Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobir lirikasining badiiy xususiyatlari haqida mulohazalar

(Bobirga bag‘ishlangan ilmiy sessiya materiallaridan). Lirika – tashqi dunyo hodisalarining subyektiv kechinmalar orqali ifodalanishidir. Real voqelikdagi turli hodisalar subyekt-shaxsga goho ijobiy, ba’zan salbiy ta’sir etishi natijasida tug‘ilgan hayajon, his-tuyg‘udan shodlik, sevinch, kelajakka orzu-umid, sevgi-muhabbat, nafrat-g‘azab kabi kechinmalar hosil bo‘ladi. Bu kechinmalar insonlarning ijtimoiy munosabatidagi bir-birlariga bo‘lgan sotsial munosabatlariga qarab achchiq kulgi, piching, kesatish, fosh etuvchi kinoya, samimiy hurmat, ehtirosli shirin so‘zlar formasida ham ifodalanishi mumkin.


Inson sevgi-muhabbati va u tufayli yuzlanadigan tuyg‘ular, insoniy kechinmalarni lirik fonda ifodalashda Alisher Navoiydan keyin Zahiriddin Muhammad Umarshayx o‘g‘li Bobir (1483- 1530) alohida o‘rin tutadi. 


Bobir ijodiy mehnatga kirishgan davrda o‘zbek adabiy tili Yassaviy, Atoiy, Boqirg‘oniy, Xorazmiy, Qutb, Sakkokiy, Lutfiy va ulug‘ Alisher Navoiy hamda boshqa o‘zbek shoirlari tomonidan ishlanib zo‘r tajriba hosil qilganidek xalq og‘zaki badiiy ijodining ham inson fikrini badiiy formada ifodalash sohasidagi ko‘p asrlik tajribasidan yig‘ilgan boyligi mavjud edi. Zahiriddin Muhammad Bobir lirik she’rlarni yaratishda ana shu ikki traditsiyadan barakali foydalandi. Bobir lirikasini chuqurroq o‘rganilsa, u harbiy yurishlar bilan turli yurtlarda daydib yurgan vaqtlarida ham ijodiy ishni qunt bilan davom ettirganligi, xalq ijodi, xalqning boy tili, o‘zidan oldin o‘tgan klassiklar asarlarini tinmay mutolaa qilib yurganligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. 


Bobir lirikasida asosan inson kechinmasi, ruhiy holati, kayfiyati o‘z ifodasini topgan bo‘lib, uning hamma lirik asarlari – g‘azallar, ruboiylar, tuyuq va fardlarining asosiy lirik qahramoni haqiqiy oshiq, jahongashata shoir Bobir va uning sevgan mahbubasi – go‘zal yor, vafodor do‘st, sevimli diyor obrazidir.


Qahramonning sarguzashti Bobir lirikasida asosan ishq-muhabbat, visol, ishtiyoq, sog‘inish, yorning tavsifi, yordan arazlash, hijron va uning dard-alamlari, vafosizlik hasrati, do‘stlik sadoqati, mehru vafo, shafqat mavzularida ifodalanadi.


Bobir she’rlari kichik hajmda, nihoyatda ixcham ishlanib, quyma holiga keltirilgan g‘azallardirki, ularning ko‘pi ham 16 misradan oshmaydi. Bobir g‘azallarining ko‘pchiligidagi yana bir ajoyib xususiyat shundaki, ular voqeaband tuzilishidan tashqari, epik asarlardagiga o‘xshagan mazkur g‘azalda qo‘yiladigan masalaning tuguni uning birinchi baytida aytilib, qolgan misralarida u rivojlantiriladi:


Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,

She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati.

Yoz faslida chog‘ir ichmakning o‘zga holi bor, 

Kimga bu nash’a muyassar bo‘lsa, bordir davlati. 

Ishq dardini chekib har kimki topsa vasli yor, 

Ul zamon bo‘lg‘ay unut yuz yilgi hijron shiddati.

Do‘stlarning suhbatida na xush o‘lg‘ay bahsi she’r,

To bilingay har kishining tab’i birla holati.


Bu g‘azalda kuylanayotgan uch ish uch vaqtga bog‘lanib, uning natijasida kelib chiqadigan oqibat ko‘rsatiladi, bu, she’rning g‘oyaviy mundarijasini tashkil etadi: yoz faslida do‘stlar bilan may ichib suhbat qurish, unda she’riy mutolaa, hijron so‘nggidagi visol shodligi. Bobirning maqsadi o‘sha zamondagi zuhd, taqvo, g‘iybat va bo‘hton, fisq-fujurlarga nisbatan insonni nafratga chaqirish edi. 


O‘z she’rlarining mazmuni va formasiga yaxshi e’tibor bergan Bobir, she’riyat – umuman poeziya oldiga yuksak talablar qo‘yadi. Bobir zo‘r mazmun, chuqur falsafiy fikrlar – insonlarning ilm-ma’rifat, yaxshi xulq-atvor hosil etishga chaqirish, do‘stlik, vafodorlik, yor-diyor haqidagi qarashlarini kichik hajmdagi she’rlarida ifodalay olgan zo‘r so‘z san’atkoridir.


Bobir she’rlarining temalari turlicha bo‘lishiga qaramay, unda do‘st-yor, mahbub, vatan-diyor temasi birinchi o‘rinda turadi. U ana shu maqsadni ifodalashda turlicha priyomlarga murojaat qiladi. Bobirning sevgan priyomi she’riy taviriy vositalaridan biri sodda, ko‘pchilik xalq tushuna oladigan sifatlash (epitet) dir. U do‘stlikning qadr-qimmatini ulug‘lab yozadi: 


Menga osondir bo‘lsa agar yuz, ming tuman dushman,

Vale bo‘lmoq jahonda, ey ko‘ngil, beyor mushkuldir.


Bobir tasviridagi yorning, bizningcha, faqat mahbub ma’nosidan tashqari do‘st, ulfat, o‘rtoq, hamdard ma’nolari ham bordir. Haqiqiy vafodor do‘st, sadoqatli yor obrazini shoir ehtiros bilan yaratadi. Yor-do‘st so‘zi Bobir uchun har qanday narsalardan aziz va mo‘tabar tuyuladi:


Ko‘ying ichra gar saqar bo‘lsa, magar jannatcha bor,

Jannat o‘lsa kirmagum, sensiz ne imkon topqamen.


Bobir din-tasavvufdagi jannatning lazzatini ham faqat yor-do‘st bilan birgalikda deb tasavvur qiladi. Shuning uchun shoirga “narigi” dunyoning do‘zax azobi yor-do‘st, diyordan ajralish azobi oldida hech gap emasdek tuyuladi. Diniy tasavvurdagi do‘zax o‘ti – hamma tushunadigan, qo‘rqadigan vahimalik abstrakt narsa. Bobir buni hajr o‘tiga nisbatan uchquncha tasavvur qilib original mubolag‘a yaratadi. 


Bobir she’rlarida tasviriy vositalarning ko‘pchilik qismi aralash holda ishlatiladi. U sifatlash bilan bir qatorda qochirim (parallelizm), o‘xshatish, metafora, metonimiya, kinoya, mubolag‘aga va boshqalardan ham lirik qahramonning his-tuyg‘u, hayajonini bo‘rttirib ko‘rsatish uchun foydalanadi va o‘zi original tasviriy vositalar yaratadi. Bobir ko‘pchilik she’rlarida yor-diyor va do‘stlar suhbatini gul, oyga, raqib va hijronni tikan va zulmatga o‘xshatadi, natijada original tashbihlar yaratadi:


Bobir ul gul javr etar, ag‘yordin ne yaxshilig‘,

Gulning ozori bul o‘lsa, vah bo‘lg‘ay xorning


Yoki: 


Gahi sog‘in ne bo‘ldi zorlarni,

Unutmag‘il burunqi yorlarni.

Yuzingdin ayrumon xor, ey azizim, 

Kishi guldin ayurmas xorlarni. 


Bobir do‘st-yor firoqida yozilgan she’r, to‘kilgan ko‘z yoshini bir-biriga bog‘lab, dengiz, kon va undagi qimmatbaho toshlarga qochirim yo‘li bilan nisbat beradi: 


Qon yoshimni hajrida, she’rimni vasfida ko‘ring,

Kim bu yanglig‘ duru gavhar qaysi bahru kon berur.


Bobir ko‘pchilik g‘azallarida o‘xshatiladigan predmet bilan uning o‘xshashini shunday ustalik bilan keltiradiki, natijada ikkalasi ajratib bo‘lmaydigan bir birikma obrazni hosil qiladi: 


Ko‘zumda muttasil ul egma qosh kerak bo‘lsa,

Qoshimda ko‘z yorug‘i ul quyosh kerak bo‘lsa.

Sujud vaqtida mehrob o‘lmasin hargiz, 

Ki bosh qo‘yarda o‘shal egma qosh kerak bo‘lsa.

Qo‘yub oyog‘iga bosh, so‘rsa la’lidin har kim,

Boshig‘a tuprog‘u og‘ziga tosh kerak bo‘lsa. 


Bu misralarda istiora, kinoya, qochirim, mubolag‘a, parallelizm kabi tasviriy vositalar birikib ketganidek, unda ajoyib tardi aks san’ati ham bordir.


Tardi aks san’ati misralardagi so‘zlar o‘rnini almashtirib ishlatish yo‘li bilan avvalgi misradagi ma’nodan boshqacha fikr chiqarish priyomidir.


O‘zbek adabiyotida mo‘htamalot deb atalgan tuyuq she’riy janr ancha rivojlangan. Bu – ruboiylarning bir turi bo‘lib, qofiya o‘rnida shakldosh so‘zlar ishlatilganidan, bu she’rni yozish shoirdan chuqur bilim, xalq tili boyligini ko‘p bilishlik talab etar edi. Bobir bu janrda ham qalam yuritib, uni rivojlantirgan shoirdir.


Bobir ba’zi she’rlarini shunday yozganki, u she’rning misralari teskari o‘qilsa, boshqa vazn, qofiyali alohida bir she’r hosil bo‘ladi.


Bobir o‘z she’rlarida o‘zbek tilining butun tasviriy ifodalash vositalaridan to‘la foydalanadi. Inson ichki dunyo kechinmalari – qayg‘u, alam, intizorlik, firoq, hijron alamlarini lirik qahramon obrazida real aks ettirdi. Do‘st-yor obrazini o‘ziga xos nafosat bilan tizib ko‘rsatdi. Bu sohada badiiy mahoratini namoyish qildi. Uning quyidagi g‘azali shu jihatdan xarakterlidir: 


Xating aro uzoring sabza ichinda lola,

Ul chashm pur xumoring loladagi g‘izola.

Barcha parilar ey jon, ko‘yingda zoru xayron, 

Go‘yo erur namoyon oy tegrasida hola. 

Mehru vafoni ag‘yor ko‘p ko‘rdi sendin, ey yor,

Jabru jafoni bisyor qilding menga havola. 

Hajringda ey pariro‘, ko‘zumdin uchdi uyqu,

Har kecha toshta tegru ishimdur ohu nola. 

Yuz safhasida xatlar yoshdinki har taraf bor,

Ishqingda Bobir aylar bu nav yuz risola.


Bu g‘azalda Bobir yuzni lolaga, ko‘zni lola ichidagi qora dog‘ga (Yoki boshqacharoq aytganda, shoir mahbubasining ko‘zini lola ichidagi qora dog‘i kabi ohuning charos ko‘zlariga tashbeh bermoqda. -Sh.R.), mahbubni oyga, uning atrofidagilarni oy tevaragidagi yulduzlarga o‘xshatmoqdaki, bu Bobir zamonasidagi adabiyotda yangilik edi. 


Bobir insonlarni shod-xurramlikka chaqirar ekan, o‘z lirik qahramoni, o‘z sarguzashtini unga qarama-qarshi qo‘yadi: 


Bo‘lmadim umrimda birdam xotiri xurram bila, 

Gar ilkdin kelsa bir damni kechurmang g‘am bila.


G‘am-qayg‘u, kulfat chekish inson tirikligi uchun xatarli ekanligini yaxshi bilgan shoir har qanday holatda insonga dalda berib, shod-xurram yashashni maslahat beradi:


Har nimag‘a g‘am yema, g‘am ko‘p turur,

Aysh bilan o‘zni ovutmoq kerak...

Qo‘yma mashaqqat aro Bobir ko‘ngul,

O‘zni farog‘at bila tutmoq kerak.


Toj-saltanatga yetganda ham Bobir mehnat elini unutmaslikka chaqiradi va shu haqda: 


Davlatg‘a yetib mehnat elin unutma,

Bu besh kun uchun o‘zungni asru tutma – deb nasihat qiladi. 


Bobir o‘z she’rlarining xalqchilligini oshirish uchun xalq maqollari, atama, idiomalaridan foydalanganidek, xalq urf-odati, mavsum-marosim she’rlaridan ham foydalandi.


Bobir yaratgan lirik qahramon yor-do‘st, diyorga yetishish tilagidan tashqari ilm-hunar egallash orzusiga ham egadirki, bu xil she’rlarda shoirning ma’rifat, ilmga hurmat g‘oyalari aks etgan. Ularda shoir xalqqa ilmni targ‘ib qilgan: 


Kim yor ilm, tolibi ilm kerak, 

O‘rgangali ilm, tolibi ilm kerak.

Men ilm tolibiyu tolibi ilm yo‘q,

Men bormen ilm tolibi, ilm kerak. 


Bobir lirikasi XV-XVI asr hayotini, u davrdagi inson kechinmalarini o‘rganishda katta ahamiyatga ega.


Bobir she’rlarini qunt bilan tanqidiy o‘rganishni talab etadi. Bobirning lirik merosi o‘zbek sovet poeziyasini rivojlantirishda ham shoirlarimizga jahon klassiklari va ulug‘ rus yozuvchilarining asarlari qatorida namuna bo‘la oladi. 


H. RAZZOQOV

O‘zbekiston madaniyati. –1958. –12, 16 apr. (O‘zbekcha); Некоторые мнения о художественных свойствах лирики Бабура.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0