Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobur va Ayodhya masjidi

Ayodhyada buzib tashlangan masjid bilan bog‘liq nizolar juda chigal masaladir. Shu kunlarda bu muammo yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shu bois bu haqda biron narsa deyish nojoyiz, albatta. Ammo yaqin orada Boburning “Boburnoma” va u haqda yozilgan son-sanoqsiz maqolalarni o‘rgangach, ularga tayangan holda shuni ishonch bilan ayta olamanki, Bobur nomini bu masjid yoki unga taalluqli nizolar bilan bog‘lash uchun hech qanday asos yo‘q.

Rosti shuki, Boburning holati va kechmishlari, feʼl-atvoriyu aʼmollarini jiddiy tadqiq qilgan olimlar, xususan, professor R. Nath, professor Sushil Shrivastav, professor Harbans Mukhya, professor Muhibbul Hasan va «Boburnoma»ning tarjimoni Susanna Beverijlar nomi zikr qilingan masjidning Boburning ko‘rsatmasi yoki farmoni bilan qurdirilganini butunlay rad etadilar. Hozirgi kunda yana bir haqiqat ro‘y-rost ochildiki, hindu-musulmonning birligi va hamjihatligini buzish maqsadida ingliz hukmdorlari va ularning ko‘rsatmasi bilan baʼzi tarixchilar nifoq solish niyatida bo‘lganlar (Batafsil maʼlumotni Shrivastavning «Bahsli masjid» asaridan olish mumkin). 

Masjidning ichki qismidagi yozuvlarga ko‘ra uning qurilishi 935 hijriy yilida nihoyasiga yetgan. O‘sha yili birinchi jumodul avval 935 hijriy yili bilan Bobur mirzo o‘z vasiyatiga dastxat bitgan. Unda u vorisi Humoyunga murojaat qilib yozgan: «Sendan lozimki, diniy taassublarni ko‘ngildan itqitib tashla. Har mazhabga insof doirasida munosabat qil. Sen ayniqsa, sigirni so‘yishga chek qo‘y. Shunda sen ahli hind ko‘nglini zabt eta olasan . Ana shunda raiyat shohning ko‘rsatgan ehsonidan minnatdor bo‘ladi. Xalq davlat qonun-qoidalariga itoat qilsa, u tavof qiladigan ehromlaru ibodatxonalarni yakson qilma. Adlu insof yuzasidan shunday ish ko‘rki, shoh raiyatdan, raiyat shohdan rozi yursin» (28). 

O‘z valiahdiga shunday nasihat qilguvchi shoh o‘z amallari bilan undan toygan bo‘larmidi? Bu Boburning feʼl-atvoriga xilof-ku? Bobur o‘z safarnomasida Hindistonga qilgan yurishlarini tafsiloti bilan so‘zlaydi. Agrada muqim bo‘lgan paytlarida (umrining oxirgi to‘rt yili mobaynida) o‘z tuzugini yozishni davom ettiradi. U o‘z atrofidagi saroy aʼyonlari, vazirlar xatti-harakati, niyat-maqsadlarini bayon qilib boradi. Xuddi o‘sha paytda uning nomiga atab unga katta eʼtimod qo‘ygan hokim Mir Boqiy bir masjid qurdiradi. Lekin bu haqda Bobur tuzukda (Tuzukda – yaʼni, “Tuzuki Boburiy”da – aniqrog‘i, “Boburnoma”da, demoqchi. (Sh.R.)) bir og‘iz so‘z aytmagan. Bu juda hayratomuz voqeadir. Kanvoha zabt etilgandan so‘ng Bobur o‘z amirlari, vazirlari, ayniqsa unga eʼtiqod va ixlos bilan «G‘oziy» unvonini bergan kishilar nomlarini iftixor bilan tuzukda tilga oladi (Aytishlaricha, masjid Kanvohaning fath etilishi munosabati bilan qurilgan). Unda nega Bobur bu haqda bir so‘z demagan? Insof bilan aytganda, bu masjidning qurilishiga uning hech qanday daxli bo‘lmagan.

Bir narsani Hindistonda juda kam odam biladi. Markaziy Osiyoda qadim zamonlardan beri bunyod etilgan masjidlar, ayniqsa, Buxoro va Samarqandday ko‘hna shaharlardagi masjidlarning tashqi darvozalarining ikki tomonida ikki sherning tasviri tushirilgan. Samarqandda mashhur so‘fiy, Bobur ko‘p taʼriflagan Xoja Ahror Valiy mozori atrofida qurilgan salobatli masjid va Madrasa borki, uning mahobatli darvozalarining tavaqalarida yugurib ketayotgan sherlarning orasida qochib borayotgan kiyiklarning tasvirini haligacha ko‘rish mumkin (Holbuki, jonli maxluqlarning tasvirini tushirish shariatga xilofdir). Aslida bu Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatiga Eronning kuchli taʼsiri natijasidir. Eron madaniyatiga ko‘ra sher kuch-qudrat timsoli hisoblanadi. Shuning uchun shia bo‘lgan Mir Boqiy masjidning darvozasini sher surati bilan bezattirgan. Shuni ham yodda tutish kerakki, Bobur – babarning ham maʼnosi sher demakdir. Shu tariqa bu masjidning nomi Babari masjid nomi bilan tanilib ketdi. Bunday qaraganda, Markaziy Osiyoda ham masjidlarga kishi nomini berish urf emas. Bunda biron-bir istisno holati bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Toshkentdagi bir katta masjid Tillashayx nomi bilan mashhurdir. Toshkent davlat universitetiga yaqin joylashgan Mirzo G‘olib ko‘chasida qurilgan madrasa va masjidga ham Mirzo G‘olib nomi berildi.

Jon Leyden va boshqa ingliz tarixchilarining yozishicha, Boburning Ayodhyaga borganiga ishora qiluvchi bironta tarixiy dalil yoki isbot yo‘q. Uning faqat Avadhdan oqib o‘tadigan Ghangharandi sohillarigacha yetib borgani haqida maʼlumotlar uchraydi. «Boburnoma»ning tarjimoni Susanna Beverij xonim bu yanglish fikrning asossiz ekanini isbot qilishga uringan.

Qisqasi, tarixiy faktlar shundan guvohlik beradiki, Ayodhyada buzib tashlangan masjid bilan shahanshoh Bobur o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q. 


Qamar RAYIS

Bobur shaxsiyati va sheʼriyati / tarj. Urdu (اردو) tilidan M. Abdurahmonova; Bobur xalqaro fondi. – Andijon : "Andijon nashriyot-matbaa" OAJ, 2007. –B 43-45. (O‘zbekcha); Камар Райис. Бабур и мечеть в Айодхйя.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0