Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobir – sayyoh va tabiatshunos

«Bobirnoma»ni o‘qigan va o‘rgangan har kishi uni tabiiyot va geografiyani yaxshi bilgan kishi yozgan, degan xulosaga keladi. Bobirdagi ayni shu xususiyatning, yaʼni uning o‘lkashunosligi va olimligining manbalari bilan qiziqsangiz, u tasodifiy emasligiga ishonasiz. U jahongashta va olim, geograf va tabiatshunos bo‘lishi uchun, nodir asarlar yaratish uchun yoshligidanoq tayyorlangan, bunga uning ajoyib sarguzashtlari puxta zamin bo‘lgan.

Zahiriddin juda yoshligidan savod chiqargan, o‘z murabbiylaridan qunt bilan taʼlim olib, turkiy, forsiy va arab tillaridagi adabiyot bilan tanishgan. Zahiriddin hali yosh bir bola ekan, Hirot, Qunduz va Balxdan kelib-ketib turgan amaki va tog‘alari bilan uchrashar, ularning turli sarguzashtlarini eshitardi. Zahiriddin o‘sha vaqtdayoq o‘lkamiz (O‘zbekiston)ning geografik qiyofasini ko‘z oldida tutgan, yangidan- yangi xabarlar eshitgan, uning geografik saviyasi kun sayin kengayib borgan.

Zahiriddin sayohatlarni sevgan, safarlarda toblangan. «Dahkat – O‘ratepaning ko‘hpoya kentlaridandur, ulug‘ tog‘ning tubida tushubtur. Dahkatda ekanda Dahkatning gird va navohisidag‘i tog‘larni hamisha yayoq yurib, sayr qilur edim. Aksari yalang oyoq yurur edim. Yalang oyoq ko‘p yurgandin, oyoqlarim andoq bo‘lib edikim, tog‘ va tosh tafovut qilmas edi» (153) deydi. Andijonning shimolidagi bir «qishloqda ekanda har ikki- uch kunda ovg‘a otlanur edim. Ulug‘ changallarni o‘rtab, bo‘g‘u-maral ovlar eduk. Ushoq changallariga charga solib, qirg‘ovulg‘a qush solib kezlar eduk» (128).


Zahiriddin 15-16 yoshga to‘lganda, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent oralig‘ini bir necha martaba kezib chiqqan edi. U endi 19 ga kirgan yili Hisor tarafidan toqqa ko‘tarilib, Fondaryo va Iskandarko‘l orqali Zarafshon vodiysiga o‘tib, Samarqandga kelgan. Bobir deydi: «Kamrud daryosiga kirib, yuqori boqa yurudik. Tangi va uchma yo‘llarda, tund va tez ko‘tallarda qalin ot va teva qoldi. Uch-to‘rt ora qo‘nub, sira tog‘ ko‘taliga yettuk. Ko‘tal va ne nav ko‘tal, hargiz mundoq baland va tang ko‘tal ko‘rulgan emas, hech vaqt mundoq tangi va uchma yo‘llar bila yurulgan emas. Ko‘p tashvish va suubat bilan, yuz ranj va mashaqqat bila muhlik baland va tang ko‘tallardin oshib, Fon navohisig‘a kelduk» (137).

Bobirning bu jasurona safari bundan 450 yilcha ilgari bo‘lgan. Xuddi shu tog‘larda hozirgi kunda ham yurish nihoyatda og‘irdir. Bobirning bu tog‘ oshishi alpinizm jihatdan ham taqdirga sazovordir. 

Bobir o‘lkani bilgan kishilarni hurmat qilgan, ularning qadriga yetgan va ular bilan hamisha maslahatlashgan. Biron safarni boshlashdan avval «Yer-suv bilur kishilarni chorlab», atrof va tomonlar surishtirilar edi, deydi.

Xullas, Bobir 21 yoshigacha Farg‘onadan Buxorogacha, Toshkentdan Hisor va Hirotgacha barcha shahar va qishloqlarni, yo‘llar va ko‘priklarni, dasht va tog‘larni aylangan, chuqur dara va sho‘x soylarni kechgan.

«Yigirma kunkim, Hirida (Hirotda) edim, har kunda ko‘rmagan yerlarni otlanib sayr qilur edim. Bu yigirma kunda mashhur sayrgohlardin bir Sulton Husayn mirzoning xonaqohidin o‘zga yer ko‘rulmagan shoyad qolmadi ekin», deydi Bobir va ko‘rgan joylari orasida shahar darvozalari, hovuzlar va maqbaralarni ko‘rsatib, Alisher Navoiyning bog‘chasi, «Alisherbekning o‘lturur uylarikim, Unsiya derlar, maqbara va masjidi jomeʼnikim, Qudsiya derlar, madrasasi va xonaqohinikim, Xalosiya va Ixlosiya derlar, hammom va dorush-shifosinikim, Sofoiya va Shifoiya derlar, borini andak fursatda sayr qildim» (255). 


Bobirning qahraton qishda, qalin qor ustidan yurib, Hinduqush tog‘laridan oshgani ham mardonavor safardir. U podshoh bo‘la turib, o‘zi qorni kavlab g‘or yasab, bo‘rondan saqlanib yotgani ham taʼsirlidir. Bu hodisa shunday tasvirlangan: qo‘limga kurak olib, qor kurab o‘zimga bir joynamoz miqdori yer yasadim, qorni ko‘ksimgacha qozdim, hanuz yerga yetmaydir edi. Harna yelga panoh bo‘ldi. O‘sha g‘ordayoq o‘ltirdim. Yigitlarim: katta g‘orga keling, deb har necha dedilarkim, bormadim. Ko‘ngulga keldi: barcha kishilarim qorda va bo‘ronda qolsa-yu, men issiq uyda va istirohat bilan yotamanmi, dalada barcha odamlar tashvish bilan mashaqqatda yursalar-u, men katta g‘or ichida uyqu bilan farog‘atda turamanmi? Bu nomardlik bo‘lardi, bu hamjihatlikdan yiroq ishdir. Men ham har tashvish va mashaqqat bo‘lsa ko‘rayin, har nechuk el toqat qilib tursa turayin. Bir forsi masal bor: Marg boyoron surast (do‘stlar bilan birga o‘lsang – to‘ydir). O‘shondoq bo‘ronda o‘zim qazib yasagan qor chuqurda o‘ltirdim. Namoz xuftangacha qor ancha bo‘ron bilan yog‘dikim, men engashib o‘tirib edim, orqamga va boshimga va quloqlarim ustiga to‘rt ellik qor bor edi (257). 


Nihoyat, uning 35 yilcha umri shunday og‘ir va qaltis, tavakkal va jurʼatli safarlarda o‘tdi, u o‘n minglab kilometr yo‘l bosdi. Farg‘onadan Bangolagacha bordi. Shunday qilib, u chinakam sayyoh va olim uchun zarur bo‘lmish barcha fazilatlarni egallagan edi. 


Hamidulla HASANOV. 

Zahiriddin Muhammad Bobir: (Hayoti va geografik merosi). Tuzatilgan va to‘ldirilgan 2-nashri. – Tsh. : O‘zbekiston, 1966. – 72 b. B. 26-29.: rasm. (O‘zbekcha); Бабур путешественник и естествоиспытатель. Хасанов, Хамидулла. – Захириддин Мухаммад Бабур: (Его жизнь и географическое наследие).

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0