Bobir marshruti qanday, u qayerda bo‘lgan? Bu masala ham Bobir hayotini yozish uchun g‘oyat zarur, ammo juda mushkul.
Shuni aytib o‘tishimiz kerakki, «Bobirnoma»ning talay qismi (ehtimol, hozirgidan ancha kattaroq qismi) qo‘lyozma holida yo‘qolib ketgani sababli Bobirning geografik merosi haqidagi xulosalarimiz mukammal va aniq bo‘la olmaydi, chunki Bobirning o‘zi borgan va ko‘rgan joylarining hammasini oxirigacha bila olmasak kerak. Umuman, «Bobirnoma»da bir mingtacha geografik nom – mamlakat, shahar, qishloq, qalʼa, dasht, tog‘, dovon, dara, daryo, ko‘prik, kechuv, ko‘l, chashma, bog‘, yaylov, o‘tloq va boshqa xil joylarning nomlari tilga olinadi. Bulardan tashqari, Bobir uzoq-uzoq mamlakatlarning (Arabiston, Iroq, Eron, Ozarboyjon, Rum, Tibet, Xitoy, Koshg‘ar) nomlarini keltirganki, bu – Bobir dunyoviy saviyasining ancha kengligidan dalolat beradi.
Lekin shuncha nomning ichida Bobir o‘zi bevosita ko‘rganlarini tanlab olish oson emas. Buning ustiga, XV- XVI asr toponimiyasi (nomlari) hozirgidan ancha farq qiladi, yo‘llar ham o‘zgarib ketgan. Shuning uchun, Bobir marshrutini chizishda bir qancha taxminlar qilishga majburmiz.
Masalan, Bobirning Farg‘onadan Afg‘onistonga ketgan yo‘lini qanday chizsa bo‘ladi?
1504 yil boshida Bobir Farg‘onada edi. 1505 yil oxirida esa Hisorga borib qoladi. Oradagi deyarli bir yarim yillik voqealar nomaʼlum. Farg‘onadan Hisorga qanday qilib o‘tganini bilmaysiz. Buni quyidagicha taxmin qilish mumkin.
Samarqand – Qarshi orqali Hisorga yurish mumkin bo‘lmagan, chunki Shaybonixon yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Samarqand – Zarafshon vodiysi orqali ham yurish xavflidir, - u yerlarda Shaybonixon tarafdorlari hukmronlik qilgan.
Bobir Farg‘ona vodiysidan oxirgi martaba ketganda baland tog‘larni (Olay va Qorategin) oshib, Mascho qishlog‘idan o‘tib, G‘arm va Obigarm orqali Hisor vodiysiga tushgan bo‘lsa kerak.
«Shaybonixon Toshkand va Shohruhiyani olg‘on mahalda (men) So‘x bilan Xushyor ko‘hpoyalarig‘a kelib, bir yilga yovuq tansiqliq bila o‘tkarib, Kobul azimati qildim» (61) deydi Bobirning o‘zi. Mascho rayoni Bobirga ilgaridan maʼlum edi. Uning onasi va xotini yoz oylarida shu yerda dam olishgan. Qirg‘izistonning shu atrofdagi Laylak rayonida Bobul qishlog‘ihamborki, uaslida Bobir qishloqdir. Rivoyatga ko‘ra, Bobirning askarlaridan bir to‘dasi shu yerda qolgan va qishloq tuzganlar.
Bobir Mascho va Obburdon (Obi burdon) qishloqlariga kelganida, katta toshlarga o‘yma xat yozdirgani va hatto o‘z qo‘li bilan ham xat yozib qoldirgani maʼlumdir. Bu haqda «Bobirnoma»da (1502 yil voqealari) shunday deyilgan: «Obburdon dovoni bila Mascho ko‘histonig‘a oshtuk. Maschoning quyig‘i kenti Obburdondur. Bu Obburdondin quyiroq bir chashma tushubtur, bu chashma boshida mozoredur. Ushbu chashmadin yuqori Mascho doxilidur. Quyi Falg‘arg‘a taalluqdur. Ushbu chashma boshida, chashma yoqasidag‘i toshida qazib, bu uch baytni sabt ettim:
Shunidamki, Jamshidi farrux sirisht,
Ba sarchashmaye bar sange navisht:
Barin chashma chun mo base dam zadand,
Biraftand to chashm barham zadand.
Giriftem olam ba mardiyu zo‘r,
Va lekin naburdayem bohud bagur (Eshitdimki, qutluq tabiatli Jamshid bir bulog‘ boshida tosh ustiga shunday deb yozgan ekan: bu bulog‘ tepasida bizlar singari ko‘p kishilar kelib o‘lturdilar, ketdilar va yo‘q bo‘ldilar. Olamni mardlik va zo‘rlik bilan oldik, lekin o‘zimiz bilan go‘rga eltmadik).
Ul ko‘histonda bu rasmdurkim, toshqa qazib abyot va nimalar bitirlar» (155).
Ammo bu toshning o‘zi qayerda qolib ketganligi so‘nggi yillargacha nomaʼlum edi. 1927 yilda eronshunos olim M.S. Andreyev Tojikiston tog‘larida ekspeditsiyada ekanida mahalliy aholidan Bobirning tosh taxti borligini eshitgan. “Oburdon dovonidan O‘ratepaga ketaverishda Ovchi va Yangiariq qishloqlari o‘rtasidagi darada Bobirning Daxkat qishlog‘ida turganligini bilib oldik. Mahalliy aholi shu yerda katta tegirmon toshiday keladigan bir yassi toshni “taxti Bobir” deb aytdilar. Rivoyatga ko‘ra, Bobir shu yerdan o‘tib ketaturib xushmanzara bir joyda xordiq va taom uchun to‘xtagan. Uning askarlari katta bir tekis toshni topib, uning tagiga yana boshqa mayda toshlarni oyoq qilib, o‘rtaosiyocha taxtga o‘xshatib qo‘ydilar. U toshni haligacha “taxti Bobirxon” deb atashadi. Haqiqatan ham Bobir o‘sha davrda xuddi shu nom bilan mahalliy aholiga maʼlum bo‘lishi kerak edi. Uning nomi shu vaqtgacha bir iborada ishlatiladi: “E, bu narsa Bobirxon zamonida bo‘lgan” bamisoli “Doqiyunusdan qolgan” deganday (Ekspeditsiya v Yagnob v 1927 godu pod rukovodstvom S.M. Andreyeva, Byulleten SAGU, vыp. 17, Tashkent, 1928, str. 168).
1941 yilda kolxozchilar Shorox qudug‘ini (bu quduq Obburdon qishlog‘ining chekkasidadir) qazish vaqtida, bir metr chuqurlikda yotgan katta bir toshni chiqardilar. Toshning bir tomonida har xil yozuvlar bor, jumladan Bobirning xatlari ham bor ekan.
Tojik arxeologi A. Muxtorov 1953 yilda shu yerga maxsus borib, toshni tekshirdi va uni Dushanbaga keltirdi, so‘ng uning yozuvlarini matbuotda eʼlon qildi (A. Muxtorov. Nadpis sultana Zaxiriddina Babura na kamne v Matche. Izvestiya otdeleniya obщestvennыx nauk AN Tadj. SSR, № 5, 1954, str. 109-115. Yana: A. Muxtarov. Tadjikskiye i drugiye nadpisi na skalax i kamnyax v verxovyax Zeravshana i ix nauchnoye znacheniye. Materialы pervoy vsesoyuznoy nauchnoy konferensii vostokovedov v g. Tashkente, str. 671-672). Keyinchalik A. Muxtorov ekspeditsiyasi Tojikiston tog‘larida yana 4 ta tosh bitik topdi, ularda ham Bobirxon nomi yozilgan.
Yana, G‘arm va Xayit rayonlaridagi qadimiy qalʼalarning vayronalari ostidan topilgan turli-tuman sopol idishlar, harbiy anjomlar orasida Sulton Bobir mirzo nomi yozilgan tangalar ham bo‘lgan.
Afg‘onistondagi baʼzi marshrutlar ham, Hindistonning g‘arbi va janubidagi marshrutlar ham shu yo‘sinda bilvosita chiziladi. Bobir Toshkent, Piskent va Ohangaronda bir necha marta bo‘lgan.
U hatto Xitoyga safar qilish niyatida ekanini ham eslaydi: “Kichiklikdan beri Xitoy sariga havasim bor edi... Xitoyga bormoqni jazm qilib, bosh olib ketmakka azm qildim”. Unda Mo‘g‘uliston (hozirgi Qozog‘istonning janubi sharqiy yerlari) va Turfonga (G‘arbiy Xitoydagi uyg‘ur shahri) borish istagi ham bo‘lgan. (159).
«Bobirnoma»da baʼzan Mo‘g‘uliston tabiati boshqa joylarning tabiatiga qiyos qilinadi (198- bet). Bundan u Mo‘g‘ulistonni o‘zi ko‘rganligini taxmin qilsa bo‘ladi. Agar bu o‘rinli topilsa, Bobir hozirgi Janubiy Qozog‘iston yerlariga ham borgan bo‘ladi. Ammo Toshkent atroflarida bo‘lgani aniq.
Farg‘ona vodiysida Bobir borgan eng sharqiy joy O‘zgan shahridir.
O‘zbekistonning g‘arbi, Buxoro va Qarshi ham Bobirga yaxshi tanish bo‘lgan.
Bobir Eron bilan Afg‘oniston chegarasida o‘sha davrning eng yirik poytaxtlaridan bo‘lgan Hirotda bir necha vaqt turgan.
Bobir borgan eng janubiy shahar qaysi? degan savolga ham javob bermoqchimiz. Bobir Hindistonda, Gang daryosining vodiysi bo‘ylab ancha janubga, taxminan Gang daryosi bilan Braxmaputra daryosining qo‘shilgan joylarigacha, yaʼni qalin to‘qayzor, changalzorgacha borgan bo‘lsa ehtimol. Garchi u okeanning borligini bir necha bor taʼkidlasa ham, lekin Bangola (Bengaliya) qo‘ltig‘ini, okeanni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdimi-ko‘rmadimi aytolmaymiz.
Baribir, Bobir Bangola changalzorlarigacha kelgan bo‘lsa ham ko‘p turmagan, tezdan Agraga qaytgan, chunki unga, birinchidan, Bangolaning nam, issiq va seryog‘in havosi yoqmas edi, ikkinchidan, o‘sha davrda Bobir imperiyasining markazida siyosiy vaziyat birmuncha notinch bo‘lgan.
Bobir bir o‘rinda yanglish maʼlumot ham beradi. U aytadi: “Sayxun, yaʼni Sirdaryo, Farg‘onaning sharq va shimoli tarafidan kelib, bu viloyatning ichi bilan o‘tib, g‘arb sari oqadi, so‘ngra Xo‘janddan shimol tarafga ketib, «Turkiston saru borur. Turkistondan hili quyiroq, bu daryo qumg‘a singar, hech daryoga qotilmas» (60).
Ehtimol Bobir, Sirdaryoning bir tarmog‘i qurib qolgan tarmog‘i to‘g‘risida eshitgan bo‘lib, shunday degandir. Nechun, o‘rta asrlardagi boshqa baʼzi sayyohlar ham Sirdaryoning qumlar orasida g‘oyib bo‘lishini aytadilar. Bu masala yanada aniqlanishi kerak. Har holda bu nuqson – Bobir ijodida istisnodir.
XIX asr boshida, «Bobirnoma» ingliz tiliga tarjima qilinishi munosabati bilan, hindistonlik (Sind viloyatidan) Said Izzatulla ismli bir shaxs Bobir tilga olgan shaharlarni sayohat qilib chiqqanligi maʼlum. U Afg‘onistonda, Qashqarda, Farg‘ona (O‘sh-Andijon-Xo‘jand-O‘ratepa) va Samarqandda ham bo‘lgan, o‘z tekshirishlarini, ehtimol – kuzatishlarini fors tilida batafsil yozib qoldirgan. Uning hisoboti Londonda, Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Ammo mazmuni bizga maʼlum emas. Umuman, eʼlon qilinmagan bo‘lsa kerak. Har holda, tarixiy geografik nuqtai nazardan ahamiyati bordir.
Hamidulla HASANOV
Zahiriddin Muhammad Bobir: (Hayoti va geografik merosi). – Tuzatilgan va to‘ldirilgan 2-nashri. – Tsh. : O‘zbekiston, 1966. – 72 b. B. 29-34.: rasm. (O‘zbekcha); Маршрут Бабура. Хасанов, Хамидулла. – Захириддин Мухаммад Бабур: (Его жизн и географическое наследие).
Fikr qoldirish#