Zahiriddin Muhammad Bobirning aruz ilmiga doir asarining (Z.M.Bobir, Muxtasar, nashrga tayyorlovchi Saidbek Hasan, Toshkent, «Fan» nashriyoti, 1971.) Toshkent nashri haqida O‘zbekiston va Tojikiston matbuoti sahifalarida birnecha taqriz e’lon qilindi. Ularda nashrning fazilat va nuqsonlari borasida har xil so‘z yuritildi. Biroq mazkur nashr munosabati bilan Bobir asarining ayrim xususiyatlari borasida bayon qilinayotgan fikrlar ziddiyatli va munozarali bo‘lganligi sababli biz ana shu masalalar yuzasidan o‘z fikrimizni bayon qilishni lozim topdik. Bular – asarning yozilgan yili hamda faksimile tarzida nashr etilgan qo‘lyozmaning (Z.M.Babur. Traktat ob ‘aruze (faksimile rukopsisi), izdaniye teksta, vstupitelnaya statya i ukazateli I.V.Steblevoy, M., Izd-vo «Nauka», 1972) paleografik xususiyati bilan bog‘liq masalalardir.
Asar yozilgan yil haqida. Mazkur risola taniqli turk olimi M.F.Ko‘pruluzodaning fikricha («Islamansiklopedisi», II, 185-bet), 1525-1528 (hijriy 932-934) yillarda «Muxtasar»ning noshiri Saidbek Hasanning fikricha, 1521-1522 (928) yillarda, rus sharqshunosi I.V.Steblevaning fikriga ko‘ra (I.V.Stebleva, Izvlecheniya iz traktata Babura po stixoslojeniyu (aruza), «Pismennie pamyatniki Vostoka», M., «Nauka», 1970, 166-bet. I.V.Stebleva qo‘lyozmaning ko‘chirilgan yilini asosan to‘g‘ri (1533) ko‘rsatgani holda, «Fi shuhuri sana»ni negadir «fi tammuzi sana», deb o‘qigan) esa 1523-1525-yillar orasida yozilgan.
Shu masalaga ma’lum darajada aloqasi bo‘lganligi sababli aruz risolasining 170a,b sahifalaridagi quyidagi ma’lumotga aniqlik kiritish lozim, deb hisoblaymiz: «Tarix tuqquz [yuz] yigirma sakkizda, - deb yozadi Bobir, - mendag‘i imom Abu Xanifa mazhabida tengri tavfiqi bilan bir fikhe nazm qildim, Mubayying‘a mavsum. Kitob nazmining sababini mundoq deyilibtur… Chun bu muxtasar safarda bayozg‘a bordi, ul munosabat bila musofir masoyilini bitildi…»
Biz mazkur jumlada «muxtasar» so‘zi asarning nomi emasligi haqidagi fikrlarga (A.M. Shcherbak, I.V. Stebleva, E. Rustamov) qo‘shilganimiz xolda (Musulmon sharqida yaratilgan asarlarda ko‘p ishlatilgan bu so‘zni Alisher Navoiy ham qo‘llagan: «…aruz fannida bu muxtasar sabt bo‘ldi va anga «Mezon ul-avzon ot qo‘yuldi…» («Mezon ul-avzon», Toshkent, 1949, 45- bet)), ana shu so‘z bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa bir masalaga to‘xtalib o‘tish zarur deb hisoblaymiz.
M.F.Ko‘pruluzoda 1934-yilda «Muxtasar» so‘zi aruz haqidagi risolaga emas, balki «Mubayyin»ga tegishli, degan fikrni ilgari surgan bo‘lib, I.V.Stebleva ham ana shu fikr tarafdori ko‘rinadi. («Traktat ob ‘aruze», 21, 23 betlar). Vaholanki, Bobir asarida hafif bahrida yozilgan masnaviylarni sanab o‘tgach, o‘zi ham ana shu harif bahrida yozilgan masnaviylarni sanab o‘tgach, o‘zi ham ana shu bahrda «Mubayyin» nomli asar yozganligini eslatadi. Mazkur asar shu bahrda yozilganligi sababli, misol tariqasida ma’lum bir parcha keltirmoqchi bo‘ladi. U misolni asarning istagan joyidan olishi mumkin edi. Biroq hozir yozilayotgan asari safar jarayonida tugallanayotgani vajidan u xuddi shu holatga mos bo‘lgan parchani – musofirning vazifalari (shariat nuqtayi nazaridan) haqidagi bobni iqtibos (ko‘chirma) tarzida keltiradi. Binobarin, «Chun bu muxtasar safarda bayozg‘a bordi, ul munosabat bila musofir masoyilini bitildi», degan gapning o‘zida aruz risolasi nazarda tutilganligi o‘z- o‘zidan ayon. Shuningdek, bu so‘zlar aruz haqidagi asar safarlari jarayonida yozib tugallanganligiga ishora qilish jihatidan ham ahamiyatlidir. Demak, 1521-1522 (928) yillarda yozilgan «Mubayyin» asaridan parcha keltirilgan ekan, aruz risolasi S.Hasan taxmin qilganidek 1521-1522-yillarda emas, undan keyin yaratilgan.
Asarning yozilish vaqti masalasida filologiya fanlari kandidati V.Rahmonov «O‘zbekistan madaniyati» gazetasining shu yil 8-iyun sonida bosilgan «Muxtasar» qachon yozilgan? sarlavhali maqolasida Bobirning quyidagi so‘zlariga suyanib, fikr yuritadi: Bobir risolaning 44b-varag‘iga shunday yozgan: «Aruz itmomidan ikki-uch yil so‘ng Hindiston fathining so‘ngg‘i yil[i] Sanbal sarig‘a borur fursatta bir mutatavval bayt o‘n olti rukn bila aytilib edi…». V. Raxmonov shu so‘zlardan kelib chiqib, yozadi: Tadqiqotchi negadir Bobirning o‘z fikrlariga ahamiyat bermagan-da, «Bobirnomaning sanalariga esa chala e’tibor bergan. Vaholanki, Bobirning o‘zi yaxshi uqtiriyaptiki, o‘sha bayt HINDISTONNI OLGANDAN SO‘NG, ORADAN UCH YIL O‘TGACH (ta’kid bizniki – Yo.I.) ijod qilingan. Ma’lumki, Bobir Hindistonni 1524-yilda bosib olgan. Demak, tadqiqotchi suyanayotgan bayt 1527-yilda yaratilgan. Saidbek Hasan bunga tuzukroq ahamiyat berganida edi, «Muxtasar» yaratilgan yil to‘g‘ri topilgan bo‘lur edi».
V.Rahmonov Bobirning bu so‘zlarini, bizningcha, mutlaqo noto‘g‘ri talqin qilgan. Bobir mazkur baytni Hindistonni bosib olganidan uch yil keyin emas, balki aruz risolasini tugatganidan («aruz itmomidin») ikki-uch yil o‘tgach, ya’ni Hindiston fathining oxirgi yilida yozganligini aytgan (I.V.Stebleva, S.Hasan to‘g‘ri ko‘rsatganidek, Bobir o‘z asariga keyinchalik ba’zi ko‘shimchalar kiritgan. Mazkur bayt haqidagi o‘rinlar ham keyinchalik kiritilganligi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi). I.V.Stebleva bu ma’lumotni to‘g‘ri tarjima qilgan: «Spustya dva-tri goda posle zaversheniya ‘aruza, v posledniy god zavoyevaniya Indii vo vremya poyezdki v Stambul…» («Traktat ob ‘aruze» 20-bet). (Birok Sanbalni Sambal deb ko‘chirgan.)
V.Rahmonov Bobirning Hindistonni zabt etish yilini ham 1524 deb noto‘g‘ri ko‘rsatgan. Vaholanki, Bobir Hindistonni 1519- 1526-yillar davomida qo‘lga kiritgan. «Ushbu tarixdin (ya’ni 1519-yildan – Yo.I.) – deb yozadi Bobir, - to‘qquz yuz o‘ttiz ikkigacha Xindustong‘a, to-jid yurushub, yetti-sakkiz yilda besh navbat Hindustong‘a cherik torttuk. Beshinchi navbat Tengri taolo o‘z fazl va karami bila Sulton Ibrohimdek g‘animni makhur va abtar qilib, Xindustondek vase’ mamlakatni bizga muyassar va musaxxar qildi» («Bobirnoma», Toshkent, 1960, 339-bet).
«Panjshanba kuni rajab oyining yigirma sakkizida (1526-yil may oyining boshida – Yo.I.) namozdigar Ograga kirib, Sulton Ibrohimning manziliga tushuldi» («Bobirnoma», 338-bet). Bobirning «Sanbal sarig‘a borur fursatta» degan ma’lumoti asosida mazkur baytning yozilgan vaqtini yana xam oydinlashtirish mumkin. «Bobirnoma»da berilgan ma’lumotga qaraganda Bobir Sanbal sayriga 1527-yil sentyabr oyining oxirida (933-yil zilhijja oyining yigirma to‘qqizida) otlangan («Bobirnoma», 401-bet). Agar yuqoridagi bayt aruz risolasi tugallangandan 2-3-yil o‘tgach yozilganligini hisobga olsak, risolaning tugallangan vaqti 1524-1525-yillarga to‘g‘ri keladi. /
«Bobirnoma»da (401-bet) keltirilgan yana bir ma’lumotga e’tibor qilaylik: «Odina kuni zilxijja oyining ikkisida qirq bir qatla o‘qur virdin bunyod qildim. Ushbu ayyomda bu baytimni:
Ko‘zu qoshu so‘zu tilinimu de, *
Qadu xadu sochu belinimu de.
besh yuz to‘rt vaznda taqte’ kildim. Bu jihatdin risola tartib berildi. Bu kun sohibi uzr bo‘ldum, to‘qquz kunga tortti». Bu parchada xabar qilingan risola borasida ikki xil qarash mavjud. I.V.Steblevaning fikricha, «risola» so‘zi ostida fikhga doir asar nazarda tutilgan («Traktat ob ‘aruze», 20-bet).
V.Rahmonov maqolasida esa quyidagi izohni o‘qiymiz: «Bobirnoma»ning bu ma’lumoti «Vaqoyei sanai salosa va salosina va tis’a mia» (933) da berilgan. Shunga ko‘ra, «Muxtasar» 1527-yili yozib tugallangan. Yana bir muhim asos shuki, o‘sha taqte qilingan baytni biz «Muxtasar»ning 100b sahifasida uchratamiz. Demak, Bobir gapi «Muxtasar» ustida ketgan».
Holbuki, Bobirning yuqorida zikr etilgan so‘zlarida gap shoir faoliyatining bir kuni ustida, aniqrog‘i, melodiy 1527-yilning 30-avgusti ustida bormoqda: Bobir o‘sha kuni ma’lum duoni qirq bir marta takrorlagan va mazkur baytning o‘zini 504 vaznda taqte’ qilib chiqqan. Natijada ma’lum hajmdagi risola vujudga kelgan. Binobarin, u risolaning tartib berilishi sababini aniq ko‘rsatgan: «Besh yuz to‘rt vaznda taqte’ qildim. Bu jihatdin (kursiv bizniki – Yo.I.) risola tartib berildi». Demak, u yerda hech qanday fikhga doir risola nazarda tutilmaydi.
Mazkur tekstda tilga olingan «risola» so‘zining, bizningcha, aruz risolasiga ham hech qanday aloqasi yo‘q. Chunki gap bir kunda bajarilgan ishlar ustida bormoqda. Bobir shuning uchun ham «bu jihatdin risola tartib berildi: Bu kun yana (ta’kid bizniki – Yo.I.) sohibi uzr bo‘ldum», deb o‘sha kungi voqealarni yakunlamoqda. Mantiqan olganda, aruz haqidagi mufassal bir asarning bir kunda yaratilishi aqlga sig‘maydi.
Bordi-yu, «risola» so‘zi ostida aruz haqidagi asar tushuniladigan bo‘lsa, u xolda mazkur bayt shu asar tarkibida 504 marta kelishi lozim edi. Vaholanki, biz bu baytni faqat to‘rtta funksiyadagina (V.Rahmonov aytganidek, faqat 100b varaqda emas) uchratamiz (100b, 114b, 138a, 165a betlar). Demak, u bundan ikki-uch yil muqaddam aruz haqidagi asarida faqat to‘rtta o‘rinda: sare’, mutaqorib, hajaz va ramal vaznlarida ishlatgan avvalgi baytining turlanish imkoniyatlarini besh yuzu to‘rttaga yetkazgan (aruz haqidagi risolada vazn tarmoqlari besh yuz o‘ttiz yettita). Bu bilan shoir bir bayt misolida aruz vazni imkoniyatlarini namoyish qilgan.
V.Rahmonov yana yozadi: «Buning ustiga tadqiqotchi o‘z taxminida ancha shoshilib, hatto tarixiy sharoitni ham hisobga olmagan. Ma’lumki, Bobir 1519-1524-yillari Hindistonni zabt etish yo‘lidagi urushlar bilan band edi. «Muxtasar»ni yozish uchun esa, yirik faktik material va olimona o‘ylar bilan shug‘ullanish uchun bo‘sh vaqt kerak edi. Bobirning o‘zi uqtirib o‘tgan yil – 1527-yil esa, huddi ana shunday bir davr edi».
Avvalo, biz yuqorida ta’kidlaganimizdek, Hindistonning zabt etilishi uchun kurash 1519-1524-yillarda emas, balki 1519-1526-yillarda olib borilgan.
Umuman, 1526-1527 (933) yillar Bobir hayotida uzoq yillik urushning rasmiy yakunlanishi hamda Hindiston viloyatlari bo‘ylab qilgan safarlar, ma’muriy ishlarni yo‘lga qo‘yish va ichki-tashqi munosabatlarni izga solish davri sifatida xarakterlanadi. Qolaversa, Bobirning o‘n ikki yoshidan boshlab butun hayot g‘oyatda murakkab va mashaqqatli bo‘lgan. Uning ajoyib she’rlari harbiy yurishlari davomida yuzaga kelgan, «Xatti Bobiriy» Afg‘onistonni bosib olganida, «Mubayyin» esa Hindiston urushi paytlarida yozilgan.
Xullas, aruz risolasi Hindiston uchun urush borayotgan bir davrda tugallangan bo‘lib, bu Bobir faoliyatining ko‘p qirrali ekanligiga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.
Bobir risolasi yuzasidan har xil mulohazalar paydo bo‘lishining sabablaridan biri mazkur qo‘lyozma hoshiyasidagi ayrim qaydlarning mavjudligidir (Qo‘lyozmadagi kotib tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar I.V.Stebleva tomonidan konkret ko‘rsatib berilgan «Traktat…», 23-24-betlar). Jumladan, filologiya fanlari doktori Ergash Rustamov «Muxtasar» sarlavhali taqrizida («Sharq yulduzi», 1972, 2-son) qo‘lyozmaning umumiy sifati haqida mulohaza yuritar ekan, hoshiyadagi ayrim qaydlarni nazarda tutgan holda yozadi: «…Bir shaxsning asari yoki misralarini ikkinchi bir shaxsga nisbat berish hollari tez- tez ko‘zga tashlanib turadi. Unda Bobir baytlari Kamol Xo‘jandiy, Hajriylarga, Navoiy bayti Hofizga, Hofiz bayti Navoiyga nisbat berilgan. Ba’zan Jomiy va Navoiylarga: … Bir shaxsning asari yoki misralarini ikkinchi bir shaxsga nisbat berish mansub baytlarda mualliflar taxallusi va nisbi qayd etilmagan. Bu nuqsonlarning hammasini bevosita mazkur qo‘lyozmani kotibga nisbat berish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu nuqsonlar asl nusxadan juda uzoq bo‘lgan, klassik she’riyatni o‘zlashtirmagan, aruz ilmidan bexabar, o‘rta darajada savodli bir havaskor ishtiyoqmand kotib qo‘lyozmasidan ko‘chirilgan bo‘lishi aniqdir. Ammo mazkur qo‘lyozmani ko‘chirgan kotib ham, shubhasiz, malakali, bilimdon xattot emas, u oddiy havaskordir. Chunki, u qo‘lidagi qo‘lyozma qanday bo‘lsa, shu xolda tuzatish kiritmay, tuzatish kiritgan bo‘lsa ham, «qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarganday», battarroq qilib ko‘chirgandir (212-bet).
Bu mulohazalarning boshqa jihatlarini hozircha nazardan soqit qilib, hoshiyadagi qaydlar masalasigagina e’tibor qilsak, E.Rustamov ularning barchasi kotib qalamiga mansub degan xulosaga kelganligi o‘z-o‘zidan ko‘rinadi.
R.Musulmonqulovning tojik matbuotida «Hajriy» Bobirning taxallusi emasmi?» («Maorif va madaniyat», 1973, 11-yanvar) sarlavhali maqolasi ham qo‘lyozma hoshiyasidagi qaydlar asosida yuzaga kelgan. U 130a-varaq hoshiyasida Hajriy baytlari qarshisiga yozilgan qaydlar o‘rnining bir oz o‘zgarish natijasida yuzaga kelgan noto‘g‘ri holatni kotib tomonidan qilingan ish, deb hisoblaydi. Darvoqe, 135b-varaqda bir bayt qarshisiga «Hajriy» deb yozilgan. Undan keyin boshlangan Bobir baytiga esa xech qanday izoh berilmagan (umuman, qo‘lyozmada Bobir baytlari ochiq qoldirilgan). Maqola avtori keyingi baytlarni ham Hajriyga nisbat bergan va natijada «Hajriy» Bobir taxalluslaridan biri emasmikin, degan fikrga kelgan.
Tojik adabiyotshunosi Vali Samad tojik-o‘zbek adabiy aloqalari tarixiga doir mazmundor maqolasida («Maorif va madaniyat», 1973-yil, 14-avgust) «Muxtasar» nomi bilan nashr etilgan qo‘lyozma haqida ham to‘xtalib, adolatli ravishda shunday masala qo‘yadi: Hofizning mashhur bir g‘azali borki, shu paytgacha hech kim uning Xofizning mulki ekanligiga shubha bilan qaragan emas… Bobir bu g‘azalni Muxtasar risolasida Amir Xusrav nomidan keltirgan. Shu narsa bizni hayratga soladiki, Hofiz g‘azallari bilan juda yoshligidan tanish bo‘lgan Bobir qanday qilib Xofizning bunday g‘azallarini Amir Xusrovning mulki deb o‘ylabdi? Bu yerda biror sir yo‘qmikin? Shoyad bobirshunoslar bu sirni ochib berishsa. Ana shu holda adabiyot haqiqati o‘z joyini topib, adabiyotshunoslik ilmi ham yutgan bo‘ladi».
Vali Samadning shubhasi, darhaqiqat, o‘rinli. Bu yerda chindan ham bir sir bor. Bu sirni ochish esa tadqiqotchidan qo‘lyozma xususiyatlarini: tekstning joylashtirilishi, kotibning xat uslubi, uning o‘z tuzatishlari hamda nusxa hoshiyalaridagi yozuvlarning o‘ziga xos xususiyatlarini sinchiklab o‘rganishni taqozo etadi.
Asar teksti maxsus jadval ichiga bitilgan. Kotib ikki o‘rinda (339a, 519b varaqlar) tushib qolgan bir ibora va bir misrani (nusxaning sifatini buzmaslikka harakat qilib) hoshiyaning jadvalga yaqin qismiga ehtiyotkorlik bilan bitgan.
Hoshiyalarga bitilgan boshqa qaydlar esa betartib va sifatsiz bo‘lib, nusxaning umumiy ko‘rinishiga putur yetkazgan. Keyinchalik shu nusxadan foydalangan kishilar tomonidan bitilgan bu yozuvlarning sifati va uslubi ham har xil. Ularning kotib xati bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Loaqal bir necha sahifadagi ayrim so‘zlarning yozilishi, ulardagi harf elementlarini ozgina diqqat bilan ko‘zdan kechirishning o‘zi xam bu yozuvlarning keyinchalik kiritilgani va ular eng kamida ikki kishining qalamiga mansub ekanligini ko‘rsatadi. Masalan: «Hofiz», «Navoiy», «valahu», «Jomiy» va boshqa so‘zlarning turli o‘rinlarda yozilish uslubiga nazar solsak, bunga to‘liq qanoat hosil qilamiz. Hattoki, yonma-yon turgan sahifalarda ham xatlarning boshqa-boshqaligi ko‘zga yaqqol tashlanadi (77b-78a, 96b-97a,b, 111b-112a, 128b-129a, 132b-133a, 168b-169a va boshqa varaqlar).
Binobarin, kitobxonlar tomonidan keyinchalik kiritilgan ana shunday «begona» yozuvlar asosida kotib mehnatini kamsitish va Bobir ma’lumotlariga shubha bildirish uchun hech qanday asos yo‘q. Bunday chalkashliklarning yuzaga kelishi qo‘lyozma tadqiqotchilarining tekstologik malakalari cheklanganligi bilan bog‘liq bo‘lib, S.Hasan tomonidan mazkur yozuvlarning hech bir izohsiz, asosiy tekst bilan birga transliteratsiya qilinishi bu xatoni yana ham chuqurlashtirgan.
E. Rustamovning mazkur maqolasida qo‘lyozma sifati bilan bog‘liq bo‘lgan yana bir masala tilga olingan bo‘lib, bu borada ham kotib (maqolada kotiblar) aybdor qilinadi: «Qo‘lyozmada shoir Haydar Xorazmiyning «Maxzan ul-asror» masnaviysi nima uchundir «Gulshan ul-asror» deb talqin qilinadi. Bunday talqin mantiqan to‘g‘ri emas. Xazina sirli bo‘lishi, sirning xazinaga, xazinaning sirga mantiqiy aloqador bo‘lishi shubhasiz, haqiqatga to‘g‘ri keladi. Ammo yashnab, ochilib turgan gulshanga, gulshanni sirga nisbat berish mantiqan ishonch hosil qilmaydi. «Gulshan ul-asror» iborasini klassik Haydar Xorazmiy emas, balki endigina she’riyat olamiga kirib kelayotgan, hali she’riyat qonuniyatlarini, talablarini o‘zlashtirmagan, havaskor tasnifchigina ishlatishi mumkin. Albatta, Haydar Xorazmiy asarning nomini «Gulshan ul-asror» deb talqin qilinishi Bobir qalamiga mansub emas. Shubhasiz, bu she’riyat san’atidan bexabar kotiblar ixtirosidir».
Bu mulohaza munosabati bilan shuni aytish kerakki, madaniyatimiz tarixidagi (arab, forsda bo‘lganidek) ilmiy va badiiy asarlar nomida istioraviy xarakter yetakchi o‘rin tutadi. Zotan, «Gulshan ul-asror»ning istioraviy xarakter yetakchi o‘rin tutadi. Zotan, «Gulshan ul-asror»ning ma’nosi «gulshanning siri emas» («ochilib turgan gulshanda hech qanday sir bo‘lishi mumkin emas»), balki «sirlar gulshani» demakdir. Mahmud Shabistariyning (vafoti 720/1320-21) «Gulshani roz» asari ham xuddi shu ma’noni beradi. «Gulshan» so‘zini arabcha so‘zlar bilan aloqaga kiritgan holda ishlatilgan asar nomlari esa (Haydar Xorazmiyga qadar ham, undan keyin ham tarixda juda ko‘p bo‘lib, «Kashf uz-zunun» (XVII) asrning II jildida (Istambul nashri, 327-bet) uning o‘ntadan ortiq namunasi sanab o‘tilgan.
Kotibiy Turshiziyning (vafoti 1431-1436) «Gulshani abror», Shahidiy Dadaning (XV-XVI) «Gulshani vahdat» asarlarida o‘sha mazkur so‘zni forsiy izofa tarzida uchratsak, mazkur tazkirada keltirilgan «Gulshan ul-tavhid» va «Gulshan ul-tahqiq» iboralari arabiy izofa tarzida kelgan. Muxammad Ya’qub Buxoriyning «Gulshan ul-muluk» (V. Bartold, Asarlar, III 342-454-betlar) asari ham ana shu tipdadir.
Xullas, u yoki bu asardagi ayrim hollar, shuningdek qo‘lyozmalarning sifati xaqida qat’iy bir xulosa chiqarishdan oldin tadqiqot obyekti chuqur mushohada qilinishi hamda har bir fikr mantiqiy asosga ega bo‘lishi lozim. Aks holda chuqur ilmiy mulohazalar o‘rnini soxta xulosalar egallashi mumkin. E.Rustamov yozganidek: «Har bir asar, har bir muayyan bir adabiy muhit, tarixiy sharoitda yozilgan va ko‘chirilgan. Mana shu muhit, sharoitni, qo‘lyozmaning xususiyati, kotibning saviyasini matnshunos, albatta, hisobga olishga majbur. Buning uchun matnshunos katta adabiy maktabni o‘tgan bo‘lishi, yetarli darajada tayyorgarligi bo‘lishi kerak».
Yoqubjon IS’HOQOV.
O‘zbek tili va adabiyoti. 1973, № 6. – B. 58-63. (O‘zbekcha); Трактат Бабура об арузе в диспутах у литературоведов.
Fikr qoldirish#