Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the Babur dynasty in shaping world culture. It delves into the acknowledgment and examination of their contributions by Indian, European, and Russian scholars. Additionally, it highlights the influence of the Babur dynasty's life narratives on artistic endeavors, underscoring their importance as source material for artists.


Dunyo tarixida katta imperiyani tuzib, uni adolat bilan boshqarish mumkinligini ko‘rsatolgan, avlodini o‘zi boshlagan ishni davom ettirishiga munosib qilib tarbiyalagan Zahiriddin Muhammad Bobur turkiylarning katta tarixdagi o‘rni mustahkamlanishiga muhim hissa qo‘shgan ulug‘ siymolardan. Hindistonning katta siyosiy arbobi Javoharla’l Neru “Jahon tarixiga nazar” nomli mashhur asarida Hindiston tarixining XVI asrda kechgan voqealarini sarhisob qilar ekan, Bobur va boburiylarga alohida baho beradi. Neruning yozishicha, bu Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasining (Yevropada Boburga nisbatan “Buyuk mo‘g‘ul” degan yanglish qarash natijasida ba’zi kitoblarda shunday ta’rif beriladi – K. M.) dovrug‘i butun Yevropaga tarqalgan qudrat va shon-shuhrat davri edi. Bobur o‘zigacha o‘tgan hukmdorlarning eng ma’rifatparvari va eng dilbaridir. “Italiyada va umuman Yevropada Uyg‘onish davrida adabiyot va san’atni sevgan avantyurist podsholar ko‘p o‘tgan – deb yozadi J. Neru. – Ammo ular prinsipsiz, ig‘voga moyil hukmronlar edi, dushmanlariga qarshi kurashda zahar solingan qadah va xanjar ishlatuvchi mustabidlar edi. Ritsar tabiatli Boburni bu hokimcha sultonlar qatoriga qo‘shish haqiqatga zid bo‘lur edi” [Неру 1981, 36]. Neruning ushbu fikrlari Boburning hind xalqi tarixi, uning boy urf-odatlariga o‘ta hurmat bilan qaraganini yana bir bor yodga soladi.


Javoharla’l Neru Boburning Hindistonda bor-yo‘g‘i to‘rt yil hukmronlik qilgani, Hindistonni oxirigacha o‘rganib ulgurmaganini aytar ekan, buni “Boburnoma”da muallifning Hindistonga bergan dastlabki ta’rifi va u bilan tanishgandan keyingi bahosi bilan asoslaydi. Chindan, Bobur kam yashadi, ammo shu qisqa vaqt ichida Hindiston bilan, xalqining moddiy va ma’naviy hayoti bilan yaqindan tanishishga ulgurdi.Ko‘p ishlarni amalga oshiroldi, ammo qolganlariga vaqt kerak edi. Bevafo umr esa bunga imkon bermadi. Boburning ishlarini uning avlodlari davom ettirdi. Ularning ishlariga Boburning vasiyatlari ko‘mak berdi. Boburning keyingi yillari topilgan maxfiy vasiyatnomasida butun e’tiborni sultonlikning mustahkam tutishga qaratish haqida so‘z boradi: “... Ey farzandim, Hindiston mamlakati turli mazhablardan ma’mur bo‘lgan. Alloh taolo Sizga buni karomat etdi. Siz mazhablarni yomon ko‘rishdan dilingizni pok tuting. Har mazhabning tariqasiga (yo‘liga) adolat qiling. Xususan, Hindistonning qalbini qo‘lga kiritaman desangiz, sigir so‘ymoqdan o‘zingizni tiying. Bu yaxshiligingiz evaziga shu viloyat xalqining qalbi Sizga yaqin bo‘ladi. Qo‘lingiz ostidagi har qavmning ibodatgohlarini va muqaddas joylarini xarob etmang. Shunday odillikni ixtiyor qilingki, podishoh ra’iyatdan va ra’iyat podishohdan osuda bo‘lsin. Islomning taraqqiyoti ehson qilichidan yaxshiroq bo‘ladi, zulm tig‘idan emas. Sunniy va shia o‘rtasidagi janjallardan ko‘zingizni yuming. Agar bundan ko‘z yummasangiz, islom zaiflashishi mumkin. Ra’iyatdagi turli qalblarni arbaai anosir (to‘rt unsur) bilan mahkam tuting. Saltanatning jismi turli marazlardan tinch bo‘lsin. Podishohlik ishlarini puxta qilish uchun hazrat Amir Temur Sohibqironning ishlarini ko‘z oldingizda tuting...” [https://khdavron.uz/kutubxona/uzbek/zarvaraqlar-boburning-maxfiy-vasiyatnomasi. html]. Bobur dunyodagi hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umrni yashab o‘tdi. U olib borgan janglardan so‘ng o‘limning, qullikning azob-uqubati emas, balki yaratishning, yuksalishning nafasi ufurib turdi. Bobur qayerga bormasin, qaysi yurtni qo‘lga kiritmasin, u yerni o‘z vatanidek sevoldi – obod qildi, xalqi uchun farovonlikni istadi va shu yo‘lda kurashdi. Uning shaxs sifatidagi mukammal qiyofasi har bir a’molida namoyon edi. Bular barchasining bizga yetib kelishida esa “Boburnoma”dek ulkan manbaning o‘rni beqiyos. Ko‘pincha, esdaliklar, xotiralar deb nomlaydiganimiz “Boburnoma”ni sinchiklab o‘rgansak, unda juda katta ilmiy iqtidor egasining kuzatishlari, mulohazalari va xulosalarini ko‘ramiz. Agar Boburning faoliyatiga nazar tashlasak, u 11–12 yoshlarida otga mindi va umrining oxirigacha undan tushmadi – umri jang-u jadallarda o‘tdi. Boburning shaxs sifatidagi qiyofasi, harbiy yurishlari, davlatchilik siyosatidagi muvaffaqiyatlari hamda “Boburnoma”dagi ko‘plab ma’lumotlar Boburning fenomenal qobiliyat sohibi ekanligini ko‘rsatadi.


Uning muxlislarida bot-bot paydo bo‘ladigan “Bobur qachon o‘qib-o‘rgandi, qachon bunday shoir bo‘lib ulgurib, “Boburnoma”dagi bunday maftunkorlik qayerdan?” kabi savollarning ba’zilariga shu asarning o‘zidan javob topilsa, qolganlarining hammasi undagi fenomenal qobiliyat bilan bog‘liq, degan xulosaga kelish mumkin. Ammo Alloh bergan bunday qobiliyatni asrab qolish, o‘stirish, kamolotga yetkazish shaxsning ishi – faqat uning o‘ziga bog‘liq. Shu ma’noda, Bobur dunyoga kelib, o‘z missiyasini to‘g‘ri anglagan va aniq belgilab ololgan insonlardan biridir. “Boburnoma”ning mukammal nusxalaridan birini ko‘chirgan kotib Boburning yaxshiliklari haqida gapirib, ularni yozib tugatish mahol ekanligini ta’kidlar ekan, bu insonda mujassam bo‘lgan sakkiz sifat – fazilatni sanaydi, bular: hamisha yuksak muvaffaqiyatlarga erishishi, uning himmati baland inson ekanligi, viloyat olish, viloyat saqlashdagi ustunligi, obodonchilikka – farovon turmushga intilishi, Tangri taolo bandalariga turmush kengchiligini istashi, lashkarning ko‘nglini ola bilishi va adolatpeshaligidir [Бобур 2008, 285]. Dunyo olimlarining Boburga ehtiromi, unga berayotgan bahosi zaminida mana shu fazilatlarning mujassamligini ko‘ramiz. Bugun bizning bu zotni ulug‘lashimiz, unga muhabbatimiz uning ayni shu fazilatlari tufayli, deb ayta olamiz. Ingliz tarixchisi Eduard Holden bu borada: “...Bobur fe’li-sajiyasiga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan”, – degan edi. Bobur shaxsining mukammalligi va bu insonga muhabbatning ildizlari mana shu sifatlarning tajassumida bo‘lsa, ajab emas. Sharqshunos olim Aleksandr Samoylovich bu zot oldida faqat uning vorislari – o‘zbek sharqshunoslari emas, balki dunyo olimlarining burchdorligi haqida yigirmanchi asrning boshlarida shunday yozgan edi: “Yevropada “buyuk mo‘g‘ul” deb atash rasm bo‘lgan, haqiqatda esa “buyuk turk” deb ataydiganimiz “O‘rta Osiyolik Yuliy Sezar” – Hindiston imperatori Zahiriddin Muhammad Boburning asarlarini nashr etish, tarjima qilish va o‘rganish ingliz va rus sharqshunoslari uchun burch, sharaf va saodatdir” [Самойлович 2005, 698]. Bu Boburga, uning ijodiga dunyo olimlarining munosabatini haqqoniy ifodalagan fikr edi.


Ammo Boburni o‘rganish ancha oldinroq boshlangan. Bobur shaxsiga qiziqish, uning asarlarini o‘rganish inglizlarning Hindistondagi faoliyati bilan chambarchas bog‘liq. Hindistonga kelgan inglizlar Bobur muvaffaqiyatlari, boburiylar amalga oshirgan ulkan ishlarning asoslari bilan albatta qiziqishgan. Diplomatlar, tarixchilar, sharqshunoslar bu yerdagi manbalarni o‘rganish asnosida Bobur asarlariga ham duch kelgan. “Boburnoma”, Bobur devoni, “Aruz risolasi”, “Risolai volidiyya”, “Mubayyin” asarlari ichida, ayniqsa, “Boburnoma” barchaning e’tiborini tortgan. Keyinchalik, Neru e’tirof etganidek, Boburning g‘alabasini nafaqat Dehli sultonligining zaifligi, balki uning o‘sha davrda Hindistonda hali ma’lum bo‘lmagan yangi, takomillashtirilgan artilleriya turiga ega bo‘lganligi bilan ham izohlaganlar.


Ular endi dunyo ahlini Bobur shaxsi bilan tanitishga, “Boburnoma”dan olgan zavqini dunyodagi boshqa kishilar bilan baham ko‘rishga intilardilar. Chunki bu bitikdagi ma’lumotlar, tuyg‘ularni bir kishining o‘z yuragida saqlab turishi qiyin. Dunyoning kemtikligini to‘ldirishga urinib yashayotgan har qanday ziyoli Bobur shaxsi bilan, uning asarida bitilganlardan topgani – hayratlarini o‘zgalarga ulashish bilan zavq oladigan bir davr boshlangandi, go‘yo. Ayniqsa, ”Boburnoma” tarjimalari asnosida dunyoning katta qismi Bobur bilan tanisha boshladi. Bobur bilan birga uning avlodlari hayot tarzi, faoliyati, asarlarini uzviy tadqiq etish yo‘liga o‘tildi. Jumladan, “Boburnoma”ni o‘rganganlarning ko‘pchiligi “Humoyunnoma” (Gulbadanbegim) va “Akbarnoma” (Abulfazl Allomiy)ni ham o‘rganardilar. Bu asarlar ham “Boburnoma” kabi boshqa tillarga, jumladan, ingliz tiliga tarjima qilingan. Boburiylar imperiyasi haqida so‘z ketganda, albatta, Humoyun, Akbar, Jahongir, Shohjahon, Avrangzeb nomlari va ularning tarixdagi ishlari tilga olinadi. “Boburnoma” turkiy tildan, ko‘proq forsiy tildan Yevropa tillariga tarjima qilindi. Asar ilk bor Boburning zamondoshi Shayx Zayn tomonidan forsiyga o‘girilgan.


Albatta, mazkur tarjima mukammal emas. Unda tarjimon ishga erkin yondashib, asardagi muayyan davrnigina (932–933/1525-1526-yil voqealarini) tarjima qilishga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu tarjima asar nusxalarining Britaniya muzeyida (ulardan birini biz bilgan tarixchi Xondamirning nabirasi ko‘chirgan), Parij Milliy kutubxonasida saqlanishi, yevropalik sharqshunoslarning kataloglaridan joy olishi Bobur va u bitgan asarlarning bundan bir necha asrlar oldin dunyoni keza boshlaganini, o‘z muxlislarini topganini ko‘rsatadi. “Boburnoma” ana shu ilk tarjimadan boshlab dunyo keza boshladi. Albatta, Bobur bu asarini ko‘chirib, o‘z yaqinlariga jo‘natgani haqida ham ma’lumotlar qoldirgan. Lekin bu forsiy tarjima ana shu paytlari ziyolilar ko‘p bahramand bo‘lgan tilda asarning umrini uzaytirishni boshlab bergan edi. Keyinchalik “Boburnoma” yana tarjima qilindi. Ayniqsa, Akbarshoh davrida Mirza Abdurahim ibn Bayramxonning forsiyga o‘girgan (1589-y.) ancha mukammal nusxasi asarning ingliz (1826-yili Uilyam Erskin) va nemis (1928- yili Amadeus Kayzer) tillariga tarjima qilinishi uchun manba bo‘lib xizmat qildi (boshqa ingliz olimlari tomonidan qisqartirilgan tarjimalar ham shu manba asosida bajarilgan).Ammo “Boburnoma”ni asliyatdan tarjima qilgan ingliz olimlari ham borki, ular o‘z tarjimasida yoki Bobur haqida yozganlarida bu shaxsga, uning avlodiga bo‘lgan muhabbatini yashirmaydi. Jumladan, Hindistonga turmush o‘rtog‘i – sharqshunostarixchi va tarjimon Henri Beverij bilan birga kelgan Annet Syuzanna Beverij xonim dastlab bu yerda ta’lim-tarbiya ishlari bilan shug‘ullanadi. Bobur va boburiylarga qiziqishi uning turkiy (eski o‘zbek tilini) va forsiy tillarni o‘rganishga ishtiyoqini oshirib, xonimga ilhom beradi. Beverij xonim dastlab Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarini (forsiydan) ingliz tiliga o‘giradi va Angliyada 1902-yili chop ettiradi. Uning turmush o‘rtog‘i Henri Beverij esa xuddi shu yili “Akbarnoma”ni ingliztiliga tarjima qilgan, Beverij xonimga turkiy tilni yaxshi bilgani uchun“Boburnoma”ning Haydaroboddagi nusxasini topib, tarjima qilish uchun topshirganedi. Uzoq yillik mashaqqat evaziga dunyo yuzini ko‘rgan bu tarjima-asar – ingliztilidagi “Boburnoma” “Boburga bag‘ishlanadi” deb boshlangan so‘zlar bilan 1921-yilinashr qilinadi. Inglizzabon muxlislar “Boburnoma”ni undan keyin ham ko‘p bor tarjima qilishgan. Ularning barchasiga xos muhim xususiyat Boburga va uning avlodiga bo‘lgan muhabbat edi. Boburning shoh va shoir sifatidagi qiyofasi ayniqsa ko‘pchilikni o‘ziga rom qilgan. Bu – bir-biri bilan uyg‘unlashishi qiyin bo‘lgan fazilatlarning bir insondagi tajassumi ularning tasavvuridagi yangi bir dunyoni vujudga keltirgan edi. Ayni shu jihat endi tarjimalar orqali Boburni tanigan, uning dunyosini tasavvur qila boshlagan va bularni o‘zining qalb prizmasidan o‘tkazgan ijodkorlarning asarlarida namoyon bo‘la boshladi. Ulardan biri ingliz adibi Flora Anna Stil qalamiga mansub “Jahongashta hukmdor” (“King-Errant”) asaridir. Asar muallifi Flora Anna Stilning faoliyati ham Beverij xonimnikiga o‘xshab ketadi. Angliyada tug‘ilib voyaga yetgan Flora Anna Stil 1867-yili Hindistondagi Buyuk Britaniya qirolligi fuqarolik xizmati a’zosiga turmushga chiqib, hayotining keying yigirma yilini Hindistonda, Panjobda o‘tkazadi. Shu bois uning asarlari asosan Hindiston va uning tarixi haqida. U mahalliy hind tilini mukammal o‘rganib oladi. Erining sog‘lig‘i yomonlashishi sababli Stil xonim uning ko‘pgina majburiyatlarini zimmasiga olishga majbur bo‘ladi. Mahalliy maktablarni nazorat qilib,Hindistondata’lim darajasi oshishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Uning bu sohadagi faoliyativahindistonlik ayollarning bilimini oshirishga bo‘lgan e’tibori uni mahalliy xalqqayaqinlashtiradi hamda ularning madaniyati va turmush tarzini batafsil o‘rganishiga imkon beradi.


1889-yili Stil xonim oilasi bilan Buyuk Britaniyaga qaytadi va umrining oxirigacha (1929-yil) o‘sha yerda o‘z faoliyatini davom ettiradi. “Jahongashta hukmdor” asarini Flora Anna Stil umrining so‘nggi yillarida yozgan. U Boburning hayoti, uning asarlari, xususan, “Boburnoma” va ”Humoyunnoma”dan ta’sirlanib yozilgan realistik badiiy asardir. U asarida Boburni nozik qalbli, ta’sirchan inson, betakror ijodkor, go‘zal xayolot sohibi, shu bilan birga buyuk davlat asoschisi va qudratli hukmdor sifatida tasvirlab bera olgan. Muallif o‘z asariga bitgan so‘zboshida quyidagilarni yozadi: “Mazkur kitob roman ham, tarixiy asar ham emas. Bu asar bir insonning o‘zi yozib qoldirgan xotiralaridan olingan umr sahifalaridir. “Chilangar, tikuvchi, jangchi, dengizchi, olijanob inson, dorishunos, dehqon...”. Bu kabi ta’riflarni behisob davom ettirish mumkin. Bu asar qahramoni o‘zida shu kabi ko‘plab xislatlarni mujassam etgan. Zero, Bobur nomi bilan tanilgan Zahiriddin Muhammad – Hindiston hukmdori, biz yanglish “Buyuk Mo‘g‘ullar” deb ataydigan sulolaning asoschisi – bir vaqtning o‘zida shoir, rassom, jangchi, olijanob inson, bastakor, qalandar va hukmdordir. U XV asrning oxiri va XVI asrning boshlarida hech qaysi inson boshidan kechirmagan sarguzashtlarga boy umrni yashab o‘tdi va o‘z kechinmalarini qog‘ozga tushirib bordi. Men mana shu yozuvlarning har bir satrini qayta-qayta o‘rganib, ba’zan o‘zim lozim ko‘rgan tafsilotlarni kiritib, o‘zining fazilatlari-yu kamchiliklari, muvaffaqiyatlariyu mag‘lubiyatlarini ochiq-oydin va shu bilan birga tengsiz yumor va g‘urur hissi bilan yozib borgan yoqimli, ko‘p qirrali va ta’sirchan ko‘ngil sohibi qiyofasini bekam-u ko‘st ochib berishga harakat qildim...” [Stееll 1912, I–3]. Muallif Boburning ruhiy olamini, qalbida kechayotgan kechinmalarini tasvirlashga harakat qiladi. Natijada dilkash bir asarning dunyoga kelishiga muvaffaq bo‘ladi. Asarning janri haqida so‘z ketganda, muallifning o‘zi aytganidek, uni qaysi janrga mansubligi haqida ham aniq xulosaga kelish qiyin. Tasvirlanayotgan voqealar ko‘lami, qahramonlar va personajlarning adadi, olib chiqilayotgan masalalar asarni sarguzasht qissadan kattaroq ekanligini ko‘rsatadi. Yozganlarining nazariy tomonlariga parvo ham qilmagan bu muallifning yuragi Bobur shaxsi, u tasvirlagan ulkan bir olamning asiri edi. Boburning muhabbati haqida yozar ekan, u xayoliga, tasavvuriga erk beradi, hatto o‘zi anglab tursa-da, o‘zi o‘ylab topgan badiiy to‘qimalardan voz kecholmaydi va so‘zboshida shunday yozadi: “Billur kosa voqeasi va Bobur hayotining so‘ngida Mohim ismli ayolga uylanishi badiiy to‘qima mevasidir. Men bu voqealarni asarga kiritishni Bobur va uning amakivachchasi Ma’suma o‘rtasida bo‘lib o‘tgan, ming afsuski, qisqa davom etgan ishqiy munosabatlarining shubhasiz mevasi sifatida ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Chunki Bobur, avvalambor, juda mehribon inson bo‘lgan. Ishonamanki, mening xayolotim qahramonim hayotining umumiy mazmuniga to‘g‘ri keladi. Agarda to‘g‘ri kelmasa, ishonchim komil, u meni kechiradi. Chunki u hayoti davomida shunchalik ko‘p narsalarni (ishlarni) kechirganki, hayotidan so‘ng ham o‘zining ashaddiy muxlisasiga gina saqlamaydi... ” [Steell A.F. 1912, 1912, I–3]. Ingliz tilida va boshqa yevropa tillarida Bobur haqida juda ko‘p asarlar yaratilgan. Ularning muayyan qismi badiiy asarlar. Shuningdek, ilmiy, ilmiy-ommabop asarlar ham talaygina. Bu asarlardan bir qanchasi bugun o‘zbek kitobxonlariga yetib borgan. Sharq adabiyoti va san’ati, xususan, boburiylar faoliyatiga ham alohida mehr bilan yondashgan, uni chuqur o‘rgangan olimlardan biri – Anna Mariya Shimmeldir. Shimmel xonim Sharq adabiyotini irfon bilan bog‘lab tekshirar ekan, “Buyuk mo‘g‘ul imperiyasi: tarix, san’at va madaniyat” asarida Boburning hayot yo‘lini, islom va uning g‘oyalari bilan bog‘lab o‘rganadi. Bobur va avlodlarining jahon tamaddunidagi xizmatlariga nazar tashlagani holda shaxsiy sifatlarini ulug‘laydi. Umuman, dunyo olimlarining Boburga, boburiylarga nisbatan e’tibor qaratishiga sabab bo‘lgan omillar juda ko‘p. Xususan, Boburning Humoyunga jonfidoligi ular orasida muhim o‘rin tutadi. Va bu oliyjanoblikning yuksak nuqtasi sifatida baholanadi. Chunki ayni shu hodisa Boburning bor-u yo‘g‘ini – butun borlig‘ini rost namoyon etgan hodisa edi. “Boburnoma”da bayon qilingan voqealar ortida turgan muallif – Bobur shaxsi shu tarzda o‘zgalarga qalbiga kirib boraveradi. Dunyo boburshunoslari aynan “Boburnoma” uchun – unda o‘z ifodasini topgan katta tarix uchun Boburdan hamisha minnatdor. Tarix Bobur va boburiylar qurdirgan katta-katta me’moriy obidalarning guvohi. Ularning katta qismi turkiylarning tarixiy missiyasini bo‘y-basti bilan ko‘rsatib turibdi. Anna Mariya Shimmel asariga yozilgan so‘zboshida, jumladan, shunday deyilgan: “Mo‘g‘ul imperiyasi Hindiston tarixidagi eng qudratli Islom imperiyasi edi va u asrlar davomida G‘arbning xayolida tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajadagi xazinalar mo‘jizasi sifatida yashab kelardi. Tojmahalning hayratlanarli go‘zalligi buning eng yorqin ramzidir. Bunday go‘zal madaniy tarix g‘arbliklarning bu mamlakat haqidagi ekzotik va sirli tasavvurlarini sochib yubordi, lekin ularning madaniy va badiiy yutuqlariga tarixiy haqiqatning sovuq nuridan qaralsa ham, hayratlanarli jihatlari kam emas” [Annemarie Schimmel. 2004] Bobur barpo ettirgan ishootlar, xususan, u ko‘targan masjidlarning bugungacha saqlanib qolgan “Qobuliy bog‘”, “Sambhal” va “Ayodhiya” masjidlari, boburiylar tomonidan ko‘tarilgan ko‘plab inshootlar, shu jumladan, Tojmahal bugun barchaning e’tiborida. Bobur faoliyatining turli qirralari ko‘plab olimlar, tadqiqotchilarni uzoq vaqtlardan buyon o‘ziga jalb etib kelmoqda. “Boburnoma”da ko‘tarilgan masalalar ko‘lami kabi unga bag‘ishlangan tadqiqotlar doirasi ham keng. Adabiyotshunoslik, tilshunoslik, tarix, etnografiya, agrar, harbiy va yana o‘nlab soha mutaxassislari “Boburnoma”ni jahon tamadduni taraqqiyoti bilan bog‘lab o‘rganadilar. Jumladan, ko‘pchilikni maftun etgan, “Boburnoma”da mehr bilan tasvirlangan Bobur bog‘larini hind olimi doktor Mohendra Randhava “Asrlar osha yashab kelayotgan bog‘lar” asarida maxsus o‘rganadi. Boburning Kobulda barpo etgan bog‘lari, Hindistondagi bog‘lari, boburiylar barpo etgan bog‘lar olim uchun eng sevimli mavzulardan edi. Mohendra Randhava bu asarida insoniyat madaniyati taraqqiyoti tarixida bog‘dorchilik va gulchilikning o‘rni yuzasidan izlanishlar olib borar ekan, uning maxsus bobini “Bobur bog‘lari” deb nomlaydi. Islom madaniyatining Hindiston madaniy hayoti boyishiga ta’siri haqida so‘zlab, jumladan, bog‘dorchilik va gulchilik haqida “Hindistonga mo‘g‘ullar kelguniga qadar (Bobur va uning avlodlari nazarda tutilmoqda) bog‘dorchilik san’ati tarixi mutlaqo mavjud emas edi. 1504-yili Kobulni egallagan Bobur o‘zining sevimli mashg‘uloti – bog‘lar barpo qilishga berildi” [Рандхава 1981, 119], deydi. “Bog‘i Shahroro”, “Bog‘i Jahonoro”, “Chorbog‘” “O‘rtabog‘”, “Bog‘i Vafo”, “Bog‘i Mohtob”, “Bog‘i Ohuxona” va “Bog‘i Bobur” deb nomlangan o‘nlab bog‘larning barpo etilishini muallif “Boburnoma”dagi tafsilotlar bilan tushuntirib beradi – bu bog‘larni barpo etish jarayonidagi qizg‘in ishlar haqida yozadi. Boburning Hindistondagi g‘alabasi – Panipat jangidan keyin mana shu Panipatning o‘zida bog‘ barpo etishni buyurishi uning obodonchilik sohasidagi faoliyatini va albatta, ma’naviy qiyofasini namoyon qilishini ta’kidlaydi. Chindan, Boburning xalqni bunday yaratuvchilik ishlariga safarbar qilish taktikasi necha asrlarki, insoniyatni ruhlantirib keladi. Hindiston tabiatini, ayniqsa, undagi suv inshootlari va sug‘orish ishlari bilan bog‘liq masalalarni yaxshi bilgani bois olim bu masalada Boburning katta mehnatini mehr bilan eslaydi. Bu masalada V. N. Morlendning “Musulmon Hindistonining agrar tizimi” kitobi e’tiborni tortadi. Muallif Hindistonning qishloq xo‘jaligi va sug‘orish inshootlari haqida so‘z yuritar ekan, Boburning bu sohani taraqqiy ettirishdagi xizmatlari haqida gapirib, uning Sharqdagi o‘zga yurtlarni egallashga muvaffaq bo‘lgan hukmdorlar orasida insonparvarligi bilan ajralib turishini ta’kidlaydi: Odamlar uning boshqa masalalardagi ishlari haqida nima deb o‘ylashlaridan qat’i nazar, biz katta qalb egasi bo‘lgan ochiqko‘ngil bu ulug‘ zotga chuqur insoniy mehr bilan qaraymiz [Moreland 1929, 79]. Bobur asarlarini tadqiq etish, ilmiy muomalaga olib kirish rus boburshunosligida ham eng asosiy masalalardan hisoblanadi. Boburni o‘rganish 1857-yili Nikolay Ilminskiy sa’y-harakatlari bilan boshlangan bo‘lsa, keyinchalik Bobur asarlarini o‘rganish rus sharqshunoslarining eng muhim va sevimli ishiga aylandi. Uning asarlarini nashr etish, tarjima qilish va o‘rganishni ingliz va rus sharqshunoslari uchun burch, sharaf va saodat deb bilgan Aleksandr Samoylovich shoirning “Majmuai ash’ori Bobur podshoh” deb nomlangan she’riy to‘plamini nashr qiladi va ularning rus tilidagi tarjimasini taqdim etadi. “Men – Majnunman, Turkiston – men uchun Laylo” deb o‘ziga ta’rif bergan bu sharqshunos olimning Bobur ijodini tadqiq etishdagi o‘rni muhim. Bobur ijodini tilshunoslik nuqtayi nazaridan o‘rgangan olim Galina Blagova “Boburnoma”ning Rossiyada o‘rganilishi tarixiga doir”[Гулистон 1990, 12] maqolasida Bobur ijodini o‘rgangan olimlar ishlarini tadqiq etadi. 1950- yillarda M. Salye tomonidan rus tiliga tarjima qilingan “Boburnoma” bugun ko‘pchilikning sevimli asariga aylangan. Ikkinchi jahon urushi yillari Samarqandda yashagan va shu yerning maktablarida ta’lim olgan va keyinchadik o‘z yurtida tahsilini davom ettirib, olimlik rutbasiga yetishgan Iya Stebleva esa: “Men Boburni, uning she’riyatini hech qachon tark etmaganman. Men Bobur bilan xayolan doimiy hamrohman. Men doim Bobur ilan birgaman. Biz u bilan do‘stmiz. U meni doim qo‘llab-quvvatlab turadi” [Стеблева 2020], deydi.


Chindan, Bobur shaxsi, badiiy tafakkuri va mahorati, uning irfoniy, adabiyestetik qarashlarini yaxlit tasavvur etishga imkon beradigan manbalar – Boburning o‘z asarlari. Ularni tadqiq va targ‘ib etish uchun o‘zbek olimlari ham imkoniyatdan samarali foydalanishi kerak.


Mullaxo‘jayeva Karomat Toshxo‘jayevna

Dotsent, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti,

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0