This article explores the pivotal Battle of Panipat, a historic clash that left an indelible mark on both the Baburid dynasty and India's history. It traces the backdrop of the conflict, wherein Zahir ad-Din Muhammad Babur, asserting his claim as the "legitimate heir" to lands once conquered by Amir Timur, sought to reestablish Timurid rule in the Punjab region, including Delhi. This monumental battle, fought against Ibrahim Lodi, Sultan of Delhi, on April 21, 1526, was a defining moment not only in Babur's life but also in the annals of military history. The article draws from "Baburnama" and other written sources to provide a comprehensive account of the battle's origins, causes, and far-reaching consequences. Furthermore, the author presents schematic tools to facilitate a deeper understanding of this historic confrontation, allowing readers and history enthusiasts to gain a vivid insight into this pivotal event. By doing so, the article not only sheds light on Babur's prowess as a military strategist but also underscores the enduring legacy of the Timurids in the art of warfare, as exemplified by Babur's triumph at Panipat.
Ma’lumki, Hindistonning Panjob o‘lkasi 1398-yilda Amir Temur tomonidan ishg‘ol qilinib, uning davlati tarkibiga kiritilgan edi. Dehli sultonlarining bu yerdagi sobiq mulklarini boshqarish huquqi Sohibqiron tomonidan Sayid Xizrxonga topshirilgandi. Keyinchalik, uning o‘g‘li Muborakshoh (1421–1434) hukmronligi davrida ham bu yerlardan tushgan daromadlarning bir qismi soliq sifatida temuriylarga to‘lab borilar edi. Shu asosda “Temur zabt etgan o‘lkalarning qonuniy vorisi” sifatida, Bobur bu viloyatlarni “yo kuch bilan yo sulh bilan” temuriylar tasarrufi ostiga qayta kiritish va idora etishni maqsad qilgandi: “Chun hamisha Hinduston olmoq xotirda edi, bu bir necha viloyatlarkim, Bhira va Xushob va Chanob va Chanut bo‘lg‘ay, necha mahal turk tasarrufida edi, bularni xud mulkimizdek tasavvur qilur yeduk. Zo‘r bila yo sulh bila o‘zimizning mutasarrif bo‘lurimizg‘a mutayaqqin yeduk. Bu jihattin bu tog‘ eli bila yaxshi maosh qilmoq vojib va lozim edi” [Бобур 2002, 224а]. Shu sabab, Bobur bu yerdagi mahalliy aholini tinchlantirish va ko‘nglini xotirjam qilishmaqsadida, o‘z askarlarini bu hududni talon-taroj qilish va aholisiga zarar keltirishniqat’iy taqiqlaydi: “Farmon bo‘ldikim, hech kim bularning gala-qoralarig‘a, balki ip uchi,igna sinurlariga atrof va navohida zarar va nuqson yetkurmasun”. Ushbu maqsadlarniko‘zlab, Bhira viloyatiga Boburning vakili Abdurahimbek yuboriladi. Natijada Bhirahukmdori Alixon (Lahor hukmdori Davlatxonning o‘g‘li) Boburga shaharni qarshiliksiztopshiradi.
Ayni vaqtda, Bobur Temur avlodlariga tegishli bo‘lgan barcha yerlarni, ya’ni Bhira va unga tutash bo‘lgan Panjob viloyatlarini qaytarib berishni talab qilib, Mavlono Murshidni Dehliga, Sulton Ibrohim huzuriga elchi qilib jo‘natadi. Biroq, Panjob hokimiDavlatxon Boburning mazkur elchisini Lahorda, turli bahonalar bilan ushlab turadi. Bhira viloyatidan so‘ng, Bobur Kanar qirliklari orqali Jelam va Chinob daryolarini kechib o‘tib, Lahorga qarab yo‘l oladi. Dehli tomondan ham, Davlatxonga jazo berish uchun Sulton Ibrohim Lo‘diyning Bahodirxon, Muborakxon Lo‘diy va Biharxon Lo‘haniy boshchiligidagi qo‘shini yaqinlashib kelayotgan edi. Davlatxon qochib Lohorni tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Bobur Shashkuruh nomli mavzega yetganda Sulton Ibrohimning bu qo‘shini bilan to‘qnashib, g‘alaba qozonadi. Shu tariqa Lohur Bobur tasarrufiga o‘tadi. Biroq Bobur Davlatxonga Lohur taxtini qaytarib bermaydi. Zero u Davlatxonning asl rejasidan, makr-hiylalaridan ogoh edi. Shu sabab, unga boshqa yerlarni – Jalandhar va Sultonpur shaharlarini beradi. Bundan Davlatxon norozi edi, sababi u Boburni qaytib ketishiga qattiq umid bog‘lagandi va qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham uni ortga, Kobulga qaytib ketishiga sabablar axtarib turardi. Boburning Panjobga qilgan yurishi o‘z natijalariga ko‘ra ancha muvaffaqiyatli kechgan edi, chunki u Bhira, Xushob, Chinob hududini o‘z davlati tasarrufiga kiritib, barcha joylarda yaqin safdoshlari orasidan vakillarini tayinlagandi: “Bhira viloyatini Hindubekka.... Chanob viloyatini Husayn ikrakka inoyat qilib berduk... Bhira bila Sind daryosining orasidag‘i viloyatlarni va ellarni, misli, Qorluq, Hazora, Haatiy, G‘ayosvol va Keb Muhammad Ali jang-jangga inoyat bo‘ldi” [Бобур 2002, 232а]. Bu hududning barchasi katta strategik ahamiyatga ega edi, chunki Bhira shahri “Hindistonga kirish eshigi” hisoblanardi. Ayni paytda Qandahor va Badaxshondagi vaziyat murakkablashib, Boburni Kobulga qaytib ketishiga sabab bo‘ladi. Bundan foydalangan Davlatxon esa, Boburningbu yerdagi noiblariga qarshi qo‘shin tortib, Sultonpur, Dibalpur, Sialkot va Kalanjarqo‘rg‘onlarini qayta egallab oladi. 1525-yil oxiriga kelib, Boburning qo‘l ostida faqatgina Lohur viloyati qolgan edi. Panjobning qolgan hududlari yana Davlatxon va uning to‘ng‘ich o‘g‘li G‘ozixonga o‘tib ketgandi.
Boburning Hindiston yurishi. 1525-yilning noyabrida Bobur Panjob viloyatini qayta egalash uchun va Hindistonni qat’iy ravishda fath etish maqsadida Kobuldan yo‘lga chiqadi. Bu Boburning Hindistonga qilgan beshinchi va so‘nggi, hal qiluvchi yurishi edi. Ushbu harbiy yurish bilan bog‘liq voqealar “Boburnoma”da batafsil bayon etilgan. 4 noyabrda Bobur Sind (Hind) daryosidan o‘tib, “Hindustonning darvozalari” bo‘lmish Bhira va Sialkot tomon harakatlanadi. Zero, Bobur dastavval Panjobni butunlay bo‘ysundirish va Davlatxon masalasini hal qilishi lozim edi. Dekabr oylarida Bobur qo‘shiniga Badaxshondan o‘g‘li Humoyun mirzo, G‘azna viloyatidan esa, tajribali amirlaridan biri Xoja Kalon ham kelib qo‘shiladi[ Бобур 2002, 252а]. Badaxshon va G‘azna qo‘shinlarining qo‘shilishi bilan Bobur qo‘shinlari soni nisbatan ortadi. Yozma manbalarda Bobur qo‘shining umumiy soni bo‘yicha qaramaqarshi ma’lumotlar uchraydi. “Boburnoma” ma’lumotiga ko‘ra, qo‘shin soni 12 ming [Бобур 2002, 254а], “Tarixi Rashidiy” [Мирза Муҳаммад Ҳайдар 1996, 455] va “Tarixi Farishta” [Farishta. Inv. № 826, 143, 144, 233] asarlarida esa 10 mingdan ko‘p emasligi yozilgan. Bu orada Davlatxon va uning o‘g‘li G‘ozixon 20–30 minglik qo‘shin to‘plab, Panjobdagi Kalanur shahrini egallab, Lahorga yurishga hozirlanayotgan edi [Бобур 2002, 254а]. Bobur zudlik bilan u yerga xabarchi yuborib, Lahor beklariga toki u kelguniga qadar Davlatxon bilan jangga kirishmaslikni buyuradi va o‘zi ham dushmanni shu yerda ushlab qolish umidida Sialkot yaqinidagi Bahlulpur qal’asiga yetib boradi. Davlatxon Lahor yurishini to‘xtatib, ortga chekinadi. Zero, u harbiy salohiyatda tajribali bo‘lgan Bobur bilan yuzma-yuz to‘qnash kelishidan qo‘rqardi. U, Bobur qo‘shinining harakatini kuzatib, qayerda joylashgani va u bilan qaysi joyda to‘qnashishi mumkinligi to‘g‘risida axborot to‘plab, qo‘shin yig‘ishga kirishadi [Бобур 2002, 255b]. Biroq, Bobur bilan Davlatxon o‘rtasida umumiy jang sodir bo‘lmaydi. Uning Bobur qo‘shinidan to‘rt barobar katta bo‘lgan qo‘shini, ittifoqchilari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sabab, o‘z-o‘zidan tarqalib ketadi. Davlatxon o‘z qarorgohi Milvat (Malo‘t)ga, G‘ozixon esa tog‘larga chekinadi. Bobur Davlatxon ustiga yurishni davom ettirib, uning qarorgohi bo‘lmish Milvat qo‘rg‘onini halqadek mahkam qo‘rshab oladi, shuningdek, yaqin atrofdagi ikkita yirik qo‘rg‘on – Kutil (Kotla) va Gangutani ham egallab oladi. Davlatxon najot umididan voz kechib, Boburga taslim bo‘lishdan boshqa iloj topolmaydi. G‘ozixonni tiriklayin tutib keltirish uchun maxsus kuchlar ilg‘or qilinadi, biroq u qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Bobur va’da qilganidek, Davlatxon va uning ahli oilasi hayotini saqlab qoladi, lekin uning xazinasi va mol-mulkini davlat foydasiga musodara qiladi. Bobur Davlatxonga Milvat qo‘rg‘onida qolishga ijozat beradi, biroq u, noma’lum sabablarga ko‘ra, vafot etadi. Shunday qilib, 1526-yil 19- fevralda Hindistonning Panjob viloyati Bobur davlati tarkibiga kiritiladi. Bobur Panjob bilan cheklanib qolmadi, chunki oldinda hali katta raqib – Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diy turar edi. Muhammad Ali Jang-Jangni vaqtinchalik Milvatga hokim etib tayinlab, o‘zi esa Dehli tomon yurishga hozirlik ko‘radi: “G‘ozixonning ustiga ilg‘or ayirg‘ondin so‘ng himmat rikobig‘a oyoq qo‘yub, tavakkul inonig‘a ilik urub, Sulton Ibrohim binni Sulton Iskandar binni Sulton Bahlul Lo‘diy afg‘onning ustig‘akim, ul tarixda Dehli poytaxti va Hinduston mamoliki aning taxt tasarrufida edi, hozir cheriginibir lak derlar edi, o‘zida va beklarida mingga yovuq fil chenarlar edi, mutavajjih bo‘lduk” [Бобур 2002, 261а].
Panipat jangi arafasida Bobur allaqachon katta harbiy bilimga va yetarli jangovar tajribaga ega edi. Zero, u o‘sha davrning Shayboniyxon, Shoh Ismoil Safaviy, Sulton Husayn mirzo singari yirik hukmdorlarning harbiy mahorati – taktika va strategiyasini yaxshi o‘zlashtirgan edi. Bobur qo‘shinida o‘z davrining ilg‘or harbiy qurollari – miltiq va to‘fanglar bilan qurollangan askarlar hamda zambaraklardan foydalana oladigan Rumlik (Turkiyalik) mutaxassis – artileriyachilari ham bor edi. Ibrohim Lo‘diyning qo‘shini Jamna daryosining o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab, Bobur tomon harakatlanayotgan edi. Bundan tashqari, Dehli sultoniga yordam tariqasida Hisori-Firuzadan vazir Hamidxon boshchiligida qo‘shimcha ko‘mak kuchlari ham yo‘lga chiqqan edi.
Boburga Hamidxonning Sulton qo‘shini bilan birlashayotgani xabari yetib kelgach, o‘g‘li Humoyun mirzoni ilg‘or jo‘natib, Hisori Feruza qo‘rg‘onidan kelayotgan qo‘shinni qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham to‘xtatib qolishga, agar uddalay olsa mazkur qo‘shinni mag‘lub etishga buyuradi. Boburning o‘n sakkiz yoshli o‘g‘li bu vazifani a’lo darajada bajaradi. Humoyun nafaqat bu qo‘shinni yengishga, balki uning qarorgohi Hisori Feruzani ham egallab olishga muvaffaq bo‘ladi (1526-yil 26-fevral) [Бобур.2002, 263а]. Bu orada, Boburga, Sulton Ibrohim Lo‘diyning asosiy qo‘shiniga qo‘shilish maqsadida, Dovudxon va Haytimxon boshchiligidagi 5-6 minglik qo‘shin ham MiyoniDuobda to‘planib turganligi xabari keladi. Boburning sara amirlaridan tashkil topgan ilg‘or qismlari mazkur guruhni ham mag‘lubiyatga uchratadilar [Бобур 2002, 264а].Boburning birin-ketin qo‘lga kiritgan g‘alabalari, aftidan, Ibrohim Lo‘diyningittifoqchilari orasida sarosimalik, tushkunlik va parokandalik kayfiyatlariniuyg‘onishiga sabab bo‘lgan ko‘rinadi. Sulton amirlarining ba’zilari Bobur tomonigao‘tish istagini ishor qilsalar, ayrimlari muzokara yo‘lini izlay boshlaydilar.Aprel oyining boshida Bobur va dushman qo‘shinlari Panipat maydoniga yaqinlashib, saf torta boshladilar: “Bu qaror bila ko‘chub, ora qo‘nub, panjshanba kuni, jumodiuloxir oyining salxi Panipat kelduk. O‘ng qo‘l shahr va mahallot bo‘ldi”. Bobur Ibrohim Lo‘diydek kuchli va son jihatidan katta ustunlikka ega bo‘lgan raqibga bas kelish uchun, O‘rta Sharqning turli mamlakatlaridagi jangovar tajribani hisobga olgan holda, o‘z qo‘shinini murakkab bir tarzda yasol – jangovar tartibga soladi. U, jang oldidan harbiy kengash tuzib, dushman bilan qachon, qaysi maydonda va qay tarzda jangga kirishish bo‘yicha puxta reja (taktika va strategiya) ishlab chiqishga kirishadi. Jangdan oldin o‘z qo‘shinini, dushman hech bir tomondan zarba bera olmaydigan darajada joylashtirishga intiladi. Temuriylar qo‘shining kayfiyatida ham g‘alabaga bo‘lgan ishonch umidlari sezilarli darajada past, ba’zi askarlar ruhiy havotirda edilar. Zero, Vatanlaridan ancha uzoqda, begona xalq va begona yurtda, qolaversa, qarshilarida hali yaxshi o‘rganilmagan, jang uslubi noma’lum bo‘lgan qudratli raqib turar edi. Bobur o‘z lashkarboshi va qism boshliqlarining mas’uliyatini oshirib, ularga tayin vazifalar yuklaydi hamda jang vaqtida qanday harakatlanish lozimligini qat’iy belgilab beradi. Askarlarni jangovar ruhiy tayyorgarligini mustahkamlashga qaratilgan choratadbirlar ham ko‘riladi. “Cherik eli ba’zi xeyli mutaraddid (qo‘rquv) va mutavahhim (xavotir) edilar. Taraddud va tavahhum betaqribdur. Nekim azalda Tengri taqdir qilibtur, andin o‘zga bo‘lmas. Agarchi alarni ham ayb qilib bo‘lmas, haq alar jonibi edi. Ne uchunkim, Vatandin ikki-uch oychiliq yo‘l kelilib edi. G‘arib qavme bila elning ishitushub edi. Ne biz alarning tillarini bilur yeduk, ne alar bizning tilimizni” [Бобур 2002,264b], - deb yozadi Bobur.
Harbiy kengash qaroriga ko‘ra, hal qiluvchi jang maydoni sifatida Dehlidan 90 km shimolda joylashgan Panipat shahri atroflari tanlab olinadi. Zero, ushbu shahar atrofi asosan tekis maydondan iborat edi, o‘ng tomonda shahar qo‘rg‘oni, chap tomonda esa Jamna daryosi oqib o‘tardi. Bunday geografik sharoit qo‘shinning erkin harakatlanishiuchun, shuningdek, og‘ir to‘p aravalarning harakatlanishi va joylashuviga ham qulaytabiiy muhit sifatida qaralargan edi: “kengash qilib, ra’ylar unga qaror toptikim,Panipat shahredur, mahallot va uylari qalin, har taraf mahallot va uylar bo‘lur, yanaatrofini aroba va to‘ra bila berkitib, tufangandoz va yayoqni aroba va to‘ra orqasidata’yin qilmoq kerak” [Бобур 2002, 264а].
Bobur qo‘shinning o‘ng qanotini Panipat shahri qo‘rg‘oni bilan imkon qadar yaqinroq joylashtirishga, uning devorlari bilan tutashtirishga qaror qiladi. Zero, shaharning mahalla va imoratlari qo‘shinning o‘ng qanotga berishishi mumkin bo‘lgan zarbalarga o‘ziga xos to‘siq sifatida xizmat qilardi. Bobur qo‘shinining eng zaif tomoni esa, to‘pchi-zambaraklar joylashgan markaz hamda qo‘shinning chap qanoti edi. Zero zarur paytda chekinish uchun og‘ir zambaraklarning harakatlanishi nihoyatda sekin, chap qanotdagi qo‘shinlarga esa, to‘lib toshib oqayotgan Jamna daryosi to‘sqinlik qilishi shubhasiz edi. Shu sababli ushbu taraflardan kelinadigan xavf xatarlarni bartaraf etish uchun bir qator qurilish-muhandislik ishlari olib boriladi. Jumladan, markazdagi to‘pchilar himoyasi uchun aravalardan tashkil topgan o‘ziga xos mudofaa chizig‘i (istehkom) barpo etiladi. Merganlarga ana shu aravalar va to‘siqlar ortidan dushmanni tinimsiz o‘qqa tutish vazifasi qo‘yiladi: “farmon bo‘ldikim, jami’ cherik eli faroxo‘ri holig‘a aroba kelturgaylar. Yetti yuz aroba bo‘ldi. Ustod Aliqulig‘a farmon bo‘ldikim, Rum dasturi bila arobalarning orasida zanjir o‘rnig‘a o‘yning xomidin arg‘amchilar yeshib, bir-birig‘a bog‘lag‘aylar. Tufangandozlar bu aroba va to‘ralarning keynida turub, tufang otqaylar”. So‘l qanotning yonlari bo‘ylab hamda aravalar bilan to‘silmagan joylarda xandaklar qaziladi, shuningdek, daraxt shohlari, to‘nka va g‘o‘lalar, tikanli butalar yordamida turli sun’iy to‘siqlar hosil qilinadi. “Boburnoma” ma’lumotlariga ko‘ra, Bobur qo‘shinining yasoli, ya’ni jangovar tartibi quyidagicha edi (1-rasm): Markaz (g‘ul, qalb)da shaxsan Boburning o‘zi, oliy jangovar bayrog‘i bilan qo‘mondonlik qilardi. Markazning o‘zi ham o‘ng va chap “qo‘l”lar bilan mustahkamlanadi. Har bir qo‘lda 7 ta bo‘linmadan iborat maxsus qism tashkil etiladi va ularga tajribalari amirlar tayinlanadi. Jumladan, G‘ulning o‘ng qo‘lida – Chin Temur Sulton, Sulaymon mirzo, Muhammadiy ko‘kaldosh, Shoh Mansur barlos, Yunus Ali, Darvesh Muhammad sorbon va Abdullo kitobdor; G‘ulning so‘l qo‘lida – Xoja Xalifa, Xoja Mirmiron, Ahmadiy parvonachi, Turdibek, Qo‘chbek, Muhib Ali Xalifa va Mirzobek tarxonlar joy oladi. O‘ng qanot (barong‘or)da – Boburning o‘g‘li Humoyun mirzo, Xoja Kalon, Sulton Muhammad do‘ldoy, Hindubek, Vali xazinachi va Pirquli Siystoniy boshchilik qilardi. Chap qanot (javong‘or)da – Muhammad Sulton mirzo, Mahdiy Xoja, Odil Sulton, Shoh Mir Xusayi, Sulton Junayd barlos, Qutluqqadam, Jonibek, Muhammad baxshi va Shoh Husayn Yorakiy mo‘g‘ul tayinlanadi. To‘lg‘ama manevrini amalga oshirish uchun, har ikki qanotning chetida mo‘g‘ullardan iborat yengil qurollangan maxsus otliq bo‘linmalar – qunbul (Bobur, bu qismlarga “burong‘or va javong‘orning uchi” atamasini beradi) tashkil etiladi. Uning vasifasiga “g‘anim kishisi yovuq kelgach, bu ikki bo‘lak to‘lg‘ama o‘ng qo‘ldin, so‘l qo‘ldin g‘animning orqasig‘a yevrulgaylar” (266b), ya’ni dushman paydo bo‘lgach, uni o‘ng va chap tomondan chetlab o‘tib, orqa tomondan kuchli zarbalar berib, dushmanni markazga siqib borishi lozim edi. Shunga ko‘ra, o‘ng qanotning qunbulida – ValiQizil, Malik Qosim va Bobo Qashqa tayinlanadi. Chan qanotning qunbuli (javong‘orning uchi)da – Qaroko‘zi, Abulmuhammad nayzaboz, Shayx Jamol barin, Mahdiy va Tengriquli Pishag‘iy mo‘g‘ul boshchilik qiladilar.
Irovul (avangard)da – Xisrav ko‘kaldosh va Muhammad Ali jang-janglar qo‘shinning oldingi safidan joy oladilar. Tarh (rezerv qo‘shinlari)da – Abdulaziz miroxo‘r boshchiligidagi zahira qo‘shinlari zarur holatlarda har ikkala qo‘l va qanotga ko‘mak berishga tayyor edi. Bu qo‘shinlarni Bobur o‘ng qanotga yordamga jo‘natganini eslatadi: “G‘animning qorasi ko‘runganda, burong‘or sari mayli ko‘prak edi, bu jihattin Abdulaziznikim, tarhqa muayyan edi, barong‘org‘a ko‘mak yiborildi”. Mudofaa chizig‘i. Qo‘shinning old qismini himoya qilish maqsadida, butun qanotlar bo‘ylar 700 ta (aroba) aravalardan iborat o‘ziga xos mudofaa chizig‘i, himoya istehkomi tashkil etiladi. Aravalarning old tomoni, fil va otliqlarga qarshi qo‘yilgan uzun nayza va tikanli shox va yog‘och to‘siqlar bilan himoyalanadi. Bu to‘siqlar ayni vaqtda aravalarni dushmandan yashirish uchun o‘ziga xos niqob (maskirovka) vazifasini ham o‘taydi. Har ikki aravalardan keyin 6-7 ta yog‘och to‘ralar ya’ni to‘siq (shit) va temir qalqonlar o‘rnatiladi, ular bir birlari bilan mol terisidan to‘qilgan arqonlar bilan bog‘lanib mustahkamlanadi. Zero, bu arqonlar birinchidan, bostirib kelayotgan jangovar fillar hujumini mumkin qadar to‘xtatib qo‘yishga, ikkinchidan esa, orqadagi asosiy qo‘shinni safni buzmasdan, jang maydonida tartibli harakatlanishini ta’minlab berardi. Mudofaa istehkomining ba’zi joylarida, orqadagi qanot qo‘shinlar harakati uchun 100–150 otliq o‘ta oladigan darajada bo‘sh maydonlar qoldirilgan: “Har bir o‘q otimi yerda yuz-yuz ellik otliq chiqqudek yerlar qo‘yuldi”. Arava va qalqonlar ortida o‘qotor askarlar – kamonchi (tirkash), miltiqchi, ra’dandoz va to‘fangdozlar guruhi joylashtirilib, dushmanni usluksiz o‘qqa tutishdan iborat bo‘lgan.
To‘pchi-farangilar (artileriya) bo‘linmasiga Rumlik (ya’ni turkiyalik) mutaxasislar Ustod Aliquli va Mustafo Rumiy boshchiligidagi to‘pchilar (“farangi zarbzanliq arobalari qurib”) mudofaa chizig‘i (aravalar) ortida joylashtiriladi. Ular ayni vaqtda, miltiqchi va to‘fangdozlar guruhiga ham umumiy rahbarlik qilgan. Mazkur to‘pchilarga “Rum dasturi” (ya’ni turklar usuli) asosida artilleriyani joylashtirish va jang mobaynida raqibga muntazam to‘p otib, dushman safini buzish orqali lashkarlarni to’zg‘itib yuborish vazifasi qo‘yiladi. Aytish mumkinki, Boburning bunday jangovar yasoli, ayni vaqtda, dushmanni zarur paytda qurshab olishga, uni qopqonga tushirib, pistirmadan turib yakson qilishga qaratilgan puxta rejasi ham edi.
Dehli Sultoni Ibrohim Lo‘diy qo‘shinining jangovar tartibi tarixchilar tomonidan ta’riflanmagan bo‘lsa-da, ammo ularning yakdil fikriga ko‘ra, uning qo‘shini 1 lak, ya’ni 100 mingga yaqin askar va 2 mingga yaqin jangovar fillarga ega bo‘lgan (2-rasm). Mirzo Muhammad Haydar Hindiston qo‘shinining soni bir lakdan ziyod ekanini qayd etadi [Мирза Муҳаммад Ҳайдар 1996, 455], Boburning qizi Gulbadanbegim esa hindlarning 180 ming otliq hamda 1500 ta jangovar fillar bilan jangga kirganini ta’kidlaydi [Гулбаданбегим 2015, 12]. Bobur esa, yuqorida aytib o‘tilganidek, 10-12 minggacha askarga ega edi, xolos. Hindiston qo‘shinining tuzilishi, an’anaviy tarzda – avangard, o‘ng va chap qanotlar hamda markaz qo‘shinlaridan iborat bo‘lgan. Sultonning eng asosiy quroli uning jangovar fillardan tashkil topgan qismlari hisoblanardi. Shuning uchun, Ibrohim Lo‘diy bu jangovar fillarni qo‘shinning eng oldingi safiga – avangardga joylashtiradi. Jangovar fillar asosan otliqlarga qarshi ishlatilgan, chunki ot fillar hayqirig‘idan qo‘rqib ortga chekinar va o‘z chavandozini ag‘darishga harakat qilar edi, shu sababli jang maydonida suvoriylarning hujumkor shiddati to‘xtalib qolinardi. “Boburnoma”ga ishlangan miniatyuralarda o‘sha davrdagi Hindiston armiyasidan mavjud bo‘lgan jangovar fillarning tasvirlari berilgan. Jangovar fillar, uning xartumidan tortib butun tanasi bo‘ylab, odatda, turli hashamatli bezaklar bilan bezatilgan zirhlar bilan qoplanar edi. Zirhlar asosan teri-charm va temir plastinkalar bilan qoplangan bo‘lgan. Bunday zirhlar hind manbalarida “gadjagaxa”, sharq manbalarida esa “kajim” yoki “xajhul” deb nomlangan. Har bir jangovar fil bo‘linmasi qo‘mondon buyruqlarini yetkazish uchun, burg‘u va nog‘ora hamda boshqa ishora bayroqlariga ega bo‘lgan. Fillar, o‘z ustida, nayza va kamon bilan qurollangan to‘rttagacha askarni olib yurishgan. Askarlarni mustahkam o‘rnashishlari uchun fil ustiga yog‘och platforma yoki to‘qilgan savat bog‘langan. Fillarning zaif tomoni, ularning xartumi va oyoqlari edi, shu sabab, yerda ham yana bir nechta askar hayvonni ikki yonida turib, himoya qilib yurishga majbur bo‘lgan. Boz ustiga, hayvon tutun va olovdan qo‘rqardi. Qo‘rqqan, g‘azablangan va qochayotgan fil esa o‘z qo‘shinlari uchun yanada xavfliroq edi. Fillardan iborat avangard ortidan piyoda askarlar, undan keyin suvoriylar joylashgan. Qo‘shinning ikki chetida, qoida tariqasida, o‘ng va chap qanot qo‘shinlari o‘rin oladi. Markazda esa, Sulton Ibrohimning o‘zi xos lashkarlari bilan qo‘mondonlik qilar edi.
Jangning boshlanishi. 1526-yilning 12-aprelda Bobur qarorgohida barcha harbiy tayyorgarlik ishlari yakunlanadi, biroq Bobur nazdida, Sulton Ibrohim o‘rdasida ikkilanish, urushga hozirlik ishlari sust kechayotgandek tuyuladi. Dushmanni faol harbiy harakatlarga undash maqsadida, Bobur, bek va amirlarining maslahatiga ko‘ra, vaqti-vaqti bilan uning pozitsiyalariga kichik-kichik guruhlarni jo‘natib, hujum qilib ko‘radi. Bu kamonchi guruhlar tunda ham faollik ko‘rsatib, kutilmaganda dushman qarorgohida sarosima va vahima uyg‘otishga harakat qiladi: “Oz-oz kishimiz borib, doirasig‘acha qalin kishilariga o‘q qo‘yarlar edi... Alar hech harakate va junbushe qilmaslar edi. Oxir ba’zi .... beklarning ra’yi bila amal qilib, ... to‘rtbesh ming kishini shabixung‘a yiborduk. ... Tong otib, yoruq bo‘lg‘uncha g‘animning doirasining yaqinida edilar, g‘anim kishisi naqoralarini choldurub, fillar bila yasabchiqtilar” [Бобур 2002, 265b].
1526-yil 21-aprelda, erta tongdan har ikkala tomon qo‘shinlari Panipat maydonida jangga tayyor holatda saf tortib turardi. Ushbu tarixiy jang, karnay va burg‘ular sadosi ostida, Bobur istaganidek, Sulton Ibrohim qo‘shinining harakati bilan boshlanadi. Son jihatidan Bobur qo‘shinidan 10 barobarlik ustunga ega bo‘lgan hind qo‘shinining eng oldingi saflarida jangovar fillar (“fil chenarlar”) markazga qarab harakatlanib kela boshlaydilar, uning ortidan esa, sultonning asosiy kuchlari Bobur qo‘shinining markaziy qismiga zarba berishni boshlaydilar. Biroq, Boburning mudofaachizig‘iga yaqinlashganda, Sulton qo‘shini kutilmaganda, to‘xtab qoladi. Bobur vaqtni boy bermay, qo‘shin sardorlariga dushmanga qarata baravariga to‘p va zambaraklardan, kamon va miltiqlardan shiddatli ravishda o‘q uzishni buyuradi. Zambarak to‘plarining portlashlari butun jang maydonini olov va chang-to‘zonga aylantirib yuboradi. Kamonchilarni olovli o‘qlari ham dushman ustiga yomg‘irdek yog‘ila boshlaydi. Bostirib kelayotgan fillar, saflarini buzib, o‘z askarlarini toptagan holda, tartibsiz ravishda ortga chekina boshlaydi. Sultonning o‘ng va chap qanotlari harakatga kelib, hujumga o‘tadi. Asosiy zarbalar Boburning o‘ng qanotiga tushadi. Barong‘orni mustahkamlash maqsadida, Bobur Abdulaziz mirohur boshchiligidagi zahira (tarh) qo‘shinlarini safarbar qilishga majbur bo‘ladi: “Abdulaziznikim, tarhqa muayyan edi, burong‘org‘a ko‘mak yiborildi”. Chap qanotlarda ham vaziyat yaxshi emas edi, uni ham ortida turgan markazning chap “qo‘li” yordamida mustahkamlashga to‘g‘ri keladi.Shu tariqa, Bobur Sulton Ibrohim hujumini qaytariga muvaffaq bo‘ladi vaendilikda tashabbusni o‘z qo‘liga olib, o‘zi ham tezkor qarshi hujumga o‘tishni boshlaydi. To‘lg‘ama (o‘rab olish amaliyoti)ga mas’ul bo‘lgan har ikki qanotning qunbuli tezlikda dushmanni orqa tomoniga o‘tib, o‘rab oladilar va kuchli zarbalar bilandushmanni markazga, ya’ni zambaraklar va miltiqchilar ta’sir doirasi tomon siqib kela boshlaydilar: “Farmon bo‘ldikim, to‘lg‘amag‘a ta’yin bo‘lg‘on kishi o‘ng qo‘ldin, so‘l qo‘ldin g‘animning orqasig‘a yevrulub, o‘q qo‘yub, urushqa mashg‘ul bo‘lg‘aylar... To‘lg‘ama kishisi orqasig‘a yevrulub, o‘q qo‘ya kirishtilar... Mustafo to‘pchi ham g‘ulning so‘l qo‘lidin aroba ustidag‘i zarbzanlar bila yaxshi zarbzanlar otti”.Boburning o‘ng va chap qanotlari – barong‘or va javong‘or qo‘shinlari hamdushman qanotlariga zarba bera boshlaydilar: “Burong‘or, javong‘orham yurub, g‘animbila tegishgaylar”. Chin Temur Sulton va Xoja Xalifa oshchiligidagi markazning o‘ngva chap “qo‘l”lari esa qanotlarga ko‘mak berib, dushmanning markaziy qismiga hujumqiladilar: “Javong‘ordin Mahdiy Xoja burunroq tegishti. Mahdiy Xojaning o‘trusig‘a birfavj bir fil bila keldi. Bular ham qalin o‘q qo‘yub, ul favjni yondurdilar. Javong‘org‘ako‘mak g‘uldin Ahmadiy parvonachi va Turdibek Qo‘chbek va Muhib Ali xalifani yiborildi. Burong‘orda ham urush qoyim bo‘ldi. Muhammad Ali ko‘kaldosh va Shoh Mansur barlos va Yusuf Ali va Abdullog‘a farmon bo‘ldikim, g‘ulning olida ro‘baro‘din yurub, urushqka mashg‘ul bo‘ldilar” [Бобур 2002, 266b].Jang vaqtida, Bobur o‘z lashkarboshilariga aniq va tezkor buyruqlar berar, uning o‘ziga ham ayni vaqtda, markaziy safda turib jang qilar edi. Temuriylar qo‘shinining zahiradan tortib barcha qismlari urush maydonida dushman qarshiligini sindirishga, matonat va jasorat bilan jangga kirishgan edilar. Qamalda qolib ketgan hind qo‘shini esa, na olg‘a siljib, qarshisidagi raqibni yengishga va na jang maydonidan qochishga imkon topa olardi: “Burong‘or, javong‘or va g‘ul va to‘lg‘ama g‘animning girdo-girdini olib, shiba qo‘yub, bajid urushqa mashg‘ul bo‘ldilar. Bir-ikki qatla javong‘or, burong‘or sari qisqa-qisqa hamlalar qildilar. Bizning kishi o‘q qo‘yubshiba zarbi bila yana g‘ulig‘atiqtilar” [Бобур 2002, 266b].
Sulton Ibrohimning qo‘shinlarni boshqarish borasidagi tajribasizligi tufayli, uning o‘ng va chap qanotlari asosiy markaz qo‘shinlari bilan aralashib ketadi. Jangchilarning tartibsiz harakatini jang maydonida tizimli boshqarish butkul izdanchiqqan edi. “G‘animning o‘ng qo‘li va so‘l qo‘li bori bir yerda yig‘ilib, andoq tiqilishbo‘ldikim, ne ilgari kela oldilar, ne qochg‘ali yo‘l topa oldilar”, - deb eslaydi Bobur.Darhaqiqat, Boburning o‘ng qanot, chap qanot, markaz va to‘lg‘ama qismlaridushmanni har tomondan o‘rab olib, borgan sari markazga siqqib borar, to‘pchi vamiltiqchilar guruhi esa ular ustiga tinimsiz tosh, olov va o‘qlar yog‘dirardi. Shu tariqa jang taqdiri temuriylar foydasiga hal qilingan edi. Tongda boshlangan urush tushgacha davom etadi va oxir-oqibat Boburning yaqqol g‘alabasi bilan yakun topadi.Panipat maydonida Boburning taxminicha, dushmanning 10-15 ming qo‘shinio‘ladi, biroq, keyinroq ma’lum bo‘ladiki, 40-50 ming qo‘shin nobud bo‘lgandi, omonqolganlari esa tevarak atroflarga qochib ketishga erishadilar.Bu urushda SultonIbrohimning o‘zi ham halok bo‘lgan edi. Uning jasadi sultonning 5-6 minglik xosnavkarlari orasidan topiladi. “Oftob bir nayza bo‘yi chiqib edikim, urush angizi bo‘ldi.Kun tushgacha zarb urush edi. Kun tush bo‘la a’do mag‘lub va maqhur va ahibbomubtahij va masrur bo‘ldilar. Tengri taolo fazl va karami bila mundoq dushvor ishni bizga oson qildi va andoq qalin cherikni yarim kunda andoq yer bila yakson qildi.Besh-olti ming kishi Ibrohimning yaqinida bir yerda-o‘q qatlg‘a yetibturlar. O‘zga haryerda o‘lganlarni bu ma’rakada o‘n besh-o‘n olti ming taxmin qilur yeduk. So‘ngraAgraga kelganda, Hinduston eli takriridin andoq ma’lum bo‘ldikim, qirq-ellik ming kishi bu ma’rakada o‘lgan ekandur”, - deb eslaydi Bobur. “Tarixi salotini afg‘oniy” asarining muallifi Ahmad Yodgorning xabar berishicha, Bobur Sulton Ibrohimning o‘limidan xabar topib, uning jasadi yotgan joyga borib, boshini egib: “Jasoratingizga shon-sharaf bo‘lsin, Ey Ibrohim!”, - deb kuyungani, so‘ngra uni podshohona sharaf bilan dafn qilishga buyurganini eslatadi [Ahmad Yadgar 23]. “Tarix-i Dovudiy” [Abdulloh 1954] va boshqa ayrim manbalarda So‘lton Ibrohimning o‘limi haqida turlicha ma’lumotlar keltirilgan. Jumladan, manbalarda Ibrohim Lo‘diy jang maydonidan qochib, Jamna daryosida cho‘kib ketgani, yoki Panipat jangidan keyin yana bir yil yashagani kabi turli xabarlar qoldirilgan. Biroq, bu xabarlarning barchasi ishonchsizdir. “Boburnoma”da keltirilishicha, haqiqatdan ham Sulton Ibrohim ushbu jangda halok bo‘lgan edi, uning jasadi Boburning amiri Tohir Tabariy tomonidan aniqlanib, podshoh huzuriga keltirilgan edi. Panipat jangidan so‘ng, sultonlik g‘aznasidagi xazinalarning talon-toroj qilinishini oldini olish maqsadida, tezlikda Dehli va Agra ham egallanadi. Ayni shu davrda Gvalior hokimi mashhur “ko‘hinur” olmosini Humoyunga taqdim etadi. 1526-yil 24-aprelda Boburning zafarli qo‘shinlari poytaxt Dehli darvozasidan tantanali kirib keladi. Bu yerda u Shayx Nizom avliyo va Xoja Qutbiddin mozorlarini ham ziyorat qiladi. 27-aprelda esa, shaharning jome’ masjidlarida ustozlari bo‘lmish Mavlono Mahmud va Shayx Zayn tomonidan Bobur nomiga xutba o‘qilib, shukronalik namozi ado etiladi, mahalliy aholiga turli ehsonlar ulashiladi. Shuningdek, Bobur bu yerda o‘z nomidan “Al-Sulton al-a’zam val hoqon ul-mukarram Zahiriddin Muhammad Bobur podshohi Sulton g‘oziy, holadollohu mulkahu va saltanahu” yozuvlari tushirilgan tangalar ham zarb etadi. Bu Hindistonning fath etilishi va endilikda uning saltanatitarkibiga kiritilganligidan dalolat berardi [Sharipov 2021, 309–314].
Boburning Sulton Ibrohim ustidan ishonchli g‘alaba qozonishining sabablari nimada edi? Manba va tadqiqotlarda Dehli sultoni qo‘shinlarining mag‘lubiyatiga sabab bo‘lgan omillarning xolisona tahlili yo‘q. Bir qator tadqiqotchilar Panipat jangi natijalarini umumlashtirish bilan cheklanib, Ibrohimshoh mag‘lubiyatini uning harbiy iste’dod darajasining pastligi bilan izohlaydilar. Shubhasiz, jang natijasi, asosan, Boburning harbiy san’ati, uning to‘g‘ri tanlangan taktika va strateriyasi, jumladan, qo‘shinlarning istehkomlar zanjiri ortida mohirona joylashishi, tezkor qanot zarbalari (to‘lg‘ama) hamda o‘z davrining ilg‘or zamonaviy o‘qotar qurollaridan unumli foydalanganligi bilan bog‘liq. Hind qo‘shinining tartib-intizom borasidagi jangovarfazilatlari bo‘yicha, Bobur qo‘shinidan yaqqol pastligi ham sabab bo‘lgan edi. Ibrohimshohning o‘z kuchiga xaddan tashqiri ishonishi, manmanlik va tug‘yon botqog‘iga tushishi natijasida, raqibi bo‘lmish Boburning kuch-qudratiga yetarli baho berolmay qoldi. Lekin asosiy sabab, shubhasiz, Dehli sultonligida yuzaga kelgan siyosiy inqiroz, oliy hukmdor hokimiyatining zaiflashishi ham o‘z ta’siri ko‘rsatmay qolmadi, albatta. Shunday bo‘lsa ham Bobur, hind armiyasiga, hususan Sulton shaxsiyatiga baho berar ekan, agar xohlasa, Sulton Ibrohim yanada ham ko‘proq askar yollashimumkinligi, ammo ziqnaligi va molu-davlatga berilganligi tufayli, hal qiluvchi jangoldidan o‘z qo‘shinini ko‘paytirishga, unga kerakli mablag‘lar ajratishga rozibo‘lmagani ta’kidlaydi: “G‘animning hozir cherikini bir lak henarlar edi. O‘zining vaumarosining ming-ikki mingga yovuq fili bor derlar edi. Ikki otasidin qolg‘on xazina xud naqd iligida edi, Hindustonda bir rasme bordurkim, mundoq ish tushganlarda yarmoq berib, miyod bila navkar tutarlar. Bu elni «badhandiy» derlar. Agar mundoq xayol qilsa edi, bir lak, ikki lak ham navkar tuta olur edi. Tengri taolo rost kelturdi, ne yigitini rozi qila oldi, ne xazinasini ulasha oldi. Qandin yigitini rizo qila olurkim, tabiatig‘a imsok ko‘p g‘olib edi. O‘zi yarmoq yig‘ishturmoqqa behad tolib, betajriba yigit edi. Ne kelishisaranjomliq edi, ne turushi, ne yurushi ehtimomliq edi, ne urushi” [Бобур 2002, 265a].Aftidan, temuriylar qo‘shinining kamligi sabab, shundoq ham ko‘p sonli qo‘shinniyollanma askarlar – “badhandiy”lar hisobiga yanada to‘ldirishga, Sultonda zarurat tug‘ilmagan ko‘rinadi.
Boburning o‘zi ham mazkur g‘alabasini iste’dodi, shaxsiy mahorati va tajribasidan emas, balki kamtarona tarzda, “taqdirning unga ko‘rsatgan inoyatidan” deb biladi: “Bu hol va bu quvvat bila tavakkul qilib, o‘zbakdek yuz ming qari yog‘iyni orqada qo‘yub, Sulton Ibrohimdek qalin cheriklik va vase’ mulkluk podshoh bila ro‘baro‘ bo‘lduk. Tavakkulimizga yarasha Tengri taolo ranj va mashaqqatimizni zoyi’ qilmay, mundoq zo‘r g‘animni mag‘lub qilib, Hindustondek keng mamlakatni maftuh ayladi. Bu davlatni o‘zumizning zo‘r va quvvatidin ko‘rmasbiz, balki Tengrining mahzi lutf vashafqatidindur va bu saodatni o‘zumizning sa’y va himmatidin bilmasbiz, balki Tengrining ayni karam va inoyatidindur” [Бобур 2002, 269a]. Garchi Sulton Ibrohimning armiyasi son jihatdan ko‘p va qudratli bo‘lgan bo‘lsada, biroq uning siyosatidan norozi bo‘lgan lashkarboshilar ko‘p edi, ular tez-tez itoatsizlik ko‘rsatib, markaziy hokimiyatga bo‘ysinishni istashmas edi. Tinimsiz urushlar oddiy xalq turmush hayotini yanada og‘irlashtirib, ularning hukumatga qarshi norozilik qo‘zg‘olonlariga ham sabab bo‘lar edi. Bularning bari, ohir oqibat, saltanatning yemirilishiga, uning harbiy qudratiga putur yetkazmay qo‘ymadi. Bu vaziyatda Boburning Panipatdagi g‘alabasi Shimoliy Hindistonda, Dehli sultonligining salkam 300 yillik tarixiga yakun yasab, Lo‘diylar sulolasi hukmronligiga chek qo‘ygan so‘nggi zarba bo‘ldi.
Haqiqatdan ham, Panipat jangi nafaqat Hindiston tarixida, balki Boburiylar hayotida ham o‘ta muhim voqea bo‘lgan edi. Ushbu jang Boburning buyuk sarkarda sifatidagi iqtidorini yaqqol namoyon etdi va unga katta shuhrat keltirdi. Uning son jihatdan juda katta dushman qo‘shinini oz sonli lashkar bilan tor-mor qilgani jahon harbiy san’at tarixidan o‘rin olgan. Bu jangda o‘z davrining zamonaviy qurolaslahalaridan, hususan, yangi o‘tochar qurollar, artileriya va harbiy taktika san’atidan unumli foydalanilgan. Ushbu jang tufayli Amir Temur va Temuriylarning jang san’atini yana birbor Bobur misolida, butun dunyoga namoyon etishga xizmat qildi. Panipat jangidan keyin ham, Bobur yanada og‘irroq bo‘lgan janglarni boshidan kechiradi. Rona Sango boshchiligidagi Rajputlar konfederatsiyasiga qarshi navbatdagi urush 1527-yil 16-martda Agra shahridan 60 km g‘arbda joylashgan Konva (Kxanva) shahri yaqinida yuz bergan edi. Tarixda “Konva jangi” bilan mashhur bo‘lgan mazkur jang ham Boburning to‘liq g‘alabasi bilan yakunlanadi. Boburning ushbu g‘alabalari natijasida, butun Shimoliy Hindiston ustidan Temuriylar sulolasining nazorati o‘rnatiladi, bu yerda uzil-kesil yangi hokimiyat o‘rnatiladi va Amir Temur asos solgan Temuriylar davlatining davomchisi sifatida, yangi buyuk imperiya – Boburiylar saltanatiga (1526–1857) asos soladi.
Sharipov Azizjon Azimovich
O‘zRFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi “Ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi boshlig‘i
Zahiriddin Muhammad Bobur merosining sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni uluslararo ilmiy-nazariy konferansi materiallari Toshkent ., 2023
Fikr qoldirish#