasham, betakror mazmun va shaklga ega bo‘lishi, Bobur va boburiylar sulolasining olamshumul shon-shuhratiga to‘la munosib bo‘lishi kerakligi” ta’kidlangan edi. [Press_Secretary_Uz. 19.07.2024 ]
Bobur hayoti nafaqat Farg‘ona vodiysiga, balki yurtimizning eng mashhur tarixiy shaharlariga daxldor bo‘lib, u yerlarda Bobur qadami yetgan va “Boburnoma”da mehr bilan tavsiflangan hududlar ko‘p. Shuning uchun ham Qarorning dasturida ta’kidlangan “Bobur merosi” nomli sayyohlik dasturini amalga oshirish qiziqarli bo‘lishi bilan birga mutasaddilardan kompleks yondashuvni talab qiladi.
Prezidentimiz ta’kidlagan Andijon shahri Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida juda keng ko‘lamli muhtasham majmua qad rostlashi haqidagi xabar soha vakillari va xalqimizni birdek mamnun etdi. Mazkur rejalarga taklif sifatida sohaning rivoj topishi va ilmiy-ma’rifiy ziyoratning aynan Qarorda keltirilgani kabi “Bobur merosi” nomi bilan shuhrat topishini istagan holda o‘z takliflarimizni berib o‘tmoqchimiz. Zero bu borada keyingi besh yillikda turizmni rivojlantirish maqsadida ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilindiki, ularning ijro samaradorligini ko‘rsatib berish o‘z qo‘limizda hisoblanadi [PQ-135-son ].
Xorijiy turistlarni mazkur “Bobur merosi” nomli turizm dasturiga jalb qilishda ikki yo‘nalishda ish olib borish kerak bo‘ladi:
Birinchi yo‘nalishning boshlang‘ich mashruti Toshkent shahridan Farg‘ona vodiysi tomon qaratilishi lozim.Bu quyidagi tartibda bo‘ladi:
Toshkent – Yunusxon maqbarasi- Ohangaron-Shohruxiya qal’asi- Qamchiq dovoni, Axsi qal’asi – Sirdaryo bo‘yi- Andijon – Bog‘i Shamol – Temirchilik mahallasi – O‘sh shahri- Sulaymon tog‘i.
Ushbu yo‘nalishda yilma-yil ishga tushirilishi kerak bo‘lgan ikkita amaliy taklif bor:
a) Boburning ona tomondan bobosi [Boburnoma: 2002,38.] Yunusxon maqbarasi huzurida Temuriylar tarixi davlat muzeyiga qarashli Bobur nomidagi tarixiy-harbiy ilmiy-markazni tashkil etish, sarkardaning harbiy strategik taktikalari va boshqa ko‘plab tadbirlarini virtual xaritalarini ishlab chiqish. Bunda xorijiy va mahalliy turistlarning Bobur harbiy salohiyatiga oid ma’lumotlari kengayadi.
b) Qamchiq dovonidan o‘tish yo‘liga tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida soat 20:00, 23:00 da “Yog‘dular musiqiy shousini” tashkil etish, dovonning to‘rt fasldagi jozibasini mana shunday zamonaviy texnologiyalar vositasida namoyish etish. Bunda to‘satdan bo‘ladigan iqlimiy o‘zgarishlar hisobga olingan holda, turistlar uchun so‘nggi rusumdagi tomosha bekatlari va taomxonalar, sanitariya-gigiyena shoxobchalari barpo qilinishi kerak. Afsuski, hozirda Toshkent – Vodiy yo‘nalishida ehtiyoj yuzasidan to‘xtab o‘tiladigan nuqtalar talab darajasidan anchayin past sifatda xizmat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga bekatlarga va bekatlar oralig‘iga, yo‘llar bo‘yiga Boburning ijodi namunasi bo‘lgan g‘azal, ruboiylarning audio ko‘rinishlari , bastalangan kuy-qo‘shiqlarni (QR kodli) bepul yuklab olib, eshitishga hozirlanishi lozim.
Shuningdek, bu birinchi yo‘nalishda Bobur voyaga yetgan zamin Andijon shahri – Bog‘i Shamol hududida Boburiylar nomli xalqaro majmua bunyod etilishiga oid reja xorijiy turistlarning olamshumul taassurot bilan ketishlariga zamin hozirlaydi. Majmuani temuriylar davri me’morchilik an’analari vositasida bunyod etish hamda temuriylarga xos bo‘lgan chorbog‘lar yaratish, tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun milliy hunarmandchilik, milliy hosil bayramlarini namoyish etish viloyat iqtisodini yuksaltirishi uchun sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Tarixga qiziqib keluvchi mehmonlarga Bobur siymosi aks ettirilgan milliy kiyimlarni taqdim etish, o‘zbek va ingliz tillaridagi “Men -Boburiyman” birikmasi yozilgan zamonaviy yengil to‘qimachilik kiyimlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va sotish ham madaniyatlarimizning o‘zaro almashinuvi va targ‘ibotiga xizmat qiladi.
Andijon shahri Temirchilik mahallasi aholisining “Milliy-uy mehmonxonalar” brendi ostida tizimli xizmat ko‘rsatishlarini tashkil qilish ham “Boburiy merosi” mashrutining nufuzini oshiradi.
Mazkur yo‘nalishning tugash mashruti qo‘shni Qirg‘izistonning O‘sh shahri Sulaymon tog‘ida joylashgan Bobur qurdirgan maqbara etib belgilanishi kerak .
Navbatdagi ikkinchi yo‘nalish: Qo‘qon shahridan boshlanishi maqsadga muvofiqdir: Qo‘qon – Xo‘jand –Konibodom (qo‘shni Tojikiston) – Jizzax – Samarqand – Shahrisabz – Qarshi – Buxoro – Xiva mashrutida tanlanishi lozim. Bu yo‘nalishdagi tarixiy shaharlarga oid “Boburnoma” da tavsifiy matnlar peyzajga va tasvirga boy bo‘lib, yo‘lboshlovchining turistlar uchun beradigan ma’lumotlari o‘ta qiziqarli chiqishi ta’minlanadi.
Xo‘janddagi Sulton Mahmudxonning besh farzandi bilan dafn etilgan maqbarasi tarixi haqida aynan “Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy” [Tarixi Rashidiy: 2011, 329] kabi mo‘tabar manbalarda qayd etilgan.
Samarqandga o‘tish yo‘lida “Boburnoma”da tilga olingan Jizzax vohasining Xaliliya kenti , O‘rda qarorgohi obidalari hozirgi kunga qadar arxeolog olimlar tomonidan katta qiziqish bildirilayotgan tarixiy maskanlar sirasiga kiradi. Shu bilan birga Bobur ot poygasi uyushtirib o‘tgan Ilon O‘tti darasining atroflarida yirik monitorlar (LED ekran)lar joylashtirilib, “Bobur yetuk chavandoz” nomli ssenariylashtirilgan qisqa daqiqali ijtimoiy roliklar namoyish qilinishi lozim.
Samarqand shahrining mashhur Konigil qog‘ozlari ko‘rgazmasini tashkillashtirish, boqiy shaharning tungi va kunduzgi jozibasi turistlarga aynan XV asrdagi tarixiy manzarasinb his etishlariga yaqindan ko‘mak beradi.
“Boburnoma”da Shahrisabzning Amir Temur tomonidan suyib , poytaxt qilishga harakat qilganligi borasida ma’lumotlari sirasida bu shaharda hozirda ham saqlanib qolingan Oqsaroy obidasini ziyorat qilish ham sohibqiron tavallud topgan hududga bo‘lgan intilishlarni qamrab olishi darkor.
Yo‘nalish davomida afsonaviy shaharlar Buxoro va Xiva ziyoratlari ham aynan Bobur hikoya qilgan maskanlarning tarovatini o‘zida aks ettiradi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yuqoridagi ikki yo‘nalishni o‘z ichiga oluvchi “Bobur merosi” nomli xalqaro turistik dasturi uchta respublika hududini qamrab oladi va uning tadbiq etilishi mahalliy aholining hamda xorijiy mehmonlarning bilim doirasini kengaytirishga, yurtimiz maftunkorligini yuksaltirishga yaqindan xizmat qiladi. Eng asosiysi, Boburni kamolga yetkazgan diyorning shuhratini olamga mashhur qilishda davom etadi.
E. Hazratqulova.
O‘zFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi,
filologiya fanlari bo‘yicha (PhD) falsafa doktori,
Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni uluslararo ilmiy-nazariy konferensiya materillari to‘plami. Toshkent-2024. Universitet nashriyoti. 126-130 b.
Fikr qoldirish#