Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobiriylar davri miniatyura san’ati

Markaziy Osiyo xalqlari tarixida Temuriylar davri o‘zining sotsial-iqtisodiy munosabatlari, siyosiy tuzumi va madaniyat taraqqiyoti bilan boshqa davrlardan alohida ajralib turadi (Temuriylar davri xronologik chegarasining boshlanishi XIV asrning oxirgi choragidan belgilanib, tamomlanishi XVI asrning birinchi choragiga to‘g‘ri keladi). Ana shu davrning yirik vakili bo‘lgan Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roliga O‘zbekistan SSR Fanlar akademiyasining akademigi I.M. Mo‘minov quyidagicha ilmiy-obyektiv baho beradi: «Temurning O‘rta Osiyoda, Movarounnahrning hozirgi Qashqadaryo oblast Shahrisabz yaqinidagi Xo‘jailg‘or qishlog‘ida barlos begi Tarag‘ay oilasida dunyoga kelishi sof tasodifiyat, albatta. Lekin bunday shaxsning yuzaga kelishi davrning, zamonning taqozosi, Chig‘atoy ulusining zulmi, mayda feodal beklarning vahshiyona ezishi, mo‘g‘ul xonlari, Oltin O‘rda beklarining Movarounnahrdagi to‘xtovsiz bosqinchilik yurishlaridan azoblangan, xonavayron bo‘lgan, 150 yil davomida chet el hukmronligidan tinkasi qurigan mamlakatning, xalqning mustaqillikka erishish talabi edi. Bu tarixiy zaruriyat Temurda, uning lashkarboshilarida ravshan ko‘rindi. Temur davlat arbobi sifatida ma’lum darajada bu ehtiyojni, talabni, zaruriyatni o‘zida aks ettirdi, ya’ni Movarounnahrda mustaqil, markazlashgan davlat tuzdi, mamlakat ehtiyojlariga javob berdi» (I. Mo‘minov . Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli, Toshkent, «Fan» nashriyoti, 1968, 49-50-betlar).


Temuriylar davri juda murakkab sotsial-tarixiy qarama-qarshiliklar va mehnatkash xalqi chidab bo‘lmaslik darajada ekspluatatsiya qilish bilan bir vaqtda, insoniyat bilimining barcha sohalarida shunday taraqqiyot darajasini ta’minladiki, bu faqat feodal munosabatlarining yuqori taraqqiyot bosqichi sharoitidagina mumkin edi.


O‘rta Osiyo xalqlaridan yetishib chiqqan buyuk tafakkur egalarining butun bir pleyadasi xuddi shu davrda yashab, ijod etdi. Butun dunyoga nomlari mashhur tarixchilar: Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy; olimlar: Ulug‘bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy; faylasuf-shoirlar: Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy; rassomlar: Behzod, Qosim Ali, Mirak Naqqosh, Mahmud Muzahhib; xattotlar: Sultonali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Muhammad bin Nur, Darvesh Muhammad Toqiy va juda ko‘p boshqa shaxslar shular jumlasidandir.


Bu pleyadaning sunggi vakili Temuriylar xonadonidan chiqqan buyuk o‘zbek shoiri, olimi, davlat arbobi Bobirdir.


Zahiriddin Muhammad Bobir 1483 yil 14 fevralda Andijon shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Umarshayx Mirzo – Temurning nabirasi – Farg‘ona mulkining hokimi edi. Zahiriddinning onasi Qutlug‘ Nigor begim Toshkentning mashhur feodal zodagonlaridan Yunusxonning qizi bo‘lgan (Yunusxonning qabri hozirgi paytda Toshkent shahridagi Oktyabr rayoni territoriyasida (Shayxantavurda) joylashgan va u O‘zbekistan SSR davlati tomonidan XV asr yodgorligi sifatida qo‘riqlanadi.). Bobirning yoshlik yillari Farg‘onada o‘tdi. Shubha yo‘qki, u dastlabki ma’lumotni Andijonda, asosan o‘z ona tilisi bo‘lgan o‘zbek tilida olgan.


Mirzo Bobirning ijtimoiy-falsafiy qarashlari, uning estetik ta’bi va ilmiy qiziquvchanligi Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy va boshqa Sharq klassiklarining genial asarlari ta’sirida shakllandi.


Otasi vafotidan keyin, 1494 yili 12 yoshli Bobir Andijon taxtini egallab, Farg‘ona mulkining hukmroni bo‘lib qoldi.


Temuriylar imperiyasiga qarashli ko‘pchilik yerlar o‘sha paytda Shayboniylar tomonidan ishg‘ol qilingan edi. Temuriylar imperiyasining jahonga mashhur poytaxtini Shayboniyxondan ozod qilish uchun Bobir Samarqandga ikki marta (1493, 1500-1501) yurish qilgan bo‘lsa ham, muvaffaqiyat qozonolmadi. Shundan so‘ng Bobir o‘ziga sodiq bo‘lgan bir guruh qo‘shini va qarindoshlari bilan Kobul tomonga yo‘l oladi. Bu voqeani Bobirning qizi Gulbadanbegim o‘zining mashhur «Humoyunnoma» asarida quyidagicha bayon qilgan: «To‘liq o‘n bir yil davomida, Movarounnahr o‘lkasida chig‘atoy sultonlari bilan shunday janglar va mudofaalar qildilarki, ularning sonini to‘la bayon qilishga qalam tili ojiz va nuqsonlidir... Ikki yuz kishi, piyoda, yelkalarida chopon, oyoqlarida choriq, qo‘llarida tayoq bo‘lgani holda beyaroq, xudoga tavakkal qilib, Badaxshon va Kobulga qarab yo‘l oldilar» (Gulbadanbegim. Humoyunnoma, Toshkent, O‘zSSR FA nashriyoti, 1959, 24-25-betlar).


Farg‘ona mulkiga qaram bo‘lgan Kobulda o‘rnashib olgach, Bobir yangi lashkar tuzib, 1519 yili Hindistonga yurish qiladi. Faqat 1526 yilning aprelida Dehlining shimolida joylashgan Panipati yaqinidagi mashhur tarixiy jangdan keyin Sulton Ibrohim Ludi qo‘shinlari ustidan g‘olib kelgach, Bobir Hindistonda markazlashgan davlat Bobiriylar imperiyasini tuzadi (Yevropa tarixiy manbalarida va uning ta’siri natijasida Sharq mamlakatlarida hamda Rossiyada Bobir va uning avlodlaridavlatini «Buyuk mug‘ullar imperiyasi» deb nomlaydilar. Bu ta’rif tarixiy haqiqatga ziddir. Bunday nomlanishning xatoligini adolatli kursatib utgan akademik V.V. Bartold shunday deb yozgan edi: «Yevropaliklar Temur va uning avlodlarining kelib chiqishini mo‘g‘ullardan deb hisoblaydilar. Bobir sulolasini belgilash uchun «Buyuk mo‘g‘ullar» nomini o‘ylab chiqarganlar» - V.V. Bartold. Istoriya izucheniya Vostoka v Yevrope i Rossii, 1925 g.). Jamna daryosi yoqasidagi Agra shahrini yangi imperiyaning poytaxti qilib belgilaydi.


Bobir Hindiston taxtida besh yilgina (1525-1530) hukmronlik qildi. U 1530 yil 26 dekabrda 47 yoshida vafot etdi, Agradagi Nurafshon bog‘iga dafn etildi. Bir qancha vaqtdan keyin, vasiyatiga binoan, uning jasadi Kobulga ko‘chirilib, Bog‘i Bobirga qo‘yildi. F. Engels Kobulni ta’riflar ekan, «Uning bosh yodgorligi imperator Bobirning maqbarasidir» (K. Marks i F. Engels. Sochineniya, t. 14, str. 77), - deb ko‘rsatib o‘tgan edi.


Bobirdan 4 o‘g‘il (Muhammad Humoyun, Komron Mirzo, Mirzo Askariy, Mirzo Hindol) va uch qiz (Gulrangbegim, Gulchehrabegim, Gulbadanbegim) qolgan. Uning o‘g‘illaridan Humoyun, qizlaridan esa Gulbadanbegim o‘zining yuksak fazilatlari, bilimi va iste’dodi bilan boshqalaridan ajralib turadi.


Bobirdan so‘ng 25 yil (1531-1556) mobaynida uning katta o‘g‘li Humoyun va 50 yil davomida (1556-1605) Humoyunning o‘g‘li – mashhur Akbar imperiya taxtini egalladilar. Bu davr – XVI asr Hindiston iqtisodi va madaniyatining porloq davri bo‘ldi. Akbarning o‘limidan so‘ng 22 yil (1605- 1627) uning o‘g‘li Jahongir va 30 yil (1628-1658) Jahongirning o‘g‘li Shohi Jahon hukmronlik qildilar. Shundan so‘ng taxt Shohi Jahonning o‘g‘li Avrangzebning qo‘liga o‘tdi. U o‘taketgan diniy mutaassib bo‘lib, o‘zining 48 yillik hukmronligi davrida (1659-1707) har qanday ilg‘or g‘oya va san’at, nafosatni barbod etuvchi shaxs sifatida ish olib borgan. XVIII asrda Hindistonda paydo bo‘lgan sotsial-iqtisodiy sharoit Bobiriylar shon-shuhratining qayta tiklanishiga imkon bermadi. XIX asrning o‘rtalarida Bobiriylar sulolasi tarix sahnasidan tushib ketdi.


Shunday qilib, Bobiriylar Hindistonda 300 yil hukmronlik qildilar. Zahiriddin Muhammad Bobir faoliyati yangi sulolaning boshlanishi sifatida shuhrat topgan bo‘lsa, Avrangzeb hukmronligi uning inqirozidan bir belgidir.


Zahiriddin Muhammad Bobir o‘z davrining barkamol farzandi va qomusiy aqlga ega shaxs bo‘lgan. U o‘zining g‘ayrat-shijoati, o‘tkir aqli, nozik ta’bi, yumshoq qalbi, faoliyatining ko‘pqirraliligi bilan kishini hayratda qoldiradi. U yirik davlat arbobi, sarkarda, iste’dodli olim, dilbar shoir, san’at shaydosi va sohibi, otashin qalbli vatanparvar edi. Bobirni shohlik saltanati kam qiziqtirar, mamlakatning obodonchiligini ta’minlovchi markazlashgan davlat tuzish tashvishi unga tinchlik bermas edi. U haqda 1960 yili Bobir faoliyatini o‘rganuvchi amerikalik olim Garold Lemb shunday deb yozgan: «...Bobir, Ulug‘bek Samardandda tutgandek yo‘l tutdi, o‘zini faqat hukmron shoh debgina emas, balki inson, mamlakatni idora etishga javobgar shaxs deb bildi... Uning favquloddagi fazilatlari Akbardan boshlangan buyuk imperiyasida bir umrga o‘z izini qoldirdi» (Lamb Harold. An aspect of the character of Zahir ad-din Muhammad surnamed Babur, founder of the dynasty known as the great Mughuls of India, Trudi XXV Mejdunarodnogo kongressa vostokovedov, t. III, M., IVL, 1963, str. 221).


Ingliz sharqshunosi Eduard Golden Bobir haqidagi maqolasida Bobir shaxsi va faoliyatiga yuksak baho beradi. Bobirda buyuk qalb egasiga xos bo‘lgan barcha olijanob fazilatlar mavjud edi, uning asarlari yuksak darajada mukammallik kasb etadi, deb yozadi u. Golden o‘z fikrini davom ettirib agar Bobir davrining o‘ziga xos xususiyatlari e’tiborga olinsa, sarkarda Bobir, podsho va adib sifatida, Sezar bilan bir safdan o‘rin olishi mumkinligiga shubha yo‘q. Chunki, Bobir xarakteri Sezar xarakteriga nisbatan ko‘proq muhabbat va hurmatga loyiqdir, degan edi.


Yuksak aql-idroki, bukilmas irodasi va g‘ayrat-jasorati tufayli Bobir Movarounnahrda erisha olmagan maqsadiga Hindistonda erishdi. U Hindiston tarixida buyuk progressiv rol o‘ynagan markazlashgan hind davlatiga asos sola oldi.


Javoharlal Neru unga yuqori baho berib, shunday yozgan edi: «Bobir uyg‘onish davrining tipik vakili, zakovatli, dovyurak va tadbirkor shaxs bo‘lgan, u san’atni, adabiyotni sevgan, hayot nafosatidan lazzatlana bilgan» (Dj. Neru. Otkritiye Indii, M., IL, 1955, str. 272).


Agar biz Bobir faoliyatini o‘z salaflariga nisbatan davri uchun, xususan, Hindiston uchun keltirgan foydasi nuqtai nazaridan baholar ekanmiz, quyidagi shart-sharoitlarga alohida e’tibor berish lozim bo‘ladi: birinchidan, Bobir Hindistonni zabt etishda boshqa jahongirlar kabi zabt etilgan o‘lkani o‘z mamlakatini boyitish uchun talon-toroj qilishni oldiga maqsad qilib qo‘ymadi; ikkinchidan, Hindistondagi tarqoq feodal davlatlarni asta-sekin bir kuchli imperiyaga birlashtira borib, feodal ichki urushlar va sonsiz diniy nizolarga chek qo‘ydi. Shu xizmatlari bilan Mirzo Bobir Hindiston tarixida yangi porloq davrga asos soldi. Mamlakat farovonligi, madaniyat va ekonomikaning yuksalishiga keng yo‘l ochdi. Javoharlal Neruning: «Bobirning Hindistonga kelishi tufayli Hindistonda buyuk o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, san’at hayotida, me’morchilik va madaniyatning boshqa sohalarida yangicha serilhom taraqqiyot yuz berdi», - degan so‘zlarida Hindiston tarixida Bobir va Bobiriylarning o‘rni va roli g‘oyat ravshan va obyektiv baholangandir.


Bobir o‘zining qisqa hayoti davomida juda katta adabiy va ilmiy meros qoldirib ketdi. U ona tilisi bo‘lgan o‘zbek tilida hamda fors-tojik tilida ijod etdi. Uning muzika va harbiy ishga doir risolalaridan boshqa hamma asarlari bizgacha yetib kelgan. Bular orasida uning mashhur shoh asari «Bobirnoma» alohida ahamiyatga ega. «Bobirnoma» – Temuriylar davri o‘zbek klassik prozasining manzur namunasi va XVI asr boshidagi o‘zbek adabiy tilining nodir yodgorligidir. O‘z asarlarini dabdabali, ba’zan favqulodda murakkab, hadsiz- hisobsiz mubolag‘alar bilan yaratgan saroy tarixchilari Rashididdin, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond va Xondamirlarga qarama-qarshi Bobir o‘z memuarini g‘oyatda oddiy, ommabop uslubda, ayni vaqtda benihoyat go‘zal va ravon adabiy tilda yaratdi.


«Bobirnoma» XV asrning oxiri va XVI asrning boshlaridagi O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Hindiston xalqlari tarixi bo‘yicha qimmatbaho ma’lumotlar manbai sifatida besh asrdan buyon tarixchilar, sharqshunoslar, etnograflar, arxeologlar, tilshunoslar, adabiyotshunoslar, san’atshunoslar, geograflar, zoologlar, botaniklar va boshqa ilm-ma’rifat ahllarini bahramand qilib kelmoqda. Shu boisdan ham «Bobirnoma»ning XVIII asrdan boshlab o‘zbek tilidan lotin, golland, fransuz, nemis, ingliz, rus, hind, usmonli turk tillariga tarjima qilinishi tasodifiy hol emas. «Bobirnoma» forschaga Akbarshoh saroyida uch marta tarjima qilinib, shulardan eng muvaffaqiyatlisi Bayramxonning o‘g‘li Abdurahimxon tomonidan 1589 yil qilingan tarjimadir. Avrangzeb zamonasida “Bobirnoma”ning eski o‘zbek tilidan qayta ko‘chirtirilgan bir nusxasi fan olamida «Haydarobod nusxasi» nomi bilan mashhurdir.


«Bobirnoma»ning eng qadimgi va mu’tabar qo‘lyozmalari XVI asrning oxirgi choragiga mansub bo‘lib, Abdurahimxonning forscha tarjimasida bizgacha yetib kelgan. Ular Akbarning saroy kutubxonasida yetishgan hind miniatyura san’atining ustalari tomonidan ishlangan rasmlar bilan ziynatlangandir. Shunday qo‘lyozmalardan hozirgi paytda ikki to‘liq nusxa mavjuddir: biri – Londondagi Britaniya muzeyi qo‘lyozmasi (Or. 3714), ko‘chirilish tarixi ko‘rsatilmagan, ikkinchisi – Nyu-Delidagi Milliy muzeyda saqlanayotgani 1598 yili ko‘chirilgan. Shu bilan birga «Bobirnoma”ning XVI asr oxirida ko‘chirilib, hozirda esa yo‘qolib ketgan yana bir nusxasidan yirtib olingan, Moskvadagi Sharq xalqlari madaniyati muzeyining mulki hisoblangan 69 alohida miniatyuralar ham bor. Bu 69 miniatyura 1960 yili san’atshunos professor S. Tyulyayev tomonidan Moskvada nashr etilgan (Miniatyuri rukopisi «Babur-name» (avtor predisloviya i sostavitel S. Tyulyayev), M., Gosudarstvennoye izdatelstvo izobrazitelnogo iskusstva, 1960). “Bobirnoma”ning bizga ma’lum bo‘lgan miniatyurali ikki mu’tabar qo‘lyozmalaridan eng to‘lig‘i va miniatyuralari nihoyatda yuksak mahorat bilan ishlangan tengi yo‘q nusxasi – Britaniya muzeyinikidir. Bu qo‘lyozmadagi miniatyuralardan ayrim namunalar miniatyura san’ati mutaxassislari va men tomonimdan nashr etilgandir (1969 yil sentyabr oyida YUNESKOning Temuriylar davri san’atini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro ilmiy simpoziumi munosabati bilan «Bobirnoma»ning Britaniya muzeyi qo‘lyozmasidan tanlab olingan 32 miniatyura nashr etildi - «Bobirnoma» rasmlari, tuzuvchi Hamid Sulaymon, Toshkent, «Fan» nashriyoti, 1969). Ushbu albomda mazkur qo‘lyozmadagi 93 miniatyura birinchi marta to‘liq nashr qilinmoqda. Men Britaniya muzeyiga, xususan mening hurmatli hamkasblarim angliyalik professor Bazil Grey va Meredit-Ouenslarga yuqoridagi miniatyuralar nusxasini olishga imkoniyat yaratib berganliklari uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman. Endilikda ular O‘zbekistondagi Bobir avlodlarininggina mulki bo‘lib qolmasdan, Sharq miniatyuralarini o‘rganuvchi va go‘zallikni qadrlovchi barcha kishilar uchun ham arzigulik bir boylik bo‘lib qoladi.


Buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy o‘z davrining metsenati, XV asr ikkinchi yarmida Hirotda yashab, ijod etgan fan, adabiyot va san’at namoyandalarining ulkan homiysi edi. Hirot miniatyura san’ati maktabiga asos solgan Sharqning genial rassomi Kamoliddin Behzod ham Alisher Navoiy homiyligida tarbiya topgan ulug‘ zotlardan biridir. Behzod va uning shogirdlari (Qosim Ali, Mirak Naqqosh, Do‘st Muhammad, Shoh Muzaffar va boshqalar) ijodida yuksak bosqichga ko‘tarilgan miniatyura san’ati, Sulton Husayn Boyqaro hukmronligi 1506 yilda mag‘lubiyatga uchragach, uning keyingi evolyutsiyasi O‘rta Osiyo, Eron va Hindistonda davom etadi. XVI asrda Markaziy Osiyoning qator shaharlarida badiiy qo‘lyozma va miniatyura san’atining yangi maktablari paydo bo‘la boshladikim, ularda Behzod yaratgan Hirot maktabining eng ilg‘or an’analari mahalliy san’atkorlar mahorati bilan boyitilgan holda yangi mazmun, yangicha sayqal kasb etadi.


Sharq miniatyura san’ati tarixida qator maktablarni o‘ziga biriktiruvchi to‘rt asosiy davr mavjud: 1. Temuriylar davri – Xuroson va Movarounnahr (Hirot, Samarqand, Tabriz, Sheroz maktablari), 2. Safaviylar davri – Eron (Sheroz, Tabriz, Mashhad, Isfaxon maktablari), 3. Shayboniylar davri – O‘rta Osiyo (Buxoro, Samarqand maktablari), 4. Bobiriylar davri – Hindiston (Agra, Dehli maktablari).


XVI-XVII asrlardagi hind miniatyuralari hozirgacha ko‘pchilik olimlar tomonidan eski an’anaga ko‘ra «Buyuk mo‘g‘ullar» miniatyurasi deb nomlanib keladi. Haqiqatga zid bo‘lgan «Buyuk mo‘g‘ul» termini o‘rniga «Bobiriylar» davri miniatyurasi degan yangi terminni ilmda qo‘llanishini tarixiy jihatdan to‘g‘ri va adolatli deb hisoblaymiz.


Bobiriylar, haqiqatda, Temuriylardan bo‘lib, Temuriylar sulolasining Hindistondagi davom ettiruvchilaridir. Movaounnahr va Xurosonda Temuriylar davlatining progressiv mohiyatini ochib bergan akademik I.M. Mo‘minov ularning Hindistondagi avlodlari haqida shunday deb yozgan: «... Ayniqsa Bobir bilan Akbarshoh Hindistonda, Temur davrida O‘rta Osiyodagi iqtisodiy va madaniy taraqqiyot natijasida paydo bo‘lgan eng yaxshi an’analarni davom ettirdilar» (I. Mo‘minov. Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli, Toshkent, «Fan» nashriyoti. 1968; 44-bet). Hirot hamda o‘z vatani - O‘rta Osiyo san’ati, adabiyoti va madaniyatining o‘tkir bilimdoni Zahiriddin Muhammad Bobir O‘rta Osiyo va Eron bilan Hindiston o‘rtasida aktiv aloqalar o‘rnatib hind madaniyatini yangicha yuksalish yo‘liga boshladi.


Eron va O‘rta Osiyo xalqlari san’atining Hindiston san’atiga barakali ijobiy ta’siri o‘zining ajoyib samaralarini berdi. Xususan, Bobiriylar davri hind miniatyurasi Temuriylar, Safaviylar va O‘rta Osiyo maktablari bilan mahalliy hind maktablari an’analarining ijodiy sintezi sifatida tug‘ildi.


Bobirning o‘g‘li Humoyun Hindistondagi g‘alayonlar paytida Safaviylar sulolasidan bo‘lgan shoh Taxmosp tomonidan samimiyat bilan kutib olinadi va u bir qancha vaqt Qazvin va Tabrizda istiqomat qiladi. Humoyun Tabrizda bo‘lgan paytida rasm san’ati bilan juda qiziqadi, Behzod shogirdlarining buyuk va g‘ayratomuz asarlari uni maftun etadi. Shoh Taxmasp saroyida Humoyun mashhur rassomlar Mir Said Ali Tabriziy va Xoja Abdusamad Sheroziylar bilan tanishadi va 1555 yili Hindistonga qaytganida bu ikki rassomni o‘z saroyiga olib ketishga muyassar bo‘ladi. Behzodning shogirdi Mir Said Ali Tabriziy hind miniatyuralariga Temuriylar davri Hirot miniatyura maktabi an’analarini olib kirgan bo‘lsa, Safaviylar davri Eron miniatyurasi an’analari Hindistonga Xoja Abdusamad orqali o‘tgan. Shunday qilib, bu ikki san’atkor Bobiriylar miniatyura maktabini Temuriylar, Safaviylar maktabi bilan uzviy bog‘lovchi halqa vazifasini bajargan.


Mir Said Ali Tabriziy va Xoja Abdusamad Sheroziylar Bobiriylar miniatyura san’atiga asos soldilar, saroy kutubxonasi qoshida Xumoyun tomonidan tashkil etilgan miniatyura san’atining yangi maktabiga yo‘lboshchilik qildilar. Humoyunning o‘limidan keyin taxt uning o‘n to‘rt yashar o‘g‘li Akbarga o‘tadi. Akbar imperiya taxtini puxta egallagach, Bobiriylar miniatyura maktabining taraqqiyotiga alohida ahamiyat beradi. Hindistonda yangi milliy madaniyat yaratish vazifasini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Akbar hind, fors va turk xalqlarining milliy an’analariga chuqur hurmat bilan qaraydi, din erkinligini e’tirof etuvchi va turli millatlar orasida do‘stlik munosabatlarini ta’minlovchi siyosat yuritadi. O‘z maslaklarini amalga oshirish uchun Akbar adabiyot va san’atdan keng foydalanadi. Shu yo‘l bilan Temuriylar va Safaviylar miniatyura san’ati an’analari asosida Hindistonda yangi mazmun va yangi ruh bilan boyitilgan miniatyura san’atining yangi uslubi paydo bo‘ladi.


Akbar san’atni yuksak darajada qadrlovchi fasohat egasi va mahoratli rassom bo‘lgan (Eronning Saltanat kutubxonasidagi «Muraqqa’i Gulshan» albomida yosh Akbarning rasm chizayotgan holatini aks ettiruvchi surat bor). Bir munosabat bilan Akbar, ko‘p kishilar rasm san’atini yomon ko‘radi, men bunday odamlarni xush ko‘rmayman, degan edi. Islomning jonli mavjudot suratini chizishni taqiqlashiga qaramay, Akbar tasviriy san’atning ma’rifiy va estetik-tarbiyaviy ahamiyatini yuksak baholaydi. Bu haqda Akbarning vaziri Abul Fazl o‘zining «Oyini Akbariy» asarida, Akbar yoshligidan boshlab tasviriy san’atni nafosat va go‘zallikning muhim sohasi hisoblab, unga zo‘r qiziqish bilan qaraganini va uni har xil yo‘llar bilan qullab-quvvatlaganini, taqdirlaganini yozadi. Abul Fazl o‘z fikrini davom ettirib, hind rassomlarining mahoratini bayon qilar ekan, detallardagi aniqlikni, rasmdagi umumiy tugallanganlikni, ijrodagi balog‘at mahoratini ta’kidlab, Akbar zamonidagi miniatyura san’atining o‘tmishdagi hind san’atidan yuksakligi va beqiyos darajada farqlanishini ko‘rsatib o‘tadi.


Bobiriylar san’atining sermahsul taraqqiyotida Akbarning ma’rifatparvarligi, san’atga bo‘lgan shaxsiy ishtiyoqi va ijodkorlarga bo‘lgan homiyligi alohida diqqatga sazovordir. Buning yorqin dalillaridan biri shuki, Akbar farmoni bilan Amir Hamza rivoyatlarini rasmlar bilan bezatish uchun Behzod maktabining 50 san’atkori jalb etilib, 12 jildlik rivoyatlar to‘plami 1700 miniatyura bilan bezatilgandir. Abul Fazlning «Oyini Akbariy» asaridagi ma’lumotlarga qaraganda, Akbar saroyida turli millatga mansub bo‘lgan 145 san’atkor ishlagan.


1573 yilda Akbar Kujarotdan uch miniatyura rassomi – Jagonnot, Tara Chand va Sanval Daslarni o‘zining saroy rassomlik korxonasiga olib keladi. Shundan so‘ng Kashmir, Panjob, Rojiput va boshqa viloyat rassomlari ham saroyga tortiladi. Ular rasm san’ati bobida Mir Said Ali va Abdusamadlardan ta’lim oladilar, hashamatli qo‘lyozmalarga rasmlar chizadilar. Akbar saroyidagi rasm maktabining ko‘zga ko‘ringan mahoratli vakillari Dasvant, Basavon, Lol, Ustod Mansur, Kesu, Mukund, Davlat, Miskin, Farruxbek Qolmoq, Madhu, Jagon (Jagannot), Mohish, Hamrakon, Tara Chand, Sanval Das, G‘aribans, Ram va boshqalar bo‘lgan. Ayniqsa, Dasvant va Basavon asarlari yuksak qadr-qimmat topgan. Hayvonot dunyosini tasvirlashda Ustod Mansur benazir edi, bu sohada hech kim unga tenglasha olmagan. Shu «Bobirnoma»dagi Hindiston tabiat manzaralarini va hayvonot dunyosini aks ettiruvchi 32 miniatyuraning ko‘pchiligi ustod Mansur mo‘yqalamiga mansub bo‘lib, ular san’atkor realizmi va mahorat kuchini namoyish qiladi.


Hind rassomlari eski an’ana tusini olgan diniy shartlilikdan qochib, Bobiriylar miniatyura san’atiga inson xarakterini, uning ichki ruhiy dunyosini ifodalovchi portret janrini olib kirdi; Temuriylar va Safaviylar uslubi esa hind miniatyuralarining naqshli va rangli lavhalarida, kompozitsiyasida namoyon bo‘ldi.


Imperator Jahongir ham otasi kabi rasm san’atiga qiziqadi. Miniatyura san’ati asarlarini, badiiy bezatilgan qo‘lyozmalarni va albomlarni zo‘r ishtiyoq bilan yig‘uvchi kolleksioner bo‘lgan Jahongir muntazam ravishda Eron va O‘rta Osiyoga qo‘lyozmalar va boshqa san’at asarlarini sotib olish uchun o‘z odamlarini yuborib turgan. Uning qo‘liga tushgan barcha san’at yodgorliklari qat’iy ravishda ruyxatga olingan, tavsifi va tasnifi tuzilgan.


Jahongirning saroy kutubxonasida otasi Akbar davridagi ko‘p rassomlar o‘z ishlarini davom ettirdilar. Shu bilan birga bu kutubxonaga yangi hind rassomlari Manohar, Bishndas, Xunxor, Anupchatar, Chitarman, Balchand, Bichitr va boshqalarni; eronliklar va O‘rta Osiyodan Abul Hasan, Mir Hoshim, Muhammad Faqirulloh-xon va boshqalar jalb etilgan. Ular orasida mahoratda otasidan ham o‘tib ketgan hirotlik Og‘a Rizoning o‘g‘li Abul Hasan oliy balog‘at va fazilatlari bilan alohida ko‘zga tashlanib turar edi. «Jahongirnoma» kitobining boshidagi zarvarag‘iga Abul Hasan tomonidan ishlangan Shohi Jahonning taxtga chiqish marosimini tasvirlovchi rasmga imperatorning o‘zi baho berib, Abul Hasan san’atkor sifatida


«Nodir az-zamon, uning asarlari esa zamonning shoh asarlaridir», degan edi.


Bobiriylar maktabi O‘rta Osiyo va Eronning yetuk san’atkorlari bilan doimiy to‘ldirilib turildi. Jahongir saroyida ishlagan samarqandlik Muhammad Nodir va Muhammad Murod Samarqandiylar buning yorqin misolidir (Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida Firdavsiy “Shohnoma”sining 964=1556-57 yillarda Xorazmda ko‘chirilgan nodir qo‘lyozmasi inv. № 751 raqami bilan saqlanadi. Bu qo‘lyozma Muhammad Murod Samarqandiy tomonidan bajarilgan 116 miniatyura bilan bezatilgandir).


Shohi Jahon davrida ham Bobiriylar maktabi o‘z taraqqiyotini davom ettirdi, yangi- yangi rassomlar yetisha boshladi. Jahongir davri rassomlari ijodida portret janri yetakchi o‘rinni egallaydi.


Bobiriylar miniatyura san’ati maktabi paydo bo‘lganga qadar shimoli-janubiy Hindistonda, o‘ziga xos mahalliy, Rajiput miniatyura san’ati taraqqiy qilgan edi. U XV asrda va XVI asrning boshlarida Gujarotda o‘z taraqqiyotining oliy cho‘qqisiga chiqqan. Rajiput rasm san’ati, diniy xarakteriga qaramasdan o‘zining g‘oyaviy mazmuni jihatidan chuqur xalqchil bo‘lib odamlarning irqiy kelib chiqishi va e’tiqodlariga qaramasdan, barcha xalqlarning urf odatlariga nisbatan mehr- muhabbat, hurmat va qardoshlik tuyg‘usini targ‘ib qilgan. Keyinchalik Rajiput miniatyurasi Temuriylar va Safaviylar miniatyura san’atining eng yaxshi an’analari bilan qo‘shilib Bobiriylar maktabi hind miniatyura san’atining yangi sintezini tashkil qildi va yuqori nafosat ham balog‘at bosqichiga ko‘tarilganini jahonga namoyish etdi.


Bobiriylar saroy kutubxonasidagi tasviriy san’at ishlariga O‘rta Osiyo va Eronning yirik san’atkorlari rahbarlik qilib, yangi uslubning shakllanishida yetakchi bo‘lishiga qaramasdan, Bobiriylar miniatyurasining bosh ijodkorlari hind san’atkorlari bo‘lgan, ular orasida rajiputliklar yetakchilik qilgandir. Akbar, Jahongir va Shohi Jahonning kutubxona va korxonalarida Gujarot, Kashmir, Panjob va Hindistonning boshqa joylaridan kelgan juda ko‘p san’atkorlar ishlagan.


XVI-XVII asrlarda Bobiriylar hind madaniyati taraqqiyotida juda katta rol o‘ynaydilar, shu davrda yaratilgan san’at mo‘jizalari hanuzgacha butun insoniyatni hayratga solib keladi. Bularning barchasi jamiyatning sotsial-iqtisodiy sharoiti bilan bir qatorda Bobiriylarning ma’rifatparvarligi va yuksak estetik ideallari bilan izohlanadi.


Bobiriylar davri miniatyura san’ati o‘z tematikasining dunyoviy xarakteri va o‘ziga xos realizmi bilan o‘zidan oldin o‘tgan diniy mazmundagi hind rasm san’atidan ajralib turadi. Bobiriylar miniatyurasining realizmi, haqqoniyligi va dunyoviy motivlari O‘rta Osiyo tasviriy san’ati ta’sirining natijasidir. Shu bilan birga Bobiriylar davri miniatyura san’ati boshqa Sharq miniatyuralari singari kitoblarning ichki mazmunini ochib berishga xizmat qiladi. Tarixiy epizodlarni, geografik va etnografik faktlarni to‘la e’tiborga olish tufayli voqelikni aniq va haqqoniy aks ettirishni o‘ziga vazifa qilib quygan hind san’atkorlari bunday vazifalarni mahorat bilan bajaradilar. Akbar, Jahongir va Shohi Jahon saroyidagi korxonalarda san’atkorlar quyidagi kitoblarga rasmlar ishlab ziynatlaganlar: «Oyini Akbari» (Akbar o‘gitlari), «Akbarnoma», «Temurnoma», «Amir Hamza» («Amir Hamza haqida rivoyatlar»), «Jam’ at-tavorix» («Umumiy tarix»), «Tarixi Aufiy» («Aufiy tarixi»), «Zafarnomai Temuriy» («Temur g‘alabalari kitobi»), «Shohnoma», «Doronoma», «Jahongirnoma», «Bobirnoma» va boshqalar.


Britaniya muzeyidagi «Bobirnoma» qo‘lyozmasida 96 miniatyura va kitobning boshlanishida ikki sahifali zarvaraq rasm bor. Qo‘lyozmaning formati 21x32,5 sm. bo‘lib, ko‘pchilik miniatyuralarning formati 15,5x28 sm.dir. 96 miniatyuradan ikkitasi rangsiz grafik rasm shaklida bo‘lib, tugallanmagan. 4, 15, 18, 55, 56, 58, 60, 61, 62, 78 miniatyuralardan tashqari hamma rasmlarda rassomlar imzosi bor. «Bobirnoma» rasmlaridagi san’atkorlarning nomi Hirot, Buxoro, samarqandlik san’atkorlarda bo‘lgani singari ularning o‘z qo‘li bilan rasm orasiga yozilmay, rasmlarning pastki hoshiyasiga boshqa kishi tomonidan qirmizi siyoh bilan nasta’liq xatida yozib qo‘yilgandir. Hamma rasmlar va qo‘lyozma teksti turli rangdagi siyoh va oltin chiziqli jadvallar ichiga olingan. 62 syujetli miniatyura odatdan tashqari qo‘shimcha novvotrang ipak qog‘oz hoshiyalariga tillo suvi bilan ishlangan naqshli ramkalarga olingan. Barcha rasmlar yaxshi saqlangan.


“Bobirnoma”ga ishlangan rasmlarga qo‘yilgan 81 imzodan shu narsa aniqki, «Bobirnoma» rasmlarini ishlashda Akbar saroyidagi rassomlardan 41 yirik san’atkor (ko‘rsatkichga qarang) qatnashgan bo‘lib, ular orasida Kesu Kujaroti, Ras, Daxniroj, Sangar Kujaroti, Sorun, Taryo, Bahvoniy, shuningdek o‘rtaosiyolik va eronlik Ustod Mansur, Ibrohim Naqqosh, Abdulloh, Farruhbek, Jamshid, Ibrohim Qahhor va boshqalar, ayniqsa, ajralib turadi.


Britaniya muzeyidagi «Bobirnoma» qo‘lyozmasidagi rasmlarda mavjud bo‘lgan san’atkorlarning imzolari (prof. S. Tyulyayev tomonidan nashr qilingan Moskva miniatyuralari kolleksiyasida imzolar yo‘q) Hindistondagi Bobiriylar san’ati tarixini bundan keyin o‘rganish uchun ham muhim ahamiyatga egadir. Birgina «Bobirnoma» qo‘lyozmasini bezatash uchun Akbar saroyidagi 40 dan ortiq rassomlarning ishtirok etishi Bobiriylar davri hind rassomlik san’atining ijodiy qudrati naqadar buyukligini ko‘rsatuvchi yaqqol faktdir.


«Bobirnoma» rasmlarini tematik mavzu jihatidan quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: tarixiy voqealar – 15 miniatyura (4, 7, 11, 12, 16, 17, 21, 23, 28, 29, 47, 87, 88, 95, 96); turmush manzaralari – 13 miniatyura (5, 6, 24, 25, 26, 27, 48, 49, 54, 90, 92, 93, 94); harbiy lavhalar – 20 miniatyura (8, 9, 10, 13, 14, 15, 18, 19, 20, 22, 30, 31, 38, 39, 40, 41, 44, 53, 89, 91); ov manzaralari – 6 miniatyura (42, 43, 46, 50, 51, 52); ziyofat – 7 miniatyura (32, 33, 34, 35, 36, 37, 45); hayvonot dunyosidan – 5 miniatyura (55, 56, 57, 58, 59); parrandalar – 12 miniatyura (60, 61, 62, 63, 64, 65, 66, 67, 68, 69, 70, 71); dengiz hayvonlari – 4 miniatyura (72, 73, 74, 75); o‘simliklar – 11 miniatyura (76, 77, 78, 79, 80, 81, 82, 83, 84, 85, 86).


Barcha miniatyuralardan faqat 20 tasi harbiy yurish va jang lavhalarini ifodalaydi. Qolgan 73 tasida Hindistonning hayvonot va o‘simliklar dunyosi, ziyofat, ov, turmush manzaralari, tarixiy voqealar yorqin va ishonarli qilib tasvirlangan. Har bir rasmning mazmuni albom ilovasida «Bobirnoma»dan keltirilgan parchalar (Bobir Zahiriddin Muhammad. Bobirnoma, Toshkent, O‘zSSR Fanlar akademiyasi nashriyoti, 1958; Babur Zaxiriddin Muxammed, Babur-name, Tashkent, Izd-vo AN UzSSR, 1958; Beveridge A. The Babur-name in English (Memoirs of Babur) by Zahir ud-dinMohammad Babur Padshah Ghazi, translated by Anette S. Beveridge, vol. I, II, London, 1921) orqali to‘liq ifodalangani uchun biz ularning alohida tasvirini berishni ortiqcha deb bildik. «Bobirnoma» miniatyuralari realizmi, voqealarning jonli berilishi va haqqoniyligi bilan kishini hayratga soladi.


San’atkor, kitobdagi tekst mazmuni bilan cheklanganiga qaramasdan, asosiy voqeani tanlab olib, shu voqea atrofida barcha zaruriy tarixiy, geografik, etnografik omillardan unumli foydalangan holda bir butun, tugallangan ijodiy kompozitsiya yaratadi. Shular tufayli rassom o‘z davri tipik qahramonlarini tipik sharoitlarda ko‘rsata olishga muyassar bo‘lgan. Kesu Kujaroti, Ustod Mansur, Nand Kuvalyori, Sangar Kujaroti, Farruhbek, Xusrav Quli, Sarun, Ras, Ibrohim Naqqosh va boshqa san’atkorlar o‘zlarining nafis va jozibador rasmlarini xuddi shu uslubda yaratganlar. Hind san’atkorlari nafosatni, rasm va bo‘yoqlar muvozanatini ajoyib sezish va ranglarni tanlay bilish qobiliyatiga ega bo‘lganliklari tufayli davrning ruhi, go‘zalligini konkret-hissiy shakllarda gavdalantira bilganlar.


Bobiriylar davri dind miniatyuralari Temuriylar va Safaviylarnikidan o‘z badiiy uslubi, estetik normalari bilan aniq ajralib turadi. Sharq miniatyuralarining shartliligidan – kichik bir sathda (kitob varag‘i sathida) butun bir voqeani yoki epizodlar turkumini tasvirlash zaruriyatidan – «Bobirnoma» rassomlari mohirlik bilan foydalanganlar. Murakkab voqealarni to‘liq ifodalash uchun dastlab ular uch-to‘rt epizodga ajratiladi. Har bir epizod bo‘yicha mustaqil kompozitsiya yaratiladi. Ular kitob sahifasining pastidan yuqoriga qarab joylashtiriladi. Har bir kompozitsiya tarkibiga kiradigan manzaralar arxitektura elementlari, tog‘lar, adirlar, daryolar, o‘simliklar yoki tekst parchalari yordamida bir-biridan ajralib turadi. Ayni vaqtda har bir kompozitsiya o‘z mustaqilligini saqlagani holda bir-biri bilan mantiqiy bog‘lanib, asar mazmunini ochib beruvchi bir butun polotnoni tashkil qiladi. Masalan: Bobirning Xonzodabegim bilan uchrashuvi (7-miniatyura) to‘rt planda berilgan. Birinchi planda Bobir va uning kuzatuvchisi Muhammad Ko‘kaldoshlarning otini xizmatkor ushlab turgani; ikkinchisida Bobir va Muhammad Ko‘kaldoshning Xonzodabegim bilan suhbati; uchinchisida yuqorida o‘ng tomonda, saroyning ko‘rinishi; to‘rtinchi planda esa Hindiston tabiati berilgan. 41-miniatyurada Bobirning Kobulda bo‘lishi uch planda – shahar darvozasi, shaharning ichki qismi va qal’a mudofaasi tarzida ko‘rsatilgan. Bobirning kasalligini ifodalovchi 16-miniatyurada, birinchi planda mehmonlarni darvozada kutib olish, ikkinchisida saroyning birinchi yarmi, uchinchisida saroyning ikkinchi yarmi va xasta Bobirning yotgan joyi, turtinchisida Hindiston tabiatining dilbar ko‘rinishi tasvirlangan.


San’atkorga keng ijodiy imkon beruvchi kompozitsiyaning bunday ko‘p planliligi 30ta miniatyurada uchraydi. Kitob sahifalaridagi favqulodda cheklangan kichik sathda syujetni ana shunday ko‘p planda taraqqiy ettira bilishi tufayli hind rassomlari «Bobirnoma» rasmlarida o‘zlarining yuksak mahoratlarini namoyish qilganlar. Badiiy priyomlarning shartliligi turli-tumandir. Tasvirdagi ko‘p planlilik usuli inson gavdasini imoratlar, tog‘lar masshtabiga nisbatan ongli ravishda katta qilib ishlashga majbur qiladi, odamlarning beti, deyarli hamma vaqt yon tomondan chiziladi yoki yuzining to‘rtdan uch qismi beriladi.


Kompozitsiya muvozanati butunisicha ritm qonuniyati bilan shartlangandir. Inson qomati, hayvonlar, o‘simliklar, turli manzaralar tasvirini qog‘oz sathiga joylashtirishdagi ritmga qat’iy rioya qilish, rasm ritmi – imo-ishorani, harakatni jonli bera bilish, bo‘yoqlardagi ichki monandlik, hind rassomlariga xos bo‘lgan go‘zallikni ajoyib seza olish fazilatlari «Bobirnoma» rasmlarini Sharq san’atining o‘lmas obidalaridan biriga aylantirgan.


Hirot, Buxoro, Samarqand, Sheroz va Tabriz miniatyura san’atining mahorati va eng yaxshi an’analarini ijodiy o‘zlashtirgan Bobiriylar davri san’atkorlari Hindiston uchun tipik bo‘lgan qahramonlarni yaratdi. «Bobirnoma» miniatyuralarida tasvirlangan hamma kishilarning yuzi, ko‘zi, mo‘ylovi, soqoli, kiyimi, oyoq kiyimi, belbog‘i, sallasi tipik hindchadir. Ular o‘z qiyofalari bilan Temuriylar va Safaviylar miniatyuralari qahramonlaridan tubdan farq qiladi.


Shuni alohida qayd qilish kerakki, hind rasm san’atida yaratilgan va an’ana tusini olgan uslub Bobirning Movarounnahrdagi faoliyatini xaqqoniy ifodalashga yo‘l qo‘ymagan. Bobirning Andijon taxtiga chiqishini, uning Shayboniylarga qarshi Samarqanddagi jangini, Xonzodabegim bilan Bobirning Hirotdagi uchrashuvini, Badiuzzamonning ziyofatidagi paytini ko‘rsatuvchi miniatyuralarda o‘rtaosiyolik odamlar ham hindlar qiyofasida tasvirlangan. Samarqandning, Hirotning o‘ziga xos hashamatli me’morchilik yodgorliklari, mevazor bog‘lari va sayrgohlari hind arxitekturasi, tabiat va hayvonoti hamda o‘simliklar dunyosi bilan almashtirilgan.


«Bobirnoma» qahramonlari orasida ko‘pchilikni tarixiy shaxslar egallaydi, ayniqsa asosiy o‘rinni imperator Bobirning obrazi ishg‘ol qiladi. 96 miniatyuradan 46 tasida (4, 7, 10, 11, 12, 13, 14, 15, 16, 17, 18, 19, 20, 21, 23, 25, 26, 28, 30, 31, 32, 33, 35, 36, 37, 38, 39, 40, 41, 42, 45, 46, 47, 48, 49, 50, 51, 52, 54, 87, 90, 91, 92, 94, 95, 96) Bobir Mirzo turli xolatlarda tasvirlangan. Shunisi muhimki, Bobirning taxtda o‘ltirgan surati, jang maydonlarida, ovda, ziyofatda, kishilar bilan bo‘lgan suhbatlarda, Hindiston bo‘ylab sayohatda va boshqa rasmlarda bir kishi qiyofasi ifodalanadi. 46 miniatyuraning markazida buyuk kuch-qudratga to‘la, irodali, jasur, dovyurak, shu bilan bir vaqtda ruhiy dunyosi boy, mehribon qalbli va yumshoq nigohli dilbar kishi siymosini ko‘ramiz. Bu atoqli davlat arbobi, sarkarda, olim va shoir bo‘lgan Bobirning realistik portretlaridir. Boshqacha qilib aytganda 46 miniatyuradagi bir xil siymo Bobirning bog‘da kitob o‘qib o‘tirgan paytdagi mashhur portretiga beandaza o‘xshaydi (Bobirning mazkur albomga qo‘shib nashr ettirilgan bu portreti Britaniya muzeyida saqlakmoqda. Inv. I BM 1921-10-11-03, formati 12,8x18 sm. Sharq; miniatyuralarining taniqli tadqiqotchisi I. Shchukin uni XVII ayerning yigirmanchi yillarida yaratilgan deb hisoblaydi). Bu portret mazkur albomga qo‘shimcha tarzda nashr qilindi. Biz Bobirning mazkur rasmlarini faqat haqqoniygina emas, balki quyidagi sabablarga ko‘ra eng ishonchli ham deyish tarafdorimiz. Sabablari: birinchidan, Bobir 1530 yilda vafot etdi. «Bobirnoma»ning Britaniya qo‘lyozmasi miniatyuralari esa uning vafotidan 50 yil keyin yaratilgan. Binobarin, XVI asrning 80-yillarida imperator Bobirni ko‘rgan, bilgan safdoshlari va tanish kishilari, albatta, bo‘lgan. Bu kishilar Bobir shaxsiyatining jonli guvohi sifatida rassomlar uchun ishonchli konsultant bo‘lganlar. Ikkinchidan, o‘z davrining olimlari, shoirlari, rassomlari va xattotlariga homiylik qilgan, san’atni yuksak darajada qadrlagan Bobirning hayotligi davrida olingan portreti mavjud bo‘lishiga shubha bo‘lmasligi kerak. Zahiriddin Muhammad Bobirning hayot davrida yaratilgan ana shunday portretlar Britaniya qo‘lyozmalaridagi miniatyuralarda yaratilgan bir- biriga aynan o‘xshaydigan portretlarga asos qilib olingan bo‘lishi tabiiydir. Uchinchidan – go‘zallikning shaydosi, rassomlik iste’dodiga ega bo‘lgan Akbar imperiyaning asoschisi – o‘zining sevimli bobosi portretiga befarq qarashi mumkinmidi? Albatta, yo‘q. Bobirning tarixiy shaxs sifatida konkret obrazlarining buzilishiga va xaqiqatdan uzoq portretni «Bobirnoma»ning mo‘tabar nusxasidan o‘rin olishiga Akbarning yo‘l qo‘yishi aslo mumkin emas edi.


Yuqorida aytilganlarning hammasi va Akbar saroyida ishlangan hamma portretlarning bir-biriga o‘xshashligi Bobirning hayot vaqtida yaratilgan va Bobir siymosining keyingi davrlardagi talqiniga asos bo‘lgan ishonchli portreti mavjud bo‘lganligidan dalolat beradi (Moskvadagi Sharq xalqlari madaniyati muzeyi kolleksiyasidan tanlab olinib, professor S. Tyulyayev tomonidan nashr qilingan «Bobirnoma» qo‘lyozmasi miniatyuralaridagi Bobirning 30 portreti ham mazkur albomdagi potretlarga aynan o‘xshashdir. Bu ham biz chiqargan xulosalarning to‘g‘riligini yana bir bor isbotlaydi).


Mazkur albomdagi «Bobirnoma» rasmlari o‘zida Samarqand, Hirot, Buxoro, Tabriz, Sheroz va mahalliy hind maktablarining eng yaxshi an’analarini o‘ziga ijodiy singdirgan hind tasviriy san’atining tengi yo‘q nodir namunalari bo‘lishi bilan birga XVI asr oxirlaridagi Akbar davrida yaratilgan hind miniatyura san’atining yuksak darajadagi yangi uslubini ham namoyish qiladi.


Bobiriylar sulolasining Hindistondagi hukmronligi-ning progressiv mohiyati to‘g‘risida Sharq va G‘arb tarix fani boy adabiyotga ega. Biroq Bobir va Bobiriylarning tarixiy xizmatlarini baholashda V.I. Leninning tarixda shaxsning roli haqida aytgan mashhur so‘zlari yagona o‘lchov bo‘lishi kerak. V.I. Lenin: «Tarixda o‘tgan arboblarning ko‘rsatgan tarixiy xizmatlari to‘g‘risida hukm chiqarganda, ularning hozirgi zamon talablariga nisbatan to‘g‘ri keladigan narsalar berganliklariga qarab hukm chiqarilmaydi, balki ularning o‘zlaridan avval o‘tganlarga nisbatan qanday yangiliklar berganliklariga qarab hukm chiqariladi» (V.I. Lenin. Asarlar, 2-tom, 190-bet.), - deb yozgan edi.


Mashhur ijtimoiy-siyosiy arbob Javoharlal Neru Bobiriylarning Hindiston tarixidagi roliga xuddi ana shunday ilmiy obyektiv baho bergan edi. U o‘zining «Hindistonning kashf etilishi» kitobida Zahiriddin Muhammad Bobirning shaxsini yuksak baholab, Akbar haqida shularni yozgan: «Uning nabirasi Akbar yana ham jozibali va yanada yuksak fazilatlarga ega bo‘lgan. U dovyurak va jasur, talantli sarkarda va ayni vaqtda olijanob tabiatli, ezgu tilaklar egasi bo‘lishi bilan birga harakatchan va dohiy, o‘z izdoshlarining fidokorona sadoqatiga sazovor kishi bo‘lgan. Sarkarda sifatida Hindistonning bepoyon yerlarini zabt etdi. Biroq u boshqa narsani yana ham mustahkamroq zabt etishni – odamlarning aqli va qalbini ishg‘ol qilishni orzu qildi. Akbar saroyida bo‘lgan portugaliyalik bir arbobning ta’rificha, uning qarashlari maftunkor kuchga ega bo‘lgan, ko‘zlari «quyosh bilan yoritilgan dengizdek porlagan». – O‘z fikrini davom ettirib yozadi Neru. – «Akbar faqat siyosiy jihatdan yagona davlat tuzish bilan cheklangan emas, balki u Hindistonning birligi haqidagi, bir xalq bo‘lib yashashi to‘g‘risidagi asriy orzusini ruyobga chiqardi. 1556 yildan boshlangan, o‘zining deyarli 50 yillik uzoq hukmronligi davrida u ana shu maqsadga intildi» (Dj. Neru. Otkritiye Indii, str. 272).


Mazkur albomda nashr etilgan «Bobirnoma» rasmlari o‘zining favqulodda badiiy, tarixiy va ma’rifiy qimmati bilan bir qatorda Akbar hukmronligi davrida Bobiriylar yaratgan badiiy merosdan kichik bir namunaginadir.


Temuriylar, Safaviylar va Bobiriylar davri san’at obidalari va ular haqidagi yangi-yangi tadqiqotlarning nashr etilishi bu yuksak madaniyat merosxo‘rlari bo‘lmish Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi, uzoq tarixga ega bo‘lgan do‘stlik va hamkorlik an’analarining yana ham gullab rivojlanishiga xizmat qilishi shubhasizdir.


Bobirnoma rasmlari. O‘zbek, rus va ingliz tillarida. Albomni tuzuvchi va so‘z boshi muallifi Hamid Sulaymon. O‘zSSR Fanlar akademiyasining akademigi I.M. Mo‘minov tahriri ostida. O‘zbekiston SSR «Fan» nashriyoti, Toshkent. (O‘zb. SSR FA Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi). Toshkent, «Fan», 1972. 160 b. B. 7-17.

YUNESKO ning Temuriylar davri san’atini o‘rganishga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy simpoziumini o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston SSR tashkilot komitetining qaroriga binoan nashr qilindi. Samarqand. 1969. (O‘zbekcha); Миниатюры к Бабур-наме. Составитель альбома и автор предисловия доктор филол. наук, профессор Хамид Сулейман.

Fikr qoldirish#

Izohlar:
2
Xasanboy Atajanov • 2 ой аввал

ilmiy manbalar yaxshi ,tarixiy asosida . dizayin va yozuv uslubi beqiyos raxmat.

Xasanboy Atajanov • 2 ой аввал

ilmiy manbalar yaxshi ,tarixiy asosida . dizayin va yozuv uslubi beqiyos raxmat.


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0