Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Ixlos: darveshlar qalbining mahbubi

Bobur mirzo ruboiylaridan birida: Ruhim yaratib eding latofat birla, Qilding anga tanni hamroh ofat birla. Ruhimni chu tanuyiga keltirdung pok, Mundin bori eltma kasofat birla, deya munojot etar ekan, shoir «ofat» deganda nafs yukini nazarda tutadi. Nafs ruhni pok saqlamoq uchun katta ofat bo‘lsa, tanida yuz bergan kichik ofatlar – «maraz», ya’ni kasallliklarni ham shoir pirlariga ruhan murojaat etib, shifo topadi. Karomatli bir hodisa sabab bo‘lib, tanidagi illatdan qutulgan Bobur mirzo buning sababchisi deya bilgan piri Xoja Ahror Valiyning «Volidiya» asari tarjimasini yana bir ixlos qo‘ygan piri murshidi Maxdumi A’zam Kosoniy Dahbediyga yuboradi. Xasanxoja Nisoriy o‘zining «Muzakkiri ahbob» (1566) asarida Bobur mirzo Shayx Xojagiy, ya’ni Maxdumi A’zamga hadya sifatida oltin yuborganligini, unga bir qit’a ilova etganligini qayd etadi. Ammo asar haqida hech narsa demaydi: «Podshohning naqshbandiya oliy xonadoniga irodat nisbati bor edi. Yuqori shon-shavkatli bobosi va saltanat nishonli otasining hazrat Xoja Ahrorga irodati bo‘lgan Bobur podshoh ham bu ulug‘lar xonadoniga nisbatan izzat-ikromni soatma-soat oshirar va biron daqiqa bu ishni kanda qilib, g‘aflatda qolmas edi. Barcha darveshlarga lutf eshigini ochib, niyozmandlik yumushini bajo keltirardi. Hazrati Maxdumiy mullo Xojagiy Kosoniyga bir bo‘lak oltin quymasini niyoz tariqasida yuborib, yonida o‘zining ushbu qit’asini ham shohid qilgan edi». 

Bobur mirzo fazilatlari va kamoloti xususida so‘zlab, muallif shoir yozgan asarlarga to‘xtaladi. Podshohning aruzga doir risolasi, turkiy va forsiy tilda yozilgan she’rlarini ta’rif etib, islom arkonlari tavsifidan iborat masnaviylarini ham tilga oladi va shu o‘rinda bir ma’lumot keltiradi: «O‘shal fiqh risolasining nomi “Mubayyin”dur. Podshoh uchun ham bir kishi risola yozibdi ekan, uning asari ham “Mubayyin” deb ataladi». Hasanxoja Nisoriy podshoh uchun yozilgan risola bilan tanish bo‘lmagani, uning muallifi kimligini aniq bilmagani sababli shunday mujmal ma’lumot bilan chegaralanadi. Ammo, ko‘rinadiki, podshohga atab bir kishi risola yozganligining xabari olim qulog‘iga borib yetgan. 

Voqeaning to‘liq tafsiloti Hazrat Maxdumi A’zam Bobur mirzo yuborgan hadya munosabati bilan yozgan «Risolai Boburiya» asarida keltiriladi. Bu muallifning eng katta asarlaridan biri bo‘lib, «Majma’ ar-rasoil» nomli risolalar to‘plami tarkibiga kiritilgan. Asar XVI asr boshlarida yozilgan bo‘lib, 30 ga yaqin risolalarni o‘z ichiga oladi. Bu nisbatan mukammal bo‘lgan qo‘lyozma samarqandlik tarixshunos olim Komilxon Kattayevning shaxsiy kutubxonasida saqlanadi. 

«Risolai Boburiya», olim ta’kidlaganidek, «... nomidan ham ma’lum bo‘layotirki, Bobur mirzoning iltimosiga ko‘ra yozilgan». (Maxdumi A’zam Dahbediy. Risolai Boburiya. – Samarqand, 2011. – B.29). 

Podshoh piriga Xoja Ahror Valiyning «Volidiya» asari tarjimasi, ruboiylari va sovg‘a-salomga qo‘shib yana bir alohida xat yuborib, undan zikrga doir ba’zi masalalarni hal qilib berishni iltimos qilgan. Chunki, Komilxon Kattayevning ma’lumot berishicha, «...risolaning aksariyat qismi zikr masalasiga bag‘ishlangan. Shuning uchun ham piri murshidning bu asarini, avvalo, Bobur mirzoning tariqat sohasida qo‘ygan savoliga javob tariqasida yozilgan kitob deb qarashimiz lozim ko‘rinadi». 

Asarning yuksak ilmiy va amaliy qimmatini olim K.Kattayev asosli tarzda quyidagi jihatlar bilan belgilaydi: 

mohiyatan bir mazmunga ega bo‘lgan ikki tariqat: naqshbandiya va yassaviya o‘rtasida zikr masalasi tufayli kelishmovchiliklar bo‘lib, vaziyat ancha taranglashgan, masala siyosat darajasiga ko‘tarilib, katta notinchliklarga sabab bo‘lishi mumkin edi. «Ana shunday vaziyatda, – deb yozadi olim, – naqshbandiya peshvosi Maxdumi A’zam muridi Bobur iltimosidan foydalangan holda xufiya va jahriya zikrlarning har ikkalasi joizligi borasida ilk marta ilmiy asosda chiqish qiladi... Tariqatlarning bu ajoyib kelishuvi yoki bir-biriga hurmati “Risolai Boburiya”ning mahsuli edi»; 

– asar o‘sha zamon mutasavvuf216 olimlari, piru murshidlariga qo‘llanma sifatida yozilgan bo‘lib, tariqiy kelishuvlarni amalga oshira oladigan asosan ikki shaxs: Bobur mirzo va Ubaydulloxon217larga mo‘ljallangan edi. Nuktadon tarixshunosning mantiqiy xulosasiga ko‘ra, bu ish ikkala podshohni yarashtirib qo‘yish hamda “Movarounnahr va Hindiston o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida bo‘lgan edi”. 

Risola sharq adabiyoti an’analariga ko‘ra218, betimsol Yaratuvchiga Qur’oni karim oyatlari bilan ziynatlangan hamd, insonlarning komili Muhammad (s.a.v.)ga na’t bilan boshlanadi. Shundan so‘ng asarning yozilish sababi bayon etiladi. Mavlono Xojagiy so‘zining boshidayoq «Hazrati saltanat shoir, Xudoning maqbul bandasi, darveshlar muxlisi va e’tiqodmandi, ularning mahbub ul-qulubi» deb e’zozlangan Bobur mirzoning nazarkardaligiga urg‘u beradi. Shohning Yaratuvchi nazaridagilar, xususan, Xoja Ahrori Valiy nazarida bo‘lgani vaqt o‘tishi bilan uning qalbida shunday bir dard paydo qildiki, bu dardning davosini tariqat ahlidan o‘zga topolmas edi. U o‘z ahvolini Hazrat Xoja Ahrorning «Risolai volidiya»larini she’riy tarjimasi orqali bayon etgan va ba’zi ruboiylari bilan pirga yuborgan edi. Shu sababdan «... bu toifaning kamtar xodimlaridan bo‘lganimiz uchun bizdan bir nusxa (risola) yozib berish istagi bildirildi, toki ul zot (Bobur mirzo) xotiri sharafiga taskin bersin hamda sarmoyai saodat bo‘lmish talab dardiga darmon bo‘lsin, inshaalloh», - deb yozadi pir. 

«Shoh qalbida dard paydo bo‘lgani saodat nishonasidur», deydi pir. («Sarmoyai saodati mo dardi yor bud»). Endi bu ko‘ngil oinasiga sayqal bermoq lozim. Sayqal topgan ko‘ngil oinasida Zoti sharif barcha sifatlari bilan zuhur etadi. «Odamning komilligi, - deb yozadilar pir, - ko‘ngil oinasida Do‘st – mahbubning zuhur etishi natijasidir». 

Ammo, shuni bilmoq zarurki, «mahbubning Zotiga nihoya yo‘qligi kabi muhabbat kamoliga ham nihoya yo‘qdir». Pir shohning hurmat-e’tibori, ixlosi, suhbatga umidvorligini uning ma’rifat pillapoyalaridan komillik sari ko‘tarilishi deb biladi: «Harchand tobelik va payravlik ziyoda bo‘lsa, demak, ma’rifat ham ziyoda bo‘lg‘usidur, harchand ma’rifat ziyoda bo‘lsa, demak, komillik ham ziyoda bo‘lg‘ay». 

Mavlono Xojagiy Bobur mirzo kabi pir etagidan tutmoqlik kamolot yo‘lidagi yo‘lchi uchun eng to‘g‘ri qaror ekanligi, tarbiyada mohiru komil kishining tajribasi, bilimi juda zarur ekanini ta’kid etadi. U o‘zining murshidi Xoja Ahror Valiy o‘gitlariga payravlik bilan quyidagi baytni keltiradi: 

Pir boyad, rohro tanho marav, Az sayri umq dar in daryo marav. 

(Mazmuni: Pir bo‘lsa, yo‘lni tanho yurma, Ko‘r-ko‘rona chuqur daryoda sayr etma). 

Toliblarning iste’dodlari turlicha bo‘lganligi sababli pir ularning har biriga o‘ziga munosib muomalada bo‘ladi. Agar kishida umuman iste’dod bo‘lmasa-chi? 

Bu savolga Xoja Ahrori Valiyning «Risolai volidiyya» asarida javob keltiriladi. Bu asarni tarjima qilgan Bobur mirzoga masala ayon: gar kishida iste’dod zaif bo‘lsa, hol maqomini zabt etgan el suhbatida bo‘lsin, ular oldida adab saqlasin, bu uning vasl yo‘lidagi shuuriga sabab bo‘ladi. Agar mabodo tarki adab etsa, «bu el ko‘nglidin ul tushgusidur», egallagan holidan zarra asar qolmaydi. Chunki uning ko‘nglidagi fayz “o‘sha ko‘ngullar” vositasida hosil bo‘lgan edi. Hazrati Haq va uning sevgan bandalari nazar va karam etmasalar, gar tolib farishta bo‘lsa ham daftari qop-qora bo‘ladi. Bobur mirza tarjimasida yozadi: 

Beinoyoti Haqu xosoni Haq, Gar malakdur qoradur anga varaq. 

«Risolai Boburiya»da ham shu mazmundagi pandu nasihatdan so‘ng, mazmunan yaqin bayt keltiriladi: 

Beinoyoti Haqu xosoni Haq, Gar malak boshad, siyo hast219 varaq. 

Ya’ni, Haq inoyatisiz va pirlar himmatisiz, Gar podshoh bo‘lsa-da, noma’i a’moli220 qarodir). 

Bir o‘rinda «Orif kishiga bir ishora kifoya qiladi», – degan mazmunda so‘zlaganda, pir so‘zning isboti uchun Bobur mirzo tarjimasiga murojaat etib, bu haqda «darveshlar qalbining mahbubi rostu durust aytgan, kamolu latif bayon shu bo‘lsa kerak», - deydi. 

Shu tariqa, kamolot yo‘lining murakkab masalalari tahlili va talqinida uch ma’riftpesha shaxs bir-birlariga hamfikru hamroz bo‘lib uch asarda mushohada yuritadilar. 

Pir toliblariga namuna qilish maqsadida Xojai Buzrug – Xoja Bahovaddin Balogardon hollari haqida so‘zlaydi va ul zotning o‘zlariga «malomat urishni xayr ko‘rishlarini» qayd etadi. Misra keltiriladi: «Oshiqlar jonining quvvati malomatdur». Shu o‘rinda Bobur mirzo ruboiysidan avvalgi bayt tazmin qilinadi ya’ni: «... darveshlar qalbining mahbubi (ya’ni, Bobur mirzo) tavajjuh va nadomat bobida dedilarkim, bayt: 

Dar havoi nafsi gumrah umr zoye’ kardayem, Peshi ahlulloh az atvori xud sharmandayem». 85-bet. 

Ruboiyning ikkinchi bayti: 

Yak nazar bo muflisoni xastadil farmo, ki mo Xojagiro mondayemu Xojagiro bandayem. 

Ruboiy mazmuni sharhida pir Bobur mirzoni malomatiylardan deya ulug‘laydi: «Ul zotlarning (malomatiylarning – D.S.) nazdida nadomat izhorini qilish, umrni zoye’ ketkazmay kasb uchun sarmoyai saodatga yetish – bu kamolga yetish demakdir». Pir so‘zini davom ettirib, podshohning pirdan madad so‘raganligini mamnuniyat bilan ma’qullaydi221 va bu saodat nishoni deb aytadi: «Himmat yuzasidin pirlardan madadu qo‘llashni so‘rash, boqiy qolgan jarohatlardan yormandlik tilash va mo‘min birodarlaridan bu madadni olib, ko‘ngil shikastaliklaridan qutulishlari (Xudo tomonidan) marhamat mahali deb tushunilishi lozimkim, xalqning kasbu kamolga erishish yo‘li ushbudir». 

Risola muallifi Bobur mirzo baytida kelgan «xojagiy» atamasining e’tibori barchaga doxil bo‘lsa-da, ammo Haqqa yaqinlar va «ul janob»(ya’ni, Bobur mirzo)ning nazdida hech bir e’tibori yo‘qdur, deydi. Baytdagi keyingi so‘z «bandalik» so‘zini izohlar ekan, pir podshoh hayoti va extiqodiga taalluqli katta bir tarixiy haqiqatni ayon etadi. Mana, benazir shoh va shoir shaxsiyatini mukammal namoyon etuvchi hujjat: 

«Va yana ul janob (Bobur mirzoning) bul tomondagilarga (ya’ni, muallifga) “bandalik” xohishi, uning jamiki a’molini anglatgan holda amalga oshdi (ya’ni, Bobur mirzo muallifga banda – murid bo‘lish niyatiga yetdi)» 87-bet. 

Ayon bo‘layotirki, Bobur mirzo 935-hijriy (milodiy 1529) yillarda naqshbandiya tariqatiga rasman kirgan va Mavlono Xojagiy tomonidan murid deb qabul qilingan. Fikrimizni quvvatlash uchun atoqli olim N.Komilovning quyidagi so‘zlarini keltirsak, maqsadimiz ayon bo‘ladigandek ko‘rinadi: «...biz shayxlar, oriflar tasavvufidan ijodkorlar tasavvufini farq qilishimiz kerak. So‘fiylar uchun tariqat zikru samo’, vajdu hol, kashfu karomat edi. Attor, Rumiy, Jomiy, Navoiy singari buyuk shoirlar uchun esa u shuuriy mushohada usuli, inson zotini ma’naviy barkamol holda ko‘rish orzusi, sirli xayoliy olamni tasavvurda yaratib, ideal bir go‘zallik ishqida yonish bo‘lgan». (Komilov N. Ma’nolar olamiga safar. – Toshkent: Tamaddun, 2012.B.176). 

Yanada oydinroq ta’kidlamoqchi bo‘lgan mulohazamiz shundan iboratki, Bobur mirzo ham Hazrat Alisher Navoiy singari xonaqohlarda o‘ltirmay, xirqa va kuloh kiymay naqshbandiya tariqatining rasmiy vakili bo‘lgan. 

Mavlono Xojagiy «darveshlar qalbining mahbubi» Bobur mirzoni banda – muridlikka qabul qilinishi munosabati bilan unga bir ruboiy bag‘ishlaydi: 

Bandagishon xulosai amal ast, Har ki ro‘shon bidid, dar amal ast. Ey barodar, g‘ulomi mardon bosh, Girdi eshon chu charxi gardon bosh. (Mazmuni: Bandaliklari amallari xulosasidir, Yuzlarini ko‘rgan kishi – orzu-umidlar ichradir. Ey birodar, mardlar quli bo‘l, Ular atrofida aylanuvchi falak). 

Darvesh Haqni kashf etgan odam, deydi atoqli olim N.Komilov «Xizr chashmasi» nomli kitobida (Komilov N. Xizr chashmasi. – Toshkent: Ma’naviyat, 2005. – B.105). Shuning uchun shoh uni istab borishi, duosini olishi, unga itoat etishi shart, shunda ishi rivoj topadi. Bobur mirzo xuddi shunday qildi va piri aytganidek, «ko‘ngil shikastaliklaridan qutuldi». U din va dunyo ishlarini naqshbandiya suluki bilan muvofiq tarzda birga olib bordi. Uning kuch-qudrati, aqlu farosati, siyosati dunyo ishlarini hal etish bilan band bo‘lgan bo‘lsa, ko‘ngli din va tariqatni do‘st tutdi. Bir fardida shoir shunday iltijo qiladi: 

Yo rab, xavos jam’ida Boburni xos qil, Yoxud avom tafriqasidin xalos qil. 

Shoir darveshlarga nisbatan ixlosu xavas bilan, ba’zan darveshlikni orzu qilib yashadi. Bu uning ko‘nglidagi g‘amu g‘ussa, piri aytmish «ilohiy dard» edi:

Adam yo‘liga ko‘ngul kirdi ishq dog‘i bila, Bu yo‘ldin o‘tmadi har kimki benishon keldi. Farog‘at istar esang bo‘l jarida, ey Bobur, Ki, jonu tang‘a g‘amu g‘ussa xonumon keldi. 

U o‘zi havas qilgan «naziri yo‘q kishi» – Navoiy she’riyatida bo‘lgani kabi so‘fiyona mushohadalarini g‘azallari so‘nggi baytlarida pardalab bayon etdi, mumtoz shoirlar an’analarida berilgan orifona fikrlarni rivojlantirdi: 

Tan hijobin raf’ qil, gar yor vaslin istasang, Ey ko‘ngul, bilkim, aroda hoyil ushbu burdadur. Bormu erkin ishq elinda, balki olam ahlida, Muncha chog‘liq hasratu anduhkim Boburdadur. 

Xullas, piri lutf qilmish «darveshlarning mahbub ul-qulubi» shoh suratli, darvesh siyratli, millatning sevimlisi, «...siyratida javonmardlik sifatlari bilan tug‘ilgan Bobur naqshbandiya sulukining haqiqiy soliki bo‘ldi va nihoyat, malomatiya kulohini boshga qo‘yib, toju taxt va umuman, olamning hoyu havaslari bandidan ozod bo‘ldi. Lekin, bu yo‘l uzoq va mashaqqatli edi». 

Navoiy orzusidagi rasman shohu qalban darvesh Bobur mirzoning buyuk shaxsiyati uning farzandlariga bo‘lgan munosabati, xatlari, bag‘ishlov kitoblarida ham namoyon bo‘ladiki, bu endi yoritilishi lozim bo‘lgan yana bir katta mavzulardandir.


Dilorom SALOHIY, filologiya fanlari doktori.

Bobur va dunyo, № 1, 2018 y. – B. 14-19. (O‘zbekcha);

Преданность: Любимый сердцем дервишей.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0