Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Akbarning yigitlik yillari

Akbar esini taniganidan buyon uning boshdan kechirgan va dahshatli tush kabi esida qolgan sarguzashtlarni faqat o‘tkir ruhshunosgina tasavvur eta olishi mumkin. Onasining qornida ekanida uning ota-onasi bevatan qochoq edilar, ularning hayoti har daqiqa tahlika ostida edi.


Vaziyat taqozosiga ko‘ra, bir yoshdan oshganida ota-onasi uni g‘animlar (Otasiga nisbatan g‘animlik munosabatida bo‘lgan amakilari - tarj.) qo‘lida qoldirib ketishlariga to‘g‘ri keldi. Uni dushman changalidan uch marta qutqardilar, lekin taqdir uni yana g‘animlar changaliga tashlayverdi. Bandilikda turgan kunlarining birida go‘dak Akbarni to‘pga tutilayotgan qal’a devori ustiga o‘tqazib qo‘ydilar. Lekin taqdir undan o‘z marhamatini darig‘ tutmadi. Otasi bilan amakilarining toj-taxt uchun jon olib-jon berayotganlarini, bu yo‘lda ular hech qanday qabihlikdan tap tormayotganliklarini, Askariyning surgun qilinishini, Hindolning o‘limini, Komronnning ko‘ziga mil tortilishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan go‘dakning miyasini qanday fikrlar chulg‘ab olgan bo‘lishi mumkin?


Bilganimiz shuki, Akbarshoh murakkab jarayonlarni boshdan kechirgan inson. U hayotining bir qismini dunyoviy ishlardan hisoblanmish fotihlik va hukmdorlik ishiga bag‘ishlagan bo‘lib, bu borada misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishdi va tarixda chuqur iz qoldirgan buyuk shohlardan biriga aylandi. Hayotining ikkinchi qismini odamzotni azaldan o‘ylantirib kelayotgan quyidagi savollarga bag‘ishladi: insoniyat taqdirini, shu jumladan, hukmdorlar va raiyat taqdirini qanday oliy kuchlar belgilaydi? O‘limdan keyin narigi dunyo bormi? Agar bor bo‘lsa, u yerga borish uchun inson qanday tadorik ko‘rishi darkor?


E’tiqodiga qo‘ra, Akbarshoh hanafiya oqimining sunniy mazhabiga mansub musulmon edi. Biroq u ushbu mazhabga mansub bo‘lgan shariat peshvolari va shu e’tiqodning ashaddiy tarafdorlari bo‘lgan olimu ulamolardan bu e’tiqod ahkomlarini talqin qilib berishlarini so‘rab murojaat qilganda, ularning qarashlari turlicha ekanini ko‘rib, bir oz hafsalasi pir bo‘ldi. Shu bois haq yo‘lni izlab, Akbarshoh dunyodagi barcha dinlar va mazhablarni qamrab olishga va ulardan tegishli xulosalar chiqarishga intildi. U o‘rgangan dinlar va mazhablarning har birida qandaydir miqdorda ijobiy zarralar borligini ko‘rdi-yu, lekin ular Akbarshoh izlagan savollarga to‘liq javob berishga ojizlik qildilar.


1580-yil mart oyidan 1582-yil aprel oyigacha Akbarshoh saroyida istiqomat qilgan ovro‘palik nasroniy rohiblardan bo‘lmish hazrat Monserat Akbarga “...qandaydir darajada badjahl” inson, deb tavsif beradi. Yana bir ovro‘palik sayyoh Du Jarrik esa uni “...og‘ir-bosiq odam” deb xarakterlaydi. Bizningcha, bu mujmallikni Akbarshohning o‘z so‘zlari yordamidayoq hal etish mumkin: “Men shunday ulkan saltanat sohibi bo‘lsam-da, bu saltanatni boshqarish tizginlari mening qo‘limda bo‘lsa ham, insonning ulug‘vorligi uning Allohning irodasiga itoat etishida, deb bilaman”, deydi buyuk shoh. “Etiqod va tariqatlarning xilma-xilligini bilib, vaziyatning qo‘ldan chiqib ketayotganini ko‘ra turib yuragim eziladi, asablarim qaqshaydi. Bu ahvolda men qanday qilib saltanat hududini kengaytirishga jazm qila olaman? Qani endi iymoni butun va e’tiqodi mustahkam kishilar kelsa-yu, yuragim g‘ashligini yozsa!” (The A’in-i- Akbari, translated from Persian by H.S. Jarrett, v.3, New Delhi, 1978, p. 433.)


Akbarshoh nasroniy rohib hazrat Monseratga o‘zining so‘fiylik tariqati tarafdori ekanini o‘rta yoshlarga yetgan paytida aytgan bo‘lsa-da, uning bu oqimga moyilligi to‘qqiz yashar bolaligidayoq sezilib turardi. U tarkidunyo qilib uzlatga chekinishni ma’qul ko‘rgan va faqat toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishga intilgan kishilarning ko‘nglini ovlash payida bo‘lardi. O‘sha toifaga mansub valiylardan biri Bobo Bilol bo‘lib, Akbarshoh uni tez-tez ziyorat qilgani borib turardi.


1557-yil yoz kunlarining birida kutilmaganda Akbarshoh o‘z mulozimlariga uni yolg‘iz qoldirishlarini buyuradi va “Hayron” laqabli jiyron otini yo‘rttirib, aftidan, Alloh huzuriga “yo‘l oladi”. Ancha yurgandan so‘ng otdan tushib yerga o‘tiradi va chuqur o‘yga tolib hushidan ketadi. “Yoshim yigirmaga to‘layotgan paytimda, deb keyinrok, eslaydi Akbar, men ichim to‘la zaharni tuyganday bo‘lardim. O‘shanda oxirgi safarga otlanishim uchun o‘zimda yetarli ruhiy madad bo‘lmagani tufayli qalbimni achchiq alam qoplab olgandi“.


O‘sha paytlarda hukmdorlik tizginini qo‘lda mahkam tutib turish uchun podshohdan jasur sarboz bo‘lish talab etilardi. Akbarshohning ov qilish va boshqa jismoniy harakat hamda chaqqonlik talab etiladigan o‘yinlarga qiziqishi uning mohir sarkarda bo‘lib yetishishida qo‘l keddi. O‘ yoshligidanoq hayvonlar va parrandalarga, ovchi itlarga, kaptarlarga, tuyalarga va arab otlariga juda ishqivoz bo‘lgan. Bolaligidanoq kamonbozlik bilan shug‘ullanib, mohir mergan bo‘lib yetishgan. Hindistonga yurish arafasida Bayramxonnint Humoyunshoh huzuriga qaytib kelishi (Kanva yonidagi jangdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Bayramxon Humoyunshohdan ajrab ketgan edi - tarj.) munosabati bilan o‘tkazilgan bazm musobaqalarida o‘zining mohir mergan ekanini namoyish qilgan edi. O‘shanda buqaning ko‘zidek keladigan nuqtani kamonda bexato urib, tajribali merganlarni ham lol qoldirgandi.


Machivari degan joyda afg‘on qabilalari bilan bo‘lgan jangda afg‘onlardan tortib olingan, qo‘lga o‘rgatilgan ov qushlaridan birini Akbarga sovg‘a qilgan edilar. Hindistonga kelganlaridan keyin Akbar qush bilan ovga chiqishni o‘rgandi. O‘sha qushni parvarish qiluvchi kishi Akbarning eng yaqin kishilaridan biriga aylanib, unga uzoq yillar hamrohlik qilib yurdi. 1555-yilda, surlar sulolasi vakili Iskandar bilan bo‘lgan jangni boy bergani uchun Panjob hokimi Abul Maoliy ishdan bo‘shatilib, o‘rniga yosh Akbar tayinlandi. Bayramxon unga tan qo‘riqchisi va maslahatchi etib tayinlandi. Bu orada u Sarhindda miltiq otishdan ham saboq olib, yaxshi mergan bo‘lganini namoyish qildi. Jahongir o‘z xotiranomasida miltiq otishda otasiga teng keladigan mergan bo‘lmaganini eslatib o‘tadi. Yuqorida zikr etilgan Machivaridagi jangdan olingan o‘ljalar orasidan bir filni otasi Akbarga sovg‘a qilgan edi. O‘shandan keyin Akbarning filga ishqibozligi kuchayib, bu yuvosh jonivorga mehr qo‘ygan edi. Chunki fil juda yuvosh maxluq bo‘lib, yangi o‘rganuvchilarga ozor yetkizmasdi. Taxtga chiqqandan keyin esa o‘n to‘rt yoshli shahzoda bir mast filni minib, ikkinchi bir mast filga qarshi jangga tushardi.


Jahongirning yozishicha, ko‘pincha, filbonlar qo‘rqqan hollarda, Akbarshoh o‘z jonini tahlika ostida qoldirib, zanjirini uzgan, yangi qo‘lga o‘rgatilayotgan yoki o‘rgatuvchisini o‘ldirgan qaysar fillarning ustiga daraxtdan sakrab minib olar va shu tarzda ularni minishga o‘rgatardi. Bunday manzarani ko‘p martaba uchratish mumkin edi.


Bir kuni Akbarshoh mast bir filni minib, asovligi bilan tanilgan boshqa bir filga qarshi jangga tushdi. Fil yengilib qocha boshlagan paytda uni ta’qib qilayotgan Akbarning fili bir chuqurga munkib ketdi va Akbarshoh fil ustidan oldinga otilib, bir oyog‘i fil bo‘ynidagi arqonga o‘ralishib qoldi. Ana shu holatda ham o‘zini yo‘qotmagan Akbarshoh arqonga mahkam chirmashib, fil ustidan uchib ketishdan o‘zini saqlab qoldi va vaziyatni qo‘ldan boy bermay, egarga o‘tirib oldi. O‘sha yerda hozir bo‘lgan xizmatchilar bir amallab uni fildan tushirib oldilar.


Yana bir kuni Akbarshoh “Havoyi” laqabli yovvoyisifat qaysar fili bilan boshqa bir ulkan filga qarshi jangga tushdi. Jangda raqib fil yengilib, Jamna daryosi ustiga qayiqlardan qurilgan ko‘prik tomon qochdi. Uni ta’qib qilayotgan Akbarning fili ham qayiq ko‘prik ustiga chiqqanda ikki ulkan filning og‘irligiga dosh berolmagan ko‘prik suvga cho‘kib, fillar ham daryoga ag‘darildi. Akbarni qutqarishga shoshilgan xizmatkorlar o‘zlarini suvga otdilar. Biroq Akbarshoh daryoning narigi qirg‘og‘iga suzib o‘tib, yana fil tizginini qo‘liga oldi. Ko‘p tarixnavislar bu voqeada Akbarshoh mast holatda bo‘lgan, deb ishontirmoqchi bo‘ladilar. Biroq Jahongir otasining ba’zan bir-ikki piyola may ichib turishini tan olgan holda, bu voqea Akbarshohning hushyor paytida sodir bo‘lganiga guvohlik beradi.


Akbarshohning jasurligini ko‘rsatadigan yana bir voqea 1573-yilda Gujaratni fath etish uchun mamlakat janubiga qilingan harbiy yurishlar chog‘ida ro‘y bergan edi. Mayparastlik bilan o‘tayotgan davra suhbatlaridan birida davra ishtirokchilari rajputlarning jangariligi va jasorati haqida gapirib, ular jangda o‘z jonlarini ayamasdan dushman tig‘iga o‘zlarini urishlari haqida og‘iz ko‘pirtirib maqtaydilar. Masalan, raqib tomonidan ikki kishi qo‘sh tig‘li nayzani to‘g‘rilab tursa, ro‘paradan kelayottan rajput jangchilari unga o‘zlarini shunchalik shiddat bilan urarkanlarki, nayza jangchining orqasidan teshib chiqarkan.


Suhbatdoshlaridan mot bo‘lishni istamagan qaysar Akbarshoh o‘zining o‘tkir tig‘li qilichini devor teshigiga dastasi bilan mahkamlab, yugurib kelib unga ko‘kragi bilan urilmoqchi bo‘lganda, xayriyatki, qaynog‘asining o‘g‘li Man Singx bir zarb bilan qilichni mahkamlangan joyidan tushirib yuboradi. Yerga tushayotgan keskir qilichning uchi Akbarshohning bosh va ko‘rsatkich barmoqlari o‘rtasini kesib ketadi. Bundan g‘azablangan Akbarshoh Man Singxni bir zarb bilan yerga yiqitib, do‘pposlamoqchi bo‘lib turganda atrofdagilar bazo‘r ajratib olishgan. Xayriyatki, olingan jarohat tez orada bitib ketdi.


1561-yilning yoz oylaridan birida Narvar degan joyga yaqin yerdan otliq askarlar guruhi o‘tib borayotganda Akbar birinchi bor mustaqil tarzda ovga chiqib, o‘z o‘ljasini aniq mo‘ljalga olib otib o‘ldirdi. Shu orada bir ona yo‘lbars beshta bolasini ergashtirib o‘rmondan chiqib qoldi. Buni ko‘rgan Akbar dadillik bilan qilichni qinidan sugurib, bir zarb bilan yo‘lbarsni chopib tashladi va mulozimlar yo‘lbars bolalarini qafasga oldilar.


Shubhasizki, saroy qonun-qoidalariga itoat etib yashash joniga teggan kishining ba’zan o‘sha udumlardan voz kechib, o‘z hayotini tahlika ostida qoldirib bo‘lsa ham, yig‘inlarda ishtirok etish ishtiyoqi tug‘iladi. Tarixchi Abulfazlning guvohlik berishicha, Akbar oddiy xalqning turmush tarzini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish maqsadida, ko‘pincha, tashqi qiyofasi va kiyimlarini o‘zgartirib, xalq orasiga kirib borarkan.


Bir kuni kechqurun yosh podshoh Akbar tashqi qiyofasini o‘zgartirib Jamna daryosining Agra yaqinidagi sohilida Bahraye degan qadamjoga ziyoratga ketayotganlarni kuzatish marosimiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan musobaqa ishtirokchilari orasiga kirib bordi. To‘satdan zikr tushayotgan darvishlardan biri podshohni tanib qolib, bu fikrini sheriklariga ham aytdi. Buni sezgan Akbarshoh darhol ko‘zlarini g‘ilay qilib, aftini bujmaytirib boshqa qiyofaga kirib olgan. Keyingi davra suhbatlarida bu haqda o‘zi gapirib berib, hamsuhbatlarini kuldirib ham yurgan ekan.


Taxtga chiqishdan avval ham mulozimlar yosh shahzodaning bir necha bor “Men Xudo hohlasa, yer yuzining eng zo‘r qaymog‘ini qo‘l ostimda saqlayman, yetti iqlimdagi beva-bechoralarning tilagini bajo keltiraman”, degan bashoratiga bir necha bor guvoh bo‘lganlar. Xushomadgo‘ylar buni shahzodaning tezroq taxtga chiqish ishtiyoqining ifodasi, deb tushunishib, unga “Tezroq podshoh bo‘ling”, degan mazmunda takalluf ham qilardilar. G‘arazgo‘y haybarakallachilarning bu iltifotlaridan aqli raso Akbarshoh ortiq darajada g‘azablanardi va bunga e’tiroz bildirib, “o‘z otasini rozi qila olmagan inson qanday qilib Xudoni rozi qila oladi”, der edi.


Yoshi ulg‘ayib ota qadrini yaxshi anglaydigan bo‘lgach, u tez-tez “Afsuski, hazrat Humoyun podshoh bu foniy dunyoni erta tark etdilar. Men bu ulug‘ zotga tuzukroq xizmat ham qila olmadim”, deya afsus-nadomat chekib turarkan (The Akbarnama, translated from Persian by H. Beveridge, v. 1 - New Delhi, 1977).


Akbarshohning ajdoddari va avlodlarida, ayollar orasida ham, erkaklar orasida ham, adabiyotga, ayniqsa, shoirlikka moyil bo‘lgan yoxud unga astoydil berilgan shaxslar ko‘p uchrab turadi. Bu jihatdan Akbar o‘z sulolasidagi qarindoshlaridan ajralib turadi. Ehtimol, uning bolalik davridagi suronli yillar o‘z ta’sirini sezdirib, undagi bu maylning rivojlanishiga xalaqit bergan bo‘lsa, ajab emas. Humoyunning farzandini o‘qimishli yigit qilib tarbiyalashga urinishlari behuda ketdi. O‘g‘liga yozgan xatlaridan birida Shayx Nizomiydan bir bayt keltiradi. Unda “Bekor o‘tirma, hozir o‘yinqaroqlik qilishning mavridi emas.


Hozir san’at bilan shug‘ullanadigan, ilm o‘rganadigan payting”, degan mazmundagi nasihatomuz satrlar bor.


Akbar bolaligida ilm olishga ham astoydil urinib ko‘rgan. Uning bir necha ustozlari bo‘lgan. Ulardan birinchisi Mulla Asomiddin ismli kishi edi. Humoyun o‘g‘lining birinchi saboq olish darsini boshqa munajjimlar bilan kelishib, 1547-yilning 20 noyabr kuniga belgilatgan edi. Shu kuni Akbar besh yosh bir oyu besh kunlik bola bo‘lishi kerak edi. Biroq mashg‘ulot tayinlangan kuni Akbarni hech qayerdan topa olmadilar. Jismoniy mashq qiladigan kiyimlarini olib, u qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan ekan. Bu holdan voqif bo‘lgan Humoyunshoh Mulla Asomiddinning o‘rniga Mavlono Boyazidni muallimlikka tayinladi. Undan ham biron natija chiqmagach, uning o‘rniga Mavlono Abduqodir tayinlandi. Ammo undan ham sezilarli ish chiqmadi. Bu noyob talabaning talablarini qondirgan va hurmatini qozona olgan yakkayu yagona muallim Mir Abdullatif bo‘ldi. Akbar podshohlik taxtiga o‘tirgandan so‘ng uch yil o‘tgach, unga saboq berish uchun Abdullatif tayin qilingandi.


Mir Abdullatif sayyidlar (Payg‘ambar (s.a.v.)ning qizlari Fotima bibi va Hazrat Ali dargohidan tarqalgan qavm) qavmiga mansub qazvinlik yigit bo‘lib, Erondan yaqinda kelgan edi. Uning otasi shoh Taxmasp saroyida e’tiborli ayonlardan bo‘lib, keyingi paytlarda sunniyliqda ayblanib, tazyiq ostiga olingan edi. Etiqodiga ko‘ra so‘fiylik tariqatiga mansub bo‘lgan bu yigitning mulohazalari, dunyoqarashi va diniy bilimi shu qadar keng ediki, shialar uni sunniy deb, sunniylar esa shia deb hisoblar edi. Podshoh shogirdining unga bo‘lgan yuqori e’tiqodi tufayli Mir Abdullatif ta’qibdan xoli yurardi. Akbar u bilan diniy-tasavvufiy ruhda yozilgan g‘azallarni mutolaa qilar va Hofiz g‘azallarini tahlil qilib, ularni yod olardi.


Xotirasi kuchli bo‘lganligi tufayli Akbar o‘sha yillarda g‘ayrat bilan o‘z bilimini oshira bordi. Uning ixtiyorida 24 ming nusxadan iborat noyob qo‘lyozma asarlarni o‘zida mujassam qilgan kutubxona bo‘lib, maxsus tayinlangan kishilar (Ustoz Abdullatifning bilimdon o‘g‘illaridan biri Naqibxon Akbarshohning yaqin do‘stlaridan bo‘lib, u doim podshohga noyob kitoblardan o‘qib berib turardi.) har kuni kechqurun podshohga kitob o‘qib berardilar va u bo‘sh paytlarini doim olimu fozillar davrasida o‘tkazardi.


Berk S.M. Akbarshoh – Boburiylarning eng buyugi / ingliz tilidan G‘. Sotimov tarjimasi; mas’ul muharrirlar: H. Boltaboyev, M. Mahmudov. – T. : MUMTOZ SO‘Z, 2009. – B. 46-52. (O‘zbekcha);

Юношеские годы Акбара. В кн.: Берк С.М. Акбар-шах – самый Великий из Бабуридов.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Navoiy va Bobir

Badiiy ijod va tafakkurning sohibqironi bo‘lgan ulug‘ Navoiy o‘z dav...

Mo‘g‘uliston

Chig‘atoy ulusining parchalanishi (1348) natijasida tashkil topgan davlat. Unga Qashqar,...


Maqolani baholang
0.0