Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobirning “Muxtasar” asari haqida

O‘zbek xalqining iste’dodli farzandi, olimi va shoiri, sarkarda va atoqli davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobir (1483-1530) badiiy asarlaridan tashqari, Bobirnoma, Musiqiy ilmi, Harb ishi kabi qator qimmatli ilmiy asarlar yaratdi. Bunday asarlar orasida ayniqsa o‘zbek aruzi haqida yozgan Muxtasar risolasi o‘zbek she’riyat nazariyasini o‘rganishda muhim o‘rin egallaydi. 

Ma’lumki, arab, fors-tojik she’riyatining vazni va qonun- qoidalari haqida bir qator risola va yirik asarlar yaratilgan. Ibn Hojibning (1182-1249) Ilm ul- aruz, Rashididdin Vatvotning (1182/3 vafot etgan) Hadoyiq us-sehr, Shamsiddin Muhammad ar-Roziyning Al-mu’jam fi ma’oyiri ash’or il-ajam, Xoja Nasiriddin Tusiyning (1210-1274) Me’yor ul-ash’or risolalari arab, fors-tojik aruzi faniga salmoqli hissa qo‘shdi (Bahrom Sirus, Aruzi tojiki, Dushanbe, 1963; Akrem Dja’far, Osobennosti azerbaydjanskoy poeticheskoy metriki aruzi, M., 1960.). Ko‘p asrlik o‘zbek poeziyasining arab, fors-tojik aruzi tajribalari asosida chuqur o‘rganib, uning qonun-qoidalarini o‘zida mujassamlantirgan mukammal asar yaratish o‘sha davrning eng zarur ehtiyojlaridan biri edi. Bu mas’uliyatli va sharafli vazifa buyuk Navoiy zimmasiga tushdi va u o‘zbek aruzi faniga doir birinchi bo‘lib Mezon ul-avzon asarini yaratdi. Bunda shoir aruz fanining ayrim sohalariga doir o‘zining qimmatli fikrlarini bayon qiladi (Alisher Navoiy, Kulliyot, Parij milliy kutubxonasi, Suppl. Turc, № 317; Alisher Navoiy, Mezon ul-avzon, tanqidiy tekstni tayyorlovchi Izzat Sultonov, Toshkent, 1949). 

Bobirning she’riyat nazariyasiga oid yaratgan Muxtasar asari esa Alisher Navoiyning Mezon ul-avzon asaridan so‘ng o‘zbek aruzi haqida yozilgan ikkinchi yirik risola bo‘ldi.

Alisher Navoiy asos solgan o‘zbek aruzi fanining qonun-qoidalarini yanada mukammallashtirish, arab, fors-tojik xalqlari poeziya nazariyasi haqida yaratilgan asarlar qatoridan o‘rin olishi mumkin bo‘lgan nazariy, ilmiy jihatdan asoslangan bir yirik, fundamental ish bunyod qilish, davrning ehtiyoji bilan o‘z zamonasining peshqadam olimi va hassos shoiri Zahiriddin Muhammad Bobir tomonidan amalga oshirildi. U Navoiyning Mezon ul-avzon asari bilan birga fors- tojik klassiklari Rashid Vatvot, Nasir Tusiy, ar-Roziy va boshqalarning aruz haqidagi risolalarini ham sinchiklab o‘rgandi va o‘zbek she’riyati nazariyasiga oid mukammal asar yaratdi. 

Bobir o‘zbek aruziga oid maxsus risola yozganligini Bobirnomada bayon qilgan (“Bobirnoma”, Toshkent, “Fan” nashriyoti, 1948, 330 b-bet). Lekin bu asar turli sabablarga ko‘ra shu vaqtgacha ilm ahliga ma’lum emas edi. Muxtasar qo‘lyozmasi haqida birinchi ma’lumot Ye. Bloshe katalogida berilgan (Blochet E. Catalogue de la collection de manuscrits orientaux-arabes, persans et turcs formee par M. CH. Schefer, Paris, 1900).

1968-yili professor Hamid Sulaymon Angliya va Fransiyaga qilgan ilmiy safari natijasida Ye. Bloshe katalogida ko‘rsatilgan Bobirning 1308 raqami ostida Parij milliy kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmasining yagona nusxasi bilan tanishib chiqdi va uning mikrofilmini Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi fondiga olib keldi (Bu asarning mikrofilmi Leningraddagi Sharqshunoslik institutida ham bor ekanligi keyingi vaqtlarda ma’lum bo‘ldi.).

1968-yilda V.I. Aslanovning maqolalarida Bobirning mazkur risolasi haqida ma’lumotlar bosib chiqildi (V.I. Aslanov, Problemы tyurkoyazыchnogo stixoslojeniya v otechestvennoy literature poslednix let, «Voprosы yazыkoznaniya», № 1, M., 1968, str. 118.).

1969-yilda esa A.M. Shcherbakning Bobirning aruz risolasi haqida nomli maqolasi chop qilindi (A.M. Sherbak, Narodы Azii i Afriki, № 5, 1969.). Shcherbak maqolasida risolaning qisqa mazmuni bayon qilingan. 

Turk olimi M. Fuat Ko‘pruluzodaning “Turk dili ve edabiyati hakkinda arastirmalar” kitobiga kirgan maqolasida Bobir Muxtasarining qo‘lyozmasi Parij milliy kutubxonasida saqlanayotganligi 1934-yildayoq xabar qilingan. Bu esa sovet sharqshunoslari e’tiboridan chetda qolib keldi.

Uyg‘ur adabiyotshunosi M. Hamroyev 1969-yili Turk she’riyat nazariyasi asoslari (M. Xamrayev, Ocherki teorii tyurkskogo stixa. “Mektep”, Alma-Ata, 1969) kitobini bosib chiqardi. Shu kitobga Bobirning Muxtasar asari Parij nusxasining uyg‘ur grafikasidagi transliteratsiyasi qisqacha ilova qilingan. Ammo avtor transliteratsiyada jiddiy tekstologik nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan.

M. Hamroyev mazkur kitobida Bobir she’riyat nazariyasi haqida yozgan risolasining boshqa bir nusxasi sharqiy Turkistonning Kuchar shahrida saqlanayotganligini ma’lum qiladi. 

Sovet matbuotida Muxtasar haqidagi dastlabki ma’lumotlar Maqsud Shayxzodaning Qo‘shiqlar haqida nomli maqolasida eslatiladi. Maqsud Shayxzoda Parij kutubxonasida saqlanayotgan Bobirning aruz risolasi qo‘lyozmasining 940 hijriy yilida Hoji Muhammad Samarqandiy tomonidan ko‘chirilgan nusxasini tasodifiy bir voqea bilan ma’lum bo‘lganini xabar qiladi (M. Shayxzoda, “O‘zbekiston madaniyati”, 1964-yil 4-iyul).

Bobirning bu risolasi o‘zbek adabiyoti tarixi kitobida Mufassal (N. M. Mallayev, O‘zbek adabiyoti tarixi, toshkent, “O‘qituvchi” nashriyoti, 1965, 637-bet) nomi bilan eslatiladi. Bu asarning Muxtasar nomi to‘g‘risida qo‘lyozmaning ikki joyida so‘z yuritilgan: “She’r ahli orasida shoyi’ vaznlarda ustoddin oz ash’or kelturulgay to bu Muxtasar bu vasila bila fusaho nazarig‘a manzur va shu’aro tiliga mazkur bo‘lg‘ay... (Zahiriddin Bobir, Maxtasar. Parij nusxasi. inv. № 1308, v. 44 b.) Chun bu Muxtasar safarda bayozg‘a bordi ul munosib bila musofir masoyilini bitildi” (“Muxtasar”, v. 45 a.). Muxtasarning yozilish yili haqida hech bir manbada biror ma’lumot uchramaydi. Asarning o‘zida keltirilgan tarixiy parchalar uning yozilish yilini aniqlashga imkon beradi: “Aruz itmomidin ikki uch yil so‘ng, Hindiston fathining so‘ngg‘i yili, Sanbal sarig‘a borur fursatta bir mutatavval bayt o‘n olti rukn bila aytilib erdi” (“Muxtasar”, v. 44 b.).

Yuqorida keltirilgan parcha Bobirnomada 1525-1526-yillar voqealarida eslatilgan (“Bobirnoma”, Toshkent, O‘zSSR FA nashriyoti, 1948, 330 b-bet). Demak, Bobir Muxtasar nomli bu asarini 1521-1522 (928) yillarda yozib tugatgan deb taxmin qilish mumkin. Muxtasarning xotimasida keltirilgan parcha ham mazkur kitobning yozilib tugatilish yiliga mos keladi: 

“Ta’rix to‘qquz yuz yigirma sekkizda men imom Ab-u Hanifa mazhabida tengri tavfiqi bila bir fiqhe nazm qildim. Mubayying‘a mavsum” (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 170 a.). Lekin mazkur asarda Bobirning 1521-1522-yillardan so‘ng yaratgan she’rlari ham uchraydi, bular Bobir tomonidan kitobga keyinchalik ham qo‘shimcha va to‘ldirishlar kiritganligidan dalolat beradi. Masalan: Muxtasardan keltirilgan quyidagi bayt Bobirnomada (933) 1526-1527-yillar voqealarida eslatiladi: (“Bobirnoma”, 401-bet.)

Ko‘z-u qosh-u so‘z-u tilinimu dey, 

Qad-u had-u soch-u belinimu dey? (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 100 b.)

A.M. Shcherbak bu asar haqida yozgan maqolasida qo‘lyozmaning ko‘chirilish tarixini qamariya yilini nazarda tutib, 940 hijriy yilini 1533-1534 melodiy yiliga ko‘chiradi (A. M. Shcherbak, Mazkur asar, 156-bet). Qo‘zyozmaning kolofonidagi 940-yil raqami oldida ko‘rsatilgan سور yoki تموز tammuz (yoki sour) oyi hijriy yilining shamsiya hisobiga kiradi. Shuning uchun qo‘yozma 1533-1534-yilda emas, balki 1561 melodiy yilining iyun oyida ko‘chirilgani aniq. Muxtasarning Parij qo‘lyozmasini kotib (سمرقندى محمد) Muhammad Samarqandiy ko‘chirgan. Qo‘lyozmaning asosiy matni yirik nasta’liq xatida Samarqand ipak qog‘oziga ko‘chirilib, alohida sarlavhalar qizil siyohda ko‘chirilgan. Qo‘lyozma o‘lchovi 13,5x18,5 sm. Ba’zi betlardagi o‘chib ketgan va chaplangan joylarini e’tiborga olinmasa qo‘lyozma bizgacha yaxshi saqlanib kelgan. Yo‘qolgan, yirtilgan varaqlari yo‘q. Qo‘lyozmaning ba’zi hoshiyalarida keyingi vaqtlarda yozilgan fors tilidagi yozuvlar uchraydi. Muqovaning ichki

qismida arab tilida yozilgan she’r va yozuvlar ham bor. Qo‘lyozmaning hajmi 172 varaqdan (344 bet) iborat. 

Muxtasar ikki yirik bobdan iborat. Avvalgi bob rukn yasovchi hijolar va ularning nav’lari, ruknlar va zihoflar, bahrlar va doiralarga bag‘ishlangan. 

Bobir rukn yasovchi uch asosiy hijolar haqida gapirib, Nasiriddin Tusiyning fosila alohida hijo sifatida ajratilishiga qarshi qaratilgan fikrini rivojlantiradi. U fosilai sug‘ro, bir sababi saqiyl va bir sababi xafifdan, fosilai kubro bir sababi saqiyl va bir vatadi majmu’dan va fosilai uzmo esa, ikki sababi saqiyl va bir xafifdan tarkib topgan ekan fosila hijosining ruknlar yasashda hojati yo‘qligini isbot qiladi. Bobir hijolarni ikkiga va ularning har birini uch nav’ga ajratishini quyidagicha bayon qiladi:

“Xoja Nasir Me’yor ul-ash’orida kelturubturkim, fosila alohida rukne emas, balki fosilai sug‘ro murakkabdur sababi saqiyldin va sababi xafifdin va fosilai kubro murakkabur sababi saqiyl va vatadi majmu’din va bu ajzoning uchunchi shaqqini kelturmaydur. Bas fosilai uzmo tartib bo‘lg‘ay uch sababdin: ikki saqiyl, bir xafif. Bas bunda she’r avzonining madori ikki juzv bila bo‘lg‘ay: sabab, vatad. Aruz[iy]larning odati andoqturkim mavzu’da bu ajzodin murakkab abyot irod qilurlar. Sababi xafifdin:

Gulshandek ko‘yundur yuzungdek gul, 

Sunbuldek mo‘yundur so‘zungdek mul.

Tokay moro dar g‘am dori, 

Tokay bar mo ori xori.

Yolg‘uz sababi saqiyldin she’r maholdur, chun she’rning avzonining orasida ikki sokin yondosha kelmaydur. Sababi mutavassit bila vatadi kasratkim, ikki oxirg‘i harflari sokindur, bas bulardin she’r bo‘lmag‘ay, yana ulkim bular she’rda bo‘lmag‘ay, ne uchunkim she’rning avzonining oxirida, yo ul yeridakim oxir hukmida bo‘lg‘ay ikki sokin e’tibor qilibtur nechukkim:

Turo la’l shakarrez, maro chashm go‘harbor, 

Turo xanda buvad xo‘y, maro girya buvad kor. 

Bu baytning hashvida va aruzida “shakarrez” va “go‘harbor” lafzi mafo’iyl vaznida voqi’ bo‘lubturkim maqsur bo‘lg‘ay. Bu ikki sokini mutavoli mu’tabardur. Bas bu ikki juzvni uchar e’tibor qilmoqning vajhi bor” (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 1 b, 2 a.).

Bobir ruknlar bobida o‘zbek aruzini arab, fors-tojik aruzlari bilan solishtirib, 8 rukndan yasalgan 44 zihof va ularning far’lari ustida mukammal to‘xtaydi va zihof bilan far’larning yasalish usul va qoidalarini bayon qiladi. 

Asarda Bobir har bir zihof va ularning far’lari ustida batafsil to‘xtab o‘tadi. U aruzshunoslarning vaqf, tash’is, qasr, qat’, kasf, hazf, xazaz, salm, tasni’, izola, tarfil zihoflarini misra’ning oxirigagina maxsus degan fikrlari ziddiga misra’ning o‘rtasida ham voqi’ bo‘lishi mumkinligini Salmon Sovajiyning ramal bahrida aytilgan Qasidai masnu’i misolida isbot qiladi. Quyida shu misol keltirildi, avvalki misra’ning hashvi maqsur, so‘nggi misra’ning hashvi maxbuni mahzuf:

Abr lutfi tu ba tab’ mehri xalqi tu badam, 

Fo’ilotun fa’ilon fo’ilotun fa’ilun 

Mekunad xor suman mekunad xok diram. 

Fo’ilotun fa’ilun fo’ilotun fa’ilun (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 8 b.).

Risolada usullarning takroridan yoki bir-birining tarkibidan bahrlar vujudga kelishi va ular yasalishi nuqtayi nazaridan ikkiga bo‘linishi ko‘rsatilgan. Mutaqorib, mutadorik, hazaj, rajaz, vofir komil bahrlari usulning takroridan yasalib, muttafiq ul-arkon guruhiga biriktiriladi. Tavil, madid, basit, munsarih, muzori’, muqtazab, mujtass, sari’, jadid, xafif, mushokil usulning ba’zisining ba’zisi tarkibidan hosil bo‘lib, muxtalif ul-arkon guruhiga kiradi. Bahrlarning bir- biriga yaqinligi va o‘xshashliklari nuqtayi nazaridan aruzshunoslar doiralar qabul qilishgan. Muttafiq ul-arkon guruhiga to‘rt, uch solim va bir muzohaf doira kiradi. Ikki solim va ikki muzohaf doiralar muxtalif ul-arkon guruhiga kiradi.

Muxtasarda 9 doira keltirilib, uning yangi nav’lari ko‘rsatiladi. Bobir o‘zi ixtiro qilgan yangi doira haqida quyidagini ma’lum qiladi: / “Hazaji maqbuz bila ramali makfufdin yana bir doira mumkindur. Hazaj mafo’ilun to‘rt qatla. Ramal fo’ilotu to‘rt qatla misra’ikim doirada bitilib bu ikki vazn andin o‘lqulg‘ay, budur hazaji maqbuz vazni: / Meningcha kim qilur vafo,

Meningcha kim chekar jafo?

Ramali makfuf vazni:

Kim qilur vafo meningcha, 

Kim chekar jafo meningcha? 

Bu doirani mujtalibai muxtari’a desalar munosabati bor” (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 14 b.). 

Asarning ikkinchi eng yirik bobi vazn va taqti’ tushunchasiga bag‘ishlangan. Ma’lumki vazn miqdor, vaqt va so‘zga nisbatan ishlatiladi. Vaznning so‘zga nisbatan ishlatilishi nuqtayi nazaridan olimlar sarfiy va aruziylar toifasiga bo‘linadilar. 

Sarfiylar vazn o‘lchovi asosiga fa’ala so‘zini olib mavzun bilan vaznning harflari va harakatlari o‘rtasida tenglik bo‘lishi shartligini ta’kidlaydilar. Aruziylar o‘lchovi asosi qurilib mavzunning talaffuzga keluvchi harflari bilan vazn o‘rtasida birlik bo‘lishi shart emas. Masalan: jahon gashtam, jon kashidam – jahon kezdim, jong‘a yettim (Bobir o‘zbek va fors tillaridan shunday ustalik bilan foydalanganki, keltirilgan misollar har ikki tilda vazn talablariga javob bera oladi). Bu misol mafo’iylun vaznidadir.

Taqti’ aruziylar istilohida baytning tahlilidir. Ba’zi harflar yozuvda ifoda qilinsa ham lekin taqti’da e’tiborga olinmaydi, masalan: “oy-u ob”dagi “vov” yozilsa ham e’tiborga olinmaydi, “fo’” vaznida ishlatiladi. Aksincha, ba’zan yozuvda ifoda qilinmagan tovushlar e’tiborga olinishi mumkin. Masalan: “Sanga va manga” so‘zlarining “sin” va “mim” harflari orasida ba’zi mahalda yozuvda ifoda qilinmagan “alifi mutalaffaz” keladi, u e’tiborga olinadi.

Shuningdek, ه ى و ا harflari bilan tugagan so‘zlar taqti’da soqit bo‘lishi yoki e’tiborga olinishi mumkin. / O‘zbek tilidagi “dol” د “ti” ت “g‘ayn” غ “qof” va ك “kof” harflari assimilyatsiyaga uchrashi mumkin. O‘tgan zamon fe’llarining oxiridan ikkinchi harfi “to” bo‘lsa, uning oldidagi “dol” “to”ga aylanadi, masalan: “Yetti-yu ketti va ayttiyu qaytti va tutti”. Agar fe’l oxirining avvalgi harfi kasra bo‘lsa bitta “ti” harfi bilan bitiladi, masalan: “yeti va keti” (fa’lun vaznida).

Fathaning alomati “ho” harfidir. Ba’zan bu “ho” talaffuzga kelsa ham taqti’da e’tiborga olinmaydi, masalan: “qilsa vafo” mufta’ilun, agar, e’tiborga olinsa mustaf’ilun, vaznida ishlatiladi. “Vov” harfi so‘zlarning o‘rtasida kelganda dammaning alomatidir, masalan: “xush va xur” fa’ vaznida. Bu turdagi “vov”, vovi ishmomi zamma deb ataladi. Yana vovi atf borki, u uch turga bo‘linadi. Ikki nav’i ham yozuvda ifoda qilinib, ham talaffuzga keladi, masalan: “gul-u mul” – fa’ulun, “gul va mul” – fo’ilun, uchinchi nav’i yozuvda ifoda qilinib, talaffuzga kelmaydi va taqti’da soqit bo‘ladi. masalan: gul-u mul – fa’lun.

She’rda ikki sokin harf yonma-yon kelsa, ulardan biri harakatli harf e’tibor qilinadi, masalan: “dast bideh – tort qo‘lum – mufta’ilun. O‘zbek she’rlarida uchraydigan sokinlar haqida Bobir quyidagini aytadi.

“Qaro zulfung firoqida parishon ro‘zgorim bor,

Yuzungnung ishtiyoqida ne sabr-u ne qarorim bor. 

Bu baytning hashvida ikki sokini mutavoli tasavvur qilib bo‘lmas, agar ikki sokin voqi’ bo‘lsa, birisi mutaharikka muhsub bo‘lur yo, ulkim taqti’da soqit bo‘lur, mo‘tabar emas”.

O‘zbek she’rida Muttafiq ul-arkon bahr vaznlarining solimi bilan solim, muzohafi bilan muzohaf ishlatiladi. Bobir arablarda solim misra’ muzohaf misra’ bilan ham qo‘llanishi mumkinligini aytib, mashhur arab shoiri Bashshar ibn Burdning qasidasidan mujtass bahrida yozilgan ikki baytni keltiradi: 

Am habbatir riyhu min tilqoi kozimatin, 

Va avmazal barqu fizzalmoi min azami. 

Famo li’aynayka in qulta ikfufo hamato, 

Va mo liqalbika in qulta istafiq yahimin (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 26 a.).


Vaznlar bobida Bobir iste’moldagi hamma vaznlarga fors va turkiy she’rlar bilan misol keltiradi. Har bir bayt to‘g‘risiga uning muallifi nomini ko‘rsatadi. Muallifi ko‘rsatilmagan she’rlar Bobirga mansub ekanligi asarda eslatilgan: “Har vaznkim musta’mal bo‘lg‘ay, yo ulkim muxtara’ bo‘g‘ay turkiy bayt bila iktifo qiling‘ay, har kimning baytini kelturulsa qoyili bitilg‘ay, magar ulkim qoyili ma’lum bo‘lmag‘ay, qoyili mazkur bo‘mag‘ay turkiy bayt muallifning bo‘lg‘usidur”. Shuni ham eslatib o‘tish kerakki, asarda shunday joylar uchraydiki, ba’zi she’r mualliflari noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Masalan: 121 a betda 142 snoskaga olingan she’r Xisravga nisbat berilgan, vaholanki mazkur she’r Jomiy qalamiga mansub, yana 130 a betda 148 snoskaga olingan she’r Hajriyga nisbat berilgan, bu she’r muallifi Bobirdir. 

Muxtasarda har bir bahr ustida batafsil to‘xtalib, avval bir baytning taqti’i berilib, so‘ngra bahrlar sakkiz, olti va to‘rt ruknli baytlar misolida keltiriladi. Risolada keltirilgan jam’i vaznlar soni haqida Bobir quyidagini aytadi: 

“Bilgilki bu yigirma bir bahrda besh yuz o‘ttuz yetti vazn kelturuldi. Bu jumladin musta’mal vazn – ikki yuz sekkiz, musta’malu muxtara’din matbu’ vazn – yuz oltish ikki, musta’mali matbu’ – yuz to‘rt, muxtara’i matbu’ – ellik sekkiz” (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 98 a.)

Bobir bahrlar bobining rubo’iy vaznlari qismida, uning g‘oyat raboyanda va latofatli ekanligini ta’kidlab Abdurahmon Jomiy va Navoiyning axram va axrab vaznlariga yozgan rubo’iylarini keltiradi. 

Bobirnomada 1505-1506-yillar voqealarida Alisher Navoiyning yigirma to‘rt rubo’iy vaznining to‘rt vaznida yanglishganligi ta’kidlab o‘tiladi (Zahiriddin Muhammad Bobir, Bobirnoma, Toshkent, O‘zSSR FA nashriyoti, 1948, 233-bet), lekin Bobir Muxtasar asarida bu haqda hech gap yuritmaydi. Fikrimizcha Bobir “Mezon ul-avzon”ning xattot tomonidan yanglish ko‘chirilgan nusxasidan foydalanib, keyinchalik esa mazkur rubo’iy vaznlarida nuqsonlar yo‘qligi aniqlangach, bu haqda gapirishni lozim topmagan bo‘lishi kerak. 

Bobir masnaviylar haqida gapirib, Xoja Xisrav Dehlaviyning No‘h sipehr, Oyinai Iskandariy, Abdurahmon Jomiyning Subha, Haft avrang, Xiradnomai Iskandariy, Shayx Sa’diyning Bo‘ston, Firdavsiyning Shahnoma, Nizomiyning Iskandarnoma, Mir Alisher Navoiyning Saddi Iskandariy, Abdulloh Hotifiyning Temurnoma va Salmon Sovajiyning Firoqnoma va boshqa ko‘p asarlar ustida to‘xtaydi va ulardan rang-barang misollar keltiradi. 

Bobir qo‘shiqlar haqida gapirib, uning tarxoniy, turkiy, qo‘shuq kabi turlarini bayon qiladi: 

“Bu charxning men ko‘rmagan javr-u jafosi qoldim-u,

Ham xasta ko‘nglum chekmagan dard-u balosi qoldim-u?” 

Atrok arosida bir surud borkim tarxoniy derlar, bu vaznni anga taqsim qilurlar, ikki davrda bog‘lanibtur: taqsim bir davrda va ayolg‘usi bir davrda. Sulton Husayn Mirzoning zamonida yana bir surud chiqtikim turkiyga o‘q mavsum bo‘ldi, anga dog‘i ushbu vaznni taqsim qilurlar ul dog‘i ikki davrda bog‘lanibtur. 

Kelgil ey oromijon necha tortay intizor, 

Qildi hajrning notavon, qildi shavqing beqaror.

Bu vazn turk orasida qo‘shuqqa mavsum. Org‘ushtak bitarda bu vazn taqsim qilurlar” (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 132 a.).

Bobir ikki baytdan iborat vaznlar haqida gapirib, tuyuq ustida to‘xtaydi. U tuyuqning mo‘g‘ul xonlari bilan turk sultonlari yig‘ilishlarida ko‘proq aytilishini gapiradi. Tuyuq bir necha turlarga bo‘linadi. Birinchisi har uch qofiyada tajnis rioya qilinadi:

La’lidin jonimg‘a o‘tlar yoqilur, 

Qoshi qaddimni jafodin yo qilur. 

Men vafosi va’dasidin shodmen,

Ul vafo bilmonki qilmas, yo qilur (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 138 b.). 

Yana biri qit’aga o‘xshash ketib, birinchi baytning avvalgi misra’sida qofiya rioya qilinmay, baytlarning qofiyasi o‘rnida tajnis ishlatiladi: 

Berma derlar ul vafosig‘a ko‘ngul,

Kim aning kishiga ortuq nishi bor. 

Men tama’ uzmasmen o‘lsam la’lidin, 

Jon mening jonimdur elning ne-shi bor (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 139 a.).


Yana birida tajnis rioya qilinmay ikki qofiya bilan aytiladi:

Bu viloyatqa muqayyad bo‘lmag‘il,

Kel Xuroson jonibig‘a azm qil.

Gar borur bo‘lsang erurmen hamrahing, 

Var turarsen men borurmen jazm qil (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 139 b.).

Yana birida tajnis rioya qilinmay uch qofiya bilan aytiladi: 

Ekma qosh-u yaxshi parchamdur sanga,

Rost qadd-u zulfi purxamdur sanga.

Chun bu yanglig‘dur sanga xayl-u xasham, 

Xo‘bluq mulki musallamdur sanga (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 139 a.).

Bobir tuyuqning yangi uch nav’ini keltiradi. Biri har to‘rt qofiyada tajnis rioya qilinib aytiladi: 

Vasldin so‘z derga yo‘q yoro manga,

Hajr aro rahm ayla kel yoro manga.

O‘qung etti ko‘b yomon yoro manga, 

Marhami lutfung bila yoro manga (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 139 b.).


Yana biri uch yerda tajnis radif o‘rnida bo‘lib, tajnisdan ilgarigi so‘zlar qofiyalashadi:

Mehrkim ko‘kka qilur ohang tong,

Ollida bo‘lsa emas berang tong. 

Holi-yu ikki labidin bo‘lmag‘ay, 

Hind-u ar keltursa shakar tang tong (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 139 b.).

Va nihoyat tuyuqning oxirgi nav’i tajnisdan ilgari hojib rioya qilinib aytiladi: 

Ne balo biyik turur davlat bog‘i,

Ko‘hi g‘amni ne bilur davlat bog‘i.

Himmate tut, dog‘i davlat istagil,

Himmating bo‘lsa bo‘lur davlat bog‘i (“Muxtasar”, qo‘lyozma, v. 139 b.).


Bobir qo‘shiqning o‘lang turi haqida to‘xtab, quyidagini bayon qiladi: 

“Masti mudom ey ko‘ngul, ko‘zi ekin,

Nutqi Masiho degan so‘zi ekin.

Qadr kechasi bekin zulfi aning, 

Ne kishiga ko‘ngul ro‘ze ekin. 

Atrok arosida bir surud borkim o‘lang derlar aksar to‘ylarda ayturlar. Bu vazn anga maxsusdur. Avval surudg‘a taqsim qilurda har misra’din so‘ng yor-yor lafzin keltururlar. Sulton Husayn Mirzoning zamonida chiqqan turkiyning ayolg‘u davrining o‘ziga bu o‘lang tartib berildi, xeyli raboyanda va yaxshi keldi” (Mazkur asar, v. 146 b, 147 a.).

Alisher Navoiyning Mezon ul-avzonida qo‘shiqning bu nav’i munsarihi mavquf bahrida kelib, changi deb ham atalgan. Bobir keltirgan mazkur misol munsarih bahrning makfuf vaznida aytiladi.

Bobirning Muxtasar asari yirik antologiyadir. Asarda XIV-XVI asrda yashagan 60 dan ortiq shoir nomi esatiladi va ularning asarlaridan parchalar keltiriladi. Shular jumlasiga Abdulloh Hotifiy (101 a), Abdulbaraka Firoqiy (77 b), Anvariy devona (135 b), Ahmad Hojibek (137 a), Ahmad Manshuriy (36 a), Binoiy (107 a), Bihishtiy Hisoriy (135 b), Boysung‘ur Mirzo (41 a), Burd ibn Bashshar (26 a), Vali Qalandar (159 b), Vahid Tabriziy (33 b), Zuhuriy (165 a), Iroqiy (61 a), Kamol (Xo‘jandiy) (81 a), Kotibiy (107 a), Lutfiy (39 b), Mavlono Abdul Haydar Xorazmiy (114 b), Mavlono Abdurahmon Jomiy (8 b), Mavlono Attor (62 a), Mavlono Kamol Ismo’il (98 a), Mavlono Rumiy (138 a), Mahviy (39 b), Mir Alisher Navoiy (21 a), Mir Atoullo Mashhadiy (36 b), Mir Mug‘ul (114 b), Muhammad Usor (114 b), Nizomiy (83 b), Nosir Buxoriy (114 a), Orifiy (97 b), Orif Farkatiy (77 b), Osafiy (60 a), Parqud Foniy (138 a), Rashid Vatvot (36 b), Riyoziy Sarmarqandiy (27 b), Rudakiy (28 a), Sayfiy Buxoriy (23 a), Sayfiy Yodgorbek (126 a), Sa’diy She’roziy (42 b), Salmon Sovajiy (8 a), Soyifiy (126 a), Solih (160 a), Sohib Balxiy (114 a), Sulton Mahmudxon (72 a), Sulton Husayn Mirzo (36 a), Tiroziy (57 a), Toriy (71 a), Ulug‘bek Mirzo (31 a), Firdavsiy (101 a), Xayoliy (39 b), Hiloliy (93 a), Xisrav Dehlaviy (33 b), Xoja Ismo’il Buxoriy (31 a), Xoja Nasir Tusiy (1 b), Xoja Aqcha Kandiy (138 b), Xoqoniy (167 a), Shavqiy (109 a), Shayx Avhadiy (170 a), Shayx Mahmud Xasratiy (113 b), Shohiy (43 a), Shoh ibn La’liy (126 a), Shoh La’liy Badaxshon (126 a), Shoh Na’liy Mirzo (110 b), Shohruh (41 a), Yusuf Andijoniy (126 a), Qozi Xoja Xirad Samarqandiy (107 a), Hajriy (39 b), Hasan (94 a), Hofiz (37 a) kiradi. Mazkur asar o‘zbek va boshqa turkiy xalqlarning she’riyat nazariyasi tarixini o‘rganishda muhim manba va qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Zahiriddin Bobir, o‘zbek tili fonetik normalari va arab, fors-tojik aruzi sistemasining negizi asosida Navoiy Mezon ul-avzonida ishlab chiqilgan, o‘zbek aruzi qonun-qoidalarining ilmiy nazariy talablariga har tomonlama javob bera oladigan darajadagi nazm nizomini yaratdi.

Bobir o‘zining bu samarali asari bilan o‘zbek poeziyasida qo‘llaniladigan aruz bahrlarining ko‘p yangi vazn, zihof va far’larini aniqladi. Shuningdek u o‘zbek tili va she’riyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib vazn va taqti’ boblarida o‘zbek aruzi borasida yangi fikr va mulohazalar bilan umum aruz faniga benihoyat katta hissa qo‘shdi. 

Qo‘lyozmani ko‘chirishda xattot tomonidan so‘zlarni tushirib qoldirish, bir so‘z o‘rniga boshqa so‘z yozish, ayrim jumlalarni takrorlab yozish, harflar o‘rnini almashtirish kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Transliteratsiyada biz bularni e’tiborga olib, ma’lum darajada tiklashga harakat qildik. Xattot tomonidan tushirib qoldirilgan so‘z yoki jumlalar katta qavs ichiga olindi, masalan: qo‘lyozmaning 1 a betida 2 satr yuqoridan sababi saqiyl so‘zlari tushib qolgan, bu so‘zlar [sababi saqiyl] shaklida tiklandi. Xattot yanglishib takrorlab ko‘chirgan tekstlar kichik qavs ichiga olinib, kitob ilovasida unga izoh berildi. (Masalan, qarang: 6 b bet, 16 raqamli izoh). Katta hajmda takrorlanmagan jumla va so‘zlar qavs ichiga olinmadi va transliteratsiyada ifoda qilinmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh berib ketildi. Shuningdek, transliteratsiya vaqtida bahr va turli vaznlarga keltirilgan misollar tekshirib borildi va xattot tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tuzatilib, izoh berildi. 

Transliteratsiyada arab tilidagi ى و ا harflar o‘zbek tilida o, uv, iy harflari bilan ifoda qilindi. ع harfini “’” belgisi bilan, ثلم صلم zihoflarini farqlash uchun avvalgisini “salm”, oxirgisini “ssalm” deb ifodalanadi.

Ba’zi o‘qilishi qiyin bo‘lgan so‘zlar transliteratsiyada ifoda qilinib, /?/ belgisi bilan ko‘rsatildi. Shuningdek, taxmin o‘qilgan so‘zlartransliterayiyada ifoda qilinib, so‘roq belgisi bilan qavs ichiga olindi. Risolaning faksimil nashri bilan birga to‘liq transliteratsiyasi ham berildi.

Kitobda ismlar, asarlar, geografik va etnik nomlar ko‘rsatkichlari alfavit tartibida hozirgi o‘zbek grafikasida, terminlar ko‘rsatkichi esa hozirgi o‘zbek va arab grafikasida berildi. Ismlar to‘g‘risidagi raqamlar kitobning ko‘rsatilgan betida shu ism haqida ma’lumotlar borligini anglatadi. Ba’zi ismlarning beti (a, b) ko‘rsatilmagan raqamlar so‘z boshida qo‘yilgan raqamlarni bildiradi. Asarlar nomi ko‘rsatkichida mualliflar qavs ichiga olindi.

Shunday qilib, Bobirning o‘zbek aruzi haqida yozgan Muxtasar risolasining topilishi o‘zbek adabiyotshunosligida yangi, shu davrgacha o‘rganilmagan sahifani ochib, o‘zbek adabiy merosi xazinasini yanada boyitdi.

Bu noyob asarning o‘quvchilarga taqdim qilinishida filologiya fanlari doktori, prof. Hamid Sulaymon, “Fan” nashriyoti direktori Yu. Yusupov va Moskvadagi 5-bosmaxona direktori O.M. Vinogradovalarning xizmatlari katta bo‘ldi. 


Saidbek HASAN

Bobir, Zahiriddin Muhammad. Muxtasar.

Nashrga tayyorlovchi S. Hasan; Mas’ul muharrir prof. H. Sulaymon; O‘zSSR FA A. Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi. Tsh.: “Fan”, 1971. – S.5-13. (O‘zbekcha);

Бабур, Захириддин Мухаммад. Мухтасар.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0