«Oltin Beshik» afsonasi xalqimizga azaldan yaxshi ma’lum. Unga ko‘ra, Bobur raqiblaridan qochib, Farg‘ona yerlarini tashlab ketayotganida endigina tug‘ilgan o‘g‘lini sharoit og‘irligidan yo‘lda tashlab ketishga majbur bo‘ladi. Uni Farg‘ona vodiysi mahalliy aholisi topib oladi. Bola oltin beshikda yotgan edi. Shu bois chaqaloqqa Oltin Beshik deb ism qo‘yadilar. Uning kelib chiqishiga ko‘ra oliy suloladan ekanligini his qilib, Oltin Beshikni avaylab-asrab katta qiladilar, ta’lim va tarbiya beradilar, keyinchalik o‘zlariga podsho qilib ko‘taradilar. Bu boladan Qo‘qon xonlari sulolasi (1710-1876) boshlanadi. Ya’ni, Qo‘qon xonligi hukmdorlari Oltin Beshik shaxsi orqali Bobur avlodlari o‘laroq tarixda nom chiqaradilar. Qo‘qon xonligi tarixchilari Amiriy taxallusi bilan she’rlar bitgan Qo‘qon xoni Umarxon (1810-1822) davridan boshlab mazkur afsonani o‘z tarixiy asarlarida keltirib, Qo‘qon xonlarini Bobur orqali Temuriylardan kelib chiqishini ta’kidlab o‘tganlar. O‘z vaqtida ulug‘ adib Abdulla Qodiriy ham Amir Umarxon tarixiga qiziqib, bu siymo hayot yo‘li haqida roman yozmoqchi bo‘lganligi ko‘plab manbalarda qayd etilgan. Balkim ushbu asar yozilganda Amir Umarxon davri tarixi, u hukmronlik qilgan davrdagi ijtimoiy-siyosiy hayoti haqida yanada to‘liqroq, mukammalroq tasavvurga ega bo‘larmidik degan bir fikr ko‘ngildan kechadi. Balkim Qodiriy ham bu xonlikning kelib chiqish tarixi, hozirgacha turli bahsu munozaralarga sabab bo‘layotgan ayrim masalalarga o‘z munosabatini, asosli qarashlari va mulohazalarini bayon etarmidi. Nima bo‘lganda ham tarix bizdan ancha olisda. Unga bo‘ylashganing, qa’riga cho‘mganing sari g‘alati haqiqatlarga duch kelaverasan. Mazkur maqolamizda xuddi shunday masalalardan biri «Oltin Beshik» afsonasi nima uchun aynan Umarxon davrida qog‘ozga tushganligi, aniqrog‘i, mazkur afsona vujudga kelishiga qaysi badiiy asar manba rolini o‘ynaganligini ko‘rsatishga harakat qilamiz.
Oltin Beshik afsonasi – tarixiy asarlarda.
XIX asr boshi Qo‘qon saroyi tarixchisi Mushrif Isfaragiy fors tilida yozilgan va Umarxonga bag‘ishlagan «Shohnomai Umarxoniy» nomli tarixiy asarida birinchi marta «Oltin Beshik» afsonasini keltirgan. Shu asardan boshlab Qo‘qondagi boshqa tarixchilar ham mazkur afsonani o‘z asarlarida keltira boshlaydilar. Umarxon 1810 yilda taxtga chiqqach, sulolasi va o‘z saltanati tarixini yozishni Fazliy Namangoniyga topshiradi. Ayni shoir va tarixchi bizga Umarxon saroyi shoirlari she’rlari jamlangan «Majmuai shoiron» she’riy to‘plamini tartib beruvchilardan biri sifatida yaxshi ma’lum. Fazliy Umarxon buyrug‘ini bajarib, «Umarnoma» nomli tarixiy doston yaratadi. Qo‘qon xonligi tarixiy asarlarini o‘rgangan olimlar fikriga ko‘ra, Umarxonning ayni «Umarnoma»dan ko‘ngli to‘lmagan. Sababi, bu dostonda Qo‘qon xonlari sulolasi, garchi, Bobur orqali Temuriylardan kelib chiqishi ta’kidlab o‘tilgan bo‘lsa-da, Oltin Beshik voqeasi singari Temuriylarga Qo‘qon xonlarini bog‘lovchi, xalqni Qo‘qon xonlari sulolasi ulug‘ligini tan olishiga qaratilgan asos keltirilmagan edi. Ayni vazifani Fazliydan keyin «Shohnomai Umarxoniy» tarixiy asarini yaratgan Mushrif Isfaragiy muvafaqqiyat bilan amalga oshirgan: «Oltin Beshik» afsonasini o‘z asarida keltirgan. Shu yo‘l bilan u Qo‘qon xonlarining kelib chiqishini Temuriylarga bog‘lanishini xalq uchun go‘yoki «isbotlagan».
Buning Umarxonga nima keragi bor edi? Hamma gap shundaki, Umarxon taxtga o‘tirgandan so‘ng Qo‘qon xonligi har jihatdan ancha kuchayadi va Buxoro xonligiga tobelikdan uzoqlashib, mustaqil ekanligini ko‘rsatishga kirishadi. U ko‘p xayrli ishlarni amalga oshiradi: masjid va madrasalar, yo‘llar qurdiradi, ariqlar qazdirib, mamlakat obodonligi uchun xizmat qiladi. Jumladan, 1811 yili Umarxon buyrug‘iga binoan Farg‘onada Sirdaryo daryosiga ulanuvchi kanal qaziladi; shu yerda Shahrixon (ya’ni, «xon shahri» ma’nosida) shahri barpo etiladi (1814 yil); 1813 yilda Qo‘qonda saroy quriladi. Ayni saroyda yetmishdan ortiq shoirlardan iborat adabiy muhit vujudga keladi. Ularga Amiriy taxallusi bilan she’r yozgan Umarxonning o‘zi boshchilik qiladi. Ayni shoirlar she’rlarini o‘z ichiga olgan «Majmuai shoiron» bayozi tuziladi. «Muhabbatnoma» she’riy majmuasi tartib beriladi va u Qo‘qon elchilari orqali Usmoniylar saroyiga hadya sifatida jo‘natiladi…
Bundan tashqari, tarixdan ma’lumki, hokimiyat ustida hukmronlik qilayotgan biror bir sulola siyosiy jihatdan kuchaya boshlashi bilan o‘z hokimiyati asosi, qiyofasi, o‘ziga xosligi – identifikatsiyasi, kelib chiqishini (shajara, genealogiya) izlashga va agar u mavjud bo‘lmasa, uni tuzishga kirishadi. Mazkur jarayonlarda madaniy sohadagi faoliyatini kuchaytirishga intiladi yoki o‘tmishdagi namunaviy sulolalarga taqlid asosida o‘zligini namoyon qilishga urinadi. Shu jihatdan olib qaraganda, Umarxon hukmronligi davrida Temuriylarga, xususan, Husayn Boyqaro (1469-1506) saltanati zamoniga taqlid vujudga kelgan edi. Qo‘qondagi mazkur jarayonlarda Qo‘qon xonligining Buxoro amirligidan (1747-1920) uzoqlashib, alohida davlat sifatida o‘z qiyofasini topishga bo‘lgan intilishi katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Qo‘qon xonligi 1710 yili tashkil topgan. Boburning Movarounnahrni butunlay tashlab ketishi 1512 yilga to‘g‘ri keladi. Oradagi ikki yuz yil bo‘shliqni to‘ldirish, ayni vaqtda, Qo‘qon xonligi sulolasini isbotli asos bilan Temuriylarga bog‘lash ehtiyoji asosli dalillarni talab qiladi. Ayni bo‘shliqni «Oltin Beshik» afsonasi, aniqrog‘i, Oltin Beshikdan boshlab davom etib kelayotgan Bobur orqali Temuriylar sulolasiga qon-qardoshlik asosi to‘ldirib berardi.
Topib olingan bolaning podsholikka ko‘tarilishi – qadimiy afsona.
Darhaqiqat, gap faqat «Oltin Beshik» afsonasidagina emas. Muhimi, uning asosini tashkil qiluvchi topib olingan tashlandiq bolaning keyinchalik podsholikka ko‘tarilishi bilan bog‘liq motiv qadim tarixga ega bo‘lib, unga dunyo adabiyotidan misollar topish mumkin.
Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, «Oltin Beshik» afsonasi Farg‘ona vodiysi turkiy qavmlari, xususan, ming urug‘i vakillari orasida tarqalgan ekan, uning manbasini ham ular muhitidan izlash kerak bo‘ladi. Ayni jihatdan Qo‘qon tarixi bo‘yicha kitoblar va maqolalar muallifi qozog‘istonlik olim Temur Beysembiyev qarashlariga diqqat qilish kerak bo‘ladi. Uning fikriga ko‘ra, «Oltin Beshik» afsonasi syujeti qadimiy bo‘lib, u turkiy qavmlardan bo‘lmish burkas nomli urug‘ haqidagi rivoyatga o‘xshab ketadi. Burkas urug‘ining asoschisi Temur To‘g‘lixon ismli kishining o‘g‘li hisoblangan. Uni Isiq Ismoil ismli kishi chaqaloqligida topib olib katta qiladi. O‘z fikri isboti uchun T.Beysembiyev burkas urug‘i haqidagi rivoyatga diqqatni tortadi: salar elatida Temur To‘g‘lixon va Isiq Ismoil ismli kishilar bo‘lgan ekan. Kunlardan birida Isiq Ismoil ketayotib, Temur To‘g‘lixon o‘tovi oldidan o‘tib qolibdi. Bu paytda Temur To‘g‘lixon boshqa joyga ko‘chib o‘tayotgan ekan. U ketgach, Isiq Ismoil o‘tov o‘rnida biror narsa qolib ketmadimikan, deya o‘sha yerga boribdi. Bu joyni qarab chiqayotganida o‘choq turgan yerda bir o‘g‘il bola chaqaloq yotganini ko‘ribdi. Isiq Ismoilning o‘g‘li yo‘q ekan. Shu bois bu bolani o‘zi asrab olib, unga Burkas ismini qo‘yibdi. Butun burkas elati ana shu bola avlodlari ekan.
«Oltin Beshik» afsonasi genezisini turkiy xalqlar og‘zaki ijodidan izlash o‘zini mantiqan oqlaydi. Masalan, Chingiz Aytmatov «Oq kema» qissasida qirg‘iz xalqi urug‘laridan birining kelib chiqishi haqidagi afsonani keltiradi. Unda aytilishcha, shoxdor ona kiyik Enasoy daryosi bo‘ylarida yashagan va dushmanlar bilan olishuvda barcha yaqinlaridan ayrilgan bolalar – bir o‘g‘il va bir qizni o‘zi bilan olib ketadi. Shoxdor ona kiyik yetimchalarni Issiqko‘lga olib boradi. Bolalar ulg‘aygach, turmush qurib, o‘g‘il farzand ko‘radilar. Bola tug‘ilganidan keyin o‘sha ona kiyik ularga o‘z shoxida keltirgan bir beshikni sovg‘a qiladi. Yoki yana boshqa bir misol: Andijon viloyatining Qirg‘iziston bilan chegaradosh yerida Beshikbo‘z degan joy mavjud. Bu joy nomi ham beshik bilan bog‘lanib kelgan. Lekin gap faqat beshik obrazi bilan bog‘liq afsonalar yoki turkiy xalqlar adabiyotidagina emas. Dunyo adabiyotida «Oltin Beshik» afsonasiga o‘xshash tarzdagi an’anaviy motivlar uchrab turadi: topib olingan tashlandiq bolaning keyinchalik podsholikka ko‘tarilishi qadimgi davrlardan beri mavjud. Masalan, Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy» dostonida podsho Faylaqus ovdan qayta turib, tashlandiq joyda dunyodan o‘tgan ayol va uning yonida yotgan yangi tug‘ilgan chaqaloqni uchratadi. Faylaqus chaqaloqni o‘zi bilan olib ketadi. Unga Iskandar deb ism qo‘yib, tarbiyalab katta qiladi. Keyinchalik u otasi o‘rniga podsho bo‘ladi. Bu hukmdor mashhur Iskandar Zulqarnayn edi. Xuddi shunday voqea tasviri Nizomiy Ganjaviyning «Iskandarnoma» dostonida ham mavjud.
Yoki masalan, «Injil»da keltirilishicha, chaqaloq Musoni onasi uning hayotiga xavf soluvchi sharoit vujudga kelganida, o‘g‘lini qutqarib qolish yo‘lini topadi. Suv o‘tmaydigan bir savat yasab, unga bolasini solib, Nil daryosi bo‘yidagi qamishzorda qoldirib ketishga majbur bo‘ladi. Daryoga cho‘milishga kelgan Fir’avnning qizi bolani tasodifan ko‘rib qoladi va asrab oladi. Natijada, Muso malikaning o‘g‘liga aylanadi. Ko‘rinib turganidek, qiyin sharoit tufayli taqdir taqozosiga tashlab ketilgan chaqaloq topib olinib, begonalar qo‘lida o‘stirilishi va keyinchalik uning ulug‘lik martabasiga ega bo‘lish motivi dunyo adabiyoti namunalarida uchrab turar ekan. Lekin ayni lavha aynan qay tarzda «Shohnomai Umarxoniy» asariga kiritilgan ekan?
Umarxon kutubxonasidagi «Baxtiyornoma» asari – «Oltin Beshik» siri ochilishi asosi.
Ko‘rib o‘tganimiz «Oltin Beshik» afsonasiga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan topib olingan chaqaloq lavhasining kelib chiqishini turkiy xalqlar og‘zaki va yozma ijodidan tashqari, o‘zbek adabiyotiga katta ta’sir o‘tkazgan fors adabiyotidan ham qidirish natija berar degan umidda kamina turli manbalarga murojaat qildim. Avvalo, Qo‘qon xonligi badiiy asarlari yoki Umarxon saroyi muhitidagi adabiy manbalar balki kerakli natijaga olib kelar deb, ularga diqqat qaratdim. Shu munosabat bilan Umarxon shaxsiy muhri qo‘yilgan qo‘lyozmalarni ko‘rib chiqdim. Bunday qo‘lyozmalar O‘zbekiston fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari xazinasida bir nechta ekan. Ular ichida noyob qo‘lyozmalar ham bor edi. Masalan, Alisher Navoiy «G‘aroyib us-sig‘ar» devonining Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan noyob nusxasini shular jumlasiga kiritish mumkin.
Ularni Umarxon kutubxonasidan bizgacha yetib kelgan kitoblar deb atash mumkin. Ayni qo‘lyozmalarga Umarxonning uch turdagi muhri qo‘yilgan. Ularda Umarxon o‘z ismini quyidagicha keltirgan: Amir ul-muslimin Sayyid Muhammad Umar ibn Norbo‘taxon. Muhrlardan birida esa 1811 yil sanasi ko‘rsatilgan. Hozirgacha Umarxon 1816 yildan keyin, Turkiston shahrini egallaganidan so‘nggina amir ul-muslimin unvonini olgan deyilardi. Demak, ayni unvonni u oldinroq – 1811 yilda, ya’ni Qo‘qon taxtiga o‘tirganidan keyinoq olgan bo‘lib chiqadi. «Amir ul-muslimin» unvonini Umarxon Buxoro amirining amir ul-mo‘minin unvonidan farq qilish va undan qolishmasligini isbotlash uchun olgan edi. Bundan tashqari bu ma’lumot Qo‘qon xoni Umarxonning amir ul-mo‘minin unvoniga ega Buxoro amiri bilan taxtga o‘tirishidan ko‘p o‘tmay – 1811 yildayoq raqobatga kirishishga boshlaganligini ko‘rsatadi.
Ayni vaqtda bu muhr qo‘yilgan Umarxon saroyi kitoblaridan biri biz uchun kutilmagan, hozirgacha fan uchun jumboq bo‘lib kelayotgan «Oltin beshik» afsonasi siri ochilishiga xizmat qildi: Umarxonning o‘sha 1811 yil sanasi bilan muhri fors tilida yozilgan «Baxtiyornoma» asariga ega qo‘lyozmaga qo‘yilgan. Bu nasriy asar sharqda yana «Dah vazir» (o‘n vazir) nomi bilan ham mashhur bo‘lib, XII-XIII asrlarda yashab o‘tgan Daqoiqiy Marvaziy-Samarqandiy qalamiga mansub. Unda qoliplovchi voqea ichida o‘nta hikoya berilgan. Ana shu qoliplovchi voqeada ota-onasi tomonidan majburan tashlab ketilgan chaqaloqning keyinchalik otasi o‘rniga podshoga aylanishi tasvirlangan. Fikrimizcha, bu asar «Oltin Beshik» afsonasiga asos bo‘lgan. Bunga isbot hosil qilish uchun qoliplovchi voqea mazmunini qisqacha ko‘rib o‘tamiz: Seystonda Ozodbaxt ismli podsho bo‘lib, u o‘z sipohsolorining qizini sevib qoladi va qizning otasidan beruxsat unga uylanadi. Natijada, podsho va sipohsolor dushmanga aylanadilar. Bunday sharoitda Ozodbaxt qo‘shin to‘plash uchun xotini bilan o‘z shahrini tashlab qochishga majbur bo‘ladi. Yo‘lda xotini o‘g‘il tug‘adi va sharoit og‘irligi uchun chaqaloqni tug‘ilgan joyida majburan tashlab ketadilar. Chaqaloqni o‘g‘rilar guruhi topib oladi. Guruh boshlig‘i chaqaloqqa Xudoydod ismini berib, tarbiyalab, katta qiladi. Xudoydod ulg‘aygach, o‘g‘rilar qatorida, tasodifan, bu vaqtga kelib podsholikka ko‘tarilgan otasi qo‘liga tushadi. Podsho Xudoydodga nisbatan qandaydir ichki muhabbat his qiladi va unga Baxtiyor ismini qo‘yib, saroyiga xizmatga oladi. Xudoydodni katta qilgan o‘g‘rilar boshlig‘i podshoga bu bolaning topib olinishi voqesini gapirib berganida, podsho Ozodbaxt Baxtiyor – Xudoydod o‘z o‘g‘li ekanligini bilib qoladi. Baxtiyorni podsho qilib ko‘taradilar.
Ayni voqea ko‘p jihatdan «Oltin Beshik» afsonasiga o‘xshab ketadi. Masalan, hatto bosh qahramonga ism qo‘yilish uslubigacha. «Oltin Beshik» da Boburning tashlab ketilgan o‘g‘liga Oltin Beshik ismidan tashqari yana Ollohberdi ismi ham beriladi. «Baxtiyornoma»da o‘g‘rilar chaqaloqqa Xudoydod ismini qo‘yadilar. Ikkala ism – Ollohberdi va Xudoydod o‘zbek tiliga tarjima qilinganda «Yaratgan tomonidan berilgan» ma’nosini anglatadi. Fikrimizcha, Mushrif Isfaragiy Umarxonga bag‘ishlangan «Shohnomai Umarxoniy» asaridagi Oltin Beshik afsonasini keltirib, Umarxon shajarasini Boburiylarga bog‘lashda o‘zi xizmat qilayotgan saroydagi Umarxon kutubxonasiga tegishli qo‘lyozmadagi Daqoiqiy Samarqandiyning «Baxtiyornoma» asari qoliplovchi hikoyasiga suyangan. Qarashimizni asoslash uchun «Baxtiyornoma»dagi qoliplovchi voqea va «Oltin Beshik» afsonasi matnlaridan o‘xshash asosiy lavhalarni qiyoslash yo‘lidan boramiz. Bular quyidagilardir:
Hukmdor va rafiqasining dushmanlar ta’qibidan qochishi.
«Baxtiyornoma»: Qiz aytdi: Maslahat uldirkim, bu o‘lkadan tez chiqib, boshqa o‘lkaga boraylik. Boshqa podshoh himoyasiga qochib, undan madad so‘raylik. Podshoh dedi: Yaxshi aytding, endi shuni munosib ko‘rmoqdamankim, Kirmon tomonga borsak, negaki Kirmon podshohi zamonning karamli zotlaridandir. Alqissa, podshoh saroyida sahroga olib chiqadigan yerosti bir eshik bor edi. Shoh buyurdi, ikkita maxsus otni egarladilar. Podshoh qurollanib, qiz bilan birga yo‘lga otlandi.
«Oltin Beshik»:… Hinduston tomonida panoh topsin. Bu fikr najot manziliga hidoyat etgudek bo‘lganligi sababli, kecha-kunduz to‘xtovsiz manzillarni bosib o‘tib, Farg‘ona o‘lkasiga yetib keldi.
Rafiqaning qiyin vaziyatdagi homiladorligi.
«Baxtiyornoma»: Qismatni qarangki, podshohning xotini homilador bo‘lib, kun-soati yetgandi. Uch kundan so‘ng suvi qattol zahardek achchiq bo‘lgan bir quduq labiga yetib keldilar. O‘sha quduq boshida podshoh xotinini to‘lg‘oq tutdi. Havo issiq edi, tashnalikdan lablari quruqshab, hayotdan umidlarini uzgan edilar. Xotini podshohga aytdi: Meni shu yerda qoldirib, Xudoga tavakkal qil; boshqa yo‘l yurishga toqatim qolmadi.
«Oltin Beshik»: Ushbu o‘lkaning biyobonida xos xotinlardan birini to‘lg‘oq tutdi.
Qochish yo‘lida oyyuzli o‘g‘ilning tug‘ilishi.
«Baxtiyornoma»: Shu alfozda so‘zlashib turgandilarki, podshohning xotini jamoli nuridan quyosh xijolat tortadigan bir o‘g‘il tug‘di.
«Oltin Beshik»: Undan Mangu Do‘st – Allohning inoyati ila chehrasi quyoshdek porloq, davlat quyoshi ziyosi va baxt-saodat oyi uning ko‘zlaridan charog‘on, podshohlik nuri peshonasida huvaydo, jahongirlik quvvati bilagida paydo bo‘lgan bir o‘g‘il dunyoga keldi.
O‘g‘ilning majburlikdan tashlab ketilishi.
«Baxtiyornoma: Ona o‘z farzandini bag‘riga oldi va bir parcha mato bilan o‘rab-chirmab, begona ko‘zdan yashirib emizdi. Shoh aytdi: bilki, bu manzilda farzandga ko‘ngil qo‘yib bo‘lmas. Maslahat shudirkim, ushbu mavzeda farzandimizni Xudoi taologa topshiraylikkim, barchani saqlaguvchi uning o‘zidir, u o‘zining benihoya fazli va g‘oyatsiz karami bilan karim va rahimdir. Uning o‘zi bolamizni asragay. Ikkalasi bu gapga rozi bo‘ldilar.
«Oltin Beshik»: Ul vodiyda bu noyob gavharning uxlab-orom olishi uchun beshik va boshqa kerakli narsalar yo‘q edi. Ustiga-ustak, shunchalik latofati bilan yangi tug‘ilgan chaqaloqni ko‘tarib yurish imkon yo‘qligidan ot ustidagilarga og‘irlik qilardi. Shu sababdan bu qimmatbaho gavharni o‘sha yerda qoldirib ketishdan o‘zga chora topmadi.
Chaqaloqni zarbof kiyimlarga o‘rab qimmatbaho toshlar bilan qoldirish.
«Baxtiyornoma»: Aziz farzandlarini zarbof to‘nga chirmab, bir nechta marvariddan unga munchoq yasab, bilagiga bog‘lab qo‘ydilar.
«Oltin Beshik»: Onaning beliga bog‘lab qo‘yilgan la’lu gavhar bilan bezatilgan tillarang bir matoni chiqarib, ul yagona gavhar va ul qimmatbaho durdonani zarnigor pardaga o‘rab, o‘sha vodiyda Osmon va Yerlarning Egasi, insu jonning Xoliqi, bekaslarning dodiga yetuvchi Zotning hifzi himoyasiga topshirishdan boshqa ilojisi qolmadi.
Ota-onaning farzand bilan aloqalari uziladi.
«Baxtiyornoma»: So‘ng uni Yaratganga topshirib, otga minib yo‘lga tushdilar. Ko‘ngilga payvand farzand firoqida ko‘zlaridan hasrat yoshi yoqardi. Sabr va chidamni o‘zlariga shior etib yo‘l bosardilar.
«Oltin Beshik»: Mehribon ona parishonlik va iztirobda qon yig‘lardi va hasrat tuprog‘ini g‘ussa g‘alviri bilan boshiga sochib, nola va afg‘oni falakka o‘rlardi. Bobur sulton o‘zining mardonalik, botirlik va donishmandligi quvvati bilan balo hujumiga sabr va tahammul aylab aytardi… Falakning to‘qqiz toqi tagida ko‘p kishining boshiga furqat musibati tushib, saltanat toji va shavkat rivoji undan ketib, izzat taxtidan horlik tuprog‘iga tushganlar qancha. O‘zi, qaysi bag‘ir farzand firoqidan nadomat halining cho‘ntagidek chokidan so‘kilmagan?!
Chaqaloqni begona odamlar topib olishadi.
«Baxtiyornoma»: Bir toifa o‘g‘rilar o‘sha quduq boshiga keldilar. O‘g‘rilar boshlig‘ining ismi Farruxsavor edi.
«Oltin Beshik»: O‘sha soatda hayal o‘tmay, aymoqlarning to‘rtta ulug‘i – bularning biri sanaklarning ulug‘laridan, ikkinchisi qozoqlarning boshlig‘i, uchinchisi qipchoqlarning amaldorlaridan, to‘rtinchisi qirq urug‘ining kattasi edi – yo‘lga chiqishdi. Bu to‘rt kishi o‘z aymoqlari uchun suvi serob va yaylovi keng joy izlab chiqqandilar. Ilohiy inoyat va rahmatning hidoyati bilan ul baxtli farzandning yotgan joyiga yetib keldilar. Ko‘rdilarkim, aytganimiz go‘dak o‘sha parcha matoga chirmalgan bir tikonli butaning soyasida yig‘lab yotibdi, ammo baxt-saodatning homiysi bo‘lmish humo qushi ul go‘dak boshiga soya solib, quyosh nuridan unga panoh bo‘lib turgandi.
Bolaning zotli oiladan ekanligini his qilish.
«Baxtiyornoma»: Farruxsavorning ko‘zi ul go‘dakning quyoshmisol nurafshon jamoliga tushib, bunaqa go‘zal chehrani hayotida birinchi marta ko‘rganligi bois hayratlandi. Farruxsavor otdan tushib, go‘dakni bag‘riga oldi.
«Oltin Beshik»: Turkiylar yakdillik bilan qaror etdilarkim, bu go‘dak ulug‘ bir xonadonning zurriyodidir (Manbada: «zurriyodidir» tarzida xato yozilgan; to‘g‘risi – «zurriyotidir». (Sh.R.)), balkim boburiylar durjining (Manbada: «durj» tarzida xato yozilgan, zero o‘zbek tilida bunday so‘z mavjud emas; to‘g‘risi – «darj» – «ro‘yxat», yoki «dur(r)» – «marvarid, inju» bo‘lishi mumkin. (Sh.R.)) qimmatbaho gavharidir.
Begonalar bolani o‘g‘il qilib olishadi.
«Baxtiyornoma»: Alloh taborak va taolo bu farzand mehrini uning ko‘ngliga soldi. Farzandi yo‘qligi bois uni farzandlikka oldi.
«Oltin Beshik»: Bu go‘dakning borligini Tangri taoloning bergan ne’matlaridan bilib, xursandchilik bilan katta izzat va ikrom bilan ko‘tarib, o‘z manzillari tomon shoshildilar.
O‘g‘ilga qo‘yilgan ism.
«Baxtiyornoma»: Uning otini Xudoydod qo‘ydi.
«Oltin Beshik»: Bu jamoatning bir guruhi bolaga Oltun Beshik ism qo‘ydilar… boshqa bir jamoat bu noyob durdonani Allohning in’omi deb bilgani uchun Ollohberdi deb ism qo‘ydilar.
Begonalar bolaga tarbiya beradilar.
«Baxtiyornoma»: Uni o‘z vataniga olib kelib, tarbiyasini mehribon bir enagaga topshirdi.
«Oltin Beshik»: Bu qimmatbaho gavhar enaganing og‘ushida unib-o‘sardi.
Bola o‘qib-o‘rganib, malaka hosil qiladi.
«Baxtiyornoma»: Katta bo‘lgach, xat-savod va adab o‘rganishi uchun uni maktabga berdi. Qisqa muddatda shunday darajaga yetdikim, ud, barbat va shu kabi narsalarni chalishda o‘z asrida unga teng keladigani yo‘q edi. O‘n bir yoshga yetgach, ot minish va qurol bilan muomala qilishni o‘rgandi va botirligi shu darajada edikim, besh yuz kishi bilan bir o‘zi urusha olardi.
«Oltin Beshik»: Xudoning lutfu inoyati ila oq-qorani ajratish yoshiga yetgach, qancha elat va qabilalar orasida aziz va mukarram bo‘ldi. Ustozlardan ilm va adab o‘rganib, ot chopish, chavgon o‘ynash, o‘q otish kabi hunarlarni ham kamolot darajasiga yetkazdi. Podshohlik va jahongirlik shartlari bo‘lmish ushbu hunarlarni to‘liq o‘zlashtirgandan so‘ng, ko‘pincha qulon, jayron, bug‘u, arslon ovi bilan mashg‘ul bo‘ldi. Mardlik va jasorat nishonasi uning faoliyatidan ko‘rinib turardi, qisqa bir muddatda olam aro mashhur bo‘ldi, har bir anjumanda uning axloqi va shukuhi haqida afsonalar to‘qilardi. Xalq aytardiki, bu yigit xalqqa yo‘lboshchi va podshoh bo‘lishga loyiq va munosibdir.
Ota-ona farzandlari taqdiri haqida hech narsa bilmaydilar.
«Baxtiyornoma»: Ko‘ngillarida quduq boshida qoldirgan farzandlarining hasratidan o‘zga biror g‘ashlik yo‘q edi. O‘zlariga aytardilar: Oyo, tuproqqa qorishib, vahshiy darrandalarga yemish bo‘lmadimikan?!
«Oltin Beshik»: (Bobur) bir kuni saltanat taxtining ustida davlat soqiysining qo‘lidan sharob ichardikim, to‘satdan ul ko‘z qorachig‘ining nuri va qalbining ul sururikim, idrok hislari aql qo‘li bilan uni hofiza qo‘liga topshirgan edi, xotiriga tushdi.
Hukmdor ota boshqa kishilar vositasida o‘g‘lini topadi.
«Baxtiyornoma»: Bir kuni saraton o‘z taftiga olgan mahal sahrodan o‘tayotgan edim. Bir quduq boshiga yetdim. Zarbof bir parcha matoga o‘ralgan bir go‘dakni ko‘rdim. O‘sha matodan bugun u to‘n qilib kiyibdi. Yana o‘n dona marvaridni uning bo‘yniga munchoq qilib osibdilar. Go‘dakni ko‘tarib, uyimga olib keldim va tarbiya qildim. Ulg‘ayib, podshohning yaqin kishisiga aylandi. Bugun esa qahri qattiq falak uni shu ko‘yga solmish. Podshoh buni eshitib, aytdi: Zarbof to‘nni menga ber, malikaga olib kirib ko‘rsataman. Farruxsavor to‘nni podshohga berdi. Podshoh to‘nni olib haramga kirib ketdi. Malikaning ko‘zi zarbof to‘nga tushib, oh urib, behush yiqildi. Hushiga kelgach dedi: O‘g‘limdan xabar olib keldingizmi? Podshoh dedi: Ey malika, bilgilki, Baxtiyor bizning farzandimiz ekan. Podshoh chiqib, Baxtiyorning qo‘lidan tutdi va haramga olib kirdi. Malikaning ko‘zi Baxtiyorga tushib, uni bag‘riga bosdi. Yuzini yuziga surtib, behisob bo‘salar olardi.
«Oltin Beshik»: Boburxon elchilardan shavkatli va davlatli, arjumand jigarbandining salomatligining xabarini eshitgach, ichida lovullab turgan firoq olovi alangasi pasaydi va taskin topdi.
Bola (shahzoda) ulg‘aygach, otasi o‘rniga hukmdor bo‘ladi.
«Baxtiyornoma»: Podshoh buyurdikim, Baxtiyorni hammomga olib borib, shohona kiyim kiydirsinlar. Shunday ham bo‘ldi – Baxtiyorni hammomga olib borib, shohona kiyimlar kiydirdilar, shohona bir tojni boshiga kiygazib, saltanat taxtiga o‘tirg‘izdilar.
«Oltin Beshik: (Bobur) har zamon iftixor tojini osmonga yetkazardikim, mening farzandim Turonzamin podshohidir, gohida esa, firoq o‘ti shiddatidan ko‘zlari qon yoshga to‘lardi, ba’zida ishtiyoq to‘foni tug‘yonidan ko‘zyoshlari Jayhundek oqardi. Muxtasar aytadigan bo‘lsak, Boburxon hayot bo‘lgan paytlarida o‘z farzandining salomatligi va davlat sohibi ekanligidan ishrat sharobi simirardi hamda undan judoligi anduhidan g‘am og‘usidan sipqorardi.
Lavhalar qiyosidan ko‘rinib turganidek, ikki voqeadagi keltirganimiz parchalar ancha o‘xshash. Bu tasodifiy hol emas. Shunga ko‘ra Umarxon saroyi kutubxonasida saqlangan, Umarxon muhri qo‘yilgan qo‘lyozmadagi «Baxtiyornoma» asari asosida «Oltin Beshik» afsonasi «Shohnomai Umarxoniy»da matniy ko‘rinishga keltirilgan. «Oltin Beshik» afsonasi Umarxondan avvalroq ham vujudga kelishi ehtimoldan xoli emas. Lekin dunyo adabiyotida qadim davrlardan mavjud bo‘lgan topib olingan bolaning keyinchalik podsholikka ko‘tarilishi voqeasi Qo‘qon xonligi uchun rasmiylashgan holatiga, ya’ni «Oltin Beshik» ko‘rinishiga, «Baxtiyornoma» asosida keltirilgan. Bu tarixiy asardagi «Oltin Beshik» afsonasining muallifi aynan kim – Mushrif Isfaragiymi, Umarxonmi yoki yana boshqa bir shaxsmi? Hozircha bu bizga qorong‘u. Muhimi shuki, «Oltin Beshik» afsonasi birinchi marta aynan Umarxon davridagi «Shohnomai Umarxoniy» tarixiy asari tarkibiga kiritilgan. Maqsad Qo‘qon xonlarining o‘z kelib chiqishlari – shajaralarini Temuriylarga bog‘lashlaridan iborat bo‘lgan. Bu esa o‘z navbatida Qo‘qon xonlari sulolasining xalq nazaridagi obro‘sini oshirishga, Temuriylar avlodlari o‘laroq tan olinish va hurmat qilinishiga xizmat qilishi kerak edi.
Aftondil Erkinov «Jahon adabiyoti», 2014 yil, 4-son – B. 181-188. (O‘zbekcha); Легенда «Олтин бешик» (Золотой колыбель) и «Бахтиернама» (Книга о счастье) Дакаики Самарканди.
Fikr qoldirish#