Alisher Navoiy ijodini chuqur bilgan va jumladan, «...Hech kim oncha ko‘p va xo‘b (she’r) aytqon emas», deya yuksak baho bergan Zahiriddin Muhammad Bobir, Navoiy asarlari katta shuhrat qozongan bir sharoitda she’riyatga qo‘l urish qanchalik mas’uliyatli ekanini to‘la his etgan. U o‘ziga zamondosh ijodkorlarga baho berishda ham xuddi shu jiddiy mas’uliyat va talabchanlik nuqtai nazaridan yondashgan. Bu jihatdan uning temuriyzoda Sulton Mahmud mirzoning shoirlik faoliyati haqidagi mana bu so‘zlari juda xarakterlidir:
«Tab’i nazmi bor edi. Devon tartib qilib edi. Vale she’ri bisyor sust va bemaza edi. Andoq she’r aytqondin aytmag‘on yaxshiroqdur» (Bobir. Asarlar. Uch jildlik. 2-jild. Toshkent, 1965, 42-43-betlar. Biz shu nashrdan foydalandik, Keyingi holatlarda jild va sahifalarni ko‘rsatish bilan cheklanamiz).
She’riyatni qadrlovchi, uning ijtimoiy rolini juda muhim deb tushunuvchi shaxsgina bunday keskin hukm chiqarishi mumkin. Aytish kerakki, bu so‘zlar bitilgan yillarga (1519-1520) kelib Bobirning o‘zi ko‘plab asarlar yaratgan, hatto ularni jamlab devon holiga keltirgan edi. Bobirniig umuman ijodi, jumladan, bu devon haqida o‘z zamondoshi: «Nazm va nasr, va turkiy va forsiyni bebadal aytur edi. Alal-xusus turkiy devoni bordurkim, anda toza mazmunlar topib aytibdur» (3,280-281), - deb guvohlik beradi.
«Bobirnoma» va «Risolayi Aruz»dagi ma’lumotlar ko‘rsatishicha, Bobir o‘tmish asrlar o‘zbek va fors-tojik adabiyoti bilan ham, o‘z davri adabiy-madaniy hayoti bilan ham juda yaxshi tanish bo‘lgan. Bu asarlarida o‘z fikr-mulohazalarini dalillash, konkret voqea-hodisalarni izohlash maqsadida Ro‘dakiy va Sa’diy, Firdavsiy va Salmon, Nosir Buxoriy va Vohid Tabriziy, Anvariy va Hofiz, Nizomiy va Xusrav Dehlaviy, Shohiy va Qitobiy, Hiloliy, Jomiy va Lutfiy kabi o‘nlab shoirlar asarlaridan ko‘plab parchalar keltirishi buning yaqqol dalilidir. Bobir, ayniqsa, Alisher Navoiyning hayoti va ijodini mukammal o‘rgandi, uning she’riyatidan kuchli ta’sirlandi, qator g‘azal va ruboiylariga ergashib o‘xshatmalar yaratdi. Bularning hammasi, avvalo, katta tug‘ma iste’dod Bobir ijodiy faoliyatining juda erta kamolatga erishuvini ta’minladi.
«Bobirnoma»da shoirning o‘zi birinchi tugal g‘azalini hijriy 907 (milodiy 1501-1502) yilda yaratganligini qayd etib, uning «matla’» baytini keltiradi:
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim (2, 146).
Ammo uning shoir sifatidagi ijodiy faoliyatini xuddi shu yil va shu g‘azaldan boshlash, bizningcha, to‘g‘ri bo‘lmaydi. U 1500-yillarga keliboq shoir sifatida shuhrat tuta boshlagan, deb o‘ylaymiz. Xuddi shu yillarda Binoiyning homiylik istab Bobir qoshiga kelishi, unga she’riy «ariza»lar bilan murojaat qilishi ham shundan darak beradi. Navoiyning Bobir nomiga maxsus maktub yo‘llashini ham Bobirning shoirlik faoliyati bilan bog‘liq, deb tushunishga moyilmiz.
Bobirning lirik merosi hajman katta emas. Hozircha uning turkiy tilidagi 119 g‘azali, 200 dan ortiq ruboiyi, 9 tuyuq va 20 ga yaqin qit’alarigina ma’lum, xolos. Shoirdan bir necha she’riy maktub va fardlar ham saqlanib qolgan. «Bobirnoma»dagi parchalar muallifning forsiy tilida ham muvaffaqiyatli qalam surganidan darak beradi.
Keyinchalik «Bobirnoma»da butun ko‘lami bilan ko‘rilgan xususiyat – o‘z holati va kechirmishlarini, kayfiyati va taassurotlarini, shodlik va tashvishlari, intilish va orzularini bayon etish – Bobirning ilk g‘azal va ruboiylaridayoq, fard va qit’alaridayoq to‘la-to‘kis yuzaga chiqqan. Badiiy so‘zga, she’riyatga Bobir o‘zligini, o‘z ruhiy olamini «ochish» vositasi deb qaragan. Xuddi shuning uchun ham, muallif shaxsiy hayoti lavhalari hamda uning real ruhiy kechinmalari bilan bevosita bog‘liqlik Bobir lirikasining xos belgisi darajasiga ko‘tarilgan. Asarlarining ana shu yetakchi xususiyatini uning o‘zi alohida ta’kidlab o‘tadi:
Har vaqtki, ko‘rgasen mening so‘zumni,
So‘zumni o‘qub anglaysen o‘zumni (1, 188).
Ayni zamonda shuni aytish kerakki, ayniqsa, g‘azallardagi «men» bilan tarixiy shaxs Bobir o‘rtasida to‘la muvofiqlik va aynanlik belgisini aslo qo‘yib bo‘lmaydi, chunki lirika, aytaylik, «Bobirnoma»dan farqli o‘laroq, sof badiiy asardir. Shubhasiz, bu o‘rinda ham lirik «men» o‘zida tarixiy «men»ni ham jamlaydi ammo ayni zamonda, tarixiy «men»dan afzalroq, yuksakroq, barkamolroq ko‘rinadi; u shafqatli, olijanob, pokiza qalb shaxs... Biz lirikada fotih Bobirni emas, balki inson Bobirni, g‘olib hukmron tantanasi yoki mag‘lub sarkarda fojiasini emas, balki oddiy shaxsning sevgi quvonchi va oshiq yurakning alam-sitamini kuzatamiz; mamlakatdan ajralgan shohning dardu hasratini emas, balki taqdir aybi bilan uzlatga tushgan kishining ohu nolasini eshitamiz; qo‘ldan ketgan viloyatlar va shonu shavkatni qo‘msovchi taxt da’vogarini emas, balki yurtga intiluvchi, tong nasimi orqali unga salomlar yo‘llovchi vatanjudoni ko‘ramiz; ellarni dahshatga solish uchunoq kallalardan minoralar ko‘taruvchi yovuz bilan emas, balki sevimli ma’shuqa oldida batamom ojiz va itoatkor banda bilan, go‘zallik va nafosat shaydosi, musiqa va she’riyat muxlisi bilan uchrashamiz va hokazo. Chindan ham lirik «men»ni raqib feodallar ustidan qozonilgan harbiy zafar yoki istilo etilgan o‘lkalar emas, balki ma’shuqa iltifotiga sazovor bo‘lish, uning visoliga erishish quvontiradi, vafodor yor bilangina u o‘zini baxtli hisoblaydi: / Shukrilillah, aysh yuzlandiyu mehnat qolmadi!
Yetti ayyomi visolu shomi furqat qolmadi!
Yuzlanib amnu farog‘at, g‘ussayu g‘am bo‘ldi daf’,
Ayshu ishrat keldiyu ranju mashaqqat qolmadi!
Mehnati hijronki, andin chok-chok erdi ko‘ngul,
Bo‘ldi rohatka mubaddal – ul jarohat qolmadi!.. (1, 52)
Bobir g‘azallaridan birida yashamoqning ma’nosini ochishga intilgandek bo‘ladi, «jahonning ishrati nimada?» degan savolga javob beradi. Xo‘sh, inson nimadan qoniqadi, qanday hayotga intilishi kerak? Toat-ibodatgami? Qirg‘in urushlar yoki o‘lkalar zabtigami? Boylik to‘plash yoki shohona maishat, shonu shavkatgami? Yo‘q! Deb javob beradi shoir. Ayniqsa, shu g‘azalda lirik «men» o‘ta madaniy, baland didli, pokiza qalb sohibi, to‘la hayotsevar, do‘stparvar va yuksak orzuli shaxs sifatida gavdalanadi:
Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati.
Lirik qahramon hayotning ma’nosini ana shu sof insoniy intilishlarda, ezgu istak va go‘zal orzularda ko‘radi:
...Gar bu uch ishni muvofiq topsang ul vaqt ila,
Mundin ortuq bo‘lmag‘ay, Bobir, jahonning ishrati! (1, 67)
Bu g‘azal o‘tmish she’riyatimizdagi eng ilg‘or an’analardan biri – hayotsevarlikni, real dunyoni birdan-bir va naqd deb tushunib, uning go‘zalliklaridan, tabiat ko‘rkamliklaridan bahramandlikni, tirik insonni qadrlashni juda ta’sirchan bir shaklda targ‘ib etadi. Ko‘rinib turibdiki, garchi, shikoyat motivlari katta o‘rin tutsa-da, hayotsevarlik, optimistik ruh Bobir lirikasi uchun aslo begona emas. Shoir hayotdagi ijobiylikni ham ko‘radi, tabiat go‘zalliklaridan zavqlanadi, lolaga burkangan dashtlarni madh etadi, «bahor faslida dalalarning latifu dilkash»ligidan yuragi jo‘sh urib, «sayr etishga» da’vat qiladi. «Gar ilikdin kelsa bir damni kechurmang g‘am bila» degan shoir, turmush qiyinchiliklarini yengib, real dunyo lazzatlanishga, tiriklik nashidasini surishga undaydi:
Davron g‘amin qil, ishrat uyin obod qil,
Jonu ko‘ngulni shod qil ovozi changu nay bila! (1, 30)
Hayotsevarlik, optimizm Bobir lirikasida romantik ruh bilan ham qorishib ketadi. Bunday holat shoirning ko‘pgina g‘azallarida, jumladan, «Yoz fasli» so‘zlari bilan boshlanuvchi g‘azalida ko‘zga yaqqol tashlanadi.
Charxning men ko‘rmagan jabru jafosi qoldimu?
Xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimi? – deya o‘z zamonasi va taqdir norasoligidan faryod chekkan lirik qahramon o‘sha mashaqqatli hayotdan, turmush uqubatlaridan yuqori ko‘tarilishga intiladi, romantik orzular og‘ushiga otiladi. Mazmundagi romantik ohang, taviridagi romantik bo‘yoqlar, ayniqsa, shoirning masnaviy maktublarida kuchli seziladi.
Ammo, shu aniqki, Bobir lirikasida achchiq taqdir zarbalaridan shikoyat, falak jabru jafosi, davron g‘amu g‘ussasidan nola, zamona va ahli zamonadan fig‘on ustunlik qiladi. Lirik qahramon o‘zini ta’qib-tazyiq ostida ezilgan his etadi, uning «tolei past, baxti uyqulik». Aslida shoir ijodining boshlang‘ich davridayoq bu mavzuning chuqur ishlana boshlanganini ko‘ramiz. «Topmadim» radifli birinchi g‘azal shundaydir. Yoki u bilan deyarli bir vaqtda bitilgan:
Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘,
Kimki ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘ (1, 140) – matlali g‘azalini eslaylik. Ba’zan esa pessimistik kayfiyat ham seziladi, umuman insonlardan yuz o‘girish, tarkidunyochilik ohanglari ham ko‘rinadi:
Jahon eliyu jahon – barcha gar adam bo‘lsa,
Adam yo‘lini tutay zarra menda g‘am bo‘lsa! (1, 136)
Xarakterliki, bunday shikoyat va nola tez orada g‘urbat motivlari bilan, g‘ariblik hissi bilan chatishib ketadi hamda yanada o‘tli, yanada ta’sirchan ruh egallaydi. Shu munosabat bilan bir muhim masalaga aniqlik kiritish lozim ko‘rinadi. Tadqiqotchilar ona yurtni qo‘msash, unga talpinish hamda g‘ariblik azoblaridan hasrat ohanglari uchraydigan har bir g‘azal, ruboiy yoki qit’ani yoppasiga Bobir ijodiy faoliyatining Afg‘oniston yoki Hindiston davrlari bilan bog‘laydilar, o‘sha o‘lkalarda yozilgan, deb hisoblaydilar. Aslida esa bunday emas. Gap shundaki, Bobir vatan va vatanjudolikni juda tor tushungan. Shu tushunchaga ko‘ra, kindik qoni to‘kilgan, keyinchalik hokim bo‘lgan Andijonning qo‘ldan ketishi (1498) vatanjudolikning, o‘z ta’biri bilan aytganda, «jaloi vatan bo‘lmoq»ning boshlanishi bo‘lgan.
Bobirning ijodiy faoliyati shu yillarda xuddi shu yillarda boshlanganini hisobga olsak, g‘urbatdan, g‘ariblik uqubatlaridan faryod, darbadar hayotdan shikoyatning ilk asarlaridayoq yuzaga chiqish sabablari ravshanlashadi. Birgina misol:
Yod etmas emish kishini mehnatda kishi,
Shod etmas emish ko‘ngulni g‘urbatta kishi,
Ko‘nglum bu g‘ariblikta shod o‘lmadi hech,
G‘urbatda sevunmas emish, albatta kishi (2, 145).
Bobirning o‘zi guvohlik berishicha, bu ruboiy Toshkentga kelishiga qadar (1501) yaratilgan. Shubhasiz, bu motiv keyinchalik Movarounnahrni tark etib, afg‘on va hind mulklariga ketishga majbur bo‘lganidan keyin yanada kuchaydi, alohida hasratli mazmun kasb etdi. Endilikda vatan tushunchasi ham, g‘urbat va g‘ariblik tushunchalari ham kengayadi, konkretlashadi. Shoirga ona yurtda qolgan do‘stu yor, xeshu aqrabolar va hatto tug‘ilgan o‘lka tabiati, nozu ne’mati Vatanni eslatadi, uning bir bo‘lagi sifatida sog‘inch bilan orzu etiladi, ardoqlanadi. Yurak orziqib, kuyinib yozadi shoir:
Qovun birla uzumning hajrida ko‘nglumda g‘am har so‘,
Oqar suvning firoqidin ko‘zumdin har dam oqar suv (1, 187).
Bobir g‘azallarining asos ko‘pchiligi shaklan yetuk, badiiy jihatdan barkamoldir. Xalq jonli tilidan keng foydalangan shoir juda ravon, kishi dilini qitiqlovchi sho‘x misralar bitadi, esda qoluvchi obrazlar yaratadi. She’riyat nazariyasini, xususan, aruz qonun-qoidasini butun nozikliklari bilan egallagan shoir g‘azal va ruboiylari nihoyatda yengil o‘qiladi, tinglovchiga zavq-shavq bag‘ishlaydi. O‘rinli ishlatilgan xalq iboralari, turli-tuman so‘z o‘yinlari, chiroyli tashbih va go‘zal tajnislar, bayonning o‘ta samimiyligi shoir lirikasiga alohida fayz baxsh etadi.
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana,
Tiyra bo‘ldi ro‘zg‘orim ul qaro qoshdin yana (1, 37).
Yoki:
Jamoling vasfini, ey oy, necha eldin eshitgaymen,
Ne kun bo‘lg‘ay visolingga mane dilxasta yetgaymen (1, 90) – matlali g‘azallari kabi o‘nlab g‘azallarining o‘tmish she’riyatimizning eng yaxshi namunalari qatoridan o‘rin olishi, hofizlar tomonidan kuylanishi bejiz emas. Shoirning mana bu misralari esa sof xalq qo‘shiqlari ruhida yozilgan bo‘lib, muallifning folklordan unumli foydalanganligiga aniq ishora etadi:
Yor qadrin bilmadim – to yordin ayrilmadim,
Yor qadri muncha ham dushvor ekandur, bilmadim (1, 180).
Bobir lirikasida ma’shuqa obrazi katta mahorat bilan chizilgan. Shoir tasvirida u nihoyatda suluv, jozibali, zebo... Shunisi muhimki, Bobir ma’shuqani faqat tashqi ko‘rinishdangina emas, ma’naviy jihatdan ham, axloqan ham go‘zal va barkamol sifatida tasvirlaydi; xuddi shu fazilatlari bilan ham u lirik qahramonni o‘ziga maftun etadi, uning muhabbati, hurmatini qozonadi:
Ne xulq edi, yana ko‘nglum olding so‘z ila,
Shirin so‘zu yaxshi xulqingga banda bo‘lay! (1, 150)
Ayni zamonda, lirik qahramon o‘qimishli, yuksak didli, «xush tab’», ruhan boy yorni orzu qiladi:
Yor uldurki, she’rga mayli bo‘lsa! (1, 159)
Bobir – yirik san’atkor. Turli-tuman she’riy va lafziy san’atlardan badiiylikka erishishda, tasvirning real va jonli bo‘lishini ta’minlashda ustalik bilan keng foydalanadi. U inson qalbidagi hayajon va quvonchlarni, iztirob va orzularni butun ko‘lami va nozikliklari bilan his etadi. Ayniqsa, mo‘jaz badiiy lavhalar, jonli sahifalar yaratishda shoir katta mahorat namoyish qiladi. Masalan, ruboiylarning biridagi uchrashuvga bora olmagan oshiqning ma’shuqa oldida o‘zini oqlash sahnasi nihoyatda go‘zal, esda qolarlik; oshiq kela olmaganligining sabablarini ham ma’shuqaga cheksiz muhabbati, uning ishqida o‘rtanishi bilan izohlaydi, o‘z gunohsizligiga «mantiqiy dalillar» keltiradi:
Hajringda bu tun ko‘nglumda qayg‘u erdi,
Vaslingga yetishmadim, jihat bu erdi:
Ohim tutini birla ko‘zumning yoshidin
Yo‘l balchiq edi, kecha qarong‘u erdi (1, 165).
... Bobir lirik merosi haqida so‘z borar ekan, shuni ham aytish zarurki, u qoldirgan g‘azal va ruboiylarning hammasini ham bir darajada yetuk va nuqsonsiz deb bo‘lmaydi. Muallif dunyoqarashi va ijtimoiy faoliyatnidagi ziddiyatlar va cheklanganliklar, shubhasiz, uning lirik merosiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Shu boisdan ham unda g‘oyaviy va badiiy jihatdan to‘la qiyomiga yetmagan, shuningdek, mazmunan g‘aliz, ba’zan esa, formalistik uslubda yaratilgan namunalar ham uchraydi. / Ammo Bobir inson va uning go‘zalligini, sevgi, sadoqat, vafo, do‘stlik kabi sof insoniy fazilatlarni ulug‘lovchi, ezgu intilishlar va orzularni targ‘ib etuvchi go‘zal asarlari bilan, ona yurtga muhabbat, vatanparvarlik va hayotsevarlik g‘oyalari bilan, o‘quvchiga zavq-shavq baxsh etuvchi yuksak badiiy san’atkorligi bilan adabiyotimiz tarixidan o‘rin ola bildi. U insonga qarata:
Sendin ayru naylagaymen ayshu sahbo xushlug‘in,
Ki, sening uchun tilarmen barcha dunyo xushlug‘in – deya murojaat qildi hamda uni umumga naf keltiruvchi aktiv faoliyatga, ezgu ishlarga da’vat etdi:
Bori elga yaxshilar qilgilki, mundin yaxshi yo‘q –
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘!
ABDUG‘AFUROV A.
O‘zbek tili va adabiyoti. –1983. –№ 2. – B. 14-19. (O‘zbekcha); Абдугафуров А. Лирика Бабура: (500-летие со дня рождения Захириддина Мухаммада Бабура)
Fikr qoldirish#