Bobirning o‘zbekcha devonining ikki qo‘lyozma nusxasi borligi maʼlum. Bulardan biri Parijda, ikkinchisi Hindistonda saqlanadi. Professor A. Samoylovich shu ikki qo‘lyozma nusxa va “Bobirnoma” dagi sheʼrlar asosida 1917 yilda Petrogradda Bobir sheʼrlarini nashr ettirdi. Bobirning ayrim sheʼrlari 1931 yilda Istambuldagi “Milliy tatabbuʼlar majmuasi” da ham bosildi. Bobirning baʼzi sheʼrlari o‘tmishda Yevropa tillariga (ingliz, fransuz va boshqa tillarga) tarjima qilindi. Sovet hokimiyati yillarida Bobir sheʼrlari qayta qayta nashr etildi, xrestomatiyalarga, turli to‘plamlarga kiritildi va ikki marta tanlangan asarlar tarzida bosilib chiqdi. 1943 va 1957 yillarda Bobir sheʼrlarining ruscha tarjimasi nashr etildi. Bobir devoni lirik turning har xil janrlarida yozilgan sheʼrlarni: g‘azal, ruboiy, tuyuq, masnaviy, qitʼa, fard va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Unda biz, oddiy g‘azallardan tashqari, g‘azali musajjaʼ (markaziy rukilari qofiyadosh bo‘lgan g‘azal), qitʼa g‘azal (birinchi bayti qofiyasiz bo‘lgan g‘azal), g‘azali husni matlaʼ (matlaʼdan keyingi baytning har ikkala misrasi matlaʼga qofiyadosh bo‘lgan g‘azal), qo‘shaloq vaznli va qo‘shaloq qofiyali g‘azal, ruboiy tarona (to‘rtala misrasi ham qofiyadosh bo‘lgan ruboiy), oddiy tuyuqdan tashqari qo‘shaloq tajnisli tuyuq, tajnissiz tuyuq hamda tajnisli qitʼa, tajnisli fard, qofiyali fard va qofiyasiz fard shakllarini ham ko‘ramiz. G‘azal, ruboiy va tuyuq Bobir lirikasining eng xarakterli janrlaridir. Bobir aruzning hafif, ruboiy, rajaz, ramal, sareʼ, tavil, mutaqorib, mujtass, muzoreʼ, munsareh va hazaj bahrlaridan hamda bu bahrlarning 25 turdagi ichki xillaridan foydalanadi. Bobir devoni uning asosan o‘zbek tilidagi sheʼrlaridan tashkil topgan. Biroq shu bilan birga, unda fors-tojik tilida yozilgan bir necha sheʼr ham bor. Bobir o‘z ona tiliga bo‘lgan muhabbatini kamtarlik bilan alohida qayd etib:
Erurman turk oshiq, kosh bilsam forsiy qoni.
Desam holimni bilsa, forsiy dilbarim oni, - degan edi. Lekin Bobir fors-tojik adabiy tilini ham mukammal bilar edi. Bunga uning fors-tojik tilidagi sheʼrlari yaqqol dalil bo‘la oladi. Hayotga muhabbat va quvnoqlik, yor va diyor sevgisi, xijron va g‘urbat dardi, badbinlik va tarkidunyochilik ustidan kulish, yaxshi xulq odob va maʼrifat targ‘ibi, g‘alabalar nashidasi va mag‘lubiyat alami, “taqdir”dan nolish va unga tobe bo‘lish, afsus va nadomat va boshqalar - Bobir lirikasining tematik doirasi mana shulardan iborat. Murakkab va ziddiyatli hayot va kurash yo‘lini bosib o‘tgan, turli xil fazilatlarga va salbiy xislatlarga ega bo‘lgan shoir – Bobirning o‘zi bu lirikaning markaziy qahramonidir. Bobir lirikasining tili va uslubi jihatidan nihoyatda sodda va ravondir. U jo‘shqin va musiqiy misralarida hayotiy, original obrazlar yaratadi, xalq tili va uning og‘zaki ijodi boyliklaridan unumli va o‘rinli foydalanib, sheʼrlarining tilini boy va rang-barang qilishga erishadi. Bobir – Lutfiy va Navoiy, Xayyom va Hofiz kabi ustoz sanʼatkorlarning bir qator traditsiyalarini davom ettiradi va rivojlantiradi, naziralar va muxammaslar yaratadi.
Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 1, 1960. – B. 580-581; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 2, 1965. – B. 580-581; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 2-a, 1965. – B. 647-648; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 3, 1976. – B. 580-581. (O‘zbekcha); Лирика Бабура. Сведение о его диване.
Fikr qoldirish#