Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Akbarshoh hayotining so‘nggi yillari

Akbarshoh umrining oxirgi yillarida uning bir necha yaqin kishilari, shu jumladan, onasi, ikki o‘g‘li, yaqin do‘stlaridan bir nechasi olamdan o‘tib, hayotidan g‘amgin kunlar o‘rin ola boshladi. Buning ustiga katta o‘g‘li shahzoda Salim otasiga qarshi isyon ko‘tarib, shohning bir tashvishini ikki qildi. Akbarshohda yaqin kishilariga bo‘lgan samimiy hurmat-e’tibor va ularni qadrlash tuyg‘usi shunchalik yuqori ediki, ulardan ajralish uning uchun og‘ir yo‘qotish bo‘lib tuyulardi. Shohning yaqin do‘stlaridan bo‘lgan Birbolni o‘z qavmidagilar o‘ldirganlarida Akbarshoh ikki kechayu kunduz tuz totmadi, hatto bir ho‘plam suv ham ichmadi. Onasi va boshqa yaqinlarining tazyiqi ostidagina uchinchi kuni biroz tamaddi qilgan bo‘ldi.


Do‘stining qotillaridan o‘ch olish uchun g‘azab bilan otlanganda yaqin kishilari uni zo‘rg‘a shashtidan qaytara oldilar. Birbol hayot paytida Akbarshoh uni juda qadrlar va ikki marta hayotini saqlab qolgan edi. Birinchi marotaba Birbol otdan yiqilib hushidan ketib qolgan edi. Ushanda Akbarshoh uni o‘pib- quchib, silab-siypab yana qayta hayotga qaytargan edi. Ikkinchi safar boshqa bir quturgan fil bilan jang qilishdan bosh tortib o‘zini chetga olib qochayotgan fil Birbolni majaqlab tashlashiga bir bahya qolganda, Akbarshoh o‘z hayotini tahlika ostida qoldirib, oti yordamida Birbol bilan quturgan fil orasiga kirib, uning hayotini yana bir bor saqlab qolgan edi.


1589-yil iyun oyidan noyabr oyigacha Akbarshoh ketma-ket to‘rtta yaqin do‘stlarini yo‘qotdi. 1589-yil bahorida Lohurdan Shrinagarga jo‘nadi va 5-iyunda bu yerga yetib keldi. 11-iyulda bu yerdan jo‘nab Kobulga ketdi va shu yerda qishlab, kelasi yil bahorda yana Lohurga qaytdi. Akbarshoh Shrinagardan jo‘nashi oldidan Fathulloh ismli mashhur saroy olimi dunyodan o‘tdi. Uning Abul Fotih ismli yana bir yaqin kishisi ham Kobul sari yurish davomida to‘satdan vafot etdi. Saroydagi moliyaviy ishlar va soliqlar tizimi bo‘yicha yetakchi mutaxassis bo‘lgan Todar Mal shu yil 8-noyabrda Lohurda vafot etdi. Uni dafn etish marosimida shamollab qolish sababi bilan oradan bir hafta o‘tmay Akbarshohning eng yaqin kishilaridan bo‘lgan sarkarda Bxagvan Das ham shu yerda olamdan o‘tdi.


1595-yilda shoir va olim Fayziy yorug‘ dunyo bilan vidolashdi. Kuni bitish arafasida tunda shoh u bilan vidolashgani keldi va uning boshini qo‘liga olib: “Ey shayxim, tabib Hakim Ali bilan sizni ziyorat qilgani keldik, nega indamaysiz?” dedi. U bemorning holatidan shunchalik xafa bo‘lib ketgan ediki, boshidan sallasini olib yerga otdi. Podshoh bemor huzuridan chiqib ketishi bilan bemor uzildi. Oradan ko‘p o‘tmay Akbarshoh Hakim Hamom ismli yana bir yaqin do‘stidan ayrildi. Shoh Akbar Hamomni Turon o‘lkasiga elchi qilib yuborganda usiz shohning tomog‘idan qil ham o‘tmagan edi.


Tabiiyki, vaqt o‘tishi bilan podshoh saroy ayonlaridan bir nechasi bilan ham vidolaщdi. Umrining oxiriga kelib yanada kulfatli va og‘ir kunlarni boshdan kechirishiga to‘g‘ri keldi. O‘g‘illari Murod va Doniyol mayparastlikka ruju ko‘yib, yosh umrlarini xazon qildilar. Katta o‘g‘li Salim esa otasiga qarshi isyon ko‘tarish bilan cheklanib qolmay, otasining eng yaqin do‘sti bo‘lmish Abulfazlni o‘ldirtirib yubordi. Podshohning ota sifatidagi omadsizliklari umrining eng og‘ir kunlari bo‘lgan edi.


Shahzoda Salim (Jahongir) o‘z xotiranomasida ochiqdan ochiq yozadi: “Men hozir o‘ttiz sakkizga kirdim. Ichkilikni yangi boshlagan paytimda kuniga yigirma piyolaga yetkazib may ichardim. Menga u yomon ta’sir qilayotganini sezgach, ichishni kamaytirishga yetti yil urinib, o‘n besh piyoladan besh-olti piyolaga tushirdim” (The Tuzuki Jahangiri. v. 1, p. 8.). Salim turli yo‘llar bilan otasining diliga ozor berib yurdi va nihoyat, ochiqdan ochiq otasiga qarshi bosh ko‘tardi. Akbarshoh bilan uning o‘g‘illari o‘rtasidagi munosabatlarni oydinlashtirish uchun quyidagi hikoyani aytib berish ma’qul ko‘rinadi.


Akbarshohning 1589 yilgi Kashmir safarida shahzoda Salim o‘z kishilari bilan ortda, saroyda qolgan ayollarni kuzatib olib kelish uchun yuborilgan edi. Biroq u yo‘l xavfli ekanini aytib, ayollarni qoldirib o‘zi kelgan edi. Ehtimol, ko‘rsatilgan sabab to‘g‘ri ham bo‘lgandir. Lekin haramdagi ayollarning kelishini sabrsizlik bilan kutayotgan serzarda Akbarshoh o‘g‘lining noshudligidan g‘azabi qaynab, o‘ziga yaqin bir necha kishilarni oldi va shaxsan o‘zi borib ayollarni olib kelishga otlanib yo‘lga chiqdi. Bir kunlik masofani bosib o‘tganlaridan keyin mulozimlarining iltimoslari bilan bir oz hovridan tushib, shashtidan qaytgan edi. Otasining g‘azabiga duchor bo‘lgan notavon Salimni bir necha kungacha otasi huzuriga yaqin yo‘latmadilar va uning bir necha kungacha ovqatsiz, uyqusiz kunlarini o‘z chodirida yolg‘izliqda o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi.


Shu yilning 9-iyulida Akbarshohning ichburug‘ kasali xuruj qilib qoldi va ertasi kuni bir oz o‘ziga kelganday bo‘ldi. O‘shanda ilgari ham bu kasallik bilan bir oz og‘rigani, lekin unda bunchalik qattiq og‘riq sezmaganini aytdi. Dardi xuruj qilib turgan paytda g‘azablanib, Salimni ovqatga zahar solganlikda aybladi va “Bobo shayxiy, mana shu saltanat axir bir kun senga qoladi. Nega endi menga bunchalik ozor bermasang?”, dedi (The Akbarnama. v. 3, p. 838).


1595-yilga kelib shahzoda Salim Zaynxon Ko‘kaning qiziga oshiqu beqaror bo‘lib, unga uylanishga ahd qildi. Salimning bu ishidan Akbarshoh bir oz ranjigan bo‘ldi-yu, lekin shahzodaning qarori qatiyligini ko‘rib, istamaygina rozi bo‘ldi va to‘y Akbarshoh onasining uyida bo‘lib o‘tdi.


Oradan bir yil o‘tgach, Akbarshohning Kashmir sari uchinchi bor safari davomida Rajapuri degan joyda to‘xtaganlarida Salim otasi huzuriga ruxsatsiz kirib bordi. Buning oqibatida yana shahzoda otasi huzuriga kirish huquqidan mahrum qilinib, anchagacha yakkalanib qoldi. Bu ishga aralashib, ota-bola mojarosini ijobiy hal qilinishini so‘rab, Abulfazlga murojaat qildilar. Natijada shahzodaning gunohi kechirildi. Biroq bu masalada Abulfazl ijobiy rol o‘ynadimi, salbiymi, bunisi aniq emas.


Oradan ko‘p o‘tmay erkatoy shahzoda o‘zining yana bir qilig‘ini namoyish qildi. Buning uchun Salimni jazolash vazifasi Xoja Bilolga topshirildi. Biroq shahzodani jazolash jarayonidagi Xoja Bilolning qo‘polligi Salimning g‘azabini qo‘zg‘atdi, shahzodaning oriyati va hamiyatini saqlash uchun Xoja Bilolning tilini kesishga buyruq berildi.


1598-yilda Salim Abulfazldan achchiqlanib qoldi. Uning fikricha, Akbarshoh Abulfazlni turli-tuman topshiriqlar bilan band qilib, uning shahzoda bilan ishi bo‘lmay qolgandi. Shoh bilan yaqin munosabatda bo‘layotgani uchun Abulfazlga hasad ko‘zi bilan qarayotganlar bu voqeadan keyin ancha jonlanishib, shohni Abulfazlga qarshi qayray boshladilar. Ma’lum muddat shoh Abulfazlni o‘zidan nari qildi-yu, biroq oradan ko‘p o‘tmay qadrdon do‘stlar orasida yana yaxshi munosabat o‘rnatildi. Biroq Salim Abulfazlning ashaddiy dushmaniga aylanib qoldi.


Lohurda turgan paytlarida Akbarshoh Movarounnahrga harbiy yurish qilishni mo‘ljallab, bunda qo‘shinni Salim boshqarib borishi rejalashtirilgan edi. Biroq Salim bu ishdan bosh tortdi. Podshohning yuragida og‘ir tosh bo‘lib turgan narsa Salimning qiliqlarigina emas edi. Kichik shahzoda Murod bilan uning qo‘l ostidagi amir va beklar o‘rtasida paydo bo‘layotgan kelishmovchiliklar bois muntazam lashkarning Dekkon sari yurishi ham ilgari bosmayotgan edi.


1595-yilda Abdullohxonning vafotidan keyingina Akbarshoh Movarounnahrdan keladigan xavfdan xotirjam bo‘lib, Dekkon sari yurishni shaxsan o‘zi boshqarishga qaror qildi. Chunki shahzoda Murod bilan Abdurahim xoni xonon o‘rtasidagi mojaro shu darajaga yetgan ediki, Abdurahim egallab turgan harbiy lavozimidan voz kechib, o‘z jog‘iriga qaytib ketdi.


Bu voqealardan keyin Abulfazlga Murodni Dekkondan qaytarib olib kelish vazifasi topshirildi. Murodning otasi irodasiga bo‘ysunishdan bosh tortgani, shahzoda Doniyolning o‘zboshimchalik bilan o‘z lavozimini tashlab, Allohobodga hokimlik qilish uchun ketib qolishi Akbarshohni yanada qattiqroq ranjitdi. Aftidan, har uchala o‘g‘ilning birontasiga ham jiddiy ravishda suyanib bo‘lmasligiga ishonchi komil bo‘la boshladi.


1598-yil 6-noyabrda Akbarshoh Lohurdan Agpaga jo‘nadi, chunki Dekkonga harbiy yurishni tashkil qilishdan avval Agradagi ba’zi muhim ishlarni amalga oshirish zarurati tug‘ilib qoldi. 1599-yil yanvarda Agpaga yetib keldi va shu oyning beshinchi kuni Abulfazl Agradan Dekkonga jo‘nadi. Bu paytda shahzoda Murod Dekkonda o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib yotgan edi. Dekkon sari yurishda lashkarboshilik mas’uliyatini risoladagidek uddalay olmagani ustiga o‘g‘illaridan birining bevaqt vafoti uning bir dardini ikki qildi. Otasining Agraga yetib kelgani va o‘zini poytaxtga qaytarib olib ketish uchun maxsus tayinlangan odam (Abulfazl) ning kelayotganini eshitib, Murod atrofda bo‘layotgan voqealarga butunlay befarq bo‘lib qolgan va ichkilikka ruju qo‘yganidan otasining ostonasiga bosh urib borib, undan uzr so‘rashga ham farosati yetmagan edi. Abulfazl uning oldiga yetib kelgach, uch kundan keyin (1599-yilda), baquvvat qo‘llar iskanjasida otasi huzuriga jo‘natildi.


Dekkondagi harbiy harakatlarni boshqarish uchun Akbarshoh Salimni jo‘natishni rejalashtirib qo‘ygan edi. Biroq safarga jo‘naladigan kuni Salim birdan g‘oyib bo‘lib qoldi va uni yeru ko‘qdan qidirib topa olmadilar. Noiloj qolgan shoh uning o‘rniga kichik shahzoda Doniyolni Dekkon qo‘shiniga lashkarboshilik qilish uchun jo‘natishga majbur bo‘ldi. Chunki yaqindagina Doniyol otasiga ichkilikni tashlashga qasam ichib, uning e’tiborini qayta qozongan edi. Shundan so‘ng Salim anchagacha otasi ko‘ziga ko‘rina olmay, mayparastlik va bemaza ulfatchiliqdan boshi chiqmay yurdi. Anchadan so‘ng Axbarshohning onasi erkatoy nevarasining qiliqlarini kechirishini so‘rab o‘g‘liga murojaat qildi va buning natijasi o‘laroq Salimning gunohlari yana bir bor kechirildi.


Doniyol yangi vazifasini bajarish uchun otlanib yo‘lda ketayotgan paytda Akbarshoh o‘zi shaxsan janubga qarab yurishga qaror qildi. Agradan jo‘nab ketish oldidan shoh Salimni Akbarshoh siyosatini haliyam tan olishni istamayotgan Mevor hokimini bo‘ysundirib kelishga yubordi. Biroq Salim o‘z odatiga ko‘ra Mevor hokimini quvishdan ko‘ra, Ajmarda maishatparastlik bilan ko‘p vaqtini o‘tkazdi va Mevorni bo‘ysundirish fikridan, umuman, voz kechdi. Dastlab, u Panjobga borishni niyat qildi, keyin fikri o‘zgarib Allohobodga ketdi. Aftidan, otasining bu shimoliy muzofotda yo‘qligidan foydalanib, u bilan aloqani butunlay uzish va taxtni egallab, o‘zini shoh, deb e’lon qilishni mo‘ljallab qo‘ygan ko‘rinadi. Ana shunday niyatlar bilan u Jamna daryosini Agra yaqinidagi joyidan kesib o‘tdi. Shaharda qolgan Hamidabonu nevarasining shum niyatlarini payqab, bu xavfli yo‘ldan qaytarish maqsadida uning yo‘lini to‘sib chiqishga urinib ko‘rdi. Buvisining bu niyatini fahmlab qolgan Salim unga chap berib, Allohobod tomonga jo‘nadi va yetib kelgach, xazinadagi bor boylikni o‘z qo‘liga olib, o‘zini shoh deb e’lon qildi (The Akbarnama. v. 3, p. 1155).


Asirgarx qal’asini qo‘lga kiritgach, Ahmadnagarni to‘laligicha egallash, shuningdek, Bijopur, Golkonda va Bedor viloyatlarini ham bo‘ysundirish niyati bilan yo‘lga otlangan Akbarshohning shimolda o‘zboshimchalik bilan harakat qilayotgan bebosh o‘g‘lini tiyib qo‘yish uchun bu rejalarini chetga surib quyishiga to‘g‘ri keldi. 1601-yil 21-aprelda u Dekkondan qaytib, 12-avgust kuni Agraga yetib keldi. Dekkonda qo‘lga kiritilgan viloyatlarga hokimlik qilish ishini Doniyol ixtiyoriga qoldirdi.


1602-yil mart oyida shahzoda Salim otasi irodasiga bo‘ysunish va uning hurmatini o‘rniga qo‘yish uchun tayyor ekanini bildirib otasiga iltimosnoma yubordi. Lekin bu iltimosnomada samimiylik ruhi sezilmayotgani bois Akbarshoh o‘g‘lini o‘z huzuriga yaqin yo‘latmadi. Oradan ko‘p o‘tmay Salimning o‘ttiz ming otliq askar bilan Agra tomon kelayotgani haqida xabar keldi. Akbarshoh darhol odam yuborib Salimni qattiq ogohlantirdi. Agar otasi xizmatida bo‘lishni istasa, o‘zi ota huzuriga kelishi lozimligini tayinlab, hozir Allohobodga qaytishni buyurdi. Otasining po‘pisasidan tetiklashan Salim Atova degan shahardan orqaga, Allohobodga qaytdi. Shundan so‘ng Salimning o‘zidan nariroq yurishini tilagan shoh uni uzoq Bengaliya va Orissa viloyatlariga hokim etib tayinladi. Biroq erkatoy shahzoda bunga ham ko‘nmadi.


Bu orada Doniyolning Dekkon hokimiyatidagi ishlari ham hadeganda ilgari bosavermadi. Ko‘z oldidagi ikki o‘g‘lining birontasiga ham tayinli bir umid bog‘lashga ko‘zi yetmagan Akbarshoh nabirasi (Salimning katta o‘g‘li) shahzoda Xusravga umid ko‘zini tikdi va uni taxt merosxo‘ri sifatida tanlash niyatini ko‘ngliga tugib qo‘ydi.


Xusrav 1587-yilning avgust oyida Agrada tug‘ilgan bo‘lib, hali o‘smir yoshidagi kelishgan va hammaga yoqadigan yigit edi. Akbar uni juda ardoqlar va bu bilan Salim bilan Xusrav o‘rtasidagi hurmat ham saqlanib turardi.


Akbarshoh ayyorona siyosat olib borishga, ya’ni Salim bilan yarashish eshigini ochiq qoldirgan holda, har ehtimolga qarshi o‘zining va Xusravning saroydagi mavqeini mustahkamlash choralarini ko‘rib qo‘ydi. / O‘sha paytda Doniyolning Dekkon hokimiyatidagi ishlariga yordam berib turgan Abulfazlga besh ming otliq askarga qo‘mondonlik qilish maqomi berilib, uni saroyga maslahatchilikka chaqirib oliщdi. Bengaliya hokimi Man Singx ham saroyga, shoh huzuriga chaqirtirildi. Bundan maqsad bordiyu, vaziyat taqozosi bilan Xusravni shoh qilib ko‘tarish zarurati tug‘ilib qolguday bo‘lsa, uning tog‘asi Man Singx Xusrav nomzodini qo‘llab-quvvatlashi lozim edi. Xusrav Man Singxning singlisi Man Boyining o‘g‘li edi. Mirzo Aziz Ko‘kaga ham yetti ming suvoriyga ko‘mondonlik qilish huquqi berilib, u ham zahiraga tayyorlab qo‘yildi. Chunki uning qizi Xusravga uzatilgan, ya’ni Aziz Ko‘ka Xusravning qayin otasi edi.


Shu o‘rinda Akbarshohning Aziz Ko‘kaga munosabati borasida tarixiy bir ma’lumotni izohlab o‘tish o‘rinli tuyuladi. Aziz Ko‘ka Humoyunning Kanauj yonidagi jangda mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng daryoni kechib o‘tishda Humoyunni daryoga cho‘kib ketishdan saqlab qolgan Shamsiddinning o‘g‘li bo‘lib, Akbarshoh tug‘ilganda uning yaqindagina ko‘zi yorigan xotini Akbarga enaga etib tayinlangan va bu ayol go‘dak Akbar bilan Azizni birgalikda emizib katta qilgan va Jiji enaga nomi bilan tarixga kirgan edi. Shu tarzda Akbar bilan Aziz emikdosh (kukaldosh) bo‘lib voyaga yetgan edilar. Shu bois Akbarshoh Azizning ayrim hollarda qilgan noo‘rin xatti-harakatlari uchun uni jazolashni o‘ziga ep ko‘rmas edi. Bunday hollarda Akbarshoh “Aziz bilan ikkimizning o‘rtamizda onalik suti daryosi o‘tgan, men bu daryoni kechib o‘ta olmayman”, deguvchi edi (The Aini Akbari. v. 1, p. 343).


1593-yilda Dekkon yurishida ishtirok etib yurgan Aziz Ko‘ka ham saroyga kelish haqida buyruq oldi. Bir paytlar Aziz Ko‘ka Akbarshohning diniy qarashlari masalasida Abulfazlga va Birbolga qarshi o‘z fikrlarini bayon qilgan edi. O‘shandan buyon Aziz Akbarshohning mendan ixlosi qaytgan, deb o‘ylab yurardi. Shu bois shohga ro‘baro‘ kelishdan qochib, 1593-yil mart oyida Balaval portidan yashirin tarzda kemaga o‘tirib, Makkaga haj safariga jo‘nagan edi. O‘zi bilan birga olti o‘g‘li, olti qizi va ularning onalarini olib yo‘lga otlandi. Uning Hindistonda qolgan yana ikki nafar o‘g‘li o‘z taqdiridan xavfsirab yurgan kezlarda Akbarshoh ularga nisbatan mehribonlik qo‘lini cho‘zdi. Azizning katta o‘g‘liga ming suvoriyga va kichik o‘g‘liga esa besh yuz suvoriyga qo‘mondonlik qilish huquqi berilib, ularga hosildor yerlardan jog‘ir ajratdi.


Muqaddas qadamjolar ziyoratidan so‘ng Aziz butunlay ijobiy tomonga o‘zgargani holda Hindistonga, Akbarshoh huzuriga keldi. Shoh huzuriga kirib unga ta’zim qilganda A’lo Hazrat minnatdorlik bilan Azizni quchib, bag‘riga bosdi. Unga bo‘lgan mehri yanada tovlanib Azizning onasi, ya’ni o‘z enagasini ham bu yerga chorlab, uning ko‘nglidagi qo‘rquv va vahimadan forig‘ qildi. Aziz ham o‘zining shohga bo‘lgan sadoqatini uning yangi nazariyasi Dini ilohiyni qabul qilish bilan bildirdi. Jiji enaga vafot etganda Akbarshoh soch-soqolini qirdirib tashladi va tobutning bir chekkasidan ko‘tarib, marhumani ancha yergacha kuzatib bordi. Aziz Ko‘ka 1595-yilda bosh vazir lavozimiga tayinlanib, umrining oxirigacha shu lavozimda xizmat qildi.


Akbarshohning Salimga nisbatan bo‘lgan g‘azabi izsiz qolmadi. Salim Man Singxni ham, Azizni ham ranjita olmadi, biroq Abulfazlning boshiga yetdi. O‘z xotiranomasida bu holatni shunday tasvirlaydi: “Shayx Abulfazl Dekkondan poytaxtga chaqirtirildi. Uning menga nisbatan munosabati samimiy bo‘lmagani bois, odamlar orasida ham, o‘zimiz yolg‘iz qolgan paytlarda ham doim mening harakatlarimga qarshi turardi. Shu kunlarda oraga tushgan sovuqchilik sababli otamning menga nisbatan g‘azabi alangalanib turgan kezlar edi. Shunisi ma’lum ediki, agar shayx otam huzuriga kirib boradigan bo‘lsa, men haqimda, albatga, yaxshi gap gapirmas edi. Bu hol esa otam bilan oramizdagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi aniq edi. Demak, uning otam oldiga boradigan yo‘lini to‘sish kerak edi. O‘sha paytda Bir Singx shohga qarshi isyon ko‘targan bo‘lib, shayx safardan qaytishda uning mamlakati hududi orqali o‘tishi lozim edi. Men Bir Singxga xat yozib, agar odamlar orasidagi munosabatni buzuvchi bu shayxni o‘ldirib yuborsa, men undan saxovatimni ayamasligimni bildirdim” (The Tuzuki Jahangiri. v. 1, p. 24-25).


Bu ishda Abulfazlning o‘z hayoti xavfsizligi uchun befarqligi unga qo‘l keldi. Shimolga yurish jarayonida Abulfazlni yo‘lda Bir Singx poylab yotgani haqida bir necha bor ogohlantirishlariga qaramay, bunga e’tibor bermadi. Siroj degan joyga yetib kelgunlaricha Abulfazlning sodiq hamrohi Asadbek va uning qo‘l ostidagi navkarlari shayxni qo‘riqlab keldilar. Asadbek shayxga uni Guvalyorgacha kuzatib borishga ham tayyor ekani haqida bir necha bor gapirganda ham shayx bunga quloq solmadi. Buning o‘rniga mahalliy amaldorlardan bo‘lgan Gopal Dasning Dekkon qo‘shinidan olingan qo‘riqchilari shu yerda qolib, yo‘lning qolgan qismida Gopalning uch yuz kishilik navkarlari shayxni qo‘riqlab borishlari haqidagi taklifni qabul qildi. Seray Baror degan joyda dam olish uchun to‘xtaganlarida bir darvish kelib, Abulfazlni ertaga Bir Singx askarlari bilan unga hujum qilmoqchi ekani haqida ogohlantirdi. 1602-yil 12-avgust kuni ertalab Abulfazl yo‘lga otlanishi bilan Bir Singx va uning besh yuz kishilik askari yashirinib yotgan panadan chiqib Abulfazl va uning hamrohlariga tashlandilar. Gopal Dasning odamlari tumtaraqay qochdilar. Abulfazl atrofida uning sadoqatli xizmatkori Gadoyxon va uning o‘g‘li hamda bir necha navkarlargina qoldilar. Gadoyxon Abulfazlning oti tizginini chetga burib, qochishga undab yalinib yolvordi. Biroq Abulfazl qaysarlik bilan “Mening hukmdorim meni oddiy talabalikdan amir, vazir va lashkarboshi mavqeigacha ko‘tardi. Bugun shohimning menga bergan martabasiga qarshi harakat qilsam xalq nazarida nima degan odam bo‘laman, dushmanlarim nima deydi?”, deya e’tiroz bildirdi. Gadoyxonning bugun hayotni saqlab qolib, ertaga yana jangga kirishish qo‘rqoqlik emasligini isbotlashga urinishlari behuda ketdi. Shayx “bu yuvuqsiz o‘g‘ri”dan qo‘rqib qochish uning oriyatiga zid bo‘lishini aytib, dushmanga qarshi shiddat bilan jangga tashlandi. Biroq raqiblar ko‘pchilik edi. Ulardan biri orqadan kelib shayxning yelkasiga shunday zarb bilan nayza urdiki, nayzaning uchi shayxning ko‘kragidan teshib chikdi. U oti bilan sakrab o‘tishga urindi-yu, biroq ot ustidan qulab tushdi. Qotilni shayxning hamrohlaridan biri o‘ldirdi. Gadoyxon ham mardlarcha jang qilib shahid ketdi. Uning o‘g‘li esa yaralandi-yu, lekin jang maydonidan qochib chiqishga ulgurdi. Bir Singx Abulfazlning kallasini tanasidan kesib olib, uni Allohobodga, Salim huzuriga jo‘natdi.


Do‘stining o‘ldirilishi haqidagi xabar Akbarshohning qulog‘iga yetib kelganda alam to‘la yuragiga urib, shunday faryod qildi-yu, hushidan ketdi. Bir necha kungacha uning ko‘zlaridan yosh, yuzidan esa aza tusi arimadi. Unga bu falokat tafsilotini yetkazganlarida ko‘kragiga mushtlab: “U Salimni hech qachon kechirmaydi!” dedi (Abulfazlning qatl etilishi haqidagi tafsilotlar Asadbekning “Voqeai Asadbek” nomli asari asosida keltirilgan. Asadbek bir necha yil davomida Abulfazl xizmatida, uning vafotidan keyin esa Akbarshoh xizmatida bo‘lgan. Uning oxirgi kunlarida ota-bola Salim bilan Xusrav taxt uchun kurash tafsilotlarini ham muallif o‘sha kitobida mufassal bayon qilib bergan).


Bir Singxni tutib kelib hibsga olish haqida buyruq berilgan bo‘lsa ham, u anchagacha erkinliqda qochib yurdi. Salim taxtga chiqqach, unga uch ming kishilik otliq askarga qo‘mondonlik qilish xuquqi berilib, uning ibodatxona qurishiga ruxsat etilda. Abulfazlning ushbu o‘lim bilan yuzma-yuz turish manzarasidagi oriyati va sadoqatiga hatto uning dushmanlari ham tan berdilar. Bundela saroyidagi hind shoirlaridan birining Bir Singx qilmishlarini qoralab yozgan misralarida aynan Abulfazlning o‘lim oldidagi kechinmalari aks ettirilgan. She’r mazmuni kuyidagicha: (She’r mazmuni erkin tarjima qilindi – tarj.)


Qanday qilib men jang maydonidan qochay,

Jangchi dushman bilan yuzlashganda u o‘lmog‘i darkor,

Sen hadeb “qoching” deya qistaysan,

Dushman har tomondan gumburlab kelmoqda,

Agar qocha turib halok bo‘lsam,

Odamlar men haqimda nima deb o‘ylaydilar,

Qochsang ham, jang qilsang ham, o‘lishing aniq,

Agar mumkin bo‘lsa qochardim ham, lekin

Mening oyoqlarimda oriyat kishanlari bor,

Qalbim esa shohimga bo‘lgan muhabbat bilan to‘lgan.


Akbarshoh hali do‘stiga aza tutib yurgan kunlar tugamasdan, Dekkondan Doniyol otasining boshini o‘rtaga qo‘yib ichgan qasamini buzib, yana ichkilikka ruju qo‘ygani va sog‘ligi kundan kun yomonlashayotgani haqida noxush xabarlar kela boshladi. Akbarshoh Murodning irodasizligi tufayli bemaqsad ichkilikka berilishi qanday yomon oqibatlarga olib kelgani haqida ogohlantirib, dag‘dag‘a bilan xat yozib Doniyolga yubordi. Ana shunday tushkunlik hukmron bo‘lib turgan kunlarning birida Akbarshohning onasi Hamidabonu va ammasi Gulbadan begimlar maslahatlashib, vaziyatni biroz yumshatish maqsadida bir ish qilishga qaror qildilar. Ular Akbarshoh huzuriga kirishib, shohdan Salimning qilmishlarini kechirishini o‘tinib so‘radilar. Akbarshoh bu ikkala oqila kampirlarni juda hurmat qilardi. Shu bois ularning iltimosini qabul qilib, Salimning gunohini yana bir bor kechirdi va o‘zining katta xotini Salima Sulton begimni vakil etib tayinlab, Salimning gunohi kechirilganini yetkazib, uni saroyga olib kelish uchun Allohobodga jo‘natdi. Odatga ko‘ra kechirim belgisi sifatida Salimga bitta fil, bitga ot, bir chopon va boshqa sovg‘a-salomlar ham yuborildi.


1602-yil bahorda Salima Sulton begim bilan hamrohlikda kelgan Salim poytaxtga yaqinlashgach, buvisi Hamidabonuga xat yozib, otasi huzuriga birga kirishini iltimos qildi. Shu iltimosga binoan keksa malika Hamidabonu ancha yo‘l yurib, Salimga peshvoz chiqdi. Uni yarim yo‘lda kutib oldi va vahimalarini tinchittan bo‘ldi. Ertasiga ertalab gunohkor shahzoda otasi huzurida tiz cho‘kib gunohlarini avf etishini so‘rab, unga iltijo qildi. Bag‘rikeng ota o‘g‘lining gunohidan o‘tib uni bag‘riga bosdi. Gunohkor farzand o‘zi bilan birga olib kelgan to‘qqiz yuz yetmish yettita fil, o‘n ikki ming tilla tanga va uch yuz ellikta filni shaxsiy sovga sifatida otasiga tortiq qildi. Otasidan qo‘rqib dahshat ichida titrayotgan Salimni tinchlantirish uchun Akbarshoh boshidagi sallasini olib taxt merosxo‘ri maqomi hali ham unda ekaniga ishora sifatida Salimga kiydirib qo‘ydi.


Salima Sulton begim Salimni olib kelish uchun ketgan oraliq vaqt ichida Akbarning boshiga yana bir musibat tushdi. 1603-yilning 7-fevralida uning ammasi Gulbadan begim olamdan o‘tdi. Akbarshoh ham, uning onasi Hamidabonu ham bu oqila shoirani juda hurmat qilar va ardoqlar edilar. Gulbadanning joni uzilayotgan paytda Hamidabonu uning boshida o‘gargan edi. Shoira “Men ojizaman, yorug‘ dunyo bilan xo‘shlashyapman, Siz uzoq yashang”, degan tilak bildirib, bu foniy dunyo bilan vidolashdi.


Shu yilning oktyabr oyida Akbarshoh Salimning obro‘sini tiklab olishi uchun imkon yaratib, uni Mevor hokimini bo‘ysundirib kelish uchun harbiy yurishga jo‘natdi. Salim bu topshiriqni mamnuniyat bilan qabul qildi va yurishga otlana boshladi. Biroq yo‘l- yo‘lakay Fotihpurda to‘xtab, uning qo‘l ostidagi kuchlar raqibni yengish uchun yetarli emasligani bahona qilib, otasiga xabar jo‘natdi. Oradaga vaziyatni keskinlashtirmaslik uchun Akbarshoh Salimga Allohobodga borib istagan ishi bilan mashg‘ul bo‘lishini tayinlab buyruq yubordi. Bu taklif Salimga ma’qul tushib, uni mamnuniyat bilan qabul qildi.


1604-yil boshlarida kichik shahzoda Xusravning onasi (Salimning xotini) me’yoridan ortiqcha ko‘knori iste’mol qilib o‘z joniga qasd qildi. “Akbarnoma”da bu voqeaga qisqacha to‘xtalib, Salim o‘z xotiniga zulm o‘tkazgani bois bu ayol vasvasa ichida o‘z joniga qasd qilgani haqida izoh berilgan. Lekin Salim o‘z xotiranomasida bu holga batafsil to‘xtalib izohlaydi va uning so‘zlarida bir oz haqiqat bordek tuyuladi. “Otam hayotligi davrida Xusravda menga qarshi isyonkorlik tuyg‘usi paydo bo‘lib qoldi va bu gap menga yetib kelgach, mendan hech qanday rahm-shafqat kutishga o‘rin qolmadi. O‘g‘lining bu xavfli harakatidan va akasi Man Singxning bu xavfli ishga bosh qo‘shganidan xabar topgach, o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qolgan malika men shahzodaligimdayoq me’yoridan ortiq ko‘knori (taryoq) yeb, o‘zini o‘zi o‘ldirdi. Malikaning menga sadoqati shunchalik ediki, mening bir tola sochim uchun mingta o‘g‘il va akalarining bahridan o‘tishga tayyor edi. U muntazam ravishda Xusravga xat yozib, men bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga undardi. Urinishlari zoye ketib, o‘g‘li va akasini xavfli yo‘ldan qaytara olmagach, hayotdan to‘yib ketib o‘z joniga qasd qildi” (The Tuzuki Jahangiri. v. 1, p. 55-56).


Salim Allohobodga kelgach, kayfu safoga shu qadar ruju qo‘ydiki, ko‘knorini musallasga aralashtirib icha boshladi. Kayf ustida gunohkorlarga nisbatan o‘zining ko‘zi oldida gunohkorning terisini tiriklayin shilib olishdek noinsoniy choralarni ko‘rishni ham odat qilib oldi. Yoshi ulg‘aygan sayin insonni qadrlay bilishni odat tusiga kiritib borayotgan Akbarshoh bu holdan xabar topgach, “Biz, o‘rni kelsa, o‘lgan qo‘y kallasining terisini shilib olishga jur’at qilmaymiz. Bizning shavkatli o‘g‘limiz qanday qilib bunday ishlarni qilishga qo‘li bordi? Qanday qilib Alloh irodasi bilan yaralgan insonga tajovuz qilishga jur’at etdi?”, deb o‘z hayajonini yashira olmas va bundan dahshatga tushardi.


Salimning bema’ni ishlari qattiq nazorat ostiga olinmasa, oqibati yaxshi bo‘lmasligiga aqli yetgan Akbarshoh 1604-yilning 29-fevralida Allohobod tomon otlanib yo‘lga chiqdi. Uning niyati Salimning o‘tmishdagi qilmishlarini unga bir eslatib, tavbasiga tayantirish edi. Bordi-yu qilmishidan afsuslanib, otasidan uzr so‘rab, kelajakda bunday bemaza ishlarni minba’d qilmaslik haqida qasam ichsa, uni kechirish, aks holda uni qattiq jazolab, aqlini peshlab qo‘yish edi. Biroq onasining jiddiy betob bo‘lib yotib qolishi uni bu yo‘ldan qaytishga majbur qildi.


Bu mo‘tabar ayol 1604-yilning 29-avgustida foniy dunyo bilan vidolaщdi. Akbarshoh soch-soqolini qirdirib, sallasini ham otib tashladi va azadorlar kiyimini kiydi. Onasining jasadi solingan tobutni avval o‘zi yelkasiga olib, ancha masofagacha yurib bordi va undan keyin arkoni davlat tobutni qo‘lma-qo‘l ko‘tarib bordilar. Jasadni Agradan Dehliga olib kelib Humoyun maqbarasiga, erining yoniga dafn etdilar. Marhum malikani bundan buyon Maryam Makoniy deb eslash haqida maxsus farmon berildi.


Tabiiyki, Akbarshohning azadorligi uning davlat ishlarini bir maromda olib borishiga xalaqit bermadi. Saroydagilar azasini ham vaqtincha to‘xtatib turishga to‘g‘ri keldi. Chunki dafn marosimining ertasi kuni hindlarning dusehra deb ataladigan bayrami nishonlanishi kerak edi. Odatdagidek, shoh saroy ayvonidan ko‘rinish bergandan keyin, saroy ayonlarining ko‘plariga bayram munosabati bilan ro‘mol sovg‘a qildi.


Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Salim o‘zboshimchalik bilan Agrada paydo bo‘ldi va otasi huzuriga kirib unga itoatkorona ta’zim qilib oyog‘iga yiqildi. O‘zining kutilmaganda poytaxtda paydo bo‘lishini buvisining vafoti munosabati bilan otasiga ta’ziya bildirish bahonasi bilan oqladi, lekin uning rejasida boshqa ishlar ham navbat kutib yotardi. Agar Hamidabonu vafot etmaganda, otasining Allohobodga kelib uning ta’zirini berishini Salim yaxshi anglar edi. Shu bois bu noxush tadbirning oldini olish niyatida poytaxtga o‘z oyog‘i bilan kelgan edi. Otasining g‘azabidan bir necha bor saqlab qolgan mo‘tabar kampirlar ham olamdan o‘tdilar. Akbar ko‘zlari yosh to‘la o‘g‘lini ko‘rgach, uni bag‘riga bosib, olib kelgan qimmatbaho sovg‘a-salomlarni qabul qildi-yu, lekin shahzoda o‘z qilmishlari uchun jazo olishi shart, degan fikrni ko‘nglidan o‘tkazib qo‘ydi. U Salimni hibsga olib, ayollar turadigan xonaga qamab qo‘ydi va unga qattiq tanbeh berdi. Shundan so‘ng shahzodani may ichishdan mahrum qilib, o‘n kungacha uydan tashqariga chiqarmadilar. Bu orada opa-singillari Salimni ozod qilishini so‘rab podshohga murojaat qildilar. O‘n kundan keyin Salimga o‘z uyiga borishga ruxsat berildi. Akbarshohning ko‘nglida Salimni noma’lum muddatga hibsda saqlash niyati bor edi-yu, yana podshoh ayrim mulohazalarga borib, uning unvonlarini qaytarib berdi va yana o‘z maqomiga qayta tiklab quydi. Chunki bu paytda ikkinchi o‘g‘li Doniyol oxirgi nafasini olmoqda edi.


Akbarshoh Doniyolning kuni bitib, ahvoli og‘irlashib borayotganini yuragi ezilib kuzatib turardi. Uni poytaxtga olib kelish uchun bir necha bor odamlar jo‘natdi-yu, lekin bundan kutilgan natija chiqmadi. Doniyolga ichkilik berish qat’iyan taqiqlangani va buning uchun maxsus qorovullar qo‘yilganiga qaramay, turli nayranglar orqali yana o‘z bilgan ishini qilaverardi. Uning “do‘st”lari porox bochkalariga yoki sigir ichaklariga musallas quyib, uni kiyimlari ichidan beliga o‘rab, shahzoda huzuriga kirib borardilar. Doniyol umuman ovqat yemas, faqat musallas ichardi! Shu tarzda qirq kun to‘shakka mixlanib yotgandan keyin, 1605-yilning 11-mart kuni uning hayoti nihoyasiga yetdi.


Bengaldan chaqirilgan Man Singx endi saroyga yetib keldi. Unga yetti ming suvoriyga qo‘mondonlik qilish huquqi berilib, kichik shahzoda Xusrav uning tarbiyasiga berildi. Shahzodaga o‘n ming suvoriyga sarkardalik qilish huquqi berildi. Shu bilan bir qatorda Akbarshoh beg‘arazlik bilan Salimning ham mavqeini ko‘tarib qo‘ydi. Saltanatdagi barcha devonbegilarning ish faoliyati Salimning nazorati ostida bo‘ladigan amir va beklarga ham navbatdagi yuqori mansablar ham faqat Salimning imzosi bilan beriladigan bo‘ldi (Saltanat ma’muriyatida mavjud bo‘lgan tartibga ko‘ra devonbegilar to‘g‘ridan to‘g‘ri podshohga bo‘ysunar va mansablar ham faqat shoh imzosi bilan berilar edi – tarj.). Aftidan Akbarshoh Salimni o‘z valiahdi sifatida tanlashga qaror qilardi-yu, biroq u bilan murosasozlik uzoqqa cho‘zilmasligini e’tiborga olib, bu qarorni qat’iylantira olmay ikkilanar edi. Shuning uchun ham har ehtimolga qarshi ehtiyot chorasi sifatida kichik shahzoda Xusravning ham saroy ma’muriyatidagi mavqeini mustahkamlashga harakat qilardi.


1605-yil 22 sentyabr kuni Akbarshohning tobi qochib yotib qoldi. Tabib Hakim Ali sakkiz kungacha bemorga aniq tashxis qo‘ya olmay, biron bir dori darmon ham tayinlay olmadi. Podshohning orqa peshovidan to‘xtovsiz qon kelib, dard jiddiy tus olgandan keyin tabib ham tipirchilab qoldi. Biroq tayinlangan dori-darmon bemor ahvolini kundan kun og‘irlashtira bordi. Xastalikning dastlabki kunlarida Akbarshoh “jarohai darshon” deb atalgan tonggi xalqqa ko‘rinish marosimini o‘zi ijro etib turdi. Keyin xastalik kuchaygach, bunga ham darmoni yetmay qoldi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan fillar jangida Salimning tarafdorlari va Xusravning tarafdorlari o‘rtasida keskin nizo kelib chiqqanini eshitgach, uning kasali battar xuruj qila boshladi. Oradan o‘n kun o‘tgach, tabibning bemorni tuzatishdan umidi uzildi va davolashni to‘xtatdi.


Bemorni tuzata olmagani uchun haramdagi ayollarning g‘azabiga duchor bo‘lishdan xavfsiragan tabib o‘zini Mir baxshi shayx Farid (uni Murtazoxon ham deb atashardi) himoyasiga topshirdi.


1605-yil 17-oktyabrda Akbarshoh foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildi. O‘shanda u oltmish uch yoshga to‘lgan bo‘lib, umrining qirq to‘qqiz yarim yili badalida saltanat tizginini boshqardi. Uning taxtini shahzoda Salim egalladi va o‘zini Jahongir nomi bilan Hindiston saltanatining shohi deb e’lon qildi. Biroq taxtni egallash ham o‘z-o‘zicha bo‘lmay, ayrim mojarolarga ham sabab bo‘ldi.


Akbarshohning kuni bitib qolganiga aqli yetib qolgan Aziz Ko‘ka bilan Man Singx til biriktirib, har kuni bemor otasini ko‘rgani keladigan Salimni yo‘lda tutib hibsga olish rejasini tuzdilar. Biroq bu fitnadan xabar topgan Salimning sodiq kishilaridan biri uni ogohlantirib qo‘ydi va Salim yarim yo‘ldan orqaga qaytdi. Bu orada Aziz Ko‘ka bilan Man Singx Devoni omda arkoni davlatni to‘plab, ularga Salimdan ko‘ra Xusravni shoh qilib ko‘tarish ma’qul ish bo‘lishini tushuntirishga harakat qila boshladilar va ularni bu taklifni qo‘llab-quvvatlashga chaqirib majlis o‘tkazdilar. Saroy ayonlarining temuriylar avlodiga mansub bo‘lgan qismi bu qadimdan qo‘llanib kelayotgan udumga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab, bu taklifni rad etdilar va orada kelishmovchilik chiqdi. Mana shu nozik daqiqada Mir Baxshi Farid ildamlik qilib vaziyatni qo‘lga oldi va Salim tomonga ko‘pchilikni og‘dirib oldi. U “Borgoh sayyidlari” deb atalgan mahalliy musulmon jangarilarining ham majlisini o‘tkazib, ularni ham Salim nomzodini qo‘llashga ko‘ndirib oldi. Ularning hammalari birlashib nog‘ora sadolari ostida Salimni shoh qilib ko‘tarish maqsadida uning huzuriga bordilar. Bu hol o‘zicha bu yerdan o‘zini olib qochish rejasini tuzib turgan Salimni ruhlantirib yubordi. Boshqalar ham uning tarafini olib oqib kela boshladilar va uning tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil qildi.


Aziz Ko‘ka o‘zining urinishlari kutilgan natijani bermasligiga ko‘zi yetgach, Salim huzuriga kirib unga o‘z hurmatini bildirdi va u bilan yarashib oldi. Kachvaxa rajputlaridan bo‘lgan saroy amaldorlaridan biri roja Ram Das saltanat xazinasini egallab, Salim uchun saqlab turgan edi. Shayx Farid va uning hamrohlari Salimni o‘rtaga olib Akbarshoh huzuriga keldilar. Shoh asta ko‘zini ochib, oldindan tayyorlab qo‘yilgan o‘z sallasi, choponi va qilichini Salimga kiydirishlariga ishora qildi. Bu hol Akbarshohning o‘z o‘rniga Salimni tayinlashining tasdig‘i bo‘lgan edi. Bir necha daqiqadan so‘ng u hayotdan ko‘z yumdi.


Salimning o‘z o‘g‘li Xusravdan o‘ch olishi mumkinligini oldindan sezgan Man Singx Xusravni o‘zi bilan uzoq Bengaliyaga olib ketishga ruxsat so‘rash uchun Salim huzuriga kirganlarida Salim “Xusravga hech kim tegmaydi” ma’nosida harakat qilib, uni bag‘riga bosdi va peshonasidan o‘pib qo‘ydi.


Nasroniy sayyohlarning yozishicha, shayx Farid Salimni shoh qilib ko‘tarishdan oldin Salimdan ikkita ishni amalga oshirishga oldindan va’dasini olgan emish. Ularning birinchisi Xusravning gunohlarini kechirib unga nisbatan gina saqlamaslik, va ikkinchisi, shariat qonunlarini o‘z himoyasiga olish edi. Dalilsiz aytilgan ikkinchi va’da Asadbekning kitobida aytilmagan. Chunki ota-bola o‘rtasidagi mojaroda diniy masala ko‘tarilmagan. Xusravning asosiy himoyachisi Aziz Ko‘ka esa ashaddiy musulmonlardan bo‘lgan. Bunga ilgari ham bir necha bor ishonch hosil qilganlar. Salim tarafdorlaridan biri bo‘lgan roja Ram Das ham Man Singx singari Kachavaxa rajputlaridan edi. Qolaversa, Salimning Xusravdan ko‘ra taqvodorroq bo‘lgani haqida ma’lumotlar ham yo‘q. Otasi nasroniylar cherkovi faoliyatiga keng yo‘l ochib bergani kabi Salim ham shahzodalik paytlarida nasroniylar va Iso payg‘ambar nomini hurmat bilan tilga olardi. Salim hindlarning Devali, Dusehra kabi milliy bayramlarida ishtirok etar va hind ruhoniylariga hurmat nazari bilan qarardi. Otasi singari Salim ham uzlatga chekingan hind ruhoniysi Jodrapni juda hurmat qilganini aytadi, zero “...u bilan hamsuhbat bo‘lgan kishi ko‘p ruhiy qoniqish hosil qiladi, chunki u so‘fiylik ta’limoti mag‘zini chaqib, talqin qilib beradi”, deguvchi edi.


Ingliz sayyohlaridan Tomas Koryatning ta’riflashicha, Jahongir saltanatida Muhammad payg‘ambar va uning ta’limoti haqidagi tanqidiy fikrlarni hech qanday e’tirozlarsiz bayon qilish mumkin edi. Rum yoki Eron kabi musulmon mamlakatlarida bunday qilgan kishi, shubhasiz, tiriklayin olovda kuydirilishi turgan gap. Boburiylar saltanatida nasroniy odam o‘z qarashlarini dunyoning boshqa mamlakatlaridan ko‘ra erkin bayon qilishi mumkin edi” (W. Foster. Early Travels in India, p. 271). Angliya qirolining Hindistondagi elchisi Tomas Roy bilan Hindistonga kelgan nasroniy rohiblardan yana biri Eduard Terrining yozishicha, bu saltanatda har bir kishi o‘zi istagan dinga e’tiqod qilish huquqiga ega va istagan mavzuni hech qanday ta’qiblarsiz muhokama etishi mumkin” (O‘sha yerda). Har holda Jahongirning hinduizmga nisbatan bag‘rikengligi Akbarnikichalik darajada emas edi. U hindlar dinini “hech narsaga arzimaydigan narsa” deb hisoblar va ibodatxona-yu butlarni buzdirib tashlagandi (The Tuzuki Jahangiri. v. 1, p. 254-255).


Aftidan, Akbarshohni dafn etish marosimi dabdabalarsiz, soddagina tarzda o‘tganini nasroniy rohiblar yaxshi tushunib yetmagan ko‘rinadi. Du Jarrikning yozishicha, tobutga ergashib borayotganlarning bir nechasigina azadorlik belgisini bildiruvchi kiyim kiyib olgandilar. Shunga asoslanib “Yaxshilik kutib bo‘lmaydigan va yomonlik hazar qiladigan kishilarga bu dunyoda ana shunday munosabatda bo‘ladilar”, deb xulosa qiladi (Du Jarric. Akbar and Jesuits. London, 1926, p.208). Aftidan, muallif bu yerdagi musulmonchilik odatlaridan yaxshi xabardor bo‘lmagan. Chunki musulmonchilik talablariga ko‘ra dafn marosimida azadorlik kiyimi kiyilmaydi. “Voqeai Asadbek” kitobi muallifi “...podshoh jasadi solingan tobutni Jahongir va boshqa arkoni davlat chuqur hurmat bilan ehtiyotlab ko‘tarib bordilar”, deb aniq yozib qo‘ygan (Asad Beg. Waqiati Asadbek. p. 172; The Akbamama. v.3, p. 1262).


Jahongir yoshlik paytlarida otasining diliga ko‘p ozor yetkazgan bo‘lsa ham, o‘z xotiranomasida otasi haqida bir og‘iz ham salbiy fikr bildirmaydi, aksincha, otasini ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi. “Rahmatli padari buzrukvorimning yaxshi xislatlari maqtov doirasiga sig‘maydi. Uning sanab o‘tsa bo‘ladigan ijobiy xislatlari mubolag‘asiz bir kitobga yoziladigan bo‘lsa, uni o‘qigan kishi, bu fikrlarni asar qahramonining o‘g‘li aytyapti, deb o‘ylamagan bo‘lardi. O‘shandayam shoh fazilatlarining mingdan bir qismi aytilgan bo‘lardi”, deb yozgan edi u o‘z xotirnomasida (The Tuzuki Jahangiri. v. 1, p. 37).


Berk S.M. Akbarshoh – Boburiylarning eng buyugi / ingliz tilidan G‘. Sotimov tarjimasi; mas’ul muharrirlar: H. Boltaboyev, M. Mahmudov. –T. : MUMTOZ SO‘Z, 2009. – B. 244-260. (O‘zbekcha);

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
4.0